Spender go‘yo o‘lik pahlavonga qurbonliq keltirayotgandek olov og‘ziga paydar-pay shoxlar tashlar edi. Ular kelib qo‘ngan sayyora ulkan qabriston ekan. Bu yerda butun bir tamaddun halokatga uchragan. Oddiygina izzat-ikrom u yerda loaqal birinchi kunda o‘zini odobli tutishni talab etar edi.
— Yo‘q, bunaqasi ketmaydi! Kelib qo‘nganimizni nishonlamasak bo‘lmaydi! — Gibbs kapitan Uaylderga yuzlandi. — Xo‘jayin, bir nechta jin bankasi va go‘sht konservasini ochib, ozgina tamaddi qilib olsak yomon bo‘lmasdi.
Kapitan Uaylder ulardan bir milcha narida yastanib yotgan o‘lik shaharga qaradi.
— Hammamiz charchaganmiz, — dedi u parishonxotir, go‘yo shaharning o‘tmishi qa’riga cho‘mib, o‘z odamlari haqida butunlay unutib yuborgandek. — Yaxshisi, ertaga kechqurun nishonlaymiz. Buguncha mana bu la’nati kenglikdan bu yergacha yetib kelganimiz va hammamizning to‘rt muchalimiz sog‘ligi, raketa badanida esa meteoritdan bitta ham teshik tushmaganligi o‘zi yetarli.
Fazogirlar gulxan atrofida depsinar edilar. Ular o‘n ikkita edilar, kim o‘rtog‘ining yelkasiga qo‘lini qo‘yib turar, kim kamarini to‘g‘rilar edi. Spender ularni jim kuzatib turardi. Ular norozi edilar, ular buyuk ishga hayotlarini garov qo‘ygan edilar. Endi ular bo‘kib ichishni, vadavang qo‘shiq aytishni, o‘zlarining qanchalik abjir yigitlar ekanini — kosmosni teshib o‘tib, raketani Marsga haydab kelganlarini bildirib qo‘yish uchun dunyoni boshlariga ko‘tarib shovqin solishni istar edilar. Marsga-ya!
Lekin hozircha hamma sukut saqlardi.
Kapitan past ovozda buyruq berdi. Fazogirlardan biri yugurib borib, raketadan konservalar olib keldi va ularni ochib, ortiqcha shovqin-suronsiz tarqatishdi. Asta-sekin odamlar gapga kirisha boshladi. Kapitan o‘tirdi va parvoz haqida qisqacha tushuntirish berdi. Ular hamma narsani bilar edilar, ammo hammasi orqada qolganini, ish muvaffaqiyatli nihoyasiga yetganini eshitish va idrok etish yoqimli edi. Qaytib ketish yo‘li haqida hech kim gapirishni istamasdi. Kimdir bu haqda og‘iz ochmoqchi ham bo‘ldi, ammo o‘sha zahoti uning unini o‘chirishdi. Oydinda qoshiqlar yalt-yult qilardi; taom g‘oyat mazali tuyulardi, musallas esa undan ham mazaliroq edi. Osmonda alanga yilt etdi va zum o‘tmay ularning qo‘nalg‘asidan sal nariga yordamchi raketa kelib qo‘ndi. Spender kichikkina lyuk ochilganini va undan Xeteuey, vrach va geolog tushganini ko‘rdi; — raketadagi joyni tejash maqsadida ekspeditsiyaning har bir ishtirokchisi ikkitadan mutaxassislikka ega edi. Xeteuey shoshmasdangina kapitanning oldiga keldi.
— Xo‘sh, u yerda nima gaplar? — so‘radi kapitan Uaylder.
Xeteuey yulduzlar yog‘dusida miltillayotgan uzoqdagi shaharlarga qaradi. So‘ng tomog‘iga kelib tiqilgan narsani yutdi-da, Uaylderga nigohini oldi:
— Hov anovi shahar o‘lik, kapitan, necha ming yillardan beri o‘lik. Tog‘lardagi uchta shahar kabi. Lekin bu yerdan ikki yuz mil naridagi beshinchi shahar...
— Xo‘sh?
— O’tgan haftada u yerda odamlar yashar edilar.
Spender o‘rnidan turdi.
— Marsliklar, — qo‘shib qo‘ydi Xeteuey.
— Hozir ular qaerda?
— O’lgan, — dedi Xeteuey. — Men bir uyga kirgan edim. Bu ham shahardagi boshqa uylar kabi
ko‘p asrlar muqaddam tashlab qo‘yilgan deb o‘yladim. Osmoniy kuchlar, u yerdagi murdalarning ko‘pligi! Xuddi kuzgi yaproqlardek taxlanib yotibdi! Xuddi quruq poyalardek va yongan qog‘oz bo‘laklaridek. Ulardan faqat shulargina qolgan, xolos. Ular yaqin-yaqindagina, uzog‘i bilan o‘n kun avval o‘lganlar.
— Boshqa shaharlarda-chi? Bitta-yarimta tirik jonni ko‘rgandirsiz, axir?
— Bitta ham ko‘rganim yo‘q. Shundan keyin men yana bir nechtasini tekshirib ko‘rdim. Beshtadan to‘rtta shahar ko‘p ming yillar avval tashlab qo‘yilgan. Ularning aholisi qaerga ketganini hech tasavvur qilolmayman. Har besh shahardan bittasida ahvol shu. Jasadlar. Minglab jasadlar.
— Nimadan o‘lganlar bular? — Spender yaqinroq keldi. — Aytsam, ishonmaysiz.
36


— Ayting-chi, nima ekan?
— Suvchechak, — qisqagina javob berdi Xeteuey.
— Bo‘lishi mumkin emas!
— Xuddi shunday. Men tekshirdim. Suvchechak ekan. Uning ta’siri marsliklarga yerliklardan
butunlay boshqacha ekan. Hamma gap moddalar almashinuvida ekan. Ular kuygan g‘o‘ladek qorayib qurib ketgan, mo‘rt laxtaklarga aylangan. Ammo bu suvchechak, bunga shubha bo‘lishi mumkin emas. Bundan shu narsa kelib chiqqadiki, York ham, kapitan Uilyams va kapitan Blek ham — har uchala sayyoh Marsgacha yetib borishgan. Keyin ularga nima bo‘lgani yolg‘iz xudoga ma’lum. Lekin biz shu narsani aniq bilamizki, ular marsliklarni shu ko‘yga solishgan.
— Hech joyda hayot alomati yo‘qmi?
— Ehtimol, bir qancha marsliklar vaqtida bir narsani anglab olganlar va toqqa chiqib ketganlar. Ammo shunday bo‘lgan taqdirda ham qasam ichib aytamanki, marsliklardan qo‘rqmasa ham bo‘ladi, ular haddan tashqari oz. Marsliklarning qo‘shig‘i aytib bo‘lingan.
Spender qayrildi-da, yana gulxan oldiga o‘tirib, olovga tikildi. Suvchechak emish, yo tavba, suvchechakka balo bormi! Sayyora aholisi million yillar davomida rivojlanadi, o‘z madaniyatini takomillashtiradi, mana bunaqa shaharlar quradi, go‘zallik haqida orzu va tasavvurlarini har qanday yo‘llar bilan ma’qullatishga urinadi va — oxirida halok bo‘ladi. Bir qismi eramizgacha o‘lib — ularning muddati tugagan va ular jimgina jon berishgan, o‘limni sharaf bilan kutib olishgan. Ammo boshqalar- chi! Ehtimol, qolgan marsliklar dahshatli biron-bir kasallikdan qirilib ketishgandir! Hecham bunaqa emas. Ularning boshiga suvchechak yetgan, bolalar kasalligi. Bu kasallik Yerda hatto bolalarni ham o‘ldirolmaydi! Bu to‘g‘ri emas, adolatdan emas. Bu qadimgi yunonlarning buqoqdan o‘lib ketgan, mag‘rur rimliklarning esa ajoyib tepaliklarda so‘gal qirg‘in keltirgan degan cho‘pchaklarga ishonish bilan baravardir!
Biz asli marsliklarga dafn marosimlarini tayyorlab olishlariga, kerakli qiyofaga kirib olishlariga va o‘lim uchun biron-bir sabab o‘ylab topishlariga vaqt va imkon bersak bo‘lar ekan. Bunday emas-da, — allaqaerdagi sharti ketib, parti qolgan, ahmoqona suvchechak emish! Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas! Bu ular me’morchiligining ulug‘vorligiga, ularning butun olamiga aslo mos kelmaydigan gap!
— Bo‘pti, Xeteuey, endi tamaddi qilib oling.
— Rahmat, kapitan.
Bo‘ldi! Hammasi esdan chiqdi. Endi butunlay boshqa narsa haqida gaplashishyapti.
Xayol surishda davom etgancha Spender hamrohlarini kuzatardi. Tizzasidagi likopchada turgan
ovqatga qo‘l ham urmadi. Havo yanada sovuqroq bo‘lgan edi. Yulduzlar yaqinroq kelib, yorqinroq charaqlay boshlagan edi. Agar kimdir ovozini haddan tashqari baland ko‘tarib gapira boshlasa, kapitan bosiqqina javob berardi, ular ham beixtiyor kapitanga taqlidan ovozlarini pasaytirar edilar.
Bu yerda havo shu qadar tozaki! Spender uzoq o‘tirdi, toza havodan to‘yib-to‘yib nafas oldi. Vujudiga turfa bo‘ylar oqib kirdi, u hatto bular qanday bo‘y ekanligini ham anglayolmay qoldi: gulmi, kimyoviy moddami, changmi, shamolmi...
— Yoki bo‘lmasa, anovi Nyu-Yorkdagi voqeani olaylik, men mallasoch qiz bor-ku, — hah, oti nima edi-ya, esimdan chiqibdi... Ha, Ginni! O’shani ilashtirgandim! — Bo‘kirdi Biggs. — Qizmisan qiz edi-da o‘ziyam!
Spender g‘ujanak bo‘lib oldi. Uning qo‘llari titrardi. Ingichka yupqa qovoqlari tagidagi ko‘zlari besaranjom o‘ynardi.
— Ana shu Ginni menga aytadiki... — davom etdi Biggs.
Do‘stona qah-qah ko‘tarildi.
— Man ham uni bopladim! — qichqirdi Biggs shishani qo‘lidan qo‘yib yubormay.
Spender likopchasini bir chetga olib qo‘ydi. Salqin shamol epkiniga quloq tutdi. Oppoq Mars uylarini
zavqlanib tomosha qila boshladi. Suvi qurib qolgan dengizdagi muz tog‘larining o‘zginasi...
— Zo‘r qizaloq edi-da, qiyomat! — Biggs shishani keng dahaniga to‘nkardi. — Qanchasini ko‘rdim — bittasi ham unaqa emasdi! Havoni Biggsning badanidan taralayotgan terning qo‘lansa hidi tutdi.
37


Spender gulxan o‘chguncha boshqa shox-shabba tashlamadi.
— Hoy Spender, uxlab qoldingmi, nima balo, o‘tindan tashlasang-chi! — qichqirdi Biggs va yana
shishani so‘ra boshladi. — Ana shunaqa, bir kuni tunda biz Ginni bilan...
— Kosmonavtlardan Shenke ismli biri akkordeonini olib keldi-da, qornini urib qoqqan edi, bir dunyo
chang ko‘tarildi.
— E-e, eh! — o‘kirdi u. — O’ynab-kulganing qoladi!
— Oh-hoh-ho! — bo‘shagan likopchalarini itqitib qolganlar unga jo‘r bo‘ldi.
Uchalasi bir qator bo‘lib oldi-da, burlesk qizlariga o‘xshab, lapar aytib qichqirgancha oyoqlarini
o‘ynata ketishdi. Yana biror narsa o‘ynab berishni talab qilib, boshqalar chapak chalishdi. Cheroki ko‘ylagini yechib tashladi-da, ter qoplagan badanini yaltiratgancha chir aylana boshladi. Oydinning kumush nurlaridan uning kalta olingan sochi yaltirar, archilgan tuxumdek silliq yuzlari yalt-yalt qilardi.
Shamol qurib qolgan dengiz tubidagi yengil tumanni haydar edi, tog‘lardan ulkan qoyalar kumushrang raketaga va mo‘‘jazgina gulxanga ko‘z uzmay qarab turardi.
Shovqin-suron tobora avj olmoqda, raqqoslar soni ko‘paymoqda edi, kimdir zo‘r berib sibizg‘a chalar, yana biri papiros qog‘oziga o‘ralgan nayga puflar edi. Yana yigirmatacha shisha ochilib, ichilib ketdi. Biggs atrofda chayqalib aylanar va qo‘llarini silkitib, o‘yinga dirijerlik qilishga urinardi.
— Komandir, davraga! — qichqirdi Cheroki kapitanga va qo‘shiqni ola ketdi.
Kapitanning raqs tushishidan boshqa iloji qolmadi. U istamaygina raqs tusha boshladi. Uning sira chehrasi yorishmayotgandi. Spender unga qarab o‘ylardi: “Sho‘rlik! Bu qanday tun bo‘ldi? Nima qilishayotganini ham bilishmaydi-ya. Parvozdan oldin ularga bir yo‘l-yo‘riq berib qo‘ymasa, o‘zining loaqal dastlabki kunlarida Marsda risoladagidek tutishni tushuntirib qo‘ymasa bo‘lmaydi”.
— Bas, — kapitan davradan chiqdi-da, charchaganini bahona qilib o‘tirib oldi.
Spender kapitanning ko‘ksiga qaradi. Charchagan odamning ko‘kragi ko‘tarilib tushmas edimi. Yuzida ham terdan asar yo‘q.
Akkordeon, garmon, musallas, qiyqiriqlar, raqs, hayqiriqlar, g‘ala-g‘ovur, idishlarning jangir-jungiri, qah-qah urib kulishlar.
Biggs chayqala-chayqala Mars kanali sohiliga bordi. U o‘zi bilan oltita bo‘shagan shishani olib olgan edi va bittama-bitta ularni chuqur moviy suvga irg‘ita boshladi. Cho‘kib ketayotib, shishalar qulq-qulq qilgan ovoz chiqarar edi.
— Men seni la’natlayman, la’natlayman, la’natlayman... — Chuldirab dedi Biggs. — Biggs, Biggs nomi bilan la’natlayman, ey Biggs kanali...
Kimdir qimirlashga ulgurishdan avval Spender shartta oyoqqa turdi-da, gulxan ustidan sakrab o‘tib, Biggs tomonga chopib ketdi. U avval Biggsning og‘ziga, keyin esa qulog‘iga zarba tushirdi. Biggs chayqalib ketdi-da, to‘g‘ri borib suvga quladi. Suv shaloplab ketdi. Biggsning tirmashib qaytib chiqishini kutgancha Spender jim qarab turdi. Biroq bu paytda boshqalar ham yetib kelib, - Biggsning qo‘lidan tortib chiqara boshlashgan edi.
— Hoy Spender, senga nima bo‘ldi o‘zi? Nega unday qilasan? — Gapning tagiga yetmoqchi bo‘lar edi ular.
Biggs qirg‘oqqa chiqib oldi-da, oyoqqa turdi, suv egnidan shildirab oqib, tosh plita ustiga tusha boshladi. U Spenderni ushlab turganlarini darhol payqadi.
— Xo‘sh, — dedi u va oldinga bir qadam tashladi.
— Bas qil! — o‘shqirdi kapitan Uaylder.
Spenderni qo‘yib yuborishdi. Biggs kapitanga qaragancha qimir etmay turardi.
— Bo‘pti, Biggs. Kiyimlaringni almashtirib ol. Sizlar esa, yigitlar, o‘yin-kulgini davom ettirishlaring
mumkin! Spender, yur men bilan!
Xursandchilik yana boshlanib ketdi. Uaylder bir chetga o‘tdi-da, Spenderga burildi.
— Gap nimadaligini balki siz tushuntirib berarsiz? — dedi u.
Spender kanalga qaradi.
— Bilmadim. Vijdonim chidamadi. Biggsni deb. Barchamizni deb, mana bu g‘ala-g‘ovurni deb. Ey
38


xudo, bu qanday bedodlik!
— Sayohat cho‘zilib ketdi. Ular bir dillarini yozib olmasa bo‘lmasdi.
— Lekin ularning hurmati qani, komandir? Odob tuyg‘usi qani?
— Siz charchabsiz, Spender, endi narsalarga sal boshqacha qaraydigan bo‘lib qolibsiz. Ellik dollar
jarima to‘lab qo‘ying.
— Xo‘p bo‘ladi, komandir. Ammo biz ahmoqlarni qirib tashlayotganimizni Ularning ko‘rib turganini
o‘ylasam, o‘zimni tutolmay qolaman.
— Ular deganingiz kimlar?
— Marsliklar, ho tirik, ho o‘lik bo‘lsin, baribir emasmi?
— Shubhasiz, o‘liklar, — javob berdi kapitan. — Bizning bu yerdaligimizni Ular bilishadi deb
o‘ylaysizmi?
— Yangining paydo bo‘lishi haqida eski har doim hech narsa bilmaydi deysizmi?
— Qaydam? Siz ruhlarga ishonasiz, chamasi?
— Men mehnat bilan qilingan narsalarga ishonaman. Chor atrofda esa bu yerda qancha narsa
qilingani yaqqol ko‘rinib turibdi. Bu yerda ko‘chalar bor, uylar ham bor, kitoblar ham bor, ehtimol, keng kanallar, soatli minoralar, garchi otlar uchun bo‘lmasa-da, suvloqlar ham bordir, ular, qandaydir uy hayvonlari, deylik, o‘n ikki oyoqli bir jonzot bo‘ladimi, biz qayoqdan bilib o‘tiribmiz, o‘shalar uchun. Qayoqqa qaramang, hamma joyda foydalanilgan narsalar va inshootlar. Ularga teginishgan, ularni ko‘p asrlar davomida iste’mol qilishgan. Mendan so‘rang-a, foydalangan odamlar ularning ichiga qo‘ygan buyumlar qalbiga men ishonamanmi yo yo‘qmi? — men “ha” deb javob bergan bo‘lardim. Ular bo‘lsa, atrofimizda — har qaysisining o‘z vazifasi bo‘lgan narsalar. O’z nomlari bo‘lgan tog‘lar. Bu narsalardan foydalanib biz o‘zimizni, albatta, noqulay sezamiz. Tog‘larning nomlari ham bizga qanaqadir g‘alati eshitiladi — biz ularni hisobdan o‘chirib tashlaymiz, qadimgi nomlarga bo‘lsa, jin ham urmagan, allaqaerda makon va zamonda mavjud ular, kim uchundir tog‘lar, ular haqidagi tasavvurlar aynan o‘sha nomlar bilan bog‘liq bo‘lgan. Kanallarga, shaharlarga, cho‘qqilarga biz bergan nomlar ulardan goh silkingandagi suvdek to‘zib ketadi. Biz Mars bilan har qancha daxldorlik qilmaylik, baribir haqiqiy munosabat hech qachon qaror topishi mumkin emas. Oxir-oqibat, bu bizni jinni qilib qo‘yadi va bilasizmi, biz Marsni nima qilamiz? Biz uning ichak-chavog‘ini ag‘dar-to‘ntar qilamiz, terisini shilamiz va o‘zimizning didimizga qarab boshqatdan kiyim bichamiz.
— Biz Marsni vayron qilmaymiz, — dedi kapitan. — U haddan tashqari buyuk va ulug‘vor.
— Iymoningiz komilmi? Biz yerliklarda buyuk va go‘zal narsalarni vayron qilish iste’dodi bor. Agar biz Misrda Qarnoq ehromi xarobalari orasida tamaddixona ochmagan bo‘lsak, buning sababi shundaki, xarobalar qiyalikda joylashgan va u yerda tijorat ishlari yurishmaydi. Ammo Misr sayyoramizning bir bo‘lagi, xolos. Bu yerda esa — bu yerda hamma narsa qadimiy, hamma narsa bir- biriga o‘xshamaydi. Biz bu yerda bir joyda turib olamiz-da, bu olamni rasvoi raddi ma’raka qilamiz. Mana bu kanalni Rokfeller sharafiga nomlaymiz, mana bu toqqa qirol Georg nomini beramiz, dengizni Dyupon dengizi deb atay boshlaymiz, hov anovi yerda Ruzvelt, Linkoln va Kulij shaharlari bo‘ladi, lekin bularning barchasi noto‘g‘ri bo‘ladi, chunki har bir joyning o‘z xususiy nomi bor.
— Bu endi, siz qadimshunoslarning ishingiz, eski nomlarni kavlab topasizlar, bizlar-chi, biz xo‘p deymiz-da, ulardan foydalanaveramiz.
— Bizga o‘xshagan bir hovuch odamlar — barcha ishbilarmonlar va trestrlarga qarshimi? — Spender ma’dandan quyilgan tog‘larga qaradi. — Ular bu yerda paydo bo‘lganimizni, ularni rasvoi raddi ma’raka qilishimizni biladilar; bizni yomon ko‘rganlaricha ham bor-da.
Kapitan boshini chayqadi.
— Bu yerda yomon ko‘rish degan narsa yo‘q. — U shamolga qulog‘ini tutdi. — Ularning shaharlariga qarab fikr qiladigan bo‘lsak, ular yaxshi, chiroyli, dono odamlar bo‘lganlar. Ular o‘z taqdirlaridan rozi bo‘lganlar. Binobarin, nom-nishonsiz qirilib ketishlariga ham rozi bo‘lganlar, alam ustida oxirida hech qanday qirg‘inbarot urush ochishni xayollariga keltirmaganlar. O’z shaharlarini nest-nobud qilib o‘tirmaganlar. Biz shu paytgacha ko‘rgan barcha shaharlar to‘la-to‘kis saqlanib
39


qolgan. O’ylashimcha, biz ularga o‘tloqda, maysazorda o‘ynab yurgan bolalarchalik ham xalaqit berayotganimiz yo‘q, — boladan nimani ham talab qilib bo‘lardi? Kim biladi deysiz, balki oxir-oqibatda bizni yaxshi tomonga o‘zgartirib yuborar. Biggs bizga mana bu ko‘ngilxushlikni tiqishtirguncha odamlarimizning odatdan tashqari xulq-atvorlariga hech e’tibor qildingizmi, Spender? Ular o‘zlarini qanchalik odobli, hattoki hadikli tutdilar! Bo‘lmasa-chi, bular bilan yuzma-yuz turib, shu narsani darhol fahmlaysanki, biz u qadar kuchli emasmiz. Biz bor-yo‘g‘i kalta ishton kiygan bolalarmiz, shovqintalab va qo‘nim topmas bolalar, ular o‘z raketachalari va atom qo‘g‘irchoqlari bilan o‘ynashdan boshqani bilmaydilar. Ammo qachondir Yer xuddi hozirgi Marsga o‘xshab qolgusidir. Binobarin, Mars bizni hushyor qilib qo‘yadi. Tamaddun tarixi bo‘yicha tayyor ko‘rgazmali qurol. Foydali saboq. Endi esa — boshingizni g‘oz tuting! Borib kayf-safo qilaylik. Ha. Jarima o‘z kuchida qoladi.
Biroq ko‘ngilxushlik tatimaydi. O’lik dengizdan qattiq shamol esa boshlaydi. U fazogirlar atrofida, kapitan va Jeff Spender atrofida uyur hosil qilar edi, ular sheriklari oldiga qaytib borishayotgan edi. Shamol changni to‘zitar va charaqlagan raketani siypab o‘tar, akkordeonni chertar edi, chang almisoqdan qolgan sibizg‘ani qopladi. U kishilarning ko‘zlariga kirar va shamoldan havoda baland pardalarda allaqanday kuy sado berar edi. Birdan shamol qanday boshlangan bo‘lsa, shunday tindi.
Ammo ko‘ngilxushlik ham tingan edi.
Odamlar loqayd tim-qora osmon ostida harakatsiz qotib qoldilar.
— Qani yigitlar, bo‘linglar! — Top-toza, quruq kiyimda Biggs Spender qaramaslikka harakat qilib,
raketadan sakrab chiqdi. Uning ovozini go‘yo hech kim eshitmagandek javobsiz qolaverdi. Go‘yo atrofda hech kim yo‘qdek. — Hammalaring bu yoqqa kelinglar!
Hech kim joyidan qimir etmadi.
— Hoy Uayti, sibizg‘ang qani?
Uayti qandaydir kuyni puflab chaldi. Sibizg‘adan soxta va beo‘xshov ovoz chiqdi. Uayti sibizg‘ani
siltab, so‘lakni tushirdi-da, uni cho‘ntagiga joyladi.
— Bu qanaqasi, azaga kelganmisizlar? — tinib-tinchimasdi Biggs.
Kimdir akkordeonni mahkam quchoqlab olgan edi. U o‘layotgan jonivorga o‘xshab bo‘g‘iq ovoz
chiqardi. Bor-yo‘g‘i shu.
— Bo‘pti, unda biz shisha bilan ikkalamiz ko‘ngilxushlik qilamiz. — Biggs raketaga suyanib o‘tirib
oldi-da, cho‘ntak flyajkasini og‘ziga olib bordi.
Spender undan ko‘zini uzmasdi. Uzoq qimir etmay turdi. Keyin uning barmoqlari ohista, sekinlik
bilan titrayotgan soni bo‘ylab yuqoriga o‘rladi, to‘pponchani paypasladi va charm g‘ilofni silay boshladi.
— Kim xohlasa, men bilan shaharga borishi mumkin, — e’lon qildi kapitan. — Raketa yonida qo‘riqchi qoldiramiz-da, qurol olib olamiz — har ehtimolga qarshi.
Xohlovchilar safga tizilishdi va tartib bilan o‘zlarini sanab chiqishdi. Safga kelib qo‘shilgan Biggs bilan ular o‘n to‘rtta bo‘lishdi, Biggs hamon xoxolab kular va shishani silkitar edi. Olti odam qoladigan bo‘ldi.
— Qani, ketdik! — bo‘kirdi Biggs.
Dasta indamay sutdek oydin vodiydan odimlab ketdi. Ular bir-birini quvib kelayotgan ikki oy nuridan charog‘on mudroq-o‘lik shahar chekkasiga kelishdi. Ularning oyoqlari ostidan cho‘zilgan soyalar qo‘shaloq edi. Bir necha daqiqagacha fazogirlar nafaslarini ichlariga yutib turdilar. Ana-mana bu hayotsiz shaharda nimadir qimirlashini, qandaydir xira ko‘lka paydo bo‘lishini, hosilsiz dengiz tubidan asl zoti noma’lum bo‘lgan otda zirh va sovutlarga burkangan keksa chavandoz arvohning ot qo‘yib kelishini kutar edilar.
Spenderning tasavvuri huvillagan shahar ko‘chalariga jon kiritmoqda edi. Xiyobonlardan, to‘s bosgan toshlardan odamlarning arvohlari moviy nur taratib yurib kelar, anglab bo‘lmas g‘udranishlar, g‘alati jonivorlar kulrang qizg‘ish qumda o‘qdek uchib chopar edilar. Har bir derazada kimdir turar va deraza rahidan egilgancha, xuddi abadiyat suviga g‘arq bo‘lgandek, asta qo‘lini uzatar, oyning kumush nurlariga cho‘milgan minora tagidagi tubsiz bo‘shliqda harakat qilayotgan qandaydir
40


ko‘lankalarga qo‘l siltar edilar, uning yuragi qandaydir musiqa tovushini eshitgandek bo‘ldi va Spender bunday tovush beruvchi cholg‘u sozi qanaqaligini tasavvur qilishga urinib ko‘rdi... Shahar arvohlarga limmo-lim edi.
— Hoy, kim bor? — qichqirdi Biggs qaddini g‘oz tutib va kaftlarini og‘ziga karnay qilib. — Hoy, bu shaharda jon zoti bormi, ovoz bering!
— Biggs! — dedi kapitan. Biggs jim bo‘ldi.
Ular tosh taxtalar yotqizilgan ko‘chalarga qadam bosishdi. Endi ular shivirlab gaplashishar edi, chunki ular go‘yo ochiq osmon ostidagi ulkan qiroatxonaga yoki bosh uzra yorqin yulduzlar-u, shabada esib turgan dahmaga kirib qolgandek his etmoqda edilar o‘zlarini. Kapitan ovozini ko‘tarmay gapirardi. U shahar aholisi qayoqqa ketganini, ular qanaqa odamlar bo‘lganini, ularga qanday qurollar hukmronlik qilganini, ular nimadan qirilib ketganini bilishni istardi. U past ovozda savollar berardi: ular bunday asriy shaharni qanday qurishdi ekan? Ular Yerda bo‘lishganmikan? O’n ming yillar muqaddam yerliklarga shular nasl qoldirganmikan? Ular ham bizdek sevib, yomon ko‘rishganmikan? Ular ham ahmoqlikka yo‘l qo‘yishganda bizdek holga tushishganmikan?
Ular tosh qotib qolishdi. Oylar bamisoli ularni sehrlab, muzlatib qo‘ygandek edi; yengil shamol ularni yelpir edi.
— Lord Bayron, — dedi Jeff Spender.
— Qanaqa Lord? — kapitan unga burildi.
Lord Bayron, shoir, XIX asrda yashagan. Juda ilgari u bir she’r yozgan edi. Bu she’r mana bu
shaharga juda ham mos keladi va marsliklar his qilishlari kerak bo‘lgan tuyg‘ularni ifoda etar edi. Agar uni his qiladigan bitta-yarimta odam bu yerda qolgan bo‘lsa! Bunday she’rlarni so‘nggi marslik shoir yozishi mumkin edi.
Odamlar qimir etmay turishardi. Ularning soyalari ham qotib qolgan edi.
— Bu qanday she’r ekan? — so‘radi kapitan.
Spender og‘irligini ikkinchi oyog‘iga soldi, qo‘lini ko‘tardi, nimanidir eslagan bo‘ldi, bir lahza ko‘zini
qisib turdi, keyin u past ovozda shoshmasdan she’rni o‘qishga tushdi, hamma undan ko‘z uzmay tinglay boshladi:
Tunlari kezmoqlik na hojat endi, Qalbimiz sevgiga limmo-lim — mana. Borliqni to‘ldirgan kumush oy nuri, Sevgi dostonidan so‘ylar rosmana.
Shahar kumushrang tusda, baland, unsiz. Odamlarning nigohi oyga qadaldi. Qilich qayrar o‘zin pichoqqa,
Yurak yormoq bo‘lar vujudni.
Axir mangu olov qayda bor,
Qalb baxsh etdi ishqqa bor-budni.
Oy intilar Yer sari taqir,
Azbaroyi sevgi zo‘ridan.
Tunlari kezmoqlik na hojat endi, Oydinning yo‘q farqi qalbim qo‘ridan.
Yerliklar shahar markazida unsiz turar edilar. Tun osmoni ochiq va bulutsiz edi. Shamolning hushtagidan boshqa tiq etgan tovush yo‘q edi. Ularning ro‘parasida maydon yastanib yotardi. Koshin uzra qadimgi jonivorlar va odamlarning suratlari aks ettirilgan. Ular tik turgancha tomosha qilar edilar .
Biggs birdan o‘xchidi. Ko‘zlari xiralaщdi. Qo‘lini og‘ziga bosdi-da, vujudi titrab yutindi, ko‘zlarini
41


qisdi, ikki bukilib qoldi, og‘ziga quyuq bir narsa to‘lib qayd qilib yubordi, qayd qilgan narsasi shalop etib koshin ustiga tushdi-da, suratlarni qoplab oldi. Bu hol ikki marta takrorlandi. Muzdek havoda achchiq musallas hidi anqidi. Hech kim Biggsga yordam bergani joyidan qimirlamadi. U hamon qayt qilardi.
Spender unga bir qarab qo‘ydi-da, orqasiga burilib, u yerdan ketdi. U bir o‘zi oy yoritib turgan shahar ko‘chalari bo‘ylab yurib borar va do‘stlariga qayrilib qaramaslik uchun hech joyda to‘xtamayotgan edi.
Ular tonggi soat to‘rtdagina uxlagani yotishdi. Adyolga cho‘zilishdi-da, ko‘zlarini yumishdi va bir maromda nafas ola boshlashdi. Kapitan Uaylder gulxan yonida o‘tirib, unga shox-shabbalar tashlar edi.
Ikki soat o‘tgach, Mak-Klyur ko‘zlarini ochdi.
— Uxlamayapsizmi, komandir?
— Spenderni kutayapman. — Kapitan zaifgina jilmaydi.
Mak-Klyur o‘ylab qoldi.
— Bilasizmi, komandir, nazarimda u kelmaydigandek. Nimagaligini o‘zim bilmayman-u, ammo
ko‘nglim shuni sezib turibdi. U kelmaydi.
Mak-Klyur boshqa yonboshiga ag‘darildi. Olov chirsillab uchqun sachratdi-da, o‘chib qoldi.
Oradan bir hafta o‘tdi, Spenderdan esa dom-darak yo‘q edi. Kapitan uni qidirgani bir qancha
dastalar yubordi, lekin ular qaytib kelishdi-da, qayoqqa g‘oyib bo‘lganiga aqlimiz yetmay qoldi, deb aytishdi. Hechqisi yo‘q, sayoqlanib yurib-yurib o‘z oyog‘i bilan qaytib keladi. O’zi sayoq va betayin bir odam edi. Ketsa ketib o‘lmaydimi.
Kapitan indamadi, biroq hammasini kema jurnaliga yozib qo‘ydi...
Bir kuni erta bilan — bu dushanba ham yoki seshanba ham, yoki Marsning boshqa har qanday kuni bo‘lishi mumkin edi — Biggs yuzini oftobga tutgancha va oyoqlarini muzdek suvda o‘ynatgancha kanal qirg‘og‘ida o‘tirardi.
Kanal bo‘yidan bir odam kelardi. Uning soyasi Biggsga tushdi. Biggs ko‘zlarini ochdi. — O’, alhazar! — deb yubordi Biggs.
— Men seni o‘ldiraman.
— Qo‘ysang-chi bu ahmoqona hazilingni, Spender.
— O’rningdan tur, erkaklardek o‘l!
— Xudo haqqi, to‘pponchangni ol.
Spender to‘pponcha tepkisini faqat bir marta bosdi. Bir lahza burun kanal qirg‘og‘ida o‘tirgan Biggs
asta oldinga egildi-da, suvga qulab tushdi. O’q ovozi xuddi yaproq shitiridek, zaif g‘o‘ng‘illashdek juda past edi. Jasad asta, tanho, tinch oqayotgan kanal suviga tushdi-da, bosiq «bilq» etgan tovush chiqarib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Spender to‘pponchani g‘ilofga soldi-da, tovushsiz odimlab nari ketdi. Mars uzra quyosh charaqlab turardi, uning nurlari Spenderning qo‘llarini kuydirar, qo‘rg‘oshinday yaltiroq yuzini jizillatar edi. U chopmayotgandi, go‘yo o‘tgan galdan buyon hech narsa o‘zgarmagandek, agar hozir kunduz ekanini hisobga olmaganda, bemalol ketib borar edi. U raketa yoniga bordi; bir necha odam bostirma tagida kema oshpazi qo‘yib ketgan nonushtaning changini chiqarmoqda edi.
— Ana, O’lg‘iz Bo‘rimiz kelib qoldi, — dedi kimdir.
— Kel, Spender! Ko‘rishmaganimizga ham ancha bo‘ldi-ya!
Stolda o‘tirgan to‘rtovlon ularga indamay qarab turgan kishiga tikilishdi.
— Senga bu la’nati xarobalarni xudo berib qoldi-da, — kinoyali jilmayib dedi oshpaz, tovoqdagi
qop-qora suyuqlikni aralashtirar ekan. — Qaranglar, suyaklari sanalib turgan och ko‘ppakdan farqi qolmabdi.
— Bo‘lsa bordir. Men bir narsani aniqlashim kerak edi. Agar shu atrofda marslikni ko‘rib qoldim, desam, nima degan bo‘lar edilaring?
To‘rttala fazogir sanchqilarini bir chetga qo‘yishdi.
42