5 - BOB
shaharchaning boshqa yashovchilari kelajakda sizlarga duch kelishi mumkin bo‘lgan eng buyuk ko‘chuv va avrash tajribalarining manbalari bo‘lib xizmat qiladi.
— Juda nishonga urdingiz, kapitan! — ovozini ko‘tarib dedi Lyustig.
— Aniq urdingiz! — qo‘shib qo‘ydi Xinkston.
— Yaxshi. — Kapitan xo‘rsinib qo‘ydi. — Ishlar sal jo‘nashgandek bo‘ldi, ko‘ngil ham xotirjamroq.
Qandaydir mantiq borga o‘xshayapti. Bo‘lmasa sayohatlar haqida zamondagi oldinga va orqaga qarab qilingan mana bu barcha safsatalardan miyam achib ketgandi. Agar mening taklifim to‘g‘ri bo‘lsa... — u jilmaydi. — Nima ham derdim, unda mahalliy aholi orasida ozmuncha shov-shuv kutilmayotibdi!
— Ishonchingiz komilmi? — dedi Lyustig. — Nima bo‘lganda ham bu odamlar o‘zlariga yarasha ziyoratchilardir. — Ular Yerni bilib turib tashlab kelishgan. Balki ular bizning kelganimizdan hech ham xursand emasdirlar. Balki ular bizni quvib yuborishga, hatto o‘ldirishga ham tayyordirlar.
— Bizning qurolimiz durustroq. Qani, keyingi uyga kiraylik-chi.
Ammo ular maysazordan o‘tishga ham ulgurmagan edilarki, Lyustig turgan joyida qotib qoldi. Ikki ko‘zi sokin, mudroq ko‘chaning narigi uchida edi.
— Kapitan, — dedi u.
— Nima gap, Lyustig?
— Kapitan... Yo‘q, siz anovi... Nimalarni ko‘rayapman-a!
Lyustigning yanoqlaridan yoshlar dumalay ketdi. Ko‘tarilgan qo‘llarining qabargan barmoqlari titrar,
yuzida hayrat, quvonch, shubha aks etardi. Yana bir oz o‘tgach, sevinchdan o‘zini yo‘qotishi tayin edi. O’sha nuqtaga qarab turar ekan, u to‘satdan chopib ketdi. Qoqilib tushdi-da, yerga yiqildi. Oyoqqa turib, yana chopib ketar ekan:
— Hoy, menga qaranglar! — deya qichqirdi.
— To‘xtating uni! — Kapitan uning orqasidan yugurdi.
Lyustig kuchining boricha chopar, qichqirar edi. Soyador ko‘chaning o‘rtasiga yetgach, u bir
hovliga qarab burildi-da, bir sakrab tomida temir xo‘roz turgan katta yashil uyning ayvonchasida paydo bo‘ldi. Xinkston va kapitan Lyustigga yetib olganlarida, u qattiq qichqirgancha eshikni mushtlar edi. Uchalalari ham Marsning og‘ir havosidan sillalari qurib, og‘ir-og‘ir nafas olar, tomoqlari hushtak chalar edi.
— Buvi, bobo! — chaqirdi Lyustig.
Ostonada ikkita qariya paydo bo‘ldi.
— Devid! — qariyalar baravariga qichqirishdi. Ular o‘zlarini bir-birlarining bag‘rilariga otib,
quchoqlasha ketdilar, yelkalarini silar edilar. — Devid, oh Devid, qancha yillar o‘tib ketdi-ya!.. Yosh bolagina eding. Devdek odam bo‘libsan. Devid, bolaginam, ahvollaring qalay?
— Buvi! Bobo! —piq-piq yig‘lar edi Devid.
— Sizlar shunday ajoyib ko‘rinasizlarki!
U qariyalarni o‘zidan nari surib, aylantirib, razm solar, o‘par, quchoqlar, yig‘lar va yana razm
solardi, ko‘zlaridan oqayotgan yoshni sidirib tashlardi. Osmonda quyosh charaqlab turardi, shamol esib o‘tlarni tebratar, eshik esa lang ochiq edi.
— Qani, ichkariga kir, bolaginam. Senga yaxnagina choy muntazir turibdi. Ichib bir huzur qil!
— Mening do‘stlarim bor. — Lyustig orqasiga o‘girildi-da, kulgancha shosha-pisha kapitan va Xinkstonni qo‘li bilan imlab chaqirdi. — Kapitan, bu yoqqa kelinglar.
— Assalomu alaykum, — qarshi oldi ularni qariyalar. — Marhamat, marhamat, ichkariga marhamat. — Devidning do‘stlari bizning do‘stimiz. Tortinmanglar!
Ko‘hna uyning mehmonxonasi muzdek edi; bir burchakda tillarang, baland, almisoqdan qolgan soat bir maromda chiq-chiq qilardi. Keng kushetkalarda parqu yostiqlar, devor bo‘ylab kitoblar terilgan, shapaloq gulli gilam yerga to‘shalgan, qariyalar qo‘llarida muzdan terlagan yaxna choyli stakanlarni tutib turishar, bunday choyning bir qultimiyoq odamga jon kiritib yuborishi aniq edi.
— Iching, joningiz kiradi. — Buvining stakani uning chinni tishlariga tegib, yoqimli jingirlab ketdi. — Bu yerda anchadan beri turibsizmi, buvi? — so‘radi Lyustig.
29
— O’lganimizdan beri, — kinoya bilan javob berdi ayol.
— Qachondan... beri? — Kapitan Blek stakanini stolga qo‘ydi.
— Ha-da, — bosh irg‘adi Lyustig. — Ularning o‘lganiga o‘ttiz yil bo‘ldi, axir.
— Sizlar esa, hech narsa bo‘lmagandek, beg‘am o‘tiribsizlar! — dedi kapitan.
— Bo‘ldi, taqsir! — kampir mug‘ambirona ko‘z qisib qo‘ydi. — Bunaqa ishlarning mag‘zini chaqishga
siz kim bo‘libsiz? Bizlar esa shu yerning odamimiz. Bu ahvolda dunyoga kelding nima-yu, kelmading nima? Mana bu “Nima uchun” va “Nega?” degan savollar kimga kerak? Biz yana tirikmiz, tamom. Biz faqat shuni bilamiz, ortiqcha savol kimga kerak? Men sizga aytsam, — bu ikkinchi urinish. — Kampir sudrala-sudrala kapitanning oldiga bordi-da, o‘zining ingichka qoqshol qo‘lini cho‘zdi. — Ushlab ko‘ring.
Kapitan asta turtib ko‘rdi.
— Xo‘sh, haqiqiy qo‘lmikan?
Kapitan bosh irg‘adi.
— Sizga tag‘in nima kerak? — tantanavor so‘radi kampir. — Ortiqcha savolga ne hojat?
— Bilasizmi, — javob berdi kapitan, — biz Marsda shunaqa narsaga duch kelib qolamiz deb
o‘ylamagan edik.
— Demak, duch kelibsiz. Men sizga aytsam, har bir sayyorada tangrining tazarru yo‘llari nechog‘li
ko‘p ekanligi xayolingizga ham kelmaydi.
— Ie, unda bu Yer arshi a’lomi? — so‘radi Xinkston.
— Bo‘lmag‘ur gap, bu yerda ham o‘sha dunyo, faqat bizga ikkinchi urinish nasib etgan. Nima
uchun? Bu haqda bizga bir og‘iz gap aytmagan. Axir Yerda ham bu yerda nima uchun paydo bo‘lib qolishimizni hech kim tushuntirib bermagandi-ku! Ho‘v, o‘sha Yerda. Biz uchib kelgan Yerda. Ungacha yana bitta Yer borligini biz tush ko‘rib o‘tiribmizmi?
— Yaxshi savol, — dedi kapitan.
Lyustigning chehrasida hamon shodiyona tabassum jilva qilib turardi.
— Jin ursin, sizlarni ko‘rib shunchalik suyunib ketayapmanki, asti qo‘yavering!
Kapitan stuldan turdi-da, beixtiyor soniga shapatiladi.
— Xo‘sh, endi boraylik. Mehmondorchilik uchun rahmat.
— Sizlar yana kelasizlar-ku? — taraddudlanishdi qariyalar. — Biz sizlarni kechki ovqatga
kutayapmiz.
— Katta rahmat, kelishga harakat qilamiz. Ishimiz juda ham ko‘p. Odamlarim meni raketada kutib
turishibdi... — va u ochiq eshikka sarosimali qaragancha jim bo‘lib qoldi.
Uzoq-uzoqlardan quyosh nurlari borliqni to‘ldirib turgan kenglikdan turli ovozlar, qichqiriqlar,
do‘stona xitoblar quloqqa chalinardi.
— Bu nima? — so‘radi Xinkston.
— Hozir bilamiz-da. — Shunday deya kapitan Jon Blek eshik ortiga shamolday uchib o‘tdi-da, yam-
yashil maysazordan Mars shaharchasi ko‘chasi tomonga yugurib ketdi.
U raketaga qaragancha taqqa to‘xtab qoldi. Barcha lyuklar ochiq va qo‘llarini quvnoq silkitgancha
shosha-pisha ekipaj yerga tushmoqda edi. Atrofda tumanot odam yig‘ilgan, fazogirlar ular orasiga qo‘shilib, suhbatlashgan, kulgan, qo‘l qisishgancha ular orasini yorib borar edilar. Olomon sevinchdan raqsga tushar, Yerliklar atrofida tobora zichlashib borar edilar. Raketa hammaning esidan chiqqancha bir chetda mung‘ayib turar edi.
Charog‘on quyosh nurlari ostida orkestr yangradi, havoni cholg‘ularning yurakni larzaga soluvchi tantanavor sadosi tutdi. Nog‘oralar gumburlar, naylar yurakni teshgudek chiyillar edi. Zarkokil qizaloqlar sevinchdan sakrar edilar. Bolakaylar “Ura-a!” deb qichqirar edilar. Qorindor kishilar tanish va notanish mehmonlarni o‘n tsentlik sigara bilan siylar edilar. Shahar meri nutq so‘zladi. So‘ngra ekipajning barcha a’zolarini birin-ketin qo‘ltiqlaridan tutishdi-da, bir tomondan — onasi, boshqa tomondan — otasi yoki singlisi — ko‘chadan mo‘‘jazgina kottejlarga va dang‘illama uylarga yetaklab ketishdi.
30
— To‘xta! — qichqirdi kapitan Blek.
Birin-ketin eshiklar gup-gup etib yopildi.
Quyoshning jazirama harorati bahor osmoni bo‘ylab yuqoriga o‘rlar edi, shaharcha uzra sukunat
cho‘kdi. Karnay va nog‘oralar burchak ortida g‘oyib bo‘ldi. Tashlandiq raketa bitta o‘zi charaqlab turar, quyosh nurlari bilan o‘ynashmachoq o‘ynayotgandek edi.
— Qochoqlar! — baqirdi komandir. — Ular kemani shundoq qoldirib ketishibdi! Hali mendan ko‘radi ular! Ularga buyruq berilgan edi!..
— Kapitan, — dedi Lyustig, — bunchalik qattiq ketmang. Qarindosh-urug‘laringiz bilan ko‘rishgancha...
— Bu bahona bo‘lolmaydi!
— Axir kema oldida tanish chehralarni ko‘rganlarida ular o‘zlarini qanday his qilishlarini ko‘z oldingizga keltirsangiz-chi!
— Ularga buyruq berilgan edi, jin ursin!
— Siz nima qilgan bo‘lardingiz, kapitan?
— Men buyruqni bajargan bo‘lardim... — Shunday deya u og‘zini ochgancha qotib qoldi. Trotuardan Mars quyoshi nurlari ostida 26 yoshlardagi, ko‘zlari haddan tashqari moviy, novcha bir
yigit jilmaygancha ular tomon yaqinlashib kelardi. — Jon! — qichqirdi u va ular tomon otildi.
— Nima? — dedi kapitan Blek shoshib.
— Jon, keksa kazzob!
Yugurib kelib, haligi erkak kapitanning qo‘lini qisdi-da, yelkasidan qoqib qo‘ydi.
— Senmisan?.. — dovdirab qoldi Blek.
— Bo‘lmasam-chi, mendan boshqa kim bo‘lardi!
— Edvard! — kapitan Lyustig va Xinkston tomonga o‘girildi, — notanish kishining qo‘lini hamon
qo‘yib yubormayotgan edi. — Bu mening akam Edvard. Ed, mening do‘stlarim bilan tanish: Lyustig, Xinkston! Mening akam!
Ular bir-birlarining qo‘llarini siqishdi-da, so‘ng quchoqlashishdi.
— Ed!
— Jon, dangasa!
— Ko‘rinishing chakki emas, Ed! Shoshma-shoshma, bu qanaqasi? Shuncha yillar o‘tib sira
o‘zgarmabsan-ku? Axir o‘lganingda... o‘lganingda sen ham 26 yoshda, men esa 19 da edim. Ey, xudoyim-ey, shuncha yillar o‘tib, shuncha suvlar oqibdiki, to‘satdan bu yerda ko‘rishib qolganimizni- ey! Buni qanday tushunsa bo‘ladi?
— Oyim kutib turibdilar, — dedi Edvard Blek jilmaygancha. — Oyim?!
— Otam ham.
— Otam?!
Kapitan qattiq zarba yegandek bir chayqalib tushdi va itoatsiz oyoqlari bilan bir-ikki qadam olg‘a tashladi. — Otang va onang tiriklarmi? Qaerda ular?
— Eski uyimizda, Dub ko‘chasida.
— Eski uyimizda... — Kapitanning ko‘zlari hayajon va hayratdan chaqnab ketdi. — Eshitdingizmi, Lyustig, Xinkston?
Biroq Xinkston ularning yonida yo‘q edi. Ko‘chaning narigi uchida o‘zining uyiga ko‘zi tushib, o‘sha tomonga ketib qolgan edi. Lyustig kulib yubordi.
— Odamlarimizga nima bo‘lganini endi tushungandirsiz, kapitan? Ularni hech narsada ayblab bo‘lmaydi.
— Ha, ha... — kapitan ko‘zlarini qisdi. — Hozir ko‘zlarimni ochaman-da, sen ham yo‘q bo‘lasan. — U kiprik qoqdi. — Sen shu yerdasan! Yopiray, Ed, ko‘rinishing shunaqangi zo‘rki!
— Ketdik, tushlik qilamiz. Men oyimga aytib qo‘ygan edim.
31
— Kapitan, — dedi Lyustig, — agar kerak bo‘lib qolsam men qariyalarimning huzurida bo‘laman. — Nima? Ha, bo‘lmasam-chi, Lyustig. Bora qol.
Edvard akasining qo‘lidan tutdi-da, yetaklab ketdi.
— Mena, bizning uyimiz. Esingdami?
— Bo‘lmasam-chi! Ishonmasang, men eshikkacha birinchi bo‘lib yetib boraman!
Ular shu zahoti yugurib ketishdi. Kapitan Blekning boshi uzra daraxtlar shovullar, oyoqlari ostidagi yer guvullar edi. Bu g‘aroyib tushida u Edvard Blekning uni quvib o‘tayotganini, qadrdon uyi shiddat bilan unga yaqinlashayotganini va eshikni lang ochayotganini ko‘rib turardi.
— Men birinchi bo‘lib keldim! — qichqirdi Edvard.
— Bo‘lmasam-chi, — hansirab dedi kapitan, — men cholman, sen bo‘lsang navqiron yigitsan. Sen o‘zi har doim tutqich bermas eding! Yo meni esidan chiqargan deb o‘ylayapsanmi?
Ostonada to‘ladan kelgan, yuzlari qip-qizil, ko‘zlari chaqnagan onasi turardi. Uning ortida sochlariga oq oralagan, qo‘lida trubkasini tutgancha otasi turardi.
— Oyi, dada!
U bola singari zinalardan yuqoriga otildi.
Ajoyib va uzun yoz kuni. Tushlikdan keyin ular mehmonxona bo‘lmasiga o‘tishdi. U qariyalarga o‘zining raketasi haqida so‘zlab berdi, ular esa bosh irg‘ar va jilmayar edilar, onasi xuddi avval qanday bo‘lsa, shunday ko‘rinardi, otasi sigara uchini tishlagancha o‘ychan ichiga tortar edi — xuddi o‘sha vaqtlardagidek. Kechlikka quling o‘rgilsin kurka go‘shti pishirilgan edi, vaqt ham sezilmay o‘tib borardi. Likopchalar obdon tozalangan kurka suyaklari uyumiga to‘lgach, kapitan o‘zini stul suyanchig‘iga tashladi va chuqur qanoat hosil qilganini bildirib, pishillab nafasini chiqardi. Kech tushib, daraxt yaproqlari qilt etmay qoldi. Osmonni shafaq yog‘dusi chulg‘adi, shinam ko‘hna uydagi chiroqlar qizg‘ish nur taratib turardi. Ko‘chadagi boshqa barcha uylardan musiqa, pianino ovozlarining gurillab ochilib-yopilishlari eshitilib turardi.
Onasi plastinkani qo‘ydi-da, kapitan Jon Blek bilan gir aylanib raqs tusha ketdi. Undan o‘sha atirlar anqir edi, otasi va onasi poezd halokatida o‘lganlarida ham ulardan xuddi shunday atir anqib turardi. Hozir bo‘lsa ular bir tekis raqs tushar, uning qo‘llari haqiqiy, jonli onasini quchib turardi...
— Odamga ikkinchi urinish har doim ham nasib etavermaydi, — dedi onasi.
— Ertaga ertalab uyg‘onaman, — dedi kapitan, — va mening o‘z raketamda, koinotda ekanligimdan nom-nishon ham qolmaydi.
— Bunaqa gaplar kimga kerak! — dedi onasi muloyimlik bilan. — O’zingni urintirma. Xudo o‘zi mehribon. Xudo o‘zi yarlaqaydi.
— Uzr, oyijon.
Qo‘shiq tugab, plastinka vishillagancha bir chiziqda aylanar edi.
— Charchading, bolam. — Otasi trubka uchi bilan ishora qildi. — Kirib yotishing mumkin.
Odatdagidek, eski jez zo‘ldirli karavoting senga muntazir.
— Lekin men odamlarimni to‘plashim kerak.
— Nega?
—Nega? Hm... bilmadim, darvoqe, nega to‘plar ekanman-a? Hech narsaga, albatta. Ular
ovqatlanayotgan yoki uxlayotgan bo‘lsalar kerak. Mayli, uyquga to‘yib olsinlar, dam olish ularga zarar qilmaydi.
— Yaxshi yotib tur, o‘g‘lim. — Onasi uning yuzidan o‘pib qo‘ydi. — Qanday yaxshi. Sen yana uydasan.
— Ha, uyda bo‘lganingga nima yetsin.
Sigara tutuniga to‘lgan uyni, ruhlarni, kitoblarni, mayin nurni tark etib, u zinapoyadan yuqori ko‘tarildi va Edvard bilan to‘xtovsiz gaplashar edi. Edvard eshikni itardi va Jon Blek o‘zining sariq jez karavotini, kollejning tanish bayroqchalarini va rosa unniqqan olakuzan po‘stinsini ko‘rdi, po‘stinni u alohida mehr bilan silab qo‘ydi.
32
— Hammasini birdaniga ko‘tara olarmikinman? — dedi kapitan. — Charchoqdan jonim chiqqudek bo‘lib turibdi. Bir kunda shuncha voqea! Xuddi jala ostida soyabonsiz va yomg‘irpo‘shsiz ikki kecha- kunduz turgandek sillam qurigan. Taassurotlarim suyak-suyagimgacha singib ketgan...
Edvard qo‘llarini har tomonga keng yoygancha katta va oppoq choyshabni to‘shadi va urib shishirdi. So‘ng derazani ochdi. Xonaga yosumanning tungi xushbo‘y hidi oqib kirdi. Oy pirpirab turardi, uzoq-uzoqlardan raqs musiqalari va bosiq ovozlar quloqqa chalinardi.
— Mana, ko‘rdingmi, Mars qanaqa! — dedi kapitan yechinar ekan.
— Ha, shunaqa. — Edvard sekin yechindi, qo‘ylagini boshidan shoshmaygina tortib oldi, oftobda qizargan keng yelkalari, mushakdor bo‘yni ko‘rindi. Chiroq o‘chirildi. Ana, ular 30 yilmi, 40 yilmi oldingidek yana karavotda yonma-yon yotishibdi. Kapitan yosuman hidi tutgan havoni huzur qilib ichiga tortgancha, tirsagiga suyanib turib o‘tirdi. Daraxtlar orasidagi maysazorda kimdir patefon qo‘ydi. Undan “Har doim” degan kuy yangray boshladi.
Blek Merlinni esladi.
— Merlin ham shu yerdami?
Akasi derazadan tushib turgan to‘rtburchak oy nurida chalqancha tushib yotar edi. U hadeganda
javob bermadi.
— Ha, — bir oz taraddudlanib qo‘shib qo‘ydi. — Hozir shaharda emas, u ertaga ertalab bo‘ladi.
Kapitan ko‘zlarini yumdi.
— Men Merlinni juda ham ko‘rgim kelayapti.
Jimjit xonada ularning nafaslarigina eshitilib turardi.
— Yaxshi yotib tur, Ed.
Jimlik.
— Yaxshi yotib tur, Jon.
Kapitan fikrlariga erk berib huzur qilib yastandi. Shundagina bugungi zo‘riqish uning vujudidan
sitilib chiqib ketdi va u nihoyat odamlardek mushohada qilish imkoniga ega bo‘ldi. Qayoqqa qaramasin, asabiylashgan odamlar. Quloqni qomatga keltirgan orkestr ovozi. Qarindosh-urug‘larning tanish basharalari... Ammo endi...
“Qanday qilib? — ajablanardi u. — Bularning bari qanday qilib bo‘ldi ekan? Nima uchun? Kim uchun? Bu nima? — ilohiy ro‘yoning so‘z bilan ifodalab bo‘lmas farog‘atimi? Nahotki xudo rostdan ham o‘z bandalari deb shunchalar kuyib-pishsa? Qanday qilib, nima uchun, kim uchun?”
Xinkston va Lyustig kunduzi, dastlabki taassurotlar ta’siri ostida unga taklif qilgan nazariyalarni tarozuga solib ko‘rdi. So‘ng erinchoqlik bilan turli yangi taxminlarni o‘zining teran farosati qa’riga toshchalar kabi bir-bir tashlagancha, obdon fikr elagidan o‘tkazdi, shunda uning shuurida allaqanday yorqin tushunchalar miltillab ko‘zga chalina boshladi. Oyisi. Otasi. Edvard. Mars. Yer. Mars. Marsliklar.
Qiziq, ming yil oldin Marsda kim yashagan ekan? Marsliklarmi yoki har doim bugungidek bo‘lganmi?
Marsliklar. U past ovozda o‘zicha shu so‘zni bir necha bor takrorladi.
To‘satdan u qah-qah urib kulib yuborayozdi. Kutilmaganda miyasiga o‘taketgan bema’ni fikr kelib qoldi. Badanidan sovuq ter chiqib ketdi. He-yo‘q, bu bo‘lmag‘ur narsa, albatta. Hech ham bo‘lishi mumkin emas. Puch gap. Miyangdan chiqarib tashla bu gaplarni, g‘irt kulgili.
Baribir ham... Agar taxmin qilsang! Ha, Marsda faqat marsliklar yashashini taxmin qilsagina. Ularning kemamiz yaqinlashib kelayotganini, uning ichida bizning o‘tirganimizni ko‘rishganini tasavvur qilsa... Yana deylik — shunchaki qiziq uchun — chaqirilgan mehmonlarni bosqinchilar sifatida yo‘q qilib yuborishga ahd qilishganini, buni ham juda ustamonlik bilan, chaqqonlik bilan, bizning xushyorligimizni bir pulga chiqarib, uddalashlarini tasavvur qilsa. Ko‘rdingizmi, atom quroli bilan qurollangan yerliklarga qarshi marsliklar qanaqa vositalarni ishga solishmaydi.
Buning javobi savolidan ham qiziq edi. Telepatiya, gipnoz, esdaliklar, tasavvurlar.
Faraz qilaylik, bu uylar hech ham haqiqiy emas, karavot ham haqiqiy emas, bular barchasi mening o‘z tasavvurlarim mahsullari, Mars telepatiyasi va gipnozi yordamida moddiylashtirilgan tasavvurlar,
33
— xayol surishda davom etdi kapitan Jon Blek, — aslida uyda hamma narsa boshqacha, marsliklar didiga qarab tuzilgan, biroq mening orzularim va xohishlarimga qarab ish tutgan marsliklar shunday nayrang ishlatishganki, go‘yo men o‘z jonajon shahrimni, o‘z uyimni ko‘rib turgandekman. Agar odamning ko‘ngliga shubha urug‘ini sepib, uni tuzoqqa ilintirmoqchi bo‘lsang, uning o‘z otasi va onasidan ham yaxshiroq ilmoqni topib bo‘lar ekanmi?
Hali mening ekipajimdan birontasi ham dunyoga kelmagan 1926 yildagi eski ko‘hna bir shaharcha! Men 6 yoshda ekanligimda, darhaqiqat Garri Loder qo‘shiqlari yozilgan plastinkalar urf bo‘lgan edi, uylarda Maksfil Parrish suratlari osilib turardi, munchoqli pardalar bo‘lardi, “Ajoyib Ogayo” qo‘shig‘i aytilardi va XX asr boshlari me’morchilik binolari qad ko‘tarib turardi. Bordi-yu, marsliklar shahar haqidagi barcha tasavvurlarni mening shuurimdan sug‘urib olgan bo‘lsalar-chi? Axir aytadilar-ku, bolalik tasavvurlar hech qachon eskirmaydi, deb. Mening tasavvurlarim bilan shahar qurib, ular bu shaharni raketa ekipajining barcha a’zolari xotirasida yashovchi qarindosh-urug‘lari va yaqinlari bilan to‘ldirib qo‘yishgan!
Faraz qilaylik, qo‘shni xonada uxlab yotgan ikki odam hech ham mening otam va onam emaslar, marsliklar esa shunchalik zehndor bo‘lishadiki, meni gipnoz ortida har doim tutib turishga ularning tob-toqatlari chidamaydi, axir...
Mana bu duxovoy orkestr-chi! Qanday g‘aroyib, hayratomuz reja! Avval Lyustigning, orqasidan Xinkstonning boshini qotirib, keyin xaloyiqni haydab kelish; fazogirlar o‘n, yigirma yil avval o‘lgan otalarini, onalarini, xolalarini, qayliqlarini ko‘rganlarida ularning dunyodagi hamma narsani unutib yuborishlari, buyruqni unutib yuborishlari, kemadan otilib chiqib, uni tashlab ketishlari ajablanarli emasmi? Bu yerda nima tabiiyroq bo‘lishi mumkin? Bu yerda qanday shubhalar bo‘lishi mumkin? Barchasi juda oddiy: kimki kavlashtira boshlasa, qarshisida tirilgan onasini ko‘rib, savollar bera boshlasa, — axir baxtdan lol, karaxt bo‘lib qolishi hech gap emas-da. Mana sizga natijasi: hammamiz turli uylarga tarqab ketdik, karavotlarda yotibmiz, qurollarimiz yo‘q, hech narsa bilan o‘zimizni himoya qilolmaymiz, raketa ham oydinda tashlandiq holda turibdi. Agar bizlarni bir-birimizdan ajratib bitta qo‘ymay qirib tashlashni o‘ylagan bo‘lsalar, marsliklarning bu riyokorona rejalarini tasavvurga keltirishning o‘ziyoq odamni har narsa qilib qo‘ymasmikan? Balki qoq yarim tunda men bilan yonma- yon yotgan mana bu akam birdan o‘zgarib qolsa, qiyofasi butun borlig‘i boshqacha shaklga kirsa va adovatli, qo‘rqinchli yovvoyi bir maxluqqa aylanib qolsa, bu uning marslik bo‘lib qolganini bildiradimi, axir bundan battarroq narsa bo‘lishi mumkinmi? Yotgan joyida men tomon burilib, qoq yuragimga pichoq sanchish uning uchun gap bo‘libdimi? Qolgan boshqa barcha uylardagi o‘n-o‘n beshta aka-uka va otalar ham ana shunday o‘zgarib, qo‘llariga pichoq olib hech narsadan tap tortmay uxlab yotgan yerliklarni ana shunday so‘yib tashlashsa...
Jon Blekning qo‘llari adyol ostida titrab ketdi. Uning eti junjikdi. To‘satdan bu haqiqatga aylandi-yu, uning vujudini dahshatli qo‘rquv qamradi.
U turib o‘tirdi-da, quloq sola boshladi. Atrofda tiq etgan tovush yo‘q. musiqa tingan. Shamol tindi. Yonida akasi dong qotib uxlab yotibdi.
U ohista adyolni ustidan oldi. Sirg‘alib pastga tushdi va tovush chiqarmaygina eshik tomon yurdi. Shu payt akasining ovozi qulog‘iga chalindi:
— Qayoqqa?
— Nima?
Akasining ovozi badanni teshib o‘tgudek bo‘ldi.
— Biron uzoqroq yoqqa bormoqchimisan?
— Suvga.
— Suvsaganing yo‘q.
— Suvsadim, nega suvsamas ekanman.
— Yo‘q, suvsaganing yo‘q.
Katta Jon Blek shiddat bilan yugurib ketdi. U qichqirdi. U ikki marta qichqirdi. U eshikkacha yetolmadi.
34
Kallai saharda orkestr mungli motam kuyini chalar edi. Ko‘chadagi har bir uydan mo‘‘jazgina tobutchalarni ko‘tarib, odamlar chiqar edilar; chiqib tosh yo‘l ustida o‘tirardilar-da, ko‘z yoshlarini artar edilar. Xotinlar, onalar, opa-singillar, aka-ukalar, amaki-tog‘alar, otalar. Ular yangi qabr kavlab qo‘yilgan va yangigina qabr toshlari kutib turgan qabristonga yo‘l oladilar. O’n oltita qabr, o‘n oltita qabr tosh.
Mer qisqagina motam nutqi so‘zladi. Uning yuzi o‘zgarib ketganidan bu mermi yo boshqa bir odammi, bilib bo‘lmas edi.
Jon Blekning otasi va onasi qabristonga keldi, akasi Edvard ham keldi. Ular yig‘lar, oh-voh qilar edilar, chehralari esa avvalgi tanish alomatlarini yo‘qotib, asta-sekin o‘zgarib borar edi.
Lyustigning bobosi va buvisi ham o‘sha yerda edi va ho‘ngrab yig‘lashar edi, ularning ham yuzlari mumday erib, cho‘zilib borar, xuddi jazirama kunga bardosh bermayotgandek tuyulmoqda edi.
Tobutlarni qabrga tushirishdi. Kimdir “Bir tunning o‘zida o‘n oltita odamni ajal to‘satdan va bevaqt olib ketgani” xususida o‘zicha g‘udranardi.
Kesaklar qabr qopqog‘i ustiga do‘pirlab tusha boshladi.
Orkestr “Okean durdonasi Kolumbiya” kuyini chalgancha gulduragan mis karnaylar ohangiga monand ravishda shahar tomon yo‘l oldi. Shu kuni hamma dam oldi.
Iyun 2001
OY AVVALGIDYeK KUMUSh NURLARINI SOChADI
Ular raketada tun qo‘ynida chiqib kelishganida havo shunchalar sovuq ediki, Spender darhol gulxan uchun Mars shox-shabbalarini terishga tutindi. Marsga uchib kelganlarini nishonlash borasida u churq etib og‘iz ochmadi, shox-shabbalarni terib keldi-da, olov yoqib yubordi va uning qanday yonishini tomosha qildi.
Keyin qurib qolgan Mars dengizi uzra qontalash tong havosiga yelkasi osha ularni — kapitan Uaylder, Cherok, Xeteuey, Sem Parkxill va uning o‘zini unsiz qop-qorong‘i yulduzli kengliklar orqali olib o‘tgan va hayotsiz beg‘am olamga olib kelib qo‘ygan raketaga qarab qo‘ydi.
Jeff Spender qiy-chuv boshlanishini kutib turardi. U do‘stlariga qarar ekan, hozir ularning sakrashlarini, qichqirishlarini kutardi... Faqat Marsda ular “birinchi” odamlar ekani haqidagi hayajonli fikrdan o‘zlariga kelib olishini kutish kerak. Hech kim bu haqda ovoz chiqarib bir narsa demasdi, lekin yuraklarida ko‘plab, aftidan, ularning o‘tmishdoshlari marragacha yetib kela olmaganiga va birinchilik bayrog‘i bularga, “To‘rtinchi” ekspeditsiyaga nasib etishiga umid qilar edilar. Yo‘q, ular hech kimga yomonlik tilamasdilar, shunchaki ular birinchi bo‘lishni xohlar edilar va o‘pkalari og‘ir havoga ko‘nikkuncha shon-shuhrat haqida orzu qilar edilar. Darhaqiqat, ozgina keskinroq harakat qilinsa, xuddi Mars odamidek boshlari aylanib ketar edi.
Gibbs gurillab yonayotgan gulxan oldiga keldi-da, so‘radi:
— Shox-shabba nega kerak, axir raketada kimyoviy yonilg‘i bor-ku?
— Hechqisi yo‘q, — javob berdi Spender boshini ko‘tarmay.
Birinchi tundayoq Marsda shovqin-suron ko‘tarish va raketa ichida bu yerga to‘g‘ri kelmaydigan
qo‘pol buyumni — ko‘z olgudek charaqlovchi pechkani ko‘tarib tushish aqlga to‘g‘ri kelmaydigan, to‘g‘risi, noma’qul gap edi. Bu mahalliy sharoitga haqorat ham bo‘ladi-ku. Hali quyultirilgan sutli bankalarni mag‘rur Mars kanallariga uloqtirishga ulgurishadi, o‘shanday vaqt albatta keladi, Mars dengizlarining oppoq yaydoq tubida “Nyu-York Tayms”ning shaldiragan sahifalari erinibgina sirg‘aladigan, dumalaydigan paytlar, albatta, keladi, qadimgi Mars shaharlarining nafis shaklli xarobalari orasida banan po‘stloqlari va yog‘ yuqi qog‘ozlar to‘lib-toshgan payt ham uzoq emas. Hammasi oldinda kutib turibdi, hammasi bo‘ladi. Bu fikrdan u hatto seskanib ketdi.
35