— Ha, qo‘l uzatsa yetadi. Shunday bir... — Ayol toqatsiz edi.
— Meni kechir, — dedi er uning ortidan juda tashvishli qaragancha, — butunlay esimdan chiqibdi: men bugun doktor Nlleni taklif qilgan edim-ku.
— Doktor Nlleni? — ayol eshik tomon yo‘naldi.
Er uni tirsagidan tutdi-da, shahd bilan xonaga qaytarib olib kirdi.
— Ha.
— Pao nima bo‘ladi?
— Pao qochib ketmaydi. Biz Nlleni kutib olishimiz kerak.
— Boramanu, qaytaman.
Er yo‘q degandek boshini chayqadi.
— Ha, yo‘q. Buning ustiga, ularning uyigacha ancha yurish kerak bo‘ladi. Butun yashil vodiydan
o‘tib, katta anhor ortida-ya. So‘ng yana pastga qarab ketiladi... Havoniyam ko‘rmaysanmi, yondiraman deydi. Doktor Nlle seni ko‘rib rosa xursand bo‘lardi. Eshitdingmi?
Ayol hech nima deb javob bermadi. U faqat bir balo qilib chiqib ketsa-yu, bu yerdan qochib qolsa — shuni o‘ylardi. Ovozining boricha qichqirishni istardi. Lekin u tuzoqqa tushgandek o‘rindiqda o‘tirar, asta-asta qimirlatayotgan barmoqlaridan ko‘zlarini uzmasdi.
— Illa, — to‘ng‘illadi er. — Hech qaerga ketmaysan, shundaymi? — Ha, — dedi ayol uzoq sukunatdan so‘ng. — Ketmayman.
— Kun bo‘yi uyda bo‘lasanmi?
Ayol bo‘g‘iq ovozda javob berdi:
— Ha, kun bo‘yi.
Bir necha soat o‘tsa hamki, doktor Nlledan dom-darak yo‘q edi. Aftidan, Illaning eri bundan u qadar taajjubga tushmayotgandi. Kechga yaqin u g‘udrangancha shkaf oldiga bordi-da, undan mudhish qurolni — burma charmli va uchida tepkisi bo‘lgan uzun sarg‘ish naychani oldi. U bu tomonga yuzlandi — uning yuzida kumush ma’dandan yasalgan niqob ifodasi yo‘q edi. Holbuki u o‘z tuyg‘ularini yashirish uchun shu niqobni kiyib olardi. Bu niqob uning ozg‘in yuzi, iyagi, manglayidagi barcha o‘ydim-chuqurlarga judayam mos kelardi. Niqobni kiyib olib, u o‘zining dahshatli qurolini qo‘lida ushlagancha aylantirib tomosha qilardi. Qurol to‘xtovsiz g‘o‘ng‘illardi. Go‘yo u bir daf’ada butun bir oltin asalarilarni sochishga qodir edi. Bu asalarilar o‘zlarining dahshatli nishlari bilan chaqar, zaharlarini solib o‘ldirar, so‘ng go‘yo qum ustiga tushgan urug‘lardek chala o‘lik holda yerga qular edilar .
— Yo‘l bo‘lsin? — so‘radi xotin.
— Nima? — Illa charmlarga, dahshatli g‘o‘ng‘illashga quloq tutdi. — Doktor Nlle shunchalik xayallayaptiki, uni kutgani ortiq toqatim qolmadi. Ov ovlab kelaman. Darrov qaytaman. Sen esa shu yerda bo‘lgin, hech qaerga ketma. Xo‘pmi? — Kumushrang niqob charaqlab ketdi.
— Ha.
— Doktor Nllega aytib qo‘y, men darrov qaytaman. Bor-yo‘g‘i ov qilgim kelib qoldi.
Uchburchak eshik yopildi. Qiyalikdan uning uzoqlayotgan odimlari tovushi eshitilib turdi.
Eri quyosh tomon ketib borar ekan, to u ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha ayol uning ortidan qarab turdi.
So‘ng o‘z yumushlariga unnab ketdi: ohanrabo changlarini tozalash, billur devorlardan yangi mevalarni uzish kerak edi. U tirishqoqlik va shoshqaloqlik bilan ishlar, biroq vaqti-vaqti bilan uni qandaydir jazava chulg‘ar edi. Shunda u o‘zining mana bu g‘alati, sira shuurini tark etmayotgan qo‘shiqni kuylayotgan holda ko‘rar, ko‘zlari esa billur ustunlar ortidan turib osmonga razm solayotgan bo‘lardi.
Ayol nafasini ichiga yutgancha jim kutar edi.
— Ana, kelib qolishdi...
— Hozir boshlanadi.
Shunday kunlar bo‘ladiki, momaqaldiroq yaqinlashib kelayapti, chor atrofda esa chuqur sukunat
8


hukmron. Shu tob bosim sezilar-sezilmas o‘zgaradi — bu sayyora uzra uchib borayotgan yomon ob- havoning nafasi, uning soyasi, shamoli, pardasi. Havo quloqlariga bosim beradi, sen esa yaqinlashib kelayotgan bo‘ronni kutgancha tordek tarang tortilasan. Vujudingni titroq qoplaydi. Osmon rangin, bulutlar quyuqlashadi, tog‘lar cho‘yan rangiga kiradi. Katak-katak gullar ogohlantirgan kuyi asta xo‘rsinadilar. Boshdagi sochlar xiyol qimirlaydi. Uyning allaqaeridagi soat tinimsiz bong uradi: “Vaqt, vaqt, vaqt, vaqt...” Soat ovozi shu qadar mayin eshitiladiki, go‘yo baxmal ustiga tushgan suv tomchisidek.
To‘satdan, momoqaldiroq! Elektr yalt-yult qiladi va osmon uzra qora to‘lqin va momoqaldiroqli bulutning hamma narsani yamlab yuboruvchi mavjlari ustma-ust yopirilib tusha boshlaydi.
Hozir ham shunday bo‘ldi. Garchi osmon ochiq bo‘lsa-da, bo‘ron yaqinlashib kelardi. Garchi bulut bo‘lmasa-da, chaqmoq chaqishi aniq edi.
Illa sukunat hukmron yozgi xonadon xonalari bo‘ylab kezinardi. Har daqiqa osmondan chaqmoq kelib tushishi, havoni gumburlagan ovoz bilan larzaga solishi, to‘p-to‘p bulutlar bosishi mumkin edi. Jimjitlik, yo‘lakdagi odimlar, billur eshikning qoqilishi — barchasi uni ta’qib etardi va u o‘qday otilgancha ularga peshvoz chiqardi...
“Jinni Illa! — xayolan kinoyali jilmayib qo‘ydi ayol, — sening bu tentak xayolingga nimalar kelmaydi.
Shu tob o‘sha narsa yuz berdi. Jazirama issiq havo xuddi ulkan alanga singari yonidan uchib o‘tdi. Shiddatli tovush quloqni teshdi. Osmon yorishib, ma’danlar chaqnadi.
Illa beixtiyor qichqirib yubordi.
U ustunlar orasidan yugurib o‘tdi-da, eshikni lang ochib yubordi. Ayol tog‘larga tikildi. Lekin u yerda hech narsa yo‘q edi...
Qiyalikdan pastga otilmoqchi bo‘ldi, biroq va’dasi esiga tushib qoldi. U shu yerda bo‘lishi, hech qayoqqa ketmasligi kerak. Doktor har daqiqada kelib qolishi kerak, agar u bu yerdan ketib qolsa, erining jahli chiqadi.
U tez-tez nafas olgancha va bir qo‘lini oldinga cho‘zgancha eshik oldida to‘xtab qoldi.
Yashil vodiy yastangan joyda nimanidir ko‘rishga harakat qildi, lekin hech narsani ko‘rmadi.
“Jinni! — u xonaga qaytib keldi — bular hammasi bo‘lmag‘ur xayollar, hech narsa bo‘lmagan. Faqat
shunchaki qush varaq, shamol yoki anhordagi baliq. O’tirgin-da, o‘zingga kelib ol”. Ayol o‘tirdi.
O’q tovushi yangradi.
Aniq, baland ayanchli ovoz.
Ayol titrab ketdi.
O’q ovozi uzoqdan kelgan edi. Bir martagina otildi. Tezuchar asalarilarning uzoqdan kelayotgan g‘o‘ng‘illashiga o‘xshash birgina o‘q ovozi. Undan keyin esa yanada aniqroq, sovuqroq, uzoqroqdan kelgan ikkinchi o‘q ovozi yangradi.
Ayol yana titrab ketdi va nimagadir qichqirgancha va bu qichqiriqni bo‘lmaslikka harakat qilgancha sakrab oyoqqa turdi. Xonama-xona o‘qday uchib, eshikka yaqinlashdi va uni yana lang ochib yubordi.
O’q ovozining aks sadosi tobora uzoqlashib borardi...
Oxiri tindi ham.
Ayol bir necha lahza bo‘zday oqargancha hovlida turib qoldi.
Nihoyat, bitta-bitta bosgancha boshini solintirib, u atrofini ustunlar o‘rab olgan xobgohlar aro yurib
ketdi. Birma-bir o‘tib borar ekan, uning qo‘llari beixtiyor tarzda narsalarga tegar, lablari titrar edi. Zulmat quyuqlashib borayotgan sharobxonada u bir o‘zi o‘tirgisi keldi. U kutar edi. Keyin yoqut qadahni oldi-da, uni sharfining uchi bilan ishqalay boshladi.
Bir vaqt uzoqdan qadamlar tovushi, oyoqlar ostida ezilgan mayda qamishlarning chirs-chirs singani qulog‘iga chalindi.
Ayol o‘rnidan turdi. Jimjit xonaning o‘rtasiga borib turib oldi. Qo‘lidagi qadah yerga tushib chil-chil bo‘ldi.
9


Qadamlar uy oldida jur’atsiz sekinlasha boshladi. Gapirsinmi? “Kir, kira qolsang-chi”, desinmi?
Ayol oldinga qarab yurdi.
Odimlar endi dahlizdan eshitildi. Qo‘l lo‘kidonni surdi. Ayol eshikka jilmaydi.
Eshik ochildi. Ayolning yuzidagi tabassum g‘oyib bo‘ldi.
Bu uning eri edi. Kumushrang niqob xira yaraqlardi.
Eri ichkariga kirdi-da, xotiniga birrovgina nazar tashlab qo‘ydi. Keskin harakat bilan g‘ilofni ochdi,
ikkita o‘lik asalarini siltab tashladi. Ularning yerga to‘p-to‘p tushganini eshitib, oyog‘i bilan bosib ezg‘iladi va o‘qdan bo‘shagan qurolni xona burchagiga qo‘yib qo‘ydi, Illa engashgancha singan qadah parchalarini to‘plashga behuda urinardi.
— Nima qilding? — so‘radi ayol.
— Hech narsa, — javob berdi er unga orqa o‘girib turarkan. U yuzidan niqobni oldi.
— Miltiqni... qanday otganingni eshitdim. Ikki marta.
— Ov ovladim. Bo‘ldi, shu. Goh-goh xumor qilib turadi. Doktor Nlle kelmadimi?
— Yo‘q.
— Shoshma, shoshmay tur. — U nafrat bilan barmog‘ini qirsillatib qo‘ydi. — E-ha, endi esimga
keldi, biz u bilan ertaga kelishib qo‘ygandik-ku. Sira esimda yo‘g‘-a.
Ular stolga o‘tirishdi. Ayol o‘z likopchasiga qarab turardi, biroq ovqatga qo‘l uray demasdi.
— Nima gap? — so‘radi u ko‘zini ko‘tarmasdan, go‘sht bo‘laklarini gurillagan olovga tashlarkan.
— Bilmadim. Ishtaham yo‘q, — javob berdi ayol.
— Nimaga?
— Bilmasam. Shunchaki ishtaham yo‘q.
Shamol bulutlarni hayday boshladi; quyosh botib bo‘lgandi. Xona birdaniga tor, muzdek bo‘lib
qoldi.
— Men eslashga harakat qilayapman, — dedi ayol xonadagi jimlikni buzib va erining sovuq
chehrasi, oltin ko‘zlariga qarab qo‘ydi.
— Nimani eslamoqchi bo‘lding? — u sharob xo‘plardi.
— Qo‘shiqni. Haligi chiroyli, ajoyib qo‘shiqni. — Ayol ko‘zlarini yumdi va qo‘shiq ayta boshladi,
biroq qo‘shiq yaxshi chiqmadi. — Unutibman. Lekin men nimagadir uni unutgim kelmaydi. Uni umrbod esda saqlab qolsam deyman. Go‘yo harakatlar maromi unga yordam berishi mumkin bo‘lgandek, qo‘llarini ravon havoda o‘ynatib qo‘ydi. So‘ng o‘rindiqqa o‘zini tashladi. — Yo‘q, eslolmayapman.
Ayol yig‘lab yubordi.
— Nega yig‘layapsan? — so‘radi er.
— Bilmayman, bilmayman. Hech o‘zimni qo‘lga ololmayapman. Yuragim g‘ash. Negaligini o‘zim
ham bilmayman, yig‘layman-u, negaligini bilmayman, lekin yig‘layveraman.
U kaftlari bilan boshini g‘ijimladi, yelkalari titradi.
— Ertagacha hech narsa ko‘rmagandek bo‘lib ketasan, — dedi er.
U eriga qaramadi. Uning nigohlari faqat yaydoq cho‘lga va tim qora osmonga sochilgan yorqin
yulduzlarga qadalgandi, uzoqdan esa sovuq shamol va uzun anhorlardagi muzdek suvning shaloplashlari quloqqa chalinardi. Ayol butun vujudi qalt-qalt titragancha ko‘zlarini yumdi.
— Ha, — takrorladi u, — ertagacha hech narsa ko‘rmagandek bo‘lib ketaman.
Avgust 1999 YoZ TUNI

10


Odamlar tosh ayvonlarda to‘da-to‘da bo‘lib turar edilar, moviy tepaliklar orasidan ularni ilg‘ash ham qiyin edi. Marmar amfiteatr ortida qop-qora zulmat ichidan yastangan shaharcha va muhtasham uylarning ko‘lkalari ko‘zga chalinardi, sokin ko‘llar kumush rang berib jimirlar, ufqdan ufqqacha cho‘zilgan anhorlar yalt-yult qilar edi. Beg‘amlik va sokinlik hukmron Mars sayyorasida yoz oqshomi. Anhorlarning yam-yashil sathi bo‘ylab bamisoli nafis brinch gullardek qayiqlar u yoqdan-bu yoqqa qarab suzadi. Yonbag‘ir bo‘ylab ilang-bilang saf tortgan uylardagi salqin tun to‘shaklarida yotgancha oshiq-ma’shuqlar erinchoqlik bilan bir-biriga shivirlashar edi. Xiyobonlardagi mash’alalar tagida qo‘llarida oltin o‘rgimchak to‘rlarini tutgan yosh bolalar u yoqdan-bu yoqqa chopib o‘ynashardi. Unda-bunda kumushrang olov biqirlab qaynagan stollarda kechki ovqat tayyorlanmoqda. Marsning tungi qismidagi yuzlab shaharlarning amfiteatrida oftobda qoraygan marsliklar tillarang ko‘zlarini chaqnatgancha estrada atrofidagi go‘shalarda to‘plangan, u yoqdan mashshoqlarning mohir qo‘llariga itoatkorona bo‘ysungan sozlar bamisoli gullarning atri kabi sokin havoda ravon kuy taratar edi.
Sahnalardan birida bir ayol qo‘shiq aytmoqda.
Tinglovchilar safi bo‘ylab shivirlar to‘lqini suzib o‘tadi.
Qo‘shiq uzildi. Xonanda ayol qo‘lini tomog‘iga olib bordi. So‘ng mashshoqlarga qarab im qoqdi, ular
kuyni yangidan boshlab chala ketdi.
Mashshoqlar zavq bilan kuy chalar, ayol ilhom bilan qo‘shiq aytardi, bu safar tomoshabinlar oh deb
yubordi, o‘zlarini oldinga tashlashdi, kimdir oyoqqa turdi — amfiteatr uzra bamisoli qish qirovi qo‘ngandek bo‘ldi. Chunki ayol kuylayotgan qo‘shiq g‘alati, qo‘rqinchli, g‘ayrioddiy edi. U kuylashdan to‘xtashga qanchalik urinmasin, baribir so‘zlar uning lablaridan beixtiyor uchib chiqmoqda edi:
Yulduzlar chaqnagan tungi osmonda, Porlaydi olamni nurga ko‘mib oy. Nur bilan zulmatning kurashi aro Yanada ko‘rk ochar samoviy chiroy.
Qo‘shiqchi ayolning qo‘llari og‘zini yopdi. U butunlay karaxt va sarosima ichida qolgan edi. — Bu qanaqa so‘zlar bo‘ldi? — hayron bo‘ldi mashshoqlar.
— Shu ham qo‘shiqmi?
— Kimning tilida aytilayapti?
Ular o‘zlarining oltin trubalariga yana puflay ketdilar, yana shu g‘aroyib musiqa yangray boshladi va asta-sekin endi ovozlarini baralla qo‘yib gaplashayotgan va oyoqqa turgan tomoshabinlar uzra suzib ketdi.
— Senga nima bo‘ldi? — so‘rar edi bir-birlaridan mashshoqlar.
— Qanaqa kuy chalgan eding o‘zi?
— O’zing qanaqa kuy chalgan eding?
Ayol yig‘lab yubordi va sahnadan chopib tushib ketdi. Tomoshabinlar amfiteatrni tark etdilar.
Junbushga kelgan barcha Mars shaharchalarida xuddi mana shu hol sodir bo‘lgan edi. Osmonda oppoq qor yoqqan kabi hamma sovuq domiga giriftor bo‘lgan edi. Zim-ziyo xiyobonlardagi mash’alalar tagida bolalar qo‘shiq aytar edilar:
Kelib qarasam javonim bo‘m-bo‘sh, O’tiribdi yolg‘iz ko‘ppagim nochor.
— Bolalar! — ovozlar yangradi. — Bu qanaqa qo‘shiq bo‘ldi? Qaerdan o‘rgandingiz uni?
— Ular miyamizga o‘zidan-o‘zi kelib qoldi. Hatto so‘zlarini o‘zimiz ham tushunmaymiz!
Eshiklar yopildi. Ko‘cha huvillab qoldi. Moviy qirlar uzra yashil yulduz ko‘rindi.
Marsning butun tungi tomonida erkaklar zulmat qo‘ynida yonlarida yotgan ma’shuqalarining
qo‘shiq kuylashlaridan uyg‘onib ketishdi.
11


— Bu qanaqa kuy bo‘ldi?
Qoq tunda minglab uylardagi ayollar ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kkancha uyg‘onib ketdilar va erlari ularga tasalli bera boshladilar.
— Tinchlan, tinchlansang-chi, uxla. Nima bo‘ldi o‘zi senga? Yomon tush ko‘rdingmi? — Ertaga bir yomon voqea sodir bo‘ladi.
— Hech narsa bo‘lmaydi, ishimiz joyida-ku!
Ayol titrab-qaqshab yig‘laydi.
— Yuragim sezib turibdi. O’sha balo tobora yaqin kelayapti, yaqin, yaqin, yaqin!..
— Bizga hech narsa bo‘lmaydi, bas qil, uxla, uxla.
Marsda sokin tong otmoqda. Xuddi qop-qorong‘i va muzdek quduqdagidek sokin tong. Anhor
suvlari sathida yulduzlarning aksi jimirlaydi, har bir xonada mushtumida oltin o‘rgimchak uyasini changallagancha yotgan bolalarning ma’sum nafaslari eshitiladi, qo‘llarini bir-biriga chalishtirgancha oshiq-ma’shuqlar uxlamoqda, oylar botgan, mash’alalar o‘chirilgan, tosh amfiteatrlarda zog‘ uchmaydi.
Tong oldida yakkayu-yagona tovush quloqqa chalinadi: huvillagan ko‘chaning huv oxirida yolg‘iz tungi qorovul hech kimga tanish bo‘lmagan g‘alati qo‘shiqni xirgoyi qilgancha qorong‘ilik qo‘ynida kezinadi...
Avgust 1999 YeRLIKLAR
— Juda yopishib olishdi-ku, taqillatishgani-taqillatishgan-a!
Missis Ttt jahl bilan eshikni ochdi.
— Xo‘sh, nima gap?
— Inglizcha gapirayapsizmi? — ostonada turgan odam hayron bo‘ldi. — Qo‘ldan kelgancha, — javob berdi ayol.
— Sof ingliz tilida-ya!
Kelgan odam qandaydir maxsus libosda edi. Uning ortida yana uch kishi turardi; ularning barchasi xiyol hayajonda edi — yuzlari yal-yal yonar, boshidan-oyog‘igacha moy yuqi.
— Sizlarga nima kerak o‘zi? — keskin ohangda so‘radi missis Ttt.
— Siz marsliksiz! — kelgan kishi kuldi, — bu so‘z sizga, albatta, notanish. Bizda, yerliklarda, shunaqa deyishadi. — U hamrohlariga boshi bilan imlab, ishora qildi. — Biz Yerdan keldik. Men kapitan Uilyams. Biz bir soatgina oldin Marsga kelib qo‘ndik. Biz kelib qo‘ngan ikkinchi ekspeditsiyamiz! Bizgacha Birinchi ekspeditsiya kelgan edi, ammo ularning taqdiri bizga ayon emas. Nima bo‘lganda ham biz yetib keldik. Siz esa biz uchratgan birinchi marslik bo‘lasiz.
— Marslik? — ayolning qoshlari kerildi.
— Sizga Quyoshdan to‘rtinchi Sayyorada yashayotganingizni aytmoqchiman! Shu aniqmi?
— Oddiy haqiqat, — ularga razm solgancha burnini jiyirib dedi ayol.
— Biz esa, — kishi o‘zining do‘mboq qizg‘ish qo‘lini ko‘ksiga bosdi, — Yerdan keldik. To‘g‘rimi,
yigitlar?
— Xuddi shunday, kapitan, — baravariga javob berdi hamrohlar.
— Bu Tirr sayyorasi bo‘ladi, — dedi ayol, — agar uning haqiqiy nomini bilmoqchi bo‘lsangiz.
— Tirr, Tirr, — kapitan horg‘in kulib qo‘ydi. — G’alati nom ekan! Ammo, ayting-chi, muhtarama
xonim, Sizning ingliz tilida bunday burro gapirishingizni qanday tushunsa bo‘ladi?
— Men gapirmayapman, — javob berdi ayol, — men o‘ylayapman. Telepatiya. Yaxshi boringlar! —
shunday deya u eshikni qarsillatib yopdi.
12


Hayal o‘tmay, bu qo‘rqinchli odam yana eshikni taqillata boshladi.
Ayol eshikni ochdi.
— Tag‘in nima kerak? — so‘radi u.
Kishi o‘sha joyda turar va jilmayishga harakat qilardi, ammo undagi avvalgi dadillik ko‘rinmasdi. U
ayolga qo‘lini uzatdi.
— Nazarimda, siz meni yaxshi tushunmadingiz...
— Nimani? — shartta dedi ayol.
Erkak hayratdan ko‘zlarini katta-katta ochdi.
— Biz yerdan uchib keldik!
— Vaqtim yo‘q, — dedi ayol. — Ishim boshimdan oshib-toshib yotibdi — tushlik, uyni yig‘ishtirish,
tikish, ming xil mayda-chuyda ishlar... Sizga, ehtimol, mister Ttt kerakdir. U tepada o‘zining xonasida o‘tiribdi.
— Ha, ha, — bir narsani anglagandek ko‘zlarini pirpiratib dedi Yerdan kelgan odam. — Xudo haqqi, mister Tttni chaqiring.
— U band. — Shunday deya ayol yana eshikni qarsillatib yopdi.
Bu gal mehmon eshikni odatdagidan qo‘polroq tarzda taqillata boshladi.
— Bilasizmi nima? — qichqirib dedi mehmon eshik ochilar-ochilmas. U go‘yo mezbonni hang-mang
qilib qo‘ymoqchidek dahlizga bostirib kirdi. — Mehmon deganni bunday kutmaydilar-da!
— Polni yog‘ tushsa yalagudek qilib qo‘yganman! — Qovog‘ini uyib dedi ayol. — Aft-angoringizni qarang, hammayog‘ingiz iflos, yo‘qolinglar ko‘zimdan! Agar uyimga kirmoqchi bo‘lsangiz, avval
oyog‘ingizni tozalab keling!
Mehmon vahima bilan o‘zining iflos oyoq kiyimiga qarab qo‘ydi.
— Hozir adi-badi aytishib o‘tiradigan payt emas, — qat’iy ohangda dedi kishi. — Vaziyat shunaqa.
Buni nishonlashimiz kerak!
Ularning ko‘ngillaridagini so‘zsiz anglashi uchun mehmon ayolga qattiq tikilib qaradi.
— Agar mening billur kulchalarim kuyib ketgan bo‘lsa,— dedi qichqirib ayol, — sizlarni kaltak
bilan!..
Shunday deya ayol vishillab turgan mo‘‘jazgina pechka tomon yugurdi. So‘ng terga botgan,
bo‘g‘riqqan holda qaytib keldi. Uning ko‘zlari sap-sariq, badani qoracha, o‘zi ozg‘in va chaqqon, xuddi hasharot deysiz... Ovozi chinnidek jaranglardi.
— Shu yerda kutib turinglar. Men borib qaray-chi, balki biron daqiqadan keyin mister Tttning huzuriga kirishingiz mumkin bo‘lar, — unda nima ishingiz bor edi o‘zi?
— Unga ayting, biz Yerdan birinchi marta bu yerga uchib keldik!
— Nima birinchi marta? — Ayol oftobda kuygan qo‘lini balandga ko‘tardi. — Bo‘pti, bunisi muhim emas, men hozir kelaman.
Tosh uynig yo‘laklaridan uning qadam tovushlari quloqqa chalinib turdi.
Tepada esa haddan tashqari ko‘k, jazirama mars osmoni — xuddi chuqur issiq dengiz qotib qolgandek. Bamisoli ulkan qaynoq qozon ustida turgandek Mars cho‘li uzra parda yoyilib kela boshladi. Sal naridagi tepaning cho‘qqisida uchini osmonga qadagancha uncha katta bo‘lmagan samoviy kema turardi. Undan tosh uy eshigi tomonga yirik-yirik oyoq izlari tizilib kelgan edi.
Tepadagi ikkinchi qavatda baqiriq-chaqiriq ovozlari eshitilardi. Eshik tagidagi odamlar bir-biriga qarar, og‘irliklarini goh u oyoqlariga goh bu oyoqlariga solar, kamarlarini to‘g‘rilar edilar. Tepada qandaydir erkak ovozining o‘shqirgani eshitildi. Unga ayol ovozi javob aytdi: chorak soatdan keyin yerliklar nima qilishini bilmay, oshxonada u yoqdan-bu yoqqa borib kela boshladilar.
— Chekamizmi? — dedi ulardan biri.
Ikkinchisi sigareta oldi — ular cheka boshlashdi. Barchalari shoshmaygina oppoq tutunni ichga tortar edilar. Kurtkalarining g‘ijimlarini yoyishdi, yoqalarini to‘g‘rilashdi, tepadagi ovozlar hamon guvillar, shang‘illar edi. Komandir soatiga qaradi.
— Yigirma besh daqiqa, — dedi u. — U yoqda nima bo‘layotgan ekan-a?
13


U deraza oldiga keldi-da, tashqariga qaradi.
— Kun yonayapti, — dedi fazogirlardan biri.
— Gapirmang, — erinchoqlik bilan qo‘lini so‘rdi, tushki oftobdan holsizlangan ikkinchisi. Tepadagilarning ovozlari bo‘g‘iq g‘o‘ldirashga aylandi, so‘ng butunlay tinchib qoldi. Butun uyda tiq
etgan tovush eshitilmaydi. Har kim faqat o‘zining nafasinigina eshitadi, xolos.
Shu alpozda bir soat o‘tdi.
— Biz tufayli biror kor-hol ro‘y bermadimikan? — dedi komandir mehmonxona eshigi yoniga
yaqinlasharkan va o‘sha tomonga qaradi.
Missis Ttt gullariga suv quyib xona o‘rtasida turardi.
— Men bo‘lsam bunaqasini unutib yuborganman deb yuribman... — dedi ayol kapitanni ko‘rib. U
oshxonaga chiqdi. — Kechirasiz. — Ayol unga bir parcha qog‘ozni uzatdi. — Mister Ttt juda band. — U o‘zining idish-tovoqlariga o‘girildi. — Baribir sizga u emas, balki Mister Aaa kerakdir. Mana bu qog‘ozni olib, moviy anhor yonidagi qo‘shni qo‘rg‘onga boring-da, u yerda mister Aaa siz bilmoqchi bo‘lgan hamma narsani aytib beradi.
— Biz hech narsani bilishimiz kerak emas, — e’tiroz bildirdi komandir do‘rdoq lablarini shishirib. — Busiz ham biz hamma narsani bilamiz.
— Qog‘ozni oldingiz, sizga tag‘in nima kerak? — keskin ohangda so‘radi ayol. Ular ayoldan shundan boshqa narsa ola olmas edilar.
— Bo‘pti, — dedi komandir. Uning hamon ketgisi yo‘q edi. U go‘yo bir narsani kutayotgandek joyidan qimir etmasdi. Xuddi yangi yil archasini tomosha qilayotgan go‘dakdek angrayib qarab turardi. — Bo‘pti, — takrorladi u. — Qani ketdik yigitlar.
Shunday qilib to‘rtovlon yerlik uydan chiqishdi-da, diqqinafas jimjit yoz kuni qo‘yniga sho‘ng‘ib ketishdi.
Yarim soatdan keyin o‘zining kutubxonasida savlat to‘kib o‘tirgan mister Aaa temir piyolasidan elektr alangasini ho‘plagancha tosh terilgan yo‘lakdan ovozlar kelayotganini eshitdi. U gavdasini derazadan chiqarib, bir xil kiyingan to‘rttala odamga ko‘zlarini qisib qaray boshladi.
— Mister Aaa sizmisiz? — so‘rashdi ular.
— Men.
— Bizni sizga mister Ttt yubordi, — qichqirdi komandir.
— Nima sababdan? — so‘radi Aaa.
— U band ekan!
— Hm, bilasizmi, bu... — g‘ijinib dedi mister Aaa. — Allaqaerdagi bekorchixo‘jalarning ko‘ngillarini
olishdan mening boshqa tashvishim yo‘q deb o‘yladimikan?
— Hozir buning ahamiyati yo‘q, ser! — qichqirdi komandir.
— Menga esa ahamiyati bor. Bir dunyo kitob yig‘ilib qolgan, ularni o‘qib chiqishim kerak. Mister Ttt
hech kim bilan hisoblashmay qo‘ygan. U menga birinchi marta bunday surbetlarcha muomala qilayotgani yo‘q. Iltimos, qo‘lingizni silkitmang, janob! Meni tinch qo‘ying! Siz bularni e’tiborga olmasangiz bo‘lmaydi. Men gapirayotganimda odamlar quloq solishiga o‘rganib qolganman. Iltimos, gapimni oxirigacha eshiting! Aks holda men siz bilan umuman gaplashmayman.
To‘rttala kishi pastda og‘izlarini ochgancha sarosima ichida depsinar edilar. Kapitanning peshonasidagi tomirlar bo‘rtib chiqdi. Hatto ko‘zlarida yosh yiltilladi.
— Ana shunaqa, — nasihat qilishda davom etdi mister Aaa. — Xo‘sh, o‘ylab qarang-a, mister Tttning meni shunday pisand qilmasligi yaxshi ishmi?
To‘rttala kelgindi jazirama kuni hovuri orasidan unga hayrat bilan qarab turardi. Kapitanning toqati toq bo‘ldi:
— Biz Yerdan uchib keldik!
— Menimcha, u juda ham odobsizlikni haddidan oshirib yubordi, — ming‘irladi mister Aaa. — Samoviy kema. Biz raketada uchib keldik. Ana u!
14