MARSGA HUJUM
Roman
“Hayratga tushish qobiliyati buyuk ishdir, — dedi faylasuf. — Kosmik parvozlar bizlarni yana bolalarga aylantirib qo‘ydi”.
Yanvar 1999 Raketa yozi
Hozirgina Ogayo qishi hukmron edi: eshik va derazalar taqa-taq yopilgan, oynalarni qalin qirov bosgan; tomlarning qirralaridan nayzasimon sumalaklar osilib turar, bolalar tepaliklardan chang‘ilarda o‘qdek uchar, qora ayiq mo‘ynasidan tikilgan po‘stinli ayollar sirpanchiq ko‘chalarda kezinar edilar.
To‘satdan issiq havo to‘lqini shahar bo‘ylab yoyildi, xuddi tasodifan ochiq qolgan novvoyxona eshigidan chiqqan hovur singari hammayoqni issiq havo qopladi. Uylardan shovullab suvlar oqdi. Butalar va bolalarning egnilari ho‘l bo‘ldi. Tomlardan sumalaklar uzilib tushar, yerga tushib mayda- mayda bo‘lar va erib ketar edi. Eshiklar lang ochildi. Osmonda bulutning choki so‘kildi. Bolalar egnilaridan sviterlarini yechib otdilar. Onajonlar ham ayiq mo‘yna po‘stinlarini yelkalaridan tashladilar.
1


Qor erib, o‘tloqzorda bulturgi maysalar mung‘ayib ko‘rindi.
Raketa yozi. Og‘izdan-og‘izga, uydan-uyga shu ikki so‘z ko‘chib yurar edi: Raketa yozi. Xuddi cho‘l
nafasidek qaynoq havo derazalardagi muz naqshlarni eritib yubordi, ular o‘rnida nafis kashtalar suzilib ko‘rindi. Chang‘i va konkilar birdan kerak bo‘lmay qoldi. Ayozli osmondan tepalik ustiga qo‘nayotgan qor yergacha kelmay, havodayoq qaynoq yomg‘irga aylanmoqda edi.
Raketa yozi. Odamlar yomg‘ir tomchilari pitraday to‘kilayotgan ayvondan boshlarini chiqarib, qizara boshlagan osmonga qarar edilar.
Pushtirang olov va cho‘g‘dek hovur ufurib turgan kosmodromda raketa qaddini g‘oz tutib turar edi. Ayozli qish tongida raketa o‘zining qudratli otash nafasi bilan atrofni yoz qilib yuborayotgandi. Raketa ob-havo yaratmoqda va bir necha lahzadan buyon chor atrofda yoz hukm surmoqda edi...
Fevral 1999 ILLA
Ular Mars sayyorasida, billur ustunli uyda qurib qolgan dengiz sohilida yashar edilar va har kuni erta bilan missis K.ning billur devorlardan yetilib chiqqan oltin mevalarni yeyayotganini yoki qaynoq shamol axlatlar bilan birgalikda uchirib kelgan ohanrabo changini hovuchlab sochgancha o‘sha yerlarni tozalayotganini ko‘rish mumkin edi. Kechga yaqin qadimiy dengiz harakatsiz va qaynoq holga kelgan bir paytda hovlidagi anjir daraxtlari qilt etmay qolar edi va ko‘hna Mars shaharchasi yop-yolg‘iz so‘ppayib turar edi, hech kim ko‘chaga chiqmas, mister K.ni esa o‘z xonasida bo‘rtiq ierogliflarni arfa torlari kabi barmoqlari bilan chertgancha ma’dan kitobni o‘qiyotganini ko‘rish mumkin edi. Uning qo‘l ostida kitob qo‘shiq kuylardi, kuylovchi qadimiy tovush dengiz o‘zining qirmizi tumani bilan sohillarni qoplab olgan va qadimiy odamlar ma’dan nayza va elektr to‘rlari bilan qurollanib, jangga ketayotgan odamlar haqida rivoyat qilardi.
Mister va missis K. yigirma yil o‘lik dengiz sohilida yashashdi va ularning otalari va bobolari ham, mana, o‘n asrdirki, gulga o‘xshab quyosh tomonga yuz burib aylanib turgan mana shu uyda istiqomat qilib kelgan edilar.
Mister va missis K. hali unchalik keksa emas edilar. Ularning yuzlari chinakam marsliklardek toza, qorachadan kelgan edi. Ko‘zlari oltin tangalardek sap-sariq, ovozlari mayin va yoqimli. Ilgari ular kimyoviy olov bilan suratlar chizishni yaxshi ko‘rar edilar, sharob daraxtlari limmo-lim to‘lib oqqan anhorlarda suzishni yoqtirishardi, keyin esa tonggacha xilvatgina xonada moviy nur taratib turgan portretlar tagida suhbat qurar edilar.
Endi ular unchalik baxtli emas edilar.
O’sha kuni ertalab missis K. xuddi sariq mumdan chaplab yasalgandek, hosilsiz qumlarning uzoq- uzoqlarga taralayotgan jazirama hovuriga quloq tutgancha ustunlar o‘rtasida tik turar edi.
Nimadir sodir bo‘lishi kerak edi.
Ayol kutar edi.
U ana-mana qum ustiga chaqnovchi mo‘‘jizani keltirib bosmoqchi, siqmoqchi va ezib yanchmoqchi
bo‘lgan moviy Mars osmonidan ko‘z uzmay qarab turardi.
Ammo hamma narsa o‘sha-o‘sha edi.
Kutaverish joniga tekkach, ayol tumanli ustunlar oralig‘ida u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi.
Bo‘g‘otdagi tarnovlardan yomg‘ir jilg‘alanib oqardi, bundan tandirdek qizigan havo biroz salqin tortgandek, uning badanini silagandek bo‘lardi. Jazirama kunlarda bu daryoga tushib cho‘milish bilan baravar edi. Salqin jilg‘alar yerni ho‘l qildi. Erining kitobni tinmay chalayotgani qulog‘iga chalinib turardi; qadimgi ohanglar uning barmoqlariga zarracha ta’sir qilmayotgandek edi.
Ayol xayajonsiz o‘ylardi: qachonlardir xuddi anavi o‘zining kishi aqli yetmas kitoblariga mo‘‘jaz arfaga yopishgandek mahkam yopishib olgan, xuddi ilgari bo‘lganidek, vaqt-soati kelib eri uni ham
2


bag‘riga bosishiga, yuz-ko‘zlarini silab erkalashga vaqt topa olishiga imoni komil edi.
Afsus! Ayol boshini chayqadi, hafsalasi pir bo‘lgandek bilinar-bilinmas yelkalarini uchirib qo‘ydi, oltinrang kiprikli ko‘zlarini asta berkitdi. Nikoh hattoki ilgaridan tanish bo‘lgan yosh yigit-qizlarni ham
keksa qilib qo‘yadi...
Ayol o‘rindiqqa cho‘kdi, o‘rindiq bamisoli uning butun vujudini bag‘riga oldi. U asabiy qoshlarini
chimirdi va ko‘zlarini yumdi. Ayol tush ko‘ra boshladi. Qoracha barmoqlari titrab ketdi, beixtiyor havoda o‘ynay boshladi. Lahza o‘tib, ayol o‘rindiqda cho‘chib qaddini rostladi va og‘ir-og‘ir nafas ola boshladi.
U xuddi birovni ko‘rmoqchi bo‘lgandek shosha-pisha xonaga razm solib chiqdi. Taajjub: ustunlar oralig‘i bo‘m-bo‘sh edi.
Uchburchak eshikda eri ko‘rindi.
— Sen meni chaqirdingmi? — g‘ijinib so‘radi eri.
— Yo‘q! — deyarli qichqirib javob berdi ayol.
— Menga xuddi qichqirgandek bo‘lib tuyulding.
— Rostdanmi? Men mizg‘ib tush ko‘rayotgan edim.
— Kunduziya? Senda ilgari hech bunaqa bo‘lmasdi-ku.
Ayolning ko‘zlaridan uning o‘zi ham tush ko‘rganidan taajjublangani shundoq ko‘rinib turardi. — Qiziq, judayam qiziq, — g‘udrandi ayol. — Bu tush...
— Xo‘sh? — eri kitobga qaytib borishga toqatsizlanayotgan edi.
— Tushimga bir erkak kiribdiki...
— Erkak?
— Baland bir erkak. Bo‘yi olti fut bir dyuym1 keladi.
— Bu qanaqasi: butun boshli bir dev, alvasti-ku!
— Nimagadir, — ayol dona-dona qilib so‘zlay boshladi, — u alvastiga o‘xshamasdi. To‘g‘ri, bo‘yi
juda baland edi. Uning — eh, bilaman, bu gaplar senga alahsirashga o‘xshaydi — uning ko‘zlari ko‘m- ko‘k edi!
— Ko‘zlari ko‘m-ko‘k edi, — takrorladi mister K. — Ey xudoyim, keyingi gal qanaqa tush ko‘rar ekansan-a?! Hali qop-qora sochli odam ham ko‘rdim dersan.
— Buni qanday bilding? — dedi ayol.
— Shunchaki to‘g‘ri kelgan rangni aytdim-qo‘ydim-da, — quruqqina javob berdi er.
— Ha, sochlari qop-qora! — qichqirib dedi ayol. — Badani esa oppoq. Judayam g‘alati odam!
Egnidagi kiyimlari ham g‘alati, u osmondan inib tushdi-da, men bilan muloyim gaplasha ketdi.
Ayol jilmaydi.
— Osmondan emish. Shu ham gap bo‘ldi-yu.
— U quyoshda charaqlab turgan ma’dan mashinada uchib keldi, — eslay boshladi missis K. U
ko‘rganlarini ko‘z oldiga keltirish uchun ko‘zlarini yumdi. — Tushimga osmon kirdi. Shunda bir narsa yalt etdi. Xuddi havoga otilgan tangadek. Keyin u kattalasha boshladi. Kattalashib-kattalashib yerga ravon tushib keldi, — bu uzun kumushrang dumaloq kema, begona kema edi. So‘ng biqindagi eshik ochildi-da, undan baland bo‘yli bir erkak chiqib keldi.
— Ko‘proq ishlaganingda bunday ahmoqona tushlar ko‘rmas eding.
— Menga esa bu juda yoqdi, — javob berdi ayol o‘rindiqqa o‘zini tashlab. — Shunday narsalarni tasavvur qilaman deb hech xayolimga kelmagandi. Qop-qora sochlar, ko‘m-ko‘k ko‘zlar, oppoq badan! Qanday ajoyib erkak, buning ustiga, juda chiroyli ham.
— Senga shunaqa tuyulgan.
— Voy ichi qora-ey. Men shunday bo‘lishini xohlaganmidim, pinakka ketganimda u o‘zi paydo bo‘lib qoldi. Hatto bu tushga ham o‘xshamaydi. Birdan kutilmaganda, g‘ayri oddiy bir tarzda... U menga qaradi-da: shunday dedi: “Men bu kemada uchinchi sayyoradan uchib keldim. Mening ismim Nataniel Yor...”
— Bema’ni ism, — e’tiroz bildirdi eri. — Bunaqa bo‘lishi mumkin emas.
3


— Albatta, bema’ni-da, axir bu tush edi-ku, — itoatkorona qo‘shildi ayol. — U yana: «Bu koinot orqali birinchi parvozimiz. Kemada biz ikki kishi edik, men va do‘stim Berg», — dedi.
— Bunisi undan ham bema’niroq ism ekan.
— U shunday dedi: «Biz yerdagi shahardan keldik, sayyoramizning nomi shunaqa», — davom etdi missis K. — Bu uning so‘zlari. Ha, shunday dedi — Yer. Keyin u bizning tilimizda gapirmadi. Lekin men bir amallab uni tushundim. Zehnim-da. Bu telepatiya, albatta.
Mister K. orqasiga o‘girilib, keta boshladi. Biroq xotinining ovozidan u yana to‘xtadi.
— Ill! — asta chaqirdi ayol. — Sen hech uchinchi sayyorada odam bor-yo‘qligi haqida o‘ylab ko‘rganmisan?
— Uchinchi sayyorada hayot bo‘lishi mumkin emas. — Bosiqlik bilan tushuntira boshladi eri. — Olimlarimiz shuni aniqlaganlarki, u yerda havoda kislorod haddan tashqari ko‘p. U yerda odamlar yashaganida qanday zo‘r bo‘lar edi-ya! Qanaqadir g‘alati kemalarda koinotda sayohat qila olishganda nur ustiga nur bo‘lardi.
— Menga qara, Ill, o‘zing yaxshi bilasan, men bunaqa safsatalarni jinimdan yomon ko‘raman. Undan ko‘ra ishdan gapir.
Ayol yomg‘ir tomchilib turgan ustunlar oralig‘ida odimlab yurganida kech kirib qolgan edi. O’sha- o‘sha kuy, o‘sha-o‘sha ohang.
— Shu ham qo‘shiq bo‘ldi-yu. — Chidayolmay to‘ng‘illadi eri, olov stolga borar ekan.
— Bilmadim.
Ayol beixtiyor go‘sht bo‘laklarini qaynab turgan olovga tashladi.
— Bilmayman. — Ikkinchi lahzada go‘sht pishib tayyor bo‘lgan edi. Ayol uni olov ichidan oldi-da,
likopchaga solib eriga tutdi. — Eh, balki bu ko‘nglimga o‘z-o‘zidan kelib qolgan safsatadan boshqa hech narsa emasdir, nimagaligini o‘zim ham bilmayman.
Eri boshqa hech nima demadi. Xotinining go‘shtni vishillab turgan olov halqobi ichiga qanday tashlayotganini tomosha qilib turardi. Quyosh ufq ortiga yashirindi.
Xonaga asta-sekin tun kirib kela boshladi, u ustun va er-xotinni yamlagancha o‘zining tundek qora sharobi bilan xona shiftigacha limmo-lim to‘ldi. Faqat kumushrang olov ularning yuzlarini g‘ira-shira yoritib turardi.
Ayol yana g‘alati qo‘shiqni kuylay boshladi.
Er o‘rnidan sapchib turdi-da, g‘azab bilan eshik tomon yo‘naldi.
Bir ozdan so‘ng er kechlik ovqatni o‘zi tanovul qildi.
Stoldan turdi-da, kerishdi, xotiniga qaradi va esnab turib taklif kiritdi:
— Olov qushlarga minib shaharda bir chigilyozdi qilib kelmaymizmi?
— Jiddiy aytayapsanmi? — so‘radi xotin, — isitmang yo‘qmi?
— Buning nimasiga ajablanasan?
— Axir biz yarim yildan beri hech qayoqqa borganimiz yo‘q-ku?
— Bu ham chakki fikr emas.
O’zidan hayron bo‘lganicha ayol eriga qaradi. Ensasi qotib, qo‘lini og‘ziga olib bordi. Quyosh
botmoqda edi. Atrofni qorong‘ilik qoplagan sayin xuddi ulkan gul kabi uy yopilib borar edi. Ustunlar oralig‘ida shabada esdi, olov stolda bir mittigina kumushrang olov ko‘lchasi qaynar edi. Shamol missis K.ning qizg‘ish sochlarini taragancha, uning qulog‘iga nimalaridir shivirlar edi. Oltinrang xira nigohini ufqqa, dengizning oqish-sarg‘ish yuziga tikkancha u jimgina turar edi. Shunda xotirasida qandaydir qo‘shiq satrlari jonlandi:
Nigohimda qadah sunarman, Ishqingga shul erur javobim,
— deya ayol past va mayin ovozda xirgoyi qila boshladi.
4


Lablarimdan may simir, jonim, O’zga maydan gapirma zinhor.
Missis K. takror xirgoyi qildi. Biroq endi so‘zlarsiz, ko‘zlarini yumib kuyladi, qo‘llari esa bamisoli havoda raqs tushar edi. Oxiri u jim bo‘lib qoldi.
Kuy chindan ham ajoyib edi.
— Bu qo‘shiqni endi eshitayapman. Sen o‘zing to‘qidingmi? — jiddiy ohangda so‘radi eri undan, sinovchan boqib.
— Yo‘q... Ha... To‘g‘risi, bilmayman! — Ayol sarosimada edi. — Men so‘zlarini ham bilmayman — allaqanday begona tildagi qo‘shiq edi.
— Qanaqa tilda?
— Bugun quyosh qayoqdan chiqdi?
— Kel endi, — qo‘l siltab dedi er. — Borasanmi-yo‘qmi, shuni ayt.
Ayol oqishtob cho‘lga razm soldi. Ikki oppoq oy ufq ortidan ko‘tarilib chiqdi. Muzdek suv oyoq
panjalarini silar edi. Uning badani yengil jimirlab ketdi. Hammadan ham ayol shu yerda qolishni, churq etmay bir joyda jim o‘tirishni xohlar edi, u kuni bilan o‘ylagan narsasining, — sodir bo‘lishi lozim va sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan narsaning amalga oshishini kutmoqda edi... Qo‘shiqning nafis ohangidan yuragi hapriqib ketdi.
— Men...
— Senga yaxshi bo‘ladi, — dedi eri. — Qani, ketdik.
— Men charchadim, — javob berdi xotini, — boshqa safar boramiz.
— Mana bu sharfing, — er unga shisha idishchani tutdi. — Necha oydirki, ikkalamiz hech yerga
chiqqanimiz yo‘q.
— Sening haftasiga ikki martadan Ksi-Sitiga qilgan safarlaringni hisobga olmaganda, — dedi u
eriga, undan ko‘zini olib qochgancha.
— Ish bor, — dedi eri.
— Ish bor, — shivirladi ayol.
Shisha idishchadan suyuqlik otilib chiqdi. Moviy zulmatga aylandi-da, ayolning bo‘yni atrofidan
vishillab aylanib doira yasadi.
Tep-tekis, muzdek qum uzra, xuddi laqqa cho‘g‘dek charaqlab, olov qushlar muntazir edi.
Qushlarga ko‘plab yashil tasmalar bilan bog‘lab qo‘yilgan oppoq chodir tungi shamol epkinidan qappayib hilpirardi.
Illa chodir ostida yotardi, erining buyrug‘i bilan olov ufurgan qushlar tim qora osmonga ko‘tarildi. Tasmalar taranglashdi, chodir havoda suzib borardi. Qumlar shuvullagancha pastga to‘kildi. Moviy tepaliklar ularning uyini yomg‘irli ustunlarni, qafasdagi gullarni, kuylovchi kitoblarni, yerdagi unsiz, irmoqlarni orqada qoldirgancha shundoq yonginalaridan bir-bir o‘tib borar edi. Ayol eriga qaramasdi. Erining qushlarga qarab qichqirishlarini eshitib turardi. Qushlar esa tobora ko‘tarilib borar, shu parvozda ular bamisoli laqqa cho‘g‘lardek qip-qizil mushaklarga o‘xshab krinar edi.
Ayol pastda miltirab ko‘rinib turgan qadimgi o‘lik shaharlarga, xuddi suyakdan yasalgan shatranj donalari kabi uylarga qaramasdi, bo‘shliq va ermaklarga limmo-lim qadimgi anhorlar ham uning uchun bir pul edi. Bamisoli oy nuriday porloq mash’al kabi ular qurib qolgan daryolar va suvsiz ko‘llar ustidan uchib o‘tmoqda edilar.
Ayol faqat osmonga qarar edi. Er nimadir dedi.
Ayolning ko‘zi osmonda.
— Nima deganini eshitdingmi? — Nimani?
Er qattiq xo‘rsindi.
— Sal hushingni yig‘sang bo‘larmidi...
5


— O’yga cho‘mib qolibman.
— Tabiatga bunchalik shaydoligingni bilmas ekanman. Bugun ko‘zingni osmondan sira ololmayapsan.
— Osmon juda ham chiroyli.
— Bilasanmi, men nima haqda o‘yladim, — asta davom etdi er, — bugun Xallga telefon qilmaymizmi? Bir haftaga kelyapmiz deb aytamiz. Undan ko‘p emas. To‘g‘rim sizlarnikiga. Moviy tog‘larga borayapmiz, deymiz. Qalay, zo‘r fikrmi?
— Moviy tog‘larga! — Ayol bir qo‘li bilan chodir chekkasidan tutdi-da, eri tomon keskin o‘girildi.
— Bu taklif, xolos.
— Xo‘sh, qachon bormoqchisan? — asabiy so‘radi ayol.
— Yo‘q demasang, ertaga ertalaboq jo‘naymiz, —shoshib javob berdi er. — O’zing bilasan, qancha
tez boshlasang, shuncha...
— Axir biz hech qachon bunday erta chiqib ketmagandik-ku?
— Bu yil shu istisno bo‘ladi, — er jilmaydi. — Holatni o‘zgartirib turganga nima yetsin. Osuda, tinch
yashash qanday yaxshi. Xullas, o‘zingdan qolar gap yo‘q. Yanglishmasam boshqa rejalaring yo‘qdir, a ? Qalay, boramizmi?
Ayol xo‘rsindi, chaynaldi, so‘ng dedi:
— Yo‘q.
— Nima?! — erning ovozidan qushlar cho‘chib tushdi, chodir bir silkindi.
— Yo‘q, — qat’iy dedi ayol, — men bormayman.
Er ayolga qaradi. Masala hal bo‘lgan edi. Ayol orqaga o‘girildi. Qushlar uchishda davom etdi.
Shamol quvgan o‘n ming burchak tezligida. Tongda quyosh billur ustunlar orasidan o‘z nurlarini sochgancha uxlab yotgan Illa ustidagi tumanni haydab yubordi. Tun bo‘yi ayol yumshoq bulut to‘shagi uzra suzgandek yerda parvoz qilib chiqdi. Tuman esa Illa yostiqqa bosh qo‘ygan zahoti devorlardan oqib tushgan edi. Tun bo‘yi ayol mana shu harakatsiz daryo uzra dong qotib uxladi. Endi bulut g‘oyib bo‘lmoqda va nihoyat daryo Illani bedorlik sohilida qoldirgancha uyquni urardi.
Ayol ko‘zini ochdi.
Uning boshida eri turardi. Eri bu yerda bir necha soatdan beri turgandek bo‘lib ko‘rinmoqda edi. Nimagadir Illa erining ko‘ziga qarashga botinolmayotgandi.
— Yana shu tushni ko‘rdingmi? — dedi u. — Tinmay uyqingda gapiraverib, meni mijja qoqtirmading. Vrachga ko‘rinmasang bo‘lmaydi.
— Menga hech narsa bo‘lgani yo‘q.
— Uyqingda rosa alahsiraganing-chi,
— Shunaqami? — Ayol shoshib turib o‘tirdi.
Xona ichi sovuq edi. Tonggi g‘ira-shira yorug‘likda Illaning qomati namoyon bo‘ldi.
— Nima tush ko‘rding?
Ayol eslashga harakat qilib sukut saqladi.
— Kema. U yana osmondan tushdi, undan baland bo‘yli odam chiqib keldi va men bilan gaplasha
boshladi. U bir gapirib o‘n kular, bu esa menga yoqardi.
Mister K. qo‘li bilan ustunni turtdi. Hovur qoplagan iliq suv jilg‘alari xonadagi sovuqni haydab
chiqarmoqda edi. Mister K.ning chehrasi ma’nosiz edi.
— Keyin esa, — davom etdi ayol, — Nataniel York ismli bu g‘alati erkak, siz go‘zalsiz dedi va meni
o‘pib oldi.
— Xah! — qichqirdi er va orqaga o‘girildi.
— Bu bor-yo‘g‘i tush-ku, — dedi ayol o‘zicha xursand bo‘lib.
— Ahmoqona ayolcha tushlarni so‘zlashni qachon bas qilasan?
— Xuddi bolaga o‘xshaysan-a! — U so‘nggi bir parcha kimyoviy tumanga o‘zini tashladi. Zum
o‘tmay ayol asta kulib qo‘ydi.
— Men yana nimanidir eslay boshladim, — Iqror bo‘ldi ayol.
6


— Xo‘sh, xo‘sh, nima ekan? — qichqirdi er.
— Ill, shunaqangi injiqsanki...
— Bo‘l, gapir, — talab qildi er. — Sen mendan hech narsani sir tutishing mumkin emas.
Er ayolning boshi uzra o‘zining sovuq, tund chehrasi bilan unga qarab turardi.
— Men seni hech qachon bunday holda ko‘rmagandim, — javob berdi Illa, uni ham qo‘rqinch, ham
zavq tuyg‘usi qamrab olgandi. — Hech bunaqasi bo‘lmagandi, o‘sha Nataniel York aytdiki... Xullas, u menga aytdiki, meni o‘zining sayyorasiga olib borar ekan. Albatta, bu bo‘lmagan gap.
— Hamma gap shunda-da, bo‘lmagan gap. — Deyarli ovozi boricha qichqirib dedi er. — O’zingni sal naridan turib bir eshitib ko‘rganingda edi: u bilan birga o‘ynaganingni, u bilan gaplashganingni, u bilan qo‘shiq aytganingni, tun bo‘yi shunday qilganingni, ey xudoyim, bir o‘zingga razm solib qaraganingda bormi?
— Ill!
— U qachon qo‘nadi? La’nati kemasida qachon pastga tushib keladi?
— Ill, ovozingni ko‘tarmasang-chi.
— Padariga la’nat bu ovozning! — er g‘azab ichida ayol uzra engashdi. — Manovi sening
tushingda... — u ayolning panjasini siqdi. — Kema yashil vodiyga qo‘ngandir-a? Javob ber! — Ha, vodiyga...
— Bugun kechga yaqin ko‘ngandir-da? — tinib-tinchimayotgandi er.
— Ha, ha, shunaqa bo‘lsa kerak. Lekin bu faqat tush edi, xolos.
— Bo‘pti. — Er jahl bilan uning qo‘lini siltadi. — Yaxshiyamki aldamaysan, tushingda aytgan hamma gaplaringni eshitdim. Har bir so‘zigacha, vodiyni ham, vaqtni ham o‘zing aytding.
Og‘ir-og‘ir nafas olgancha er chaqmoqdan ko‘zi qamashgandek ustunlar oralab yurib ketdi. Asta- sekin uning nafas olishi ravonlashdi. Ayol eridan ko‘z uzmas edi — ishqilib jinni-pinni bo‘lib qolmadimikan? Oxiri ayol o‘rnidan turdi-da, uning oldiga bordi.
— Ill, — shivirladi ayol.
— Hechqisi yo‘q, hechqisi yo‘q...
— Sen kasalsan.
— Yo‘q, — er horg‘in, zo‘r-bazo‘r jilmaydi. — Bolalikdan boshqa hech narsa emas. Meni kechir,
azizam. — U ayolni qo‘polgina silab qo‘ydi. — O’zimdan o‘tdi, kechir. Bo‘pti, men borib yotay...
— Juda o‘zingni urintirib qo‘yding.
— Endi hammasi joyida. O’tib ketdi. — Er uh tortib qo‘ydi. — Kel, bularni unutaylik. Ha, men kecha
Uell haqida bir latifa eshitgandim. Shuni senga aytib bermoqchi edim. Sen nonushta tayyorlayver, men senga latifani aytib beraman, mana bu haqda esa boshqa gaplashmaymiz.
— Bu bor-yo‘g‘i tush edi, xolos.
— Bo‘lmasa-chi. — Er beixtiyor uning yuzidan o‘pdi. — Bor-yo‘g‘i tush edi, xolos.
Tushga kelib oftob battar kuydira boshladi, tog‘lar bamisoli uning hovurida suzmoqda edi.
— Shaharga bormaysanmi? — so‘radi Illa.
— Shaharga? — er qoshini xiyol ko‘tardi.
— Sen har doim shu kuni ketasan, — ayol taglik ustidagi gullarni to‘g‘riladi. Gullar harakatga kelib,
katta-katta sariq og‘izlarini ochdi.
Er kitobni yopdi.
— Yo‘q, haddan tashqari issiq. Buning ustiga, kech bo‘ldi.
— Shunaqa de, — ayol ishni tugatdi-da, eshik tomonga bordi, — men darrov qaytaman. — To‘xta, qayoqqa?
Ayol eshikka yetib bo‘lgan edi.
— Paoning oldiga. U meni taklif qilgan edi.
— Bugunmi?
— Uni ko‘rmaganimga yuz yil bo‘ldi.
— Uzoq emas-ku. Yashil vodiyda, agar yanglishmasam, shundaymi?
7