Chanqoqlar qondirilgach, ular yashash joylariga kirishdi, vagonning girdi aylantirilib, kichkinagina sim karavotlar qo‘yilgan, ularning ustiga lattasi yirtilib, kir uvada paxtalari to‘zg‘ib yotgan ko‘rpalar to‘shalgan edi. Ishboshi kutilmagan zaruratlar uchun bo‘sh chelak qo‘yib, ularning ustidan qulflab ketdi.
– “Nohaq qamaldim”, deganlarini ko‘p eshitganman. Ammo men, o‘rtoqlar, haq qamaldim, – dedi ish boshlaganlaridan beri churq etib og‘iz ochmagan xushro‘ygina juvon.
Hamma unga hayron bo‘lib qaradi.
– Binoyiday ishim bor edi, hamshiralar ko‘payib ketib, navbatchiliklarim kamayib ketdi, dedim. Lekin uyda bo‘lsam ham mahalladoshlarim bir daqiqa tinch qo‘yishmasdi. “Bolam kasal”, “Onam kasal, bir ukol qilib bering”. Hech kim quruq qo‘ymas edi: ham rahmat aytar edi, ham “qo‘l haqi” deb qo‘yarda qo‘ymay, cho‘ntagimga pul tiqishardi. Men bo‘lsa, hech to‘ymadim, ko‘proq, yana ko‘proq bo‘lishini istadim. Momoginam Xudoning zorini qildi: “Hoy, bolam. Bizda ilgari ayol kishining non izlab, ko‘chaga chiqishi or sanalgan, kim ko‘chaga chiqsa, falonchining qizi, falonchining ayoli, deb erkaklariga ta’na qilingan. Illo, ko‘chaga chiqib oylikchi bo‘lib yurishmagan. Oh, biz ham qo‘limizda o‘z pulimiz bo‘lsaydi, erkaklar qatori shu uydan bir uzilib chiqib, ishlab kelsak ekan, deb orzu qilar edik. Mana, o‘qiding, kasbing bor, ishlab yuribsan, eringdan ham ko‘proq pul topasan. Ering bechora “Xotinboy” deb og‘zingga qarab turadi. Senga nima yetmayapti o‘zi? Shunday chiroyli juvon begona ellarga borib, cho‘rilik qilib yurishdan or qilmaysanmi? Ular seni ko‘rib, hamma o‘zbek shunday beor, bechora ekan deb, hammamizning ustimizdan kulmaydimi?” dedi. “Ko‘zimga surtib o‘stirgan nevaramning allakimlarning eshigida xor-zor bo‘lib, bechora bo‘lib ishlab yurishidan or qilaman”, dedi. “Or qilsangiz, uyimni qayta qurib bering, mashina olib bering”, dedim. Endi o‘ylab qarasam, men noshukrlik bilan o‘zimni xor qilib, o‘zimga, kasbimga, meni yaxshi ko‘radigan bemorlarimga, qishloqdoshlarimga, momomga, bolalarimga xiyonat qilgan ekanman. Ilgari og‘ir jinoyatlar uchun o‘rislarning yurtiga surgun qilishgan. Mana, men ham o‘zimni surgundaman, deb hisoblayapman va o‘zimga o‘zim sen bundan ham og‘irroq jazoga munosibsan, deyapman.
– Siz sirayam hamshiraga o‘xshamaysiz, – dedi tor shimi va kindiklari ko‘rinib turadigan yengsiz, yoqasiz ko‘ylagi bilan hammaning g‘ashiga tekkan qiz.
– Nega? – hayron bo‘ldi hamshira.
– Siz ko‘proq o‘qituvchiga o‘xshaysiz. Bir muallimimiz bo‘lar edi: “Menga xiyonat qilsang ham o‘zingga, o‘zligingga, o‘zbek degan nomga xiyonat qilguvchi bo‘lma”, deb miyamizni qotirar edi. Maktabni tugatib, shundan qutuldim, deb yursam, Xudo bu yoqda sizni ro‘para qildi. E-e, Xudoyim- ey, och qoringa bunday balandparvoz gaplar nimaga kerak?
– Rostdan ham, onam ilon chaqqan uxlaydi, och odam uxlayolmaydi, der edi. Ochlik yomon narsa ekan.
– Hamma yog‘imga axlatlarning badbo‘y hidlari o‘rnashib qolgandek... – Uf-f!
Sim karavotlarning g‘ichir-g‘ichiri ancha vaqtgacha eshitilib yotdi. Qizlar uxlayolmayotgan edi, ammo baribir charchoq ochlikdan ham, xo‘rlikdan ham ustun keldimi, birin-ketin “oh”, “uf”lar to‘xtab, sokin pishillash va yakkam-dukkam xurraklar eshitila boshladi. Nozima qorni ochiqqanini umuman his etmas, nimagadir ko‘ngli aynir, qayt qilgisi kelardi: “Ha, hamshira qiz to‘g‘ri aytdi. U ham xiyonatkor. O‘ziga, bolalariga xiyonat qildi”. Shu yerlarda shunday yurguncha bolalarining yonida qaynonasining tuvagini to‘kib yurgani yaxshi emasmidi? Ko‘pincha ertalab va kechqurun qaynonasining tuvagini ko‘tarib chiqayotgan qaynotasiga duch kelib qolardi, lekin hech qachon “Bering, bobo, erkak boshingiz bilan tuvak ko‘tarib yurasizmi?” deb, uning qo‘lidan tuvakni olmagan. “Shuncha ishini qilganim kammi, endi tuvagini ham ko‘tarib yurishim kerakmi?” der edi ichida. Endi!.. “Kuning qursin, Nozima!”
Nozima bolalikdan ikki qo‘lini juftlashtirib, chakkasiga qo‘yib, yonbosh yotishni yaxshi ko‘rar edi. Bugun esa qo‘llariga o‘rnab ketgan qo‘lansa hid nafasini siqar, hamma qatori chalqancha yotsa, uxlayolmas edi.
Ertalab hamma tushkun kayfiyatda ish joylariga tarqaldi. Nonushta haqida na savol, na talab, na taklif bo‘ldi, ammo kim bir quti pechenye, kim bir yelim xalta qotgan non, kim ochilmagan baliq konservasi topib, o‘zlaricha “uvolni bilmagan o‘rislarni” yomonlab-yomonlab, nonushta qilib olishdi. Bora-bora axlat mashinasi kelgach, shoshib, talashib yemak topib, bir-birlariga maqtanib yeyishga odatlanishdi. Bu joylarning yozi juda qisqa bo‘lar ekan, kuz boshlanishi bilan qishning zahri sezilib qoldi. Yengil-elpi kiyimda kelgan “mehmon”lar endi axlatlar ichidan o‘zlariga issiqroq ust-bosh izlay boshlashdi. Nozima ham o‘ziga binoyidek jemper, palto, issiq ishton va etikcha izlab topdi. Albatta, bu yerda ularni yuvishning iloji yo‘q edi. Topilganiga shukr qilib, yaxshilab qoqib-qoqib kiyib oldi.
Bir kun Beg‘amboy yoniga keldi: “Uydagilar tushimga kirib, hech uxlayolmayapman. Erkaklar o‘zaro maslahat qildik, Vladikning galini olib, haydovchisi shaharga ketgan kun o‘ldiramiz-da, qochamiz”.
Nozima qo‘rqib ketdi: “Mayli, qochaylik. Lekin kimnidir o‘ldirib, emas. Olti erkak nahot bir erkakni ushlab, oyoq-qo‘lini bog‘lab tashlayolmaysizlar? U bo‘shab olguncha, biz ketib bo‘lamiz”.
“Yo‘q, yigitlarning ko‘zi qonga to‘lgan, o‘ldiramiz, deyapti”.

“Qo‘ying, aka. Unday qilmanglar, jinoyat qilmasdangina shu yerlardan ketib olaylik. Erkaklarga o‘zingiz tushuntiring”.
Uning gapi Beg‘amboyga ma’qul tushdi.
Erkaklarni ham shunga ko‘ndiribdi.
Axlat uyumlari orasida qochish rejasi ishlab chiqildi, kuni belgilandi.
Qochiladigan kun choshgoh payti “demokrat” axlat titib yurib, “voy-voy”lagancha yiqilib qoldi. Ishlayotganlarning hammasi har yoqdan “yordam”ga yugurib bordi. “Demokrat” esa ko‘zini ochay demas, g‘ujanak bo‘lib olgancha, bor ovozi bilan dod solar edi. Kimdir “hovliqib” ishboshining yoniga yugurdi:“Yemu ochen ploxo. Skoriy nado vi’zvat!”. Kursisida o‘tirib, ularning harakatini kuzatayotgan ishboshining jahli chiqdi: “Kakoy skori’y tebe? V takoy dal skori’y ne vi’zovish. On ne bolen, a prosto yemu len. Seychas ya sam yego vi’lechu!”
U axlat uyumlarini oralab o‘tib, “demokrat”ning boshiga bordi. Yaltillab turgan etigining tumshug‘i bilan yelkasiga turtdi: “Ey!” “Demokrat” unga e’tibor ham qilmay, dodlayverdi. Ishboshi uning yoqasidan tortib, o‘ziga qaratmoqchi bo‘ldimi, engashib, yoqasiga qo‘l uzatgan edi, har doim Nozimaga o‘g‘riqarash qilib yuradigan polvon kelbat yigit bo‘yniga bir musht tushirdi. Ishboshi shilq etib, yerga quladi. Kimdir chaqqonlik bilan uning cho‘ntagidagi to‘pponchasini olib qo‘ydi, kimdir sumkasidan arqon chiqarib, oyoq-qo‘lini bog‘lab tashladi. “Demokrat” o‘rnidan sapchib turib, bog‘lanib yotgan ishboshini ayamay tepa boshladi. Unga boshqalar ham qo‘shildi. Hamshira esa chirillab ko‘zlari qonga to‘lgan erkaklarning atrofini aylanib yotardi: “Hoy, bo‘ldi! O‘ldirib qo‘yib, qamalib ketasizlar. Bu yerda sizlarni hech kim kechirmaydi. Bo‘ldi. Biron musor mashina kelib qolguncha tezroq qochaylik. Bo‘linglar, tez!”
Mashina kelish xavfi hammani hushyor torttirdi. Shusiz ham yuz-boshi qonga belangan ishboshini tashlab, yo‘lga chiqishdi: “Har kim o‘zicha yursin. Hammamiz birga yursak, shubhalanishadi”.
Har kim har xil yo‘lni tanladi: kim yo‘lning o‘ng tomonidan, kim chap tomonidan, kim dala yo‘lidan, kim o‘rmon oralab...
– Men katta yo‘ldan ketaman, dala yo‘l, o‘rmon menga to‘g‘ri kelmaydi, – dedi qizlardan biri, – hayvonlardan qo‘rqaman.
– Menga katta yo‘l kerak emas, men odamlardan ko‘rqaman, – dedi Nozima.
– Men ham siz bilan ketayin, men yolg‘iz yurishga qo‘rqaman, – iltimos qildi hamshira.

Ular axlat uyumlari oralab, ortga qaytishdi. Ancha yo‘l bosishgach, ko‘p qavatli uylar ko‘rina boshladi. Ikki “hamkasb” suyunib ketdi. Shahar tortgan barcha azoblariga xotima bo‘lib ko‘rindi, lekin ular juda holdan toygan, ochiqqan edilar. Olisdan cherkovning tilla suvi yuritilgan qubbalarini ko‘rib, yana sevinishdi. Axir u yerdan Xudo yo‘liga nimadir undirish mumkin-da. Aylanma ko‘chalar bilan cherkovga yetib borguncha ikkalasining ham tinka-madori quridi. Qator-qator yog‘och o‘rindiqlarga to‘la hashamatli cherkov kimsasiz huvillab yotardi. Ular ichkariga kirib, nima qilishlarini bilmay, katta sahnning o‘rtasida hayron turib qolishdi. Anchadan so‘ng qaysidir burchakdan qop-qora libos kiygan salobatli bir kishi chiqib keldi. Hamshira Nozimani turtdi: “Siz gapiring, ruschani mendan ko‘ra yaxshi bilasiz”.
Nozima ham bilganicha tushuntirdi: “Ish axtarib topa olmadik. Endi uyga ketmoqchimiz. Ochmiz, pulimiz yo‘q. Bizga yordam bering”.
Ruhoniy ularga bir zum tikilib turdi-da, so‘ng cho‘qindi: “Sizga Alloh yordam bersin, bolalarim mening. Ikki ko‘cha narida sizlarning machitlaringiz bor, o‘sha yerga borib, chin ko‘ngildan so‘rasangiz, balki mushkullaringiz oson bo‘lar”.
Ikkalasi oyoqlarining terisini shilib tashlagan poyafzallarini yechib olib, ko‘rsatilgan tomonga yugurib ketishdi. Kiraverishda hojatxona va tahoratxona bor ekan. Ular sumkalaridan yengilroq poyafzal olib kiyishdi va obdon tahorat qilib, machitning ichiga kirishdi. Ichkarida, xonaning girdini aylantirib qo‘yilgan o‘rindiqlarda yetti-sakkiz chog‘li kishi o‘tirar, to‘rda o‘tirgan o‘rta yoshlardagi soqolli kishi Qur’on tilovat qilar edi. Qizlar bir chetga o‘tib, tilovat tugashini kutishdi, so‘ng yuzlariga fotiha tortib, xona ustunlaridan birining panasiga o‘tib, ikki rakaatdan namoz o‘qishdi. Ular ibodatni tugatishganda machitni to‘ldirib o‘tirgan ziyoratchilar tashqariga chiqib ketishgan, imom tasbeh o‘girib yolg‘iz o‘tirar edi. Ularning salomiga ham ovozsiz bosh irg‘ab qo‘ya qoldi. Negadir shu odam Nozimaning ko‘zlariga avliyolarga o‘xshab ko‘rinib ketdi, u beixtiyor imomning qarshisida tiz cho‘kib, yig‘lab yubordi:
– Bizga yordam bering, biz xato qildik, adashdik. Endi uyga qaytishga pulimiz yo‘q. Imom kutilmaganda boshini ko‘tardi, barmoqlari tasbeh aylantirishdan to‘xtadi:
– Uyga ketmoqchimisiz?
– Ha... – yig‘lashda davom etdi Nozima.
– Yuguring, hovlidagi odamlarni qaytarib keling, – dedi u sherigining kutilmagan holatidan anqayib turgan hamshiraga. – Boring, boring, ularning mashinasida joy bo‘lishi kerak.

Ular buxoroliklar ekan, garchi charchab, holdan toygan uvada qizlarga yoqtirmay nazar tashlagan bo‘lishsa-da, imomning iltimosini yerda qoldirishmadi.
– Xudo yo‘liga-da, inilar. Bular sizlarning singillaringiz, – dedi imom duo bergandan keyin ham.
– Oh, Buxoro! Axir Buxoro – bu O‘zbekiston-ku, O‘zbekiston esa qadrdon uy!-hayajon bilan shivirladi Nozima. – Ha, uy! Uy! Allohga shukr.
Haqiqatan ham ularga Xudo qarashgan edi. Sheriklari juda saxovatli, taqvodor kishilar ekan. Butun yo‘l davomida ularni ovqatlantirib, hol-ahvol so‘rab kelishdi. Buxoroga kelishgach, o‘rtadan pul chiqarib, uylariga olib boradigan mashinaga solib yuborishdi.
U uyga kelib, bir hafta yotdi, turmadi, turolmadi. Bir haftadan so‘ng saharmardondan turib, chiroyli kiyimlarini kiydi, biroz pardoz ham qildi, ammo oynadagi aksi o‘ziga yoqmadi, ranglari juda so‘lg‘in, ko‘zlari mungli ko‘rindi.
Rang ko‘r, hol so‘r. Iris xola shuncha kundan buyon qizidan bir og‘iz ham gap so‘ramadi. Uning kiyinib, pardoz-andoz qilayotganini ko‘rib, biroz ko‘ngli yorishdi.
– Ha, bolam?
Nozima yerga qaradi, nimagadir xijolat tortdi.
– Bolalarni ko‘rgani bormoqchi edim, – dedi anchadan so‘ng, uning ovozi titrab turardi. – Ona, besh-olti so‘m pul bering, bolalarimga biron narsa olay, – u pastki lablarini tishlab oldi, lekin ko‘zlaridan duvillab yosh to‘kildi.
Iris xola qizining yelkalaridan quchdi:
– Yig‘lama, bolam.
– Ona, meni ularning uvoli urdi!..
– Unday dema, bolam. Har qanday ota-ona ham bolasiga to‘g‘ri bo‘l, deb urishadi, uradi. – Yo‘q, ona...
Iris xola qizining oldiga bir taxlam pul qo‘ydi:
– Ular kampir bilan adirdagi uylarida yashashayotgan ekan.

– Yaxshi.
U g‘alati ahvolda edi. Miyasi go‘yo muzlab qolganday karaxt, na yurgan yo‘lida, na ko‘rayotgan narsalarida ma’no yo‘q edi. Markazdagi o‘yinchoq do‘koniga kirdi, qiziga qo‘ng‘iroqchali chiroyli sumkacha oldi, o‘g‘liga nima olishni bilmay, uzoq ikkilandi. Uning nimalarga qiziqishini bilmasdi. Buning ustiga endi maktabga borayotgan bo‘lsa, unga o‘yinchoq kerak ham emasdir. O‘ylab-o‘ylab, magnitli taxtachaga yopishtirib, har xil shakllar yasash mumkin bo‘lgan mozaika oldi: “Otasi shunday narsalarga qiziqar edi”. Olgan narsalariga qarab turib, bolalarini juda ham sog‘inib ketganini his qildi, ularni tezroq ko‘rgisi keldi. Nozima kelin bo‘lib tushgan yillari uydagilar bilan adirdagi uyga goh olma tergani, goh xurmo tergani, goh shunchaki yozilib, dam olgani bir necha marta borgan edi. Adashmay topib borishiga ko‘zi yetib turgan bo‘lsa-da, ich-ichidan nimadir uzilib, oyoq-qo‘lidan joni chiqib borayotgandek, tobora bemador bo‘lib borardi. Qaynonasi-ku, nima desayam, gapirib-gapirib, “kelib yaxshi qipsan, bolalaring sog‘ingan edi”, deydi. Bu kampirning nari yog‘ligi ham, beri yog‘ligi ham bor. U kechirimli. Lekin qaynotasi hech narsa demaydi. Ana shu “hech narsa demaydigan” qaynotaga yuzma-yuz bo‘lish hammasidan qiyin.
Taksi haydovchi rosa gapdon odam ekan.
– Ha-a, Robiya momoning qo‘rg‘onigami? Singlim, ancha ichkarilik ekan, picha qo‘shib berasiz, Bo‘ladimi?
– Bo‘ladi.
– Yashang! – haydovchi shalog‘i chiqib ketgan eski “Moskvich”ining eshigini “sharaq” etkizib yopdi. – Bu qo‘rg‘onning yo‘li juda notekis, shuning uchun mendan boshqa hech kim bormaydi. Lekin men, ishonsangiz, jon deb, mazza qilib boraman. Chunki bu qo‘rg‘onga hamisha mard odamlar boradi. Olloqul boboga-ku, gap yo‘q. Kampir hokim bilan gaplashib, yigirma besh gektar yer olibdi, desangiz. Hamma hayron, bu adirda lalmi bug‘doy bilan isiriqdan boshqa hech narsa bitmaydi, axir. Bular shu yigirma besh gektarni ag‘dartib, ming tup pista, ming tup bodom, yana qancha uzum ekdi. Bobo bu hovlisida ko‘chat yetishtirar ekan, hammasini o‘zim tashidim. “Bobo, bu pistalar hosilga kirishi uchun kamida o‘n besh yil vaqt kerak, ungacha kim bor, kim yo‘q”, desam, “O‘g‘lim, savobi-chi, savobi?” deydi. Suv chiqmagan joylarga chelaklab quyib chiqdi. “Bir tomir oldirsam bo‘ldi, keyin qor, yomg‘irning suvi bilan yashnab yotaveradi”, derdi. Bobosi tushmagur uddaladi. Qoyil! Momoyam juda o‘tkir kampir. Sal bo‘lsa, telefon qilib, “Safarboy, bizga to‘rt yigit kerak, bobongiz charchab qoldi” deydi. Ko‘chada nima ko‘p, bekorchi yigit ko‘p, zing‘illatib to‘rttasini olib boraman. Bechoralar minnatdor bo‘lib qolishadi. Shu ko‘chatlarning orasiga bug‘doy ekishdi, zig‘ir ekishdi. Ham daromad, ham buromad deganday. Ishonsangiz, ko‘chatlar bexato olgan, yam-yashil bo‘lib yashnab yotibdi. Qoyil qoldim, desangiz. Siz o‘zi Robiya momoning kimi bo‘lasiz?
– Jiyani... – yerga qaradi Nozima.

– Bolalarigayam gap yo‘q. Biri ketsa, biri kelaveradi. Hammasi tanish bo‘lib qolgan. Stoyankaga kelishlari bilan meni izlashadi, “Safar aka bormi?” deb, xuddi Safar akadan bo‘lak taksi yo‘qday. Yonimdagilarning ichi kuyib qoladi, desangiz. Bir xil paytlari taksidan kechib, shu adirlarga ko‘chib kelgim keladi. Kengliklarga qarasangiz, ko‘nglingiz kengayib ketganday bo‘ladi. Ammo bu joylarda yashash, non topish uchun boshingda Robiya kampirday bir boshchi kerak. Ko‘p emas, ikki yillarda har yili bir mashinaning pulini topishsa kerak. Pistalar hosilga kirsa-ku, pulning tagida qolishadi. Lekin bizning xotinga bunday tashvishlar yoqmaydi, u kishiga shahar kerak, bozor, do‘kon yonida bo‘lsa...
Adir ustidagi uy, ming qo‘yli Murodalining qo‘rg‘onidek yam-yashil chorbog‘ o‘rtasida viqor bilan qad kerib turardi. Safarboy Nozimaning “hay-hay”lashiga qaramay mashinasini hovli ichkarisigacha haydab bordi. Nozima supada o‘tirgan qaynotasi bilan qaynonasining oldida juda xijolat bo‘ldi: “Obbo-o!”
Mashina to‘xtagach, Safarboy Nozimaga ham qaramasdan mezbonlarning yoniga o‘tdi: “Momo-o, mana sizga yordamchi olib keldim”. Ular bir Safarboyga, bir Nozimaga qarab, hangu mang, so‘zsiz qotib qolishdi. Har ikkalasi bu uchrashuv qachondir yuz berishini bilsalar-da, ammo shunchalar tez, shu holatda, shu kun bo‘lishini, uni Safarboy o‘zining shaldiroq aravasida olib kelishini sira kutmagan edi. Yana... Nozima shu qadar ma’yus, shu qadar mungli ediki, undan nafratlanish, “senga endi bola kerak bo‘lib qoldimi?” deb quvib solishning hech iloji yo‘q edi. Birinchi bo‘lib kampir o‘rnidan turdi. Qo‘ltiqtayoqlarini qo‘ltig‘iga tirab, mashina oldida mung‘ayibgina turgan Nozimaga quchog‘ini ochdi:
– Kelaver, bolam. Safarboy, ko‘rpachaga o‘ting.
– Yo‘, yo‘q, men boray. Hali stayankada qancha odam Robiya momoning qo‘rg‘oniga boraman, deb meni izlab yurgandir.
– Assalomu alaykum.
Nozima supaning yoniga kelib salom berdi. Ming xijolat bilan qaynonasining yelkasidan oldi, dimog‘iga urilgan tanish qalampir munchoq hididan boshi aylanib ketdi, tomog‘iga nimadir tiqildi. Qaynonasi begona bilan ko‘rishayotgandek nomigagina bag‘riga olgan bo‘ldi, sekingina yelkalariga qoqib qo‘ydi, so‘ng ko‘rpachaga taklif qildi:
– Ko‘rpachaga o‘t.
Olloqul bobo indamadi.
Bu orada eski mashinaning “pat-pat”lashini eshitgan bolalar ichkaridan yugurib chiqishdi:

– Voy, ona-am! Ona-ajon-on! – Noila oyog‘iga ham kiymasdan Nozimaning quchog‘iga otildi. Nozima qizining jajjigina vujudini bag‘riga olar ekan, ko‘zlaridan tirqirab yosh chiqib ketdi:
– Bolajonim, bolajonginam!-shashqator yoshlar orasidan ostonada eshikka suyanib turgan Sanjarni ko‘rdi. Qizini yerga qo‘ymasdan unga qarab yurdi. Ostonaga yetganda, Noilani ko‘targan holda, o‘g‘lining yoniga cho‘nqanib o‘tirmoqchi bo‘ldi, ammo negadir munkib ketdi va yiqilib ketmaslik uchun tizzalab oldi:
– Bolam, bolajonim!
Sanjarning ham ko‘zlari to‘la yosh edi. U lablarini tishlab, yuzini burdi. Nozima emranib, uni ham bag‘riga oldi, quchog‘i to‘lib ketdi:
– Bolajonim! Bolajonlarim! Men sizlarsiz o‘lib qolaman!
Sanjar uning bo‘ynidan qattiq quchoqlab oldi-da, ho‘ngrab yig‘lab yubordi:
– O-ona-a! Ona-ajo-on!
Keyin vaqt juda tez o‘tdi. Nozima bolalarining izmidan chiqa olmay qoldi:
– Ona, yuring, mening xonamni ko‘ring.
– Ona, mening akvariumim bor, baliqlarimni ko‘ring.
– Ona, endi ketmaysizmi? Biz bilan shu yerda yashang. Sizsiz judayam zerikayapmiz. Ketmaysiz- a?...
Nozima uy egalaridan qanchalar xijolat tortayotgan bo‘lmasin, bolalarining yonida bo‘lgani uchunmi, qaynonasining kechirimliligiga ishongani tufaylimi, onasining uyidan topa olmagan xotirjamlik va halovatni shu yerda topganday edi. Xuddi oradan hech narsa o‘tmaganday, qaynonasining eski bir ko‘ylagini kiyib olib, belini mahkam bog‘ladi-da, uylarni yig‘ishtirdi, hovlini tozaladi, kir yuvdi. Muzlatkichdagi lahm go‘sht bilan dumbani ko‘rib, ikki zuvalagina manti qilib tashladi: “Qaribop, yumshoqqina”. Mantini ko‘rib, bolalar qiyqirib yuborishdi: “Ur-re, manti!” Noila esa onasiga tort buyurtma qildi: “Endi tort pishirib bering”.
Kun kech bo‘lib qolgan edi. Unga iltijo bilan tikilib turgan qizchasiga qarab, ko‘ngli buzilib ketdi. “Nachora. Birovning uyi, u ketishi kerak”.
– Bolam, boshqa safar tort qilib beraman. Endi men ketishim kerak.

– Nega ketasiz? Ketmang. Momo, onamga ayting, ketmasin.
Robiya kampir bir nevarasiga, bir Nozimaga qaradi.
– Zarur ishing bo‘lmasa, qol. Bularga bir tort qilib ber. Tuxum bor, qaymoq bor.
– Onamga qo‘ng‘iroq qilib qo‘yishim kerak-da. Xavotir olishadi.
Robiya kampir cho‘ntagidan yaltillab turgan qo‘l telefoning chiqarib, unga uzatdi.
“Bu kampir balo!”
Tort pishgandan so‘ng Nozima, Noila bilan Gulzorning yonida yotadigan bo‘ldi. Sanjar esa odatdagidek momosining yonida qoldi.
Robiya kampir shu kun biron ishga qo‘l urmagan bo‘lsa ham juda charchadi. Hech kim indamasa, ko‘zlarini yumsa-yu, uxlab qolsa! Ayniqsa Sanjarga ertak aytishga sira holi yo‘q edi. Sanjar ham charchagan, qaniydi shu bugun ertak so‘ramasa edi.
– M-momo!
– Ha, bolam? – ertak aytmaslik uchun bahona izlab, ovoz berdi u. – M-momo, bir narsa so‘rasam, xafa bo‘lmaysizmi?
– So‘ra, bolam.
– Rostdan ham xafa bo‘lmaysizmi?
– Sendan hech qachon xafa bo‘lmayman bolam, so‘rayver.
– Momo... Men ham onamning oldiga borib yotsam maylimi?
Momo juda g‘alati bo‘lib ketdi. Bo‘g‘ziga nimadir tiqildi. Beixtiyor nevarasini qattiq bag‘riga bosdi. U qizg‘anayotgan edi, ammo shu lahzada o‘zidan uyalib ketdi: “Hoy, kimni kimdan qizg‘anayapsan? Bolani o‘z onasidan qizg‘anayapsanmi?”
– Mayli, bolam. Bor, bora qol. Sanjar momosining yuzidan o‘pdi:

– Faqat bir kechaga. Ertaga yana siz bilan yotaman. Siz qo‘rqmaysizmi? Sizning oldingizga Gulzor opamni yuboraymi?
– Mayli, bolam. Yubora qol.
Sanjar xonadan uchib chiqib ketdi: “Onasi-da!..”
Nozima juda erta uyg‘ondi. Ikki yonida yotgan bolalarini yuraklari orziqib o‘pdi, yelkalarini siladi, so‘ng asta sirg‘alib pastga tushdi. Jim-jit hovlida muzdek musaffo havo qalqib turar edi. Uyning ortiga o‘tib, Safarboy maqtagan pistazor-u, bodomzorlarga qaradi. Tuya o‘rkachidek past-baland adirliklar ustida daftar chizig‘idek bir tekis qilib ekilgan ko‘chatlarni qoplagan barglar erta-indin bu joylar gurkiragan bog‘ bo‘lishidan darak berib turardi. Ohistagina yerga cho‘kkaladi. Dimog‘iga namxush tuproq hidi aralash allaqanday yovvoyi gullarning yoqimli hidi urildi. Qayerdadir to‘rg‘ay sayradi, ot kishnadi. Hamisha ot kishnashini eshitganda beadog‘ kengliklar ko‘z o‘ngida namoyon bo‘ladi, yuragi kengayib ketgandek, vujudida bir betakror halovat his etadi. Hozir ham shunday bo‘ldi. Adirlar ortidagi osmon bilan tutashib turgan tog‘larga, qarshisida yastanib yotgan qir- adirlarga, oyoqlari ostida g‘imirlab yurgan chumolilarga xuddi so‘nggi bor ko‘rayotgandek yuraklari orziqib tikildi. Ancha o‘tib, hovlidan qaynotasining tomoq qirgani eshitildi. O‘rnidan turib, hovliga o‘tdi. Qaynotasi qo‘ylar yotadigan qo‘raning eshigini ochayotgan ekan, borib salom berdi, qo‘ylar pastga enib ketguncha, polizga oralab ketmasin, deb, ekinzor tomonni to‘sib turdi. Shundayam bobo hech narsa demadi, na salomiga alik oldi, na biron so‘z aytdi. Uning xo‘rligi keldi. Indamay oshxonaning ortida yotgan supurgini olib hovlini supurdi. Choy qo‘ydi. Kechqurun qaynonasi ko‘rsatgan sigirni sog‘ib, sutini pishirdi. Bolalarining turishiga deb, yumshoqqina sutli shavla osib qo‘ydi, so‘ng qaynonasining yoniga kirdi. Robiya kampir allaqachon turib, ichkarida tahoratini olib, namozini ham o‘qib bo‘lgan, televizorini sekingina qo‘ygancha, qandaydir kinoni tomosha qilib o‘tirgan edi. Nozima kirgach, Gulzorni turg‘izdi.
– Kel, o‘tir, – dedi Nozimaga sovuqqina qilib.
Nozima biroz o‘ng‘aysizlanib, Gulzorning joyini to‘g‘irlagan bo‘ldi-da, karavotining bir chetiga o‘tirdi: – Choy qildim. Qayerga dasturxon qilay, deyayotgan edim...
– Bolalar turishsin-chi... Sen... qancha vaqtga kelding?
Nozima yerga qaradi:
– Men... endi ketmayman.
– Nega?

– Bolalarimni sog‘indim, – boshqa hech qanday javob kampirning ko‘nglini yumshata olmas edi, shu lahzada kampirning ko‘ziga yaxshi ko‘ringisi kelib ketdi.
– Shundaymi?
– Xola, men juda ko‘p xatolar qildim, ishoning, birini bilib, birini bilmay qildim. Qaysar, ahmoq fe’lim bilan sizning ham dilingizga ko‘p ozor berdim, bolalarimni ham qiynab qo‘ydim. Mana, o‘zim ham boshi berk ko‘chaga kirib qoldim. Na uyim bor, na ishim bor. Sizga bolalarimni bering ham deya olmayman, uysiz, pulsiz ularni qayerga olib boraman? Ularni shuncha azobga qo‘yganim ham yetar. Siz menga ko‘p yaxshiliklar qildingiz, bolalarimga onalik qilayapsiz. Faqat mening bolalarim uchun issiq uyingizdan kechib, shu adirlarda yashab yuribsiz. Men o‘zimni o‘ylab, chet ellarga ketdim, siz mening bolalarim uchun yarimta joningizga jabr qildingiz. Sizning oldingizda uyatliman, qarzdorman. Bir umr eshigingizda cho‘rilik qilsam ham qarzimni uza olmasam kerak. Hammasi uchun rahmat.
Bu Robiya kampir uchun butunlay kutilmagan tazarru edi. Kampir avvaliga Nozimaga hayron- hayron qaradi. Qarshisida o‘tirib, tavba qilayotgan juvon o‘sha o‘zi bilgan Nozima ekanligiga sira ishongisi kelmas edi. Ammo eshitayotganlari shu qadar mahzun va samimiy edi-ki, beixtiyor ko‘zlariga yosh keldi. Nozima gapini tugatgandan keyin ham ancha jim qoldi. Nihoyat qaynonasining uzrini qabul qilmagandek jim o‘tirishidan o‘ng‘aysizlanib, o‘rnidan turayotgan Nozimaga qarab, xayollarini yig‘ib oldi:
– Nozima, joyingga o‘tir, – kampir namlangan mijjalarini artdi. – Menga qara, bo‘lari bo‘ldi. Agar xo‘p desang, shu yerda qol. Nevaralarim uchun hech kim sening o‘rningni bosa olmaydi. Bor- yo‘g‘imizni shu adirlarga sochdik, Hajga atalgan pullarimiz ham shu yerga ketdi. Yarim jon holimda Hajda nima qilaman, dedim. Shu pul nevaralarimning kelajagiga yarasin, dedim. Bu joylarni biz xazinaga aylantirdik. Maktabingni ham qo‘y, shu yerdagi ishni boshqar. Bo‘lmaganda ikki yilda mashina minasan, topgan rizqing o‘zing, bola-chaqangdan ortib, birov-yarim beva-bechoralarga muruvvat ko‘rsatishga ham yetadi.
Endi Nozima hangu mang bo‘lib qoldi. Bir zum kampirga hayrat bilan tikilib turdi-da, so‘ng o‘rnidan sapchib turib, kampirni quchoqlab oldi:
– Rostdanmi? Rostdanmi, onajon?! Shu yerda qolsam bo‘ladimi?
– Albatta, bu uy, bu bog‘lar Sanjar bilan Noilaniki, demak, u seniki ham! – Yo‘g‘-e?! Lekin bobom rozi bo‘larmikin? O‘g‘lingiz ham...
– Hammasini o‘zimga qo‘yib ber.

* **
O‘sha kuni ham ertalabdan oyoq-qo‘li qaqshab og‘ridi. Bomdodga ham tura olmadi. Kun yoyilgach, bir amallab turib, hovliga chiqdi. Hassaga suyanib, keksa tutning soyasiga qo‘yilgan supaga borib o‘tirdi. Asalari qutilarining atrofida timirskilanib yurgan bobo ham kampirining yoniga keldi. Dasturxonning bir chetida bostirib qo‘yilgan choynakning ustini ochdi:
– Nozima yumshoqqina sutli shavla qilgan ekan. O‘zi bozorga ketdi. Yarim kosagina suzib kelaymi?
– E-e, yo‘q, negadir hech narsa yegim kelmayapti.
– Kampir, sen meni qo‘rqitma. Onam ham ketishidan oldin hech narsa yemay qo‘ygan edi, – hazil qildi bobo.
Kampir kuldi:
– Si-iz, qo‘rqmang, bobosi. Mening hali-beri ketish niyatim yo‘q. Sizni, shunday uy-joylarni kimga tashlab ketaman? Yo‘q, ketmayman.
– Ha, bo‘lmasa, chatoq ekan, – o‘zicha o‘yga botdi bobo.
– Nima, biron rejangiz bormi? Meni jo‘natib, biron yoshrog‘ini olib kelmoqchisiz, shekilli-a?
Bobo kuldi:
– Yo‘g‘asam, cho‘zilib yotavermay, mundog‘ qimirla-da.
Soylikdan keladigan yo‘lda oq mashina ko‘rindi.
– Ie, biznikiga mehmon kelayotir-ku, – o‘rnidan qo‘zg‘aldi bobo, – Asalga odam kelayotgan bo‘lsa kerak.
– Kim biladi, asalgami, o‘zingizgami? Kampirim og‘ir yotibdi, degan bo‘lsangiz, omonatini topshirib bo‘lgandir, deb...
Mashinadan ikki barvasta yigit tushdi.
So‘rashuvdan so‘ng, bobo mehmonlarning yuziga savol nazari bilan qaradi:

– Kelinglar, nima tashvishlar bilan yuribsiz?
– Biz bundan besh yil avval sizlarni biroz tashvishga qo‘yganmiz, – dedi yoshi kattarog‘i. – Biz bir tuhmat bilan qamoqqa tushib qolganimizda, bir hoji birodarimizga ancha kun uyingizdan joy bergansiz, obro‘yingizni tahlikaga qo‘yib, kerakli odamlar bilan uchrashtirgansiz. Hoji akamiz sizlar haqingizda ko‘p yaxshi gaplar aytgan edilar. Ilojini topsangiz, yaxshiliklarini qaytaring, degan edilar.
Cholu kampirning ko‘zlari hayratdan katta-katta bo‘lib ketdi.
– Siz... Sizlar otuvga hukm qilingan edilaringiz-ku? – dedi kampir choliga navbat bermay.
– Ha, shunday bo‘lgan edi. Biz appelyasiyaga berdik. Hoji birodarimizning sa’yi harakatlari bilan “dori”ning haqiqiy egasi topildi. Keyin bizni ozod qilishdi.
– Yo‘g‘-e!
– Rostdanmi? Ko‘p ajoyib ish bo‘libdi-da.
– Ha, Allohga shukr. Shunga sizlarni izlab kelgan edik. Biron xizmat aytinglar, ko‘ngillaringizni olaylik.
– E-e, yo‘g‘e, bizning hech qanday ishimiz yo‘q, hamma narsamiz yetarli, – dedi bobo mehmonga choy quyib uzatar ekan. – Shu balolardan eson-omon qutulibsizlar, biz shunga xursandmiz.
– Momoning picha tobi yo‘q, deyishdi. Agar “xo‘p” desangiz, Dushanbeda ajoyib shifoxonalar bor, olib ketib, davolatib kelamiz.
– Yo‘g‘-e, men momongizsiz bir kun ham yashay olmayman, – kuldi bobo.
– Istasangiz, sizni ham birga olib ketamiz. Bizda bahavo joylar ko‘p, aylanib, dam olib qaytasiz.
– Yo‘q, yo‘q. Sizlar bahuzur, bizdan hech xijolat bo‘lmanglar. Biz juda katta xizmat ham qilganimiz yo‘q. Mehmoningiz bir parcha joyda yotib turdi, yarim kosa ovqatimizga sherik bo‘ldi. Kecha-kunduz namoz o‘qirdi, Allohdan sizlarning duoi jonlaringizni so‘rab... Biron yaxshilik qilmoqchi bo‘lsangiz, o‘sha birodaringizga qiling.
Keluvchilar bir nafas jim qoldi.
– Qaniydi iloji bo‘lsa!-chuqur “uf” tortdi yoshrog‘i yerga qarab. – U kishi o‘tib ketdilar. – Nega?

– O‘zlari biroz betobroq edilar. Yana bizning tashvishimizda ko‘p aziyat chekdilar. Bizning avf qilinganimizni eshitdilar, ammo ozodlikka chiqqanimizni ko‘ra olmadilar.
– Afsus... Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin.
– O‘zlari shoir odam edilar, uch-to‘rt kitoblariyam chiqqan. Adolatsizlikka chiday olmas edilar. Hamma narsani yuraklariga olar edilar.
– U kishini biznikiga jo‘natgan Abdurahmonboy degan akamiz “Biz bilan ishlaydi”, degan edi-ku.
– To‘g‘ri, institutda ishlagan edilar, lekin o‘zlari shoir edilar. Bizlar asli qo‘qonlikmiz, bobolarimiz Qo‘qonda katta shoir o‘tganlar. “Quloq-quloq” davrida otalarimiz Tojikiston tomonlarga o‘tib ketishgan. Shundan bizlar ham tojikistonlik bo‘lib ketganmiz.
– Ha-a, taqdir-da, inim.
Mehmonlar ketayotib, supaning chetiga bir taxlam pul qo‘yishdi: “Quruq qo‘l bilan kelgan edik. Nevaralarning kamu ko‘stiga ishlatarsizlar”.
Bobo pulni qo‘yarda-qo‘ymay qo‘llariga tutqazdi: “Unday demang, nevaralarning ota-onasi bor, shunday hovli-joyi, bog‘-rog‘i bor. Buni olib qo‘ying”.
Mehmonlar qattiq o‘tindi: “Yo‘q, demang, bobo. Og‘ir kunimizda bizga yaxshilik qilgan odamlarni biz ham bir izladik, izzatiga yetdik, deb ko‘nglimizni tinchitishimiz uchun shuni oling”.
“Mayli, bo‘lmasa”.
* **
Sanjar Toshkentga ketgan yili bobo qattiq og‘rib qoldi. Ayniqsa, tiramohning oxiriga borib, yotgan joyida hazil-huzul qilib yotgan bo‘lsa ham, ko‘zlari so‘nib borayotgani ko‘rinib turardi. Bir kuni to‘ng‘ich qizi kelib, rosa janjal qildi:
– Ena, bo‘ldi-da endi. Adirning ustida so‘ppayib o‘tiraverasizlarmi? Nevaralarimni o‘gaylatmayman, deb shu yerlarga kelgan edingiz. Nevaralaringiz ham egalik bo‘ldi. Hammamizning yuzimizga oyoq qo‘ygan bir ayolga shunday uy-joy, bog‘-chorbog‘ingizni topshirdingiz. Yo‘q joydan boybichchaga aylandilar u xonim. Taglarida mashina, qo‘llarida jaraq-jaraq pul. Mayli, bolalar uchun biz rozi. Alloh ham kechirimli bandalarini suyar ekan. Ammo shuncha o‘g‘il-qizingiz bo‘la turib, kelinning bo‘sag‘asiga yopishib yotavermay, pastga tushing, adirga qatnayverib, charchab ketdik.

Kampirning ham avvalgi shashti yo‘q, ammo:
– Hay, bolam-a, kalta o‘ylaysan-da doim, – deydi nursiz ko‘zlarini olislarga tikib. – Sanjarim Toshkentga ketdi, katta do‘xtir bo‘lishi uchun to‘qqiz yil o‘qishi kerak ekan. Hali zamon izidan Noila ketadi. Ikki bolani manavi pista-bodomlarning daromadi bo‘lmasa, Toshkentda o‘qitish osonmi? Ikki bolasi ketsa, mushtday poshikastani adirga yolg‘iz tashlab, qanday ketaman? U akang bilan yashamayotgan bo‘lsa ham odamlar “Robiya kampirning kelini” deydi uni, bolam.
– E-e, ena, bilganini qilsin. Qaytam sizlar bo‘lmasangiz, erga tegib ketardi.
– Bolam, men avval boshdan uning yo‘lini ochib qo‘yganman. Nevaralarimga ola qaramaydigan birov yarim bo‘lsa, turmushga chiqaver, deganman.
– Ha, bu sho‘rning ham og‘zi kuydi-da o‘zining yengiltakligidan. Anavi Hamdam yer yutgur ham necha yo‘lini to‘sib chiqibdi. Bu rozi bo‘lmabdi. Uning ham otasi ishdan ketib, bir notarius opasi bor ekan, ikki yuz ellik million kamomad qilib qo‘yibdi. Bor-yo‘g‘ini sotib, shu kamomadni to‘lashib, qip- yalang‘och bo‘lib qolishibdi.
– Qilma toparsan, deyishgan-ku.
– Endi butun oila Rossiyaga, onasining yurtiga ko‘chib ketganmish.
– O‘sha yoqlarda yo‘q bo‘lib ketsin, iloyim.
– Yo‘q bo‘lsa, yo‘q bo‘lsin. Nozima ham yosh bola emas. Endi siz taxta-o‘qlog‘ingizni yig‘ishtiringda, pastga tushing.
O‘sha kuni kechki payt bobo og‘irlashib qoldi.
Momo Noilani xonasida qoldirib, boboning yoniga o‘tdi:
– Odamni qo‘rqitmang, bobosi. Sanjarning o‘qishga kirishini kutib yurganmidingiz?
– Yana qanday ishing qoldi, kampir? Bolalarning hammasini uyli-joyli qildik, nevaralarning ham oldi uyli bo‘ldi. Bir xavotiring Sanjar bo‘lsa, ana, o‘qishga kirdi. Endi qo‘l ushlashib...
– Yo‘-yo‘q, bobosi! Hali u to‘qqiz yil o‘qishi kerak. Izidan Noila boradi. O‘ylab-o‘ylab, shu uyni sotib, Toshkentdan bir uy olib bersakmi shularga, deyapman. Ular o‘qib, katta do‘xtir bo‘lsa, bu adirda nima ish qiladi? Katta do‘xtirlar katta joylarda ishlashi kerak. Toshkentdan uy olsak, to birini uylantirib, ikkinchisini uzatguncha, biz ham o‘sha yerda turib turamiz. Dom, issiq-sovuq suv, hamma sharoiti bor. Mana shunday yotsangiz ham mayli, faqat iltimos, o‘lmay turing.

– Men bilan ketmaslik uchun yolg‘ondakam iltimosmi bu? Zo‘r artistsan-da, momosi.
– Yo‘q, bobosi, chin yurakdan aytayapman. Shularni katta qilguncha ozmuncha qiynaldingizmi? Endi o‘zlari choyimizni damlab, ovqatimizni qiladigan bo‘lishdi. Biz faqat yonlarida dalda bo‘lib tursak bo‘ldi.
– Yo‘q, momosi, mening safarim qaridi. Sen hali ko‘z tegmasin, bardamsan. Inqillab-sinqillab yurganlaring bir bahona ekan. Yoki xotin kishining joni qirqta deyishgani rostmi? Mayli, men bilan ketmaganing ham ma’qul. Bolalar senga juda o‘rganib qolishgan. O‘zingni ehtiyot qil. Mendan rozi bo‘l, – bobo og‘ir yutindi, o‘zi kulib turgan bo‘lsa ham mijjalarida yosh aylandi.
Momo uning qo‘llaridan ushladi:
– Unday demang, bobosi. Huzur-halovat ko‘rib, endi o‘zimiz uchun yashaydigan davrga yetib keldik- ku. Meni tashlab ketmang.
– Men sen bilan bir umr huzur-halovatda yashadim. Men sendan roziman. Sen nevaralarga juda keraksan, – qo‘llarini tortib olib, momoning serajin yuzlarini siladi. – Sen xuddi farishtalarga o‘xshayapsan. Mendan rozi bo‘l.
– Men sizdan mingdan ming roziman, bobosi, lekin siz shoshmay turing, – momo yig‘lab yubordi. – Men bolalaringizni chaqiray. Ulardan baloga qolib ketmayin yana.
Bobo pichirlab kalima qaytardi, so‘ng qayeridir og‘riyotganday lablarini tishladi va ko‘zlarini yumdi, kipriklari orasidan bir tomchi yosh sizib chiqdi.
Momoning yuragi bandidan uzilib tushganday bo‘ldi. Birdaniga dunyo huvillab qoldi. Ohista egilib, oltmish yillik uzangi yo‘ldoshining ko‘ksiga bosh qo‘ydi. Uning ko‘ksi oyoqlari ostidagi adirlardek keng tuyuldi. Ko‘zlaridan duvullab yosh quyildi:
Mung‘ayganda mungdoshim, voy to‘ramov, kunimov, Suringanda sirdoshim, voy to‘ramov, kunimov, Sensiz dunyoni ne qilay, voy to‘ramov, kunimov, Ko‘nglimdagi quyoshim, voy to‘ramov, kunimov.

Kampir go‘yo cholining qulog‘iga aytayotganday shivirlabgina yo‘qlayotgan bo‘lsa ham, yuragi ezilib, sel bo‘lib oqardi:
Osmondagi oq bulut, voy to‘ramov, kunimov, Yuragimga yog‘ib o‘t, voy to‘ramov, kunimov, Bosh egamdan ayrildim, voy to‘ramov, kunimov, Qanotlarim qayrildi, voy to‘ramov, kunimov...
Momomning xavotiri Noiladan edi: “Uxlab yotgan bo‘lsa, qo‘rqib ketmasin”. Bir vaqt kimdir kelib yelkasidan quchoqladi: “Momojon!..”
Robiya momo ortiga o‘girilib, yig‘lab turgan Noilani ko‘rdi. Noilasi shuncha katta qiz bo‘lganini ilgari sezmagan ekan, “xuddi ammalarining o‘zi!” O‘zini nevarasining bag‘riga tashladi: “Bobongdan ayrilib qoldik, bolam. Bor, onangni uyg‘ot”.