qorni juda ochganligini his qildi. O‘zi qaltirayotgan qo‘llarini taomga uzatib ovqat yeya boshladi, qizlar esa sharob quyib turishdi. Ko‘p o‘tmay juda charchaganligini his qildi, ko‘zlari o‘z-o‘zidan yumilib ketaverdi. Kimdir tizzasidagi patnisni oldi, kimdir sekingina to‘shagiga yotqizib qo‘ydi. U ko‘zlarini ochib, o‘rnidan turolmas, ammo butun vujudini huzurbaxsh halovat egallagan edi.
– Buning juda narxi oshib ketdi,-dedi qizlardan biri.
– Muxtor Kamol uni yoqtirib qolibdi. Qayta-qayta so‘rab yotgan emish, – dedi ikkinchisi. – Agar men uning o‘rnida bo‘lganimda o‘sha odamning ko‘nglini olib, unga tegib olardim-da, bu yerdan qutular edim.
– Muxtor Kamol fohishani olarmidi? Nimalarni orzu qilmaysan-a? – Ko‘ngil buyursa, olaveradi. Hech bo‘lmasa, cho‘ri qilib olar!
– Qiyin...
Nozima ularning gaplarini eshitib yotar, ammo nimadir deb suhbatga qo‘shilmoqqa na holi, na rag‘bati yo‘q edi: “Ha, shunday qiladi! Kuniga o‘n kishiga oyoq osti bo‘lgandan ko‘ra yoqimsiz buqalamun bo‘lsa ham bitta odamning ko‘nglini topib, shu yerdan tezroq qutulib ketgani ma’qul. Buning uchun tezroq kuch yig‘ishi kerak. Kamroq odam kelsa ekan”.
Ertasi kuni kechqurun Muxtor Kamol keldi. U qahvalarni stolga qo‘ydi-da, sekin mehmonning yoniga o‘tirib, ko‘kragiga boshini qo‘ydi, keyin o‘zini idora qila olmay qoldi, ko‘zlaridan duvillab yoshlar quyilib ketdi. Muxtor Kamol uning boshini rapidadek kaftlari orasiga olib, yuziga hayron boqdi, o‘z tilida allanimalar dedi. Qaniydi, Nozima hech bo‘lmasa “Meni bu yerlardan olib keting”, degan so‘zlarni arab tilida ayta olsa edi! Ayta olmaydi. Yuzlarini arabning go‘shtdor ko‘ksiga yashirib yig‘lar ekan, o‘ziga o‘zining rahmi kelib ketdi. Bu esa alamini yana ko‘proq oshirdi, ko‘z yoshlarini to‘xtata olmay qoldi. Arab uning sochlarini, yelkalarini silab o‘zining tilida allanimalarni g‘o‘ldirab, uni yupatgan kishi bo‘ldi. Bir muddat shunday o‘tirishgach, uni ichkariga boshladi...
Ertasi kuni enaboshi kirib, uning oldiga yashil jildli pasport tashladi. Nozimaning yuragi bo‘g‘ziga tiqilgudek bo‘lib, pasportga yopishib, uni varaqlay boshladi: bu uning pasporti edi. Hamxona qizlar enaboshining gaplarini tarjima qilib berishdi:
– Seni Muxtor Kamol sotib olibdi. Uning uyida oqsochlik qilasan, lekin zinhor oila a’zolariga bu yerdagi munosabatlaring haqida churq etib, og‘iz ochmaysan.
Nozima sevinganidan o‘rnidan sakrab turib, pasportini boshi uzra baland ko‘targancha, irg‘ishlab sakray boshladi.
Enaboshi bir narsalar deb g‘udrandi. Qizlar yana unga tayinlashdi:
– Tushundingmi, bir og‘iz ham! Oila a’zolari oldida sohibdan iloji boricha uzoqroq turasan. Sohib kerak payti o‘zi senga aytadi va uchrashish uchun sharoit yaratadi.
“Nima bo‘lsayam, mayli! Shu yerdan chiqib ketsa, bo‘ldi”.
– Men axir ularning tilida bir so‘z ham deyolmayman-ku, qanday ham gapirishim mumkin. Men gung va karman! Eshitdinglarmi, gung va kar!
“Xayolparast” hamxonaning unga havasi keldi. Qolgan qizlar hasad qilibmi, uni masxaralashdi: “Bu hali uyingga qaytding, degani emas. Muxtor Kamol “shu sho‘rlik uyini sog‘ingandir”, deb, senga shuncha pul to‘lagani yo‘q. Uning uyida oqsochlik qilib, haqiqatan ham oq soch kampirga aylanib, qarib-chirib, o‘lib ketishing mumkin. Bizda “Xudo yo‘liga, savob” deb besh so‘m-o‘n so‘mdan kechib yuborishlari mumkin, ammo bu yerning biznesmenlari bir tiyinni behuda, maqsadsiz ishlatishmaydi”.
Ammo ularning gapi Nozimaning kayfiyatiga zarracha ta’sir qilmadi.
– Bu yerdan ketyapman. Eng muhimi shu.
– Ko‘p sevinaverma, qordan qutilib, do‘lga tutilib qolma yana, – bu gapni “xayolparast” hamxona aytdi. – O‘zingni hamisha eng yomon, eng og‘ir qismatga tayyor qilishni o‘rgan. Balki uning xotini ikki oyoqli ajdarhodir, nimanidir sezib qolib, kuningni bir tutam qilar. Uning uyidagi sharoitni hali sen bilmaysan-ku. Shuning uchun yaxshi xabarni ham, yomon xabarni ham bosiqlik bilan qabul qilishni o‘rgan. Bir qirday, bir sirday bo‘l, deyishadi-ku. Shunday bo‘l.
Xullas, unisi “u” dedi, bunisi “bu” dedi, uning ko‘nglidagi hovurni bosishdi. “Ichi qoralar! O‘zlari qolib ketishayotgani uchun alamzada bo‘lishyapti!”
Muxtor Kamolning xotini eriga nisbatan juda yosh, nozikkina qoracha ayol edi. Uni ochiqqina qarshi oldi, qora kostyum-shim kiygan gavdali kishiga o‘z tilida allanimalar deb buyruq berdi. U Nozimaning sumkasini olib, o‘zini hovliga olib chiqib ketdi. Hovli nihoyatda sarishta, tartib bilan ekilgan daraxtlar, gullar hovlining ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turardi. Haligi kishi uni hovlining bir chetida arg‘uvon daraxtlari orasida zo‘rg‘a ko‘rinib turgan bir qavatli binoga boshlab bordi va hovliga qaragan eshiklarning birini ochib, ichkariga kiritdi: bittagina karavot bilan bir shkaf, stol va ikkita stul qo‘yilgan choqqina xona edi.
– Bu sizning xonangiz, – dedi uni boshlab kelgan kishi qo‘lidagi sumkani shkafning yoniga qo‘yar ekan.

Nozima xazinaga duch kelgan odamday sevinib ketdi, chopib borib yonida turgan begona birovni tavof qilgisi keldi:
– Siz... o‘zbekmisiz?
– Ha. Bir zamonlar ota-onamiz shu yerga kelib qolishgan.
– Xudoga shukr-ey. Mening tilimni biladigan bir odam bo‘lsa ham bor ekan-ey.
– Siz arab tilini o‘rganishga harakat qiling, shunda hammaga oson bo‘ladi. Mening ismim Hasan. Siz joylashib oling, keyin sizni bajaradigan ishlaringiz bilan tanishtiraman.
– Xo‘p-xo‘p.
– Shkafda xizmatkorlar uchun maxsus uniformalar bor, o‘zingizga to‘g‘ri kelganini kiyib oling.
Unga xonalarni tozalash, oshxona yumushlariga ko‘maklashish vazifasi yuklatildi. Hasanning aytishiga qaraganda besh yuz dollar maosh ham belgilashibdi. Bu juda quvonchli xabar edi. “Yig‘ilib turaversin, uyga ketayotganda olib ketaman”. Baribir birovning qosh-qovog‘iga qarab, oqsochlik qilib yurish juda ham yoqimli ish emas edi. Muxtor Kamol-ku, uylariga kelganidan buyon umuman Nozima bilan gaplashmas, hatto u tomonga ko‘z qirini ham tashlamas edi. Bu bir tomondan yaxshi, ammo erta bir kun boshqa ish topib bu xonadondan ketish uchun uning Nozimaga nisbatan xayrixohligi juda muhim edi: “Biron korxonada ishlasaydim...” Bu istak Hasanga yoqmadi: “Siz bu bilan sohibga nisbatan behurmatlik qilgan bo‘lasiz. Turar joyingiz, osh-ovqatingiz, maoshingiz tayin bo‘lsa, yana sizga nima kerak?”
Unga erkinlik kerak edi. Xuddi ilgarigidek, ishga ariza yozib kirsa, nimadir yoqmay qolsa, yana ariza yozib, bo‘shab ketaversa... Bu yerda esa hammasini sen uchun kimdir hal qiladi!
Yakshanba kuni butun oila a’zolari qayoqqadir ketdi. Hamma, hatto oilaning o‘z odamlari bo‘lib qolgan xizmatkorlar ham yayrab qolishdi. Kechki payt qayerdandir hovliqib Hasan yetib keldi: “Sizni bir qarindoshingiz yo‘qlayapti. Tez kiyinib chiqing”. Nozimaning yuragi uvishib ketdi: uning qayerdaligini faqat uni shu yerlarga olib kelgan ayollar bilishadi, uni ulardan boshqa kim ham yo‘qlashi mumkin? Ular nega yo‘qlashlari mumkin? Pul talab qilishsa kerak...
– Yo‘q, men hech qayerga bormayman, – oyog‘ini tirab turib oldi Nozima. – Borasiz, bu sohibning buyrug‘i.
Nozima sohib haqida eshitib, biroz xotirjam tortdi, ammo baribir yuragi g‘ash edi. Hasan uni shaharning ko‘rkam ko‘chalaridan birida joylashgan ko‘p qavatli chiroyli uyga olib bordi. Birinchi

qavatdagi, marmar zinapoyalari oppoq tutqichlar bilan bezatilgan xonadonga kirgizdi-yu, o‘zi tashqariga chiqib ketdi. Katta billur qandil osuda nur sochib turgan xonada hech kim yo‘q edi. Nozima ostonada nima qilishni bilmay, serrayib turib qoldi. Biroz o‘tib, ichkaridan iljaygancha Muxtor Kamol chiqib kelganda, u quvonishini ham, xafa bo‘lishini ham bilmay qoldi. Muxtor Kamol kelib, uning belidan quchib, o‘ziga tortdi:
– Sog‘indim, – dedi quloqlariga shivirlab arab tilida.
Arab tilini sekin-asta o‘rganayotgan Nozima uning ko‘ksini ohista silab, bir kulib, boshini uning yelkasiga qo‘ydi va shu daqiqada mana shu buqalamundek odamga o‘rganib qolganini his qildi.
– Agar mehmonxonadan ketaman, deb yig‘lamaganingda, biz har kuni ko‘rishib turgan bo‘lar edik. Endi biroz qiyin bo‘lib qoldi. Lekin baribir yaxshi. Hamisha uyimdasan, sendan ko‘nglim xotirjam.
Nozima uning gaplarini taxminan shunday deb tushundi. Bu gap unga yoqmagan bo‘lsa ham ilojsiz iljayib, sohibining osilib turgan go‘shtdor yuzlaridan sekingina o‘pib qo‘ydi. Ammo insof bilan aytganda, Nozima bu odamdan har qancha minnatdor bo‘lsa, arziydi. Uning Nozimaga bo‘lgan munosabatini ham sira ayblab bo‘lmaydi. Ko‘ngil ishi-da, bu. Ko‘ngil qo‘ydi va ko‘ngil qo‘ygan ayolini mardlarcha qancha mablag‘ sarflab, jahannam olovidan olib chiqdi! Shunday holatda uning beo‘xshov qaddi-qomatiga qarab, ko‘kragidan itarib, lab burishi sira insof-diyonatga to‘g‘ri kelmas edi. Qolaversa, Nozima mehmonxonadagidek yana bir “yig‘lab”, biron korxonaga ishga o‘tib olish niyatida edi. Buning uchun esa uning ko‘nglini ko‘proq avaylash kerak.
Hammasi yaxshi ketayotgan edi. Har yakshanba kuni Hasan uni “qarindoshi”ning uyiga olib borar, Nozima u yerdan xushbaxt kunlar ostonasi nihoyatda yaqin qolganini his etib, quvonchga to‘lib qaytar edi. Bir kuni unga xonim chaqirayotganini aytishdi. Xonim kiraverishdagi katta xonada yolg‘iz o‘tirar edi, uni ko‘rib o‘rnidan turdi. Uning juda darg‘azab ekanligi chimirilgan qoshlaridan, qattiq qimtilgan lablaridan ko‘rinib turardi. Nozima sal beriroqda to‘xtab, yengilgina ta’zim bilan salom berdi:
– Xizmat, xonim?
Xonim bir muddat unga tikilib turdi-da, so‘ng yoniga keldi va sharaq etkizib, yuziga tarsaki tortib yubordi. O‘zi kichkinagina bo‘lsa ham, qo‘li juda qattiq edi, Nozimaning ko‘zlaridan o‘t chiqib ketganday bo‘ldi.
– Sen hali uyimda turib, nonimni yeb, yuzimga oyoq qo‘yib yuribsanmi?! – so‘ng lablari pir-pir uchib, – Hasan!-deb qichqirdi.
Hasan oshxonada ekan, rangi bir ahvolda yugurib chiqdi:

– Labbay, bekam!
– Manavi iflosni qaysi fohishaxonadan olib kelgan bo‘lsang, o‘sha yoqqa olib borib tashla. Qaytib bu yerda qorasini ko‘rmayin!
Nozima xonimning Dubaydagi eng yirik tadbirkorlardan birining qizi ekanligini, otasining qudrati tufayli Muxtor Kamol ham hamisha xotinidan hayiqib turishini xizmatkorlardan eshitgan edi. “Tamom!” Uning boshidan bir chelak qaynoq suv quyib yuborishgandek bo‘ldi. Oyoqlari orasidan nimadir shuv etib, to‘kilib ketdi, u qo‘rqqanidan peshob qilib yuborgan edi. Xonimga kim nima degan bo‘lsa ham, bir og‘iz gapi bilan Nozimaning Dubaydagi bor sarguzashtlariga so‘nggi nuqtani qo‘ygan edi.
Hasan nima qilishini bilmay, serrayib turgan Nozimani yelkasidan turtib, hovliga olib chiqdi-da, unga:
– Tezroq ust-boshingni almashtirib, pasportingni olib chiq, uyingga jo‘natib yuboraman, – deb o‘zi mashinalar turadigan bo‘lma tomon yugurib ketdi.
Nozima kiyim-boshini almashtirib, kichkinagina sumkaga yana ikki sidra kiyim soldi va yostig‘ining ichki jildiga solib, yashirib qo‘ygan pasportini olib, hovliga chiqdi. Hasan allaqachon mashinasini o‘t oldirib, darvoza oldida turardi.
Ammo Hasan uni qandaydir xilvat ko‘chada joylashgan bir uyga olib keldi. – Birinchi qavatdagi uchinchi eshikka kirasan.
Nozimaning rangi oqarib ketdi:
– Uyingga jo‘natib yuboraman, degan edingiz-ku.
– Keyin... Hozir aytganimni qil. Seni sohib kutayapti. Sen bilan xayrlashmoqchi.
Uyiga olib boradigan yo‘lda ko‘ndalang turgan sohibning muhabbati ham unga malol keldi: “Uf-f! Shartmidi shu?!” U shoshib o‘zini uchinchi eshikka urdi. Oppoq kresloda yastanib o‘tirgan Muxtor Kamol uning istiqboli tomon yurdi. U har qancha oliyhimmat, mehribon bo‘lsa ham Nozima, qaytib uning quchog‘iga kirishni istamas edi. Ikki qadam berida to‘xtab, salom berdi. Muxtor Kamol sekin yurib, uning yoniga keldi. Bir qo‘li bilan yelkasidan tutib, ikkinchi qo‘lining barmoqlari bilan ohistagina yuzlarini siladi:
– Sen juda go‘zal va odobli ayolsan. Men seni chin yurakdan sevib qolgandim. Agar ixtiyorim o‘zimda bo‘lganda sendan sira ham voz kechmagan bo‘lar edim.

Nozima yerga qaradi.
– Sen o‘zingni ehtiyot qil. Pul uchun o‘zingni xor qilma.
Ular bir zumda Dubay aeroportiga yetib kelishdi. Hasan uning pasportini olib, ichkariga kirib ketdi. Nozima mashina oynasidan aeroportni tomosha qilib o‘tirar ekan, roppa-rosa bir yil avval shu aeroportga qo‘nishganda qanchalar quvonganini esladi. Qaniydi, inson umrini kino tasmasidek ortga qaytarish, keraksiz joylarini o‘chirib tashlash mumkin bo‘lsa edi. Nozima o‘sha aeroportga kelgan kunidan shu bugungacha bo‘lgan kunlarni butunlay hayotidan o‘chirib tashlagan bo‘lar edi.
Hasan aeroportga qanday yugurib kirgan bo‘lsa, shunday yugurib chiqdi. Uning qo‘lidagi pasportning ichida uzun qog‘ozchipta bor edi. Nozimaning ko‘zlarida yosh halqalandi: “Nihoyat!”
– Toshkentga chipta ololmadim, ammo Moskvaga oldim. Shu yerdan eson-omon chiqib olsang, bo‘lgani. Seni uchirib yuborganimizni xonim bilib qolmasligi kerak. Qo‘lingga pul beraman, Moskva aeroportining o‘zidan Toshkentga chipta sotib olasan. Tezroq bo‘l, ro‘yxatdan o‘tkazishni boshlashdi.
Nozima Hasanning qo‘lidagi pasporti bilan samolyot chiptasini olib, Moskvaga ketuvchi yo‘lovchilar chiqarilayotgan bo‘lma tomon yugurib borarkan, Hasandan uzr so‘radi: “Men uchun sohibdan gap eshitadigan bo‘ldingiz-da. Endi unga nima deysiz?” Hasan unga qarab qo‘l siltadi: “Xavotirlanma. Men sohibning buyrug‘ini bajaryapman”.
Samolyot yerdan ko‘tarilib, qoramtir bulutlar ustiga chiqib olgandan keyingina endi dasti uzun xonimning qo‘li unga hech qachon yetmasligiga va nihoyat ko‘ziga surtib yurgan tillalarini sotib, ne- ne orzular bilan yetib kelgan beshafqat shahardan bir umrga qutulganligiga ishonch hosil qildi: “Xudoga shukr”.
Demodedovo aeroporti nihoyatda gavjum edi. Hammaning qo‘lida katta-katta jomadonlar, hamma qayoqqadir shoshgan. Toshkentga bilet olish uchun aeroportni bir aylanib chiqdi, nihoyat bilet sotadigan bo‘lmalarni topgan joyida ko‘nglida yangi bir istak paydo bo‘ldi: “Qup-quruq qo‘l bilan so‘ppayib uyga qanday kirib boraman? Hech bo‘lmasa, shu yerda ishlab, bir-ikki so‘m topay, keyin uyga borsam, sal tuzuk bo‘ladi”. Bir amallab Masturaning telefonini esladi. Aloqa xizmati ko‘rsatish bo‘limiga kirib, avval onasiga, so‘ng Masturaga telefon qildi: “Yuribman Moskvada yallo qilib. Ha, bir tadbirkor dugonam shu yerdan do‘kon ochgan ekan, senam yur, degandi. Xafa bo‘lmasin, deb birga keldim. Ozroq ishlay-chi, boraman-da. Hay, menga qara, sening ering ham Moskvada edi-ya, telefonini bersangchi, dam olish kunlari uchrashib, bir sizlarni g‘iybat qilib, xumordan chiqarmidik...” Telefon raqamlarini olgach, o‘tirib har qancha o‘ylamasin, “pochcha”ning ismini eslay olmadi. Ko‘z yoshlarga ishonmaydigan bu katta shaharda o‘sha ismi noma’lum “pochcha”dan bo‘lak ilinji yo‘q edi, ilojsiz qo‘ng‘iroq qildi, o‘ylab ko‘rsa, gaplashish uchun ismini aytish umuman shart emas ekan?

Masalan, shunday deydi: “Assalomu alaykum, men Masturaning dugonasi Nozimaman, biz birga ishlar edik. Uylaringizga ham borar edim-ku. Bir tanishim bergan manzil bo‘yicha Moskvaga kelgan edim, uning telefoni javob bermayapti. Qayoqqa borishni bilmay, sizga qo‘ng‘iroq qilayapman. Yoningizda biron ish yo‘qmi?”
Shunday dedi, ammo “pochcha” biroz xijolat bo‘ldi: “Nahotki, ayol boshingiz bilan begona shaharga yolg‘iz o‘zingiz kelgan bo‘lsangiz? Har qanday betayin odamning gapiga ishonib ham yo‘lga chiqaveradimi kishi? Lekin ming afsus, men sizga yordam bera olmayman. Yonimda hech qanday ish yo‘q. Hozir o‘zim ishdaman, biz turgan joy aeroportdan juda uzoq, borib sizni olib kela olmayman. Uzr, opa!”, “Uzringni pishirib ye”. U bo‘shashib, o‘rindiqlarning biriga o‘tirib qoldi. “Yaxshisi, uyga ketaman. Binoyidek ishlab yurgan edim. Maoshim ham yomon emas edi. Nima jin urib, bu sargardonchiliklarni bo‘ynimga oldim? Qanday uyim, qanday erim bor edi. Ertalab turib, supur-sidir, peshindan so‘ng pishir-kuydir qilishdan bo‘lak tashvishim yo‘q edi. O‘sha kunlardan ham norozi bo‘lib yurgan ekanman-a”. Endi u kunlar bir ertak, shunday ertakki, voqealarida hech qanday fojia bo‘lmasa ham eshitib yoki aytib bo‘lganingizdan keyin mung‘ayib qolasiz.
– Singlim...
U shoshib ovoz kelgan tomonga qaradi: bir o‘rindiq narida yoshi elliklardan oshgan to‘lagina qoracha kishi o‘tirardi.
– Yaxshimisiz? Ish izlab yuribsizmi, deyman. Nozima yerga qarab, bosh irg‘adi.
– Meni ham boplab tushirishdi. O‘tgan yili o‘g‘lim kreditga “Lasetti” olgan edi. Kutilmaganda xotinim oyog‘ini sindirib uyda yotib qoldi. O‘g‘lim yangi mashinada kira qila boshladi. Mashinaga ichimiz achiydi, ammo shu bilan ham qaniydi kreditni yopa olsak? Bir kuni bir yigit bilan tanishib qoldim. “Beg‘amboy, Moskvada ishlayman, boring, oyiga ming dollar beradigan ish topib beraman”, deb va’da qildi. O‘ylab-o‘ylab, og‘aynilardan qarz olib, yo‘lkira qildim, yangi topgan oshnaga tandir kabob, pista-bodom, qatlama-patir oldim. U meni kutib olib, bir dachaga olib bordi, ikki kun olib borgan narsalarim bilan maishat qilib yotdik. Uchinchi kuni “bir aylanib kelay, keyin sizni ishga olib boraman”, deb ketgancha yo‘q bo‘ldi. Telefon qilsam, javob bermaydi, ertasi kuniyoq dachadan quvildim. Necha kundan beri ish izlab sarsonman. Bu yerda yosh yigitlarning bozori chaqqon ekan, bizga o‘xshagan o‘rta yasharlar hech kimga kerak emas. Shu yerda ishlayotgan bir qaynim bor, uning oldiga borsam, qarzga yo‘lkirangizni berib turishim mumkin, ammo ish topib bera olmayman, dedi. Xotinga qaytib boraversam-chi, deb telefon qilsam, o‘zi qarz bilan ketgan edingiz, ishlab yuborgan pulimdan uzaman, deb, yana qarz bilan qaytmoqchimisiz, kelsangiz, peshonangizni urib yoraman, deb o‘tiribdi. Kecha Qozon vokzaliga bordim, ish izlab och-nahor, sarson-sargardon bo‘lib yurgan odamga to‘lib ketgan. Shu yerda bir o‘ris yigit ish taklif qildi, besh yuz dollar oylik, dedi,

menga birdan o‘n kishi kerak, deyapti. Odamlarning ko‘pi u bilan ketishga qo‘rqdi. Sakkiz kishi yig‘ildik, o‘ris “kam” deb ketib qoldi. Ertaga yana kelar ekan. Agar xohlasangiz, biz bilan yuring. Sarson bo‘lib yurguncha bir-ikki so‘m ishlab olamiz.
Nozima o‘ylanib qoldi. O‘sha chug‘urchuq bozordek g‘ala-g‘ovur uyini, onasini, bolalarini juda sog‘ingan edi, ammo ularning oldiga qanday quruq qo‘l bilan boradi. Qo‘lidagi pul yo‘lkirasidan ortmasa...
– Bo‘pti, boraman.
Shu oqshom aeroportda tunadilar.
Ular vokzalga borganda talabgorlar o‘n kishi bo‘lib, haligi o‘risning ixchamgina avtobusiga chiqishayotgan ekan. Bular ham yalin-yolvor qilib, qo‘shilib olishdi.
Boradigan joylari juda chekkada shekilli, ancha yo‘l yurishdi. Ishlari tayin bo‘lganidan xursand yo‘lovchilarga yo‘lning uzoqligi ham sezilmadi, vag‘ir-vug‘ur gurung avjiga mindi. Faqat Nozimagina gurungga qo‘shilmas, negadir ko‘ngli g‘ash, adog‘i ko‘rinmayotgan yo‘lning tezroq tugab, tezroq qanday ish qilishlarini ko‘rishni istar edi. “Yaxshi ish bo‘lsa, biron yil chidab, biroz sarmoya to‘plab ketar edim”.
Avtobus bepoyon sayxonlik o‘rtasida to‘xtaganda, hamma “obbo, mashina buzilib qoldi”, deb o‘yladi, ammo o‘ris yigit kabinadan sakrab tushib, eshikni ochdi: “Vi’xodite!”
Atrofda uyum-uyum axlatlardan bo‘lak hech narsa yo‘q edi. Yigit ularga tushuntirdi: “Shu yerdan temir-tersak yig‘asizlar. Rangli metall alohida, alyumin alohida, oddiy metall alohida yig‘iladi. Har kimning yiqqan mahsulotiga qarab, maosh beriladi”.
Yigit olislarda qorayib turgan vagonchalarni ko‘rsatdi: “Ana shu vagonlarda yashaysizlar, erkaklar uchun alohida, ayollar uchun alohida vagon qo‘yilgan”.
Talabgorlardan biri o‘rtaga chiqib: “Men bu yerda ishlamayman”, degan edi, o‘ris qo‘ynidan yaltillab turgan to‘pponcha chiqardi: “Seni bu yerga hech kim majburlab olib kelgani yo‘q. O‘zing xohlab keldingmi, endi men xohlaganda ketasan”. Shu bilan burnini jiyirib turgan boshqalarning ham uni o‘chdi.
– Davayte, na rabotu! Vremya idyot!
Ularni yuklarini qo‘yib kelish uchun vagonga yubormadi: “Vecherom!”

Hammaning o‘ziga yarasha yuki bor edi: kimda sumka, kimda jomadon. Ular yuklarini bir joyga yig‘ib qo‘yib, o‘zlari axlat uyumlarini oralab ketishdi. Axlatlar to‘kilgan joy keng sayxonlik bo‘lsa ham uyumlardan taralayotgan badbo‘y hid dimoqni yorar darajada o‘tkir edi. Nozima bolaligidan hidga bo‘lmas edi. Paxta hashariga eskiroq avtobusda borishsa ham boshi og‘rib, ko‘ngli aynib qolardi. Birov-yarim oldidan arzon-garov atir sepib o‘tsa, burnini jiyirardi. Endi...
– Narigi tomondagi uyumlar quruqqa o‘xshaydi, – negadir nafasi qisib, yo‘tala boshlagan Nozimaga rahmi kelgan Beg‘amboyning unga yaxshilik qilgisi keldi. – Quruq axlat unga sassiq bo‘lmaydi, yuring, shu tomonni aylanamiz.
Nozima yo‘tala-yo‘tala qo‘lidagi qoplarni sudrab, unga ergashdi. Endi quruq uyumlarni titib boshlashgan edi, ish boshining hayqirig‘i eshitildi.
– Tam nechego vremya teryat. Vernites! Tam uje provereno!
“Ha-a!.. Demak, ulargacha ham bu yerda odamlar ishlagan, yashagan...”
O‘zlari chala tushda yetib kelishgan edi, quyosh bir pasda tikkaga keldi. Vaqt bo‘lgani uchunmi, kayfiyat tushib ketganidanmi, hammaning qorni ochib ketgan edi. O‘zini demokrat sanaydigan birovi ishboshiga qarab, “Nachalnik, obed! Kogda obedayem?” deb haqqini talab qilgan bo‘ldi. Mashinaning soyasiga kichkinagina yig‘ma kursi qo‘yib, haydovchi bilan sigaret tutatib o‘tirgan ishboshi unga qarab: “Obed? Xorosho, obedayte togda”, debdi beparvogina. “Gde obedat?” dedi demokrat. Ishboshi qo‘llarini yozib, axlat uyumlariga ishora qildi: “Von skolko obed. Naydite sebe yedu i kushayte na zdorovye. V vashem rasporojeniye pol chasa”. “Eto je musor! Vi’ nad nami izdevayetes!..” isyon qildi demokrat. Ishboshi to‘pponchasini chiqardi: “Kto ti’ takoy? Ti’ toje musor! Proklyati’y chernojopi’y!
Shu bilan demokratiya o‘yini butunlay tugadi. Shu kuni hech kim tushlik qilmadi. To qosh qorayguncha axlat uyumlari orasida kim o‘qchib, kim yo‘talib izg‘idi, ammo kechki ovqat haqida ham hech kim og‘iz ochmadi. Vagonlarning yonida ikki bochkada suv bor ekan: “Mojete, slegko umi’tsya. No, vodu nado sekonomit. Pit toje budete etu vodu”.
Suv juda kam edi. Hamma qancha charchagan bo‘lsa, shunga chanqagan edi.
– Qo‘llarni avval tuproq bilan ishqalab, tozalab olaylik. Keyin suv bilan salgina yuvib qo‘ysak ham bo‘laveradi, – taklif qildi yoshi ulug‘lardan biri.
Shunday qilishdi.