Bir lahzada bobo hovliqib kirib keldi.
– Ha, kampir?
Kampir bo‘g‘ziga tiqilgan og‘riqni yutib yuborib, bir narsa deguncha, Noila momosini chaqirib qoldi:
– Ha, qizim? – bobo uning boshiga yugurib bordi.
– Suv...
Bobo darhol uning boshida turgan ma’danli suvdan quyib, og‘ziga tutdi, bir qo‘li bilan boshini ko‘tarib turdi:
– Mana, ich, qizim.
Qizcha suvni yaxshigina ichdi.
Bir pasdan keyin yana momosini chaqirdi: – Momo...
– Ha, qizim?
– Qornim ochib ketdi, kasha yeyman.
Robiya kampir yotgan joyida karaxt bo‘lib qoldi. Og‘riqlar umuman sezilmay, a’zoyi badanini qoplagan reza-reza ter muzlab qoldi. Faqat nimagadir hamon ko‘ngli aynir edi. U bir amallab o‘rnidan turdi:
– Sut bormidi, bobosi?
Bobo kampirining ahvoli yaxshi emasligini ko‘rib, uni qaytarib joyiga yotqizdi:
– Hamma narsa bor, momosi. Besh minutda pishirib kelaman. Sen bolaning yonida yotib tur. Yolg‘iz qolmasin.
Bobo bir pasda piyola bilan qoshiqcha ko‘tarib qaytib keldi:
– Qani, enajonim, boshingni sal ko‘taraylik, – qizning yostig‘ini biroz ko‘tarib qo‘ydi. – Endi og‘zimizni ochamiz. Qani-i, he, yasha, yana bir qoshiq, yashang, yana...
Bir pasdan keyin qoshiqning bo‘sh piyolaga “taq-taq” urilgani eshitildi.
– Endi, og‘izlarni artamiz. Suv ichmaysanmi, enajon? Ozgina... Bo‘ldi. Endi yotib dam olamiz. Malades.
Bobo qizni joyiga yotqizib qo‘ygach, kampirining boshiga o‘tdi: – Ha, kampir, senga nima bo‘ldi?
– Hech narsa. Mengayam bir piyola suv bering.
– Xo‘p bo‘ladi, mana, kampir.
Kampir suvni yutoqib ichdi.
– Bo‘ldimi?
– Ketmang, shu kecha yonimizda qoling.
Bobo divan-karavotning adog‘iga to‘shalgan ko‘rpaga cho‘zildi.
Kampir yana terga tusha boshladi, ammo endi uning o‘lgisi kelmay qolgan edi, garchi bu biroz kulgili bo‘lsa ham, yana yig‘lab Allohga iltijo qila boshladi: “Yo, Qodir Alloh, men o‘lsam, bu go‘daklar kimga qoladi? Iltimos, jonimni olma, shu ikki go‘dakni voyaga yetkazib, o‘z nonini o‘zi topib yeydigan kunlargacha yonlarida sog‘-salomat yuray. Marhamatingni darig‘ tutma, Allohim!..” Va!.. qornining pastidagi og‘riq asta-sekin tarqab, ko‘ngil aynishi ham to‘xtadi, o‘zi uxlab qoldi.
Kampir ko‘p yillar o‘sha kecha ro‘y bergan voqealarni birovga aytishdan uyalib, ammo bu voqealarning rost-yolg‘onligiga o‘zi ham ishonib-ishonmay yurdi. O‘sha kechaning yagona haqiqati shuki, Xudo Noilasini qaytib berdi. Shu kechadan boshlab, Noila bir piyola-yarim piyoladan taom yeb, asta-sekin ovqatga kirib, oyoqqa turib ketdi.
* **
Nozima qizi Gretsiyada yurgan qo‘shnisinikiga singlisini ko‘p marta yubordi. Qo‘shni bir borganda u dedi, ikkinchi borganda bu dedi, xullas, qizining telefonini bermadi. Oxirida “Olti oylardan so‘ng o‘zi keladi, shunda o‘ziga uchrashasizlar”, dedi. Ham erdan, ham bolalardan, ham o‘ynash bergan omonat boshpanadan mosuvo bo‘lgan Nozimaning bor umidi shu javobdan edi, nazarida u orzu qilgan jannatning eshigi aynan Gretsiyada edi. Gretsiya ham bo‘lmadi. Olti oy shu taxlit, sharpadek

sudralib yurish osonmi? Shunday dunyolarga sig‘may yurgan kunlarning birida singlisi gap topib keldi: “Sayyora degan dugonamning opasi Dubayga ishlagani ketayotgan ekan“.
Ular shu kuniyoq Sayyoralarnikiga borishdi. Sayyoraning opasi – bir bolasi bilan eridan ajrashgan do‘ndiqqina juvon ularni juda shodon kutib oldi: “O‘zi rosa siqilib yurgan edim. Ra’no opani menga Xudoning o‘zi ro‘para qildi. Na viza uchun, na yo‘lkira uchun pul yo‘q edi. Qiynalib yurgan ekansan, hozircha o‘zim to‘lab turay, borgandan keyin ishlab qutulasan, deb, hammasini o‘zi to‘lab yubordi”. Unga qarab Nozimaning ham kayfiyati ko‘tarildi: “Singiljonim, shu ayol bilan meni ham uchrashtiring. Men ham sizga o‘xshab boshpanasiz qolganman, bir-ikki so‘m ishlab kelmoqchi edim”. Juvon uni darhol Ra’no opasi bilan bog‘lab berdi, shu yerning o‘zida ular uchrashadigan joylarini belgilab olishdi. Xuddi ertaklardagidek, nihoyat baxt eshiklari bir-bir ochilayotgan edi.
Ra’no opa burni bigizday, bo‘ylari uzun, qotma tatar ayol ekan. Nozimaga boshdan oyoq razm soldi. So‘ng:
– Qo‘lingizdan nima ishlar keladi? – deb so‘radi.
– O‘zim o‘qituvchiman, maktabda ona tilidan dars beraman. Boylarning xonadonida enagalik qilishim mumkin. Kompyuterni yaxshi bilaman, kompyuter markazlarida ishlashim mumkin.
– O‘h-hu, ishtahangiz yaxshi-ku, – kuldi ayol. – U yoqqa borgandan keyin ish tanlamaydilar, ish sizni tanlaydi. Qaysi ishga to‘g‘ri kelsangiz, o‘sha ishni berishadi. O‘qituvchilik, enagalikni esa orzu ham qilmang, u yoqdagilar bolalarini allaqayerlardan kelgan allakimlarga topshirib qo‘yishmaydi.
– Yo‘-o‘q, mayli, opa! – darhol gapini to‘g‘irladi Nozima. – Men ish tanlamayman. Qanday ish bo‘lsa ham qilaveraman. Menga pul kerak. Yaxshi haq berishsa, bo‘ldi.
– Ana, bu gaping ma’qul. – Ra’no opaning chiroyi ochilib, birdan sensirashga o‘tdi. – Ishlaganda qulday bo‘l, yashaganda bekday bo‘l. Xo‘sh, hozir qancha puling bor? Vizaga, biletga, ishga joylashtirishgani uchun...
– Bor ozroq, yetmasa, tilla taqinchoqlarimni sotaman...
– Mayli, viza bilan biletning pulini qilib ber. Qolganini o‘sha yoqda olgan maoshingdan uzilasan. Viza bir oylarda hal bo‘ladi, pasportingni menga keltirib ber. O‘zing ishlaringdan bo‘shab, tayyor bo‘lib tur.
Maktabdagilar hang-mang bo‘lib qolishdi: “O‘qituvchi odamga Dubayda balo bormi?”, “Shu ayolga hayronman, binoyiday ro‘zg‘orini tashlab, onasinikiga ketib qolgan edi. Endi chet elga ketarmish. Tavba. Qanoat yo‘q-da ba’zi ayollarda... Essiz”.

Mastura tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqdi: “Dugon, Ra’no tuzuk xotin emas, sen unga ishonma. Xor- zor bo‘lib, o‘sha yoqlarda o‘lib ketasan”.
Nozima unga quloq tutadigan kayfiyatda emas edi: “E-e, qo‘ysang-chi, bir chetga chiqib olsam, bo‘ldi. Ular tavsiya qilgan ish yoqmasa, o‘zim ish axtaraman. Arabiston yoqmasa, Amerikaga ketaman. Meni bilasan-ku, hech qachon o‘zimni xor qildirib qo‘ymayman”.
“Dugon, bu yerdagi gaplar u yoqlarga to‘g‘ri kelmaydi. Arabistondan Amerikaga borishning o‘zi bo‘ladimi? Hech bo‘lmasa, biletga puling bo‘lishi kerakmi?”
“Pulni topaman. Ishlayman. Men uchun qanday ish bo‘lishining farqi yo‘q. Pol yuvishmi, yuk ko‘tarishmi, qilaveraman. Onam, “Eh, yosh bo‘lmadim-da, men ham borar edim, ham pul ishlaysan, ham dunyo ko‘rasan”, deb havas qilib o‘tiribdi. Agar ishlarim yaxshi bo‘lsa, boshqa mamlakatlarga ham borib, tomosha qilib qaytaman. Undan ko‘ra, bolalaringni onangga topshir-da, o‘zing ham men bilan yur!”
Ular uch qiz ekan. Dubayda qop-qora chodraga o‘rangan o‘rta yoshlardagi bir ayol kutib oldi. Chiroyli mashinada shahar ko‘chalari bo‘ylab ketishar ekan, Nozima o‘zini osmonning yettinchi qavatida yurganday, oyoqlari ostiga oppoq parqu bulutlardan poyondozlar to‘shalgandek, quloqlari tagida yulduzlarning shivir-shiviri eshitilayotganday bo‘lardi. Ular uzoq yurishdi, aylanib-aylanib, allaqanday tor ko‘chaga kirib borishdi. Ko‘p qavatli bo‘lsa ham uylarning suvoqlari ko‘chib yotganiga qaraganda, bu joylar shaharning kambag‘alroq qatlami yashaydigan bir chekkasi bo‘lsa kerak. Mashina to‘xtagan uydan chiqqan badqovoq kishi arab tilida nimalardir deb g‘o‘ldiragancha ularni uyning ikkinchi qavatida joylashgan bir xonaga boshlab kirdi. Xonada to‘rtta karavot va bitta shkafdan boshqa hech qanday jihoz yo‘q edi, xona juda issiq va dimligidan Nozimaning ko‘ngli ozib ketdi. Chodrali ayol ularning pasportlarini olib, ancha payt yo‘q bo‘lib ketdi. Eskirib ketganidan asl rangi qanday bo‘lganligini ham bilib bo‘lmaydigan deraza pardaga qarab, negadir Nozimaning kayfiyati tushdi. Sekin borib karavotlarning biriga o‘tirdi, beixtiyor Noilasi, oxirgi marta xayrlashayotganda kichkinagina barmoqlari bilan ko‘z yoshlarini artgani yodiga tushdi. Safar hayajoni bilan yurib, bolalarining oldiga bir kirishga hafsala qilmaganiga afsuslandi. Noilasi juda mehribon va muloyim edi...
Bir vaqt chodrali ayol kirib, tartib-intizomni tushuntirdi:
– Ovqatlaringni olib kelib berishadi, hojatga qo‘shni xonaga chiqasizlar. Derazalarni ochib, tashqariga qarash, ruxsatsiz tashqariga chiqish mumkin emas. Hozir yotib, dam olinglar.
– Bir yuvinib olsaydik... – xonaning dimligidan ular jiqqa terga tushib ketishgan edi. Qizlardan biri biroz erkin nafas olib, halovat topmoqchi bo‘ldi, shekilli.

– O‘zimiz olib boramiz, – dedi ayol sovuqqina qilib.
– Ishimiz qachon hal bo‘ladi? – Nozima hammaning ko‘nglidagi savolni aytdi.
Bu diqqinafas xonada hech birining ortiqcha bir daqiqa qolishga ham hushi yo‘q edi. Chodrali ayol unga o‘qrayib qaradi:
– Sabr yaxshi narsa, – dedi chiqib ketayotib. – Buncha betoqat bo‘lma.
O‘sha kuni ikki marta yuvindiga o‘xshash bir-bir kosa ovqat olib kirishganini aytmasa, ularni hech kim yo‘qlamadi. Ovqat yeyish uchun ham na dasturxon, na patnis, na stol bor edi. Bir kosa ovqat bilan ikki bo‘lak nonni qo‘llariga tutqazib ketishdi.
– Xuddi qamoqxonaga o‘xshaydi-ya, – dedi qizlardan biri o‘lganining kunidan iljayib.
– Sabr yaxshi narsa, – chodrali ayolning gapini takrorladi Nozima. – Qarab turaylik-chi, taklif qilgan ishlari yoqsa, “xo‘p-xo‘p”, yoqmasa, o‘zimiz ish izlayveramiz. Faqat pasportimizni qaytarib berishsa, bo‘lgani.
– Begona joyda ish topish osonmi? – qizlar allaqachon umidsizlikka tushib bo‘lishgan edi.
– Topiladi, g‘am yemanglar, – qizlar orasida yoshi kattarog‘i ham, dadilrog‘i ham Nozima edi. Davomi 24 betda
“Ish beruvchilar” tomonidan birinchi izlangan odam ham Nozima bo‘ldi. Nonushtadan so‘ng chodrali ayol uni birinchi qavatga olib tushdi. Bu qavat shinam va yorug‘ edi. Ular kirgan xona ham keng, xona sathiga qalin, yumshoq gilam to‘shalgan, derazalariga och rangli nafis pardalar ilingan edi. Xona to‘ridagi katta kresloda o‘tirgan yoshi o‘tinqiragan chiroyli ayol unga boshdan oyoq razm soldi, yoshini, oilaviy ahvolini surishtirdi va keyin chodrali ayolga qarab “Bo‘ladi” degandek bosh irg‘ab qo‘ydi. Lekin uni yangi ish joyiga olib ketish uchun tushga yaqin yoshgina yigitcha keldi. U qizlar bilan xayrlashib ketayotib, chodrali ayoldan pasportini so‘radi: “Opa, hujjatlarimni ham birdaniga olib ketay. Harqalay, begona mamlakat. Ertaga birov so‘rab qolsa, men sizni qayerdan izlab topaman, na ismingizni, na manzilingizni bilmayman”. Chodrali ayolning ingichka qoshlari ostidagi ko‘zlari g‘azabga to‘lib ketdi: “Sen qiz juda ko‘p gapirar ekansan. Sen avval bor, ishla, bir- ikki rial pul top. Seni bu yoqqa yuborganlar bor, sen uchun ish izlab topganlar bor. Avval shularning haqqini berasan, keyin pasportingni olasan. Men hamisha shu yerdaman, hech qayerga yo‘q bo‘lib ketmayman”.

Bu javob Nozimaga yoqmadi, ammo na iloj. Injiqlik qilib turaversa, tayyor ishdan ham ajralib qolishi mumkin. Nima bo‘lganda ham endi taqdiri shularning qo‘lida. Uni shinamgina mehmonxonaga olib borishdi. Butunlay boshqa tilda gaplashib yurgan odamlarni ko‘rib, nafasi ichiga tushib ketdi: “Endi nima qiladi? Na arabchani, na inglizchani biladi?” Uni foyening bezakli devori to‘sib turgan burchakdagi xonaga olib kirishdi, u yerda xuddi o‘ziga o‘xshash o‘zbek qizlarni ko‘rib, suyunib ketdi: “Voy, Xudoga shukr-ey. Endi ona tilimda bir og‘iz gapira olmay o‘lib ketamanmi, deb o‘ylagandim. Lekin men na ingliz tilidan, na arab tilidan bir og‘iz so‘z bilmayman, mijozlarga qanday xizmat qilaman?”.
Uning hayajoni qizlarga yoqmadi. Yelkasidagi tor-tanqis libosi kindiklarini ham yopa olmagan, ranglari biroz siniqqan, ammo o‘zi juda yoqimtoy qiz “Bu yerda ishlash uchun til bilish umuman shart emas”, deb piching qildi. Nozima bu pichingni tushunmadi:”Nega?” Qiz “uf!” tortdi, so‘ng “Ishlasangiz, ko‘raverasiz!”, dedi-da, karavotiga uzala tushib yotib oldi. Qolgan ikki qizning ham u bilan gaplashish niyati yo‘q edi, biri oyna yonida o‘tirib, pardoz-andoz qilar, ikkinchisi deraza tokchasiga tirsaklarini qo‘ygancha, ko‘chaga tikilib, xayol surib o‘tirardi. Nozimaning ko‘ngli yomon bir narsani sezganday bo‘ldi. Agar uni bir oshxonaga olib kirib, bir uyum idish-tovoqlarning boshiga qo‘yib, “Sen shu yerda idish-tovoq yuvasan”, desa, yoki mehmonxonaning bir qavatiga chiqarib, qo‘liga shvabra bilan pollattani tutqazib, “Shu qavat ozodagarchiligi uchun sen javobgarsan”, desa, boshqa gap edi. Hamxonalari ham g‘alati edi, uni nazariga ilishmadimi? Bir begona yurtda shunday munosabat qilish insofdanmi? Undan ko‘ra oldinroq kelgan hamshaharlarga o‘xshab, unday qil, munday bo‘l, deb, unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishmaydimi?
Kechqurun unga 7-xonaga qahva olib borishni tayinlashdi. Oshxonada unga kichkinagina finjonga solingan qahvani bejirim patnisga qo‘yib berishdi. Eshik og‘asi ikkinchi qavatga kuzatib qo‘ydi. U patnis ko‘tarib, 7-xonaning katta qora eshigi ro‘parasiga kelganda oyoqlari butunlay o‘ziga bo‘ysunmay qo‘ygan edi. Ayniqsa, mehmonxona xodimlari kiygizgan tor va etaklari kalta ust-bosh, yangi poyafzalda o‘zini juda noqulay his etayotgan edi. Uning ahvolini tushunganidanmi, yo‘lak boshida turgan eshik og‘asi yugurib kelib eshikni ochib berdi. Nozima bor jur’atini to‘plab, ichkariga kirdi. Nimqorong‘u yo‘lakdan keyingi xona keng va yorug‘, katta divanda o‘tirgan qop-qora semiz kishi u kirishi bilan nigohini televizordan olib, unga qaradi va qarab turib, negadir jilmaydi, o‘zining tilida chuldirab, nimadir dedi. Nozima garchi uning tiliga tushunmagan bo‘lsa-da, zimmasiga yuklatilgan vazifani risoladagidek bajarish niyatida mehmonga yengilgina ta’zim qilib, uning oldidagi bejirimgina stolga patnisni qo‘ydi. So‘ng yana bir bor ta’zim qilib, ortiga burilib ketayotgan edi, mehmon o‘z tilida bir narsalar dedi.
Nozima uning gaplariga tushunmasa ham iziga qaytib, unga savol nazari bilan qaradi, u til bilmasa, hatto “xo‘sh, xizmat?” ham deya olmasa, so‘zsiz og‘ziga termulishdan boshqa nima chorasi bor? Mehmon ham uning ahvolini tushundi shekilli, endi unga gapirmay qo‘ya qoldi. Bir kulib, go‘shtdor qo‘llarini “kel” degandek havoda aylantirib, yonidan joy ko‘rsatdi: “O‘tir”. Nozima nima qilishini bilmay qoldi. Burilib, ketib qolay, desa, unga “mehmonni xafa qilish mumkin emas”, deb

tayinlashgan. O‘tiray desa, “xafa qilinmasligi kerak” bo‘lgan kishi shu qadar yoqimsiz ediki... U barmoqlarining qaltirayotganini sezdirmaslik uchun qo‘llarini qovushtirib olgancha mehmonning qarshisiga kelib to‘xtadi. Uning keng, go‘shtdor yuzi, qavat-qavat bo‘lib, osilib yotgan baqbaqalari, tugmalari ochiq ko‘ylaklari oldida gumbazdek do‘ppayib turgan qorni va ko‘zlaridagi odamni yerga urar darajadagi bepisand chorlovni ko‘rib, badanlari junjikib ketdi. Mehmon esa o‘rnidan turib, lapanglab uning yoniga keldi-da, nozik bellaridan ushlab, ichkariga boshladi...
* **
Unga yarim tundan keyin javob tegdi. U muzdek suvning tagiga kirib, bir soat yuvindi, boshi uzra to‘kilayotgan muzdek suvga cho‘mildimi, ko‘zlaridan tirqirab oqayotgan qaynoq nomus yoshlarigami, bu faqat yaratganga ayon. Oxiri ertadan kechgacha deraza oldida xayol surib o‘tiradigan qiz yuvinish xonasiga kelib, eshikni ura boshladi: “Chiq, hay, chiqsang-chi!”.
Nozima u yerdan ko‘zlari qip-qizil bo‘lib chiqdi. Haligi qiz yana uning “yangi” yarasiga tuz sepdi: “Bu suvlar bilan biz endi o‘zimizni poklay olmaymiz. Biz faqat o‘zimizni emas, yetti pushtimizni yerga soldik”, dedi. Nozima endi to‘shakka kirib, boshiga ko‘rpasini burkab oldi-da, tong otguncha yig‘ladi. Tong mahal ko‘zi ilindi. Tushiga Noilasi kiribdi, u do‘ndiqqina qo‘lchalari bilan ko‘zlarini artayotgan emish.
Ertasi kuni “Enaboshi” – qop-qora chodraga o‘rangan baland bo‘yli keksa ayol ularning xonalariga kelib, uning yelkalarini silab, o‘z tilida bir narsalar deb qizlarga gaplarini tarjima qilib berishini so‘radi. Ma’lum bo‘lishiga, kecha Nozima xizmat qilgan kishi Dubayning eng badavlat biznesmenlaridan biri bo‘lib, uncha-muncha joylarga boravermas ekan, Nozimaning sharofati bilan kecha juda xursand bo‘lib ketibdi va bu oqshom yana mehmon bo‘lishini aytibdi.
– Lekin u o‘zini juda yaxshi tutdi, – dedi enaboshi u haqda. – Ba’zi qizlar o‘zini har tomonga urib, o‘ziga ham, boshqalarga ham muammo keltirib chiqaradi. Bu esa o‘zini shu qadar osoyishta, muloyim tutdiki, go‘yo bir umr fohishalik bilan shug‘ullangan ustasi farang ayollardek.
Bu gapni eshitib, Nozima hang-mang bo‘lib qoldi.
– Sen nima deb o‘ylaganding? – dedi xayolparast hamxonasi uning hayrat va uyat hissidan katta- katta ochilgan ko‘zlariga qarab. – Bir xonaning burchagida bo‘layotgan ishlarni o‘zimdan boshqa hech kim bilmaydi, deb o‘ylaganmiding. Har bir xonaga, hatto yo‘laklarga ham kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Sen nima qilayapsan, nimani o‘ylayapsan, hammasini kuzatib o‘tirishadi.
– Ifloslar!

Kechqurun uni yuvintirib, sochlarini ham o‘zlari turmaklab qo‘yishdi. Kechagidan ham chiroyli liboslar kiydirishdi, keyin qo‘llariga ikki finjon qahva qo‘yilgan patnis bilan ostonagacha kuzatib qo‘yishdi: “Sen uning ko‘nglini ol, kerak bo‘lsa, xushomad qil. Shunday avraginki, u bizning mehmonxonamizdan chiqa olmay qolsin”. Enaboshining gaplarini tarjima qilib berayotgan “xayolparast” hamxona qo‘shimcha qildi: “Agar men sening o‘rningda bo‘lganimda shunday avrar edimki, u meni mana shu ifloslarning qo‘lidan qutqarib olib ketishga majbur bo‘lar edi”.
Nozima esa jiqqa terga tushib, harsillab yotadigan “bir qop go‘sht”ga xushomad qilib, avrash emas, basharasini ham hech qachon ko‘rmasam, hansirashlarini hech qachon eshitmasam, der edi.
Ammo, na iloj!..
Lekin bu safar qaytib kelgach, yig‘lamadi.
Ertasi kuni ertalabdan “qahva” buyurishdi. O‘ttiz yoshlarga kirgan, bo‘ylari baland, kelishgan yigit edi. Avvalgi Nozima bo‘lsa, uni uchratib qolsa, “o‘h, buncha chiroyli yigit ekan”, deb ko‘ngli bir sust ketishi aniq edi. Ammo bir begona yurtda, har qancha barno yigit bo‘lmasin, bir og‘iz so‘ziga tushunmasa... Shunday bo‘lsa ham yengilgina ta’zim bilan patnisni yigitning oldiga qo‘ydi. Yigit qahvani qo‘liga olib, bir-bir ho‘plab ichar ekan, jonsiz bir jismni tomosha qilayotgandek uni kuzatar edi. Finjonni bo‘shatgach, lablarini artgan qo‘lsochiqni stolning ustiga otib yubordi-da, sakrab o‘rnidan turdi. Hamon qarshisida itoatkor mulozimlardek qo‘l qovushtirib turgan Nozimani bilagidan ushlab, yotoq bo‘lmasiga deyarli sudrab kirgizib ketdi...
Nozimaning ilojsizlik tufayli ko‘rsatayotgan itoatkorligi sabablimi yoki mehmonxona mijozlariga yoqib qoldimi, ba’zi kunlari enaboshi uni o‘n martalab qahva olib kirishga majbur qilardi.
– Charchadim, tinka-madorim qurib qoldi, – astoydil iltijo qilar edi u enaboshiga, so‘ng tarjimonlik qilayotgan hamxonasiga yalinar edi, – ayting, haqiqatan ham ilojim yo‘q.
– Bu yerda charchash mumkin emas! – enaboshining qahri kelar edi. – Sening erkaliging, injiqliging tufayli mehmonxona mijozlarini yo‘qotishiga shunchaki qarab tura olmayman.
Bir kuni u haqiqatan ham o‘rnidan tura olmadi, juda toliqqan, butun a’zoi badani qaqshab og‘rir, ko‘zini ochishga ham holi yo‘q edi. Enaboshi tepasiga kelib, baqirdi, chinqirdi, silkilab, urib ham tashladi. U baribir turmadi, tura olmadi. So‘ng uni kartoshka-piyozlar saqlanadigan zax, qorong‘u oshxona omboriga kirgizib tashladi. U to‘shaksiz muzdek beton ustida yotib, chor-atrofida nimalardir yugurib yurganini, qitir-qitir qilib, bir narsalarni kemirib yeyayotganini eshitib yotar edi. “Sichqon bo‘lsa kerak”, o‘zicha o‘yladi u. “O‘rnimdan turib, hech bo‘lmasa, biron narsaga suyanib o‘tirsaydim. Yotaversam, quloqlarimning ichiga kirib ketishi ham hech gap emas”. U bir amallab o‘rnidan turdi. Sal narida qandaydir qog‘oz qutilar taxlanib turardi. U o‘tirgan joyida siljib-siljib,

olamjahon yo‘l bosgandek terga tushib, o‘sha qutilarning yoniga yetdi, so‘ng bir xo‘rsinib, qutilarga orqasini berdi-da, oyoqlarini uzatgancha, ko‘zlarini yumdi: “Sal bo‘lsa-da, bexavotir-da”. Bir vaqt yumshoqqina bir narsa oyoqlarining ustidan yugurib o‘tganday bo‘ldi. Ko‘zlari yarq etib ochilib ketdi. U jon-jahdi bilan oyoqlarini tortib oldi va vahima bilan atrofni kuzata boshladi. Ko‘p o‘tmay shundaygina besh-olti qadam narida no‘xatdek ko‘zlarini lo‘q qilgancha uni kuzatib o‘tirgan qop- qora kalamushni ko‘rdi, allaqayerlardan yana chiy-chiylagan ovozlar keldi, demak, u yolg‘iz emas. Nozima bolalikdan kalamushdan juda qo‘rqar edi, u qalt-qalt qaltiragancha tizzalarini quchoqlab oldi. Kalamush esa qilt etmay, uni kuzatishda davom etardi. Ko‘p o‘tmay uning yoniga yana bir kalamush keldi, o‘zaro chiy-chiylashib, allanimalar haqida gaplashishdi, so‘ng birgalashib, omborning qorong‘u burchaklariga o‘tib ketishdi.
Ha, enaboshi, unga juda oqilona jazo belgilagan edi. “O‘ylab ko‘r, xonalarga qahva olib kirish osonmi, kalamushlar bilan yotish osonmi? Agar mijozlarga xizmat qilishdan bosh tortsang, kalamushlarga yem bo‘lasan!”.
Kalamushlar odam go‘shtini yermikin-a, o‘yladi Nozima. Albatta, yeydi. Shu o‘tirgan joyida o‘lib qolsa, uni ham...
Bir ko‘ngli o‘rnidan turib, ombor eshigini qoqib, uni chiqarib olishlarini iltimos qilmoqchi bo‘ldi, yana fikridan qaytdi. Sababi, birinchidan, eshikkacha borishga madori yo‘q, ikkinchidan “qahva tashib” yurguncha shu yerda o‘lib qo‘ya qolgani ma’qul. O‘lganidan so‘ng kalamush yeydimi, boshqa narsa yeydimi, nima farqi bor? O‘zicha shunday qarorga kelib, behol ko‘zlarini yumdi-yu, lekin ustixonlarini kalamushlar kemirayotganday, yana seskanib ko‘zlarini ochdi. U juda majolsiz edi, yana ko‘zlari o‘z- o‘zidan yumilib ketaverdi. Shu taxlit to hushidan ketib qolguncha o‘tiraverdi, oyoqlari ustidan necha bor kalamushlar sakrab o‘tganini bilib o‘tirar, lekin oyoqlarini yig‘ib olishga unda na mador, na xohish bor edi...
Ertasi kuni uni yana xonasiga olib chiqishdi. Yuvintirib, oldiga bir-biridan shirin ovqatlar qo‘yishdi:
– Tuzuk-tuzuk yeb, o‘zingga kelib ol. Hali sening qiladigan ishlaring ko‘p.
Uning ko‘zlaridan tirqirab yosh chiqib ketdi. Enaboshi qoshlarini chimirgancha unga qarab turdi-da, qizlarga yuzlanib, o‘z tilida allanimalar dedi. Qizlardan biri o‘rnidan turib bir piyolani to‘ldirib, sharob quyib uzatdi:
– Ma, ich. Tezroq yaxshi bo‘lasan.
U indamay piyolani oldi-da, sekin-sekin ho‘plab ichdi. Sharob juda xushbo‘y va yoqimli edi, muzlab yotgan a’zoi badani biroz qizishganday bo‘ldi. Qizlar majburlab, uch-to‘rt qoshiq sho‘rva ichirishdi, bir-ikki tishlam non yedirishdi, keyin yana sharob tutqazishdi. Keyin o‘z-o‘zidan ishtahasi ochildi va