– Qizim dabdabalarga qiziqmaydi, to‘rt yuz-besh yuz kishini yedirib-ichirib, keyin qarzga boti-ib yurishning nima keragi bor ekan-a, deydi doim. Bu endi ikkinchi darajali masala, oldin bir ko‘rishishsin... Biz ham qarindoshlar bilan maslahatlashib olaylik.
Kampir uyga g‘azna topganday bo‘lib qaytdi.
– Agar maymunga o‘xshagan bo‘lsa ham, shu xotinning qizini olganim bo‘lsin. Chol kuldi:
– Esli-hushli qiz bo‘lsa, adirga ko‘chib nima qilasan?
– Yo‘-o‘q, yaqindagi tishlashar, olisdagi kishnashar, chol. Tishlashguncha kishnashib yurgan ma’qul. U o‘g‘limga zo‘r xotin bo‘la olishiga imonim komil, lekin nevaralarimga qanday ona bo‘lishini bilmayman. Bilasiz, ko‘zim yetmagan narsaga tavakkal qilmayman. Insof qilib, ona bo‘laman, desa, shu yerda turib ham, onalik qilaveradi. Haftada bir tandir non qilib yuborsin, borib kirlarimni yuvib bersin. Tansiqroq ovqat qilganda, bir tovoq ko‘tarib borsin. Mehr beraman, desa, kim uning yo‘lini qaytarardi?
– Yaxshi, lekin qiyin ishni zimmangga olayapsan, kampir. O‘ylab-o‘ylab, ba’zan o‘yimning oxiriga yetolmayman. Bu bolalar maktabga qanday qatnaydi. Yo‘l olis bo‘lsa...
– Siz-chi, bobosi. Bir eshak olamiz, eshakka mingashtirib, olib borasiz, olib qaytasiz. Hali shoshmay turing, chol! Hali to‘g‘ri qilgan ekansan, senga rahmat, kampir, deysiz.
– Hey, bilmadim-da.
Qiz Sardorga ham ma’qul tushdi:
– O‘zlaringiz bilasizlar, sizlarga ma’qul kelgan bo‘lsa, menga baribir. Lekin ular azador ekan-ku.
– E-e, bolam, el yig‘ib, “dangur-dungur” qilib yotish niyatim yo‘q. Borib zagsdan o‘tib kelasizlar, to‘rt qarindoshni chaqirib, nikoh o‘qitamiz, bo‘ldi. Onam nikoh to‘yini hech qanday sabab bilan ham kechiktirmaslik kerak, nikohga shayton aralashib, buzaman, deb turar ekan, shuning uchun to‘y boshlanayotganda qari-quri birov-yarim omonatini topshirib qolsa ham, mayyitning yuzini yopib qo‘yib, nikoh to‘yini o‘tkazaverish kerak, der edi.
– Unda o‘zingiz bilasiz.
– Sen adirdagi uyni tezroq sozla. Xonangdagi yotoq mebelini bir xonaga, mening xonamdagini bir xonaga joylashtir. Otang bilan Sanjarga bir yotoqxona, Noila bilan menga bir yotoqxona bo‘ladi.
Mehmonxonaga yangi jihozlar ol. Barnoga aytsang, parda tikuvchi qizlaridan ikkitasini beradi, o‘lchab ketib, parda tikib beradi. Hammasi tayyor bo‘lgandan keyin bir osh qilib, opa-akalaringni o‘sha yoqqa chaqiramiz-da, bizning ko‘chganimizni ma’lum qilamiz.
– Enajon, – Sardor onasining yelkasidan quchdi. – O‘zingizga jabr qilayapsiz-da. Meniyam noqulay ahvolga solib qo‘yayapsiz. Bir umr “tiq-tiq” tinmadingiz. Qarigan chog‘ingizda sizga nima jabr shu ishni bo‘yningizga olib? Kenja Hamidovichning qizi yomon qizga o‘xshamaydi. Yana shu yerda men turib, siz turib, shu bolalarni turtkilashga tashqaridan kelgan birovning haddi sig‘armidi?
– Mayli, bolam. Odamning boshi tegirmonning toshi. Bu bosh sening boshingdan ko‘ra ko‘proq savdolarni ko‘rdi, kechirdi. Borib xabar olib turasan. Bir qo‘l telefon olib berasan, kerak bo‘lsang, zing‘illatib chaqirib olaveraman. Rossiyada butun-butun qishloqlarda faqat qariyalar yashar ekan. Ularning-ku, holidan xabar oladigan odami yo‘q, bolalari nonini topib yeydigan bo‘lgach, shaharlarga ketib qolishadi. Qaytib kelishmaydi. Xudoga shukr, mening yonimda otang bor, “huv” desam, chopib keladigan olti bolam bor. Adir qochib ketibdimi, telefon bilan taksi chaqirib, o‘zimiz ham kelib ketaveramiz. Sen bo‘shashib o‘tirguncha, ishni tezlashtir. Hammasi tayyor bo‘lgach, avval meni olib borasan. O‘zim bir ko‘rayin.
– Goskomissiya!.. – kuldi Sardor.
Ammo haqiqiy “goskomissiya” kimligi adirda osh tashkil qilingan kuni ma’lum bo‘ldi. Nikohdan ikki hafta o‘tgan edi. Uy, jihozlar, sharoit, hammaga juda ma’qul bo‘ldi.
– O‘h-hu, Sardor, senga gap yo‘q! Buncha pulni qayerdan topding?
– Ajoyib fazenda bo‘pti. Bog‘ni kengaytirib, bir odam qo‘ysang, bir umrlik daromad manbai bo‘ladi. Sarflagan pulingni yuz hissa qilib chiqarib olasan.
– Uka, ota moli sherik, deganlar. Shu joyni menga ber. Qilgan xarajatlaringni o‘zim to‘layman. Robiya kampirning qarorini eshitishgach, hamma bir bo‘lib Sardorni talay ketdi:
– Uka, erkakmisan o‘zi? Yarimjon kampirga ikki bolangni berib, shu adirga haydadingmi?
– Enam o‘z uyiga sig‘may qolgan bo‘lsa, o‘zim obketaman, sen bolalaringni olib qol.
– Uka, xotin topiladi, ona topilmaydi.
Ta’na-dashnomlar kishi bilmas tobora chuqurlashib borar, aybsiz aybdorlar – yangi kelin bilan ikki bola asosiy nishonga aylanib borardi.

Kampir o‘rtaga chiqmasa bo‘lmaydigan bo‘ldi:
– Huv, bolalarim, bu uyni sozlatish kelin kelishidan ikki-uch oy oldin boshlangan edi. Bu yerga kelish mening irodam, mening xohishim. Qariganimda boy bo‘lishni xohlab qoldim. Qancha yer bo‘sh yotibdi. Bir yordamchi olib, mol qilamiz, asalari qo‘yamiz, bog‘ni yana to‘rt baravar kengaytirsa bo‘ladi. Qishloq to‘la bekorchi, chaqirib, ish bersang, ular xursand. Ishim bitganidan men xursand. Yer deganlari xazina-ku, ota-bobolaringdan qolgan xazinani tashlab qo‘yib, yuribsanlar, arzimas maoshning izidan quvib. Sizlar Sardorni urishguncha, Sardorga rahmat aytinglar, – keyin kulib-kulib qo‘shimcha qildi. – Yaxshisi, Sardorga havas qilinglar. Sardor kenja bo‘lgani uchun bu yerdan olinadigan daromadning ellik foizi Sardor bidan kelinniki bo‘ladi.
“Goskomissiya”ning nafasi ichiga tushib ketdi. Yangi kelin bilan Gulzor oshdan bo‘shagan idishlarni yig‘ishtira boshladi.
– Baribir, men noroziman, – kimgadir nimadir alam qildi. – Katta bo‘ldik, gunohkor bo‘ldikmi? Sardoringizga shaharda bir uy, adirda bir uy, shuncha bog‘-rog‘i bilan. Uning bor-yo‘g‘i ikkita bolasi bor. Kelin ham oylikchi. Biz jo‘jabirday jon bo‘lsak, bir o‘qimagan qizni olib bergansiz, shuning kamini to‘ldiraman, deb...
– Haliyam oling, bir o‘qiganini! Boshingizda yong‘oq chaqsin.
– Ena, o‘zingiz bizni hamma masalada arrani to‘g‘ri tortishga o‘rgatgansiz. Nega endi o‘zingiz arrani qiyshiq tortayapsiz? Ota, sizam bir narsa desangiz-chi?
Ota esa odatdagiday yonbosh tashlagancha, kulib yotardi. – Biz hazrati oliyalarining so‘zini ikki qila olmaymiz.
– E-e, ota!..
Ular “vag‘-vug‘” to‘polon bilan tarqalishganda, kun kech bo‘lib, quyosh bepoyon adirliklar uzra o‘zining mayingina nurlarini sochar, g‘ir-g‘ir esib turgan shabada allaqanday adir gullarining xushbo‘y hidlarini keltirib dimoqqa urar, olis-olislardan yovvoyi qushlarning yoqimsiz qag‘illagan ovozlari eshitilib turardi. Sardor bilan yangi kelinni zo‘rg‘a jo‘natishdi. Ular “Shu yerda qolaylik, ertalab nonushtalaringni qilib berib, keyin qaytamiz”, deb turib olishdi. Kampir “Mol-hol bor, boringlar, o‘z uylaringga mehr qo‘yinglar”, deb qo‘ymadi. Oxiri kelin “Xo‘p, onajon, yaxshi dam olinglar”, deb, Sardor bilan yo‘lga tushdi. Kelinning muomiaasida, qarashlarida eriga nisbatan bir intiqlikni ko‘rib, kampirning ko‘ngli o‘sdi. O‘zining kelinlik davridan qolgan, keksa tutning soyasiga qo‘yilgan supada qo‘ltiqtayoqlariga suyangan ko‘yi uzoq o‘tirdi. O‘tirgan joyida yonboshidan joynamozini olib, shomni ham o‘qib oldi. Bolalar bobolari bilan ichkarida qandaydir yangi filmni

ko‘rib yotishar edi. “Allohga shukr”, kampirning ko‘ngliga xotirjamlik inganday bo‘ldi, o‘zicha hayotidagi hamma tashvishlarni yengib, tokchama-tokcha taxlab chiqqandek edi.
Kino tugagach, joy talashish boshlandi: – M-momom bilan men yotaman.
– Men yotaman, momom bilan! Sen o‘g‘il bolasan, sen bobom bilan yotishing kerak. To‘g‘rimi, momojon!
– Y-yo‘q, momom bilan men yotishim k-kerak, men har doim momom bilan yotaman, ana, momomning o‘zi aytsin. S-sen Gulzor opam bilan yot!
– Momo, ayting, kim bilan yotasiz?
Momo ularga qarab, kuldi:
– Ikkovlaring ham men bilan yotasizlar.
– Ur-re!
– Ur-re!
– Yo‘q, momo, Sanjar bobom bilan yotsin. Ikki bola sizni bosqilab tashlaydi. Erkalatavermang shularingizni.
– Indama, karavotimiz katta, bular menga qarab yotadi.
Momo o‘rtada, ikki bola ikki yonga joylashdi:
– Momo, endi ertak!..
– Hozir kino ko‘rib chiqdilaring, kino ham ertak-ku, yana ertak kerakmi? – Kerak, kerak! Sizning ertaklaringiz kinolardan ham zo‘r.
– Mayli, mayli, qaysi ertakni aytay? – T-toshbo‘l bilan Erkenjani!
– Yo‘q, Zumrad bilan Qimmatni!

– Xo‘p, ikkalasini ham aytamiz. Avval “Zumrad bilan Qimmat”ni aytamiz. Chunki biz singillarni hurmat qilamiz, yaxshi ko‘ramiz. Hali katta bo‘lib oylik olgan vaqtlaringda ham xotiningga bir narsa olsang, singlimga ham olay shu narsadan, deb turishing kerak. Tushundingmi? Qadim o‘tgan zamonda...
Noila tez uxlab qoladi. Sanjar ikkinchi ertak tugaganda ham uxlamaydi, uxlayolmaydi.
– M-momo, ch-charchamadingizmi?
– Yo‘q, nimaydi, bolam.
– Ya-yana bitta ertak aytib bering. Faqat uzunidan, hech tugamaydiganidan. Sh-shoshmang, avval orqamni bir qashlab qo‘ying.
Momo uning yumshoqqina tungi ko‘ylagini ko‘tarib, orqasini qashladi, suyib-suyib yelkalarini, nozik bilaklarini, oyoqlarini uqalab qo‘ydi. Bola momoning pinjiga kirib, uzoq jim qoldi.
– M-momo, – anchadan so‘ng yana kampirga so‘z qotdi.
– Ha, o‘g‘lim?
– M-momolar onaga o‘xshaydi-ya?
– Ha, bolajon, momolar ham aslida ona-da. Ular ham bola tuqqan, bola o‘stirgan.
Bolaning savoli kampirni o‘ylantirib qo‘ydi: “Onasini sog‘inibdi, shekilli. Ona, baribir ona-da. Momomning qatlamasidan onamning shapatisi shirin, deb bejiz aytishmagan-da. Sen onasiga o‘xshashing mumkin, lekin hech qachon onasining o‘rnini bosa olmaysan”. Kampirning ko‘ngli g‘alati bo‘lib ketdi: “Mayli, o‘lmasin”.
– Ha, bolam, onangni sog‘indingmi?
Bola yana ancha payt jim qoldi, u chamasi momosidan tortinayotgan edi:
– U-urishmaysizmi, – dedi anchadan keyin sekingina.
– Nega urishaman, bolam? Odamning o‘z onasini sog‘inishi sira gunoh emas. – M-men onamni juda sog‘indim. N-noila ham sog‘ingan. M-momo?
– Ha, bolam?

– Sh-shu onamni chet eldan chaqirib olsak, shu yerda biz bilan yashasa bo‘lmaydimi?
– Bolam, onang bunday qishloq joylarni yomon ko‘radi. U hozir juda chiroyli katta shaharda yashayapti. Unday chiroyli joylarni tashlab, bizning cho‘ldagi uyimizga kelmaydi-da. Kelsa, qaniydi...
– M-momo?
– Ha, bolam?
– M-men katta bo‘lsam, kim bo‘laman, deyinmi?
– Kim bo‘lasan?
– Sh-shaharlar quradigan arxitektor.
– Voy, bolaginam-ey, arxitektor shahar qurishini qayerdan bilib ola qolding.
– M-multfilmimdan. K-katta bo‘lsam, shu adirning ustidan katta shahar quraman.
– Yo‘q, bolam, sen do‘xtir bo‘l. Qara, hammamiz kasalmiz. Men kasal, bobong kasal, singling kasal. Bizga o‘zimizning do‘xtir kerak. Shahar quraman, deb, kunning issig‘ida quruvchilar bilan kuyib- yonib yurasanmi? Do‘xtir bo‘lsang, salqingina xonalarda oppoq xalatlar kiyib, odamlarni davolab yurasan, keyin sen davolagan odamlar mening oldimga kelib, “Robiya momo, bir ajoyib nevarangiz bor-da, shunday bolani tarbiyalaganingiz uchun rahmat”, deyishadi.
– M-mayli, unday bo‘lsa, do‘xtir bo‘laman. – Yasha.
– M-momo, aslida men ham kasalman-a? H-hali maktabga borsam, bolalar ustimdan kulishsa kerak. O‘-o‘zimni davolash uchun ham do‘xtir bo‘lishim kerak.
Kampir nevarasining yelkasiga qoqdi:
– Sening kasaling sal narsa. Yozda dadang Toshkentga obborib, katta do‘xtirlarga ko‘rsatib keladi. Maktabga borguningcha yaxshi bo‘lib ketasan, Xudo xohlasa.
– R-rostdanmi?
– Albatta. Endi uxla. Sen bolaning uyqung uchib ketdi, shekilli, savoling ko‘paydi.

– X-xo‘p, m-momo.
Aslida qadrdon uyga kelib, o‘zining ham uyqusi uchib ketgan edi. Bu uyning har burchagi bir hikoya aytadi, umrining yosh, go‘zal, sog‘lom damlarini yodga soladi. Sardor bu yerda katta ish qilgan, hamma narsani yangilagan, lekin aslida hammasi o‘sha-o‘sha edi. Adirlar o‘sha, adirlarga soya tashlab turuvchi tog‘lar o‘sha, bir issiq mehr bilan dunyoga qarab turgan hovli-joy o‘sha. Faqat Robiya boshqa edi! Ikki kunlab etik yechmay dalada yurib ham charchamaydigan Robiya o‘sha dalalarda bir umrga qolib ketdi.
Qaynonasi dongdor sut sog‘uvchi edi. Bir kuni rais kelib, “Opa, keliningiz bir birgadni olsin. Raykom xotin-qizlardan birgad qo‘y, deb yotibdi. Ularning aytganini qilmasam, qo‘ymaydi. Lekin har kimni ham sostavga kirgizib bo‘lmaydi. O‘ylab-o‘ylab, shu kelinga kelib to‘xtaldim, siz bir sinashta odamsiz. Onasiyam insof-diyonatli ayol edi. O‘g‘lingizni tabelchi qilib qo‘yaman. Qayerga borsa, birga borishadi, birga yurishadi. Uvol-savobi o‘zimning bo‘ynimda”, dedi.
Qaynonasi rahmatlik ham “Buning olti bolali ro‘zg‘orini qanday eplayman”, demadi. “Xo‘p, rais bobo, siz nima desangiz shu. Lekin bilib qo‘ying, biz mol talashmaymiz, or talashamiz”, dedi. Rais ham “xo‘p” dedi. Shu-shu eri bilan dalaga chiqib ketdi. Ko‘p o‘tmay kampirning ko‘zlari ojiz bo‘lib qoldi. Shunda ham olti bolani bog‘chasiz, enagasiz o‘zi katta qildi. “Men ularga, ular menga qaraydi”, der edi sho‘rlik doim. Endi o‘sha qismat Robiya kampirning hayotida takrorlanayapti. O‘sha uy, o‘shanday yarimjon kampir, bolalar... Kampir bolalarga qaraydi, bolalar kampirga qaraydi. O‘ylab qarasa, bolalari bilan nevaralarining taqdirida qandaydir o‘xshash jihatlar bor ekan. U birgad bo‘ldi, kunduzlari dalada, kechalari goh xirmonda, goh suvning boshida o‘tdi, u uydan chiqib ketayotganda ham, uyga qaytib kelganda ham bolalari uxlab yotishgan bo‘lar edi. Uning o‘rniga qaynonasi bolalariga mehr berdi, ulg‘aytirdi. Ehtimol, uning bolalari ham o‘sha ko‘zi ojiz kampirning qo‘ynida yotib, “Momo, momolar ham onaga o‘xshaydi-ya”, deb uni sog‘inishgandir.
Uning bolalariga atalgan mehrini paxta dalalari yeb qo‘ydi. Nevaralariga atalgan mehrni nima yedi? Nozima nega adashdi? Nega u hamisha hamma narsadan norozi bo‘lib yurardi? Atrofidagilarga yovga qaragandek qarardi, bir og‘iz gapdan to‘mtayib olardi. Hatto o‘z bolasidan araz urib, dasturxonni silkib, turib ketgan paytlari ko‘p bo‘lgan. Nega shunday edi u? Robiya kampir gazetalarda “Qilmish-qidirmish” deb qo‘yiladigan sarlavhalarni ko‘p ko‘rgan. Mana, yana bitta “Qilmish-qidirmish”. Qildi-qildi, o‘ziga qildi. Yo‘q, begunoh bolalariga ham qildi.
Ertalabki nonushtadan keyin tutning tagida yonboshlab yotgan cholining oldiga bir tuguncha olib keldi. Chol savol nazari bilan bir tugunchaga, bir kampirga qaradi. Kampir joylashib o‘tirib olgach, tugunchani yechib, undan yaltillab turgan qalin, qadimiy bilaguzuk chiqardi-da, cholining oldiga qo‘ydi:
– Taniyapsizmi? – kampirning ovozi titrab ketdi.

Chol bilaguzukni avaylabgina qo‘liga oldi-da, xuddi birinchi marta ko‘rayotganday sinchiklab qaradi. Ko‘zlarini yumib, bosh irg‘adi: “Ha”.
– Onangizga sovg‘a qilgan edim. Umrining so‘nggi kunlarigacha taqib yurdilar. Jon berayotganlarida ko‘zlari ko‘rmasa ham “Robiya” dedilar-da, qo‘llaridan yechib, qo‘limga taqib qo‘ydilar. Men buni hech kimga berolmay, o‘zim ham taqolmay yurgan edim. Bir kun Noilam katta bo‘lsa, shunga beraman, dedim oxiri. Bugun uning joyi chiqdi. Buni olib, Uldon tillochiga borasiz, vaqtida o‘zidan olgan edim, bu molning qimmatini u yaxshi biladi. Asl, toza, qadimiy mol. Puliga yigirma quti asalari olasiz, asbob-uskunalarini ham birdan oling. Qolganini Sardorga bering, Sanjarni Toshkentning do‘xtirlariga olib borib kelsin.
– E-e, kampir, Sanjarga nima qilibdi? Yaxshi-ku, kayfiyati yaxshi bo‘lsa, tili ham asta-sekin to‘g‘rilanib ketadi.
– Yo‘q, bobosi, bola erta-indin maktabga chiqadi. Oshnalarining oldida duduqlanishidan qisinib yurmasin. Bering, borib kelishsin. Bahona-da shahar aylanib keladi.
Olloqulboy bilaguzukni kaftiga qo‘yib, uzoq tomosha qildi.
– U enamning qo‘llarida juda chiroyli turar edi, – dedi keyin sekingina.
– Boshqa ilojimiz yo‘q, bobosi. Xudo xohlasa, ertaga asalning pulidan o‘nta bilaguzuk olasiz.
– E-e, senam gapirasan-da.
– Gapirsam-gapirmasam, sizni bilmadim-u, mening qaynotam asalarichi o‘tgan. Bu ishning hadisini olganman, hisobini ham bilaman.
– Ha, bo‘pti, gapirmadik.
– Asalarini har kimdan olmang, Jaloliddinboydan so‘rang, ularda bo‘lmasa, Qambarxon eshonning ham asalarilari yaxshi bo‘ladi.
– Brigadir momo, buyurishni yaxshi ko‘rasiz-a, – masxara qildi bobo. Kampir ham kuldi:
– Buyursam, begonaga buyurayapmanmi? O‘zimning tabelchimga buyurayapman. Birovlarga nega malol keladi?

– Ha, tabelchi bo‘lmay, biz o‘laylik. Tabel qilmay qo‘yganimizga ming yil bo‘ldi, niqtovingizdan qutulmaymiz.
– Shukr qiling, chol. Shu kampir yoningizda bor ekan, javrab, zeriktirmay o‘tiradi. Yo‘q bo‘lsam, nima qilar edingiz, quloq-burningiz kesilganday bo‘lib o‘tirarmidingiz?
– Shukr, shukr, kampir.
Sardor ham ko‘ngliga tugib yurgan ekanmi, qo‘liga pul tegishi bilan, Sanjarni olib, Toshkentga jo‘nab ketdi.
Ular ketishi bilan Noilaning tobi qochib qoldi. O‘zi parhezdagi nimjongina bola edi, butunlay hech narsa yemay qo‘ydi. “Ichim, ichim”lab, bosh ko‘tarmay yotgani yotgan. Bobosi mashina chaqirib, do‘xtirga ham obborib keldi. Bir dunyo dori-darmon olib kelib, muolajani boshlab yuborishdi hamki, qani, bola beri qarasa, og‘ziga bir ushoq olsa...
Kampir adoyi tamom bo‘ldi. Kecha-kunduzi bilan boshida kiprik qoqmay o‘tirar edi.
– Momo, o‘tirganingiz bilan ahvoli yaxshilanib qolmaydi. Yoniga o‘tib yoting, qarab yotasiz, – o‘zicha unga mehribonlik qilardi Gulzor.
– E-e, yo‘q, o‘tirganim yaxshi. Yotsam, men to‘qol uxlab qolamanmi? O‘sha oqshom bola alahsiray boshladi. Kampirning yuragi yorildi:
– Yo, qodir egam, shu norasidaning o‘rniga mening jonimni ol. Bu go‘dak dunyoga kelib, hali nimani ko‘rib ulgurdi. Hatto ona mehriga ham to‘ygani yo‘q. Men oshimni oshadim, yoshimni yashadim. Men sendan roziman, Allohim, shu norasidaning o‘rniga mening jonimni ol. O‘tinaman, Allohim. – Kampir qiblaga qarab, yig‘lab iltijo qildi, keyin xuddi jon berishga chog‘langandek joyiga o‘tib, cho‘zilib yotib oldi. Yotgan joyida ham yig‘lab-yig‘lab uxlab qoldi. Yarim tunda qornining pastki qismidagi qattiq og‘riqning azobidan uyg‘onib ketdi. Yonboshidagi tunchiroqni yoqib, qo‘ltiqtayoqlarini oldi-da, bir amallab, qo‘shni xonadagi hojatxonaga kirdi. Og‘riq kuchaygandan kuchayib borar, butun a’zoyi badanidan muzdek ter quyilar va negadir qayt qilgisi kelar edi. U bir amallab kafti bilan peshonasidagi terni sidirib tashladi. “Ha, Alloh iltijolarimni eshitibdi. Bu jonteri bo‘lsa kerak. Ha, vaqti soatim yetibdi, shekilli. Nima bo‘lsa ham pokiza to‘shagimda jon beray”. Sekin o‘rnidan turib, qo‘ltiqtayoqlariga osilib oldi. Kalimai shahodatni qaytara-qaytara, tahoratxonaga kirdi: “Betahorat ketmayin”. Xonasiga kirayotib, qo‘ltiqtayog‘i bilan cholining eshigini ikki marta urib qo‘ydi: “Bexabar qolib ketmasin”. Keyin kirib ohistagina joyiga cho‘zildi-da, ko‘zlarini yumdi. Og‘riq hamon butun vujudini larzaga solardi.