topadi? Bolalar-chi, bolalar? Ular halitdan onalarini sog‘inishayapti. Ertaga otalarining qo‘yniga o‘zga bir ayol kirsa-yu, ularni jerkib gapirsa, siltab tashlasa, boringki, bir xato ishi uchun to‘g‘ri tanbeh bersa, urishsa, bular qanday ahvolga tushadi? Axir, oilada busiz mumkin emas, o‘z bolangni ham urishasan, joyi kelsa, urasan, ammo o‘zingnikining o‘mganiga tepsang ham o‘tmaydi, kishinikiga kishmish bersang ham turmaydi.
So‘ng... Ikki o‘rtada hammaning dili xira, Sardor darg‘azab, bobo xafa, momo o‘ksingan: “Nahot shu ikki go‘dak o‘z uyiga sig‘masa?!”. Kelin ming andishali ayol bo‘lsa ham o‘zini oqlaydi: “Axir men bularga nima qilayapman?” Andishasizroq bo‘lsa, yuzingizni yirtib, bor haqiqatni aytadi-qo‘yadi: “Tuqqan onalari chet elda mazza qilib yursin, biz bu yerda bolalarining shaltog‘ini yuvib o‘tiraylik. Erta bir kun odam bo‘lganda “bolam-bo‘tam”lab keladi-da, ega chiqadi”.
Shundaylar desa, keyin momoning tiriklayin o‘lgani shu.
O‘sha kuni o‘zining tagiga bir kursini, tog‘oraning tagiga bir kursini qo‘yib, kir yuvib o‘tirgan edi. Momo azaldan kirni mashinada yuvishni yomon ko‘rardi. “Halolni ham, haromni ham aralashtirib yuboradi”, derdi. U o‘tirib yuvaverdi, Gulzor chayib-chayib yoyaverdi. Momoning qo‘llari oq yem bo‘lib ketdi, o‘zi jiqqa terga tushdi, lekin jovdirab ochilgan tor-tor kirlarga qarab huzur qildi. Keyin oshxonaga kirib, kursini qozonning yoniga qo‘ydirdi.
– Endi ovqat qilamiz. Qani, yog‘ bilan go‘shtni olib kel. Birga-birga qilamiz, qilganing menga foyda, o‘rganganing o‘zingga.
Endi ovqatning tagini tayyorlab, suvini solgan edi, Sanjarning yig‘layotgan ovozi eshitildi: – Ie, Sanjarmi? Bor, qara, nima bo‘pti?
Usti-boshi changga belangan bola yig‘lab kelib, tuproq va ko‘z yoshidan dog‘-dug‘ bo‘lib ketgan yuzlarini momosining tizzalariga bosdi.
– Ha, bolam, ha? Senga nima bo‘ldi?
– A-asad!..
– Nima, Asad?! Nima qildi, Asad? Urdimi?
– S-soqov d-dedi, s-s-sening o-onangning o‘-o‘ynashi b-bor, o‘-o‘ynashi b-bilan ch-chet e-elga k- ketgan, d-dedi...
– Ha, yashshamagur! Hali shoshmay tursin, men uning tilini sug‘urib olaman. Sen yig‘lama. Hali seni o‘zim Toshkentga, katta do‘xtirlarga olib borib, davolatib kelaman. Ko‘rmaganday bo‘lib
ketasan. U ahmoq, onangning o‘ynashini qayerda ko‘ribdi? Sening onang chet elga ishlagani ketgan, buning sira ham aybi yo‘q. Bizga chet eldan ishlagani kelishadi, biznikilar chet elga ketishadi. Bitta sening onang emas, qanchadan-qancha odamlar chet elda ishlab yuribdi. Buning sirayam ayb joyi yo‘q. Ana, Gulnoza bilan Shohruhning onasi ham necha yildan beri Gretsiyada yuribdi. Nima qipti, shunga? Hali borib, o‘zim onasi bilan gaplashib kelaman. Sen borib, yuz- ko‘zlaringni yuv. O‘zi senga ko‘chada nima bor? Singlingga qarab, uyda televizor ko‘rib o‘tirsang bo‘ladi-ku.
– U-uningiz o‘-o‘ynamaydi, f-faqat yo-yotadi.
– Singlisi zerikib yotsa, akasi uning yolg‘iz o‘zini tashlab ko‘chaga chiqib ketaverishi kerakmi? – E-endi h-hech q-qachon k-ko‘chaga ch-chiqmayman, – dedi Sanjar yuzini yuvgani ketayotib.
Norasida go‘dakning bu alamli qarori momoning yuragini nayza misoli teshib o‘tgandek bo‘ldi. Ovqat bir qaynab chiqqach, ro‘molini qaytadan o‘rab yuz-ko‘zini qoplagan reza-reza terlarni artib, o‘sha bilag‘on zumrasha Asadlarning uyiga jo‘nadi. Momosining qayerga ketayotganini sezgan Sanjar chopib chiqib, yo‘lini to‘sdi:
– M-momo, b-bormang.
– Nega?
– K-keragi yo‘q. E-endi m-men u-ular b-bilan o‘-o‘ynamayman.
– E, bolam, shoshma. Shuning onasi bilan bir gaplashib kelayin. Bolasiga qanday tarbiya berayotganini bilib qo‘ysin.
– Y-yo‘q, m-momo, b-bormang, – Sanjar kampirning tizzalaridan quchoqlab oldi. – Meni yo‘ldan qaytarma. Bor, uyga kir. Hozir qaytib kelib, ovqat suzib beraman.
Asadlarning uyi ko‘chaning narigi boshida edi. Sog‘ paytlari kampirga bu uylar bir qadam bo‘lib ko‘ringich edi. Endi o‘sha uyga qo‘ltiqtayoq bilan yetib olguncha qo‘ltiqlari qavarib ketdi. Asadning onasi oshqovoqdek sap-sariq, semiz juvon supaning chetiga o‘tirib olib, tikish qilayotgan ekan. Qo‘ltiqtayoqda kelayotgan bo‘lsa ham momoning o‘ziga yarasha salobati bor edi. U momoni ko‘rib, shoshib qoldi. O‘zicha bir narsalardan xavotirlandi.
– Keling, xola. Assalomu alaykum, – yugurib borib, momoning yelkasidan olib ko‘rishdi. Supaning yoniga boshlab kelib, ko‘rpachaga o‘tirg‘izdi. Qo‘ltiqtayoqlarini olib, avaylabgina bir chetga qo‘ydi. Zing‘illab uyga kirib, dasturxon olib chiqdi.

– Tashvish qilma, Jumagul boybichcha, – kampir unga dasturxonini yozdirgani qo‘ymadi. – Men bir gapning izidan gap quvib keldim. Bilaman, ish quvgan g‘aznaga, gap quvgan baloga yo‘liqadi. Lekin hozir mening boshqa ilojim yo‘q.
– Nima gap, xola? – Juvonning rangi o‘chib ketdi.
– Asading nevaramga sen soqovsan, onangning o‘ynashi bor, sizlarni tashlab o‘ynashi bilan chet elga ketgan, debdi. Bizning birovni soqovi bilan ham, merovi bilan ham ishimiz yo‘q. Qayoqqa ketgan, kim bilan ketgan, surishtirib ham yurmaymiz. Bir parcha bolaning ko‘ngli yarim bolaga shunday gap qilishi yaxshimi? Bu bolang bunday gaplarni qayerdan topgan o‘zi? Yo o‘zlaring o‘rgatib qo‘ygansizlarmi?
– Ha-a, xola, shu gapga shunchami? – Juvon birdan xotirjam tortib, labining bir chetida zaharxanda kulgi paydo bo‘ldi. – Soqovni soqov, deydi, merovni merov, deydi. Bir narsaga talashib, jahlini chiqargan bo‘lsa, aytsa aytgandir. Keyin keliningizning kimligini, qayoqqa ketganini hamma biladi. Oyni etak bilan yopa olmaysiz-ku. Uni bolamga men aytishim shart emas. Shuning uchun shuncha yo‘ldan qo‘ltiqtayoq bilan mening boshimga keldingizmi?
– Ha-a, shundaymi, Jumagul boybichcha, – kampir juvonning ko‘zlariga qahr bilan tikildi. – Sening singling ikki shisha “Kola” uchun bir yigitga ergashib ketib, onang izillab yig‘lab kelganda, onang bilan bir haftalab hamma fohishaxonalarni axtarib chiqqanim ham esimdan chiqqani yo‘q. Shu singling qayerda ekanligini na sen bilasan, na onang! Hushi tutganda uyga bir kelib ketarmish. Tubdan ishtoni yo‘q, tizzasi yirtiqqa kuladigan zamon ekan-da. Singling hammamizga isnod bo‘ldi, deb bir og‘iz gapirdimmi senga? Agar soqovni soqov deyish shart bo‘lsa, isnodini isnodi deyish kerak bo‘lsa, seni nima deb aytay, singlingni-chi? Hov, boybichcha, ko‘zingni ochib yur, bolamning ko‘ngli yarim. Bolang tilini tiyib yurmasa, butini yirib tashlayman!
Momo o‘tirgan joyida bir uzalib qo‘ltiqtayoqlarini oldi-da, xayr-ma’zurni ham nasiya qilib, hovlidan chiqdi-ketdi. Uyiga yetguncha bo‘lari bo‘ldi. Bir umr odamlarga ish buyurib, oylik berib, vag‘-vug‘ qilib yurgan bo‘lsa ham, birovning dilini og‘ritish, birov bilan jangarilik qilib urishishni uddalay olmas edi. Tilini yasab, chulchunglab unga aql o‘rgata boshlagan Jumagul boybichchani qoq manglayidan otib qaytgan bo‘lsa-da, uyga kelib, mazasi qochib qoldi. Gulzorni yoniga olib, hammaga bir cho‘michdan ovqat suzib berdi-da, o‘zi xonasiga kirib ketdi: “Ha, Nozima-ya! Sen faqat o‘zingga qilmading, hammamizning peshonamizga tamg‘a qo‘yib ketding. Endi bolalaringga bu joylarning suvi harom bo‘ldi. Uni sen bulg‘ab ketding. Men sho‘rlik qo‘ltig‘im qavarib, qaysi bir Jumagulning og‘ziga elak bo‘laman. Bu aqlga sira sig‘maydi. Buning iloji yo‘q”.
Kechki payt ovqatdan so‘ng bolalar televizor ko‘rgani kirgach, odatdagidek cholu kampir supada yolg‘iz qolib ketdi. U yoq-bu yoqdan gurung bo‘ldi, lekin kampir yuragiga toshdek botib turgan gapni

aytmadi, aytolmadi, lekin aytishi kerak, ammo qanday aytadi? Oxiri bo‘lmadi, bosh irg‘ab o‘tirib- o‘tirib, muhim gapi bordek choliga yuzlandi:
– Bobosi, Sardorni bir aytib kelsangiz. Birgalashib gaplashib olmasak bo‘lmaydi.
– Ha, nima gap?
– Aytib keling. Sizga bir, unga bir aytib o‘tirishga hech kuchim yo‘q. Birgalashib eshitingizlar.
– Xo‘p, xo‘p, kampir.
Sardor yozuv-chizuv qilib yotgan ekanmi, peshonasidan ko‘zoynagini ham olmasdan ularning yoniga kelib o‘tirdi:
– Nima gap, ena?
Robiya kampir gap boshlashdan oldin chuqur nafas oldi.
– Endi gap bunday, ko‘chaning boshidagi Jumagulning bir parcha bolasi Sanjarni soqov debdi, sening onang buzuq, chet elda buzuqlik qilib yuribdi, deb bolalarning oldida yig‘latibdi. Men Jumagulning oldiga borib tit-pit qilib keldim. Ammo bu ko‘chada Jumagul bitta bo‘lsa ekan? Ertaga yana birovi shunday deydi. Keyin nima qilamiz? Shuning uchun bu yerdan olisroqqa ketmasak, bolalarga qiyin bo‘ladi. Sen daryo jiyakdagi tomorqani sot, adirning ustidagi uyimiz bo‘sh yotibdi. Eshigining oldida bir dunyo yeri bor. Ko‘chkin bobo ekin ekib, hosil olib, mazza qilib yuribdi. O‘sha yerga ko‘chib borib, shu daromadni o‘zimiz qilsak ham bo‘ladi. Tomorqaning puliga uyni ta’mirlat. U uyda qaynona-qaynota, eru xotin olti bola bilan turganmiz. Rosa xonalari ko‘p. Xuddi shahardagiday sharoit qil. Bir xonasini unitazli hojatxona, bir xonasini tahoratxona, bir xonasini oshxona. Hammasiga quvurdan suv kelib tursin. Biror narsa izlab, tashqariga chiqib yurmay.
– Nimalar deyapsiz? Birinchidan, sizga adirning ustida nima bor? U yoqqa sizni kim yuboradi? Ikkinchidan, adirning ustida suv nima qiladi? U yoqda svet bo‘lmasa, gaz bo‘lmasa?
– E-e, bolam-ey, sen yosh bo‘lsang ham televizor ko‘rmaysan, gazeta o‘qimaysan, hayotdan orqada qolib ketgansan. Butun dunyo quyosh batareyalariga o‘tib ketdi-ku, yuzlab xonadon yashaydigan uylar shunday batareyalar bilan isitilib, yoritilar ekan. Bitta batareya qo‘yasan, bitta quduq qazdirib, nasos qo‘ydirasan, olam guliston. Tog‘angnikida yigirma yetti metrdan suv chiqibdi. Suvimiz shuncha tez, deydi, o‘n beshlik shlankadan bir ariq suv keladi, deydi. Hozir yerning ostiga temir quvur ham shart emas, anavi rezinga o‘xshagan qattiq shlanka bo‘lsa bo‘ldi. To‘rt yuz ming so‘mga suv chiqarib beribdi. Boringki, bizning sharoit picha og‘ir deylik, besh yuz olsin, roziman. Tepaga ikki tonnalik bir idish qo‘yib bersang, otang har kechqurun bir to‘ldirib beradi, kecha-kunduzi bilan

suv, svet! Gazni balon gaz qilamiz. Uyni shunday ta’mirlatginki, ko‘rgan odam shu uy meniki bo‘lsaydi, desin. Yangi eshik, yangi derazalar qo‘y, shuvoqlarini yangila, eshigining oldini sement qil. Xullas, bolalar ham yaxshi ko‘rib qolsin shu uyni, dadam bizni shu yerga olib kelib tashladi, demasin. Seni uylantiramiz, kelin bilan shu uyda yashayverasan. Xafa bo‘lma, men bu uyni sotolmayman, uni qancha orzu-havaslar bilan qurganmiz. U bizdan keyingi avlodlarga meros bo‘lib qolishi kerak.
– Ena, menda qanday qasdingiz bor? Anavi iflosning shuncha yerga solib ketgani kammi? Sizni qo‘ltiqtayog‘ingiz bilan ikki bolamga qo‘shib shu adirning tepasiga olib borib qo‘yib, keyin o‘zim qanday bosh ko‘tarib yuraman?
– Sen o‘g‘lim, katta odamsan. Qaysi gapga parvo qilish kerak, qaysisiga parvo qilmaslik kerakligini yaxshi bilasan. O‘g‘ling bilan qizingning qo‘lidan ish kelguncha jiyanlaring qarashib turadi. Eh-he, u yerda suv bo‘lsa, qancha yer bor, qanday ishlar qilsa bo‘ladi. Bog‘ qilamiz, asalari qo‘yamiz, besh- oltita qo‘y-echki qilamiz. Qo‘yib yuborsang, o‘zlari qornini to‘yg‘azib kelaveradi. Sigir kerak emas, echki sog‘amiz, kuniga to‘rt kosa sut bo‘lsa bo‘ldi. Tovuq qilamiz, ularni ham qo‘yib yuborsang, o‘zlari rizqini terib, yeb yuraveradi, – momo o‘zining gaplaridan o‘zi jo‘shib borardi.
– Shunday xazinani tashlab, nega bu yoqlardan uy qurdingiz?
– U paytlar zamon boshqa edi, hamma shaharga intilar edi. Yerning bahosini hammayam bilavermas edi. Shundayam shu uyni sotgim kelmadi. Otang”Ko‘chkinboy so‘rayapti, sotaylik” desa ham, “yo‘q”, dedim, “dacha qilamiz” dedim. Dacha bo‘ladi-da endi, hammalaring bizni ko‘rish bahonasida borib, dam olasizlar. Biz dachaning qorovuli bo‘lamiz.
– Yo‘q, ena! Men bunga hech qachon rozi bo‘la olmayman. Mayli, uylan, desangiz, uylanaman. Ko‘chaylik, desangiz, boshqa biron joydan uy topaman, lekin sizni kimsasiz adirning ustiga olib borib qo‘ya olmayman.
– Nega kimsasiz bo‘lar ekan? Ko‘chkin bobong-chi? – Ko‘chkin bobo qayerda, orada bir chaqirim joy bor.
– Qo‘ysang-chi? O‘zlaring Ko‘chkinboyning uyidan chiqmas edilaring. Qorong‘i tushgandan so‘ng zo‘rg‘a chaqirib kelar edik.
– Baribir, yo‘q! Yo‘q!
Robiya kampir chuqur xo‘rsindi:

– O‘g‘lim, yana bir andisha bor. Ertaga bu uyga kelin kelsa, u bolalaringga o‘gay ona bo‘ladi. To‘g‘ri tanbeh bersa ham o‘gaylik qilayapti, deb bizga yoqmasligi aniq.
– Bolalarimga qaramasa, menga unday xotinning nima keragi bor.
– Ana! Shunday gapdan dilxiraliklar chiqadi-da. Qo‘y, bolam, bularning ko‘ngli yarim, bir umr onasidan tayoq yeb o‘sdi, yana bunday savdolar boshlariga tushdi. Endi bular gap ko‘tara olmaydi. Bularga birov qovog‘ini uysa, men ham chiday olmayman. Bolajonim, shuginalarni birovning qovog‘iga qaratib, mung‘aytirguncha, yoki seni “Nega bolalarimni o‘gaylayapsan?” deb, xotining bilan yaxshi-yomon bo‘lib, ikkinchi ro‘zg‘oringga ham dilxiralik aralashganini ko‘rgunimcha, o‘sha adirning ustida ro‘zg‘or qilib o‘tirganim yaxshi. Mana, otang bor. Bolalaring dastyor bo‘lib qoldi. Bizni qiynalmasin, desang, biz aytgan sharoitlarni qil. Boshqa gapni qo‘y.
Olloqul bobo yonboshlagancha ona-bolaning munozarasini jimgina tinglab yotardi. Nima ham desin? O‘g‘liga bir narsa deyin desa, kampirining rejasidan butkul bexabar. Kampiriga qarshi bir narsa deyin desa, bu momo aytganini qilmay qo‘ymaydi.
– Biz otang bilan erta sahardan yarim kechagacha dalada yurardik, momong sho‘rlik, go‘rlari to‘la nur bo‘lsin, bir ko‘r kampir olti bolani qog‘ozga o‘rog‘lik qandday qilib, saqlab o‘tirardi. Onam bilan yigirma yil yashagan bo‘lsam, qaynonam bilan ellik yil yashadim. Onam maktab bo‘lsa, qaynonam dorilfunun bo‘ldi men uchun. Nima dedingiz, bobosi? – erining indamay yotishi unga erish tuyuldi.
– Ma’qul.
– Nima ma’qul? Siz ham munday mening yonimda turib, o‘g‘lingizga gapirsangiz-chi?
– Uylangani ma’qul-da. To‘rt yilda yana ikki bolali bo‘ladi. Asta-sekin yaralari ham bitadi. Dasht deganing ham ma’qul. Xalaqit beradigan hech kim bo‘lmaydi, qariganda qo‘l ushlashib yuraveramiz. Narigi dunyoda ham qo‘l ushlashish-ib birga-birga ketamiz.
– Yo‘, yo‘, yo‘q! – darrov cholining og‘ziga urdi. – Hali u yoqqa borish niyatim yo‘q. Oldin Sanjar bilan Noilani maktabda o‘qitamiz, keyin institutda o‘qitamiz. Ularning ikkalasi ham do‘xtir bo‘ladi, to‘qqiz yil o‘qiydi. Keyin birini uylantiramiz, birini uzatamiz. Bu ishlarni bajarish uchun yigirma yildan oshiqroq vaqt kerak. Keyin desangiz, mayli, qo‘l ushlashib birga-birga ketishim mumkin. Ungacha ketolmayman, ketolmaymiz, chol! Men bolalarga qarayman, siz menga qaraysiz. Ma’qulmi?
– Ma’qul, ma’qul, – soqollarini tutamlab, miyig‘ida kuldi chol. – Lekin yigirma yil ko‘p vaqt-da, kampir.

– Hechqisi yo‘q. Saksonning nari-berisida bo‘lamiz. U kuni to‘qson yashar kampirni ko‘rdim, avtobusdan tushayotgan ekan, “keling”, deb birov qo‘l uzatgan edi, “yo‘q” dedi, qo‘lini ushlatmadi, o‘zi tushdi. Men ham hali manavi qo‘ltiqtayoqlarni tashlayman, keyin Noilani uzatguncha qo‘l ushlatish yo‘q.
– Bo‘ldimi, ona? Ishlarim ko‘p edi, – cholu kampirning beg‘ubor hazillari ham Sardorga yoqmadi.
– Sen bo‘ldi, desang, bo‘ldi. Tezda tomorqaga xaridor top-da, qirdagi uyga usta tashla. Bir gazo‘choq bilan qozon-tovoq olib borib bersang, ovqatlarini o‘zlari qilib, yeb, ishlashaveradi. Birinchi, suv bilan suvdonning taraddudini ko‘r, har ishga suv kerak. Keyin, u yoq-bu yog‘ingga qara, turmushning past-balandini ko‘rgan, bosiqqina, insofli-diyonatli poshikasta bo‘lsa, darrov bu ishni ham bitirib qo‘yamiz.
Sardor indamay turib ketdi.
– Gaplaring menga-ku ma’qul, lekin o‘g‘lingga ma’qul tushmadi, – dedi uning orqasidan qarab qolgan ota.
– O‘zini bilsa, uning foydasini ko‘zlab shu og‘irlikni o‘zimga olayapman, chol. “O‘gay” degan so‘zning o‘zi odamning ko‘kragidan itaradi. Ertaga bir ko‘ngilsizlik bo‘lsa, Xudo ko‘rsatmasin-u, yana bolamning ro‘zg‘ori buzilmasin, nevaralarim o‘ksimasin, deyapman. Bo‘lmasa, qo‘ltiqtayoq bilan adirning ustida menga nima bor?
– Qo‘yaver, kampir, hali biz u yerni jannatga aylantiramiz. O‘zim bor, xavotirlanma. Rejalaring menga yoqdi.
Sardor ham nimani o‘ylagan, nimani qo‘ygan, bir kun eshitishdi-ki, tog‘asining oldiga borib, quduq qazgan ustalarning manzilini surishtiribdi, kimdandir ikki tonnalik suvdon olibdi. Xullas, onasiga hech narsa demasa ham, uning aytganlarini bajarayotgan edi. Aftidan, unga hali kelmagan o‘gay ona zug‘umidan ko‘ra ko‘chadagi bolalarning ta’nalari ko‘proq ta’sir qilgan edi. Har kechqurun ishdan kelib, bolalari bilan gaplashib, ular bilan har xil o‘yinlar o‘ynaydigan odat chiqardi.
Robiya kampir tomorqalarining bir qassobga sotilganini ham orqavarotdan eshitdi. O‘g‘li bu ishlar haqida nega onasi bilan gaplashgisi kelmayotganini tushunmadi, surishtirib ham o‘tirmadi: “O‘zi biladi. Mening aytgan ishim bajarilsa, bo‘ldi”, dedi. Kampirning azaldan odati shunday, bolalarini hadeb tergayvermaydi, bir gap aytadi-yu, arqonni bo‘sh qo‘yib qo‘yadi. Bir kun arqon tortilganda, aytgan ishi bajarilmagan bo‘lsa, jazo qattiq bo‘ladi.
Lekin kelin topish haqidagi topshirig‘i bajarilmasligini yaxshi bilar edi. Sardor yigit bo‘lib, “Ona, falonchi qizning qoshi qora” degan odam emas. Endi, shuncha gap-so‘zlardan keyin “Bir qiz bor

edi...” deb kelarmidi? Kampir shularni o‘ylab, bu ishni qizlar bilan kelinlarga topshirdi: “Birovning yesiri bo‘lmasin, bosar-tusarini bilmagan yosh qiz bo‘lmasin. O‘zi ma’qul bo‘lsa ham, tortinchoqligidanmi, baxti chopmaganidanmi, tengi chiqmay, yanga-yu kelinlarning eshigida siqilib yurgan, yoshi o‘tinqiragan qizlar bo‘ladi. Bunday qizlar o‘zining ham, birovning ham qadriga yetadi. Shunday qizlar bo‘lsa, aytinglar”, dedi.
Ko‘p qizlar aytildi. Dunyoda o‘tirib qolgan qizlar ham ko‘p ekan. Ko‘pi kampirning didiga to‘g‘ri kelmagani uchun Sardorga borib ham yetmadi. “Namuncha, unga siz emas, Sardor uylanadi-ku, Sardor ham bir ko‘rsin”, deyishsa ham, o‘ziga yoqmagan nomzodlarning otini ham aytmasdi.
Nihoyat “nomzod”larning biriga to‘xtalishdi. “Obkom” tarqatilguncha ko‘p yillar obkomda ishlagan Kenja Hamidovich degan kishining katta xotinidagi qizi ekan.
– Oldin borib, o‘zim onasi bilan gaplashib kelay.
Qizning yoshi yigirma yettida ekan, institutni bitirganiga ham to‘rt yil bo‘libdi. Onasi odamning ko‘zlariga jovdirabgina qarab turadigan, muloyimgina ayol ekan. Kelganlarni ko‘rib, anchadan beri kutgan odamlari kelganday tavoze bilan ichkariga taklif qildi, qalin patgilamlar to‘shalib, qimmatbaho mebellar yaltirab turgan billur qandilli mehmonxonaga olib kirdi. Ayolning ustidagi yenglari uzun odmigina ko‘kish ko‘ylak va boshidagi oqish chit ro‘mol bilan mehmonxonadagi hashamat o‘rtasidagi nomutanosiblik kampirni hayron qoldirdi: “Biron yaqini vafot etgan bo‘lsa kerak”. Uyda hech kim yo‘q shekilli, choyni ham o‘zi olib kirdi.
Bir-ikki ho‘plam choydan so‘ng, kampir maqsadga ko‘chdi:
– Egachim, biz qulchilikka kelganmiz. Bizning bir o‘g‘limiz bor, sizda qiz bor ekan.
Ayol qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi:
– Bosh ustiga, opa.
– Lekin, bizning bir aybimiz bor, ko‘nglingizga kelmasin, o‘g‘limiz uylangan, ikki bolasiyam bor, turmushi bo‘lmay, ajraldi.
Ayol bir nafas jim qoldi:
– Endi-i, bilmasam, opa, – dedi anchadan so‘ng. – Yoshlar bir-birini ko‘rishsin, gaplashishsin, bir- birlariga mehri tushsa, biz rozi.
– Ha, rahmat. Bir narsani so‘rasam, aybsitmang, nega qizingizni shu yoshgacha uzatmadingiz?

Ayol labining bir cheti bilan iymanibgina kuldi:
– Og‘zimning solig‘i yo‘q, qizimning qilig‘i yo‘q, deyishadi. Mening qizim ham o‘qishga yuborsam, faqat o‘qish bilan, ishga yuborsam, faqat ish bilan bo‘ladigan qizlardan. Institutga kirgan yillari bir- ikki sovchilar ham keldi, o‘qishni bitirib olsin, dedim. Keyin-keyin hech kim kelmay qo‘ydi. Bu qizning esa parvosiga kelmaydi. Ishiga boradi, keladi, yuraveradi. Endi bu tengi uylanmagan yigitlar qolmadi, hisob. Xotin qo‘ygan, xotini o‘lgan birov yarimdan ora-sira odam kelib turibdi. Shular bilan uchrashay, ko‘ray ham demaydi, tortinadimi, o‘zingiz yaxshilab surishtiring, deydi.
– Otasi... ham kelib turadimi?
Ayol yana kulimsirab, yerga qaradi:
– Avval obdon surishtirgan ko‘rinasizlar. Men u kishiga o‘g‘il tug‘ib bera olmadim. Bir o‘risga uylangan edilar. O‘ris bir o‘g‘il tug‘di. Ikki uyning o‘rtasida yurardilar, bizni, qizlarini hech tashlab qo‘yganlari yo‘q. Men ham “obbo, shunday qildingiz” deb bir og‘iz gapirgan odam emasman. Yaqinda o‘sha o‘g‘illari o‘n besh yoshga kirib, o‘lib qoldi. O‘ris kundoshimiz g‘am bilan butunlay yolg‘iz qoldi, shundan keyin otasi umuman kelmay qo‘ydi. Buyog‘i ishsiz qolgan. Bir umr oyog‘i uzangida yurgan odam o‘zini har joyga uradi, qani, durustroq bir ish topilsa. Odamlar puxtalik qilib, qo‘sh-qo‘sh uchastka, do‘konlar qilib tashlagan. Ishdan ketsa ham ular sarmoyasiz qolmaydi. Bu kishim bo‘lsa, kommunist proletar bo‘lishi kerak, deb faqat ishni o‘ylaganlar. Yaqinda qizim otasini ko‘rgani boribdi, u kishining picha kayfi bor ekan, qizini ko‘rib, rosa yig‘labdi. Bechora erim, qo‘shxotinlikda ayblab, partiyadan o‘chirib yubormasin, deb, o‘g‘liga na ismini, na familiyasini bermagan ekan. O‘g‘li Sergey Ivanovich Baturin bo‘lib yashab, shunday o‘tib ketibdi. Bolaning sinfdoshlari “sening otang o‘zbek-ku, nega Ivanovich Baturinsan” deb masxara qilishar ekan. Ivan Baturin onasining otasi ekan. Bola bechora ko‘chadan ezilib kelib, uyda janjal qilar ekan: “Dada, siz meni yomon ko‘rasiz. Bo‘lmasa, menga familiyangizni bergan bo‘lar edingiz”, deb. Mana endi partiya ham yo‘q, o‘g‘il ham yo‘q. Faqat armonlar bor. O‘ris xotinni yolg‘iz tashlab kelishga bechora erimning vijdoni yo‘l qo‘ymaydi, shekilli. Mayli, qayerda bo‘lsa, omon bo‘lsin.
– Nega bunday... ko‘k kiyib yuribsiz? Biron yaqiningiz?..
– Endi... otasi kelib qolsa, ko‘ngliga kelmasin, deb odmiroq kiyinib yuribman-da. Nima bo‘lganda ham qizlarimning ukasi...
– Ha-a, ma’qul, ma’qul... – momoning ko‘ngli to‘ldi. – Bo‘lmasa, bolalar bir ko‘rishishsin. Ular bir- birining ko‘nglini topsa, boshlarini qovushtirib qo‘yamiz. Ungacha bir-ikki oy o‘tadi, xo‘jayiningizning yaralari ham picha eskiradi. Ha, egachim, yana bir gap, biz katta to‘y qila olmaymiz. O‘g‘lim yoshi o‘ttizdan oshganda kostyumining cho‘ntagiga oq gul taqib, bazmning to‘rida o‘tira olmaydi. Sizlar ham azador ekansizlar. Oddiygina qilib, nikohdan o‘tib, besh-olti qarindosh-urug‘ni chaqirib...