Haqiqatan bayram edi o‘sha kun Nozima uchun. U darrov choy qo‘yib, dasturxon yasashga tushib ketdi. Lekin har qancha yalinsa ham singlisi o‘tirmadi, “onam bilan bir joyga borishimiz kerak edi”, deb ketib qoldi. Hamdam rosa to‘lib-toshib keldi, Nozima uchun “Qora marvarid” vinosi, o‘ziga idishi ajabtovur aroq ham olib kelgan edi. Rosa mazza qilishdi. Hamdam qo‘yarda qo‘ymay bolalarga ham sal-sal vino ichirdi: “Bu sizlarni baquvvat qiladi”. Hamma mazza qildi, ginalar unutildi, arazlar yozildi, alamlar esdan chiqdi. Biroz kayfi oshgan Hamdam qo‘shiq boshlab yubordi:
“Qora xolingga tushgan kipriklaringning soyasi...” Qolganlar qarsak bilan jo‘r bo‘ldi.
Shovqin-suron bilan eshikning taqillayotganini ham ancha kech eshitishdi. Davraga qovushmay bir chetda o‘tirgan Sanjar nimagadir dahlizga chiqib, eshikning taqillayotgani eshitdi:
– Eshigimizni kimdir qattiq urib yotibdi, – bola qo‘rqib ketganidan rangi biroz oqarib turardi. – Hozir o‘zim qarayman, – Hamdam mardona eshik tomon yurdi.
Bir pasdan keyin uning ham rangi oqarib keldi:
– Opam!
– Opangiz? Opangiz bu yerda nima qiladi?
– Bironta mehribonimiz bergandir-da adresimizni... Endi nima qilsak ekan?
Eshik tobora qattiqroq taqillar edi.
Nozima shoshib uning qo‘liga tuflisini tutqazdi:
– Ayvondagi supaning podvaliga kiring.
O‘zi eshikka yo‘naldi:
– Kim u? Hozir!..
Eshik ochilishi bilan Hamdamga ikki tomchi suvdek o‘xshash bir ayol dovuldek yopirilib ichkariga kirdi:.
– Keling... – ich-ichidan qaltirab ketayotgan bo‘lsa-da, mulozamat qildi Nozima.
Dovul uning mulozamatini ham, o‘zini ham yo‘ldan surib tashlab, poyafzalini ham yechmasdan, hamma xonalarni bir-bir ko‘rib chiqdi:
– Qani, Hamdam?! – o‘shqirdi hamon dag‘-dag‘ qaltirab turgan Nozimaning qarshisiga kelib. – Qanaqa Hamdam?
– Mana munaqa Hamdam! – ayol bosh barmog‘ini ikki barmog‘ining o‘rtasidan chiqarib, Nozimaning tumshug‘i tagiga tiqdi. – Mashinasi eshigingning tagida turibdi. Stolingda aroq, vino, go‘sht! Bu kishi Hamdam qayerdaligini bilmasmish. Ikki haroming bilan sen ham otamning topganiga sherik bo‘ladigan bo‘ldingmi? Megajin!
Ayol uning yoqasidan olib, yumdalay ketdi. Qo‘rqib ketgan Nozima o‘zini himoya qila olmay qoldi, ayol qattiq itarib yuborgan edi, u gup etib yiqilib tushdi. Shundan keyin ayol uning ustiga o‘tirib olib, boshiga mushtlay boshladi. Nozima hech narsani sezmay qoldi, qulog‘iga faqat qizchasining “Ona” deb chinqirib yig‘layotgan ovozi eshitilib turardi. Bir vaqt ustidagi ajdarho “gurs” etib orqaga yiqildi va birdan jimib qoldi. Nozima hayron bo‘lib, atrofga qaradi. Uning oyoqlari uchida Sanjar katta o‘qlog‘ni mahkam quchoqlagancha, bilinar-bilinmas qaltirab turardi.
Nozima bir amallab yiqilib yotgan ayolning tagidan chiqib, uning boshiga bordi. Ayol behush edi, boshining tagida halqob bo‘lib turgan qonni ko‘rib Nozima qo‘rqib ketdi.
– Hey!.. Opa!.. – astagina yelkasidan turtdi Nozima. – Suv!..
Nozima yugurib Hamdamning yoniga keldi:
– Sanjar boshini yorib qo‘yibdi.
Rangi oqarib ketgan Hamdam yarim emaklab, supaning tagidan chiqdi-da, changdan oqarib qolgan shimini yengil-elpi qoqqan bo‘lib dahlizga chiqdi: “Hech tinch kun yo‘q ekan-da.” Borib hamon ko‘zlarini yumib yotgan opasining boshi ustiga engashdi.
– Ha, opa, sizga nima bo‘ldi? Bu yerda nima qilib yotibsiz?
Opa ohistagina ko‘zlarini ochdi:
– Balo bo‘ldi, dard bo‘ldi. Sen o‘zing nima b... yeb yuribsan bu yerda?

– Men shu yerda yashaydigan bir oshnamnikiga kelgan edim. Qarasam, eshik ochiq, cho‘zilib yotgan kim bo‘ldi, deb kirsam... Qani turing, o‘zim sizni do‘xtirga olib boraman.
U opasini avaylabgina turg‘izib, qo‘ltig‘iga kirdi-da, tashqariga olib chiqdi.
Hamdam kechqurun qo‘ng‘iroq qilguncha Nozima necha o‘lib, necha bor tirildi. Yo‘lakdan eshitilgan har bir qadam tovushi uning yoniga kishan ko‘targan milisalarni boshlab kelayotganday bo‘laverdi.
– Opam sizni sudga berib, qamatib yuboraman, deyapti, – uning ovozi juda horg‘in edi. – Bir amallab tinchitdim. Men uch-to‘rt kun yoningizga borolmayman, bular izimga odam ham qo‘yishlari mumkin. Yolg‘iz o‘g‘il bo‘lish hamisha qiyin bo‘lgan. Bir o‘zimga yuzta nazoratchi. Biroz sabr qilib turing, uyni o‘zgartiramiz.
– Xo‘p.
– O‘zingiz ham uch-to‘rt kun onangiznikiga borib tursangiz, yaxshi bo‘lar edi. – Xo‘p.
– Nozima...
Shu payt timirskilanib yurgan Sanjar telefonning orqasida turgan qutichani olaman deb, telefonni tushirib yubordi. Aloqa uzilib qoldi. Nozima sharaqlab yerga tushgan apparatni olib, o‘g‘lining yelkasiga o‘sha apparat bilan bir tushirdi: “Kasofat! Har doim bir narsalarni ag‘dar-to‘ntar qilib yurmasang, bo‘lmaydi”. Keyin telefonni joyiga qo‘yib, yana jiringlashini kutdi, lekin qaytib, qo‘ng‘iroq bo‘lmadi.
Kutaverib, siqilib ketdi. Toriqib, ayvonchaga chiqdi. Allaqayerdan musiqa ovozi eshitildi. To‘y bo‘layapti, shekilli, “yor-yor” aytilayotgan edi: “Qat-qatgina qatlama, qatlanadi, yor-yor. Qizni olib yangalar otlanadi, yor-yor...”
Endi “opa”lar Hamdamning to‘yini ham tezlashtirishadi. Sardor ham uylanadi. Shunday oqshomlarning birida uning uyiga “yor-yor” sadolari ostida yangi kelin sollanib kirib keladi.
Bolalarning tez ovunishi tez unutishlaridan bo‘lsa kerak. Bolalari kunduzgi sharmandagarchiliklarni allaqachon unutib, uyni boshlariga ko‘targancha, quvlashmachoq o‘ynashar edi. Bolalarining baxtiyorligi unga juda malol keldi.
Daqiqa sayin zaharga to‘lib borayotgan Nozima ayni damda shu bolalarni o‘ldirib qo‘yishga ham tayyor edi: “Dardisarlar! Shu bolalar bo‘lmaganda allaqachon chet elga ketib qolar edi. Ishlab,

shaharda bitta qilib, uy qurdirardi, mashina olardi, hamma orzu-havaslariga yetarli pul jamg‘argandan keyin erga tegardi...”
Sharaqlagan ovoz xayollarini bo‘lib yubordi. Sanjarning oyog‘i telefonning simiga ilashib qolib, yana telefonni yerga tushirib yuborgan edi. Nozima uchib, xonaga kirdi. Uning vajohatini ko‘rgan Sanjar yig‘lab yubordi:
– Urmang, onajon, bilmasdan qildim. Momomnikidan yangi telefon olib kelib beraman. Iltimos, urmang.
“Momo”ning tilga olinishi Nozimaning jazavasini qo‘zitdi:
– Momong senga telefon beraman, dedimi? Mana senga telefon!
U bolaning ko‘z yoshlaridan ho‘l bo‘lib ketgan bir burdagina yuziga tarsaki tortib yubordi. Bola gandiraklab orqaga yiqilayotgan edi, uning nozikkina bilaklaridan changallab ushlab, yana bir tarsaki tushirdi. Endi uni to‘xtatib bo‘lmasdi. Yana, yana, uraverdi, uraverdi! Bola endi onasining oyoqlarini quchoqlab yig‘lar edi:
– Onajon, urmang, urmang, onajon! Boshqa bunday qilmayman, meni kechiring.
Nozima bolani bir siltab, o‘zidan ajratib oldi-da, yerga itarib yubordi. Yarador qush misol yer bilan bitta bo‘lib yotgan bolani bir tepib, yana ayvonga chiqib ketdi. U bir pas derazadan kelayotgan muzday havoga ko‘ksini tutib turdi, uning yuragi yonib ketayotgan edi. Hali kelin taxtiravoniga joylashmagan shekilli, ezma san’atkorlar hamon “yor-yor”ni cho‘zib yotishar edi: “Hay-hay o‘lan, jon o‘lan ey...” Nozima zarda bilan deraza qopqasini itarib yubordi. Deraza oynalari zirillab ketdi. U xonaga qaytib kirganda Sanjar xonaning bir chetida, tagidagi ko‘rpaning yarmini ustiga yopib, qunishibgina yotar edi: “Yuzing qursin!”
Bir chetda tizzalarini quchoqlagancha hurpayib o‘tirgan Noila ham ko‘ziga irkit mushukdek yoqimsiz bo‘lib ko‘rindi.
– Nega dushmaningga qaraganday pusi-ib qaraysan? Qaysi go‘rdanam senlarni tug‘dim? Senlar bilan hech qayerga sig‘mayman.
Qiz hamon qilt etmasdan onasiga tikilib o‘tirardi. Uning nigohidagi qo‘rquv va begonalikka o‘xshash g‘alati ifoda uning qahrini keltirdi:
– Yot-t! Hozir bir tepib, devorga yopishtirib tashlayman.

Qizcha qo‘rqib ketganidan shoshib, o‘tirgan joyiga yota qoldi. Yotganda ham muqarrar tushishi mumkin bo‘lgan tepki zarbidan qo‘rqib, g‘ujanak bo‘lgancha, onasidan ko‘z uzmay yotar edi.
– Ahmoq! Odam o‘z onasidan ham shunday qo‘rqadimi? Momong senlarga shunday o‘rgatgan-da: onangdan ehtiyot bo‘linglar, urib o‘ldirib qo‘yishi mumkin, qovurib yeb qo‘yishi mumkin. U odam emas, odamxo‘r hayvon, deb! E-e, momongga o‘xshamay o‘l! – u oshxonaga o‘tayotib, qizchaning yarmi ochilib qolgan do‘mboqqina sonlariga bir tepdi. Zarbning kuchidan qizchaning bir hovuch jussasi to‘p etib devorga urildi. Ammo qiz g‘iq etgan ovoz chiqarmadi, boshini nozikkina bilaklari orasiga olgancha, siljib borgan joyida g‘ujanak bo‘lib yotaverdi.
Nozima muzlatkichdan boya Hamdam ichib boshlagan aroqni oldi-da, piyolaga to‘ldirib quydi. Piyolani tik turgan holida bo‘shatdi. Ichimlik muzday edi, ammo ichini yondirib yubordi. Kosaga bir kapgir osh solib, stolga qo‘ydi. O‘zicha bir-ikki qoshiq osh yegan bo‘ldi, yana aroq quydi. Aroq endi yuraklarini kuydirib o‘tdi. Yana quydi, endi butun jonu jahoni kuydi. Ezma qo‘shiqchi hamon kelinposhshani yupatish bilan ovora: “Ostonasi tillodan uy seniki, yor-yor...”, “Ha, allaqanday oyimtilla uning uyiga ega bo‘lib oladi. Bu esa bolalari bilan shu omonat katakdan ham quvilayapti! Jodugar qaynonasi avval boshdan uni haydash payida bo‘lgan. Shuning uchun ularni na zagsdan o‘tkazgan, na uyning ro‘yxatiga kiritgan. Bir-ikki marta aytsa, “Shungayam men yuraymi, eru xotin qilaveringlar”, deb bosh qo‘shmadi. O‘shanda nikohing ham, uying ham boshingdan ordona qolsin, deb bekor qilgan ekan. Mana endi uning da’vosi hech qayerga o‘tmaydi. Noqonuniy xotin! O‘zlari berishmasa, hech qanday mulkka sherikchiligi yo‘q bolalar! O‘h-h, jodugar! Bir umr changga botib, tuproq kechib, kesakka surinib yurgan bo‘lsa ham ilonning yog‘ini yalagan ekan, bu kampir!”
Oyoqlarini uzatib yotgisi keldi, bir amallab o‘rnidan turarkan, boshi gir aylanib ketdi, devorlarga suyana-suyana xonaga o‘tdi. Toliqqanidanmi, ko‘zlarini zo‘rg‘a ochib yurardi. Shu ahvolida ham hamon g‘ujanak bo‘lib yotgan “koptokcha”ning qo‘rquv to‘la ko‘zlari ochiq ekanligini ko‘rdi: “E-e, o‘l- e, dardisar!” O‘tayotib, bolani o‘xshatib bir tepdi. Oyoqlari juda ham yumshoq narsaga tegdi, biqinigami, qornigami, bola naq yarim metr joyga siljib ketdi. U yotgan joyida cho‘zib ingrandi, lekin yig‘lamadi.
Ertalab tomoqlari qaqrab uyg‘ondi, kecha ko‘p ichganidanmi, ko‘ngli behuzur bo‘layotgan edi. Kun choshgoh bo‘lib, uyning ichi quyosh nuridan qizib, dim bo‘lib ketgan edi. Shoshib yuz-qo‘lini yuvib, ishga otlana boshladi. Kecha ham ishga bormagan edi, bugun bormasa, bo‘lmaydi. Shusiz ham direktorning oyimchasi har kuni bir asabini buzadi.
U shoshib, o‘g‘lining boshiga keldi:
– Sanjar, hoy, Sanjar! – bolaning ustidagi ko‘rpani olib, qo‘lidan tortdi, – Tur, kun peshin bo‘lib ketibdi. Men ishga ketayapman. Ukang bilan o‘zlaring ovqatlanaveringlar.

O‘g‘lini silkilayotib, negadir kafti qizib borayotganini his qildi. Hayron bo‘lib, bolaning peshonasini ushlab ko‘rdi. U alangai otash bo‘lib qizib yotar edi. Shundagina uning yuzlari ham bo‘g‘riqib ketganini payqadi:
– Sanjar, o‘g‘lim!
Cho‘kkalab, o‘g‘lini ko‘tarib uyg‘otmoqchi bo‘ldi, ammo bolaning boshi shilq etib pastga tushib, osilib qoldi, o‘zi zo‘rg‘a ko‘zini ochdi:
– Suv...
– Noila, hay, Noila! Tur, bir piyola suv olib kel.
Noiladan hech qanday sado chiqmagach, bolani joyiga yotqizib, o‘zi oshxonaga yugurdi, Sanjar bir qultum suvni zo‘rg‘a yurtdi.
U Sanjarni tinchitgan bo‘lib, Noilaning boshiga yugurdi. “U hamisha hammadan oldin uyg‘onar edi. Unga ham bir gap bo‘lgan bo‘lmasin”. Qizchaning ko‘zlari ochiq, pastki lablarini tishlab, indamay yotar edi. Nozima uning peshonasini ushlab ko‘rdi, “isitmasi yo‘q”.
– Senga nima bo‘ldi, qizim?
Qizcha lablarini yana ham qattiqroq qimtidi, qizarib ketgan ko‘zlariga qalqqan yosh chekkalaridan oqib, yostiqqa tushdi.
– Ichi-im og‘riyapti, – dedi u anchadan so‘ng juda zaif ovozda.
– Nega og‘riydi? Iching o‘tayaptimi?
– Yo‘-o‘q, o‘zi... og‘riyapti...
“Ana, kerak bo‘lsa! Shunisi yetmay turgan edi, xolos. Bu yog‘i uyni bo‘shatishi kerak. U yoqda ish, endi ikkalasi baravar yotib oldi. Ularni davolatish uchun qancha pul, qancha vaqt kerak!”
Ikki bolaning o‘rtasida hayron serrayib turib-turib, xayoliga kelgan fikrdan ko‘ngli yorishib ketdi: “Sevimli momolariga qo‘ng‘iroq qilaman. Kelin izlab yurguncha, o‘g‘li bilan kelib, nevaralarini davolatsin”.
Telefonni kampirning xonasiga o‘tkazib berishgan shekilli, yana kampirning o‘zi oldi. Muloyimgina qilib, “Ha, eshitaman!” dedi. Nozimaning tovushini eshitib, birdan ovozi dag‘allashdi:

– Ha, tinchlikmi?
– Bolalarning mazasi yo‘q. “Tez yordam”ga olib ketayapman. Dadasi borsin.
– Nima bo‘ldi ularga? – baqirib ketdi kampir. – Kecha uyimdan soppa-sog‘ kuzatgandim. Sen juvonmarg bir narsa qilib qo‘ygandirsan-da!
– Xola, ko‘p boshimni og‘ritmang, – Nozima kampirning gapini qaytarib tashladi. – Men sizning gapingizni ko‘tarishga majbur emasman. Hozir bir narsa deb, gapingizga yarasha gap qaytarsam, bir umr ko‘kayingizdan ketmay yuradi. Bola kerak bo‘lsa, bolam desa, borsin. Bormasayam, sadqai sar, taqdirida borini ko‘raveradi, – u sharaq etkizib go‘shakni o‘rniga qo‘ydi.
* **
Bu yoqda Robiya kampir javrab qoldi:
– Sadqayi bola senga! Gulzor, hoy, Gulzor! Tez, bobongni chaqir. Anavi juvonmarg bolalarni bir narsa qilib qo‘yganga o‘xshayapti. Sho‘rim qurib qoldi-ya, tez bo‘l!
Gulzordan oldin hovliqib bobo kirib keldi:
– Nimaga vahima qilayapsan? Nima bo‘ldi?
– Tez, Sardorning ishxonasiga qo‘ng‘iroq qiling. “Tez yordam”ga borsin. Anavi bolalarni “Tez yordam”ga olib borayotgan emish. Ko‘chadan menga bir mashina tutib keling, biz ham boramiz. Bo‘ling, bo‘ling tez!..
Kampir bir pasda hammani oyoqqa turg‘izdi. Har tomondan yo‘lga chiqishgan bo‘lsa-da, kasalxonaga Nozimalar chiqqan “Tez yordam” mashinasidan oldin yetib borishdi. Kampir bolalarni zambilda tushirishayotganini ko‘rib, hushidan ketib qolay dedi: “Ha, yashshamagur!” Sardor onasining yelkasidan bosib, o‘tirg‘izib qo‘ydi: “Ona, tomosha ko‘rsatishdan foyda yo‘q”. O‘zi bolalarning izidan ketdi. Ko‘p o‘tmay yo‘lakda yugur-yugur boshlandi, qizchaning ahvoli og‘ir edi: “Jigar qopchasi yorilib, jigari ezilib ketgan, tezda operatsiyaga olish kerak”.
Sanjarning hamma joyi ko‘karib, qontalash bo‘lib ketgan, savollarga zo‘rg‘a, duduqlanib-duduqlanib javob berardi.
– Bularni kim bu ahvolga tushirgan? – ularni qabul qilgan do‘xtir Sardordan so‘radi. – Xulosalar tayyor bo‘lgach milisaga xabar berishimiz kerak.

Sardor Nozimaga qaradi, Nozima yerga qarab, biroz sarosimalandi, ammo tezda o‘zini qo‘lga olib, duduqlana-duduqlana do‘xtirni murosaga chaqirgan bo‘ldi:
– Qo‘shni bolalar bilan urishishgan, bular ularni urgan, ular bularni! Ulardan qochib kelayotib, qizimiz bir toshning ustiga qattiq yiqilib tushibdi. Bolalarning janjali uchun qo‘shni bilan milisalashib yuramizmi?
– Bu ishni yosh bola qilmagan, yanga!
– Ha, sal yoshi kattaroq ekan, baribir bola-da. Qo‘shni, birga o‘ynashadi.
– O‘g‘lingiz oldindan duduqmidi?
– Yo‘-o‘g‘-e, nega duduq bo‘lar ekan?
– Bolangiz hozir duduq. Uni o‘sha bola qattiq qo‘rqitgan, shekilli. Bu asorat bir umrlik bo‘lishi ham mumkin. Shuni hisobga olinglar.
– Tushunarli, – Nozima yana yerga qaradi.
Sardorning qo‘llari beixtiyor musht bo‘lib tugildi, tishlari g‘ichirlab ketdi, lekin indamadi: “Qani, zamon ko‘tarsa edi!”
– Hammasini qonuniy yo‘l bilan hal qilish kerak, – do‘xtir Sardorning rangi o‘zgarib ketganini ko‘rib maslahat bergan bo‘ldi. – Agar da’vo qilmoqchi bo‘lsalaringiz, ekspertiza xulosalarini beramiz.
– Hojati yo‘q, – Sardor do‘xtir yozib bergan dorilar ro‘yxatini olib, tashqariga chiqib ketdi.
Operatsiya uzoq davom etdi. Nozima bilan Sardor operatsiya xonasining eshigi oldida, Robiya kampir Sanjar yotgan palatada operatsiyaning tugashini kutishdi. Bu yerda Nozima bilan hech kim gaplashmasa ham, Nozimaning hech bir ishda nafi tegmasa-da, u keta olmas, boshqalar kabi “Operatsiya yaxshi o‘tdi, jonlantirish bo‘limiga o‘tkazishdi”, “Bemor ko‘zini ochdi”, “Sanjarning isitmasi tushdi” kabi yangiliklarni eshitish uchun sharpadek sudralib, goh u eshikning yonida, goh bu eshikning yonida sassiz-sadosiz turaverardi. “Ha, u xato qildi. Judayam katta xato qildi. Taqdirning sitamlari uchun alamini o‘zining bolalaridan olmasligi kerak edi. Ammo u bilmay qoldi. O‘zini idora qila olmadi. Lekin u baribir bolalarini yaxshi ko‘radi. Ularning ahvoli o‘nglanganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmaguncha, bu yerdan keta olmaydi”.
Endi uning kampirda ham hech qanday alami qolmagan edi. Chunki bolalarini ishonib tashlab ketsa bo‘ladigan yagona inson – shu ayol edi. “Men o‘zimni ham, bolalarimni ham eplaydigan bo‘lib qaytib kelgunimcha o‘lmasin shu kampir. O‘sha paytda bolalarim o‘gay ona zulmidan bezib, mening

gunohlarimdan kechib, ehtimol sog‘inib yurishgan bo‘ladi. O‘sha kunlargacha o‘lmay, qarab bersa bo‘lgani!”.
Nozima ertasi ham, indini ham, har kun keldi. Noila o‘rnidan turib, yengilroq sho‘rvalar icha boshlagach, bolalarini bir-bir bag‘riga bosib, yuz-ko‘zlaridan o‘pdi.
– Meni kechir, Sanjar. Men seni juda ham yaxshi ko‘raman.
– Meni kechir, Noilam. Men seni juda ham yaxshi ko‘raman. Bilmasdan, achchiq bilan urdim. Judayam afsusdaman. Endi momolaring bilan yashaysizlar. Momolaring sizlarni hech kimga xafa qildirib qo‘ymaydi.
– Meni kechiring, xola. Endi men sizlarni boshqa bezovta qilmayman.
U yig‘ladi. Sanjar bilan kampir hech narsa demadi. Faqat Noila onasining yoshli ko‘zlarini jajji qo‘lchalari bilan artib, uning ham momosinikida yashashini iltimos qildi.
Shu bilan Nozima kasalxonaga qaytib kelmadi.
Qiyin-qiyin, Robiya kampirga qiyin bo‘ldi. Kasalxonada bolalarga qarayapman, deb yotganda, huzur qilib yotgan ekan. Kuniga necha odam issiq ovqat ko‘tarib keladi. Yuvilgan-yuvilmagan idish- tovoqlarni, kir chalgan kiyimlarni iziga qaytarib yuboraveradi. Uyga kelgach, hamma ish cholu kampirga qolib ketdi. Gulzor ham mustaqil ish qilib ko‘rmagan bo‘y qiz, bir ish buyursang, izidan yurish kerak yoki tepasida turish kerak. Bolalar kasal va injiq, uncha-muncha ovqatni yemaydi, Noila uchun alohida qozon qaynatish kerak, u faqat parhez taom yeydi. Xullas, Robiya kampir juda charchadi. Har doimda bir kelib, ahvol so‘rab ketadigan bolalar “Onajon, sizga qiyin bo‘pti-da”, deyishdan nariga o‘tmasdi. “Ha, qiyin bo‘layapti. Sizlar bola bo‘lib, oson qilib bermasanglar”. “Qanday qilib oson qilamiz biz? Ana, Sardoringiz uylansin. Yo olti bola bilan ko‘chib kelaylikmi?”, “E- e...”
Uylansin, degan gapni aytish oson. Shuncha gap-so‘zlardan keyin, haqoratlardan keyin yana bir begona ayolga ko‘ngil qo‘yish, “Jufti halolim bo‘ling” deb aytish oson emas. Ayniqsa, pokiza uyingda yashab, rizqing pishadigan qozon-o‘choqning boshida turgan ayolni xiyonat ustida qo‘lga tushirganingdan keyin...
Robiya kampir o‘yda qoldi. O‘g‘lini-ku unisi-bunisi o‘rtaga olib, uylanishga ko‘ndirar, ammo bolalar nima bo‘ladi? Ko‘ngli yarim duduqqinasi, haliyam ranglari sarg‘ayib yurgan Noilasi... Ularning tashvishlari, erkaliklari o‘z onasiga yoqmagan edi, o‘gay onaga yoqarmikin? Nozima shu bolalarga bir tarsaki tushirsa, momoning yuragi bandidan uzilib tushgandek titrab ketardi, o‘gay ona bu dardmand bolalarga bir og‘iz gapirsa, o‘gaylik qilsa, keyin momo kirgudek ochiq go‘rni qaydan