yarashib turardi. Beixtiyor uning ortidan tikilib qolgani esiga tushib, xijolat tortdi, kotibaga bir qarab qo‘yib, yuzini har xil xonaki gullar terib qo‘yilgan deraza tomon burdi.
Sud Nozima o‘ylaganday, katta sud zalida, qora kostyumli salobatli rais, maslahatchilar ishtirokida bo‘lmadi. Ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri raisning xonasiga taklif qilishdi. Bu xonada rais va ular bilan birga kirgan g‘um-g‘umalak qorindor yigitdan bo‘lak hech kim yo‘q edi. Rais Nozimaning arizasini o‘qib eshittirgach, birin-ketin so‘z berdi. Sardor o‘rnidan turganda Nozimaning butun a’zoyi badani muzlab ketdi. Beixtiyor yerga qaradi. Shu chog‘ bir o‘tli xo‘rsiniq ich-ichidan yondirib o‘tganini his qildi: “Xato qildim, erim yomon yigit emas edi”.
Ha, Sardor yomon yigit emas edi. U Nozimani umuman yomonlamadi, ajrashishga rozi ekanligini, lekin xotinining uyida yetarli sharoit yo‘qligi sababli bolalarni o‘zlari o‘rgangan uyda, bobo bilan momo tarbiyasida qoldirishni iltimos qildi.
– Ularning uyida ikki kelin ikki bolasi bilan, singlisi, ota-onasi turishadi. Bular ham borib qo‘shilsa, bir uyda o‘n bir-o‘n ikki kishi bo‘lib ketishadi. Onalari ishga ketsa, bolalar tiqilinch, begona sharoitda, o‘zlari o‘rgangan, mehr qo‘ygan yaqinlarini sog‘inib qiynalib qolishadi. Bizning uyimizda bobo bilan momodan boshqa hech kim yo‘q. Bobo bolalarni o‘zi bog‘chaga olib borib, o‘zi olib keladi. Uyda bir jiyanim turadi. U osh-ovqat, kir-chir bilan shug‘ullanadi. Momolari bolalarning tarbiyasi bilan shug‘ullanadi. Iltimos, bolalar o‘z uylarida qolsin. Onasi bilan biron uchrashuv kunini belgilasangiz, ko‘rishib turishlariga sira qarshiligimiz yo‘q.
– Katta nevaram to‘rt yildan beri men bilan yotadi, – bir amallab o‘rnidan turgan momo ko‘ziga yosh oldi, ovozlari qaltirab, zo‘rg‘a gapirardi. – Bolaginam bir kun ham mensiz yota olmaydi. Men ham usiz yashay olmayman.
Bobo hech narsa demadi.
Lekin sud... “ikkala tomonni ham eshitib”, qonunning “falon-falon” moddalariga asoslanib, “qaror qildi”: “Da’vogarning da’vosi qondirilsin”.
Nozima uchun shu daqiqada sudyaning xonasidan bexavotirroq joy yo‘q edi. Hovliga chiqsa, malomat toshlari tagida qolib ketishidan qo‘rqib, o‘tirgan joyida qimirlamay o‘tiraverdi.
Sardor bir og‘iz ham gapirmadi. Lekin qaynonasi chiqib ketayotib, uning ro‘parasida to‘xtadi:
– Ey, menga qara, senga shu bolalar umuman kerak emas-ku. O‘zingdan ortib, shularga qarayolmasligingni ham yaxshi bilasan. Bizni qiynash uchun bolalarni qiynashning nima keragi bor? Axir sen ularning tuqqan onasisan-ku. Nahotki shularga rahming kelmaydi.
Nozima indamadi.
Sardor gapira-gapira yig‘lab yuborgan onasining bilagidan ushlab, xonadan olib chiqib ketdi.
Anchadan so‘ng kotiba kirib, uni o‘z xonasiga taklif qildi.
– Yangi ish ko‘rilishi kerak edi, opa.
Nozima shundagina xona to‘rida qaqqayib turgan sud raisini ko‘rdi.
– Kechirasiz, bugun og‘ir kun bo‘ldi.
– Hechqisi yo‘q, – dedi rais, – Gulbahor, opangga choy-poy qilib ber. Siz xavotirlanmang, bolalarni ijrochilar olib kelib berishadi.
Bolalar oradan bir kun o‘tgach, izillab yig‘lab kelishdi.
– Men bu yerda turmayman, – bag‘riga tortayotgan onasining qo‘llarini itarib tashladi Sanjar. – Men o‘zimizning uyimizda yashayman. Men bu yerni yomon ko‘raman.
– Voy, bolam, unday dema. Men seni sog‘inib ketdim. Sen meni sog‘inmadingmi?
– Sog‘ingan bo‘lsangiz, o‘zimizning uyimizga yuring. U yerda momom bilan bobom yig‘lab qoldi, – Sanjar o‘zi ham yig‘lab yubordi. – Men sizni yomon ko‘raman. Men bu yerda turmayman!
– O‘g‘lim, sen yig‘lama. Erta-indin bizning o‘z uyimiz bo‘ladi, keyin mazza qilib yashaymiz.
– Menga uy kerak emas, menga momom kerak!
– Ana, – dedi ona-bolaning munozarasini bir chetda kuzatib turgan Iris xola. – Ilonning bolasi ilon, chayonning bolasi chayon, deb shuni aytadilar-da. Bu bolang hech qachon senga el bo‘lmaydi. Bu o‘sha kampirning tarbiyasini olgan.
Nozima onasiga o‘qrayib qaradi.
Qizi indamay bag‘riga keldi. Uni rohatlanib bag‘riga bosib turib, juda-juda horiganini his qildi. – Ona, endi biz hech qachon uyimizga qaytib bormaymizmi?
– Borasan, bolam, qachon uyni sog‘indim, desanglar, yuboraman.

– Bo‘lmasa, momom nega yig‘ladi? Momom sizning yuborishingizni bilmagan-da. Siz telefon qilib, aytib qo‘ying, bolalaringizni yuboraman, yig‘lamang, deng.
– Xo‘p. Oldin senga o‘zim to‘yib olay.
Hamdam o‘zi aytganidan ham tezroq uy topdi. Koreyada ishlayotgan bir o‘rtog‘ining ikki xonali uyi bor ekan.
– Juda zo‘r bo‘lmasa ham hamma sharoiti bor. Televizor, muzlatkich, konditsioner, karavot... Egasi jihozlari bilan qo‘shib sotgan edi. Bir oz chekkarog‘-u, lekin bo‘ladi, za to tinch. Oldin bir ko‘rasizmi, yo birdan ko‘chib o‘taverasizmi?
– Ertaga ertalab bir taksi yuboring, boradigan joyimizni ham haydovchiga tushuntiring. Biz bolalar bilan ko‘ch-ko‘ronimizni olib, o‘zimiz boraveramiz. O‘zingiz o‘sha yerda bo‘p turing.
Hamma joyini o‘rgimchak to‘ri va chang qoplab yotgan uydan rutubat hidi anqib turardi. Bolalarning birdan qovog‘i uyuldi:
– Ona, biz endi shu xunuk uyda yashaymizmi, – darrov savolga tutdi bijildoq Noila. – Bundan momomning uyi chiroyli edi-ku.
Nozima bir uf tortib, indamay qo‘ya qoldi. O‘ziga ham yoqmayapti. Ammo nima qilsin?
– Onalaring hozir hamma joyni supurib, yuvib, chinniday qiladi. Keyin bu uy ham chiroyli bo‘lib qoladi, – Noilani yupatdi Hamdam.
Nozimaga Hamdamning gapi ham yoqmadi: – Borib mashinadan yuklarni olib keling.
Sanjar hech narsa demadi. Go‘yo u keyingi bir necha kun ichida bir necha yoshga ulg‘ayib, katta odamga aylanib qolgan, har narsadan o‘zicha xulosa chiqarib, xulosasini ichiga yutib qo‘ya qoladigan bo‘lgan edi. U uyni ham, Hamdamni ham bir qarashda yoqtirmadi, ammo chiqib ketay, desa, onasi qo‘ymaydi, biron chetga o‘tib o‘tiray desa, bu isqirt uyda o‘tiradigan joy ham yo‘q edi. Nihoyat, Xudo onasining o‘ziga aql berib qoldi:
– Bo‘lmasa, bolalar pastdagi skameykalarda o‘ynab o‘tirib turishsin, uyni yig‘ishtirib olgandan so‘ng chaqiramiz... Tag‘in uzoqqa ketib qolmanglar, begona joyda adashib qolishlaring mumkin.
– Xo‘p, onajon.

Bolalar chiqib ketishgach, Hamdam tumtayib turgan Nozimani ohistagina bag‘riga oldi, u ham bir so‘z demay, yigitning yelkasiga boshini qo‘ydi. Ular shu ko‘yi ancha turib qolishdi. Na unisi, na bunisi bir og‘iz gapirmadi, ular bir-birini so‘zsiz tushunib turishgan edi. Boshlariga tushgan sinovlar qaysidir ma’noda ularni bir-biridan uzoqlashtirgan bo‘lsa, qaysidir jihatdan bir-biriga yaqinlashtirib qo‘ygan edi.
– Vaqtni ketkazmaylik. Begona joyda bolalar ko‘chada qolib ketmasin, – birinchi bo‘lib Nozima uning yelkasidan qo‘llarini olib, quchog‘idan chiqdi.
– Ha, tezroq bo‘lish kerak, – uni darhol qo‘yib yubordi Hamdam ham.
Robiya kampirning uyidagi hashamdor sharoitga o‘rgangan Nozima yag‘iri chiqib ketgan bu g‘aribxonani tozalar ekan, xo‘rligi keldi: “Mendan kechib, kimga yetding, deydilar”. Bu uyda bir uy bola bilan bir sonsiz ayol yashaganligi aniq. Eshik, devorlar bolalarning panja izlaridan dog‘-dug‘ bo‘lib ketgan, kim-o‘zariga sharikli ruchka bilan har xil rasmlar chizilgan, oshxonadagi qo‘l yuvgich va gazning oldi yog‘li dog‘-dug‘lardan sirpanchiq bo‘lib qolgan edi. Televizor deganlari gugurtning qutisidan salgina basavlat bo‘lib, ichkari xonaning to‘rida mung‘ayibgina turardi. Kirligidan sarg‘ayib ketgan muzlatkichning ichida ham biron tokcha yo‘q, kiyim iladigan shkafdek huvillab turardi. “Qaynonasi umrini dalada o‘tkazgan bo‘lsa ham, nima olsa, asilidan, chiroylisidan olar edi”.
Bu uyni astoydil tozalamoqchi bo‘lsa, bolalari kun bo‘yi ko‘chada qolib ketishini o‘ylab, ichkari xonadagi o‘rgimchak to‘rlarini tozalab, changlarini yuvib, artib, bolalarni uyga kirgizdi. Hali zamon bolalarning qorni ochadi, ularga nimadir tayyorlash kerak. Shu paytgacha hech qachon bozor- o‘charning tashvishini qilmagan Nozimaning hayotida yana bir muammo paydo bo‘ldi. Biroz xijolat bo‘lib, Hamdamga qaradi:
– Ozroq bozor-o‘char qilib kelsangiz. Hali zamon tushlik vaqti bo‘lib qoladi. Men uydan kiyim- kechakdan boshqa hech narsa olib kelmagan edim.
Hamdam uning yelkasiga qoqdi:
– Hali hammasi yaxshi bo‘ladi.
Ertasi kuni yana bir muammoga to‘qnashdi: bolalarni kimga tashlab ketadi?
...Uyga tashlab ketdi, Xudo boqsin, deb. Gazlarni o‘chirdi, gugurtlarni balandroq joyga qo‘ydi. Javdirab turgan bolalariga “Men darrov qaytaman, sizlar televizor ko‘rib, qo‘rqmasdan o‘tiringlar” deb ishga ketdi.

Nozima qirtishlayverib, uyni biroz ochib oldi. Hamdam ham biroz o‘ziga kelib, oldingiday hazil-huzul bilan kirib chiqadigan bo‘lib qoldi, lekin u hech qachon kechasi yotib qolmas edi. Nozima tunlari uning qo‘ynida huzur qilib yotishni, bolalariga “bu sizlarning yangi dadalaring”, deb e’lon qilishni juda-juda istar, Hamdam esa “oshiqcha muammoning nima keragi bor, shundayiga ham yaxshi-ku”, deb qolishga unamas edi. “Agar yotib qolsangiz, munosabatlarimizni bolalarga ochiq-oydin aytsak, kunduzlari kelganingizda bolalarni ko‘chaga haydab yubormasdik”, “Ikki soat ko‘chada o‘ynasa, hech narcha bo‘lmaydi. Odamlarning bolasi kun bo‘yi ko‘chada yuradi. Menam ertadan kechgacha ko‘chada yurardim. Momom bechoraning “Hamdam-uv, Hamdam-uv” deb chaqirib yurishlari quloqlarimda qolib ketgan. Chaqirayotganini eshitsam ham eshitmaganday o‘ynab yuraverardim”, “Baribir, o‘z xohishi bilan ko‘chada o‘ynab yurish boshqa, uylariga bir erkak kelganda ikki soatga uydan chiqib turish boshqa. Bu narsa bir umr ularning yodidan chiqmaydi”. “Qo‘ysangiz-chi, biz ularga chiqib turinglar, deyayotganimiz yo‘q, o‘ynab kelinglar, deyapmiz”.
O‘sha kuni havo juda issiq edi. Nozima maktabdan qaytib, ichkari xonadagi divanga endi cho‘zilgan edi, eshik taqilladi. Bolalari joyidan qimirlamadi, bunday payti kim kelishini hamma bilar edi. “Hamdam”, dedi Sanjar g‘ijinib. Bir parcha bolaning bepisand ijirg‘anishi Nozimaning achchig‘ini keltirdi. Hamdam aka de, boshiga bir tushirdi o‘g‘lining, bozorlik qilib keling, degandim, obkelgan narsasini zaharingga yeysan, yana “Hamdam”, emish. Eshik yana taqilladi. Ochig‘ini aytganda, bu bemahal tashrif Nozimaning o‘ziga ham yoqmayotgan edi. Ishdan o‘lguday charchab kelgan. Tashqari yonib yotibdi. Shu paytda bolalarni ko‘chaga chiqarib qo‘yishga sira vijdoni chidamas edi. Buyog‘i qo‘shnilar ham kim kirib, kim chiqqanini ko‘rib, kuzatib o‘tirishibdi. Juda noqulay.
Og‘rinibgina eshikni ochdi. Uning yuzidagi malomat Hamdamga sira yoqmadi:
– Ha, na bo‘ldi maning nozli malagimga?
– Hech gap. Ishdan hozirgina kelgan edim, charchab...
– Mening oldimda bunday shalpayib turmang. O‘ynab, kiyikday o‘ynoqlab turing, tushundingizmi? “Uf!”
U indamay Hamdamning qo‘lidagi yelimxaltalarni oldi. Hamdam esa “Ay, maning nozli yorim, nozli yorim” deb xirgoyi qilgancha ichkari xonaga kirdi. Yerga dumalab televizor ko‘rib yotgan bolalarni ko‘rgach, uning ham kayfiyati tushib ketdi:
– Eh-he, jamoat jam, bitta biz kam-ku! Bolalar o‘rinlaridan turib o‘tirishdi.

– Ie, salom qani, o‘qituvchining bolalari hech salom berishni o‘rganmadi-o‘rganmadi-da. – Assalomu alaykum.
– Salom, – singlisining izidan ergashib bazo‘r og‘iz qimirlatdi Sanjar.
– Qani, televizorni o‘chirib, ko‘chaga shagom marsh.
– Biz ko‘chaga chiqmaymiz, qiziq kino bo‘layapti.
– Chiqmaymiz emish, yeshyo kak chiqasan, shunday uchib chiqasanki, qanday chiqqaningni o‘zing ham bilmay qolasan. Qani, bir, ikki, uch deganimda, sizlarni bu yerda ko‘rmay. Ie, odam toza havodan ham nafas olishi kerakmi? Kun bo‘yi uyda biqinib yotganlaring yotgan!
– Qo‘yavering, Hamdam, o‘tiraverishsin, – oshxonada turib uni qaytardi Nozima. – Ko‘cha yonib yotibdi. Ular hali tushlik ham qilishgani yo‘q. Bu yoqqa keling, muzday chalop qildim, biz oshxonada gaplashib o‘tiramiz.
– Yo‘q, – Hamdamning ham qaysarligi tutdi. – Bilasiz, gapimni qaytarganlarni yomon ko‘raman. O‘zim chaqirmaguncha qaytmaysanlar. Qani, bi-ir, ik-kki-i, u-uch!
Sanjarning rangi ko‘karib ketdi, indamay singlisining qo‘lidan ushladi-da, uydan chiqib ketdi. Nozima ularning shu ketishini allaqaysi filmning fojiali yakuniga o‘xshatdi. Biram mungli, biram g‘arib edi ularning qarashlari, turishlari...
– Och edi-da ular, bekor qildingiz, – Nozima astoydil xafa bo‘ldi.
– Menga unday gap qilmang, xonim, – Hamdam uning yoniga borib, bosh barmog‘i bilan tumshug‘ining tagidan ko‘tardi. – Siz uchun, sizning ko‘nglingiz uchun qayerlardan tilimni ko‘ndalang tishlab, shu xafa bo‘lmasin, shuning oilasini buzib qo‘ydim, deb kelaman. Siz bo‘lsa, bolalaringizni ikki soat tashqariga chiqarishni istamaysiz. Hov, bilasiz, ko‘cha to‘la qiz!.. Obkeling, chalopni!
Omonat kulbaga ham yana bir darz ketdi.
U chalopni simirgach, ko‘ylagini yechib, eshikning tutqichiga ildi-da, o‘zi ichkari uydagi divanga borib cho‘zildi. Nozima ostonada serrayib turib-turib, uning yoniga keldi: “Boravering, o‘sha qizlarga” deya olmadi. Bir xo‘rsinib, uning yalang‘och ko‘ksiga boshini qo‘ydi. Hamdam uning sochlarini siladi: “Unday emas-da, jonim. Odamning bor shavqini so‘ndirib yuborasiz”.

Hamdam ancha qolib ketdi, u ketgach, vujudida g‘alati toliqish his qildi. Yumshoqqina to‘shak o‘ziga ohanraboday tortaverdi. Yuvinib, salqinlab olganidanmi, ko‘zlari o‘z-o‘zidan yumilib ketaverdi. Bolalarini chaqirib, uyiga kirgizishga ham hafsala qilmadi: “Hamdamning ketganini ko‘rib, o‘zlari kirishar”. Shu yotgancha qotib qolibdi. Bir payt qaynonasining shang‘illagan ovozidan cho‘chib uyg‘onib ketdi. Qaynonasi unga qo‘ltiqtayog‘ini o‘qtalib, “Yuzing qursin, sen behayo, benomusning!” deb baqirib yotgan emish. O‘rnidan sakrab turib, atrofga qaradi, hech kim yo‘q, na qaynonasi, na bolalari. “O‘zingning yuzing qursin! Xayriyat, tushim ekan. Yuragimni yordi-ya, jodugar!”. Kun tob tashlagan bo‘lsa-da, xona dim, u jiqqa terga botib ketgan edi: “Ie, bolalar haliyam kirmabdi-ku!”. Uning ko‘ngliga noxush xavotir o‘rmaladi, shoshib derazadan pastga qaradi:
– Sanjar, Sanjar-uv! Noila! Noila-a!
Uyning oldidagi o‘yin maydonchasi bola-chaqaga to‘lib ketgan, faqat uning bolalari ko‘rinmas edi. Oyoqlariga shippagini ilib, tashqariga yugurdi. Yo‘lakning eshigida rangi ayozday zahil, hamisha ilondek zaharga to‘lib yuradigan qo‘shni ayol – Sharofatga duch keldi.
– Hamsoya, mening bolalarimni ko‘rmadingizmi? Sharofat kinoyali kulimsiradi:
– Bechoralar o‘tirishgan edi uylarining bo‘shashini kutib. Biron-bir sheriksiz uy axtarib ketib qolishgandir balki.
Boshqa payt bo‘lganda unga gap topib bergan bo‘lardi, hozir bu chayon bilan talashib o‘tirishga na vaqti bor, na quvvati.
...So‘ramagan odami qolmadi. Hech kim ko‘rmagan, hech kim hech narsa bilmaydi. Axir hamma salqin uyning to‘rida jon saqlab yotgan payt edi, kim ham ko‘rardi uning bolalarini. Onasinikiga, milisaxonaga qo‘ng‘iroq qildi.
Oxiri yurak yutib, qaynonasining uyiga telefon qildi. Telefonni qaynonasi oldi: – Eshitaman.
– Xola-a, bu men, Nozimaman.
Ikkinchi tomon ancha payt jim bo‘lib qoldi:
– Xola-a, – yig‘lab yubordi Nozima. – Men bolalarni yo‘qotib qo‘ydim.

– Nozima! Sendan iltimos qilaman, bolalarni bunday ovora qilma. Katta ko‘chada yig‘lab yurishsa, meni taniydigan birovga duch kelib qolibdi. “Biz Robiya Soatovaning nevaralarimiz, shu kishini axtarib yuribmiz” desa, Xudo yorlaqagur allaqayerlardan uyga olib kelib berdi. Bir yomonlarga duch kelsa, nima bo‘lar edi? Yaxshidir, yomondir, yetti yil tuzimni yeding. Sendan iltimos, senga hech qanday ta’na qilmayman, qanday istasang, shunday yasha, lekin bolalarga teginma. Men endi senga bolalarni bermayman.
Nozima bir zum o‘ziga kela olmay turdi, boyagina dunyolarga sig‘may turgan vujudiga sekin-asta xotirjamlik, halovat indi: “Xudoga shukur-ey!” Ammo shu daqiqaning o‘zida ko‘nglida boshqa bir istak paydo bo‘ldi.
– Xola! Men bolalarimni ko‘chaga chiqarib qo‘yganim yo‘q. Bola, bola-da, sizni sog‘inib, uydan qochib ketgandir. Bir og‘iz aytsa, o‘zim olib borib qo‘ymasmidim, shuncha yig‘lab axtarib yurguncha. Ammo men ham bolalarimni hech kimga bermayman. Yaxshilikcha bermasangiz, yana sudlashamiz.
– Hay, Nozima, o‘zingni bos, qahrimni keltirma. Men yaxshi bilaman, bolalar senga umuman kerak emas. Senga bola kerak bo‘lsa, bir parcha go‘daklarni qoq tushda issiqqa chiqarib qo‘yib, o‘zing maishat qilib yotmas eding? Sen bizga qasdlashib, bolalarni olib yuribsan. Biz senga nima yomonlik qildig-u, bolalar senga nima yomonlik qildi?
– Xola, u bolalarning onasi menman. Achchig‘im kelganda urgandirman, urishgandirman, tashqarigayam chiqarib qo‘ygandirman. Onasi sifatida ularni jazolashga haqli odamman, lekin ularning kaftiga bitta tikan kirsa, mening yuragim og‘riydi. Chunki ular mening yuragimning yog‘idan bino bo‘lgan.
– Sen o‘sha bolalarni o‘ylaydigan ona bo‘lganingda jimgina uyingda o‘tirgan bo‘lar eding. Sen faqat o‘zingning maishatingni o‘ylaydigan ayolsan. Sudga ber, mana ko‘rasan, oldin aytmagan bo‘lsam, endi aytaman bor haqiqatni!
– Bilganingizni qiling. – Qilaman ham.
Ikki tomon ham kelishgandek bir paytda sharaqlatib telefonni qo‘ydi. Nozimaning qarshisida yana bir muammo paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, ko‘ngli xotirjam tortgan edi: “Topildi-ku bolalari! O‘tirishgandir tizzalarda chuldirashib... “Bizni onamga berib yubormang”, deb”.
Allaqachon tun cho‘kib, atrof qop-qorong‘u bo‘lgan edi. Turib xonaning chirog‘ini yoqdi. Eshikni qulfladi. U juda charchagan edi. Bolalarining daragi chiqqach, birdan bo‘shashib ketdi. Yostig‘ining

tagidan tungi ko‘ylagini olib kiydi-da, divanga cho‘zildi, ammo sira uyqusi kelmadi. “Yolg‘izlikning tunlari bunchalar dilgir!”. Aslida u qachonlardan beri yolg‘iz, erining uyida ham yolg‘iz edi. Lekin u paytlar qo‘shni xonada kimdir uni intiq bo‘lib kutib yotganini bilar, bu yolg‘izlik unga g‘urur va lazzat bag‘ishlar edi. Endi u intiq, intizor. Kutayotgan odami hech qachon uniki bo‘lmasligini bilsa ham, g‘ururi oyoq osti bo‘lsa ham indamaydi, indayolmaydi. Chunki endi undan boshqa hech kimi, hech narsasi yo‘q. Ha, bolalari bor. Kampir senga bola nima kerak, deydimi? O‘zi ona bo‘la turib, menga shu gapni aytdi-ya. Nahot, menda umuman onalik tuyg‘usi yo‘q, deb o‘ylasa? Unda men ayol bo‘lib, inson bo‘lib yashab nima qildim? Hatto mushuk ham bir joydan ikkinchi joyga o‘tsa, bolalarini tishida tishlab olib o‘tadi. Nahot, o‘sha hayvonda bo‘lgan onalik tuyg‘usini menda yo‘q deb o‘ylaydilar? Ha, ular Nozimani hayvondan ham battar deb hisoblashadi, hali buning uchun javob berishadi!
U bir necha kun atay indamay yurdi, o‘zicha biroz dam olmoqchi bo‘ldi. Erta turib bolalarga nonushta hozirlash, so‘ng ko‘ngli xavotirga to‘lib, iziga qaray-qaray ishga ketish, “Bolalar nima bo‘ldiykin?” deb yugurib kelish, ularga tushlik, kechki ovqat hozirlash, tinimsiz “tek”, “qo‘y”, “jim o‘tir”lardan juda charchagan edi. Bu uch kunda yomonlikka Hamdam ham izlamadi. U ham telefon qilmadi. Shu omonat hamrohdan ham dam olmoqchi edi u. Turib-turib zerikdi, o‘ylab qarasa, shu bolalar uchun ovqat hozirlar, shular bilan o‘tirib o‘zi ham nimadir yer, shular uyni to‘zg‘itar, u yig‘ishtirar, shular bilan harakat, hayot bor ekan. Ba’zi oqshomlar umuman chirog‘i ham yoqilmadi. Chiroq kerak ham bo‘lgani yo‘q, qayerda nima turganini bilsa... Bir uxlab turish uchun chiroq yoqish shartmi? Hamdamni ham juda sog‘indi. Bu yigit hech qachon uniki bo‘lmasligini bila turib ham, uni o‘ylashdan, uni kutishdan, uzoq tunlar uni sog‘inib ko‘z yosh to‘kishdan o‘zini tiyib turolmasdi. Bir kun kelib uni butunlay yo‘qotib qo‘yishini o‘ylaganda, dunyo ko‘ziga zimiston bo‘lib ko‘rinib ketardi. O‘ziga o‘zi tushuna olmas edi. Bu nima? Sevgimi? Kirar aqli kirib, chiqar aqli chiqib bo‘lgan bir yoshda nahot hech qachon unga tegishli bo‘lmaydigan bir yigitni sevib qolgan bo‘lsa?! “Yo‘q, unga o‘rganib qolgan. Ha, shunday. Boshqa hech narsa yo‘q. Hozir undan voz kechishning ham iloji yo‘q, uy uniki, chet elga chiqish uchun besh-olti so‘m pul jamg‘arsin, keyin o‘ziga ham, uyiga ham etak silkib ketadi, qoladi”. Bu gaplar yolg‘iz qolgan damlarda o‘z-o‘ziga taskin uchun aytiladigan shunchaki yolg‘onlar edi, xolos. Aslida bu yigitdan hech qachon voz kecha olmasligi o‘ziga ham, Xudoga ham ayon haqiqat edi.
To‘rtinchi kuni prokuraturaga bordi. Prokuror Sardorni chaqirib, bir vaqtlar Nozimani qo‘rqitgani kabi, “qora dori” ko‘rsatganmi yo boshqa jiddiyroq gap qilganmi, shu kuniyoq ikki bolani ham Nozimaning onasinikiga tashlab ketibdi.
Shu kuni Hamdam ham keldi. Bo‘lib o‘tgan voqealarni yig‘lab-yupanib gapirib o‘tirgan edi, singlisi bolalarni yetaklab kelib qoldi. Hamdam bo‘lib o‘tgan ishlarda o‘zini aybdor sezdimi, bolalarning boshini silab, “Sizlar o‘tirib turinglar, bugun bir bayram qilamiz. Bir kilo issiqqina tandir go‘sht olib kelay, onalaringga shokolad, sizlarga muzqaymoq ham olib kelaman”, deb, chiqib ketdi. Sanjardan tashqari hammaning yuziga tabassum yugurdi.