13 - BOB
Keling, yotqizib qo‘yay, picha dam oling.
– Sardor! – o‘g‘li ostonaga yetganda yana chaqirdi.
– Ha, ena? – uning ko‘zlari oldingidan ham qizarib ketgan edi.
– Sen... uni urib, o‘ldirib... qo‘ymadingmi o‘zi?
– Men unga tirnog‘imni ham tekkizganim yo‘q, siz sira xavotirlanmang. U yashashi kerak, ertaga afsus qilib, pushaymonlar yeyishi uchun ham yashashi kerak.
– Xudoga shukr, o‘ldirib qo‘ymagan bo‘lsang, bo‘ldi. – Men mashinani kirgizay...
“Dada”lab chopib kirgan bolalarini bir-bir ko‘tarib, bag‘riga bosdi-da, indamay tashqariga chiqib ketdi.
Kampirni kelinining xiyonatidan ham burun o‘g‘lining mahzun holati ko‘proq tashvishga solayotgan edi. “Haliyam bolamning esi bor. Chavaqlab tashlab, qamalib ketganda men nima qilar edim? Bu megajinni esini yig‘ib olgandir deb yursam!.. Ha, juvonmarg. Palakating o‘zingdan beri kelmasin, iloyo”.
Kampir noxush yangilikka tez ko‘ndi: “Qaytamga yaxshi bo‘libdi. Bir marta xiyonat qilgan odamning keyin to‘g‘ri yurishi qiyin. Shunday dahshatli sirni o‘g‘lidan yashirib, hamisha oshiga pashsha tushganday ko‘ngli xit bo‘lib yashashning o‘zi bo‘ladimi? O‘zi pishirgan osh, o‘zi tanlagan taqdir bu. Aylanib-o‘rgilib ichaversin”.
Oradan ikki kun o‘tib, choshgoh payti kenja qizi bilan qudag‘ay keldi. Olloqul bobo darvozaning oldidagi poldan beda o‘rayotgan edi. Kelganlarni ko‘rib, rangi o‘chdi, lekin sipogina so‘rashib, ichkariga boshladi. Hamisha bosgan yerim minnatdor, bosmagan yerim ginador, deganday kibr bilan sollanib yuradigan qudag‘ay yelkasini qisibgina ichkariladi. Qimtinibgina Robiya kampir yotgan xonaga kirdi. Kampir divanning ustida oyoqlarini yerga osiltirgancha, qo‘ltiqtayoqqa suyanib, televizor ko‘rib o‘tirardi. Bu ayolning bugunmi, ertami, shu taxlit kirib kelishini bilgan, kutgan bo‘lsa-da, anchayin bir qo‘shnini kutganday xotirjam qarshi ololmadi. Pir-pir uchayotgan lablari, tizzalari ustida titrab turgan qo‘llari uning ichidagi g‘alayonni aytib turardi. “Senga ham, tarbiya bergan qizingga ham ming la’nat!” degan so‘zlarni bir amallab ichiga yutdi.
Ular hatto so‘rashishmadi ham.
– Uzr, opa, taqdiri qo‘shilmagan ekan...
Kampir tutab turgan edi, qudag‘ayning bir og‘iz gapi bilan lov etib yonib ketdi:
– Uni siz qo‘shishni istamadingiz. Qachon bo‘lsa, zerikdim, sog‘indim bolam, bir kelib ket, deb chaqirishni qo‘ymadingiz. Borgan joyingda bot, o‘sha uy sening uying, unga mehr qo‘y, deyishning o‘rniga, qaynonang unday, ering bunday, tor qornimga siqqan, keng uyimga sig‘maysanmi, kel, kelaver, deb yo‘ldan urdingiz. U bu yerda omonat yashadi, bu uyga ham, uning odamlariga ham mehr qo‘ymadi. Shu iflos ishni qilmasa ham, u bir kunmas, bir kun baribir ketar edi.
– Xo‘p, opa, u kasalxonaga tushib qoldi. Haligi, o‘zini osmoqchi bo‘lib... Shunga kiyim-boshlaridan bir-ikkitasini olay, deb kelgandim. Mening ko‘ylaklarim unga to‘g‘ri kelmasa... Singlisining xalatini kiyib yotibdi, uyam tor...
– Menga desa, hammasini olib ketsin. Senlarga narsa kerak. O‘zi bir moshin-poshin olib kelib, ko‘rpa-to‘shagini olib borib tashlanglar, deb turgandim. Hammasini olib keting, bu uyda uni eslatadigan hech narsa qolmasin, – kampir turib-turib jazavaga tusha boshladi. Iris xola o‘tiraversa, bundan ham battar beobro‘ bo‘lishini o‘ylab, sekin o‘rnidan qo‘zg‘aldi:
– Mayli, biz boraylik.
– Ha-a!.. Iris boybichcha, qizimni ajratib olaman, deb-deb, oxiri niyatingizga yetdingiz. Taqdir yo‘llarimizni tutashtirgan kunga ming la’nat. Qaniydi, o‘sha kun mening hayotimda bo‘lmaganida, manavi ikki go‘dak tug‘ilmaganida edi...
– Endi-i, qudag‘ay, bilasiz, qars ikki qo‘ldan chiqadi. Bu yerda kim haq, kim nohaq, bir Xudoga ayon. Lekin eshigingizda qizimning chiroyi ochilib yurganini hech ko‘rmadim.
– Men ham yetti yildan beri shu qizingizning qovog‘iga qarab charchagan edim. Uning biror kun ko‘rgan kunidan, bizdan rozi bo‘lib, bizni el bilib, ochilib-sochilib o‘tirganini ko‘rmadim.
– Opa, o‘g‘lingiz noto‘g‘ri tushungan. Biz bir uy olmoqchi bo‘lib yurgan edik. Bir hovlida ikki kelin bilan qiynalib qoldik, bir uy surishtir, degan edim. Qizim uy ko‘rgani borgan, o‘g‘lingiz noto‘g‘ri tushunib, taloq deb yuboribdi.
– E-e, qo‘ying, Iris boybicha, – kampir ko‘zlarini yumib horg‘in bosh chayqadi. – Uy ko‘rgani borgan odamning qo‘lida kalit nima qiladi, u egasidan oldin uyga kirib o‘tiradimi? Menda qizingizning o‘sha juvonmarg bilan telefonda qilgan gurunglari yozilgan tasma bor. Buni o‘ziga ham aytgan edim. “Hay, kelin, mening hammasidan xabarim bor. O‘g‘limga aytmayman, chunki bolalar yetim bo‘lib qolmasin, deyapman. Orqa-oldingga qarab yur. Oilang buzilib ketmasin-a”, dedim. Nima bo‘lsa ham hamma og‘irlikni o‘zimga olgan edim. Men so‘zimda turdim, bo‘g‘zimga tiqilib, kechalari uxlatmagan sirni o‘g‘limga aytmadim. Lekin qizingiz so‘zida turmadi.
Iris xolaning bu gaplardan xabari yo‘q edi: “Yerga soldi, bu badbaxt! Allaqayerdagi ketmonchi nokaslarning oldida tilimni qisiq qildi”.
– Bizdan o‘tgan bo‘lsa, uzr, opa, – Iris xola shu yerdan eson-omon chiqib olish tashvishida qo‘llarini ko‘ksiga qo‘ydi. Kampir shu taxlit shang‘illayversa, Olloqulboy yugurib kelib, ularni quvib solishi hech gap emas. Hali Nozimaning kiyim-boshlarini yig‘ishtirishi kerak. – Bolamni ham kechiring, qarg‘amang.
– Uni Xudo kechirsin. Men hech qachon hech kimni qarg‘amayman. Kim qilmag‘ay, shul topmag‘ay.
O‘z oyoqlari bilan yura olgan odam qanchalar baxtli. Iris boybicha sharmandai sharmisor bo‘lib o‘tirgan bo‘lsa ham, yuz karra, ming karra muttaham bo‘lsa ham, uning oyoqlari yurib turibdi. Aytar gapini aytib-aytib, haq gapi bo‘g‘ziga tiqilgan qudag‘ayini shiptir hidi o‘rnab qolgan dim xonaga tashlab chiqdi-yu, ketdi: “Ajdarho! Oyog‘ing yo‘q, shuncha bo‘kirasan. Oyoqlaring yurgan paytda qizimga kun bermaganing aniq”.
Iris boybicha sirib bog‘langan ikki tugunni o‘zi, ikki tugunni qizi ko‘tarib, uydan chiqqanda, Olloqulboy boshini quyiga osiltirgancha, tok soyasidagi supaning bir chetida o‘tirar edi. Bobo na boshini ko‘tardi, na tugun ko‘tarib olganlarga bir narsa dedi.
* **
Iris xola uyga yetib kelgunicha, qiz tuqqanlariga ming pushaymon yedi: “Shunday qiz tuqquncha, it tug‘sam bo‘lmasmidi? Ko‘ngling yo‘q ekan, tinchgina ajral. Odamlarning qiziga o‘xshab qaytib kel. Besh-olti oy alohida turib, ajralganing elga ma’lum bo‘lgandan so‘ng bilgan b... ingni yeb yuravermaysanmi? O‘h, meni yerga soldi-ya bu qiz!”
Katta-katta qizil gulli choyshablarga tugilgan kiyim-boshlarni tars etkazib, xonaning o‘rtasiga tashladi. Yoqasiga qo‘l tiqib, siynabandidan ro‘molchaga o‘rog‘lik to‘rt taxlam pul va besh-oltita oltin taqinchoqlarni chiqardi: “Ay, esi yo‘q qiz-a, bu pul bilan nima ishing bitishi mumkin. Yana ikki bolani ham o‘zi boqar emish!”
Kasalxonada yotgan Nozima onasidan bolalarni olib kelmaganini eshitib, jazavasi qo‘zib qoldi: – Siz bir parcha noningizni qizg‘anib atay olib kelmagansiz. Bilaman sizni!
– Sekin, hoy, sekin! Do‘xtirlarga tomosha bo‘lishimiz shartmi? Shuncha sharmandalik kamlik qilayaptimi bizga? – qizini qaytarib tashladi Iris xola. – Qaynonang qirq yillik dardini aytib, javrab, yeb qo‘ydi. Agar bolalarni olib ketamiz, desak, u uydan bir qil ham olib chiqa olmas edik. Orqasi tutib, urib-haydab chiqarardi.
Bir tomondan onasi haq edi.
– Bolalarning kiyimlarini ham olib keldingizmi?
– Ha, qo‘lga ilashadigan bor narsangni olib keldim.
– Yaxshi. Kasalxonadan chiqay, o‘zim sudga beraman.
Onasi boshqa gapirmadi, boshidagi ro‘molini yechib, qaytadan bog‘ladi-da, indamay xonadan chiqib ketdi. Aslida bu sho‘rlik ayolning qo‘sh kelinli g‘ala-g‘ovur xonadonda o‘ziga tegishli bittagina xonasi bor edi. Eru xotin shovqindan bezor bo‘lishganda shu xonaga kirib, bir pasgina oyoq uzatib, dam olishar, gurung qilishar edi. Endi o‘sha sokin qo‘nalg‘a ham ke-etdi!..
Kasalxonadan chiqishidan bir kun oldin hovliqib Mastura keldi. Bu paytda Nozimaning bo‘yinbog‘larini yechib olishgan, ovozi, rang-ro‘yi ham ancha o‘ziga kelib qolgan edi. Maktabda, Mahbuba Sultonovna pedkengashga qo‘ydiraman, degani uchun Nozima o‘zini osmoqchi bo‘libdi, degan gap tarqalibdi.
– Bechora Mahbuba Sultonovna o‘zini qayerga qo‘yarini bilmay, rosa pitirlab qoldi. Keyin ering haydab yuborganini eshitib, picha o‘ziga keldi. Nega urishding, ering bilan? – Mastura negadir uning ko‘zlariga g‘alati bir sinchkovlik bilan qaradi.
– O‘zim...
– O‘zimni osaman, deb arqon izlab yurguncha, shu qaynona bilan erning ko‘ngliga yo‘l izlasang, hech kam qilishmaydi seni, dugon. Ular izlab kelishdimi?
– Yo‘q, – ko‘zlarini yumib bosh chayqadi Nozima.
– Haliyam bo‘lsa, kech emas. Izzattalab bo‘lib yurmasdan, kasalxonadan chiqib, to‘g‘ri uyingga bor, kerak bo‘lsa, kechirim so‘ra. Oyday ro‘zg‘oring, shunday kelishgan ering bor, uni kimga tashlab ketmoqchisan va qayerga borib, qanday joy olmoqchisan?
– Ko‘ramiz...
“Nahotki, butun dunyo axborotlaridan boxabar maktab “dom”dagi mojarodan bexabar qolgan bo‘lsa?! Xabar topishgandir, faqat o‘sha mojaroda ularning Nozimasi sharmisor bo‘lganini eshitmagan”. Boisi u “dom”da asosan ruslar yashashar ekan, ko‘pchilik bir-birini bilmas, tanimas ekan. Hamdam shuning uchun ham uni o‘sha “dom”ga olib borar edi. “Xayriyat!” U ishimdan ham mosuvo bo‘ldim deb o‘ylagandi... Hozircha ishlab turgani ma’qul, qo‘lida bir-ikki so‘m puli bo‘ladi. Endi Hamdamdan bir uy undirib, bolalarini keltirib olsa bo‘lgani.
Haqiqatan ham maktab tinch edi. Hamma uning bo‘ynidan nimalarnidir izlab, o‘g‘rincha qarab- qarab qo‘ysa-da, o‘zidan hech narsa so‘ramadi. Biron gap bo‘lib, yana o‘zini osib qo‘ymasin, deb qo‘rqishdimi? Darsdan chiqib, to‘g‘ri prokuraturaga bordi.
– Bugun qabul kuni emas, – dedi sovuqqina qilib eshik yonida turgan qop-qora zangiday, bilaklari yengiga sig‘may, terisi yiltillab turgan yigit.
– Men o‘g‘illarining o‘qituvchisiman. Oldin ham bir marta kelgan edim. Iltimos, kirib bir og‘iz ayting, o‘g‘lingizning o‘qituvchisi keldi, deb. Qabul qilmasalar, ketaveraman.
Yigit o‘g‘il haqidagi gaplardan keyin picha o‘ylanib turdi-da, ikkinchi qavatga chiqib ketdi. Ko‘p o‘tmay pastga tushib, uni ichkariga kirgizib yubordi.
– E-e, sizmidingiz? Keling-keling, – prokuror uni o‘rnidan turib kutib oldi.
Keng va shinam xonada yumshoq gilamlarni bosib, unga qarab turgan prokuror tomon borarkan, hayajon va xijolatdan qoqilib ketmaslikdan boshqa narsani o‘ylay olmasdi.
Prokuror u bilan qo‘l olib ko‘rishdi, stoliga taqab qo‘yilgan stol yonidagi o‘rindiqlarga taklif etdi.
– Marhamat, o‘tiring.
Nozima ortga chekinib, xona girdini aylantirib qo‘yilgan stullarning biriga o‘tirdi.
– Ahvollaringiz yaxshimi? Bizning shumtakalar sizni charchatib qo‘yishmayaptimi? Lekin ular sizdan juda minnatdor. Yashang, rahmat sizga. Xo‘sh, nima tashvishlar bilan yuribsiz?
Nozima yerga qaradi. Necha kundan beri miyasida ipga tushgan marjon yanglig‘ tuzib chiqqan so‘zlari birdaniga yodidan chiqib ketgan edi.
– Birontasi xafa qildimi? Tinchlikmi?
– Tinchlik. Mening bolalarimni olib qo‘yishdi. – Kim, nega?
– Qaynonam bilan erim.
– Tushunmadim...
– Qaynonam juda boy xotin, bir umr brigadir bo‘lgan, olti bolasining har biriga bittadan qasr qurib berib qo‘ygan, – asta-sekin uning tili yechila boshladi. – Mening ota-onam oddiy o‘qituvchi bo‘lgani uchun bizlarni hech nazariga ilmasdi. Kambag‘alsan, onang senga durust sep qilmagan deb hech kun bermas edi. Oxiri tuhmat uyushtirib, o‘g‘liga aytib, haydab yubordi. O‘g‘lim bilan qizimni o‘zlari bilan olib qoldi. Kampirning oyog‘i singan, uch oydan beri turolmay yotibdi. Mening bolalarimni yaxshi ko‘rishgani uchun emas, kampirga qaratish uchun dastyor sifatida olib qolishdi. Iltimos, menga bolalarimni olib bering.
Prokuror unga tikilgan ko‘yi bir zum o‘ylanib qoldi.
– Xo‘sh, ismingiz nima edi, Nozima? Ha, Nozimaxon, bunday qilsak, men eringizni chaqirib gaplashsam. Qaynonangizga xotin-qizlar qo‘mitasining raisini yuboraman. Tushunmagan narsalarini sekin tushuntiramiz. Arzimagan sep-sarpo deb, ikki bolali ro‘zg‘orni buzib yuborish yaxshi ish emas, axir. Kerak bo‘lsa, qonun yo‘li bilan ozroq po‘pisa ham qilib qo‘yishim mumkin. Nima deysiz? Bolalaringizni olib berishdan oson ish yo‘q. Lekin ro‘zg‘oringiz buzilib ketmasin, deyapman!
– Kerak emas. Ular menga tuhmat qilishdi, otimni buzuqqa chiqarishdi. Shunday nomga teng bo‘lgandan ko‘ra o‘lib ketganim yaxshi deb o‘zimni osdim. Baxtga qarshi bir tasodif bo‘lib meni qutqarib qolishdi. Bir hafta kasalxonada yotib, bugun ishga chiqdim. Endi ular qabul qilishsa ham, men u xonadonga bormayman. Iltimos, bolalarimni olib bering.
Prokuror o‘rnidan turib ketdi. Xuddi o‘zining singlisi haqorat qilingandek qahri kelib, qalin qoshlarini chimirdi.
– Unda bunday qilasiz, – dedi u anchadan so‘ng. – Hozir tuman sudiga borib ariza yozasiz, raisga o‘zim tayinlab qo‘yaman. Hech qanday muammo bo‘lmaydi, – u “gap tamom” deganday qo‘llarini ikki tomonga yozdi.
Nozima ham o‘rnidan turdi:
– Rahmat sizga.
– Bizga yana qanday xizmat bo‘lsa, bemalol kelavering. – Rahmat.
Nozima prokuratura binosidan chiqqandan keyingina o‘pkasini to‘ldirib nafas oldi: “Xotini judayam baxtli ayol bo‘lsa kerak...” Prokurorning xonasida kezinib yurgan xushbo‘y ifor uzoq vaqt dimog‘idan ketmay yurdi.
Uyga kelib Hamdamga qo‘ng‘iroq qildi. U har doimgiday qandaydir sershovqin joyda yurgan edi: – Ha, yaxshimisiz, oshna? Nima gap?
Gap ohangidan Nozima bilan durustroq gaplashish niyati yo‘qdek ko‘rindi. Bu Nozimaning qahrini keltirdi:
– Iltimos, oshna, shovqinli joydan nariroq o‘ting, – zaharli piching qildi u. – Vaqtingiz bo‘lsa, bir og‘iz gapimiz bor edi.
– Xo‘p, xo‘p, hozir, – darrov xatosini tushundi Hamdam, bir daqiqadan so‘ng shovqin-suron eshitilmay qoldi. – Endi gapiravering, boshqa xonaga o‘tdim. Tinchmisiz?
– Hamdam! – Nozimaning jahli hali tarqamagan edi, yaxshi-yomon deb so‘rashib o‘tirgisi kelmadi. – Men ko‘chada qolganimni, bunda sizning ham aybingiz borligini bilasiz-a?
– Bilaman.
– Bilsangiz, menga uy topib bering.
Hamdam ancha vaqt jim qoldi.
– Nega indamaysiz. Yoki sizda hech qanday mas’uliyat yo‘qmi?
– Yo‘-o‘g‘, nega unday deysiz, – Hamdam biroz duduqlanib qoldi. – Sizni ko‘chada qoldirish niyatim yo‘q. Uy-ku, ko‘p. Faqat ikkinchi opam qayerdandir siz haqingizda eshitibdi, Shohista aytganmi, har balo deb yotibdi. Bo‘lmasa, uylarning biroviga “ijarachi” deb kiritib qo‘yaverardim.
– “Har balo” deganingiz nima ekan?
– Ayollarni bilasiz-ku, “boraman, sochini yulaman”, “unday-munday”, shu-da. Sizni uyimizga qo‘ysam, albatta, kelib tekshirishadi. Keyin ular meni ham, sizni ham tinch qo‘yishmaydi.
– Unda men nima qilay? Turgan-bitganingiz shumi?
– Yo‘-o‘g‘, men uy topaman, faqat bir-ikki kun sabr qilib turing. O‘zim sizga qo‘ng‘iroq qilaman. – Men sizni ko‘p kuta olmayman.
– Tushundim.
“Eh, Shohista!.. Shaytonning urg‘ochisi! Shoshmay tur, boshingga bir o‘yinlar solayki, bu savdolar qayerdan kelganini bilolmay tentak bo‘lib yurgin!”
Bir pasdan so‘ng yana Hamdamga qo‘ng‘iroq qildi.
– Ha, tinchlikmi? – aftidan Hamdam tanbeh eshitishdan qo‘rqib, xoli joyga chiqib, telefonni ko‘targan.
– Menga qarang, sizdan iltimos, shu Shohistadan bittagina qasdimni olib bering. – Qanday qilib?
– Eriga yelimday yopishqoq bir o‘ynash topib bering. U shunday shallaqi bo‘lsinki, kerak bo‘lsa, kelib Shohistaning sochini yulsin.
Hamdam “xo-xo”lab kulib yubordi. – O‘h, siz xotinlar! Sizlar chatoq. – Shunday nomzod bormi?
– Topamiz.
– Tezroq toping.
– Xo‘p, – Hamdam kula-kula telefonni o‘chirdi.
Nozima ham xayoliga kelgan fikrdan ko‘ngli yorishdi: “Hali mening sovunimga kir yuvmabsan!”
U sud bo‘ladigan kunni hayajon bilan kutdi. Qaynonasi bilan eri hech qachon uning xiyonatini elga oshkor qilmasligiga ishonsa ham, baribir qo‘rqdi. Chunki uni onalik huquqidan mahrum qilib, bolalarni o‘zlarida olib qolishga shundan boshqa asos yo‘q edi. “Tuhmat qilishyapti, deb turib olaman. Ishqilib, telefondagi yozuvlarni olib kelishmasin-da. Yo‘g‘-e, bunchalik pastkashlikka borishmas”.
Ular sud raisining qabulxonasida uchrashishdi. Nozima endi kelib o‘tirgan edi, qabulxonaning eshigi ochilib, avval qaynotasi, so‘ng qo‘ltiqtayoqqa osilib olgan onasining tirsagidan ushlagan eri kirib keldi. Nozima beixtiyor o‘rnidan turib, salom berdi. Ammo uning salomiga hech kim alik olmadi. Eri otasi bilan onasini joylashtirgandan so‘ng, “Men yo‘lakda bo‘laman, kerak bo‘lsam chaqirtirarsizlar”, deb tashqariga chiqib ketdi. Erining rang-ro‘yi bir ahvolda bo‘lsa-da, oppoq ko‘ylak, kulrang shim, tumshug‘i uzun chiroyli tufli kiygan, barvasta qaddi-qomatiga kiyimlari juda