12 - BOB
o‘yladi Nozima. Shu bilan na haydovchi, na Nozima orqada qorama-qora sudralib kelayotgan mashinaga qaramadi.
Nozima taksidan tushgach, odatdagidek qo‘ni-qo‘shnilarga duch kelmaslik uchun shoshib, ikkinchi qavatga ko‘tarildi. Hamdam hali kelmagan edi. Sumkasidan o‘zining kalitini chiqarib, eshikni ochdi. U eshikni ochayotgan paytda pastdan qadam ovozi eshitildi. Yo‘lakka kimdir kirganday bo‘ldi, bu ovoz uni yana ham shoshirdi: “Tezroq kirib olay. Birov yarim tanish-bilish ko‘rib qolmasin”.
Ichkariga kirib, endi oynani ochayotgan edi, eshik qulfiga kalit solinib, sharaq-shuruq buraldi-da, darang etib, temir eshik ochildi. Hamdam bilan birga yo‘lakdan xonaga kabobmi, mantimi, allaqanday shirin taomlarning xushbo‘y hidlari kirdi. Nozima yugurib borib, Hamdamning bo‘yniga osildi.
– Shoshmang, eshikni qulflab olay. Yo‘lakda begona kishini ko‘rdim. Men uni eringizga o‘xshatdim. – Nima? Siz erimni qayerdan taniysiz? – yuragi qinidan chiqib ketay dedi Nozimaning.
– Bir marta uzoqdan ko‘rsatishgandi. Yana bilmadim, adashgan bo‘lishim ham mumkin. Siz qachon kelgan edingiz?
– Hozirgina... – birdan Nozimaning yodiga mashinada o‘tirgan shapkali odam tushdi. Axir u Sardor edi-ku. Odam o‘z erini ham tanimasligi mumkinmi? Sardor hech qachon shapka kiymas edi, yana bukchayib o‘tirib olgan va u qarashi bilan yuzini narigi tomonga burdi. Demak, kasal bo‘lgani uchun emas, kuzatayotganini sezdirmaslik uchun yotib olgan.
Ular darhol ichkari xonaga kirishdi:
– Qayinsinglim sotgan, – alam bilan shivirladi Nozima.
– O‘zi izingizga tushgan bo‘lishi ham mumkin.
– Eshikni ochmaymiz.
– Xo‘p, qo‘rqmang, eshikni ochmayman. Siz manavi shkafning ichiga kirib oling.
Shkafning ichida kimningdir katta paltosi ilig‘lik turgan edi. U ana shu pal’toning ichiga kirib oldi. Endi shkafni ochsa ham uni hech kim topa olmaydi. Uning joylashganini ko‘rish uchun shkafni ochgan Hamdamga palto yoqasidan boshini chiqarib, “meni bu yerdan hech kim topa olmaydi, xayr”, dedi kulib. Hamdamning ham ko‘ngli biroz xotirjam tortdi.
Shu payt eshikning qo‘ng‘irog‘i bosildi. Ichkaridan javob bo‘lavermagach, taraqlatib tepila boshladi:
– It emgan Hamdam, eshigingni och! Och deyapman, men ikkovingni ham shu eshikdan kirib ketganingni ko‘rdim. Ochmasang, hozir mahalla raisi bilan uchastka nozirini chaqirib, eshikni buzib kiraman. Yaxshilikcha och, deyapman.
Eshikni ochmaslikdan boshqa chora qolmagan edi. Shu taxlit baqiraversa, hali zamon butun mahalla uning eshigi yoniga yig‘iladi. Ikkalasini ham ko‘ribdi, endi yashiradigan hech narsa yo‘q. Hamdam ich-ichini larzaga solayotgan titroqni zo‘rg‘a bosib, eshikni ochdi:
– Tinchlikmi, aka!
Sardor eshikdan quyundek yopirilib kirdi: qarshisida turib qolgan Hamdamni yoqasidan tutamlab, bir chetga uloqtirib yubordi.
– Qani, u qanjiq?!
– Tushunmadim, kimni so‘rayapsiz? – o‘zicha yelka qisdi Hamdam. Ichkariga alang-jalang qarayotgan Sardorning ko‘zi ostonada turgan Nozimaning tuflisiga tushdi. Tuflilarni xiyonat ustida qo‘lga tushirganday alam bilan Hamdamning yoniga tepib yubordi.
– Bu yoqqa chiq, hey qanjiq! Chiq bu yoqqa! Chi-iq!
Ichkaridan hech qanday sado eshitilmadi, katta xonada faqat Sardorning hansirab nafas olishi eshitilib turardi. U bir sakrab ichkari xonaga kirdi. Bo‘m-bo‘sh xonaga bir qur nazar soldi-da, xuddi birov ko‘rsatib turganday burchakda turgan shkafni ochdi va paltoni surib ko‘rayotgan qo‘llari Nozimaning yelkalariga tegib ketdi. Palto sidirilib kiyim ilgichdan tushdi-da, Nozimaning usti ochilib qoldi.
Sardor bir zum harakatsiz qotib qoldi. U jiqqa terga tushgan, rangi qop-qora bo‘lib ketgan, chekkalarida o‘qlog‘day ko‘m-ko‘k tomirlar ko‘zga tashlanib turardi.
Ikkalasi ham bir-biriga tikilgan ko‘yi bir zum tek qotdi. Biri o‘zini oqlashga, ikkinchisi yuragiga tushgan o‘tni ta’riflashga munosib so‘z topa olmas edi. “Hozir ikkalasini ham bo‘g‘ib o‘ldiraman”, deb ikkinchi qavatga ko‘tarilgan Sardor so‘nggi daqiqagacha, ostonada tanish poyafzalni, kreslo chetida xotinining sumkasini ko‘rganda ham ikkilangandi. “Axir zavoddan bittagina nusxada chiqmagandir xotinimning tuflisi yoki sumkasi”. Ammo Nozimaning javdirab turgan ko‘zlariga ko‘zi tushishi bilan bor dunyosini yutqazgan qimorbozday birdan bo‘shashib shalvirab qoldi. Onaning og‘ziga qarab o‘sgan hamma yigitlar kabi u odobli va ancha ko‘ngilchan edi. Mushtlari qattiq qisildi, badanidagi har bir mo‘y tip-tik bo‘ldi, ehtimol qorachiqlari kengayib, olxo‘ridek bo‘lgandir, ammo oyoqlari turgan yeriga go‘yo yopishib qolgan edi.
– Suf, senga! – nihoyat ich-ichidan guldiragan ovoz eshitildi. – Taloqsan, iflos! Uch taloq, ming taloq! Qaytib yuzingni ko‘rmay! Taloqsan, taloq!
Taloq so‘zi aytilganda Allohning Arshdagi kursisi larzaga kelar ekan, deyishar edi. Shu lahzada yeru osmon larzaga kelganday bo‘ldi.
– Taloqsan, taloq! Uch taloq, ming talo-o-oq!
Shu so‘zlarni aytib, shahd bilan ortiga burilgan edi, ostonada dag‘-dag‘ titrab turgan Hamdamga to‘qnashib ketdi. Ichidan bir narsa uzilib ketganday bo‘ldi, tishlari bir-biriga qapishib qoldi. Bir qo‘li bilan Hamdamning yoqalarini tutamladi, ikkinchi qo‘li bilan lunjiga bir musht tushirdi. Hamdam qalqib ketdi, ammo na qarshilik ko‘rsatdi, na chetga o‘tdi. Sardor bor qahrini yana mushtiga joylab, ikkinchi lunjiga tushirdi. Yana, yana, yana!..
Hamdam ketma-ket tushayotgan zarblarga bardosh bera olmay, boshini bilaklari orasiga olgancha, cho‘kkalab qolgandan keyin ham Sardor o‘zini bosa olmadi. Burchakda g‘ujanak bo‘lib yotgan yigitni tepib-tepib, so‘ng tashqariga chiqib ketdi.
Anchadan so‘ng Nozima sharpadek sudralib ichkaridan chiqib keldi. Uni ko‘rib Hamdam bir amallab yotgan joyidan turib, devorga suyangancha oyoqlarini uzatib o‘tirib oldi. Uning yoqavayron ahvolini ko‘rib, Nozima chuqur xo‘rsindi, ammo o‘zining ahvoli ham unikidan durust emas edi: Ich- ichidan horg‘in bir nido chiqdi: “Sharmanda bo‘ldim”. Borib, Hamdamning yoniga cho‘kkaladi: “Endi nima qilamiz?”
Hamdam zo‘rg‘a qo‘lini uzatib, uni yelkasidan oldi: “Hali hammasi yaxshi bo‘ladi”. – Yashirib qo‘ygan pullarim, tillalarim bor edi... Hammasi ularga qolib ketdi.
– Onangizga aytasiz, olib kelib beradi.
Shu topda yuraklari simillab, bolalarini juda-juda sog‘inganini his qildi:
– Bolalarni berisharmikan?
– Bermay nima qiladi? Bola hamisha ona bilan qoladi.
Ular shu o‘tirishda eshiklarni ham qulflamasdan uzoq o‘tirishdi. Ikkalasi ham xufyona uchrashuvlarga qoniqmay, qachon bir-birlariga tamoman tegishli bo‘ladigan kunlar orzusida yashar edilar. Shunday kunlar o‘z-o‘zidan ularni yo‘qlab kelganda, intilgan dovonlari yurakka qadaluvchi tikonlarga, ilon-chayonlarga to‘la dilozor bir makon ekanligini ko‘rib, hafsalalari pir bo‘ldi.
...Onasi peshonabandining chetlaridan to‘zg‘ib ketgan oppoq sochlari chiqib, etaklarini lippasiga qistirib, darvoza oldidagi beton ustida qo‘sh gilamni yoyib olib, nevara qizi bilan gilam yuvib yotgan ekan. Boshqa payt bo‘lganda “Oqbilak oyimlaringiz qani? Endi shularning shiptirlarini ham siz yuvasizmi?” deb, shartta ishni to‘xtatgan bo‘lar edi. Bugun indamadi. Sho‘rlik onasi endi uning shiptirlarini ham qo‘shib yuvadigan bo‘ldi.
Iris xola qizining rang-ro‘yini ko‘rib, tinch emasligini bildi, ichiga bir ilon kirganday bo‘ldi. O‘zi kichkinagina gilamchalar edi, shularni ham yuvib bo‘lguncha, qora terga tushdi. Aksiga olib, nima ishga urinsa, qo‘l solishib turadigan katta kelini shu bugun onasinikiga ketgan edi. Kichik kelinga- ku, bir parcha bola bitgan, qo‘lqoziq, bahonasi shu, “lu-lu”, “lu-lu”, uyg‘oq bo‘lsa, qo‘lidan qo‘ymaydi, uxlasa, qo‘shilib uxlaydi. Bular bola uxlaganda ishlarimni qilib olay, deb yugurib yurishar edi. Hozirgi yoshlar bolasi uxlaganda, o‘zlari ham qo‘shilib dam olib olishlari kerak.
Yoshgina bo‘lib turib, arzimagan ishlardan qochib, bolani bahona qilib, o‘zlarini har yonga uraverishidan g‘ijini keladi uning. Bugun o‘zicha g‘ayrati jo‘shdi, kir soda bo‘lsa, suv sharillab oqib yotsa, bir urinsa, yuvib tashlaydiganga o‘xshagandi. Yosh o‘tgandan keyin baribir qiyin ekan. Bu yog‘i qizining rangi o‘chib, kirib kelishi g‘ayratini sovutdi. Amal-taqal qilib, ishini oxiriga yetkazib uyga kirganda, Nozima uyning qorong‘u burchagiga to‘shalgan ko‘rpachaning ustida to‘ntarilib yotardi:
– Ha, Nozi, nima bo‘ldi?
– O‘zim... – uning ovozi bo‘g‘iq chiqdi, izidan burnini ham tortdi. U yig‘lab yotgan ekan.
Iris xola oq yem bo‘lib ketgan qo‘llari bilan terlarini sidirib, qizining boshiga borib, cho‘nqaydi.
– Biron gap bo‘ldimi?
Nozima o‘rnidan turib, onasining bag‘riga o‘zini tashladi, so‘ng o‘kirib yig‘lab yubordi.
– Enajon, menga taloq tushdi. Erim meni taloq qildi! Men xato qilib qo‘ydim.
Iris xolaning hushi boshidan uchib ketdi. Ho‘ngrab yig‘layotgan qizini bag‘ridan ajratib, yuzlariga qaradi:
– Bu nima deganing, badbaxt! Qanaqa taloq? Qanaqa xato?!
– Erim meni ushlab oldi, ena-a-a!.. Endi nima qilaman? Sharmanda bo‘ldim men!
Iris xolaning nafasi ichiga tushib ketdi. Beixtiyor savqi tabiiy xavotir bilan eshik tomonga qaradi: “Kelin-pelin izidan kirib, eshitib qolmadimikin?” So‘ng hamon jazavaga tushib, o‘kirib yig‘layotgan
qiziga qaradi:
– Hay, sekin, sekinroq, yer yutkur!
Ammo ayni paytda Nozima o‘zini idora qiladigan holatda emas edi. Yig‘lab-yig‘lab toliqqandan so‘ng jim bo‘lib qoldi, ko‘z yoshlari ham qurigan edi. Nim qorong‘u xonada faqat uning burun tortgan ovozi eshitilar edi. Ona-bola ancha payt shu zayilda o‘tirishdi. Nozimaning burun tortishi ham tugagandan so‘ng Iris xola uning yelkasidan ushlab, o‘ziga qaratdi:
– Endi gapir, badbaxt qiz, nima qilib qo‘yding? Ering kim bilan ushlab oldi? Nozima yerga qaradi.
– Sen, boshingda ering, oldingda bolalaring bo‘la turib, qaysi aqling bilan shunday ishga qo‘l urding? Endi qanday bosh ko‘tarib yuramiz?
Nozima yana yig‘lay boshladi.
– Enajon, endi men yashashni istamayman, o‘zimni o‘ldiraman!
“Ichingdan chiqqan ola ilon, ol-da, belingga boyla”. Nima qilgan bo‘lsa, qilgan, qilib bo‘lgan, endi joniga qasd qilsinmi? O‘g‘ri ham, ne-ne kazzob-qotillar ham siqqan dunyoga nahot uning shu badbaxt qizi sig‘maydi?!
Iris xola surilib, qiziga yaqinroq bordi, sekingina yelkalaridan quchib, uni bag‘riga oldi: – Oldin meni o‘ldir, bolam. Senlarning ortingda qolgulik qilmasin. O‘zingni qo‘lga ol.
– Men tamom bo‘ldim, ena, – Nozima ich-ichidan toshib kelayotgan o‘kirikni sirtga chiqarmaslik uchun lablarini qattiq tishlab, onasining yelkasiga boshini qo‘ydi. – Tamom bo‘ldim!
Nozima yig‘lab-yig‘lab bo‘lib o‘tgan voqealarni gapirib berdi.
– Bo‘ldi, qizim, endi dod-faryoddan foyda yo‘q. Peshonangga nima yozilgan bo‘lsa, ko‘raverasan. Otang bilan ukalaring bilmagani ma’qul, – u qizining sochlarini siladi. – Endi yotib, picha damingni ol. Menam bir pas cho‘zilay, yuraklarim to‘kilib, sillam qurib qoldi.
Ona-bola uyning ikki tomoniga solingan yakandozga cho‘zilishdi, ko‘p o‘tmay Iris xolaning bir maromda pishillagan ovozi eshitildi. Onasining bir pasda pinakka ketgani Nozimaga alam qildi. Qaynonasi rost aytgan ekan: “Kezi kelganda ona deganlari ham, bola deganlari ham bekor. Qaysi
yantoqqa o‘t tushsa, o‘zi yonib, o‘zi o‘chadi”. Men yonginasida yonib yotibman, bu kishim osuda uyquga ketdilar”.
Bu voqea shu bugunning o‘zida maktabga yetib boradi. Endi Mahbuba Sultonovnaga yana kun tug‘adi. Kengashda maroq bilan ma’ruza qiladigan bo‘ldi: “Biz xalqning bolalarini kimning qo‘liga berib qo‘yibmiz. Bu qizning molparastligini oldindan bilar edim. Hamma barmoqlarini to‘ldirib, yaltir-yultir uzuk taqib yurganlarida onasidek bo‘lib, bir necha marta nasihat qilganman. Ammo nasihatlarimni olmadi. Mana, natijada nafaqat o‘zining, balki butun maktabning yuzini yerga qaratdi. Endi ota-onalar bizning maktabda o‘z farzandlarini o‘qitishni istamaydi, hokazo, hokazo...”
“Uf-f!” U sekin o‘rnidan turdi. “Ortiq bunday yashab bo‘lmaydi” Hovliga chiqib, supa chetida turgan oftobadan yuz-ko‘zlarini yuvdi, So‘ng sekin og‘ilxonaga kirdi, dimog‘iga achimsiq go‘ng hidi urildi. Ukalarining to‘yidan beri pul orttirib sigir ham qilisholmadi. Shuning uchun bu xona ko‘zdan pana bir ombor bo‘lib qolgan. Otasi juda sarishta odam edi, odamlarning uyida har joyda chuvalashib, dumalab yotishi mumkin bo‘lgan narsalar bu uyda joyini topib, tartib bilan terib qo‘yiladi, bir qoziqda har xil arqon, bir qoziqda zanjirlar, bir chetda bel, ketmon, panshaxa...
“Ortiq bunday yashab bo‘lmaydi!”
Arqonlarda tappi yuqlari qotib qolgan, kir va sassiq edi. U biroz jirkanib, eng yo‘g‘on arqonni oldi. Bir chetda turgan oxurni o‘rtaga surib, uning ustiga chiqdi va arqonni og‘ilxonaning vassasidan o‘tkazib, ilmoq yasadi. Beixtiyor boshi og‘ir bo‘lib ketayotganday bo‘ldi, chuqur “uf” tortib, boshini chayqab qo‘ydi. So‘ng bir qo‘li bilan arqonga osilib, pastga qaradi. Endi boshini shu ilmoqqa tiqib, oyoqlari ostidagi oxurni bir tepib yuborsa, kifoya. U sekin ilmoqqa boshini tiqdi va shu daqiqada kecha ko‘rgan tushini esladi, qaniydi, shu sassiq arqon emas, tushida ko‘rganidek, Sardorning qo‘llari bo‘g‘ib o‘ldirsa edi. Afsus!.. U shahd bilan oxurni tepib yubordi... Shu choq qayerdandir yoshgina juvonning shang‘illagan ovozi eshitildi, kimdir oyoqlarini quchoqlab olgancha, dunyoni boshiga ko‘tarib baqira boshladi. Uning esa tobora nafasi bo‘g‘ilib borardi, ko‘p o‘tmay hech narsani anglamay qoldi.
U kasalxonada ko‘zini ochdi. Boshida onasi hiqillab o‘tirardi:
– Voy, bolam-ey! Hammamizni tiriklayin go‘rga tiqmoqchimisan? Bu nima qilganing, axir?! Yaxshiyam kelin hovlida bolasini ko‘tarib yurgan ekan. Opam og‘ilxonada nima qilayapti, deb eshikdan qarasa!.. Voy, bolam-a! Oldin meni o‘ldir, keyin nima qilsang, ixtiyor o‘zingda.
Nozima bo‘ynida qattiq og‘riq sezdi, sekin qo‘llarini og‘riyotgan joyga olib bordi. Bo‘yni bint bilan bog‘lab qo‘yilgan edi.
– Ena! – tomog‘i og‘rib qolganday zo‘rg‘a gapirdi, – Borib mening bolalarimni olib keling. Shkafimning eng yuqori tokchasida to‘rtta poyafzal quti bor. Eng ichkarisidagi qutining ichida pullarim va tillalarim bor. Shularni, keyin kiyimlarimni olib keling.
– E-e, bolam-ey, pul bilan tilla nima bo‘lar edi? Joning omon qoldi, bo‘ldi.
– Ena, ko‘p javramang, – u qiynalib, sekin gapirayotgan bo‘lsa ham nigohlari sovuq va xotirjam edi. – Mening yashashim uchun pul kerak. Shu bugun Nigorani olib, birga boring-da, aytganlarimni olib keling.
Iris xola bir muddat jim bo‘lib qoldi, aslida ko‘pam orqa-oldini o‘ylayvermaydigan ayol bo‘lsa-da, ayni paytda qudalarning uyiga borishga yuzi chidamayotgan edi.
– Bolalarni berishmasa keragov, ular. Robiya kampir nevaralarini berguncha, jonini beradi, – dedi anchadan so‘ng sekingina, – yana bilmadim.
– Beradi! – Nozima qoshlarini kerib ta’kidladi. – Bermay ham ko‘rsin-chi! Bolalar har qanday vaziyatda ona bilan qolishi kerak.
– Menga qara, bolam, bunday qilsak-chi, – Iris xola astagina qizining qo‘llaridan ushladi. – Hozir borib, kiyimlaringni, pullaringni, tillalaringni olib kelsam. Bolalarga picha shoshmay tursak. Besh- olti kun tursa, o‘zlari ham bezor bo‘lishadi bolalarning tashvishidan. Uyda kasal kampir bo‘lsa, shuning tashvishiyam yetarli bo‘lib yotgandir. Bizning uyimizda, o‘zing bilasan, ikki kelin, to‘rt nevara, ularga seniki ham qo‘shilsa... Oxiri ajrashgan bo‘lsang, bir joy-poy taraddud qil, keyin bolalarni olsang, bemalol bo‘ladi. Nima deysan?
Onasining avaylabgina aytgan andishasi uning suyak-suyagidan o‘tib ketdi:
– Enajon, nimalar deyapsiz? Nahotki ikki go‘dagim bilan ota uyimga sig‘masam? Shunday ekan, hayotimni saqlab qolishning nima keragi bor edi? Ana, o‘g‘illaringiz bola-baqrasi bilan o‘tiribdi-ku, pensiyalaringizni ye-eb! Ana o‘shalar joy axtarsin, belida belbog‘i bor erkaklar! Uf-f! – u alam bilan bosh chayqadi, tomog‘ining yo‘lida nimalardir qattiq og‘ridi, qo‘lini bo‘yniga qo‘yib, zo‘rg‘a yutinib oldi. – Eh, ena, ena-ya! Qo‘rqmang, joy topaman, ketaman, ammo sal o‘zimga kelib olgunimcha onalik qilib turing!
– Eh, bolam-a, seni hech kim haydayotgani yo‘q-ku! – astoydil kuyundi sho‘rlik ona. – Albatta, o‘zingga kelguningcha yonimizda turganing ma’qul. Mening aytmoqchi bo‘lganim, manavi yangalar erta-bir kun bolalaringni turtsa, oraga sovuqchilik tushadi, ezilasan, deyapman-da. Hayoting izga tushib ketsa, bolalarni sudlashib bo‘lsa ham qaytarib olaverasan.
– Yo‘q, ena, – qat’iy bosh chayqadi Nozima. – Men ularning uyida bir kun ham ro‘shnolik ko‘rganim yo‘q. Necha yildan beri brilliant uzuk, sirg‘a olaman, deb yig‘ib yurgan pulimga singlisiga brilliant olib berdi. Landovur erim otasiga o‘xshab onasining og‘ziga qarab yashaydi. Yana ming‘ir-ming‘ir qilib miyamni egovlagani-egovlagan edi. Shularning qosh-qovog‘iga qarashdan to‘yib ketgan edim. Men u hovlida nafas ololmas edim. O‘zimga hayotdan bir yorug‘lik, nur axtarib, shu ishni qilib qo‘ydim. Aslida hammasiga ularning o‘zi aybdor. Hammasi uchun javob berishlari kerak ular. Endi shu ahmoqlarga bolalarimni dastyor qilib tashlab ketamanmi? A? Yo‘q, hech qachon! Bolalarimni olib kelasiz. Mening o‘z uyim bo‘ladi. Meni shu ko‘yga solgani uchun erimdan ham, Hamdamdan ham qasd olaman. Hamdamning uch xonali uyi bor, shuni beradi. Ungacha bolalarimga siz qarab turasiz.
Iris xola indamay bosh irg‘adi: “Xo‘p”. Uning boshqa iloji ham yo‘q edi.
* **
Robiya xolaning ko‘ngli ertalabdan g‘ash bo‘ldi. Tushlik yaqinlashavergach, bu g‘ashlik yana ham ortdi. Tiq etsa, eshikka qarab yotaverdi.
O‘sha voqeadan keyin to Nozima uyga kelmaguncha, kishi bilmas, yo‘l poylaydigan odat chiqardi. Nozima taq-tuq yurib, ayvonga kirgandan keyingina ko‘ngli xotirjam tortadi. Nozima ham uning kutib yotganini sezadimi, birinchi bo‘lib uning xonasiga bosh suqadi. Sovuqqina qilib bo‘lsa-da, salom berib, “men keldim, xola”, deb, so‘ng o‘zining xonasiga ketadi. Ammo baribir kampirning ko‘ngli notinch, har kimning insofini o‘ziga bersin, kelin vaqtida ketib, vaqtida kelib yurgani bilan, kim biladi dars vaqtida nima ish qilib yuribdi. O‘g‘li bilan joylari bo‘lak bo‘lsa, gaplashishmasa...
Bir mahal darvoza sharaq etib ochildi, so‘ng hovlida taq-tuq poshna ovozlari eshitildi. Poshnalarning yerga qattiq urilishidan bildiki, bu Nozima emas, Sardor shekilli. Nega u buncha erta qaytibdi? Kampir eshikka qaradi, ammo keluvchi ayvondan to‘g‘ri mehmonxonaga o‘tib ketdi: “Ha, Sardor ekan!” Bir pas yotib, dili o‘ksidi: “Bir kirmadiyam...”
Kun peshindan og‘di. Quyosh uning derazasi tomonga o‘tib, xonani astoydil qizita boshladi. Olloqul bobo kelib, derazaning qalin pardasini tortib qo‘ydi. Xona biroz salqin tortganday bo‘ldi, lekin baribir havo issiq edi.
Kampir amallab tirsagiga tayanib, turib o‘tirdi. Xuddi bir narsa tilayotgan tilanchidek cholining ko‘zlariga javdirab qaradi:
– Nozima kelmadimi?
– Yo‘q, majlis-pajlisi chiqib qolganmi?
– Boya kelgan Sardormidi? Nega buncha erta qaytibdi? Bir kirib so‘rashmadiyam...
– Bilmasam, kampir, nimagadir kayfiyati yo‘qdek ko‘rindi mengayam. “Ha?”, desam, “o‘zim” dedi-da, uyga kirib ketdi. Mashinasini hovliga kiritishgayam hafsala qilmadi.
– Ishida biron gap bo‘ldimikan-a, – battar siqildi kampir. – Bir yurishni ham o‘rgatmaysiz! Qo‘ltiqtayoqda bo‘lsayam, boshiga borar edim, nima bo‘ldi, deb so‘rar edim. Bu nima o‘tirish endi? Uf-f!
– E-e, kampir, sen bilan mashq qilish uchun bir baquvvat yigit kerak. Iloji bo‘lsa-ku, ikki tomoningda ikki kishi turgani ma’qul. Yurgizaman, deb yiqitib qo‘yib, bolalaringdan baloga qolib yurmay, deyman-da, – bobo kampiriga nafi tegmaganidan astoydil o‘kindi. – Menga qolsa-ku mo‘ltirab o‘tirgandan ko‘ra, sekin-asta yuraverganing ma’qul.
– Bolalar ham omon bo‘lsin. O‘g‘il yeb o‘rga, qiz yeb qirga ketar, deganlari shu-da. Olti bolamiz olti bo‘ldi, ammo birovi kelib, men bechoraga yurishni o‘rgatay, demaydi. Hammasining ishi ko‘p, ishi zaril!.. Boring, Sardorni chaqiring, meni yurdirsin.
– Indama, uxlayotgan bo‘lsa kerak. Picha dam olsin, hamisha charchab yuradi.
– Boring, bo‘lmasa, Gulzorni chaqiring. Ikkalangiz ikki qo‘ltig‘imdan kirib, qo‘ltiqtayoqda yurishni o‘rgatasizlar.
– Senga nima bo‘ldi, muncha toriqding? E-e, besabr-ey. – Bobo bosh chayqab-chayqab, Gulzorni chaqirgani ketdi.
Hali og‘riq juda kuchli ekan va negadir sal yurmay charchab, qora terga tushib qoldi. “Voy-voy, ushlanglar, sekinroq ushlanglar!” deb baqira-baqira yotgan xonasining girdini zo‘rg‘a uch marta aylandi.
Joyiga o‘tirgandan so‘ng o‘zidan mamnun bo‘ldi:
– Shuyam katta gap-da. Bugun uch marta aylandik, ertaga besh marta aylanamiz. Sardoringizni kutib o‘tiraversam, umrim to‘shakda o‘tib ketadi. Endi har kuni ikki mahal Gulzor ikkovlaringiz yurgizasizlar.
Sardor ancha kech turdi. Nozimadan esa darak bo‘lmadi. Bolalarni bog‘chadan olib qaytgan bobo ham xavotirga tushgan edi.
– Kampir, kelining kelmayapti-ku.
– Bilmasam...
– Sigirni nima qilsam ekan? Gulzorga aytaman-da, bir balo qilarmiz.
– Sardorni buyoqqa aytib yuboring, – Sardorni ko‘rsa, Nozimaning kechikayotganligi sababini bilib oladiganday bo‘laverdi.
Sardor haqiqatan ham juda kayfiyatsiz edi. Negadir rangi cho‘yandek qorayib ketgan, ko‘zlari qizarib turardi. Juda og‘ir jazoga hukm qilingan mahkumlarday sudralib xonaga kirdi. Indamay onasining qarshisidagi ko‘rpachaga cho‘kkaladi.
– Yaxshimisan, o‘g‘lim? Bu nima yurish? Sardor yelka qisdi:
– O‘zim.
– Nozima qayerda?
Sardor yerga qaradi, shu daqiqada uning yelkalari kichrayib, juda ozib ketgani sezildi: “O‘h, shunday bolamni ezib, sil qildi bu megajin!”
– Nozima endi kelmaydi...
– Nega? – kampirning yotaverib hovriqib ketgan ko‘zlari katta-katta ochildi.
– Men uni taloq qildim.
– Qanday qilib? Biz bilan bir og‘iz maslahatlashmay, o‘zingdan o‘zing hal qilib qo‘yaverdingmi? – kampirning ko‘ngliga sovuq bir shamol urildi, butun vujudi muzlab ketganday bo‘ldi.
Sardor onasining ko‘zlariga qarab, bir zum taraddudlanib qoldi:
– Shunday qilishga majbur bo‘ldim, ena. Menga bolalaring bor, degan gapni aytmang. Endi u gapga sira o‘rin yo‘q. Men uni... ushlab oldim.
Robiya kampir boshqa hech narsa so‘ramadi, Sardor ham hech narsa demadi. Faqat xonadan chiqib ketayotib, onasining rang-ro‘yidan xavotirlandimi, yerga osilib turgan oyoqlariga engashdi: