11 - BOB
siladi. – Ana boring-ki, ro‘zg‘or qilishga yordam beraman, lekin men ularni bog‘chaga olib borib, bog‘chadan olib kelib yura olmayman.
– Bog‘chaga olib borib yurishingiz shart emas. Bozor-o‘charimizga qarashib tursangiz bas, qolganini o‘zim eplayman.
Hamdam Nozimani bag‘riga olib, kuldi:
– Qandingni ur, Hamdam! Ahmadning to‘yida aytgan gapimga farishtalar “omin” deb yuborgan ekan-da.
– Qanday gap? – Nozima o‘sha to‘ydagi mojaroni sira eslashni istamas edi.
– Ko‘tarasiga savdo qilamiz, degan edim, esingizdami? Mana, ko‘tara savdo bo‘ldi-qoldi. Ikki bolangiz bilan qo‘shib olayapman.
“Olayapman” degan so‘z Nozimaning kayfiyatini ko‘tarib yubordi. Boshini Hamdamning ko‘ksiga qo‘yib, ko‘zlarini yumib oldi.
– Lekin bir narsa yodingizdan chiqmasin, – gapida davom etdi Hamdam. – Siz bu uyda ijarada turibsiz, qo‘shnilar yoki bizning uydagilar kelib so‘rab qolishsa, ijarachiman, deysiz. Onam rus bo‘lsa ham, opalarim g‘irt o‘zbek, ularni momom tarbiyalagan. Joyi kelsa, otamga aql o‘rgatishadi, onamga tanbeh berishadi. Shuning uchun ehtiyotroq bo‘lishimiz kerak.
Nozimaning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib ketdi: “Olayapman, emish!”
Bir qarashda hammasi joyida, uy-joyi bo‘ladi, qarashib, ko‘nglini olib turadigani ham bo‘ladi. Lekin bularning hammasi turli xil ranglar bilan tovlanib turgan sovun ko‘pigidek omonat ekanligi ko‘rinib turardi. Nozimaning ko‘ngli g‘ash bo‘ldi, ammo o‘zidan to‘rt yosh kichik, uylanmagan yigitdan bundan ortiq nima ham talab qilishi mumkin. To‘g‘ri, Hamdam uni holi joniga qo‘ymadi, yosh qizni olib qochganday olib qochdi, tilla taqinchoqlar olib berdi, ammo hech qachon “Senga uylanaman. Uvol-savobingga o‘zim javobgarman”, degan gapni aytgan emas. Bu yigit unday narsani bilmaydi, bunday gaplarni hech kimga aytmaydi ham. O‘zbek kampir tarbiyalagan bo‘lsa ham o‘ris! Hatto shu o‘risga ham zimmasiga tushayotgan mas’uliyat uncha yoqmadi, garchi hazil-huzul qilib, Nozimani erkalagan kishi bo‘lib o‘tirgan bo‘lsa-da, gaplari ham, harakatlari ham unchalik qovushmayotgani ko‘rinib turardi. Nozimaning batamom ruhi sindi: “O‘ynashimga ishonib, ersiz qolgan voy boshim!”
Yelim xaltada xushbo‘y hid taratib turgan somsalar turgan joyida sovib qoldi. Ikkisida ham somsa yeyishga rag‘bat bo‘lmadi. Ko‘p o‘tmay ikkisi ham qaytmoqchi bo‘lib qoldi:
– Qaynonam uyga kirgizmay qo‘ymasin yana, tezroq keta qolay.
Hamdam unga hayron bo‘lib qaradi:
– Hali sizda uyga kirish imkoniyati bormi?
Nozimaning achchig‘i keldi:
– Nima qilishim kerak, ket desa, yugurib ketib qolmayman-ku. Hamma gapingiz tuhmat, dedim. – Malades!
Uning maqtoviga javoban Nozima bir o‘qrayib qo‘ydi: “Endi mendan qutulish yo‘lini izlaydi bu”.
Ertasi kuni maktabga Shohista bordi. Xuddi atay qilganday bo‘sh soatida borgan edi. Ular maktab hovlisining adog‘ida oqadigan kichkina ariq bo‘yiga borishdi. Bu sokin burchakda maktabning mehnat darsi o‘tiladigan sinfxona, partalar ta’mirlanadigan ustaxona joylashgani uchun mehnat muallimi ariq bo‘yiga, baho qo‘yish bahonasida bir nechta uzun-uzun o‘rindiqlar o‘rnattirgan edi. To ariq bo‘yidagi o‘sha o‘rindiqlardan biriga joylashmagunlaricha ikkalasi ham bir og‘iz gapirmadi. Ariqning suvi loyqa, yuzi xas-xashakka to‘lib oqar, ammo suv chetidagi daraxtlar hisobiga yon-atrof salqin va bahavo edi.
– Men erim bilan urishdim, – anchadan so‘ng gap boshladi Shohista, – u hammasidan xabardor ekan.
Nozima yerga qaradi.
– To‘y kuni uni sensirab masxara qilganingiz yodingizdami? O‘sha kuni yigitlar bilan bahs boylashgan ekan: “Izimdan itdek ergashtirmasam, otamning bolasi emasman”, deb. Erimga “Biz endi boja bo‘lamiz”, deb maqtanibdi. Erim, “unday dema, qaynog‘am juda yaxshi yigit”, desa, “xotini ham yaxshi narsa ekan, xotin kishiga masxara bo‘lish menga to‘g‘ri kelmaydi”, debdi.
Nozima yana indamadi.
– Hey, menga qarang, erli, ikki bolali kap-katta xotin bo‘la turib, ukangiz qatori uylanmagan yigit yur, desa, yetaklashib ketaverdingizmi? Mayli, eringizni, bizni o‘ylamang, hech bo‘lmasa, o‘zingizni o‘ylasangiz bo‘lmasmidi?
Nozima tamom bo‘ldi: “Nahotki?!” Ammo qayinsinglisining ko‘zlariga tik qarab, bosh chayqadi:
– Hammasi tuhmat! Biz u bilan faqat do‘stmiz. Oramizda hazil-mutoyibadan boshqa hech narsa yo‘q. Siz onangiz bilan meni haydamoqchisizlar. Ammo bolalarimni yetim qilib, hech qayerga ketish niyatim yo‘q mening.
Shohista hang-mang bo‘lib qoldi:
– Esingiz joyidami sizning? Qanday tuhmat? Hey, mening qo‘limda telefondan yozib olingan ovozlaringiz bor. Hozir direktoringizning oldiga kirib, o‘sha yozuvni stoliga qo‘yaman. Bolalarga ta’lim-tarbiya berayotgan o‘qituvchisining kimligini bilib qo‘ysin.
– Siz bunday qila olmaysiz, – g‘azabdan uning ko‘zlari qisilib ketdi. – Bunday qilishingizga yo‘l qo‘ymayman. Agar shunday qilsangiz, ikki bolamni ham o‘ldirib, o‘limimizga qayinsinglim sababchi, deb xat qoldiraman-da, so‘ng o‘zimni osaman. Keyin ko‘ramiz holingiz nima kechishini. Onangiz bilan akangiz sizni kechirarmikin?
Shohista o‘rnidan turib ketdi, qani, yosh bola bo‘lishsa, yonida turgan manavi cho‘ltoq supurgining sochini bittalab yulib, o‘zini ariqning loyqa suviga otib yuborsa!..
– Qiyshiq mo‘ridan sassiq tutun chiqadi, deganlari shu-da. Sizning qo‘lingizdan faqat shunday ishlar keladi. Chunki onangizdan zo‘r tarbiya olgansiz.
– Onamga til tekkizmang. Men sizning onangizni gapirayotganim yo‘q. Umuman, meni tinch qo‘ying, mening hayotim bu menga tegishli mulk, unga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q.
“Shu bilan gap tamom” degandek Nozima o‘rnidan turdi.
– Hey, menga qarang, sizda na yuz bor, na vijdon, na nafsoniyat! Akamning yuziga oyoq qo‘ydingiz, lekin akam Hamdam hezalakka o‘xshab garov boylashib, sizning nomingizni bulg‘amagan. Siz enamning aytganlariga uchmang, enam “o‘zimizdan boshqa hech kim bilmaydi, yopig‘lik qozon yopig‘ligicha qolaveradi”, deb kalta o‘ylab yuraveradi. Erkak zoti bir xotinning bilagidan ushlasa, belidan ushlab, quchoqlab o‘pdim, indamadi, deb maqtanadi. Hamdam hezalakni men bilmaymanmi, xotinchalish! Dunyoda qizbashara erkakni yomon ko‘raman. Tfu! Aytib, maqtanmagan odami qolmagandir, Robiya Soatovaning kelinini unday-qildim, munday qildim, deb.
– Bo‘ldi, bas qiling. Bu sizning fantaziyangiz. Menda boshqa gapingiz yo‘qmi?
– Gapim shu – ketasiz. Enam Sanjarni juda yaxshi ko‘radi. Sanjarni tashlab ketasiz.
– Voy, ko‘nglingizning ko‘chasidan-ey! – Nozima qayinsinglisini masxara qilib kuldi. – Sanjar mening bolam, uni men tuqqanman.
– Hali shoshmay tur, senga sichqonning inini ming tanga qilmasam, Shohista otimni boshqa qo‘yaman, – Shohista tez-tez yurib, maktab darvozasi tomon ketdi.
– Qo‘yaver! Bilganingni qil! – qichqirdi Nozima shallaqi ayollarga o‘xshab. Qayinsinglisi burilib ketib qolgach, dami chiqqan pufakdek bo‘shashib, yana o‘rindiqqa o‘tirib qoldi. Shohista to darvozadan chiqib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lmaguncha, undan ko‘zini uzmay qarab o‘tiraverdi. U juda qaysar qiz edi, har daqiqada fikrini o‘zgartirib, iziga qaytib, maktab direktorining oldiga kirishi mumkin. Ana unda Nozimaning o‘zini osishdan o‘zga yo‘li qolmaydi.
Yangi darsgacha hali vaqt ko‘p edi. Nozima ariq bo‘yida uzoq qolib ketdi: “Nahotki?! Bu ehtiroslar, kuyib-yonishlar – barcha-barchasi garovda yutqizib qo‘ymaslik uchun, qasd olish uchun uyushtirilgan sahna bo‘lgan bo‘lsa?! Nahotki?.. Kimni nimaga almashtirding, badbaxt Nozima?!” U atrofga qaradi, kirligidan asl rangi qandayligini ham bilib bo‘lmaydigan darajaga kelib qolgan bir ko‘ylak kiygan farrosh ayol u bilan kulib so‘rashdi:
– Ha, Nozimaxon, nimaga xilvatda xayol surib o‘tiribsiz?
Ayolning hazili unga juda botdi: “Tavba, bo‘lgani bir farrosh, meni o‘ziga teng ko‘rib, gap tashlashini qara!” U ayolga bir o‘qrayib qarab qo‘ydi-da, indamay yuzini boshqa tomonga burdi. “Qani, bo‘kirib- bo‘kirib yig‘lasang, atrofingda hech kim bo‘lmasa, yig‘layotganingni hech kim ko‘rmasa. Hech kim yupatmasa seni, hech kim ustingdan kulmasa!..” Chiqish qo‘ng‘irog‘i chalindi, maktab hovlisi bir zumda qiy-chuvga to‘ldi. U sudralib sinf tomon ketdi. Ayni paytda uning ko‘zlari ko‘rmas, quloqlari hech narsani eshitmas, butun fikri-xayoli Shohista aytib ketgan gaplarda edi. Qani imkoni bo‘lsa, hoziroq Hamdamni topib, orani ochib olsa-yu, yuziga tupurib, so‘ng hayotini yangidan boshlasa. Ketadi, gapdan qolmaslik uchun Shohistaga ketmayman, dedi-yu, ammo endi ketmasa bo‘lmas. U tog‘ning tepasidan pastga qarab, yugurib emas, yumalab ketayapti, endi to o‘zi bironta toshga urilib to‘xtamaguncha, to‘xtay olmaydi. Jarayon boshlangan. Ortga yo‘l yo‘q.
Talabalik yillarida ham shunga o‘xshash bir voqea bo‘lgan edi. Kursdoshlar yig‘ilib, toqqa chiqadigan bo‘lishdi. Elektrichkadan tushishlari bilan tiniq osmonning yuzida qora-qura bulutlar aylanib, yomg‘ir yog‘a boshladi. Ular yomg‘irdan qo‘rqadigan yoshda emas edilar. Tog‘ yon bag‘irlari kelib-ketuvchilarning oyoqlari ostida ezilib, xunuk bo‘lib qolgan edi, bu yerda lola tugul, qad rostlab turgan bir giyohni ham uchratish mahol ko‘rindi.
– Bolalar! Hech kimning oyog‘i tegmagan cho‘qqilar tomon olg‘a! Yigitlar oziq-ovqat solingan sumkalarni ko‘tardi, qizlar ularga ergashdi. – Bir quchoq lola termaguncha qaytish yo‘q, – ahd qildi Nozima ham.
Yomg‘ir kuchaygandan kuchaydi. Eng ichki kiyimlar ham, yelim xaltalarga solingan oziq-ovqatlar ham suvda ivib ketdi. Ust-boshlaridan sizib tushayotgan yomg‘ir suvlari poyafzallarini ham to‘ldirib yubordi: “g‘arch-g‘urch!” Ammo lolali cho‘qqilardan darak yo‘q edi.
– Bolalar! Biz lola terib borib, biznes qilamiz, deb chiqqanimiz yo‘q-ku. Qo‘yinglar shu lolalarni, ular hu, qorli cho‘qqilarning naryog‘idadir balki, u yerga chiqish uchun vertolyot zakaz qilish kerak. Biz siz bilan dam olish uchun chiqqanmiz. Shu yerda to‘xtab, dam olaylik. Qorinlar ham tatalab ketdi. Ovqatlanganimizdan so‘ng, istovchilar gul tersin, xohlaganlar yotib dam olsin, – kurs sardori bolalarni to‘xtatib, murosaga chaqirdi.
Hamma charchagan edi. Uning taklifi hammaga ma’qul tushdi. Shu atrofda g‘orga o‘xshash bir o‘ngir topib, uning ichiga joylashishdi. Darhol suv to‘lib qolgan poyafzallar, ustki kiyimlar yechilib, dasturxon yozildi. Qorin to‘ygach, yigitlar yonbosh tashlab, qarta o‘yiniga tushib ketdi, qizlar gul tera boshladilar, Nozima hammadan ko‘p gul terdi.
Bir payt sardor yana vahima qilib qoldi: “Tez yig‘ishtiringlar, hali zamon elektrichka kelib qoladi”. Hamma norozi bo‘ldi:
– Hali ikki soat vaqt bor-ku. Endi joylashgan vaqtimizda...
Sardor ularning injiqliklarini qat’iy rad qildi:
– Yo‘q, tez yig‘ishtiringlar! Chiqishdan tushish qiyin!
Tushish haqiqatdan qiyin bo‘ldi. Yomg‘ir hamon yog‘ardi. Bir soatlik hordiq payti selgigan kiyimlar yana jiqqa ho‘l bo‘ldi. Poyafzallar qadimiy qo‘shig‘ini aytadi: “g‘arch-g‘urch!”. Ularning kursida Dono ismli bir qiz bor edi. O‘zi juda chiroyli, ismi ham Dono, ammo aqli sal anaqaroq qiz edi. Shu qiz ba’zan ariya aytar edi, ovozi ham juda o‘tkir, o‘zidek go‘zal edi. Shu yerda kimdir turtki berdimi yoki tumanlar ichra qad kerib turgan cho‘qqilar orasida ilhomi kelib ketdimi, qo‘llarini ikki yonga yozib kuylay boshladi: “O-oo-o-a! O-oo-o-a!” Cho‘qqilardan aks-sado qaytdi: “Xo-oo-o-a!” Ariyachi Dono qiz bundan yanada zavqlandi: “O-oo-oo!” Dononi Nozimaning azaldan jini suymasdi. Hammaning usti boshi jiqqa ho‘l bo‘lib zo‘rg‘a kelayotgan bir paytda pastga olib tushadigan torgina so‘qmoqda turib olib, “O-o”lagani asabini buzib yubordi. Yo‘l yomon, hamma bir-birini ushlab zo‘rg‘a kelayotgan edi. Nozima qo‘llarini ikki yonga yozib, zavq bilan kuylayotgan Dononing yelkasiga qattiq nuqidi: “Qoch- e, yo‘ldan. Ariya aytadigan vaqtingni qara, sening!” O‘zi oldinga o‘tib olish uchun ikki qadamni tezobroq tashladi, keyin o‘zini to‘xtata olmay qoldi, enish yo‘l yugurtirib ketdi. Qayerdadir nimagadir qoqilib, yiqilib tushdi. Shu ko‘yi bir amallab tergan gullarini mahkam bag‘riga bosgancha qandaydir bahaybat toshga urilmaguncha dumalayverdi-dumalayverdi...
So‘ng bolalar uni ko‘tarib, elektrichkaga solishdi. Ikki hafta joyidan qimirlay olmay, shipga qarab yotdi. Tentak Dono kelib, kechirim so‘radi. “Hammasiga o‘zim aybdorman”, deya olgandi o‘shanda u mardona, lekin baribir ich-ichidan Dononi ayblardi: “Agar shu yomg‘ir ostida ariya aytmaganda!..”
Endi-chi, endi? Ortga yo‘l yo‘q. Xuddi o‘shandagidek to bir xarsangga urilmagunga dumalagani- dumalagan. Lekin bu o‘pqondan omon qolsa, Donoga aytgani kabi “Hammasiga o‘zim aybdorman” degan iqrorni ayta olarmikin? Yo‘q, bu safar iqror bo‘lish oson emas.
U garchi bu ishi hech narsani hal qilmasa ham tezroq Hamdam bilan ko‘rishib, Hamdamning iqrorini, to‘g‘rirog‘i, o‘zini oqlashini eshitishni istar edi. Ammo bugun Hamdam bilan uchrashib bo‘lmaydi. Kecha salgina kech qolgani uchun qaynonasining qovoq-tumshug‘i osilib qolgan edi. Bugun ham kech borsa, yaxshi bo‘lmaydi. Biroz sabr qilib turgani ma’qul. Hamdam ham yurak oldirib qo‘yganmi, o‘tgan ikki kun ichida bir marta ham qo‘ng‘iroq qilmadi. Sal sog‘insa, “Nafis mollar” do‘konining yonida paydo bo‘lib qolar edi, bu yerda ham qorasini ko‘rsatmadi. Katta tanaffus vaqti direktorning qabulxonasiga kirib qo‘ng‘iroq qildi: “Onajon, yaxshi yuribsizmi? Bugun soat o‘n ikkilarda bormoqchi edim. Uyda bo‘p turing”.
Ikkinchi tomonning gapini eshitib ham o‘tirmadi. Darhol go‘shakni o‘rniga qo‘yib, og‘ziga qarab, angrayib turgan kotibga rahmat aytib, xonadan chiqib ketdi.
Uning asablari joyida emas edi, butun boshli maktab o‘quvchilari sig‘adigan keng yo‘lakda Mahbuba Sultonovnaga urilib ketdi. Opaning ko‘zlari chaqchayib, peshonasini qoplagan reza-reza terlarni kafti bilan sidirib tashlar ekan, unga nafrat bilan qaradi:
– Es-hushing joyidami sening?! Shuncha keng yo‘l turibdi-yu, nega mening ustimdan yurmoqchi bo‘layapsan?
– Uzr, opa, xayol olib qochibdi.
– Uzringni pishirib ye! Yiqilib ketsam, nima bo‘lardi?
Opa juda semiz ayol edi, etaklaridan chiqib turgan kichkinagina oyoqlari yum-yumaloq gavdasini zo‘rg‘a ko‘tarib yurardi. U yiqilsa, sog‘-omon tura olmasligi aniq edi.
– Bilmay qoldim, opa...
– Shu ahvolda bunga xalqning bolasini topshirib o‘tirganimizni qara, to‘g‘ri yo‘ldan yura olmaydigan merov!
Bunisi endi ortiqcha bo‘ldi! Nozimaning jazavasi tutib qoldi. Bir chetda gunohkorona, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib turgan edi, beixtiyor ikki yoniga tushgan qo‘llari musht bo‘lib tugildi, opaning ustiga endi rostakamiga bostirib bordi:
– Og‘zingizga qarab gapiring. Sizga hech kim odamlarni haqorat qilish huquqini bermagan. Bilmasdan urilib ketdim, buning uchun uzr so‘radim. Haddingizni biling. Yo‘qsa, haqoratingizga
munosib ish qilib qo‘yishim hech gap emas.
Uning vajohatini ko‘rib, Mahbuba Sultonovna dami chiqqan pufakdek bo‘shashib qoldi, rangi gezarib, shartta orqaga burildi-yu, g‘o‘dranganicha jo‘nab ketdi: “Sening masalangni pedkengashga qo‘ydirmasam, psix!..”
To‘rtinchi soati 7“a”da edi. Erkatoy bolalar chiroyli muallimalari bilan erkin suhbatlashgisi, erkalanib hazillashgisi kelar, opalarining esa yuragiga qil sig‘mas edi. Turib-turib shu erkatoylarga dardini aytgisi kelib ketdi. Jurnalni stolning bir chetiga qo‘yib, sinfga yuzlandi.
– Bolalar, bugun mening biroz kayfiyatim yo‘q. Iltimos, mendan hech narsa so‘ramasdan mening kayfiyatimni ko‘tarishga yordam beringlar. Mayli, bu ish qo‘llaringdan kelmasa, hech bo‘lmasa, kayfiyatimni butkul buzmaslikka harakat qilinglar.
Birinchi bo‘lib prokurorning o‘g‘li qo‘l ko‘tardi:
– Uyga berilgan vazifani “a’lo” darajada tayyorlab kelganman. Xo‘p, desangiz, izidan bitta anekdot ham aytib beraman.
Bolalar haqiqatan ham beg‘ubor xalq edi. Ham dars bo‘ldi, ham hazil-mutoyiba. Nozimaning ko‘ngliga botib turgan tosh erimadi, ammo baribir oxirgi soati muammosiz, tinch o‘tganiga shukr qildi. Lekin... O‘zi istab-istamay yana bir katta muammoni boshlab qo‘ydi. Endi Mahbuba Sultonovna pedkengashga masala tayyorlaydi. Ma’ruzasini uning tilla taqinchoqlaridan boshlashi aniq... Bir kelsa, qo‘sh-qo‘sh, deganlari shu-da. Ehtimol, bu yurtlarda rizqi tugab borayotganining belgisidir bu ham. Birovi uydan haydayapti, birovi ishdan haydamoqchi...
Hamdam bu safar ham undan keyin keldi. Uzoq qolib ketish niyati yo‘q, shekilli, qo‘lida “Kola”dan boshqa hech narsa yo‘q edi. Ammo eshikdan kira solib, poyafzalini ham yechmasdan bir sakrab Nozima o‘tirgan kresloning yoniga o‘tdi-da, ming yil ko‘rishmagandek yutoqib o‘pa ketdi. Nafasi qaytib ketgan Nozima urishish uchun kelganini ham unutib, joni og‘riganidan tipirchilab, uni o‘zidan itarar, yelkalariga mushtlar edi. Nozima bir amallab uning quchog‘idan bo‘shalib chiqqach, stol ustidagi “Kola”ni olib, yarmini simirdi-da, so‘ng o‘zini Hamdamning yonidagi kresloga tashladi.
– Ammo lekin siz juda botir ayol ekansiz, – Hamdam chuqur nafas olib, o‘tirgan joyida Nozimaga yuzlandi. – Endi sizni hech qachon ko‘ra olmasam kerak deb qo‘rqqan edim. Uch kundan beri o‘zimga o‘zim aza ochib, itdek azoblanib yurgan edim. Bugun ovozingizni eshitib, quloqlarimga ishonmadim. Ishonsangiz, ko‘chada yuribman, eng yomon, eng xunuk odamlar ham ko‘zimga bir chiroyli ko‘rinadi-ey...
– Nega? – qoshlarini chimirgan ko‘yi uning gapini bo‘ldi Nozima. – Endi mening sizga nima keragim bor? Menga erishdingiz, garovda yutdingiz yoki yana biron narsa deb garov o‘ynaganmisiz?
Hamdam unga hayron bo‘lib qaradi:
– Tushunmadim, qanday garov to‘g‘risida gapirayapsiz?
– Shohistaning to‘yi kuni mening ustimdan o‘ynagan garovni aytayapman. Yo yodingizdan chiqib ketdimi?
– E-e, buncha vahima qilmang. Odamning yuragini yorib yubordingiz-ku. U shunchaki gap edi. Shunga shunchami?
– Izimdan itdek ergashtirmasam, otamning bolasi emasman, deganingiz rostmi? Ahmadga “Biz endi boja bo‘lamiz, zo‘r narsa ekan” deganingiz ham rost. Shuning uchun mening yo‘limni to‘sib chiqqansiz, shuning uchun menga sevgi izhor qilgansiz, shundaymi? – Nozima o‘rnidan sakrab turdi. – Siz meni ahmoq qildingiz, ermak qildingiz. O‘zingizning zo‘rligingizni namoyish qilish uchun mening otimni bulg‘adingiz. Siz iflos, pastkash odamsiz. Men sodda sizning chiroyli ust- boshlaringizga, chiroyli gaplaringizga mahliyo bo‘lib, “sevgi” deganlari shu ekan-da, deb oilamni, or- nomusimni oyoq osti qilib, yetti qavat osmonda uchib yuraveribman. Suf, sizga! Endi xayr, meni boshqa izlamang. Nimagayam izlaysiz, ishingiz bitdi. Uch oy izingizdan itdek ergashtirdingiz. Bo‘ldi-da, – uning ko‘zlaridan tirqirab oqayotgan yosh yuzlarini ho‘l qilib tashladi.
Hamdam shoshib qoldi. O‘rnidan sapchib turib, Nozimaning yo‘llarini to‘sdi, yelkasidan quchib, zo‘rg‘a o‘rniga o‘tirg‘izdi:
– Mening bir og‘iz gapimni eshiting. Keyin nima qilsangiz ham o‘zingiz bilasiz. Ammo meni eshitmasingizdan men sizni tashqariga chiqarmayman.
– Bo‘pti, unda eshitganim bo‘lsin. Ayting, gaplaringiz armon bo‘lib qolmasin, – Nozima tumtayib o‘tirib oldi. Hamdam murosa uchunmi qo‘llarining ustiga kaftini qo‘ygan edi, siltab tashladi, – gapiring.
– Hammasi rost, Nozima! Sizga to‘g‘ri yetkazishibdi. Nozima yalt etib, Hamdamga qaradi.
– Unda... nega meni yo‘limdan qaytarayapsiz? Hamdam yerga qaradi:
– Men ortiq sizni aldashni istamayman. Bunga hojat ham yo‘q. O‘sha birinchi uchrashuvimizgacha men sizni yomon ko‘rardim. Shungacha odamlarning oldida sensirab, obro‘yimni to‘kdi, undan qasdimni olishim shart, deb o‘ylar edim. Keyin... Sizni yaxshi ko‘rib qoldim. Ishonmasangiz, ixtiyoringiz, men sizni chin yurakdan yaxshi ko‘rib qoldim va o‘sha to‘yda aytgan gaplarim butunlay esimdan chiqib ketdi. O‘sha kuni qaynonangizning gaplarini eshitib, tamoman o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. To‘g‘ri, men hozir sizga uylana olmayman. Ammalarim, opalarim naq ajdarhoning o‘zi. Ikki bolali ayol sening tenging emas, deb turib olishadi. Ular sizni burda-burda qilib tashlashadi. Yaqinda ular meni o‘zlariga yoqqan bir qizga uylantirishmoqchi. Mayli, uylantirishsin, keyin mening yo‘lim ochiladi. U uyda o‘tiradi. Men siz bilan yashayveraman.
Uning gaplari juda samimiy edi. Bu gaplarga Nozimaning juda ham ishongisi kelib turar, hayotini alg‘ov-dalg‘ov qilib tashlagan, ertangi kunidan sirayam umidi bo‘lmagan mana shu yigitdan sira ham ajralishni istamas edi.
– Juda ishondim-da o‘ziyam. To‘ydan keyin o‘n sakkiz yoshli nozaninni tashlab, boshi g‘alvadan chiqmaydigan men sho‘rtumshuqni izlab yurishingizga kim ishonadi?
– Ishonmasangiz, o‘zingiz bilasiz. Mening bir oshnam ikki bolali tatar ayolni yaxshi ko‘rib qoldi. O‘ziyam gruzinlarga o‘xshagan, rosa kelishgan yigit edi. Ota-onasi shu tatardan ajrataman, deb bir go‘zal qizni olib berdi. Oshnam ota-onasini xafa qilmadi, uylandi, qizning izzatini ham joyiga qo‘ydi, ammo tatar xotinni ham tashlab qo‘ymadi. Bir kun xotini “Ikkinchi xotiningiz bor ekan”, deb janjal ko‘targan ekan, “Ikkinchi xotin sensan: agar istasang, ketaverishing mumkin, sen aytayotgan ayol sengacha ham bor edi”, debdi. Shu bilan hammasi joyiga tushib ketdi.
Nozima yerga qaradi, ko‘ngli biroz taskin topgan edi. Hamdam uning qo‘llaridan tutdi:
– Meni tashlab ketmang, iltimos.
Nozima yosh qalqib turgan ko‘zlari bilan kuldi:
– Haqiqatdan ham yosh bolaga o‘xshaysiz-ey. Oramizdagi farq ba’zan shunday bilinib qoladi-ki. So‘ng xuddi ukasini erkalagandek yuzlariga ohista shapatlab qo‘ydi.
– Nima? – Nozimaning erkalashi Hamdamni zavqlantirib yubordi. – Kim yosh bola? Hozir men sizga ko‘rsatib qo‘yaman yosh bolani!..
Davomi 26-betda
Ular har uch kunda tushlik vaqti, yarim soatgagina uchrashishga kelishishdi:
– Bu juda kam, – dod deb qoldi Hamdam, – uch kun kutib, yarim soatgina ko‘ramanmi sizni?!
Bular hammasi Nozimaga xush yoqsa-da, o‘zi ham bilmagan holda ulkan bir mavhumotning qarshisiga kelib qolganini anglab turardi. Hamdamning muhabbati ham, o‘zicha tuzgan rejalari ham Nozima orzu qilgan jannatga boshlab bormaydi. To‘g‘ri, ro‘zg‘orida qaynota-qaynona bo‘lmas, ammo nari borsa, ikki xonali bir katakdek uy va ikki-uch kunda o‘g‘ridek pusib, kelib ketadigan er! Bundan tashqari bu muhabbatning umri qancha-yu, uning rejalari qay darajada amalga oshadi – bu ham noma’lum. Lekin uning shunday qaysar fe’li bor edi-ki, bir yo‘lga tushdimi, uni hech kim, hech narsa, hatto o‘zi ham qaytara olmas edi. Mana, hozir ham noto‘g‘ri yo‘lda ekanligini anglab turibdi, ammo sira ham Hamdamdan voz kecha olmaydi.
“Baribir erimdan ajrashib, chet elga ketaman. Ketgunimcha ko‘rishib turay. Keyin shunday kelishgan yigitning o‘tli quchog‘i yo nasib etadi, yo yo‘q”.
Yo‘l-yo‘lakay qizlari Gretsiyada yashayotgan qo‘shnining uyiga kirdi. Dilnozaning telefon raqamini so‘ragan edi, xola unga hayron bo‘lib qaradi:
– Chetga chiqmoqchimisan?
– E-e, yo‘-o‘q, – uni tinchitdi Nozima. – Ishxonamizdan bir qiz so‘ragan edi. Dilnoza bilan oldindan tanish ekan.
– Qiz bolaga chetda nima bor? – baribir norozi bo‘ldi xola. – Dilnozaning yo‘rig‘i bo‘lak. Bolalari bilan ukalarining eshigida turtki yeb yurgandan ko‘ra, taqdirimda borini ko‘raman, deb ketdi. U bir marta eshak bozordan o‘tgan, qiz bolaning ertaga turmushga chiqishi bor, ertaga erining, odamlarning oldida o‘zini nima deb oqlaydi. Unga kim ishonadi? Sizlar o‘ylaysizlarki, chet elda non topish oson. Qizim “Bir chiqdim endi, hamma kamchiliklarimizni bitkazib olay”, deb yuribdi. O‘ziga qolsa, o‘sha yoqlarda bir kun ham qolmas edi. Har kelganda yig‘lab-yig‘lab ketadi.
Xolaning gapi hali-beri tugaydigan emas edi, asta o‘rnidan qo‘zg‘aldi. – Mayli, xola, qaynonam yo‘limga qarab o‘tirgandir.
– Ha, bor, qizim. Shu ro‘zg‘oringdan, qaynonangdan qolma. Qaynonaning tuvagini to‘kkan kelinga do‘zax o‘ti harom ekan. Bosh burmay, xizmatini qil, duosini ol. Mendan ham salom ayt.
– Xo‘p, xola. Endi haligi qizga nima deyman? Telefonini bersangiz yaxshi bo‘lar edi-da. Borish- bormaslikni o‘zlari hal qilaverishadi, – xolaning ko‘zlariga umidvor qaradi.
– Mayli edi, qizim, lekin men uning telefonini bilmayman. Men unga hech qachon telefon qilib ko‘rganim yo‘q, har doim o‘zi telefon qiladi.
“Yig‘lab-yig‘lab” ketsa ham o‘zining uy-joyi bor, dollarni taxlab tashlagandir. U ham boradi. Balki o‘sha yerlarda butunlay qolib ketar. Ha, qoladi. Guljahon opaning kelini Amerikaga borgandan keyin eri bilan ajrashib, o‘zining ish beruvchisiga tegib olibdi, nikohdan keyin darrov fuqarolik ham olibdi. Uyam durustroq odam chiqsa, o‘ylab o‘tirmaydi, shartta tegib, o‘sha yoqda qolib ketadi. Keyin “tata- pata” deb asabini buzuvchi qaynonasini ham, o‘ynashining og‘ziga qarab turuvchi direktorni ham hech qachon ko‘rmaydi.
Shu kecha negadir hech uxlayolmadi. Tongga yaqin ko‘zi ilingan ekan, aloq-chaloq tush ko‘ra boshladi. Allaqayerlarda adashib yurgan emish, kiyimlari daraxt shoxlariga ilashib, birin-ketin tushib, u shir-yalang‘och bo‘lib qolibdi. “Tushda yalang‘och qolish yaxshi alomat emas, tezroq kiyimlarim topila qolsaydi”, deb tushida tushini ta’birlab diqillab turgan emish. Shu payt qayerdandir eri paydo bo‘libdi-da, “Sen hammamizni sharmanda qilding, seni o‘ldiraman”, deb bo‘g‘a boshlabdi. U shunday qattiq bo‘g‘ibdiki, Nozimaning nafasi qaytib, uyg‘onib ketdi. Agar bu tush yana bir daqiqa davom etsa, uning uxlab yotgan joyida o‘lib qolishi aniq edi. U jiqqa terga tushib ketgan edi, o‘rnidan turib atrofga qaradi, allaqachon tong otgan, derazaning harir pardasidan tushib turgan oppoq nur jim jit xonani g‘ira-shira yoritib turardi. Divanning narigi tomonida qizi g‘ujanak bo‘lib, uxlab yotar edi. Nozima peshonasidagi, bo‘ynidagi terlarni artdi, bo‘ynini artayotib g‘alati og‘riqni his etdi: “Tavba, rostdan ham tushmidi u?” Yoki Sardor kirib, alam bilan bo‘g‘dimikin? Yo‘q, u ayol kishiga qo‘l ko‘tara olmaydi! Nozima shu ko‘yi ancha o‘tirib qoldi. Xonaga yana bir qur ko‘z tashladi. Bu xonaga kelin bo‘lib tushgan edi. Divanlarining boshiga ko‘zmunchoqlar qadalgan chimildiq tutilgan edi. Bu devorlar, bu eshik, bu derazalar qanday baxtga, ehtirosga to‘la shivirlarni eshitgan... Sardor uni qanchalar yaxshi ko‘rardi. Bir narsadan nolisa, darrov “Sen bunga boshqacha ko‘z bilan, mehr bilan qara, sevib qol, shunda hech qiynalmay qilaverasan”, der edi. Unga qolsa, sigir sog‘ishni ham, kunda uch mahal qozon osishni ham, har kuni ivirsib kir yuvishni ham, ro‘zg‘orning hech to‘lmaslik kasalini ham sevib qolish kerak edi. Yaxshi-da, der edi u zavqlanib, tashiyverasan, tashiyverasan, hech to‘lmaydi. Agar u to‘lib qolsa, odamzod bekorchi bo‘lib qolar edi. Bekorga uni g‘or deyishmagan, der edi. Nozima esa sevolmadi... Sevishni istamadi.
O‘sha kuni Hamdam bilan uchrashishlari kerak edi. Maktabdan chiqishi bilan taksiga o‘tirdi. Mashinaga o‘tirar ekan, qandaydir savqi tabiiy bir sezgi bilan kimdir unga qattiq tikilib turganini his qildi. Beixtiyor atrofga qaradi. Yo‘lning narigi betida turgan oq jigulining orqasida shapkasini bostirib o‘tirgan odam yuzini teskari tomonga burdi. Shu odamning turishi ko‘ziga issiq uchradi, kimnidir eslatdi, lekin aniq kimligini eslay olmadi: “Halitdan skleroz boshlanibdi”.
Keta-keta negadir orqasiga qaradi, yana haligi oq jiguliga ko‘zi tushdi, u ular bilan izma-iz kelayotgan edi, lekin orqa o‘rindiqda shapkali odam ko‘rinmadi. Keyin jiguli ulardan o‘tib ketdi, lekin juda sekin yurdi. Taksi haydovchining achchig‘i kelib, “Bu bobo buncha imilladi”, deb tezroq haydab, ulardan o‘tib ketdi. O‘tib ketishayotganda, mashinaning orqasida kimdir yotganga o‘xshadi. “Bechora mijozining tobi qochib qolgan bo‘lsa kerak. Shuning uchun sekin haydayapti, shekilli”, deb