10 - BOB
Endi yig‘lamaysan-a? Men bir tashqarilab kelay.
– Boravering, – uning ovozi nihoyatda xasta edi.
Chol ostonadan ortiga qaytdi:
– Hey, sening juda mazang yo‘qqa o‘xshaydi-ku. Do‘xtir chaqiraymi? Qon bosiming oshib ketgan bo‘lmasin yana. Yo yuraging bezovta qilayaptimi?
– “Bilmasam... Nima bo‘lganda ham o‘lmayin-da. Men o‘lsam, Sardor bilan ikki nevaraning holi nima kechadi?”
– Menga qara, – Olloqul bobo kampirining ko‘zlariga yana sinchiklab qaradi, – Mazang yo‘q bo‘lsa ayt, do‘xtir chaqiraman.
– Mayli, chaqiring, – kun bo‘yi davom etgan asabiy holat kampirni butunlay holdan toydirgan edi. Xuddi oyoqlaridan joni chiqib ketayotgandek bo‘ldi.
Bir pasda “Tez yordam”ning do‘xtirlari yetib keldi. Boshiga oq qalpog‘ini bostirib kiyib olgan o‘rta yoshlardagi do‘xtir “E-e, momo, bu nima yotish? Qo‘ying-e, bu erkalik sizdek dongdor birgadga yarashmaydi”, deya hazil-huzul qilib, qon bosimini o‘lchadi, yuragini eshitib ko‘rdi. So‘ng yordamchisiga qandaydir dorilarning otini aytib, ukol qilishni buyurdi. Momolarining boshida yurak hovuchlab, diydirab turgan nevaralarni tashqariga chiqarib yubordi. “Nima bo‘pti, do‘xtir uka?” deb qayta-qayta o‘smoqchilayotgan boboning kiftiga qoqib, tinchitgan bo‘ldi. Ukollar qilib bo‘lingach, yana momoning yonboshiga o‘tirdi:
– Ozgina qon bosimingiz ko‘tarilibdi. Picha toriqqan ko‘rinasiz. Bir umr yelib-yugurib yurgan odam yotib qolsa, yomon. Ammo siz juda kuchli ayolsiz. Besh-olti kun yotganingizga siqilmang.
– Ikki kundan keyin gipsni ham olib tashlashadi, – izoh berdi bobo.
– Mana ko‘rdingizmi, ikki kun sabr qilsangiz, hammasi o‘tib ketadi. O‘zi, aka, biz do‘xtirmiz, bizga bunday gaplarni aytish yaxshi emas, – u Olloqul akaga yuzlandi. – Lekin bemorlik ham yaxshi bir davr. Sog‘-omon yelib-yugurib yurganda na Xudoni, na bandani o‘ylaymiz. Besh-olti kun yotib qolsak, Alloh deymiz, tavba qilamiz, hayotning, sog‘likning qadriga yetamiz, hech kimni yotgulik qilmasin-u, ammo bemorlikning shunday tomonlari ham bor. Endi, buni momo yaxshi biladilar-u, shunday bo‘lsa-da, bir aytdim-da. Alloh suygan bandasiga dard berar ekan.
– Shunday, – ma’qulladi Olloqul bobo.
– Shunday bo‘lsa, ruhni tushirmasdan, olg‘a! Hali sizlarning bu hayotda qiladigan ishlaringiz ko‘p. Bolalarni joylashtirdik, bo‘ldi, demanglar. Nevaralar bor. Bolaniki o‘sguncha, nevaraniki o‘lguncha, deyishadi. Tak chto!.. Peryod!
Chol-kampir kuldi:
– Ma’qul.
Do‘xtir ketgach, yana hamma yopirilib, momoning xonasiga kirdi: – Endi, yaxshimisiz, ena?
– Momo, choy damlab kelaymi?
– Momo, sizga nechta ukol qildi?
Faqat Nozima na yoniga kirdi, na ahvol so‘radi.
Ukoldan keyin tanasi bir oz yumshadi, boshidagi og‘riq tarqaganday bo‘ldi. Bobo hammani tashqariga haydadi: “Ozgina dam olsin”. Devordagi tunchiroqning zaifgina nuridan g‘ira-shira yorishib turgan xonada ko‘zlarini shipga qadab yotib, yana kelinini o‘yladi: “Bir kirib ahvol so‘ramadi- ya. Men unga bir og‘iz yomon gapirgan bo‘lmasam... Shunday iflos yo‘llarda sang‘ib yurgan odam aybini yashirish uchun atrofdagilarga xushomad qilib turishi kerak emasmi? Yoki men hayotni bilmaymanmi? Balki kelinimni bilmasman. Balki unga baribir bo‘lib qolgandir. Erini ajrashaman, deyish darajasiga olib borgan xotinning o‘zi avvalroq ajralishga qaror qilib qo‘ygandir. Nimadir bu qarorning amalga oshishiga xalal berib turibdi. Nima ekan o‘sha narsa?”
Do‘xtir ancha kuchli dori bergan ekan, shekilli, ko‘p o‘tmay uyqu elitdi.
Ertalab tiniqib uyg‘ondi, yaxshi dam olgan edi. Ochiq qolgan derazadan kirayotgan muzdek havo badanini junjiktirdi. Turli-tuman qushlarning chug‘ur-chug‘uri bolga to‘lib turguvchi bog‘larni yodiga soldi. Yerni, osmonni, bog‘larini ko‘rmaganiga qancha bo‘ldi. U yotganidan beri daraxtlari yana o‘sib, chiroyli bo‘lib ketgandir-a. Hammasi o‘sgan, o‘zgargan, faqat u yer bilan yakson, chilparchin bo‘lib yotibdi. U “chilparchin” degan so‘zni hayotida ming marta ishlatgandir, ammo bu so‘zning ma’nosi haqida hech qachon o‘ylab ko‘rmagan ekan. Chindan qirq parchin degani-da asli. Yaqindagina Robiya Soatova bo‘lib, elning ustida yurgan ayol bugun qirq emas, ming bo‘lakka bo‘linib, ming parcha bo‘lib, yerga singib, yer bo‘lib ketdi. Oh, sho‘r bo‘lgan sho‘r jonim-a! Shunchalar yozug‘ing ko‘pmidi sening?
Hovlidan mollarning mo‘ragani eshitildi, izidan Olloqul bobo tomoq qirdi: “Har kim egasiga arzi-hol qiladi-da. Oh, men kimga arzi-hol qilay, Alloh? Yuraklarim yonib ketdi, kimga dardimni aytay? Oh,
egasini sharmisor etguvchi dardim-a!”
U yonida terlab-pishib, qalin ko‘rpaga burkanib yotgan nevara qizini uyg‘otdi:
– Tur, bolam. Maktabga borishing kerak. Hovlilarga bir suv sepib, supurib, chiroyli qilib qo‘y. Birov yarim kelib qoladimi? Birdan joyingni ham yig‘ib ket. Bobong kirganda yoyilib yotsa, yaxshi bo‘lmaydi.
– Xo‘p, momojon, – qiz uyqusirab turib ham xonani bir pasda saranjom-sarishta qilib chiqib ketdi. Bir ozdan so‘ng yuz-qo‘lini yuvib, supurgi ko‘tarib kirdi:
– Momo, bir supurib chiqaymi?
– Mayli, bolam, – kampirning zimiston ko‘ngliga bir qatim nur sizib kirganday bo‘ldi. – O‘zimning dastyor qizimdan aylanay. Keyin hovlini ham supur. Oshxonaga qara. Yangang turgandan so‘ng, ayt, menga bir qarasin.
Oradan olamjahon vaqt o‘tgach, eshikning pushtirang pardasi surilib, kelinning boshi ko‘rindi: u allaqachon ko‘chalik kiyimlarini kiyib, pardoz-andoz qilib olgan edi.
– Assalomalaykum, – bu salom bir-biriga yopishib qolgan lablari orasidan zo‘rg‘a chiqdi. – Ha?
Kampir bir zum sarosimaga tushib, kalovlanib qoldi:
– Senda gapim bor edi, – ovozidagi yalinchoq ohangdan o‘zi nafratlanib ketdi.
– Nima gap? – kelin pardaning ichkari tomoniga o‘tdi. Ovozida zarracha takalluf yoki qiziqish yo‘q edi. Shunchaki so‘radi: “Nima gap?”
– Ishlaringni bir yoqli qilib, bolalarni bog‘chaga jo‘nat. Keyin gaplashamiz. – Mening boradigan joyim bor.
– Qanday joy u? – achchig‘i chiqqanidan ovoziga biroz jon kirdi.
– Onamnikiga bormoqchi edim.
– Onangniki buguncha turib turadi. Undan muhimroq ish bor.
– Nima ish ekan u? – Nozimaning jahli chiqdi. “Yotgan joyida menga xo‘jayinlik qilishini!..”
– Keyin bilasan, – kampir “endi bor, boraver”, degandek yuzini ters burib oldi. Nozima bir pas ostonada serrayib turdi-da, so‘ng indamay chiqib ketdi.
Hamma kampir bilan birin-ketin xo‘shlashib, o‘z yumushiga ketdi. Nozima hammadan keyin kirdi, u ko‘chalik kiyimlarini yechib, egniga yangi guldor xalat kiyib olgan edi. U xonaga kirib, qo‘llarini orqasiga qilgancha, deraza tokchasiga suyanib turib oldi:
– Tinchlikmi?
– O‘tir, – kampir uning oyoqlari ostidagi ko‘rpachaga ishora qildi. – Menga shunday qulay, turaveraman.
– Nozima!
– Ha?
– Men hammasidan xabardorman. Bilsang, sen gaplashadigan telefonni men sotib olganman. Sotgan odam hamma amallarini aytib sotgan edi. Men sening pichir-pichiringdan gumonsirab, yozib oladigan uskunasini ishlatib qo‘ygan edim.
Nozimaning rangi oqardi. Qoshlarini chimirib yerga qaradi.
– Sendan nimani kutsam ham, bunday ahmoqchilikni kutmagan edim. Nima xayol bilan bu ko‘chaga kirding, bilmayman. Lekin ikki bola bo‘lmasa, o‘g‘lim xotinsiz o‘tib ketsa ham, hammasidan voz kechib yuborar edim. Ammo men nevaralarimni ko‘chaga tashlab qo‘ya olmayman. Sen yo bu o‘yinlarni to‘xtatasan, yo uydan chiqib ketasan.
Nozima yerga qaragancha, ancha vaqt jim qoldi. Lekin boshini ko‘targanda ham ko‘zlarida zarracha sarosima yo‘q, mutlaqo xotirjam edi.
– Bu yerda siz o‘ylagan narsa yo‘q. Biz u yigit bilan shunchaki do‘stmiz. O‘zi yosh bola, hatto uylangani ham yo‘q. Hazilkash. Siqilib yurgan vaqtlarim u bilan gaplashsam, ko‘nglim yoziladi.
– Tillo taqinchoqlarni ham hazillashib olib berganmidi?
Yolg‘onlari befoyda ekanligini anglab yetgan Nozima yuzidagi eng so‘nggi pardani ham yirtib tashladi:
– E-e, menga qarang, maqsadingiz nima?! Meni haydashmi? Bilaman, shu uyga kelganimdan buyon sizga yoqmayman, meni yo‘qotish uchun bahona izlab yurasiz. Uch oydan beri yotqizib, ovqat berganimning mukofotiga shu tuhmatni o‘ylab topdingizmi? Ketishimni judayam istayotgan bo‘lsangiz, har xil narsalarni to‘qib o‘tirishning hojati yo‘q. O‘zim zo‘rg‘a yurgan edim. Shunday ham ketaveraman.
Kechadan buyon ichi zahar-zaqqumga to‘lib, azob bilan ilondek to‘lg‘anib yotgan bo‘lsa-da, maqsadi murosa edi. Bu behayo esa!.. Ham g‘arlik, ham peshgirlik ekan-da... Kampir ichi yonib turgan bo‘lsa-da, yana murosaga chaqirdi:
– Bolalar-chi? Bolalarga nima deysan?
– Buni siz o‘ylang. Onangiz buzuq ayol edi, shuning uchun haydab yuborganman, desangiz, harqalay sizdan minnatdor bo‘lishmasa kerak. Qolaversa, bolalarni deb shu g‘urbatxonada bir umr yashash hech aqlga to‘g‘ri kelmaydi, – u shunday dedi-yu, zipillab xonadan chiqib ketdi.
Robiya momo yotgan joyida hang-mang bo‘lib qolaverdi. Yugurib borib to‘xtatay desa, buning oyog‘i yurmaydi, iziga qaytar, desa, uning insofi yo‘q.
* **
Nozima qaynonasining oldida o‘zini har qancha bamaylixotir tutgan bo‘lsa-da, xonadan chiqquncha adoyi tamom bo‘lgan edi. Bu o‘lgur qari kalamush nimalardandir is olib yurganini sezar, o‘ziga ham yoqmayotgan turmushi nihoyasiga yetib borayotganini his etar, ammo bu sezgilari uni unchalik cho‘chitmas, hayotidagi bir xillik, sadoqatli kelin rolini o‘ynash joniga tekkan edi. U azaldan yo‘llarining, yo‘ldoshlarining yangilanib turishini, safarlarga chiqishni, yangi-yangi sarguzashtlarni yaxshi ko‘rardi. Teng-to‘shlari chet ellarga chiqib, jaraq-jaraq pul topib kela boshlaganida onasi uni allaqachon uzatib yuborgan edi. Har kimning yurishidan bir nuqson topadigan qaynona, ko‘r ko‘zlar ochilganda ham qovog‘i ochilmaydigan er, bolalar uning yurar yo‘llarini batamom berkitib qo‘ydi. Ba’zan qizlar bilan o‘tirganda “O‘h, boshimda dardisar erim bo‘lmaganda bormi, bu yerlarda ovora bo‘lib yurmas edim. Dunyo kezar edim, ham sayohat, ham tijorat. Ham dunyo ko‘rar edim, ham pul ishlar edim”, der edi doim. Bir qo‘shnilarining qizi sakkiz yildan beri Gretsiyada yuribdi. O‘zi Gretsiyada, buyoqda uning uchun qasr qurildi, eng zamonaviy jihozlar bilan jihozlandi. Bir nosqovoqday qiz, butun aka-ukalarining homiysiga aylandi, qaysiga uy olib bergan, qaysinisiga mashina olib bergan. Har kelganda Gretsiyaga qiz olib ketadi, o‘zi odamlarni ishga joylashtirishdan boshqa yumushi yo‘q ekan. Gretsiyada ham uy-joyi, mehmonxonasi bor ekan. Ana, hayot! Nima, Nozima shuncha aqli, shuncha husni bilan o‘sha nosqovoq eplagan ishni eplay olmaydimi? Juda eplaydi. Faqat avval manavi “toshturma”dan chiqib olish kerak, keyin o‘z-o‘zidan yo‘llari ochilib
ketadi. Lekin bu yoqda Hamdam ham bor. Bu boyvachcha yigit unga hech narsa va’da bermayotgan bo‘lsa ham, u bilan birga bo‘lish unga juda yoqar edi. Ehtimol, Nozima uning hayotidagi yagona ayol emasdir, shunchaki ko‘ngil xushi uchun uni izlayotgandir, lekin baribir bir gapirib, o‘n kuladigan bu dilbar yigitning maftuniga aylangan edi.
Agar chet elga ketsa, undan voz kechishi kerak. Bu esa juda qiyin. Hamdam bu rejasidan xabar topsa, tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqishi aniq. Unda nima qiladi, Termizda qolaveradi. Shaharning har burchagida otasining bittadan uyi bor boyvachcha yigit uni chet elga yubormasa, bitta uyini beradi. Uylanmasa ham ta’minlab qo‘ysa bo‘ldi, yashayveradi, o‘zi xon, o‘zi bek bo‘lib!
Lekin qaynonasining bilib qolgani yomon bo‘ldi. Eri bilan biron janjal chiqarib, uydan chiqib ketishi kerak edi. Endi ovsin-ajinlar eshitadi, ulardan qo‘ni-qo‘shnilar, boshqa qarindosh-urug‘lar... Yuzi shuvit bo‘ladigan bo‘ldi-da. Yaxshisi, kirib kechirim so‘ragani ma’qul, “Haqiqatan ham oramizda hech gap yo‘q. O‘zi shilqimlik qilib yuribdi. Shu daqiqadan orani ochaman. Men ota-onamning yuzini yerga qaratishni istamayman”, deydi. Keyin Hamdam bilan gapni bir joyga qo‘yib, boradigan yeri aniq bo‘lgach, eri bilan bir janjal chiqaradi-da, bolalarini olib, uydan chiqib ketadi. Birov bir narsa desa,”Erim odam emas, yeb qo‘ydi. Qaynonam ham yotgan joyida zaharli ilondek chaqib, ko‘zimni ochirmadi”, deydi. Ishongan odam ishonsin, ishonmagan o‘zi biladi.
Tushga yaqin qaynonasining oldiga choy damlab kirdi. Kampir ko‘zlarini yumib, lablarini qattiq qimtigancha, chalqancha yotardi. Qadam tovushlarini eshitib, ko‘zlarini ochdi, uning ko‘zlari qizarib ketgan edi, og‘riqli nigohlarida nadomatga o‘xshash bir ifoda paydo bo‘ldi. Nozimaning unga rahmi kelib ketdi. Choyni kampirning yonboshiga qo‘yib, o‘zi karavotning yoniga to‘shalgan ko‘rpachaga cho‘kkalab, qaynonasining serajin qo‘lini kaftlari orasiga oldi:
– Meni kechiring, xolajon. Haqiqatan ham bizning oramizda siz o‘ylagan narsa yo‘q. U shunchaki bir shilqim yigit. O‘zi yosh bola, hatto uylanmagan. Hazil-huzul qilib yuradi. Bir uzuk bergani ham rost. U juda boy, uning uchun bir uzuk, bir quti gugurtdek gap. Tug‘ilgan kuningizga deb qo‘ymadi, oldim. Ammo shu daqiqadan boshlab orani ochaman. Faqat bu gap ikkovimizning oramizda qolsin.
Uning tavbalarini tinglayotib, ko‘zlaridan tirqirab yoshlar chiqib ketayotgan qaynonasiga qarab, haqiqatan ham bosib o‘tgan barcha yo‘llaridan, oromini o‘g‘irlagan orzu-niyatlaridan butkul yuz o‘girishni istayotganini his qildi. Haqiqatan ham odamlar o‘zimga bir boshpana quray, bir mashina olay, deb, chet ellarda sarson-sargardon bo‘lib, kim qullikni, kim fohishalikni bo‘yniga olib, azob- uqubat chekib yuradi. Uning shunday uyi-joyi bo‘lsa, mashinalari ham bor, eriga o‘ng gapirsa, er ham, mashina ham xizmatida bo‘ladi. Bir cholu kampirning ikkita kosasini yuvishdan qochib, shunday malomatlarni bo‘yniga olishi shartmi?
Kampir qo‘lini uning kaftlari orasidan chiqarib olib, qo‘llari ustiga qo‘ydi va ohistagina silab, bosh irg‘adi:
– Xo‘p, boraver.
Lekin Nozima qaynonasining oldidan ko‘ngli xijil bo‘lib chiqdi:
“Ilonning yog‘ini yalagan jodugar! Ishonmadi menga. O‘g‘lining ro‘zg‘ori buzilib, nevaralari yetim bo‘lib qolmasligi uchun o‘zini ishongandek ko‘rsatdi”.
Ammo shu kuni hech qayerga chiqmadi. Telefonning simini butunlay uzib qo‘yib, uylarni bir boshdan tozalab chiqdi.
Qaynonasining usti-boshini almashtirdi. Kir yuvdi. “Bir kun erta-kechining farqi bormi? Gipslarini bugun ola qolsin. Bugun cho‘miltiramiz. Bir tanlari yayraydi”, deb qo‘yarda qo‘ymay erini do‘xtirga jo‘natdi. O‘zi orada telefonni bir ulab, Shohistaga qo‘ng‘iroq qildi: “Bir kelib keting. Xolamning gipsini olishadi bugun. Gulzor bilan ikkovlaringiz cho‘miltirmasalaringiz, mendan tortinadi. Hammomni yoqib, suvlarni isitib qo‘ydim”. Shohistaning oldida odam bormidi, gapni qisqa qildi: “Bo‘pti, o‘taman”.
Ammo uyga kelganida uning qarashlaridagi sovuq ifodani ko‘rib muzlab ketdi: “Hammasidan xabardor ekan-da, bu kishiyam. O‘h, bu yosuman kampir do‘st emas, do‘st bo‘lsa, shu go‘dakning sirini yana birovga aytib nima qilar edim, derdi. Bu darrov erka qizini chaqirib, g‘iybat qilgan!”
Gips olinadigan kunni momolari bilan birga orziqib kutib yurgan Sanjar momoning ahvolini ko‘rib, yig‘lab yubordi. Kampirning butun a’zoyi badani yara-chaqa bo‘lib ketgan, uch oy ichida tanasi yangi holatga moslashib qolgan, na beli, na tizzasi bukilar, turib yurish nari tursin, hech bo‘lmasa, oyoqlarini osiltirib karavotida ham o‘tira olmas edi.
Yerga ikki qavat odeyal to‘shab, uning ustiga momoni zambilda ko‘targandek choyshabda ko‘tarib, odeyalning ustiga qo‘yishdi. So‘ng xuddi mayyitni yuvgandek – yotgan joyida u yoq-bu yoqqa ag‘darib, cho‘miltirib olishdi. So‘ng yana bir choyshabga o‘rab, ikkinchi choyshabga zambildek yotqizib, karavotiga chiqarishdi. Kampir baribir, ancha yengil tortdi. Ammo Sanjarni yupatish qiyin bo‘ldi, u momosining boshida o‘tirib, yig‘ladi: “Gipsni olgandan keyin yurib ketaman, degan edingiz- ku. Siz meni aldadingiz”. Unga qarab, Nozimadan boshqa hammaning ko‘zi yoshlandi.
– Nega aldaysiz, ena, shunday katta odamni ham aldab bo‘ladimi? – masxara qildi Shohista.
– Aldaganim yo‘q. Bugun yurmasam, erta-indin albatta yurib ketaman. Asta-astachilik bilan-da, bolam, – astoydil o‘zini oqlar edi momo.
– Aldaysiz, aldayapsiz, – yana yig‘ladi bola.
– E-e, bo‘ldi-e, buncha sho‘rqillaysan, – Sardor o‘g‘lini urishib tashladi. – Momong bir balodan qutildi, deb hammamiz xursand bo‘lib o‘tirsak, kayfiyatni buzasan. Jim bo‘l, bo‘lmasa, hozir tashqariga chiqarib tashlayman.
Sanjar otasiga bir qarab, ko‘zlarini artdi, so‘ng burnini torta-torta orqa tomondan momoning ko‘rpasiga kirib, quchoqlab oldi.
Nozimaning rejalari Shohistani ko‘rgan daqiqadayoq o‘zgargan edi: “Ketaman. Saltanati o‘zlariga buyursin”. Shohistani kuzatib ham qo‘ymadi. Qizchasini olib, xonasiga kirdi-da, yotib oldi: “Ertaga Hamdamni topishi kerak! Masalani ko‘ndalang qo‘yadi. Uni deb ro‘zg‘ori buzilayapti. Uning maqsadi nima? Uylanmoqchi bo‘lsa, uylansin. Bo‘lmasa, bir boshpana topib, uni bolalari bilan o‘z himoyasiga olsin. Rost-da, na yurgani, na turgani qo‘yadi. Ikkita tilla taqinchoq bilan bir insonning qora chaplangan nomini oqlab bo‘lmaydi”.
Hamdamni topishdan osoni yo‘q edi. U “Nafis mollar” do‘konining yonida ikki yigit bilan gaplashib turardi. Nozimani ko‘rishi bilan ularga xayr-xo‘sh qilib, Nozimaning yoniga yugurib keldi:
– Ha, yanga, yaxshi yuribsizmi? Kecha akam kelaman, degan edi. Kelmadi, tinchlikmi? – u atay atrofdagilarga eshittirib baland-baland ovozda gapirardi. – Rosa xavotirlandim.
– Bugun soat o‘n ikkilarda boraman, deyayotgan edilar. Borib qolsalar kerak, – dedi Nozima ham va so‘ng xayr degandek bosh irg‘ab, yo‘lida davom etdi.
Hamdam undan biroz keyinroq keldi, bir qo‘lida mayda-chuyda solingan yelim xalta, ikkinchi qo‘lida yarimlagan “Kola”. Eshikni o‘zining kaliti bilan ochib, ostonada Nozimaning poyafzalini ko‘rib, suyunganidan xirgoyi boshlab yubordi: “Chorlamasam kelmadingiz, kutganimni bilmadingiz, oymi yo kunmidingiz, o‘zingiz sevgilim”.
Boshqa payt bo‘lganda Nozima o‘rnidan sakrab turib, ming bir noz-istig‘no bilan oshig‘ining qo‘yniga kirib, qo‘lidagi “Kola”ni yulqib olib, ostonadayoq bir to‘yib simirardi. Ammo bugun yo‘lakdan kiruvchi eshik ko‘rinib turadigan kresloda oyoqlarini chalishtirgancha qovoqlarini uyub, indamay o‘tiraverdi.
Hamdam ichkariga kirib, qo‘lidagilarni stolning ustiga qo‘ydi. Xonaga tandirdan yangi uzilgan somsaning totli hidi taraldi. Nozima shunda ham o‘rnidan qo‘zg‘almadi.
– Ie, – Hamdam uning yoniga o‘tib, yelkalaridan quchdi. – Oydan ham, kundan ham go‘zal ekan-ku, bizning sevgilimiz. Bu nima o‘tirish? Qanday burga chaqdi sizni?
– Sizga hazil-mazax bo‘lsa bo‘ldi?
– Nima qilay bo‘lmasa? O‘h, juda yomon burga chaqqanga o‘xshaydi-da o‘ziyam. Lekin sho‘rlik burgayam sizni chaqqandan so‘ng joyida til tortmay o‘lgan bo‘lsa kerak. O‘lay agar, sizning zahringizga mendan boshqa hech bir jonzot dosh bera olmaydi.
– E-e, – Nozima yelkasidan Hamdamning qo‘lini olib tashladi, – sizga balo urarmidi? Yo‘limni to‘sib, ko‘chadan o‘tkazgani qo‘ymadingiz, uyingizga olib borib qo‘yaman, deb allaqayerlarga olib qochib ketdingiz. Endi mening otim yomonga chiqib, qaynonam uydan haydayman, deb o‘tiribdi.
– Nima? – Hamdamning yuzidagi tabassum o‘rnini sarosima egalladi. – Qanday qilib? Qaynonangiz qayerdan bilibdi?
– Bir antiqa telefonlari bor edi. Yotgan joyida mendan gumonsirab, shu telefonning zapis qiladiganini ishlatib qo‘ygan ekan...
– Ie! Keyin nima bo‘ldi? Nima dedi?
– Nima deydi? Sizning kimligingizni ham aniqlab olibdi, – Hamdamni yaxshilab qo‘rqitish uchun yolg‘on ham qo‘shib qo‘ydi. – Sharmandangni chiqarmasimdan uydan chiqib yo‘qol, deyapti. Kecha gipsini olishdi. Ketmasang, o‘sha yigitning ota-onasining oldiga boraman, deyapti. O‘sha uyda bir daqiqa ham turgim yo‘q, ammo boradigan joyim yo‘q mening. Onamning uyida qo‘sh kelin, bir etak nevara, bir-birining go‘shtini yeb yotadi. U yerga boradigan bo‘lsam, boshim g‘alvadan chiqmaydi. Undan ko‘ra bolalarni yetimxonaga topshirib, chet elga ketganim yaxshi.
– Qo‘ysangiz-chi! – Hamdam uni birinchi marta ko‘rayotganday hayron bo‘lib qarab qoldi. – Chet elga! Sizga chet elda nima bor? Sizga uy kerakmi? Mana uy! Istagancha turaverishingiz mumkin. Keyinchalik o‘zingizga biron uy olarmiz. Hozircha shu yerda turib turing. Bolalarni yetimxonaga topshirguncha, otalariga tashlab keling, bobosi, momosi bor, qarayveradi.
– Nima?! – Nozimaning ko‘zlari katta-katta bo‘lib ketdi. – Ikki dunyoda bolalarimni ularga bermayman. Ularga berguncha bo‘g‘ib o‘ldirib tashlashim mumkin, ammo bermayman. Men yomon, bolam yaxshimi? Men ularni shu bolalarning tirnog‘iga zor qilaman.
– Bu yog‘i o‘zingizga havola, – Hamdam Nozimani tinchitish uchun darrov yon bosdi. – Ish, ikki bola bilan o‘zingiz qiynalib qolasizmi, deyman-da.
– Siz-chi? Siz yordam bermaysizmi?
– Mening qo‘limdan nima ish keladi? Onalarini bag‘rimga bosib, tishlab-tishlab olishdan boshqa hech narsa va’da qilolmayman, – Hamdam asta-sekin xotirjam tortayotgan Nozimaning yuzlarini