9 - BOB
– Mayli, enajon, nevaralaringiz yeya qolishsin. – u derazadan boshini chiqarib, bolalarni chaqirdi. – Sanjar-uv! Noila-a!
Sevimli ammalarining kelganidan bexabar qolgan bolalar tapir-tupur kelib, ammaga yopishib ketishdi. Amma ularning cho‘ntaklarini yaltiroq konfetlarga to‘ldirdi:
– Avval kabobni ikki bo‘lib yeb olinglar, keyin konfet yeysizlar. – U bir pasda saxovatli sehrgarga aylanib qolgan edi.
Bobo ularni bir amallab ammasidan ajratib, bog‘chaga olib ketdi: – Amma, biz kelguncha uyingizga ketib qolmang.
– Agar, aldasangiz, ko‘rasiz...
Xonada bolalarning izidan bir yorug‘ kayfiyat qoldi.
– Xonim ko‘rinmaydilar, – anchadan so‘ng piching bilan so‘radi Shohista.
– U ishga ertaroq ketadi. Birinchi soat darsi bo‘lsa kerak. Shu Gulzor kelmaganda qiynalib qolar edik.
– E-e, qo‘ying, ena, odamning ko‘nglida bo‘lsa, hammasiga ulguradi. Uning ko‘nglida yo‘q. Avval men bor edim, menga qarab, qo‘lini sovuq suvga urgisi kelmay yurardi. Endi Gulzorga qarayotgandir-da.
– Bilmasam, bolam. Akang bilan oralari ham soz emas. Menimcha, ajrashaman deb yuribdi. Har kun telefonda onasi bilan pichir-pichir qiladi. Onasini ham bilasan-ku. Ajrash, deyayotgan bo‘lsa kerak. Xudoning bergan kuni onasinikiga yuguradi. Uyda kasal qaynonam bor, keldi-ketdi bo‘lib turibdi, demaydi. Ketsa, bir kecha yotmasdan qaytmaydi.
– Voy, megajin-ey. Shunday ham noshukr, bexayr inson bo‘ladimi? Uying, joying, boshingda ering, xizmatkor cholu kampir bo‘lsa, oydek kasbing bo‘lsa, yana nima kerak unga? Shu keliningizga hech tushunmadim-tushunmadim, ena.
– Shunga... – ovozini pasaytirdi kampir. – Nima “shunga”?
– Anavi telefonni olayotganimda sotuvchi, “istasangiz, siz yo‘q paytingizda telefoningizda bo‘lgan gurunglarni ham yozib olishingiz mumkin”, degan edi. Yozib oladigan tugmachasini bosib qo‘y,
shularning g‘iybatlarini yozib olib, onasini bir qizartiray, degandim. Otang bilan akangni aralashtirgim kelmadi. Gap bolalab yurmasin, dedim.
Shohista onasini birinchi marta ko‘rib turganday qiziqsinib qarab qoldi. Ular bolalikdan onasini hamma narsaga qodir, qudratli suyanchiq deb o‘sishgan bo‘lsa-da, keyingi oylar ichida qachon kelsa, javdirab turgan nigohlarga to‘qnashaverib, onasining begoyimligini esidan chiqarib qo‘yayozgan edi.
– Xo‘p, ena! Ammo o‘sha qudangiz bilan keliningizning qizarishini bilmadim-ov. Bu juda qiyin masala.
Shohista telefon apparatini uzib keldi. Bir daqiqada momo aytilgan holatga keltirib qo‘yildi, hatto sinab ko‘rish uchun katta opasiga qo‘ng‘iroq qilib, keyin suhbatlarini eshitib ko‘rishdi.
– Yo, qudratingdan! Magnitofonning o‘zi ekan-ku bu, – yoqasini tutamladi Robiya kampir.
– Kichkina magnitofonli telefon bu, – onasining so‘zini to‘g‘irladi, – o‘ziyam ancha pulga olgandirsiz?
– Bilasan-ku, chiroyli narsalarni yaxshi ko‘raman. Narxiyam picha bor edi, qarasam, juda chiroyli ekan, ko‘zimni chirt yumdim-da, olaverdim.
– Essiz... Shunday uy... Bu uyda shunchaki olingan narsaning o‘zi yo‘q. Hamma jihoz bir san’at asari. Lekin doim norozimiz... – Shohista ko‘zlarini yumib, afsus bilan bosh chayqadi.
– Qo‘yver, bolam. Bir ko‘ngliga yetmagan joyimiz bordir-da. Gipslarni oldiray, bir cho‘miltiringlar. Keyin yonimga olib, bir gaplashaman. Xafa qilgan, o‘tkazgan joylarimiz bo‘lsa, aytsin. Xatolarimiz bo‘lsa, uniyam aytsin. Ammo ro‘zg‘orlarining buzilishiga yo‘l qo‘ymayman.
– Enajon, men ishga borishim kerak, – Shohista yig‘ishtirina boshladi. – Menda boshqa gapingiz yo‘qmi?
– Sen oradan uch kun o‘tkazib, yangang ishda bo‘lgan vaqtida bir kel. Anavining magnitofonini eshitib ko‘ramiz.
– Xo‘p, enajon!..
Qaynonasi bolalarini “Mening “xo‘p”chi bolalarim” deb suyar edi. Robiya xolaning o‘zi “xo‘p” degan so‘zni yaxshi ko‘rardi. Bir umr kattaga ham, kichikka ham “xo‘p” deb yashadi. Bolalariga ham shuni o‘rgatdi. Hozir ham ellikka kirib, soch-soqoli oqargan o‘g‘illariga bir ish aytsa “xo‘p, enajon”, deyishadi. Bu kelin bo‘lsa, aytilgan ishning faqat teskarisini qilishga harakat qiladi.
“Omon-omon” kunlarda ham “Nozima, bugun bir chuchvara qil”, desa, “E-e, charchab borayapman, chuchvara juda mayda ish”, deb, boshqa ovqat qilar edi. “Bir osh yegim kelayapti” desa, u “mening sira osh yegim kelmaydi”, deb burnini jiyirardi. Cholu kampir allaqayerlardan mashinani to‘ldirib bozor-o‘char qilib kelganini ko‘rsa, qaynona “Nozima, manavilarni tashishgin” desa ham nimanidir bahona qilib, ichkariga kirib ketar edi-da, to bozor-o‘char tashib bo‘linmaguncha tashqariga chiqmas edi. Shunday paytlari Sardor onasiga qarab, “Biz sizning buyurganlaringizni qilmaslikka, “xo‘p” demaslikka qasam ichganmiz. Ming yaxshi gapiravering, hech o‘zgarmaymiz”, der edi piching qilib. Kampir esa qo‘l siltab, kulib qo‘yardi: “Mayli, bolam. Charchab holdan toyib borayotganing yo‘q, tashiyver”.
Ammo bugungi rejasi shuncha yildan beri erka kelinining hamma kamchiliklaridan ko‘z yumib, amal-taqal qilib qurgan saltanatni vayron qilib tashlashini bilganida sirayam bu ishga qo‘l urmagan bo‘lar edi.
Shu kuni Olloqul bobo ham kampirini nevara qizga tashlab bozorga ketgan edi. Shohista odatdagidek onasiga ikki sixgina qiymali kabob olib kelgan ekan. “Shoshmang, o‘sha g‘iybatlarni eshitasiz-da!..”, deb, avval kabobni yedirdi, so‘ng choy damlab kelib, onasiga bir piyola choy ichirgach, telefonni uzib olib keldi.
– Mana, endi miriqib o‘zingiz haqingizdagi g‘iybatlarni eshiting, – yozuvli tasmani bor ovozi bilan qo‘ydi.
– Asalim, qandaysiz? – Erkak kishining ovozini eshitib, ona-bola hang-mang bo‘lib qolishdi.
– Yaxshi, ona. O‘zingiz yaxshi yuribsizmi? – ikkinchi tomondan Nozimaning xavotirli ovozi eshitildi.
– Hah, odobli qizimdan-da, – erkak kishi masxara qilganday hiringlab kuldi. – Kuningiz qattiq sizning. Uzuk yoqdimi?
– Ha, judayam, rahmat sizga.
– Quruq rahmatga qorin to‘ymaydi. Haqini qachon berasiz?
– Nomarddan qarz olma, qarz olsang ham xarj qilma, deyishgan.
– To‘g‘ri aytishgan, – erkak kuldi. – Sizni degan chog‘ men nomardman. Sabr-toqatim tugab borayapti. Tezroq bir chorasini topib, onamnikiga deb chiqasizmi, dugonamnikiga deb chiqasizmi, ikki soatga kelib keting.
– Ko‘raman, ona.
– “Ko‘raman”ni cho‘ntagingizga solib qo‘ying. Menga “xo‘p bo‘ladi, begim” deng. – Xo‘p bo‘ladi, sal turib o‘zim qo‘ng‘iroq qilaman. Uydagilarga salom ayting.
– Hah, jonidan. Siz o‘qituvchi emas, aktrisa bo‘lishingiz kerak edi.
Shohista titrab turgan barmoqlari bilan telefonning tugmachasini bosib qo‘ydi: – Axir, bu Hamdam-ku! – uning rangi devordek oqarib ketgan edi.
– Hamdaming kim? – quloqlari shang‘illab qolgan Robiya xola bir yutinib, tanglayiga yopishib qolgan tilini zo‘rg‘a ajratib, so‘radi. – Kim u, Hamdam?
– Erimga kuyovjo‘ra bo‘lgan bola!
Shohista o‘rnidan sakrab turdi, u bir zumda yarador sherga aylangan edi:
– Ena, men ularni yorib tashlayman. Iflos, qanjiq, qanday jur’at qildi bizning yuzimizga oyoq qo‘yishga?! Men uni o‘ldiraman, o‘z qo‘llarim bilan bo‘g‘ib o‘ldiraman. Hamdamni ham o‘ldiraman. Keyin erim bilan ajrashaman. Uning hamma gapdan xabari bo‘lgan. Har doim “Yangang juda chiroyli-da, bizning oshnalarning yuragidan urib qolgan”, deb piching qilar edi. Bilib turib, indamagan, aytmagan! Qo‘shmachilik qilgan! Uniyam o‘ldiraman! – uning ko‘zlaridan tirqirab yosh oqardi. – Ena, o‘g‘lingizning ko‘zi ko‘rmi, nahotki xotini bizni shuncha sharmanda qilib yurganini bilmasa? Siz qo‘lidagi uzukni ko‘rib, so‘ramadingizmi, qayerdan olding, deb. Shunday ham lapashang bo‘lasizlarmi?
Qizining ahvolini ko‘rib, kelinining xiyonatini ham bir nafas unutgan ona jon-jahdi bilan Shohistani tinchitishga urinar edi:
– E-e, uzugi boshidan qolsin. Mening oldimga uzuk taqib kirarmidi u. U kuni Gulzor “Yangamga onasi yangi uzuk olib beribdi”, degan edi.
– Onasi! Voy, sodda enam-a! Shunda ham hayron bo‘lmadingizmi? Uning onasi bitini sotib, qiziga uzuk olib beradimi?
Robiya momo yotgan joyida uzalib qizining etagidan ushladi. Uning ko‘zlari to‘la g‘ilt-g‘ilt yosh edi. Yutindi, lekin gapira olmadi. Qo‘llari bilan “O‘tir” deb ishora qildi: “O‘tir, o‘tir-a, juvonmarg, manglayi qora! Erga tegmay o‘lgin, sen badbaxt. Eshigimga kimlarni ergashtirib kelding?”
Shohista onasining rangiga qarab, birdan jim bo‘lib qoldi, so‘ng yugurib tashqaridan bir piyola muzday suv olib keldi:
– Ena, bir ho‘plam iching.
Ona bosh chayqadi: “Kerak emas!”
Shohista piyolaga barmoqlarini tiqib, onasining yuzlariga suv sepdi.
Robiya momo anchadan so‘ng o‘ziga keldi. Shundayam behol, bemajol edi, ko‘p gapirmadi: “Sen, bolam, jim o‘tir. Akangga ham aytib o‘tirma. O‘zi qiziqqon, xotinini bir narsa qilib qo‘yib, qamalib ketmasin. Nozima (“yangang” deyishga tili bormadi) bilan o‘zim gaplashaman, – u hansirab zo‘rg‘a nafas olar edi.
Shohista yana yig‘lab yubordi:
– Nimasini gaplashasiz, ena? Hali uni olib qolmoqchimisiz? Akam bilan yashatmoqchimisiz?
– Bolalar bor, bolam, – chuqur xo‘rsindi kampir.
– Ena-a-a!.. Ena!
– Jim, bolam. Bosh yorig‘i do‘ppi ostida. Ularning o‘rtasida nima bo‘lganini birov ko‘rib turgani yo‘q.
– Ena, balki biz hammadan keyin eshitgandirmiz bu gaplarni. Balki odamlar allaqachon ustimizdan kulib yurgandir. Erta bir kun yuzimizga ham solishadi. O‘shanda necha pullik odam bo‘lamiz, qanday bosh ko‘tarib yuramiz?
– Tuhmat, deymiz. Dushmanlarimiz to‘qib chiqarishgan, deymiz. Men bolalarni yetim qila olmayman, qizim.
Kampir zo‘rg‘a gapirayotgan bo‘lsa ham, so‘zlarida shunday qat’iy ohang bor ediki, unga qarshi chiqishga Shohistaning jur’ati yetmadi. Haqiqatan ham Nozimani bir narsa qilib qo‘yib, akasi qamalib ketsa, onasi uni hech qachon kechirmaydi. U ko‘zlarini bir nuqtaga tikkancha, tizzalarini quchoqlab o‘tirib-o‘tirib, so‘ng bir so‘z demay, o‘rnidan turdi-da, hovliga chiqib ketdi.
Onasi hamisha Amir Temur navkarlarining ro‘zg‘orini saqlab qolish uchun o‘ylab topgan tadbirni qoyil qolib gapirib yurar edi. Emishki, sarkarda uzoq davom etgan janglardan qaytayotib, hamisha bir oqshom navkarlarini shahar tashqarisida saqlar, ularga kelganliklarini ma’lum qilish uchun, gulxan yoqib, uyum-uyum o‘tin to‘plab, olov qo‘yishni buyurar ekan. Bundan maqsad eri jangda yurganida o‘zini tuta olmay, xiyonat ko‘chasiga kirib ketgan ayollar bo‘lsa, erining qaytganidan xabar topib, orqa-oldini yig‘ishtirib olsin, yonida jazmani bo‘lsa, javobini berib yuborsin, der ekan. Biron navkar yarim tunda uyiga qaytib borib, to‘shagida boshqa erkakka duch kelib, shuncha qirg‘inbarotlardan eson-omon qaytib, o‘z uyida ruhan shahid bo‘lmasin, deb shu ishni qilar ekan.
Onasi gap kelib, shu tadbirni aytsa, akasining jahli chiqib ketar edi:
– Ena, bu bilan nima demoqchisiz? Ayollar erlariga xiyonat qilaversin, faqat erlari bilib qolmasa bo‘ldi, demoqchimisiz?
– Yo‘q, bolam. Amir Temur qanday dono, tadbirkor bo‘lganini aytmoqchiman. Xotinini xiyonat ustida ushlagan navkar hech qachon oldingiday jasorat bilan jang qila olmaydi, jismi butun bo‘lsa ham, ruhi bir umr mayib bo‘lib qoladi. Demak, sarkarda bitta navkaridan ajraladi. Bundan tashqari, odam kechirimli bo‘lishi kerak.
– Nimalar deyapsiz, ena? Birovning qo‘ynida yotgan xiyonatkorni kechirish kerakmi? – tutoqib ketadi Sardor o‘zini navkarning o‘rniga qo‘yib.
– Qo‘y, bolam, aytdim, qo‘ydim-da. O‘sha davrda har bir navkar hisobli bo‘lgan.
Shohista oldingi safar kelganida Nozimaning qo‘lida yaraqlab turgan bilaguzukni ko‘rib, hayron bo‘lgan edi. Hazillashib, “Ha, yangaposhsho, bizdan berkitib yurganlaringizni endi taqayapsizmi?”, dedi. Nozima ham “Berkitib yurganlarimizni ham yig‘ib-terib olib ketdingiz-ku, yana gapirasiz. Bir- ikki kun taqay, deb, ko‘nglim ketib, dugonamnikini olgan edim, shuniyam ko‘rib qoldingizmi?” deb chaqib oldi.
Endi sho‘rlik onasi nima qilar ekan? Ikki bola bor. O‘lsa ham ajratmaydi. Ammo xiyonatkor kelinni qanday qilib, o‘g‘lining qo‘ynida, uyining to‘rida saqlaydi?
Shohista hovli o‘rtasidagi supaning temir panjarasiga suyanib, uzoq turib qoldi. Hamisha sog‘inib, shoshib keladigan qadrdon ota hovli ko‘ziga juda ivirsiq va befayz ko‘rindi. Kelinning kayfiyati hovlidan ham ko‘rinib turardi. U haqiqatan ham hamma narsadan voz kechganga o‘xshar edi. Yo‘laklarning chetlarida ko‘rpa bo‘lib yotgan ajriqlar, hovlining u yer-bu yerida to‘nqayib yotgan bo‘sh chelaklar, har doim yaltillab turuvchi oftobalarning bo‘g‘iq rangi... Ko‘cha tomondan otasining tomoq qirganini eshitib, hushyor tortdi. Darvoza ochilib, ikki xalta bozorlik bilan otasi kirib keldi. Uylariga mehmon kelishi kerak edi. Bir pasga deb chiqqan edi, qaynonasidan baloga qoladi endi. Otasi bilan shoshib so‘rashdi-da, ichkariga kirdi. Quyosh ko‘tarilib, xona isib ketgan, onasi ko‘zlarini shipning allaqaysi burchiga tikkancha, jim yotardi.
– Ena!
Kampir indamadi.
– Ena, o‘zingizga tashladim. Menga qolsa, sira kechirmagan bo‘lar edim. Dunyoning yarmi qovushib, yarmi ajrashib yotibdi. Bir sizning o‘g‘lingiz ajrashgani bilan hayot to‘xtab qolmaydi.
Bolalar ham yo‘lini topib ketadi. Hammamiz qarashamiz. Yana ham o‘zingizga havola, sizga aql o‘rgata olmayman, o‘zingiz hal qiling.
Kampir yana indamadi.
– Men endi ketaman. Uyga mehmon kelishi kerak edi. Siz siqilmang.
– Xo‘p, bolam, yaxshi bor.
– Otam ham keldi.
– Bildim, – kampir xona o‘rtasida qo‘qqayib turgan telefon apparatiga ishora qildi. – Manavini ko‘zimdan yo‘qot.
Shu kuni Robiya momoga hech kim, hech narsa kerak emas edi. Kimsasiz bir dashtu biyobon bo‘lsa, dunyoni boshiga ko‘tarib, o‘kirib-o‘kirib yig‘lasa, yig‘layversa!.. Hech kim “nega yig‘layapsan?” deb so‘ramasa. Axir nima deydi? Bu savolning javobi og‘ir, juda og‘ir. Ich-ichidan toshib kelayotgan faryod bo‘g‘zidan chiqib ketmasligi uchun lablarini qattiq tishlab, qo‘llarini musht qilib oldi, ammo ko‘zlarini idora qila olmadi. Ko‘z yoshlari yuzining ikki chekkasidan quyilib ketaverdi, ketaverdi, quloqlari ham suvga to‘lib ketdi. Ammo yig‘lasang, darding yengillashadi, deganlari bekor gap ekan. Momoning yuragi juda behalovat bo‘ldi. Yotib qolgandan buyon tezroq kunning kech bo‘lishini, uyda oila a’zolarining jam bo‘lishini yaxshi ko‘rar edi. Bugun esa kun kech bo‘lib, hammaning yig‘ilishidan yuragi cho‘chib turardi. “Endi qanday qilib kelinining yuziga qaraydi? Gaplashib olmoqchi, ammo qanday qilib gaplashadi? Nima deydi u nobakorga? Essiz!.. Ha-a, manglayi qora, badbaxt to‘qol! Boshida shunday eri bo‘la turib, shu ishni qilsa-ya. Ikki bolang bo‘lsa, muallim degan oting bo‘lsa, musulmon farzandi bo‘lsang! E-e, besharm, behayo!”
Nozimaning kelganini beton yerga urilgan poshna ovozlaridan bildi. Taq-tuq ovozlari ayvon ostonasiga kelib tindi, “g‘iyq” etib, eshik ochildi-da, kirgan odam yengilgina yurib, uyning narigi tomoniga ketdi. “Nozima”. U ancha payt xonasida qolib ketdi. “Dam olayapti, shekilli”. Ancha vaqtdan so‘ng avval ayvondan, so‘ng hovlidan shovur eshitildi: “Turdilar. Bir kirib, til uchida bo‘lsa ham, yaxshi yotibsizmi, deb qo‘ysa, haqqi ketib qoladiganday. Betarbiya, na ketayotib, xayr, deydi, na kelib salom beradi”.
Kampir yotgan joyida kelinining chimirilgan qiyofasini ko‘z oldiga keltirdi. Ishdan horib-tolib kelgan holimda shularning hovli-joyini yig‘ishtirishim kerak, kirini yuvib, ovqatini qilishim kerak, sigirini sog‘ishim kerak, degan iddao bilan yurgandir, albatta. Avvallari kampir sog‘ paytida, keksa bo‘lsa ham qo‘lidan kelganicha, hamma yoqni saranjomlab, yengilroq ovqatlarni qilib o‘tirardi. Endi kampirning o‘zi ham ish bo‘ldi.
Shu bilan Nozima kampirning xonasiga kechqurun kirdi. Xuddi kimdir bo‘yniga ip solib, majburlab olib kirganday, diltang qiyofada salom berib, xonadagi idish-tovoqlarni yig‘ishtirib ketdi, keyin nevara qizdan labi uchgan kosada yarim kosagina ovqat kirgizib yubordi. Uning labi uchgan idishni juda yomon ko‘rishini yaxshi biladi. Bilib turib... Bir chaqib olish uchun... Nima qilsin, indamaygina yotgan kampir bilan shang‘illashib urisha olmasa... Bu kampir ham o‘lmasa, yitmasa, oyog‘i yo‘q, biron joyga bosh olib ketmasa... Dardisar, yeydi, yotadi!
Robiya kampir yurak hovuchlab erta kunni kech qildi. Oldiga hali unisi, hali bunisi kirib chiqayapti. Nozimaning o‘zi kelmasa ham chaqirtirishga imkon bor edi. Jur’at qila olmadi. Avval aytmoqchi bo‘lgan gaplarini ko‘ngliga taxlab chiqdi. So‘ng o‘zini birin-ketin bahonalar bilan aldadi: ovqatini qilib bo‘lsin, sigirini sog‘ib bo‘lsin, hovlini yig‘ishtirib bo‘lsin... Nevaralari, o‘g‘li kelgandan so‘ng bugun uchun imkoniyatlari batamom tugaganligidan negadir yengil nafas oldi: “Bunday gaplarni xoli gaplashish kerak”.
U ovqatga qo‘l ham urmadi. Idishlarni nevara qiz olib chiqib ketdi. O‘zicha “Nega ovqat yemadingiz?“degan savolni kutdi. Yo‘q, hech kim hech narsa demadi. Eri bilan o‘g‘li uning kosasini ko‘rmagan, kelinga esa baribir. Kosadagi ovqatni shartta yuvindi chelakka ag‘dargan-qo‘ygan.
Robiya momoning yonida choli o‘tirgan edi. Ayvonda yana telefon jiringladi. Kampirning yuragi qinidan chiqib ketay, dedi. Butun vujudi quloqqa aylanib, ayvon tomonga qaradi. Boboning gapini ham to‘xtatib qo‘ydi: “Bir pas jim turing. Kim telefon qilayapti?”. Boboning achchig‘i keldi: “Kim bo‘lardi, qudag‘ayingdir-da. Nozima shu atrofda yuribdi, o‘zi oladi”. Haqiqatan ham telefon qo‘ng‘irog‘i o‘chib, ayvondan Nozimaning istig‘noli ovozi eshitila boshladi: “Ha, onajon. Yaxshi, onajon. Xo‘p, ona. Hech qo‘ymadingiz-da, ona, xo‘p, dedim-ku. Ertaga darsim yo‘q, oldingizga o‘taman. Xo‘p, onajon, sog‘ bo‘ling”.
Kampirning eshigi yopiq bo‘lsa ham devorlar shuncha yupqamidi, yo kampirning ko‘zlari shunchalar o‘tkirmidi, Nozimaning so‘zlaridagi emas, ko‘zlaridagi nozu firoqni ham aniq ko‘rib turardi: “Diyonatsiz. “Onajon” emish”.
Gurungi bo‘linganidan xafa bo‘lgan chol qudasini yozg‘irdi: “Bu qudag‘aying hech qo‘ymaydi. Qachon qarasang, chaqirib turgan kuni. Sen birovning uyi deb, bitta telefon qilishga ham tortinarding, u bo‘lsa, ertayu kech “jiring-jiring”! Qo‘l telefonlari ham arzon bo‘lib qopti, ba’zi uylarda har bir odamda bir telefon emish. Kelining ham shu telefondan bitta olsa, keyin kechayu kunduz onasi bilan gaplashib, uydagi hamma axborotlarni yetkazib turadi”.
– Uyaling-e, erkak boshingiz bilan kelinni g‘iybat qilgani, – kampir o‘zicha erini urishgan bo‘ldi, ammo qo‘l telefonlari haqidagi yangilikni eshitib, yuragi shuv etib ketdi: “Quribgina ketsin, iloyim. Ayvondagi gurunglar-ku, nazoratida edi. Ammo qo‘l telefoni olsa... Oladi. Tillo uzuk olib bergan boyvachcha telefon ham olib beradi-da. Sharmanda! O‘sha yigit ham ahmoq ekan. Bu tasqaraning
nimasiga uchgan? Ikki bolali birovning xotiniga osilguncha o‘zingga munosib biron bo‘y qiz top. Qiz zotiga qirg‘in kelmagandir, axir. Ko‘cha to‘la qiz. Yo‘q, yigitlar qizlardan qo‘rqadi. Qiz bolaning javobgarligi bor. Erli xotin bo‘lsa, besh-olti kun ermak qilib-qilib, joniga tekkach, e-e, bor-e, deb tashlab ketaveradi. Vijdonsiz!”
– G‘iybat emas, bor gap. Kelining ham shu onaning bolasi. Telefon jiringlasa, og‘zidagi og‘zida, qo‘lidagi qo‘lida qolib ketadi. Uchib borib, telefonning yonida paydo bo‘ladi. Hey, anavi yerda erim turibdi, manovi yerda qaynotam turibdi, demaydi.
– Qo‘ying, – kampir og‘ir yuk ostida qolganday chuqur xo‘rsinib, ustidagi ko‘rpani olib tashladi, peshonasiga tepchigan terlarni artdi. – Ertaga qo‘l telefoni olsa, gaplashganini ham ko‘rmaysiz.
– E, kampir, bilganini qilsin, – bobo behafsala qo‘l siltadi. – Sen bilan biz o‘tib ketayotgan odam. Shu, erta-yu kech qovoq-boshini uyub yuradigan ichi qora odamlarni yomon ko‘raman. Nima darding bo‘lsa ayt, qo‘limizdan kelgancha yordam beraylik. Yo‘q, qachon qarasang, quyunday to‘ntarilib yurgani yurgan. Qarab tursam, eriga ham hech o‘ng gapini aytmaydiganga o‘xshaydi. Sardorga ham qiyin bo‘ldi.
Kampir choliga hayron bo‘lib, qarab qoldi. Hech zamonda birovning na g‘iybati, na sifatini qilmaydigan odamning gaplari uni dahshatga soldi: “Ha, Sardorga rostdan ham qiyin bo‘ldi”.
Olloqul bobo o‘rnidan turib, derazaning pardasini surib qo‘ydi. “Ozroq toza havo kirsin”. Bir piyola choy quyib, kampirining yoniga qo‘ydi. “Manavi shokoladdan bittagina yeb ol, ustidan choy ichasan”, bitta konfetni archib, og‘ziga olib bordi. Kampirning yupqagina lablari titrab ketdi, ko‘zlari yoshga to‘ldi.
Chol indamay, kampirning mijjalarini artdi, keyin yonboshida turgan qo‘lini kaftlari orasiga oldi: “Siqilma, onasi. Senga bu gaplarni aytmasligim kerak edi. Yotgan joyingda ham hammasini ko‘rib- bilib yotibsan, bilaman. Bir gap kelganda aytib yubordim-da men ham. Hali hammasi yaxshi bo‘lib ketadi, yosh-da bular. Foyda-ziyonini bilmaydi.
Kampir indamadi.
– Ikki kundan so‘ng gipslaringni yechamiz, – chol kampirning ko‘nglini ko‘tarish uchun yaxshiliklarni yodga oldi. – Qizlaringni chaqiraman, yaxshilab cho‘miltirishadi. So‘ng o‘tirib, ovqatingni yeydigan bo‘lasan, keyin asta-sekin yurib ketasan. Avval qo‘ltiqtayoqda, so‘ng o‘zing... Shuncha erkalik qilib yotganing yetar, keyin qozon-tovoqni o‘zing qilasan. Sening ovqatlaringni sog‘inib ketdim. Xo‘pmi?
Kampir ko‘zlarini yumib, ochdi: “Xo‘p”.