Nozima allaqachon uxlab qolgan qizini uyiga olib kelib, o‘rniga cho‘zilar ekan, yuragini achchiq armon hissi o‘rtab o‘tdi: “Essiz, shunday barno yigit! Buning eri to‘ng‘illashdan boshqa narsani bilmaydi. Hech bo‘lmasa, o‘zing uchun o‘zingga qarab, yuvinib yur! Yo‘q, yuraveradi, tamaki bilan ter sasib!..”
* **
Operatsiya uzoq davom etdi. Do‘xtirlar “Operatsiya yaxshi o‘tdi, lekin opa endi bir umr qo‘ltiqtayoqda qolib ketadi”, degan bo‘lsa ham, ertasi kuni Robiya xola devorlari dog‘-dug‘, befayz palatada horg‘in ko‘zlarini ochganda, Shohista onasi jahannam eshigidan qaytib kelgandek yig‘lab yubordi.
– Onajon! – bor dunyosi to‘kilib onasining so‘lg‘in yuzlaridan o‘pdi. – Xudoga shukr, onajonim. – Shohista... – Robiya xolaning lablari qurib qolgan edi. – Suv...
– Hozir, hozir, onajon! – u shoshib yelim idishdagi suvga paxtani namlab, onasining lablarini artdi, so‘ng piyolaga bir ho‘plamgina suv quyib, og‘ziga tutdi. – Hozircha ko‘p suv mumkin emas.
Robiya xola qo‘llarini odeyal ostidan oyoqlari tomon uzatdi, belidan boshlangan toshdek nam gips tizzasigacha davom etgan edi. Ich-ichidan toshib kelayotgan faryodni chiqarmaslik uchun pastki lablarini qattiq tishladi. Ko‘zlaridan tirqirab oqayotgan yosh ikki chekkasidan sim-sim to‘kilib yotar edi.
– Onajon, – Shohista onasining ozg‘in yelkalaridan quchib, yuz-ko‘zlaridan o‘pdi. – Hali ko‘rmaganday bo‘lib ketasiz, yig‘lamang. Eng muhimi o‘lmay qoldingiz, boshqa hammasi bekor, siz... siz o‘lib qolganingizda men nima qilar edim, ona?
Robiya xola yana suv so‘radi, Shohista yonidagi tumbochkadan sochiqcha olib, onasining yuz- ko‘zlarini artdi.
– Ay, bolam-a, shunchalar gunohim ko‘pmidiki, Allohga mening niyatim malol kelib, o‘zimdan tindim, endi Hajga boraman, degan joyimda oyoqsiz qilib qo‘ydi. Nega, qaysi gunohlarim uchun?!
Uning iltijolari Shohistaning yurak-bag‘rini o‘rtab yubordi:
– Nega unday deysiz, ona?! Sizning gunoh qilishga vaqtingiz bo‘lganmi o‘zi? Olti bola, er, kolxo‘zdagi eng katta birgad! Alloh bandalarini, dunyo berib, mansab berib, dard berib sinaydi, der
edingiz-ku o‘zingiz. Mana, sizga dard berib, sinayapti. Oyog‘i singan bir siz emas, hali tuzalasiz, ko‘rmaganday bo‘lib ketasiz. Hajlargayam borib kelasiz.
Uni uyga ham zambilda olib qaytishdi...
O‘sha kuni kun bo‘yi yomg‘ir yog‘di. Bir necha kunlik jazirama issiqdan keyingi namgarchilik xuddi Robiya xolaning shu kungi holatidek yurakni ezar va nafasni bo‘g‘ar edi. Shohista onasining yonida uch kun qolib ketdi. Robiya xola shu qizini boshqacha bir mehr bilan yaxshi ko‘rar edi. Shuning uchun ham otasi “Onang yangi hayotiga ko‘nikkuncha bir-ikki kun yonida bo‘lib tur”, deb iltimos qildi. Eri “Uyda kelin bor, otang bor. Kunduzlari kelib, xabar olib turamiz”, desa ham unamadi. Uning yuragi g‘ash edi. Kayvoni onasining bir umr hamma narsadan norozi bo‘lib, bir og‘iz gapga ham uch kun arazlab yuradigan kelinning qo‘liga qarab, muhtoj bo‘lib qolishini hech hazm qila olmas edi. Institutda o‘qib yurganlarida bir o‘qituvchisi bo‘lar edi. Jahlini chiqarganlarni “He, tirik o‘lik!” deb so‘kar edi. O‘shanda bu haqoratning mazmuniga e’tibor bermagan edi. Endi o‘ylab ko‘rsa: ko‘zlari ochiq, dunyoni ko‘rayapti, tirik – yeyishi, ichishi, kerak, ammo xuddi o‘likdek qo‘lidan hech bir yumush kelmaydi. Yaxshiyam, otasi bor ekan, yo‘qsa, bechoraning holi nima kechar edi-ya?!
Hamma o‘zicha kuydi: “Uf-f!”, “Af-f!”, “Oh!”, “O‘h!”
Ammo Robiya xola juda irodali ayol edi. Tunlari yonboshida yotgan qizining goh u yoniga, goh bu yoniga ag‘darilayotganiga qarab, bir martagina yonbosh yotsam, yelkalarimga shamol tegsa edi, deb orzulab yotgan bo‘lsa ham taqdir peshonasiga yozgan yozig‘iga ko‘ndi va shukr qildi. “Mening o‘rnimda bolalarimdan birontasi bo‘lganda, nima qilar edim? Mayli, men bir bekorchi kampirman. Bu dunyodagi hamma ishlarimni bajarib bo‘lganman. Endi yotgan joyimda toat-ibodatimni qilib yotaveraman. O‘zingga shukr, Allohim”.
Faqat keldi-ketdi biroz charchatdi, to‘g‘rirog‘i, har mehmon kelganda kelinining gezarib ketadigan aft-angori charchatdi. Bir umr elning ustida yurib, hammaning izzatiga yetib yurgan kayvoni ayol emasmi, eshitgan odam borki, bir kelib xabar olar edi. Robiya xola “kelinga ham og‘ir bo‘lib ketmasin”, deb katta o‘g‘lining qizini chaqirtirdi. Uyning hamma yumushlari shu qizning zimmasiga ortildi, lekin kelinning chimirilgan qiyofasi yozilmadi.
O‘sha kuni bir umr savdoda ishlagan dugonasi singlisi bilan keldi. Yotganiga bir oydan oshgan edi. Biron yumushga urinmay uy ichida yotgan bo‘lsa ham butun a’zoyi badani quruqshab, qat-qat kirlanib ketganga o‘xshar edi. Nevara qizning latta namlab artishi hammomning ishini bajararmidi? Robiya xola dugonasining yaltillab turgan yuz-qo‘llariga havas bilan qarab “Kecha hammomga kirgan bo‘lsa kerak”, deb o‘yladi, keyin yana fikrini o‘zgartirdi: “Joni sog‘. Har kuni hammomga kirsa kerak.”

Mehmonlar uzoq o‘tirdi. Kelin uyda edi, chimirilib dasturxon yozdi, qand-qurs, kecha qaynagan sho‘rva... Robiya xola juda sergak ayol edi, hadeb eshikka qarayotgan mehmonlarning nimadandir bezovtami, norozimi ekanligini sezdi, ammo bu holatning sababini tushunmadi.
Mehmonlar ketishgach, Sanjar bilan Noila yugurgilab uning yoniga kirishdi. Ikkalasining ham qo‘lida mushtdek-mushtdek sap-sariq nok bor edi. Sanjar xonaga kira solib, o‘zini momosining bag‘riga otdi:
– Momojon! – boladan gupillab manti hidi keldi.
– Nimalar yeb yuribsan, bolam? – beixtiyor so‘radi u.
– Manti! – maqtandi bola. – Boyagi momolar shunday shirin manti olib kelishgan ekanki!.. Sizga ham olib kelaymi?
Uning ham manti yegisi kelib ketdi. – Mayli...
Sanjar yugurib xonadan chiqib ketdi. Bir pasdan keyin kichkinagina likopchaning ustiga ikkita manti qo‘yib kirdi.
– Onam bilan Gulzor opam hammasini yeb qo‘yibdi, shugina qolibdi.
Dasturxon yig‘ishtirgani kirgan Nozima o‘g‘lining boshiga bir tushirdi:
– Ha, biz yedik, sen yemading-a?
Robiya xola bir mantiga, bir kelinga qaradi. Mehmon nega bezovtalanganini tushundi: “Bemor issig‘ida yesaydi” deyishgan bo‘lsa kerak. Kelinining ochko‘zligidan xijolat tortdi:
– Egalariga ham to‘rttagina qo‘yish kerak edi, – sovuqqina qilib tanbeh berdi.
– O‘zi kamgina ekan. Mehmonlarga olib kirsam, sizga ham berishim kerak edi. Juda yog‘li, qo‘y go‘shtiga qilingan ekan, ichingizni surib yuboradi, deb o‘yladim. Bo‘lmasa, nima, juda manti yegimiz kelib o‘lib turganimiz yo‘q edi, – Nozima qaynonasining bir og‘iz tanbehiga yuzta iddaoni qalashtirib tashladi.
Sanjar esa mantili likopchani momoning og‘ziga tutib turardi: – Momo, oling... Hech bo‘lmasa bittaginasini yeng.

Mantidan juda xushbo‘y hid taralib turardi. Robiya xola beixtiyor mantiga qo‘l uzatdi. Uning issig‘i ketmagan, iliqqina edi. O‘zi azaldan xamirli ovqatni yaxshi ko‘rardi. Qo‘li xamirdan chiqmas edi. Mazza qilib mantilarni yedi, manti haqiqatan yog‘ligina ekan, butun vujudi yog‘langandek bo‘ldi.
Ko‘p o‘tmay tashqaridan shang‘illagan ovoz eshitildi:
– Sanjar, tarelkani olib kel!
“Shu mantini yeganim unga yoqmadi. Bir pas turib o‘zim yeyman, deganmi?”
Momosini mehmon qilganidan mamnun bo‘lgan Sanjar likopchani olayotib, shivirladi:
– Hozir men sizga nok olib kelaman. Mazza qilasiz.
Ammo sal o‘tmay quruq qo‘l bilan so‘ppayib qaytib keldi.
– Momo, noklarni yashirib tashlabdi. Juda ko‘p nok bor edi, yolg‘ondan tugadi, deyapti. Yashirib qo‘ygan. Siz o‘zingiz so‘rang. Ularni sizning dugonalaringiz sizga olib kelgan-ku.
Momo g‘alati bo‘lib ketdi. Nevarasining qovurg‘alari sanalib turgan nozik yelkalariga qoqdi, sochlarini silab-siypadi:
– Mayli, o‘g‘lim, tugagan bo‘lsa, tugagandir. Bilasan-ku, men nokni uncha yaxshi ko‘rmayman.
Mantidan keyin choy ichgisi keldi, qani, bittagina shokolad ham bo‘lsaydi. Ilgari yog‘li ovqatdan so‘ng issiq choy bilan qimmatbaho shokoladlar yeyishar edi. Qanday huzurbaxsh edi o‘sha kunlar! Hozir ham bordir shirinliklar. Shuncha odam kelib-ketayapti, hech kim quruq qo‘l bilan kelmaydi, albatta. Ammo... Ha, mayli, shu kunlar ham peshonasida bor ekan, bundan battarini ko‘rsatmasin, boriga shukr.
– Bolajonim, boya mehmonlarga damlangan choydan bir piyolagina olib kel. Sanjar chopib tashqariga chiqdi.
Bir pasda Nozimaning shang‘illagan ovozi eshitildi:
– Hoy, bola, piyolani joyiga qo‘y.
– Momomga choy olib borayapman.

– Qo‘y-e, burningni artib ol, avval, – u shang‘illagan ko‘yi Sanjarning qo‘lidan olib qo‘ygan piyolani qaynonasining boshiga qo‘yib ketdi. – Shuni o‘zimga aytsangiz bo‘ladi-ku, choy issiq bo‘lsa, kuyib qoladi, qoqilib ketsa, piyola sinadi. Bir parcha bolaga buyuriladigan ishmi shu?!
Robiya xola keliniga bir og‘iz ham javob ayta olmadi. Nima desin? Bola uniki. Birining qaynonaligini, birining kelinligini inobatga olmasa, aytganlarining hammasi to‘g‘ri. Ammo kenja bolasi tengi kelinning bunchalik yuziga yopishishi unga juda alam qildi. “Qarisang menday bo‘l, qora yerday bo‘l”, deganlari shu-da aslida. Uyam qora yerday bo‘lib yotibdi, hamma, hatto yuziga tik qaramasligi lozim bo‘lgan kelin ham bemalol ko‘ksidan bosib o‘tmoqda.
U juda chanqagan edi, yetib kelgunicha to‘kilib, yarim bo‘lib qolgan choyni ichmadi, ichkisi kelmadi. To‘rt qadam narida oshxona, to‘rt qadam yurib borib, bitta gugurt chaqsang, kifoya, bir zumda vajillab bir chovgum choy qaynab qoladi. Keyin mazza qilib choyni ichish mumkin. Faqat oyoqlari sog‘ bo‘lsa!..
Bola deganlari ham bekor ekan. O‘g‘il yeb, o‘rga ketar, qiz yeb, qirga ketar, deganlari rost. Hammasining o‘z ishi bor. Bu yerda Robiya bir qultum suvga zor bo‘lib yotibdi, ular esa hammaginasi o‘z yumushi bilan!
Ona deganlari ham bekor ekan. O‘tiribdi uyida o‘z tashvishlari bilan. “Senikida nima qilaman, qo‘sh qaynona bo‘lib? Qo‘limdan bir yordam kelmasa!”. Qay daraxtga o‘t tushsa, o‘zi yonadi, o‘zi o‘chadi.
Bir payt peshob qistadi. Baxtga qarshi eri dorixonaga ketgan, nevara qiz ham necha kundan beri “uyimizga bir borib kelay”, deb yurib, bugun ketgan edi. “Kelib qolishar”. Tiq etgan ovozdan umid qilib, tishini tishiga qo‘yib yotaverdi. Vaqt o‘tgan sayin qovug‘idagi tang holat butun vujudiga yoyilib borardi. U chuqur-chuqur nafas oldi, ammo foydasi bo‘lmadi. Damba-dam darvoza tomonga quloq tutar, ammo aksiga olib, hamma yoq suv quygandek jim-jit etdi. Ahvoli daqiqa sayin og‘irlashib borardi. Birdan ko‘zi yostig‘ining yonida taxlanib turgan sochiqqa tushdi. Uni taxlagan ko‘yi butlarining orasiga oldi: “Ozgina bo‘shatib olay”. Bildiki, to‘shakka ham o‘tib ketdi: “E-e, nima bo‘lsa, bo‘ldi!”. Shu payt eshikdan Sanjar ko‘rindi.
– Bolajonim, hovliga suv sepadigan chelakni olib kel.
Chelak ko‘targan bolasining izidan kirgan Nozima shalop etib chelakka tushgan ho‘l sochiqni ko‘rib, qichqirib yubordi:
– Voy, xola, nima qilib qo‘ydingiz? Sochiqqayam siyadimi odam? Chelak ham harom bo‘ldi!
Bo‘shanib, yengil tortgan bo‘lsa ham ho‘l bo‘lib qolgan to‘shagidan ijirg‘anib yotgan Robiya xolaning qahri kelib ketdi: “Hey, kimsan o‘zi? Bu yerga chelak olib kelganmiding?!”

– Ovozingni pasayt. Sochiq ham, chelak ham o‘zimniki. Qo‘lingni ham urma, boboy kelib, o‘zi yuvadi.
Bir oydan beri ko‘zlari javdirab, nima qilsa, ma’qul topib yotgan kampirning vajohatini ko‘rib, Nozima cho‘chib tushdi. Qaynonasi dunyoni poyi-piyoda kezib yurgan soppa-sog‘ paytida ham unga bunday baqirmagan edi. Endi... Yotgan joyida... “E-e, bilganini qilmaydimi? Juda bo‘lmasa, o‘g‘liga aytib, haydatib yuborar. O‘zimam bezor bo‘ldim shu g‘urbatxonadan”.
– Sochig‘ingiz ham, chelagingiz ham o‘zingizga buyursin, xola. Men sochig‘ingizni uyimga olib ketmoqchi emasman. Bir og‘iz aytsangiz, o‘zim yoziltirib olar edim. Fu-u, hamma joy sasib ketibdi, – u eshik-derazani ochib tashladi. Ostonada chelak ko‘tarib, anqayib turgan o‘g‘liga baqirdi. – Nimaga serrayib turibsan, bor, tashqariga chiqar.
Robiya xola peshob to‘kilgan to‘shagida ilondek to‘lg‘andi: “Shunchalar gunohim ko‘pmidi, Alloh! Meni kimlarga muhtoj etding!”
Yelvizakda qolgan tanasini odeyalga o‘rab yotib, momosining joynamoz ustida qiladigan iltijolarini esladi: “O‘, qodir egam, birovga muhtoj qilma. O‘lgunimcha o‘zimning xizmatimga o‘zim yarab yuray”, der edi doim. “Birgad”, “deputat” nevara momoning ustidan kular edi. “Faqat o‘zingizni o‘ylaysiz-a, momo”. Momo esa xudbinlarcha tilagidan zarracha xijolat tortmas edi: “Bolam, o‘zini qo‘llagan avliyo ham zo‘r avliyo. O‘lgunimcha o‘zimning suyagimni o‘zim ko‘tarib, o‘zimning hojatimga yarab yursam, bo‘ldi”.
Mana bugun o‘z kuniga yaray olish ham katta baxt ekanligini anglab yetgan edi.
Ayniqsa endi hech qachon mustaqil yura olmasligini eshitgan kun dardi dunyosi qop-qorong‘u bo‘ldi. “Mayli, hech bo‘lmasa, tezroq mana shu gipsdan qutulib, qo‘ltiqtayoqda bo‘lsa ham hovliga chiqadigan bo‘lsa edi!” Ammo bu hasratli kunlar cho‘zilgan sayin qaynona-kelin o‘rtasidagi munosabatlar cholg‘uchining sozlanayotgan toridek tobora taranglashib borardi. Robiya xola uyning bir chetida harakatsiz yotgan kampir bo‘lsa ham, o‘g‘li bilan kelinining munosabatlari yaxshi emasligini, hatto ular o‘zaro gaplashmasligini bilib oldi. Sanjar otasi bilan onasining joyi ham alohidaligini aytdi:
– Dadam mehmonxonada yotadi. Bir holi vaqt topib, o‘g‘liga gina qildi:
– Nima gap, bolam? Tinchgina yashasanglar bo‘lmaydimi? Mening yarimjon bo‘lib qolganim kamlik qilayaptimi? Shu ahvolimizda kelin haydab, bolalarni chirqiratish yetmay turibdimi?

Sardor bir muddat yerga tikilib qoldi. Robiya xola qahr bilan javob kutib, o‘g‘liga qarab turarkan, Sardorning boshidagi moshkichiri sochlarni ko‘rib hayron bo‘ldi: “Buning sochi qachon oqarib ulgurdi?”. Yelkalari ham ixchamgina bo‘lib qolibdi. Ustidagi ko‘ylagi tarang bo‘lib turardi, halvirabgina turibdi.
– Ena, men bu bilan yashay olmayman.
– Nega? – bu savol mutlaqo o‘rinsiz edi. Shunday bo‘lsa ham qaysarlik bilanmi, nimalardandir umid qilib o‘g‘lining og‘ziga tikildi. Sardor chuqur xo‘rsindi:
– Ena, meni qiynamang, iltimos. Unga mening, sizning, bolalarning umuman keragi yo‘q. Unga “eri bor” degan nom, bir boshpana kerak. Uyiga qaytib boray desa, ikki bola bilan qo‘sh kelin buni sig‘dirmaydi. Ilojsizlikdan shu yerda turibdi. Agar joy topsa!.. Bir kun ham bu joylarda qolmas edi.
– Qo‘-y, bolam.
– Bir oy bo‘ldi joyimiz bo‘lak bo‘lganiga. Nega bunday bo‘layapti, erim biron o‘ynash-po‘ynash topib olgani yo‘qmikin, deb xavotirga ham tushmaydi. Unga desa, izim qumdan oshib, butunlay yo‘q bo‘lib ketmaymanmi? Unga baribir. Xullas, biroz o‘zingizga kelib oling, ajrashaman.
– O‘zimga kelganimda, hovli supurib, kir yuva olarmidim? Bolalaringga kim qaraydi?
– Xavotirlanmang, ena, qaraydigan odam topiladi. Sizning qo‘lingizni sovuq suvga ham urdirmayman.
– Qo‘y, bolam. Besh kunligim bormi-yo‘qmi, shu paytgacha bola-chaqa dedim, davlatning ishi dedim, qarigan chog‘imda bu falokatni topdim. Yer yuzida chiritma meni. Ayol kishining ko‘ngli nozik bo‘ladi, yumshoqroq gapir, ko‘nglini ol, bir narsalar sovg‘a qil. Lekin zinhor ajrashaman degan gapni aytma. Bolalarni o‘yla.
– E-e, ena, shunday demang. Bolalarni deb o‘zimni shunchalar xor qilib qo‘yayinmi? Xotin bo‘lsa, sidirg‘a xotin bo‘lsin, bo‘lmasa, yo‘q bo‘lsin. Siz hech xavotirlanmang, hammasi joyida bo‘ladi.
Sardor dadil-dadil gapirayotgan bo‘lsa ham, ich-ichidan sinib, to‘kilib, quruq suvratga aylanib borayotgani ko‘rinib turardi. U onasining ustiga egilib, yuzlaridan ohistagina o‘pib qo‘ydi: “Biron narsa kerak bo‘lsa, aytarsiz. Bugun o‘zim uydaman”.
Havo unchalik issiq bo‘lmasa ham butun vujudi olovli iskanjada qolganday qizib ketdi. Badanining gips qoplagan joylarida nimalardir o‘rmalab yurganday bijirlay boshladi. Yonboshida turgan uzun simni olib, gipsning orasiga tiqib, jonini ayamay qashladi. Lekin, o‘rmalayotgan narsalar borgan sari

sim yetmaydigan joylarga ichkarilab ketayotgandek edi. Uning yuragi siqilib ketdi: “E-e, Xudo, nega ona qilib yaratding?!”.
Shu kundan Robiya xolaning ichiga bir o‘t kirdi. Erta-yu kech kelinning ko‘ziga qaraydi. U o‘lgur ham chimirilib bir kiradi-yu, eshik-derazani sharaq-shuruq qilib ochib, uyni bir supurib chiqadi-da, sharpaday sidirilib yo‘q bo‘ladi. Yetti yildan beri biron marta yoniga kelib, “Xola-yov, anavi manovday ekan”, deb gurung qilgan odam emas. Buyog‘i o‘ziga yarasha keldi-ketdi, birov kelib, birov ketib turibdi. Kelin bilan xoli qolib ikki og‘iz gaplashish nari tursin, o‘zi bilan o‘zi qolishga ham imkoniyat yo‘q. Ammo kunora nevaralarini so‘roqqa tutadi:
– Dadang kechasi qaysi xonada uxlayapti?
– Mehmonxonada. Kiyimlarini ham mehmonxonaga chiqarib olgan. – Dadang bilan onang gaplashyaptimi?
– Yo‘-o‘q, ular faqat urishishadi.
Robiya xolaning oyoqlari yurmay qolgandan buyon bor kuch-quvvati ko‘zlari bilan quloqlariga joylangandek edi. Yoniga kim kirsa, ko‘ziga qaraydi, tiq etgan ovoz chiqsa, butun vujudi quloqqa aylanadi. Ilgarilari ham shundaymidi yoki kampir yotib qolganidan buyon e’tibor qilayaptimi, negadir telefon ko‘p jiringlaydi. Bobo yoki bolalar olsa, hech kim gapirmaydi. Kelini olsa, gapiradi. Kelini ham negadir juda past ovozda, bir narsadan cho‘chiyotgandek juda qisqa gaplashadi. “Onasi! Har kuni bir axborot so‘ramasa, bo‘lmaydi. Esi yo‘q to‘qol. Qizim borgan joyda botib, shuniki bo‘lib qolsin, demaydi hech. Qachon qarasang, yiring kavlab, buzg‘unchilik qilib turadi. Onasi “Eringdan ajrash, endi bir umr kasal kampirga tuvak tutib o‘tmaysan”, deyayotgan bo‘lsa kerak”.
Nevarasidan kelinini chaqirtirdi.
Kelin idish-tovoq yuvayotgan ekan, shekilli, yog‘li qo‘llari bilan eshikdan qaradi: – Ha? – uning betakalluf nazari kampirning suyaklarini zirillatib yubordi.
– Shohistaga telefon qilsang. Ertaga ertalab bir kelsin.
Kelin na “xo‘p” dedi, na “yo‘q” dedi. “Nima ishingiz bor edi?“deb ham so‘ramadi. Indamay burilib, chiqib ketdi. Momoning ko‘ngli xit bo‘ldi. Bir arzimas ish uchun shu bexayr kelinga sarg‘ayganidan ezildi: “Tezroq gipsini yecha qolsaydi. Qo‘ltiqtayoqda bo‘lsa ham eshik oraga chiqib, qo‘lidan kelgancha o‘z yumushini o‘zi qilib yursaydi”.
Oradan ancha o‘tgach, ayvondan kelinining ovozi eshitildi:

– Yaxshi o‘tiribsizlarmi? Ertaga ertalab bir kelib ketarkansiz. Bilmadim, onangiz aytayapti. Bir kelib ketsin, dedi.
“Onangiz!” O‘-o‘, bu kelin rostdan ham aynibdi.
Kun ayni namozshom edi. Kunduzgi issiqdan lohas bo‘lgan borliq kechki dim havoda zo‘rg‘a marraga yetib kelgan qariyadek hansirab turardi. Hatto qushlar ham og‘rinibgina chug‘urlashayotgandek edi. Robiya momo to‘liqib derazaga qaradi. Osmonning yuzi qorayib borardi, xuddi uning ko‘ngliday.
Shohista nonushtagacha hovliqib yetib keldi. Hali xona yig‘ishtirilmagan, havosi og‘ir, nevara qiz yotgan to‘shak o‘rtada yoyilib yotardi. Shohista onasining to‘shak bilan bitta bo‘lib yotgan yelkalarini bag‘riga bosar ekan, yig‘lab yubordi:
– Boshingizda shunday ishlar bor ekan, meni erga berib nima qilar edingiz? Allakimlarning cho‘riligini qilib, gapini eshitib yurguncha, sizning xizmatingizni qilib yuraverardim.
– Qo‘y, bolam, unday dema. Otamning o‘lishini bilsam, bir qop kepakka almashtirib yuborardim, degan ekan bir bechora. Yiqilishimni tush ko‘ribmanmi?-kampirning ko‘zlarida ham yosh g‘iltilladi.
– Tinchlikmi, ena, nimaga chaqirtirdingiz? – Shohista onasining ko‘zlarini artib, og‘ziga tikildi. – O‘zim, seni sog‘indim, – dedi kulimsirab kampir.
– Yo‘-o‘q, siz sog‘inganingiz uchun qiz chaqirib o‘tiradigan xotin emassiz, sizni bilmasam ekan. Choy-poy ichdingizmi? – Shohista sumkasidan kichkinagina tuguncha chiqardi. – Yo‘ldan ikki six qiymali kabob olgan edim. Issiqqina, shuni yeb oling. Gulzor qaysi go‘rga yo‘qoldi, joyini yig‘ib ketmaydimi?
U kabobni onasining qo‘liga tutqazib, xonani yig‘ishtirishga tushib ketdi. Eshikni yopib, derazani ochib qo‘ydi. Derazadan xonaga muzdek toza havo kirdi. Kampirning yuragi kengayib ketgandek bo‘ldi. Kabob yumshoqqina va juda totli edi, bittasini nevaralariga ilindi.
– Bunisini olib qo‘y, qornim to‘ydi.
– Qorningiz to‘ydimi, nevaralaringizni o‘ylab, tomog‘ingizdan o‘tmay qoldimi? – Yo‘g‘-e, nevaralarim yemay o‘tiribdimi? O‘zing yegin bo‘lmasa?
Shohista kuldi: