7 - BOB
Afsuski, o‘sha ikki xonali boshpana ham yo‘q.
Erta bilan turib, hech narsa ko‘rmaganday hovli supurdi, oftobalarni iliqqina suv bilan to‘ldirib qo‘ydi, nonushta hozirladi, lekin erining yoniga kirmadi.
Sardor ham shakarob qilib suv sepib, supurilgan hovlida g‘imirsib yurgan xotinini ko‘rib, ko‘ngli taskin topganini his qildi. Bu ayoldan qanchalar ko‘ngli qolgan, u bilan orani ochishni qanchalar istayotgan bo‘lmasin, ayni paytda uning bolalarni yetaklab, hovli-joyni huvullatib, hamma ishni keksa onasiga tashlab ketib qolishidan juda qo‘rqar edi. Ammo ich-ichidan xotinining “qolgin” deb yalinsa ham ortiga qaramay ketib qoladigan kunlarini kutib yashardi. U baribir ketadi. Ketsin, faqat o‘zi xohlab, o‘zining aybi bilan ketsin, toki bir kun kelib, bolalaringni yetim qilding, deya Sardorning yuziga hech kim ta’na qilmasin. Ketsin, Sardor uni ahdidan qaytarishning ilojini topolmay qolsin. Shunda hammaga yaxshi bo‘ladi. Sardorning ham vijdoni qiynalib yurmaydi.
Nozima yengilgina nonushta qildi-da, qaynonasiga “Bolalar turishmadi, bog‘chaga bobosi olib borar”, deb ishiga jo‘nadi. Na kecha haydab solayotgan er bir narsa dedi, na “o‘laman sattor, ketaman”, deb yotgan Nozima bir narsa dedi.
“O‘zi, o‘zi ketsaydi! Oyoqlariga yiqilsam ham ortiga qaramasdan, bolalarga ham etak silkib ketib qolsaydi!..”
“Ikki xonaligina boshpanam bo‘lsaydi, shularning basharasini ko‘rmay erkin yashasaydim!..”
Bir zamonlar ikkalasining ish joyi boshqa-boshqa tomonlarda bo‘lsa ham Sardor har ertalab Nozimani maktabiga olib borib qo‘yardi. Keyin-keyin “Benzinim kamroq edi”, deb uzr so‘raydigan bo‘ldi. Bora-bora har kim o‘z yo‘liga, o‘z holicha ketadigan bo‘ldi.
Nozima endi muyulishga yetganda eri mashinada “g‘uv” etib yonginasidan o‘tib ketdi. Hali ancha barvaqt bo‘lishiga qaramay ko‘cha to‘la odam, hamma qayergadir shoshgan, beg‘am, betashvish dunyo ertalabki bahor epkinidan rohatlanib, bahor gullari bilan bezangan yam-yashil libosini ko‘z- ko‘z qilib yotar edi. Nozima turmush tashvishlaridan, uyidagilardan har qancha bezgan bo‘lsa ham, ularga xiyonat qilishni sira xayoliga keltirmagan edi. U boshqarilishdan, kuzatilishdan, nazoratdan, bir xillikdan, xullas, yana ko‘p narsalardan juda charchagan edi. U onasining uyidagidek erkinlikni qo‘msar edi. O‘zi istagan payti yotsa, istagan payti tursa, istagan ishini qilsa... Yo‘q, onasining uyida ham shu ish, shu tashvishlar. Joyi kelsa, onasi ham unday qilma, bunday qilma, deb tanbeh beraveradi. Ammo onasining uyidagi yumushlar ham, onasining dakkilari ham unga sira malol kelmaydi. Qaynonasining esa yaxshi gapi ham yoqmaydi. Ayniqsa, gap talashib qolishsa, bolalarini olib ketib qolmasin, deb tilyog‘malik qilishga o‘tib olsa, ko‘ziga to‘ng‘izga o‘xshab ko‘rinadi. Butun a’zoyi badaniga tamaki, ter va o‘tkir atirlarning omuxta hidi o‘rnab ketgan eri bilan yaqinlik qilishga sira toqati yo‘q. Uning yonida ko‘ngli ayniydi va buni yashirib ham o‘tirmaydi. Ochiqdan ochiq
burnini jiyirib, “Yuvinib yursangiz bo‘lmaydimi?” deyaveradi. Ba’zan rad qilingan er haftalab joyini bo‘lak qilib, durust gaplashmay yuradi. Uning rashkini qo‘zg‘atish uchun kech keladi. Nozima erini bilmasa ekan, o‘z xotinining ko‘nglini topa olmagan erkakka o‘ynash yo‘l bo‘lsin. “Bilganingni qil”, deb ikki kishilik keng karavotda mazza qilib yotaveradi. Keyin ona-bola o‘rtasida g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir munozara boshlanadi: “Ona, shuningizning javobini beraman. To‘ydirib yubordi”. “Qo‘ysang-chi, bolam. Ikki bolaning uvoliga qolma. Hamma xotin bir xotin. Yana birovni olsang ham shu g‘alva, shu tashvish. Bolalaringning boshiga o‘gay ona zulmini solganing ziyoda bo‘ladi, xolos. Tinchgina o‘tir”.
Shundayam qaynonasiga ko‘ngli ilimaydi. Chunki kampir uni emas, bolalarni o‘ylab, o‘g‘lini murosaga chaqirayapti. Hech qachon “Hoy, o‘g‘lim. Shuyam odam bolasi. Undayam ko‘ngil bor. Jonidan biron issiq-sovuq o‘tgan joyi bordir. Bir ko‘nglini so‘ra, nimadan norozi, nima istaydi? Bir joylarga aylantirib kel. Yosh narsa, ko‘ngli yoziladi”, demaydi. Qachon qarasang, “Bolasi bor!”, “Bolalar bor!”. Go‘yo dunyoda boladan boshqa hech narsa yo‘qdek. Faqat bola, bola!
“Ba-app!” etgan signal tovushidan cho‘chib tushdi. Yuragi orziqib, tovush kelgan tomonga qaradi. Yaraqlatib yuvilgan zulukdek mashinada Hamdam “bopladimmi?” degandek iljayib turardi. Yuzlari lov etib yonib ketgan Nozima yuragi unga tomon potirlab turgan bo‘lsada, bosh irg‘ab, salom bergan bo‘ldi-da, yo‘lida davom etaverdi.
“Ie, bu nima qilgani?!” Hamdam mashinadan sakrab tushib, Nozimaning izidan qichqira boshladi: – Hey, yanga! Yanga-a!
Nozima to‘xtadi: “Ha, qaynim? Muncha shovqin qilasiz?”
– Maktabingizda ishim bor edi. Yuring, olib borib tashlayman.
Nozima yon-veriga qaradi. Baxtiga o‘tib-qaytayotganlar orasida bironta ham tanish uchramadi. Hamdamning aytganini qilmasa, “Yanga, yanga”lab bo‘lsa ham mashinasiga sudrab kirgizadiganday ko‘rindi. Bu yoqda ko‘ngli qurg‘ur ham “Bor, bor, hech kim yo‘q-ku!” deb turardi.
– Ie, nega bunday qilasiz, yanga? – mashinaga o‘tirgandan keyin ham Hamdam o‘pkalanishni qo‘ymadi. – O‘zi tongni zo‘rg‘a ottirgan edim. Yuragim yorilib ketay, dedi-ya.
– Bilmasam, o‘zingiz shunchaki ko‘cha tomosha qilib turgandirsiz, deb o‘ylabmiz-da, – nozlanib kuldi Nozima.
– Ha, yondirasiz, kuydirasiz, kul qilasiz!
– Hay, menga qarang, Hamdambek, ikkinchi munday qilmang. Men oilali ayolman. Beobro‘ bo‘lib qolishim mumkin. Xo‘pmi?
– Ilojini topolmasam-chi?
– Iltimos, Hamdam. Mening o‘rnimga opangiznimi, singlingiznimi, qo‘yib ko‘ring. Yaxshi ish qilmayotganimni ana shunda tushunarmidingiz... – bu gaplarning hammasi shunchaki yo‘liga, o‘zining narxini oshirish uchun aytilayotganini Nozima ham, Hamdam ham yaxshi bilardi.
– Yaxshi, tushundim ham deylik. Ammo bu bilan nima o‘zgaradi? – peshoynadan Nozimaga tikildi. – Uchrashib tursak, buning nimasi yomon. Kecha... yomon bo‘ldimi? Odam dunyoga bir marta keladi, jonim, to‘rt kunlik dunyoning lazzatlaridan foydalanib qolish kerak. Eringiz masalasiga kelsak, unga kim borib, suyunchi so‘rayapti. Ozgina hushyor bo‘lsak, olam guliston.
Uning bahosi juda tushib ketdi. To‘rt kunlik dunyoning ko‘ngil ochar ermagi!..
– Hamdam, siz meni kim deb o‘ylayapsiz? – beixtiyor o‘zini oqlay boshladi u. – Kecha o‘zim ham bilmaganman bu holatga qanday tushib qolganimni. Endi meni tinch qo‘ying.
– Yanga-a! – Hamdam ovozini balandlatib po‘pisa qilgan bo‘ldi. – Arazlayvermang, endi. Agar yana bir narsa desangiz, maktabingizga kiraman-da, hamma o‘qituvchilarni yig‘ib, “Men Nozimani sevama-an!”, deb baqiraman. Har kun ertalab eshigingizning oldida, tushdan keyin maktabning oldida mashinamni ko‘ndalang qilib turaveraman.
– Xo‘p, xo‘p, o‘ylab ko‘raman. Mashinani to‘xtating! – ular maktabga yaqinlashib qolgan edilar.
– Faqat qisqaroq o‘ylang, o‘y odamni qaritadi. Buning ustiga juda sog‘inganman. – Hamdam xushnud holda mashinani chetga olar ekan, Nozimaning qo‘liga kichkinagina qog‘ozcha uzatdi. – Bu yerda mening qo‘l telefonim yozilgan. Vaqt topib, menga telefon qiling, qachon, qayerda uchrashishimizni kelishib olamiz. Sizga ajoyib sovg‘am bor.
Nozima shoshib qog‘ozni oldi-da, buklab-buklab sumkasining eng ichki cho‘ntagiga soldi, o‘zi mashinadan tushdi-yu, xayr-ma’zurni ham nasiya qilib, urra qochdi.
“Bu yigit meni qo‘ymaydi. Endi nima bo‘ladi? Shaharning yarmi erimning qarindosh-urug‘i. Birontasi ko‘rib qolsa!.. Bo‘ldi, endi gaplashmayman”.
Turib-turib yuragi hapqirdi:
“Nima sovg‘a olgan ekan-a? Tilla bo‘lsa kerak. Albatta, tilla! Shunday yigit arzimas atir-patirni sovg‘a deb yurarmidi? Qanaqa tilla ekan? E-e, kerak emas, tilla-pillasi. Endi gaplashmayman.”
Darsni qanday o‘tganini bilmadi. Jurnallar “5” va “4” baholarga to‘lib ketgan edi. Katta tanaffusga qo‘ng‘iroq chalingach, yengil nafas oldi: “Yigirma daqiqagina o‘z xayollarim bilan qola oladigan bo‘ldim-a”. Bolalar sinfdan chiqib ketgach, sumkasidan sekingina haligi qog‘ozchani oldi: “Yirtib tashlayman”. Ammo qog‘ozdagi raqamlar bir qarashdayoq yuragiga yozilib qolgan edi: “Baribir qo‘ng‘iroq qilmayman. Yo‘q, qo‘ng‘iroq qilib, boshqa ovora bo‘lmasligini tushuntiraman”.
...Uyda hech kim yo‘q ekan. Qaynotasi bog‘chaga ketgan, qaynonasi u kelgach, qo‘shninikiga chiqib ketdi, eri hali ishdan qaytmagan. Vaqtdan foydalanib, qo‘ng‘iroq qildi: “Orani ochib qo‘ya qolayin. Ertaga yana yo‘limni to‘sib yurmasin”.
Hamdamning ovozi g‘ala-g‘ovur shovqinning orasidan zo‘rg‘a eshitildi. “Ha, oshna, sizmisiz? Yo‘qlaganingiz uchun rahmat. Ertaga soat bir yarimlarda “Nafis mollar” do‘konining yonida sizni kutaman. Xo‘p, sog‘ bo‘ling. Bip-bip...”
U bir og‘iz gap aytishga ham ulgurmadi. “Bip-bip”lab yotgan telefon go‘shagini lablariga bosib turib, ayvon derazasidan hovliga qaradi. Yetti yildan beri istab-istamay supirib-sidirib yurgan hovlisi ko‘ziga bir fayzli, ayni damda birovga qolib ketayotgan omonatga o‘xshab ko‘rindi: “Bekor bo‘ldi hammasi...”
Ertasi kuni yo‘l ustidagi “Nafis mollar” do‘konining yonida turgan Hamdamning mashinasiga indamaygina o‘tirdi. Hamdam juda xursand edi. Mashina sal siljigach, orqaga bir o‘girilib jajjigina quticha uzatdi:
– Taqib ko‘ring-chi?
– Nima bu?
– Ochib ko‘ring-chi.
U qo‘rqibgina qutichani ochdi: oppoq fianet toshlar bilan bezatilgan nozikkina bilaguzuk! U qo‘rqib ketdi va sekingina qutichani yopib qo‘ydi:
– Men aytmoqchi edimki, munosabatlarimizni shu yerda to‘xtatsak. Bu ishlar menga munosib emas. Buni esa olib qo‘ying.
– Menga qarang, Nozima! Har bir amerikalikning u oilalimi, yo‘qmi, bundan qat’iy nazar, vaqti-vaqti bilan uchrashib turadigan kamida uchta do‘sti bo‘lar ekan. Bu ularda normal holat hisoblanadi. Siz axir o‘qimishli, go‘zal ayolsiz, salgina zamonaviy fikr yuritishni ham o‘rganing-da. Ko‘rib turibman, men ham sizga yoqaman. Siz-ku, jonimga balosiz. Hozir bir joyga olib boraman, sizning ham qo‘lingizda bitta kalit bo‘ladi. Kelishilgan paytda o‘zingiz borib o‘tiraverasiz. Men o‘z yo‘lim bilan
boraveraman. O‘sha uyning devorlaridan bo‘lak hech narsa hech qachon bizni birga ko‘rmaydi. Bo‘ladimi?
Nozima indamadi.
– Sovg‘am yoqmagan bo‘lsa, derazadan uloqtirib yuboring. Men uni kimga beraman?
Shahar chetidagi ko‘p qavatli uylarning biriga borishdi. Ikkinchi qavatda joylashgan uy ancha vaqtdan beri yopiq turgani uchunmi, issiq va dim edi.
Hamdam darhol derazalarni ochib tashladi. Qalin pardalar orasidan toza havo oqib kirdi, ammo xonalardagi qimmatbaho mebellar va yumshoq gilamlar ustini qoplagan chang kishini o‘zidan itarib turardi.
– Birontasini olib kelib, bir tozalatishim kerak ekan, – uzr so‘radi Hamdam. – Endi bu yerga tez-tez kelib turamiz-ku, a?
Qaynoq ehtiroslar bo‘g‘zilariga tiqilib qolgan bo‘lsa-da, ular tez qaytishdi. Ertaga Robiya kampirning tug‘ilgan kuni edi. Hamdam ham qayoqqadir shoshib turardi. Shunday bo‘lsa-da, norozi bo‘ldi:
– Uf-f, buncha tez! Yo‘q, bunaqasi ketmaydi. Hech bo‘lmasa bir kecha tong otguncha bag‘rimga bosib yotmasam, sira xumorim qonmaydi. Onamning uyida yotib qolaman, deb bir kecha keling, iltimos. – Hamdam ostonada Nozimaning bellaridan ushlab bag‘riga bosdi. Nozima erkalanib, oltin bilaguzuk yaltirab turgan qo‘llari bilan og‘zini yopdi:
– Asalning ham ozi shirin, ko‘p taltayib ketmang!
Kechki payt qaynonasini buzoq sudrab ketdi...
Nozima har doim sigirni sog‘ib bo‘lgach, buzoqni bo‘shatib, iziga qaytib kelaverardi. Sigirni katta og‘ilxonaga, buzoqni alohida og‘ilxonaga bog‘lash boboning ishi edi. Sho‘rlik sigirni aylanib, suti yo‘q yelinini nuqul tishlab cho‘zg‘ilab yotgan buzoqqa qarab, Robiya xolaning yuragi ezilib ketdi, chiday olmay, Sanjarga baqirdi:
– Bobong qay go‘rga yo‘qoldi. Anavi buzoq sigirning yelinini cho‘zg‘ilab yeb qo‘ydi-ku. Bor, bobongni chaqirib kel.
– Bobomni Dilmurodning bobosi chaqirib ketdi. O‘zim bog‘lab qo‘yaymi buzoqni, momo?
– Senga bosh berarmidi bu buzoq? Shoshma-chi! Bobong lallayib kelguncha, sigirning yelinini yara qilib, yeb qo‘yadi, – deb inqillab-sinqillab o‘rnidan turdi. Shu payt Nozima chelakdagi sutni
suzgichdan o‘tkazib, qaznoqning tagiga qo‘yayotgan edi. Bir ko‘ngli shu kampirni dovdiratmay, buzoqni o‘zim bog‘lab kelay, dedi. Yana... Hajga borayotgan boybichaning o‘zi bog‘lasin, bir buzoqni eplay olmasa, hajda nima qiladi, dedi-da, indamay oshxonaga kirib ketdi.
– Moma-a! – Sanjarning ovozi darvoza oldida mulgib yotgan itni ham cho‘chitib yubordi. – Ona-a, momom! Momomga qarang!
Nozima oshxona derazasidan asta engashib, o‘g‘lining ovozi kelayotgan tomonga qaradi: buzoq og‘ilxona oldida kampirni sudrab shatoloq otib, chopib borardi.
– Ona-a! Ona-a-a! – sigirning yonida turgan Sanjar izillab yig‘lar edi.
“Uf-f, o‘zi o‘lay deb yotibdi-ku, arqonga yopishib olganini! Qo‘yib yubor, arqonni. Shu buzoq sigirni yeb qo‘ysa, yeb qo‘ysin”.
Oldidagi peshbandini yechib, hovliga chiqdi. Oldi to‘silganidan qo‘rqqan buzoq yo‘lini orqaga burdi. Agar qo‘shnining yaqindagina harbiydan qaytgan o‘g‘li Sanjarning ovozidan xavotirlanib kelib qolmaganda kampirning holi nima kechishi bir Xudoga ayon edi.
Kampirning qo‘liga o‘ralib qolgan arqonni bir amallab bo‘shatishdi. Qo‘shni yigit bilan Nozima kampirning ikki qo‘ltig‘iga kirib, o‘rnidan turg‘azishdi, ammo kampir oyog‘ini bosa olmay, “dod” deb yubordi. Shu orada hovliqib yetib kelgan Olloqul aka ichkaridan bir stul olib chiqib, kampirni stulga o‘tirg‘izib, ikki kishi stulning ikki yonidan ko‘tarib, ichkariga kirgizishdi.
Uy bir zumda odamga to‘lib ketdi. Hamma ayb Nozimaning ustiga ag‘darildi: – Keksa odamni molning tagiga yuborishning nima keragi bor edi?
– Shu katta uydan bitta buzoqni bog‘laydigan odam topilmadimi?
Eri yuziga bir shapaloq tushirdi:
– Nima ish qilsang, dumi xurjunda qoladi. Kimdir izingni tozalab, to‘g‘irlab yurishi kerak. Onamga bir narsa bo‘lsa, men seni o‘ldiraman!
– O‘ldirmoqchi bo‘lsangiz, hoziroq o‘ldiravering, – naq suyaklarigacha zirillab ketgan Nozima yig‘lab yubordi, – Men onangizga buzoqni bog‘lang deb buyurganim yo‘q.
– Buyurishing shart emas, sen bog‘lamaganingdan keyin o‘zi bog‘lamay nima qiladi?
Namozshom quyoshi alvonrang etaklarini allaqachon yig‘ib olgan bo‘lsa-da, tog‘lar ortidan taralayotgan nur atrofni g‘ira-shira yoritib turardi. “Tez yordam” mashinasida kelgan qotma shifokor nadomat bilan bosh chayqadi: “Olib ketmasak, bo‘lmaydi. Qon bosimlari juda oshib ketibdi. Ahvol jiddiy”.
Momoni bir amallab zambilga solib, mashinaga chiqarishdi. Butun uy g‘ala-g‘ovur mehmonlari bilan momoning izidan kasalxonaga ketdi. Uyda Nozima qizi bilan yolg‘iz qoldi. Bir pasda huvillab qolgan nimqorong‘u hovli ham unga “Sen aybdorsan”, deb ta’na qilayotgandek edi. Yo‘q, buzoqni o‘zi bog‘lamagani uchun emas... Kelin bo‘lib tushib kelgan yili ular bilan yashaydigan qaynog‘asi bir tatar ayolga ilakishib qoldi. Ovsin izillab har kun ko‘chadan bir gap topib keladi, qaynonasi o‘g‘lini burchakka qamab, janjal qiladi: “Bola-a! Ko‘zingga qara, bizga harom yoqmaydi!”. Bir kuni o‘sha qaynog‘asining uch yashar qizi akasi bilan quvlashmachoq o‘ynayman deb kir yuvish uchun qaynatib qo‘ygan bir chelak suvga o‘tirib qoldi. Qancha yelib-yugurishmasin, qizchani saqlab qolisha olmadi. Ovsin erini ko‘chaga haydadi: “Sening gunohing norasida bolamga urdi”. Bugun, ehtimol, Nozimaning gunohi qaynonasiga urgandir... Sho‘rlik...
Telefon qo‘ng‘irog‘idan cho‘chib tushdi. Biqiniga tiqilib, multfilm ko‘rib yotgan qiziga xavotirlanib bir nazar soldi-da, sapchib turib, telefonga yugurdi:
– Allo-o!
– “Sevsam o‘ldururlar, sevmasam o‘lam!..” – go‘shakdan Hamdamning xushnud xirgoyisi eshitildi, – Ha, pari-i, hammani kasalxonaga haydab, yolg‘iz o‘zingiz o‘tiribsizmi?
– Siz qayoqdan eshita qoldingiz? – hayron bo‘ldi Nozima.
– Biz bechoralarni faqat siz begona sanaysiz. Kuyovingiz bilan singlingiz mensiz kasalxonaga borisharmidi? Qaynonangizni buzoq sudrab ketgan bo‘lsa, sizni men sudrab keta qolay, deb qo‘ng‘iroq qilayapman. Nima deysiz?
– E, qo‘ying-e!
– Rost aytayapman. Uydagilaringiz hali-beri qaytishmaydi. Diydor g‘animat-da. Bolalaringizni qo‘shninikiga tashlang-da, men kasalxonaga borayapman, deb o‘zingiz ko‘chaning boshiga chiqing. Ikki marta bag‘rimga bosaman-da, so‘ng qaytarib yuboraman.
– Qo‘shnimga nima deyman keyin?
– Taksi bo‘lmadi, qo‘rqdim, deysiz. E-e, ko‘ngilda bo‘lsa, bahonadan ko‘pi bormi? Faqat istak bo‘lishi kerak. Sizni kutayapman.
– Qo‘ysangiz-chi! Shunday kunda ko‘cha-ko‘yda yurishim ep emas. – Nozima bu so‘zlarni chin yurakdan aytdi, ammo shu javob barobarida yuragining tub-tubida bir intiq ishtiyoq hissini tuydi: “Nima qipti? Bir pasga boradi-yu, qaytadi!”
– Besh daqiqa yetadimi? – Hamdam!..
– Nima? Ozodbek aytgandek, ko‘yingizda xormiz, zormiz va lekin ko‘changizda bormiz, sizni kutaveramiz.
– Uf-f, yomon shilqimsiz-da! – u taslim bo‘lgan edi. – Balki rostdan ham kasalxonaga olib borib kelarsiz. Butun oila o‘sha yerda bo‘lganda, yolg‘iz o‘zim uyda qolishim yaxshi emas. Bo‘lmasa, sal nariroqda turing. Bir pasda chiqaman.
Bu Hamdam uchun emas, o‘zi uchun aytilayotgan bahona edi.
U borganda Robiya xolani operatsiyaga olib kirib ketishgan, hamma o‘zi bilan o‘zi, uning kim bilan qanday kelganini birov surishtirmadi ham. Faqat eri bir o‘qrayib, “Noilani kimga tashlading?”, deb so‘radi, qo‘shninikida ekanligini eshitib, ichkariga kirib ketdi. Bir pas turgach, qayinsinglisidan iltimos qildi: “Meni eringiz olib borib qo‘ysin. Noilani qo‘shniga berib kelgan edim”. Shohista “Hozir”, dedi-da, Hamdamni izlashga tushdi: “Bizning mashinamiz buzilgan edi. Sanjarni ham olib keta qoling. Bola charchadi”. Sanjar esa “Men dadamning mashinasida qaytaman”, deb unamadi.
Shu orada qayerdandir kelib qolib, gapga qo‘shilgan Ahmad jo‘rasiga “Yangani birga tashlab qaytamiz”, deb mashinaning eshigi tomon yura boshlagan edi, Hamdam “Jo‘ra, men qaytib kela olmayman. Dadam uyga kel, deyapti”, deb uni qaytarib tashladi.
Nozima Ahmadning rangi o‘zgarib ketganini ko‘rdi, xayolidan “Hamdam jo‘rasiga maqtanib qo‘ymaganmikin?”, degan fikr o‘tdi. “Erkak zoti maqtanishni yaxshi ko‘radi. Bekor keldim-da”. Lekin endi kech bo‘lgan edi. U indamay mashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tirdi. Hamdam ham hech narsa bilmaganday “Yanga, eshikni yopdingizmi? Sog‘ bo‘linglar”, deb hammaga xayr-ma’zur qilib yo‘lga tushdi.
Uyga esa yarim tunda qaytishdi...
Hamdam juda so‘zamol, kelishgan yigit edi. Bobosi baxshi o‘tgan ekan, u ham har so‘ziga qo‘shiq qo‘shib, askiya qo‘shib gapirar, quyuq qoshlari ostida doim kulib turuvchi zangor ko‘zlariga qaragan kishi beixtiyor unga asir bo‘lib qolar edi. U faqat qaddi qomatini sirib turadigan torgina xorijiy jinsi shim va sport ko‘ylagi kiyar, bu liboslar uning ko‘rkini yanada oshirar edi.