Uning ham sira uyga borgisi yo‘q, ammo hammaning oldida oshkora ko‘z qisgan begona yigit bilan allaqayerlarga borish...
– Yo‘q, to‘xtang! To‘xtating, deyapman sizga!
Yigit mashinani yo‘l chetiga ohista to‘xtatib, orqa o‘rindiqqa o‘girildi: ko‘zlarida ming yillik gina.
– Nima bo‘ldi sizga? Shunchaki, ko‘ngil ikki og‘iz suhbatingizni istagan edi, xolos. Olma emassiz- ku, og‘zimga solib, yeb qo‘ysam, – u astoydil xafa bo‘lgan edi.
Nozima yerga qaradi.
– Yo‘qmi? – so‘radi yigit.
– Birov-yarim ko‘rib qolsa... Bu yerda hamma bir-birini taniydi.
– E-e, Nozimaxon, siz bilan kimning necha pullik ishi bor? Xo‘p, desangiz, shunday bir joyga olib boramanki, u yerda sizni hech kim tanimaydi. Juda go‘zal joy, mazza qilasiz. Garantiya! Yarim soat vaqt ajratsangiz, bo‘ldi. A-a? Rozimisiz?
Nozima xavotir bilan atrofga qaradi. Birovning mashinasida bu xil o‘tirish yurishdan ham shubhali edi.
– Bo‘pti, qo‘ymadingiz siz ham!
– Bu boshqa gap! O, yest! – yigit gazni bosdi, mashina chiyillab o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Bir zumda oldindagi mashinalarni quvib o‘tib, shahar tashqarisiga chiqdi. Temir yo‘l yoqalab ketadigan xilvat yo‘lda ancha yurishgach, bir tepalikdan o‘tib, ko‘m-ko‘k ko‘l bo‘yida joylashgan mo‘jazgina dala hovliga yetib kelishdi. Yoshi o‘tib qolgan soch-soqoli o‘siq bir odam, aftidan qorovul bo‘lsa kerak, Nozimaga bir qarab qo‘yib, darvozani ochdi. Yigit u bilan quchoqlashib ko‘rishdi:
– Biron narsangiz bormi, tog‘a? Tog‘a xushnud jilmaydi:
– Hamma narsa bor. Xo‘jayin hozirgina mehmonlari bilan chiqib ketgan edi. Mehmonxonaga kiravering, hozir dasturxon tuzayman.
Yigit kuldi:
– Sal ertaroq kelsam bo‘lar ekan, dadamni kelinlari bilan tanishtirib qo‘yardim.
Tog‘a jilmayib, o‘choqxona tomon ketdi, Nozimaning qovog‘i uyuldi. “Bu bola nima deb o‘ylayapti? Telefon raqamimgacha aniqlagan-u, ikki bolam borligidan bexabarmikin?”
Ular uzun yo‘lakdan o‘tib, keng, hashamdor mehmonxonaga kirishdi. Ularning izidan patnis ko‘tarib kirgan tog‘a bir pasda dasturxonning ustini to‘ldirib tashladi.
– Ovqat ham suzaymi?
– Yarim kosadan.
O‘rtadagi stol judayam uzun va enli edi. Yigit Nozima o‘tirgan o‘rindiqning yoniga joylashdi.
– Sizdan uzoq bo‘lib ketmayin. Qani, tezroq iching, ko‘l bo‘yiga olib tushaman. Qayiq bor, istasangiz, qayiqda aylanamiz.
Xonadagi shohona jihozlar, stol ustidagi anvoyi noz-ne’matlar, yonida tavoze qilib turgan xushkalom yigit – barcha-barchasi uning xizmatiga shay ekanligi Nozimaning ko‘nglini to‘ldirdi: “Qanday yaxshi!”
– Ha, aytmoqchi, siz mening ismimni bilasizmi? Shuncha qo‘shiq aytdim, shuncha hasrat qildim, lekin ismimni aytmabman. Ismim Hamdam. Otam suv xo‘jaligida ishlaydi, onam ham otam bilan birga ishlaydi. Oltita opam bor, sizga o‘xshaydiganini topa olmaganim uchun haligacha uylanganim yo‘q.
U ismini aytayotgan payt Nozimaning qo‘lini ushladi va keyin qo‘yib yubora olmay qoldi. Nozima ham indamay yerga qaradi. Hamma-hammasi unga juda yoqib turgan edi.
– Bo‘ldi, ortiq chiday olmayman, – u shahd bilan Nozimaning belidan ushlab, bag‘riga tortdi. – Men sizsiz yashay olmayman, – yutoqib uning yuz-ko‘zlaridan, bo‘yinlaridan o‘pa ketdi. Avvaliga “voy” degan Nozima xuddi shunga ilhaq bo‘lib turganday yigitning qaynoq bag‘riga singib ketdi. Hamdam esa uni dast ko‘tarib, to‘rda eshigi ichkariga ochiladigan xonalarning biriga olib kirdi. Bu derazasiga qalin darpardalar tutilgan, o‘rtada pushtirang choyshab yopilgan ikki kishilik divan yastanib yotgan yotoqxona edi...
– Nozima, nega bunchalar chiroylisiz? – anchadan so‘ng ehtiroslar qongach Nozimani savolga tutdi. – Shu paytgacha sizsiz qanday yashagan ekanman, bilmayman. Ammo bilganim shuki, endi sizsiz menga hayot yo‘q.
Baxtdan sarmast Nozima ko‘zlarini yumdi, u bu lazzatli onlarning yanada uzoqroq cho‘zilishini, terdan ho‘l bo‘lib ketgan peshona sochlarini barmoqlari bilan tarab, namchil yuzlaridan ohistagina o‘pib, erkalab yotgan yigitning quchog‘ida yanada ko‘proq qolishni istar edi. Ammo...

– Hamdam, – dedi u qo‘rqibgina, – nega taqdir bizni oldinroq uchrashtirmadi. Masalan, men turmushga chiqqunimcha... Bilasiz, mening erim, bolalarim bor.
– Buning nima ahamiyati bor? Biz shunday qilamizki, eringiz bizning uchrashishimiz uchun o‘zi sharoit yaratib beradi.
– Qanday qilib?
– Masalan, men uning eng yaqin do‘stiga aylanaman. Istagan paytingiz men bilan istalgan joyga borishingiz mumkin bo‘ladi.
Yo‘q, Nozima istayotgan narsani Hamdam tushunmadi. “Qaniydi... Qaniydi ular yetti yil avval uchrashishganida, shu kelishgan, o‘ktam yigit yo‘llarini poylab yurganida va bir umr faqat uniki bo‘lib qolganida! Bir umr!”
Birdan uyi yodiga tushib, yuragi siqildi. Hamdam ham burchakdagi televizor ustida turgan soatga ko‘zi tushib, “O‘h-hu-u!” dedi-yu, shkafdan bir sochiq olib yarim yalang‘och holda tashqariga yugurdi. Bir pasda qaytib kelib, Nozimaning qo‘liga ham bir sochiq tutqazdi: “Qo‘shni eshik – vanna. Tez bo‘ling, yana uyingizga kirgizmay qo‘yishmasin”.
Ular yo‘lda deyarli gaplashishmadi. Orqa o‘rindiqning nimqorong‘u burchagiga tiqilib olgan Nozima mashinani uchirib borayotgan Hamdamni bir narsa deb chalg‘itishdan qo‘rqar edi.
Hamma uyda, bolalarni allaqachon bog‘chadan olib qaytishgan edi. Qaynonasi qovoq-tumshuq bilan salomiga zo‘rg‘a alik oldi. Qaynonasining odati shunday, uncha-munchaga gapiravermaydi. Xafa bo‘lsa, qovoqlarini uyub olib, indamay yuraveradi, ish ham buyurmaydi, qilmading ham demaydi. Eri esa ostona hatlar-hatlamas, zahrini sochdi:
– O‘sha maktabingda yotib qolsang ham bo‘lardi! O‘, uying borligi yodingdan chiqib ketdimi? Nozima achchiqni achchiq kesar qildi, uyam eriga bobillab berdi:
– Men o‘ynab yurganim yo‘q. Ertaga vazirlikdan komissiya kelarkan, hujjatlarimni tartibga soldim. – He-e, o‘sha komissiyangga qo‘shib!..
– Iltimos, ochman, charchaganman. Asabimni buzmang, – u erini yo‘lidan nari surib qo‘yib, kiyimlar turadigan shkafning yoniga o‘tdi. Shkafdan uyda kiyadigan ko‘ylak-lozimini olib, erining chiqib ketishini kutdi. “Xuddi begonalardek. Ko‘nglimda zarracha iliqlik yo‘g‘-a...” hayron bo‘ldi o‘z-o‘ziga. Sardor oshkora zarda bilan chimirilib turgan xotiniga bir o‘qrayib, tashqariga chiqib ketdi.

Nozimaning ko‘ngli xavotirga to‘lib turgan bo‘lsa ham, juda baxtiyor edi. Ayni paytda dunyoda uning kayfiyatini buza oladigan kuch yo‘qdek edi. Kiyimini almashtirib, o‘ringa cho‘zildi. Qo‘llarini boshining tagidan o‘tkazib, mazza qilib kerishib oldi. Hech kim hech narsa demasa, so‘ramasa, indamasa, yotsa, yotaversa o‘z xayollari bilan!.. Xonani asta-sekin qorong‘ulik egalladi, kun botib borardi. Derazadan chiroqning yorug‘i tushdi. “Chiroqni yoqishdi”. Eshik g‘iyq etib ochildi. Nimadandir hayiqib o‘g‘li kirdi:
– Ona, ovqat suzarkansiz?
– Bo‘pti!.. – jerkib javob berdi u. “Otasining o‘zi!”
Bola nimanidir so‘ramoqchi shekilli, ostonada mo‘ltayib turib qoldi:
– Bor, boraver. Nimaga serrayib turibsan? Hozir boraman, dedim-ku.
– Ona!
– Ha-a? Yana nima?
– Men uchta harf o‘rgandim, – bolaning ko‘zlari yolqinlanib ketdi. – Men sizga “Ona” deb yozib beraymi?
Nozima shundagina bolaning qo‘lidagi daftar-qalamni ko‘rdi.
– Uf-f! Boshimni og‘ritma. Bor, “ket”, degandan keyin ketavermaysanmi? – “O‘ttiz ikki harfni bilgan otang nima karomat ko‘rsatayapti-ki, sen uch harfni bilib, tog‘ni endirib berarmiding?”
Bola yig‘lab yubormaslik uchun pastki labini tishlab, bir zum ostonada turib qoldi, so‘ng indamay ortiga burilib ketdi.
Nozima o‘rnidan turdi, nimagadir badani junjikdi. Issiq xalatini kiyib, boshiga ro‘mol tang‘ib oldi. Uzun ayvondan o‘tayotib, telefon apparati turgan deraza tokchasiga bir qarab qo‘ydi. Yuragi g‘alati hislar bilan orziqib ketdi. Keyin shoshib, oshig‘ich bir xavotir bilan atrofga qaradi. Qarshisidagi eshikdan qaynonasi chiqib keldi. Nozima ko‘nglidagi o‘ylar oshkor bo‘lib qolganday yuzlari duv etib qizardi.
Qaynonasi qozonni to‘ldirib, mastava qilgan ekan. Hammaga bir-bir kosa suzib, dasturxonga qo‘ydi. Guruchlari ezilib, bo‘tqaga aylanayozgan mastavani ko‘ngli tortmadi, ammo eri “Qayerda qorin to‘yg‘azib kelding?” deb to‘ng‘illamasligi uchun o‘ziga ham bir cho‘michgina suzib, xontaxta yoniga cho‘kdi.

– Men bunday ovqat yemayman. Menga tuxum qovurib berishsin! – birinchi bo‘lib o‘g‘li kosasini nari surib qo‘ydi.
– Menga ham tuxum! – qizi ham qoshig‘ini xontaxtaga bir urib, o‘zi orqaga surilib o‘tirdi. Momoning kayfiyati tushib ketdi. Ularni erkalab, insofga chaqira boshladi:
– Yo‘q, bolajonlarim, ertalab ikkitadan tuxum yegan edilaring. Bugunga bo‘ladi. Yana yesanglar, og‘irlik qiladi, kasal bo‘lib qolasizlar. Kim ovqatini oxirigacha ichib qo‘ysa, ertaga men bilan ammanikiga boradi.
Momo ovqatining narxini oshirib yubordi:
– Rostdanmi, aldamaysizmi?
– Bog‘cha-chi?
– Bir kun bog‘cha sizlarsiz yashab tura qoladi. – Ur-re!
Bolalar kosalariga yopishib ketdi.
Nozima kosasini qo‘llariga ushlab olgancha ishtaha bilan chalpillatib ovqat yeyayotgan qaynonasiga qarab g‘ashi keldi: “Xuddi boli bordek!” Kampir ovqatini oxirigacha ichib, keyin ko‘rsatkich barmog‘i bilan kosaning girdini sidirib oldi. So‘ng o‘rtada turgan tuzlamaning suvidan miriqib simirdi. Sho‘r suv ko‘ngil xumorini oxirigacha qondirmadimi, katta bir pomidor olib, erinmasdan po‘stlog‘ini shilib, so‘ng butunicha og‘ziga tashlab qo‘ydi. Nozimaning “dod” deb yuborishiga bir bahya qoldi, lekin “uf” tortishdan o‘zini tiya olmadi. Kampir yalt etib, avval keliniga, so‘ng nevaralariga qaradi. Bolalar indamay ovqat yeyishar edi. Unda “uf” nima uchun? Keliniga bu uyda ko‘p narsalar yoqmasligini momo yaxshi biladi. O‘ziyam ochiq aytgan, “onamnikiga borsam, shu uyga sira qaytgim kelmaydi”, deb. Onasining uyi bilan ora yarim soatlik yo‘l. Ertalab ketib, kechgacha dunyo-dunyo g‘iybat qilib, mehri qonib, qaytib kelishi mumkin, ammo u uch kunsiz qaytmaydi. Onasining uyiga boradigan bo‘lsa, maktabdagi ishlar ham bemalol bo‘lib qoladi.
Bunchalar yoqmas ekan, nega turmushga chiqding? Seni ilgarigi zamonlardagidek qilib, paranji chachvonda chimildiqqa kirgizib, keyin ering bilan ko‘rishganing yo‘q-ku. “Qachon qarasangiz, kulib salom beradi, shu qizni bir surishtiring”, degan edi o‘g‘li, “ko‘z ostiga olganing bo‘lsa, ayt” deganda. Qizning qarmog‘i kulib qaragani-da. O‘zi qarmoq tashlab, tegib oldi. Endi!..

Kampir qancha o‘ylasa ham kelinining oshkora g‘ijinishining sababini topa olmadi. Ichi qizidi, yana indamadi. Ke-e, qo‘y! Yana bir narsa desa, shusiz ham sovugan oshdek ko‘ngilni yaxlatib turgan ro‘zg‘or zahar-zaqqumga aylanib ketishi mumkin.
Ikkinchi bo‘lib, Sardor kosasini bo‘shatib, non bo‘laklari bilan kosa girdidagi ovqat yuqlarini sidirib yeyishiga qaraganda, qorni to‘ymagan. Kelin esa indamay kosasini ermak qilib kovlash bilan ovora. Kelin bo‘lib tushgan kundan buyon odati shu. Dasturxon boshiga bir o‘tirilgandan so‘ng, biron bir zarurat uchun o‘rnidan turish uning uchun o‘lim bilan barobar. Dasturxon yozib bir o‘tirdimi, tamom. Keyin faqat dasturxon yig‘ish uchun turishi kerak. Endi kelin bo‘lib tushgan kunlari Sardor uchalalari o‘tirishgan edi. Qo‘lsochiq kerak bo‘lib qoldi. Sardor “lip” etib turib, sochiq olib keldi. Kelin sochiqqa qo‘lini arta-arta gapirdi: “Dasturxon boshida qayta-qayta turishni juda yomon ko‘raman”. Sardor unga tushuntirdi o‘zicha: “Sen bu ishni yomon ko‘rma, sevib qil. Axir sen kelinsan. Aks holda senga ham, boshqalarga ham qiyin bo‘ladi”. “Hecham-da, menga hech qachon qiyin bo‘lmaydi. Men faqat o‘zim yoqtirgan ishlarni qilib o‘rganganman. Boshqalarga qiyin bo‘lsa, o‘zidan ko‘rsin”, dedi kelin. O‘shanda Robiya xolaning og‘zi ochilib qolgan edi. Sardor ham nima deyishini bilmay qoldi. Bir narsa desa, bir haftalik kelin, hali qarab-qarab husniga, hidlab-hidlab bo‘yiga to‘ymagan. Demasa... Demadi. Demay qo‘ya qoldi.
Kampir o‘g‘lining kosasiga qo‘l uzatdi:
– Ke, bolam, yana bir cho‘mich suzib kelayin.
Sardor onasining qo‘lini nari surib qo‘ydi-da, bo‘shagan kosani to‘q etkizib, Nozimaning oldiga qo‘ydi.
– Egasi suzib keladi.
O‘rtaga sovuq jimlik cho‘kdi. Nozima bir zum kosasiga qarab turdi-da, xuddi haqorat qilingandek, chimirilib o‘rnidan turdi. O‘zining ham, erining ham kosasini olib, oshxonaga chiqib ketdi.
– Ona, buningiz hech qachon odam bo‘lmaydi.
Kampir indamadi.
Shu payt eshikdan kosa ko‘tarib kirgan Nozima zahrini ichiga yutib keta olmadi: – Sizga odam emas, hali sochiq, hali qoshiq uzatib turadigan robot kerak.
Robiya xola yalt etib eriga qaradi. Kelinning bu odobsizligi eng avvalo qaynotasiga nisbatan behurmatlik edi. Olloqul aka esa indamay allaqachon bo‘shagan kosasiga engashdi. Sardor

tishlanib, xontaxtaga musht urdi. Nozima esa hech narsa bo‘lmaganday ovqat suzilgan kosani dasturxonning bir chetiga qo‘ydi-da, indamay chiqib ketdi.
Kechasi er-xotin jiqqamusht bo‘lib urishdi.
– Lash-lushlaringni yig‘-da, ertaga ertalab uydan chiqib yo‘qol. Kechqurun kelganimda qorangni ham ko‘rmayin! – qat’iy talab qildi Sardor.
– Sizning ham qorangizni ko‘raman, deb o‘lib turganim yo‘q. Haydamasangiz ham ketmoqchi bo‘lib yurgandim. Hammalaringdan to‘yib ketdim. Shu uyni ham, shu uyda yashovchilarni ham hech qachon ko‘rmasam, deb orzu qilaman.
– Orzuingga yetgin, iloyim. Lekin bolalar men bilan qoladi.
– Tushingizni suvga ayting. Bola har qanday vaziyatda ona bilan qolishi kerak.
– Hali sen onamisan?! Shu bolalarga hech onalik mehri berdingmi? Bir ishtonini bulg‘asa, o‘zingni osib qo‘ygudek bo‘lar eding-ku. Ularni onam katta qildi-ku, ko‘rnamak! Ona! Ona emish bu kishi.
– Har narsa deb laqillayvermang, aliment to‘lamaslikning yo‘lini axtarayapsizmi? Aliment ham to‘laysiz, bizga alohida uy ham olib berasiz. To‘qqiz oy qornida ko‘tarib yurgan, ko‘kragidan sut bergan kim?
– E-e, it ham tug‘averadi. Senga bola kerak emas. Shu bolalarni deb besh-olti so‘m pul undirsang, uy oldirsang! Olib ketsang ham, sen ularga qaramaysan. Onangga osib qo‘yasan. Bechora bolalar aka-ukalaringning bolalaridan tayoq yeb, xoru zor bo‘lib o‘sishadi.
– Mening onam bilan jiyanlarim o‘gay onachalik zulm o‘tkazishmas. Men tirikman-ku.
– E-e, bor-e! – Sardor yostig‘i bilan yoping‘ich ko‘rpasini olib, mehmonxonaga chiqib ketdi: “Turqingni ko‘rmay. Senday ahmoq bilan yashagandan ko‘ra bir umr yolg‘iz o‘tganim afzal. Bunga ish yoqmasa, odam yoqmasa! Bir umr hammadan norozi!”
Ammo Nozima ketmadi. “Ketaman,” deb eri bilan bab-baravar tillashgan bo‘lsa ham, onasining qo‘sh kelinli tor-tanqis uyiga ikki bolasini yetaklab kirib borishni o‘ziga ep ko‘rmadi. Sal narsaga “kelaver, bolam”, deb turadigan onasiga ham uch kishi bo‘lib, ko‘chib borsa, yoqmasligi tayin. Qani alohida uyi bo‘lsa! Ikki xonaligina boshpana bo‘lsa ham mayliydi. Erta-yu kech shu qaynota- qaynonaning qovog‘iga qarab, ularning mehmonini kutib yashash joniga tegdi. Bolalari bog‘chaga qatnaydi, o‘zi yanayam ko‘proq dars oladi. Topgani o‘ziniki, nima istasa, shuni oladi. Qachon qayoqqa borishni xohlasa, o‘sha yoqqa boradi.