Va ertasi kuniyoq o‘g‘lining tanlovini bekor qildi: “Qo‘y, bolam. Ular bizga to‘g‘ri kelmaydi. Ota-onasi ma’qul odamlar ekanku-ya, ammo akasi giyohvand bo‘lib qolgan ekan. Boshqa gaplashma, ko‘ngliga umid solma. O‘zing ham xayolingni har narsaga chalg‘itmay, o‘qi, bolam. Shu yoshingda o‘qishni tashlab, qizga ergashib yursang, uyat bo‘ladi, maylimi, o‘g‘lim?
Sobir noiloj bosh irg‘adi: “Xo‘p”.
Ammo o‘sha danakday qizdan voz kechishi qiyin bo‘ldi. Buni ona yurak-yuragi bilan his qildi va shukr qildi: na bilagidan, na belidan bir ushlamagan qizga shuncha o‘rganib qolgan ekan, agar dori- poriga o‘rganib qolganda, nima qilar edim?
Shuning uchun ham dorifurushlarni juda yomon ko‘radi. U otasini o‘ldirgan odamni, hatto onasini o‘ldirgan odamni ham kechirishi mumkin. Odamzod jahl ustida ne bir jinoyatlarga qo‘l urishi, xatolarga yo‘l qo‘yishi mumkin, deb hisoblaydi. Lekin og‘ufurushlarni sira kechira olmaydi. Ularni kechirishning o‘zi jinoyat deb hisoblaydi.
Bir tonna og‘uni ortib ketayotgan odamlarni himoya qilish uchun yurt oshib kelgan kishiga ayol boshi bilan bu narsalarni tushuntirib o‘tirishni o‘ziga ep ko‘rmadi. To‘g‘ri, o‘g‘illarini bir amallab katta qilib olishdi, ammo nevaralar bo‘y cho‘zib borayapti, har o‘g‘ilda ikki-uchtadan o‘g‘il bor. Ilgari eskilar qiz o‘stirish qiyin, deyishar edi. Hozir o‘g‘il o‘stirish qiyin bo‘lib borayapti. “Hizbut tahrir” degan baloi ofat chiqqan. Uyam ko‘proq yigitlarni yo‘ldan urarmish. Xullas, sal faromush qolsang, ne bir umid bilan o‘stirgan bolangni ilib ketuvchilar ko‘p.
Joy-ku, berishadi. Odamgarchilik. O‘zi bir chimxo‘r mardumga o‘xshaydi, yeganda ot-u tuyani yermidi? Ammo oti yomon. Bir tonna narkotik bilan qo‘lga tushganlarning qarindoshlari shularning uyida yotdi, degan gap yomon. Odamlar darrov to‘qib-bichishadi: “Bir gapi bo‘lsa kerak-da!”
Ertasi kuni Robiya xola o‘g‘lining mashinasida mehmonni advokaturaga olib borib, Qalandar meshga uchrashtirib qo‘ydi. Mesh gap nimadaligini eshitgach, uzoq hayron bo‘ldi, bir hamshaharlariga, bir mehmonga qaradi. Oxiri so‘radi:
– Kechirasiz-u, Olloqul aka, bu kishilarning sizga qanday tanishligi bor? Bular tojikistonlik bo‘lsa...
– Bu kishi Toshkentdan, institutda domulla. Bir domulla xeshimiz bilan birga ishlashar ekan. Shu odam orqali bizni izlab topibdi. Begona shaharda bir boshpana, deganday...
– Ha, yaxshi, yaxshi! – so‘ng mehmonga sinovchan tikildi. – Siz institutda ishlaysizmi? Robiya xola ularning yonida ortiq turishni istamay, oshig‘ich xo‘shlashib qo‘ya qoldi:
– Biz juda shoshib turgan edik, sizlar bafurja gaplashib, ishlaringizni bajaraveringlar, so‘ng mehmonga yuzlandi. – Ishingiz tugagach, uyga o‘tavering. Uyda odam bo‘ladi.
Kechki ovqat mahali mehmonning oldiga ham kirmadi. Dasturxonlarni Sardordan kirgizib yubordi, ko‘rgisi kelmadi o‘sha domullani, hovlida shiqirlatib oftoba ko‘tarib yurishi ham g‘ashini keltirdi. Televizor qarab uxlab qolgan ekan, eri bir mahal yoniga keldi:
– Hay, uxlab qoldingmi?
– Ha, nima qilay bo‘lmasa? Mehmoningizga ham alla aytib, uxlatib qaytdingizmi?
– Go‘rda uxlaydi. Joyini solib, qaytdim, u namozga tutindi.
– Uf-f!.. Xudoning o‘zi kechirsin, lekin shu odamning namozi menga malol kelyapti.
– E-e, shoshma, gapning buyog‘ini eshit, – Olloqulboy xotinining yoniga o‘tirib olib, shivirlab gapira ketdi. – Mesh undan ming dollar pora so‘rabdi. Iltimos, shu pulni siz olib borib bersangiz, deydi.
– O‘h, joning qursin-ey! – Robiya xola ham o‘rnidan turib ketdi. – Nima bo‘lsa, siz bo‘ling. Geroin tashuvchilarni qutqarish uchun chet el valyutasida pora taklif qilgan, deb qamalib keting. Lekin u kishim “O‘lim Xudoning ishi” deb hammadan norozi bo‘lib, namozini o‘qib o‘tiraversin. Voy, pismig‘- ey, uning oldida nima gunohingiz bor edi-ku, o‘ziga atalgan qopqonga sizni itaradi.
– Qopqonmi, yo‘qligini hech kim bilmaydi hali.
– Lekin qopqon bo‘lishi mumkin deb o‘ylayapti. O‘zini asrab, sizni ro‘baro‘ qilayapti. Bir taqvodor, hoji odam uchun bu ish gunoh emasmi? Iflos! O‘zining axlatiga o‘zi botib o‘lsin. Hali siz bolalaringizga keraksiz, endi otasi qamalgan, degan nomga teng bo‘lamizmi? Mehmoningiz o‘tirsa, tinchgina o‘tirsin. Kovushini to‘g‘irlab qo‘ymayin yana!
– Bu meshniyam qara-da, kampir! Bularning otilishini bilib turib, shuncha pul so‘rabdi, o‘likdan kafan tilaganday... Qoyil-ey, yuz ham eshakning terisidan qalin bo‘lsa kerak. Qanday so‘raydi, qanday oladi, so‘ng qanday hazm qiladi?
Erining yosh boladek hayratlanaverishi ham g‘ashini keltirdi:
– Voy-voylayvermang, oladiyam, qiladiyam. Chiroqni o‘chirib, tezroq yoting.
Oradan ikki kun o‘tib, ertalab chiqib ketgan mehmon bir ayol bilan uch bolani yetaklab keldi:

– Opa, ming bor uzr, bular shoshilinch Tojikistonga o‘tadigan bo‘lib qolishibdi. Bir ko‘rib o‘taylik deb Termizda to‘xtashibdi. Jumanazar aka ham boraveringlar deb manzilni bergan ekan, boshlab kelaverdim.
Robiya xola hech qachon bunchalar xudbin, bezbet odamni uchratmagan edi. Haftalab to‘y berib, uy-hovli to‘ldirib o‘rin solib ham shu qadar mehmondan bezor bo‘lmagan edi. Ammo bu odam!..
Uning ichi yonib ketdi, ammo sir boy bermadi:
– Bemalol, mehmon kelsa, bosh ustiga, – borib ayolga quchoq ochdi. – Kelavering, singlim. Charchamadingizmi? Qani, ichkariga.
Hoji xushnud jilmaydi.
– Qani, bolalarim, momoga salom beringlar-chi?
Hojining ayoli ochiqqina ekan. Kechki ovqatdan so‘ng erkaklarning oldida o‘tirishga iymandimi, Robiya xolaning yoniga chiqdi. Ichi hasratga to‘lib ketgan ekan:
– Qaysi bir nokaslar uchun bekorga sarson bo‘lib yuribdi. Bu kishim juda qiynalib o‘sgan, otasi o‘lib, qaynonam boshqa er qilib ketgan, bular to‘rt bola bir keksa kampirning qo‘lida qolgan. Institutda o‘qib yurganimizda bir safar kursdoshlar bilan uylariga bordik. Oldi ayvon ikki xonaligina cho‘pkori uy va xuddi ertaklardagidek qarib ketgan qoqsuyak kampir. Uy qattiqroq shamol essa ham g‘ichir- g‘ichir chayqalaverar ekan. O‘sha oqshom ko‘nglini ochdi: shu qoqsuyak kampir bilan cho‘pkori uydan bo‘lak hech narsam yo‘q, menga tegasanmi, dedi. U kursimizdagi eng aqlli, eng tarbiyali yigit edi, uni hamma qizlar yaxshi ko‘rardi. Men unga turmushga chiqdim. Biz juda baxtli edik, lekin hayotdagi eng arzimas ehtiyojlarga ham juda qiynalib yetishdik. Bizni qo‘llab quvvatlovchi, yordam beruvchi hech kim yo‘q edi. Ilm qilib, uylar olib, obro‘-e’tibor topgach, bir kun onasi paydo bo‘ldi. Tog‘alar kelib ketadigan bo‘ldi. Bizlarni ham qo‘yarda-qo‘ymay uylariga olib ketishdi. Itining yalog‘i ham tillo edi, desam, ishonavering. Ammo u tillolar biz uchun xuddi behishtning oshidek, ko‘rmoq bor-u, yemoq yo‘q. Bu kishim ularni tuhmat bilan yotibdi. O‘sha narkotiklarni majbur bo‘lgani uchun mashinasiga yuklagan, deyishganiga ishonib yuribdi. Men sirayam ishonmayman. Uch aka-uka bir “Kamaz”ni taksi qilib, bunchalar boyib ketishi sirayam mumkin emas. Bu yigitlar bir umr shu ish bilan shug‘ullanib kelgan. Xotinlarini ko‘rsangiz, o‘zlari bir pullik ayollar, “bolalarni ingliz tili bo‘yicha repititorga bergan ma’qulmi, angliyskiy bo‘yicha borgani ma’qulmi”, deb o‘tiradigan, o‘qimagan, omi ayollar, ammo dimog‘idan qurt yog‘ilib turadi. Bolalarini Toshkentga propiska qildirish uchun bizni izlagan ekan. Bo‘lmasa, bu tog‘alarni bir umr tanimay, bilmay o‘tib ketgan bo‘larmidik.
– Tanimay o‘tsanglar, biron narsa yo‘qotarmidinglar?

– Aksincha, shularni taniganimiz uchun tinchligimizni yo‘qotdik. Onamning tobi yo‘q ekan, bolalar ham ta’tilga chiqishgan, bir borib kelay, degandim. Ikki ko‘zim orqamda deng, qand kasallari bor, borgan joyimizga yoqmasam ham bir ko‘rib o‘tmasam bo‘lmaydi, deb kelaverdim.
– Yo‘g‘-e, kelavering. Bir kecha boshpana berib, ko‘nglingizni topa olgan bo‘lsak, bo‘ldi. Bizning uyga kimlar kelib ketmagan, lekin sizga ochig‘ini aytsam, eringizning o‘sha tog‘avachchalarini himoya qilib yurishi menga avval boshdan yoqmagan.
Ayolgina erta tongda uzr so‘ray-so‘ray, yo‘lga tushdi. Robiya xola g‘alati bo‘lib qoldi.
Sud yana bir hafta cho‘zildi. Hukm o‘qilishiga ikki kun qolganda ikki yuz ming dollar so‘rabdi. Hoji o‘sha kuni uyga kelmadi.
– Qishlog‘iga pul axtarib ketdi. Uyma-uy yurib bo‘lsa ham aytilgan pulni yig‘ib kelaman, deb ketdi, – dedi Olloqulboy.
– Ikki yuz ming dollari nima balo? Shuncha pulni qayerdan topadi? Bu mesh ham butunlay esini yeb qo‘yibdi. “Limonning ichidan chiqqan geroin” deb televizordan ming marta ko‘rsatdi. Bu jinoyatni butun dunyo eshitdi. Endi kim o‘sha jinoyatni qilgan odamlardan pora olib, o‘limdan asrab qola oladi? Bu hech bir aqlga sig‘maydigan ish-ku! – jig‘ibiyron bo‘lardi Robiya xola. – Bu hojingiz aniq hamtovoq ekan, yo‘qsa, shuncha pulni topa olaman, deb yo‘lga chiqmas edi.
Hoji ertasi kuni shomdan keyin keldi, uning qo‘li bo‘m-bo‘sh edi.“Olib kelib, meshga topshirib kelganmikin? Shuncha pulni-ya? Nahotki bu tog‘avachchalar omon qolsa?”
Hoji suddan xuddi o‘zi otishga hukm qilingandek faromush bo‘lib qaytdi. Ruhsizgina so‘rashib, tahorat olgani ketdi. So‘ng uzoq namoz o‘qidi.
Olloqulboy bilibmi-bilmaymi, unga o‘zining so‘zlari bilan tasalli bergan bo‘ldi: – Ha, o‘lim Xudoning ishi.
Hoji ham zarda bilan shu gapni qaytardi:
– Ha, taqsir, men ham shunday deyman, o‘lim Xudoning ishi.
– Ha, inim, Allohning amri bo‘lmasa, ko‘zingizdan bir kiprik uzilmasmish. Alloh peshonaga soladi, bandasi ko‘taradi. Xudoning ishi-da, – dedi Robiya xola ham ko‘ngil ko‘targan bo‘lib. Hojining qovoq uyganini ko‘rib, achchig‘i keldi: “Tavba, Alloh qiladi, bandasi bir-biridan ko‘radi”.

Hoji erta sahar ketayotib, mezbonlardan rozi-rizolik so‘radi. Toshkentdagi uyining manzilini, telefon raqamlarini berdi. Shu kungacha bu odamning saxti-sumbatidan ozoru bezor bo‘lib o‘tirgan Robiya xola uning aftoda siyog‘iga qarab, beixtiyor rahmi kelib ketdi: “Soddalik ham yomon ekan-da”. Hoji esa uning “Xafa bo‘lmay keting, inim. Yaxshi-yomon gaplar qilgan bo‘lsak, uzr”, degan gapiga “Men albatta o‘sha limon ortgan mijozlarni topaman”, deb javob qildi. Negadir Robiya xolaning ko‘zlariga yosh qalqdi.
* **
Kulrang kostyum-shim kiyib, qalin sochlarini orqaga tarab olgan baland bo‘yli oliftanamo yigit direktorning oldiga bir kirib chiqdi-yu, maktabning bir kunlik dars jadvalini o‘zgartirib tashladi. Teatrga hech kim kirmay qo‘ygan emish. “Siz bir ma’naviyati boy insonsiz. Siz rejamizni bajarishga yordam bermasangiz, kimdan umid qilishimiz mumkin”, debdi. Kimning nima dardi bo‘lsa, maktabga yopishadi. “Shuncha o‘qituvchi, shuncha o‘quvchi bor!..” deydi hammasi. Xuddi shuncha mo‘r-malax beko-or yotganday! Direktorning ham biror manfaati bordirki, osongina rozi bo‘ladi. “Yetmishga o‘ttiz qilamiz” degan bo‘lsa, bo‘ldi-da. Ha, cho‘ntakka kiradigan pul turganda bolalarning savodxonligini o‘ylarmidi? Direktor darrov yig‘ilish chaqirib, e’lon qildi: “Hamma bola ming so‘mdan pul olib kelsin. Soat o‘nda boshlang‘ich, soat o‘n birda beshinchi sinfdan yettinchigacha bo‘lgan bolalar, soat o‘n ikkida yuqori sinflar boradi“. “Tamom, demak, shu kun maktabda dars bo‘lmaydi”.
Sinfi bor o‘qituvchilar bolalarini olib, birin-sirin teatrga ketishdi. Nozima yuqori sinflar teatrga ketgach, uyga qaytdi. Kechasi bilan yog‘ib chiqqan yomg‘irdan so‘ng havo tozalangan, dov- daraxtlar nim yashil to‘n kiygan, moviy osmonda suzib yurgan ukpar-ukpar oq bulutlar yoniga chorlayotganday edi. Rostdan-da, uning uyga borgisi kelmayotgan edi! Bahor, butun dunyo o‘zgarayapti, yangilanayapti. Faqat uning hayoti o‘sha-o‘sha! Hech o‘zgarmaydi. Uy-ish, ish-uy. Yetti yildan beri supurib-sidirib, tozalab oxiriga yetolmagan uy-joyi. Suqma qoshiqday har ishga aralashib turadigan qoqbosh qaynonasi, lapashang, sho‘rtumshuq eri! “Uf-f! Ulardan qanchalar charchadim, qanchalar bezor bo‘ldim! Qaniydi, bir joylarga bosh olib ketib, yangidan hayot boshlashning iloji bo‘lsa! O‘shanda hech qachon yolg‘iz o‘g‘ilga, kenja o‘g‘ilga turmushga chiqmas edi. Ayniqsa eriga o‘xshab, har gapda ota-onasining og‘ziga qarab turadigan, o‘zining mustaqil fikri bo‘lmagan lapashang yigitga!”
Muyulishdagi zulukday qop-qora mashinaga suyanib turgan do‘ppili yigit ko‘ziga tanish ko‘rindi. Yigit ham xuddi uni kutayotganday Nozimaga qarab turardi. Esladi: kuyovjo‘ra! Bu yoqimtoy yigitning oshkora shilqimliklari biroz hamiyatiga tekkan bo‘lsa ham ko‘nglida yoqimli bir tuyg‘ular uyg‘otgan edi. Uch kun qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilib holi joniga qo‘ymagan yigitning birdan jimib ketganiga avval hayron bo‘ldi, so‘ng o‘z-o‘zidan xavotirlana boshladi. Hozir ham do‘ppida turganini ko‘rib, ko‘nglida eng yaqin odamlariga nisbatangina his etish mumkin bo‘lgan g‘alati bir tuyg‘uni tuydi. U mashina to‘g‘risiga kelgach, yigit yo‘l chetidagi ariqchadan sakrab, uning yoniga o‘tdi. Mung‘ayibgina salom berib, ko‘rishish uchun qo‘l uzatdi. Siniqqina ovozda ahvol so‘radi.

– O‘zingiz yaxshimisiz? Tinchlikmi? – u qancha urinsa ham ko‘nglidagi xavotirni yashira olmadi.
– Amakimning o‘g‘li... – yigit yerga qaradi. – Birga katta bo‘lgan edik. To‘rt kun avval Rossiyadan mayyitini olib keldik, kecha yetti edi...
– Qanday qilib?
– Hech narsani aniqlay olmadik. Begona yurt!.. Indamay olib kelaverdik. Qo‘li gul usta edi. Eshigining oldida mashinalar qalashib yotardi. Pul ishlab, xususiy ustaxona ochaman, mashina olaman, deb, chillasi ham chiqmagan kelinni tashlab, Rossiyaga ketib qoldi. Ketayotgan kuni ham kun bo‘yi mashina sozlagan. Necha kishi “Mening mashinamni ham sozlab bering, keyin ketasiz”, deb yalinib qolgan. Bu bo‘lsa, “Hoy, birodarlar, qo‘limda biletim bor, meni tinch qo‘yinglar”, deb chala-chulpa yuvinib, aeroportga chopgan. Hamma “ajaliga shunchalar shoshgan ekan-da”, deyapti. Onasi bechora, “Bolam, boriga shukr qil, shunday kasbing bor, rizq-nasibang o‘z oyog‘i bilan kelib turibdi. Ketma”, deb qancha yalindi. U “Ona, mening hunarim – mening imkonim. Bunday imkoniyat bilan chet ellarda qo‘sh qavatli ustaxonalarga egalik qilish mumkin. Iltimos, mening yo‘limni to‘smang”, dedi. Ona sho‘rlik “Musulmonchilik astachilik bilan-da, bolam. Bo‘ladi, asta-sekin. Mayli, ro‘zg‘orga bir tiyin berma, topganingni yig‘ib, ustaxona qur, mashina ol. O‘zingdan orttirguningcha, ro‘zg‘orni o‘zimiz qilib turamiz”, dedi. “Yo‘q, yo‘q”, deb ketib qoldi. O‘tgan hafta birga ketgan o‘rtog‘i “Mazasi yo‘q”, deb qo‘ng‘iroq qilibdi. Amakim bilan yetib borgunimizcha, joni uzilibdi. Shuncha olis yo‘llardan o‘z oyog‘ing bilan kelish qiyin, tobut ko‘tarib kelish undan ham qiyin ekan. “Har ehtimolga qarshi, dori-darmonga kerak bo‘lib qolar”, deb besh-olti so‘m olib chiqqan edik. Yo‘qsa...
– Bechora...
– Sizni ham izlay olmadim, o‘zim bilan o‘zim bo‘lib qoldim. Xafa bo‘lmadingizmi?

– Yo‘g‘-e, nega xafa bo‘lishim kerak? – Nozima boyadan beri o‘rtadagi chegarani unutib, shuncha noo‘rin hazillar qilgan butunlay begona yigitning og‘ziga tikilib o‘tirgani yodiga tushib qoldi. – Meni izlashingiz umuman shart emas.
Yigit yerga qarab, chuqur xo‘rsindi. Bir zum tin olib, so‘ng Nozimani mashinaga taklif qildi: – Yuring, uyingizga olib borib qo‘yaman.
– Yo‘g‘-e, – astoydil rad qildi Nozima. – Ozgina qoldi, o‘zim ketaveraman.
– Hali ancha bor-u. Iltimos, yo‘q demang, ko‘chalaringizning boshiga olib borib qo‘yaman-u, ketaveraman. Yo‘lim ham o‘sha yoqqa edi. Xo‘p, deya qoling. O‘zim juda siqilib turibman, hech

o‘zimga kela olmayapman. Sizni ko‘rib, sal ko‘nglim yozildi. Yuring endi...
Nozima bir zum ikkilanib qoldi. Ich-ichida nimadir “Bor, bor!” deb, mashinaga chiqishga undab turardi. Bir mashinaga, bir qarshisida oyoqlariga yiqilguday bo‘lib turgan xushsurat yigitga qaradi. Borar manzili ham uzoq edi. Uyam ariqchadan sakrab o‘tdi...
Did bilan bezatilgan mashina salonida xushbo‘y atir hidi dimoqqa urildi.
– Mashinamni undan boshqa hech kimga ko‘rsatmas edim. U mening mashinamda yurishni yaxshi ko‘rardi. Endi shu mashinani unga sovg‘a qilib yubormaganimga armon qilaman. Agar shunday qilganimda, u Rossiyaga ketmasmidi?
Yigitning jigariga atalgan samimiy mehri, totli iforlar kezinib yurgan yumshoqqina mashina, yo‘l chetida “zip-zip” etib, ortda qolib ketayotgan nim yashil dunyo – hamma-hammasi Nozimaga tobora yoqib borardi. Uylariga buriladigan muyulish bir pasda ko‘rina qolganidan xafa bo‘ldi: “Buncha tez!..”
Yigit muyulishga yaqinlashganda mashinasini ohistagina yo‘l chetiga to‘xtatib, orqaga burildi:
– Mana, uyingizga ham yetib keldik... Biron joyga borib, bir-bir piyoladan choy ichsak-ku, yaxshi bo‘lar edi. Ammo siz... rozi bo‘lmaysiz-da.
Nozima bosh chayqadi:
– Buning hecham iloji yo‘q. Rahmat, sog‘ bo‘ling.
So‘ng shoshib mashinadan tushdi-da, ortiga ham qaramasdan tez-tez yurib ketdi. To ko‘chalariga burilguncha uni boshdan oyoq kuzatib turgan o‘tli nigohni his etganidan oyoqlari necha bor chalishib, o‘zi qora terga tushib ketdi. Hayajondan yuragi gup-gup urar, har qancha urinmasin, yo‘li unmas, to‘rt qadam naridagi uyiga yeta olmas edi. Darvoza oldida qaynotasiga to‘qnashib ketishiga sal qoldi:
– O‘, pirim! Nimaga buncha hovliqib yuribsan? – dedi Olloqul bobo hayron bo‘lib. – O‘zim... – xijolat bo‘lganidan biron tayinli javob ham topa olmadi.
Xonasiga kirib, eshikni ichkaridan ilgaklab oldi-da, o‘zini karavot ustiga tashladi: “Bunchalar kelishgan, bunchalar yoqimli yigit ekan-a!..”
Ancha vaqt ko‘chalik kiyimlarini ham yechmasdan shu ahvolda yotdi. Yotib-yotib zerikdi. Ko‘ngli ko‘zlariga iltijo bilan boqib turguvchi o‘sha xushsurat yigitning suhbatini qo‘msadi: “Bir aylanib

kelsam bo‘lar ekan. Nimagayam shu g‘urbatxonaga shoshdim. Bu yerda mening hech kimga keragim yo‘q”.
Kechqurun Mastura qo‘ng‘iroq qildi. Qaniydi, yuragiga sig‘may borayotgan kechinmalarini unga aytishning iloji bo‘lsa edi! Noiloj, bo‘g‘ziga tiqilib turgan hissiyotlarini ichiga yutib, undan ahvol so‘radi:
– Tomosha yaxshi bo‘ldimi?
– Nima desam ekan? O‘quvchi qizlarning rolini o‘ttizga kirgan aktrisalar ko‘kraklarini lorsillatib o‘ynab yotibdi. Maktab formasini kiydirib, sochiga bantik taqdirgani bilan o‘ttiz yashar ayol o‘n to‘rt yoshli qizaloqqa aylanib qolmaydi-da. Erkaklarimiz rosa kulishdi: “Shunday o‘quvchilarimiz bo‘lsa, juda qiyin bo‘lar edi, dars o‘tolmas edik” deb.
– Nomardlar! Teatrda rol bo‘lish ham maktabda dars bo‘lishday gap-da. Kim rejissyorga yaqin bo‘lsa, necha yoshda bo‘lishidan qat’iy nazar rol olaveradi-da.
– Shunday bo‘lgach, bu teatrga kim kiradi?
Oradan uch kun o‘tib, yo‘l chetida to‘xtab turgan tanish qora mashinani ko‘rib, ko‘zlari yonib ketdi. O‘zidagi bu holatdan o‘zi uyaldi. Xuddi ko‘rmaganday yerga qarab o‘tib ketmoqchi bo‘ldi. Ammo qarshisida paydo bo‘lgan yigit hamma “reja”larini barbod qildi.
– Assalomu alaykum. Ahvollaringiz yaxshimi? – u hali salomiga alik olib ulgurmasdan ko‘rishgan qo‘lidan ushlab, mashina tomon tortqiladi. – Yo‘lim shu yoqqa edi, yuring, uyingizga tashlab o‘taman.
– Yo‘q, o‘zim boraveraman, – yuragi bo‘g‘ziga tiqilgudek gupillab urib yotgan bo‘lsa ham astoydil rad qildi Nozima. – Siz ovora bo‘lmang.
– E-e, ovorasi bor ekanmi! Yuring endi, yanga!
Nozima noiloj qoldi, u o‘zini rad qilsa ham, qo‘lini qattiq siqib olib “yanga”layotgan yigitni rad eta olmadi.
Ular mashinaga o‘tirishgach, yigitning kayfiyati ko‘tarilib ketdi:
– E-e, rahmat. Endi yanga, ikki og‘iz suhbatingizga ko‘ngil ketdi. Xo‘p desangiz, bir ajoyib joy bor, to‘rttagina gurung qilib qaytamiz. Qarang, havo qanday yumshoq, atrof go‘zal. Men esa o‘zimni qo‘ygani joy topa olmayapman. Uyga ham borgim kelmayapti. Iltimos...