Kechga yaqin Olloqul aka ko‘chadan tajang holda kelib, ayvonga kirib ketdi. Telefon turadigan tokchaning oldida biroz g‘imirsib turdi-da, so‘ng hovliga chiqib, Sardor bilan kelinga baqirdi:
– Qaysi biring telefonning simini uzib qo‘yaverasan, men ulab sarsonman, bir pas o‘tib qarasam, yana uzilib turgan bo‘ladi.
Taxta supaga joy tashlayotgan Nozimaning qovog‘i uyuldi:
– Kimdir o‘ynataverdi, ulanib tursa, faqat telefonga chopib yurish kerak.
Bu gapni eshitib, o‘g‘li bilan o‘ynab o‘tirgan Sardor sergak tortdi:
– Kim, qachon o‘ynatadi? Opridelitel-ku, nomerini bermaysan-mi, o‘ynatmasday qilib qo‘ymaymanmi?
Nozima indamadi.
Olloqul aka supaga tashlangan ko‘rpachaga borib, o‘tirdi.
– Kampir, kami ko‘stingni ayt, erta sahar bir bozorlik qilib kelay. Toshkentdan mehmon keladi.
Hamma yalt etib, xabarchining og‘ziga qaradi. Bu xabar hech kimga yoqmagan edi. Bu xonadon eskidan karvonsaroy edi, birov ketsa, ikkov kelib yotardi. Robiya xola ishda bo‘lsa, ko‘zi ojiz qaynona bilan bolalarning o‘zi kutib, o‘zlari kuzatib o‘tirishaverardi. Endi Robiya xolaning belidan mador ketib, supir-sidir, pishir-kuydirdan chiqib qolgandan buyon odatdagi betashvish kunlarda ham tumtayib yuradigan kelinning ko‘zlariga qaraydigan bo‘lib qolgan. Kelinga esa odam yoqmaydi. Buni nafaqat qaynona, qaynota ham, er ham, hatto qo‘shnilar ham biladi.
– Kim kelar ekan, – hammaning nomidan Robiya xola so‘radi.
– Jumanazar akaning yaqin odami ekan. Asli tojikistonlik, lekin ko‘p yillardan buyon Toshkentda ishlar ekan. O‘sha odamning amakilari Termizda qamoqqa tushib qolibdi. Shulardan xabar olib turish uchun sud o‘tib bo‘lguncha sizlarnikida turib tursin, dedi. Necha kundan beri telefon qilaman, hech tusha olmayman, deydi. Oxiri Eshquvvatga qo‘ng‘iroq qilib, shu Olloqul bor bo‘lsa, menga bir telefon qilsin, debdi, – Olloqul aka anqayib turib qolgan keliniga qaradi. – Ikkinchi telefonni uzib qo‘yuvchi bo‘lmanglar.
Kelin odatdagiday na “ha” dedi, na “yo‘q”, indamay nari ketdi. Robiya xola og‘ir bir so‘lish oldi. “Sudi o‘tguncha! O‘h-hu, u sud qancha vaqtda o‘tadi! Bir necha oylab ko‘riladigan ishlar bo‘ladi. Shuncha vaqt begona birovni uyda saqlash... Bu uyda o‘zim oshiqchaga o‘xshayman ba’zan. Endi bu kelin o‘zini osib qo‘ysa kerag-ov...” Ammo eriga sir boy bermadi:
– Binoyi, dadasi. Mehmon kelar eshikdan, rizqi kelar teshikdan. Odam bor joyga odam keladi-da. Jumanazar akaning bizga qancha yaxshiliklari o‘tgan, shu odamning orqasidan bolalarimiz oliy ma’lumotli bo‘ldi, – u bu gaplarni Jumanazar akadan juda minnatdor bo‘lgani uchun emas, kelinining qovoq-tumshug‘ini biroz ochish uchun aytayotgan edi, ammo kelin uni eshitmadi ham, zipillab ichkariga kirib ketdi.
– Kampir, Qalandar degan advokatni taniysanmi?
– Taniyman, enamlarning mahallasida yashaydi. Ilgari milisada ishlar edi, milisadan urilgandan so‘ng advokat bo‘lib ketdi. Uni nimaga surishtirayapsiz?
– Jumanazar aka, o‘sha odam bilan gaplashib beringlar, deyapti. Sudlanayotgan odamning advokati ekan o‘sha Qalandarboy deganlari.
– Dadasi, o‘zi nimaga qamalgan ekan, – xolaning ko‘ngliga xavotir tushdi. Bu tojikistonliklar hech tek yurishmaydi. Bir yomon ishga aralashib qolmaylik yana...
– Bilmasam, telefonda bijillatib o‘tirmaysan-ku. Tuhmat, dedi, egasi kelsin-chi, surishtiramiz-da. Vahima qilaverma.
– Qiziqsiz, dadasi. Bilishimiz kerak-da uyimizdan kimga joy berayotganimizni. Boshqa davlatning odami ekan, davlatga qarshi biron ish qilganmi? Qora dori bilan qo‘lga tushganmi? Ishqilib bu afg‘on bilan tojik ham boshga bitgan balo bo‘ldi.
Xotinining tergayverishi Olloqul akaga yoqmadi, hali o‘zi bir tayinli gap bilmaydigan odamlar haqida nima ham deya oladi:
– Kampir, o‘zingni bos. Kim bo‘lsa ham, har kim o‘z ishi uchun o‘zi javob beradi. Oq qo‘yni ham, qora qo‘yni ham o‘z oyog‘idan osadilar.
– Ha, shunday bo‘lsin-da. Ishqilib, odamgarchiligimiz qimmatga tushmasa bo‘ldi. O‘rmonga o‘t ketsa, ho‘lu quruq baravar yonishini ham unutmang. Kim bilan gaplashgan, kim bilan yurgan, kimning uyidan boshpana topgan, degan gaplar ham bo‘ladi.
– Uf-f! Qonimga tashna qilma, kampir. Nima qilay? Jumanazar akaga nima deyin? Bolalaring o‘qishga kelganda men kerak edim, endi kerak bo‘lmay qoldimmi, desa, necha pullik odam bo‘lasan?
– E-e, qo‘ying, eski yaralarimni tirnamang. Mening bolalarim o‘qishga o‘z bilimi bilan kirdi. U kishim o‘rtada turib, pul ishlab oldi, xolos.

– Nima bo‘lganda ham o‘sha pulni yalinib-yolvorib, o‘zing olib borib bergansan. U sening oldingga kelib, “Shu pulni bersang ham berasan, bermasang ham, berasan”, deb turib olgani yo‘q!
Shu bilan munozaraga nuqta qo‘yildi. Holbuki uni istagancha cho‘zish mumkin edi. Ammo qancha cho‘zilmasin, Robiya xolaning alami bosilmasdi: “Esiz, o‘li-ib topgan shuncha pulim! Ol, insof bilan ol! Yo‘q, bu kishim alifni kaltak deguvchilardan ham, mening bolalarimdan ham bir xil oladi. Esi bo‘lsa, aralashganiyam yo‘qdir. Bor-yo‘q qilgan ishi bizdan pul shilish bo‘lgan!..”
U bu gaplarni ming marta, baqirib-baqirib aytgan, ammo foydasi nima? O‘zi qo‘sh qo‘llab olib borib bergan pullarni birov qaytarib berarmidi? Endi araz-durazlarni bir chetga qo‘yib, u kishimning mehmonini kutib olish kerak. Nevaralar ham hali zamon o‘qishga borishi kerak, balki endi yordami tegib qolar. Bu tojikistonliklar nima karomat ko‘rsatishgan ekan? Ishqilib, xudo beobro‘ qilmasin.
Jumanazar akaning odami qirq yillik qirg‘indan qolgandek ozg‘in, rangi zahil, katta-katta ko‘zlari ich-ichiga kirib ketgan, sochlari qansharigacha to‘kilib ketganidan yuzining yarmi peshonadan iboratdek ko‘rinadigan o‘rta yoshdagi kishi edi. Kelgan vaqti ayni peshin edi, izn so‘rab namozni o‘qib oldi. Boshidagi do‘ppisiga, yo‘l xaltasidan chiqargan ixchamgina joynamoziga qarab, Robiya xolaning ko‘ngli biroz taskin topdi: “Mo‘mingina odamga o‘xshaydi”. Yana qo‘rqib ketdi: “Vahobiylardan bo‘lmasin yana!”.
...Oshdan so‘ng dasturxonga issiqqina choy bilan qand-qurs, ikki-uch xil murabbo qo‘yildi. Robiya xola eriga, “Ovqatdan keyin qarindoshlari qanday ayblov bilan qamalganini so‘rang”, deb tayinlagan edi. Mehmon oshni tuzuk yemadi. Olloqulboy xotini tayinlagan gap butunlay yodidan chiqib ketganday, mehmonga choy quyib, bamaylixotir o‘zi ham ho‘rillatib choy ho‘plab o‘tirardi, oxiri Robiya xola dasturxonni tartibga keltirish bahonasida eri tomonga o‘tib, erining biqiniga yaxshilab bir turtdi. Olloqulboy kutilmagan zarbadan cho‘chib, xotiniga qaradi: “Ha?”. Xotin unga javoban qovog‘ini uydi. Olloqulboy shundan so‘ng topshiriq yodiga tushdimi, gap boshlashga majbur bo‘ldimi, mehmonga yuzlandi:
– Qani, mehmon, yaqindan tanishaylik. Kimsiz, nima tashvishlar bilan yuribsiz? Bizlardan qanday yordam kerak?
Choynakning qopqog‘iga bog‘langan ola ipni goh eshib, goh bo‘shatib o‘tirgan Robiya xolaning butun vujudi quloqqa aylanib, mehmonga qaradi. Mehmon nimagadir biroz ikkilandi, choydan bo‘shagan piyolasiga tikilib, ancha vaqt jim qoldi. Uzoq davom etgan yoqimsiz sukunatdan so‘ng, chuqur xo‘rsindi:
– Shu-u... aka, yo‘q joydan og‘ir savdolarga qolib ketdik. Tog‘amning uch o‘g‘li birikib, bir “Kamaz” olib edi, shu moshin bilan Rossiya, Qozog‘iston tomonlarga yuk tashib, ro‘zg‘or qilishar edi. Oxirgi marta “Limon bor” deb, buyurtma berishibdi. Yuk ortilib bo‘lgach, mijozlar “Qutilarning tagida

anavindan bor. Eson-omon olib borsang, bir umr yeb o‘tishingga yetadigan haq olasan. Birov yarimga sotadigan bo‘lsang, bola-chaqang bilan qirib yuboramiz”, deyishibdi. Jon shirin, ortida hayoti garov bo‘lib, bola-chaqa qolayapti, majbur bo‘lib yo‘lga chiqibdi. Surxondaryoda qo‘lga tushishibdi. Sakkiz yuz yetmish kilogramm geroin ekan...
Mehmon yerga qarab gapira-gapira, gapi tugaguncha yerga singib ketganday bo‘ldi. Mezbonlarning ham nafasi ichiga tushib ketdi.
– Sakkiz yuz yetmish kilogramm, deysizmi? – anchadan so‘ng qo‘rquv va hayratga to‘la ko‘zlari katta-katta bo‘lib ketgan Olloqulboy mehmondan qayta so‘radi.
– Ha.
– Axir bu salkam bir tonna, degani-ku! Buncha zahar bilan butun boshli mamlakatni giyohvand qilib tashlash mumkin-ku.
– Shunday.
– Siz o‘zingiz o‘sha tog‘avachchalaringizning “majbur bo‘lishgani”ga ishonasizmi? Balki ular hamtovoqlardir, – ich-ichini yondirib borayotgan alanga bo‘g‘ziga tiqildi, butun dunyosi yonib ketganday bo‘ldi. “Bu xotinning ko‘ngliga solgan ekan-da, kechadan beri jovillaydi-ya”. – Endi, mehmon, hech kim shuncha pullik “mol“ini birinchi uchragan haydovchiga, buning ustiga “olmayman”, deb turgan begona bir odamga majburlab topshirmaydi. Bu bir “Kamaz” pulni daryoga oqizish bilan baravar-ku, axir.
Mehmon xuddi o‘zi aybdorday boshini yanada quyiroq egdi:
– Men u bolalarni yaxshi bilaman, aka. Birga o‘sganmiz, birga haj qilib kelganmiz. Ular hoji odamlar. Majbur qilishmasa, bu ishni bo‘yinlariga olishmas edi.
Bu bahona hech kimga ma’qul tushmadi: “Hoji odamlar” emish, Robiya xolaning-ku, tamom mazasi qochdi. Mehmon esa yerga qaragancha, gapida davom etdi: “Kelishga keldi. Endi muddaosini aytmasa, bo‘lmaydi!”
– Endi, birodarlar, xudo yo‘liga bir ko‘mak so‘rab keldim. Yigitlar hali yosh, hali onalarining ko‘zlari tirik, bu yog‘i bola-chaqa, deganday. Bir tuhmatning qurboni bo‘lib ketmasin, deyman-da. Bu shahar kichkinagina shahar, bu yerda hamma bir-birini taniydi, bir-birining so‘zini yerga tashlamaydi. Qarindoshlar “Chiqmagan jondan umid. Bir borgin”, deyishdi. Advokati ham qarindoshlaring bir kelib menga uchrashsin, debdi.

“Obbo, Qalandar mesh-ey! Bekorga odamlar unga “mesh” deb ot qo‘yishmagan ekan-a. Shuncha zahri qotilni yashirib ketayotgan odamlarni muqarrar o‘lim kutayotganini qonundan umuman bexabar kishi ham yaxshi biladi. Bu bo‘lsa, umidvor qilib, “qarindoshlaring uchrashsin”, debdi. Nafsing qursin. Bular qo‘rqmaydi ham, hazar ham qilmaydi. Indamasang, o‘likning kafanligini ham yechib olishadi”, Robiya xola eriga qaradi: “Ko‘raverasiz endi”.
Olloqulboy yerga qaradi. Iloji boricha mehmonning ko‘nglini og‘ritmaslikka urindi:
– To‘g‘ri, mehmon, Termiz kichkina shahar. Advokatingiz yangangizning onasi bilan bir mahallada turadi. Uchrashtiramiz, xafa bo‘lmang-u, ammo bu vaziyatda Xudodan boshqa hech kim yordam bera olmaydi, deb o‘ylayapman. Salkam bir tonna narkotik! Men hali buncha narkotik olib yo‘lga chiqqan odamlarni eshitmaganman. Ularga eng og‘ir jazo – o‘lim jazosi berishlari aniq.
Mehmon keskin bir shahd bilan boshini ko‘tarib, mezbonning ko‘zlariga norozi tikildi: – Aka! O‘lim Xudoning ishi. Bandasi bandasining jonini olishga haqqi yo‘q.
Olloqulboy noo‘rin gap aytib, mehmonning ko‘ngliga tegib qo‘yganidan xijolat tortdi. Robiya xolaning achchig‘i keldi, ammo mehmonning izzatini qilib, ko‘nglidagilarni ichiga yutdi: “Millionlab kishini og‘ulab, zaharlash, yo‘ldan urishga bandasining haqqi bormi? Bu og‘u qanday baloi ofat ekanligini Termizda yashaganing-da, bilar eding! Afg‘ondan o‘tgani ham, Tojikistondan o‘tayotgani ham shu yerda bir to‘xtab, bir qism zaharini pullab ketadi. O‘zi ham u bir umr dalada yurgan ayol, ammo shu bolalarini o‘ylab bir umr yurak hovuchlab yashadi. Bir kunda yigirma marta uyiga qo‘ng‘iroq qilar edi: “Mansur maktabdan keldimi?”, “Mahmud nima qilayapti?”, “Sardor repititordan keldimi? Telefonga chaqiring, bir gaplashay”. Kechqurun uyga qaytgach, uxlab yotgan bolalarini bir- bir hidlab chiqar edi, xuddi qoradorining hidini biladiganday. Ularning xonalarini, g‘aladon, sumkalarini, cho‘ntaklarini titkilashdan sira erinmas edi. Qo‘shnisining xalqaro tanlovlarga qatnashib yurgan o‘g‘li giyohvand bo‘lib qolganini eshitib, battar yuragi yorildi. Hech kimga gap bermaydigan Uldona chevarning o‘g‘li ham giyohvand bo‘lib qolibdi. Qaynonasining aytishiga qaraganda, Mahmuddan uch-to‘rt marta pul olgan ekan. Mahmud qarzini qistasa, shu arzimagan pul uchun muncha tirg‘alding, yur, shu pulingning haqqiga bir mazza qildirib kelaman, deb fohishaxonaga olib bormoqchi bo‘libdi. O‘shanda Mahmud endi to‘qqizinchi sinfda o‘qir edi. Bu gapni eshitib, Robiya aqldan ozay, dedi. Nima qilishini bilmas edi. Borib, Uldona bilan gaplashay, desa, o‘g‘li qasdlashib bolalarimni giyohvand qilib qo‘ysa-chi, deb qo‘rqdi. Bir chora qo‘llamasa, chevarning bekorchi o‘g‘li ertadan kechgacha darvozalarining oldiga qo‘yilgan yog‘och o‘rindiqdan tushmaydi, o‘tganning o‘rog‘ini, ketganning ketmonini olib, hammani gapga tutib o‘tiraveradi. Shu ko‘chadan ko‘chib ketmasa, bu falokatdan qutilishning iloji yo‘q edi. Shahardagi sharoitlardan bahramand bo‘laylik deb, qishloqning shaharga tutash hududidan yer olib, kenjasiga atab uy ko‘targan edi. Endi ming pushaymon yeyapti, o‘sha adir ustidagi pastakkina kelinlik uyi ming marta afzal edi.

Uchinchi o‘g‘li har erta stadionda yuguraman deb uydan chiqib ketadigan odat chiqardi. Tabiatan tanbalroq bo‘lgan bolaning yarim kechasigacha televizor ko‘rib, yana soat beshda turib, stadionga ketishi unda shubha uyg‘otdi. Bir kun ertalab turib, o‘g‘lining izidan stadionga bordi. Hamma joyini yantoq bosib yotgan stadionda hech kim yo‘q edi. Tiramohning muzdek shabadasi yuzlariga urildi, u bor budidan ayrilgan notavon kimsadek hayron turib qoldi, ko‘zlariga ishonmay yana alang-jalang atrofga qaradi. Yo‘q, hech kim yo‘q edi. Bu stadionda yaqin orada biron odam shug‘ullanmagan. Unda uning bolasi qani, qayerda? Har tong u qayerga borib yuribdi? Har kun uni uyqudan voz kechishga nima majbur qilayapti? “Narkotik!” Xayoliga kelgan fikrdan o‘zi ham qo‘rqib ketdi. “Ha, narkotik, faqat shu narsa odamni shu darajada devona qilishi mumkin. Uni kimdir yo‘ldan urgan. Tuni bilan xumor qilib chiqadi-da, tong otishi bilan o‘sha narkotik sotuvchining oldiga yuguradi. Oh, sho‘rim qurib qoldi-ya mening. Ahmoq bo‘lmasam, to‘rt o‘g‘ilning taqdirini bir ko‘r kampirga ishonib, o‘zim ertadan kechgacha dalada yuramanmi? Endi nima qilaman? Qayerdan axtaraman bu sho‘rpeshona, shumtaqdir bolani?”
Stadiondan uyiga yetib kelgunga naq bir yil vaqt o‘tib ketganday bo‘ldi. O‘zicha oyoqlari yurayotganday edi, ammo hech yo‘li unmas, uylariga yetib bora olmas edi. Bir amallab yetib kelganida tomoqlari qaqrab, ranglari oqarib ketgan edi. Uning ahvolini ko‘rib eri hayron bo‘ldi:
– Senga nima bo‘ldi? Qayerdan kelayapsan?
– Sobir... Sobirimiz yo‘q.
– U yugurishga ketgan, nimaga buncha hovliqasan?
– Stadionga borib keldim. O‘g‘lingiz u joyga hech qachon bormagan. – Qayerga boradi bo‘lmasa?
– Bilmadim, dadasi...
Shu payt temir eshik “g‘iyq” etib ochilib, Sobir kirib kelmaganda bu ayolning holi nima kechishi birgina Xudoga ayon edi. Biroz horg‘in holatda gunohkorona iljayib kirib kelgan o‘smir savollarning tagida qolib ketdi.
– Sening biron gapingga ishonmayman. Sen narkomanlarga qo‘shilgansanmi, bir balong bor, – tinmay javrayotgan ona oxirgi gapini aytdi. – Bo‘ling, dadasi, buni narkodispanserga olib boramiz. O‘sha yerda haqiqatni aniqlaymiz.
– Mayli, boraveraman, lekin men haqiqatan ham stadionda yugurib yurgan edim. Faqat bu stadionda emas, 9-maktabning stadionida yuguraman.

– Nega?
– Chunki... U yerda sharoit juda yaxshi.
– Yo‘q, meni aldayapsan.
O‘g‘il har qancha tavallo qilsa ham ishonmadi. Shu kuni tonggi yig‘ilishga ham bormay, shaharning narigi boshidagi narkologiya dispanseriga borishdi.
Dispanserning bir qarashda nihoyatda saranjom-sarishta hovlisi rang-barang gullarga to‘la, daraxtlarga shakl berilgan, biron joyda ko‘ndalang yotgan biron cho‘p ko‘rinmaydi, lekin daraxtlar orasidan ko‘rinib turgan osmon bu joyning gardishli qopqog‘idek, hovli nihoyatda dim, boshdan oyoq qandaydir qo‘lansa hid anqib yotardi. Ayniqsa qarshingizdan chiqaveradigan ko‘zlari ma’nosiz ola kiyimli bemorlar odamning yuragini siqib yuborardi. Hali ish kuni ham boshlanmagan ekan. Bosh shifokorni picha kutishga to‘g‘ri keldi. Bu odamning ularga ozroq qarindoshlik joyi bor edi.
Olloqulboy bilan Robiya xola shunday joyda bola ergashtirib yurganidan xijolat bo‘ldi, ammo bosh vrach zarracha ham hayratga tushmadi. Xuddi ularni anchadan beri kutib yurgandek yoki har kun kutib-kuzatadigan bemorini qarshi olayotgandek bamaylixotir xayrixohlik bilan qarshi oldi. Ular ancha vaqt gapni nimadan boshlashni bilmay, u yon-bu yon qarab turishdi. Eridan biron sado chiqavermagach, ichi siqilib ketgan Robiya xolaning o‘zi gap boshladi:
– Do‘xtir bova, ming bor uzr, faqat aybga buyurmang. Bizga yordam bering-u, lekin bizning bu yerga kelganimizni zinhor birov-yarimga ayta ko‘rmang. Shu o‘g‘limizning yurishlari bizga hech yoqmayotir, bir tekshirtiraylik, deb keldik.
– Bemalol, opa, doim xizmatingizga tayyormiz, – bosh vrach qo‘ng‘irog‘ini bosgan edi, qabulxonada o‘tirgan qiz kirdi. – Norimxol, bu yigitni Anna Sergeevnaga olib bor, tekshirib ko‘rsin, – so‘ng yana mehmonlariga yuzlandi. U mijozlarining safi shunday dovruqli odamlar hisobiga kengayganidan xursandga o‘xshab ko‘rindi. – Siz, opa, sira g‘am yemang. Bu yerga qanday odamlar kelmaydi. Tagida “Mersedes”, yurganda yer titraydi, minbarga bir musht urganda, ming kishilik auditoriya qalqib ketadi, lekin yolg‘izgina o‘g‘il giyohvand. Bechora qon yig‘lab keladi: “Yordam bering, jon uka!” Albatta yordam qilamiz. Bu bizning vazifamiz, ammo Falonchiyevning o‘g‘li unday, Falonchiyevning o‘g‘li munday, degan gapni hech qachon aytmaymiz.
Eshik ochilib, eni-bo‘yi baravar semiz rus ayol kirdi, uning ortida nimagadir rangi o‘chib ketgan Sobir iljayib turardi. Hamma ayolning og‘ziga tikildi.
– Ergash Ahmedovich, vsyo chistiy.

Ergash Ahmedovich negadir ishonqiramadi:
– Da? Xorosho proveryali?
– Da.
So‘ng bosh vrach “gap tamom” deganday noiloj o‘rnidan turib, qo‘llarini ikki tomonga yozdi:
– Hech gap yo‘q ekan-u, vahima qilib yuribsizlar. Ammo hali suyunishga vaqt erta, o‘g‘lingiz endigina o‘n beshga kiribdi. Oldinda butun boshli umr bor. Qirq besh yoshgacha odam giyohvand bo‘lib ketishi mumkin. Doim hushyor bo‘ling.
Robiya xola ko‘chaga chiqishgach, eriga qaradi:
– Hay, menga qarang, bu qarindoshingiz o‘g‘limiz giyohvand chiqmaganiga xafa bo‘lib qolganga o‘xshadi-ya?
Olloqulboy yelka qisdi:
– Qo‘y-e!
Sobir kuldi:
– Bitta yog‘li mijozga ega bo‘ldim, deb suyunib o‘tirgan edi-da. Essiz...
– He, yuzing qursin sening, – Robiya xola o‘g‘lining yelkasiga bir mushtladi. – Odamning yuragini yording. O‘zing yuguradigan stadionga olib borasan bizni.
– E-ey, ena, qo‘yasizmi, yo‘qmi? U yerda bir qiz bor. Biz... do‘stmiz. Stadiondan darvozasining oldi ko‘rinib turadi. Har kun men yugurgani boraman, u ko‘chasiga suv sepib, supurgani chiqadi. Bor gap shu.
Olloqulboy kulib yubordi.
– He-e, ota o‘g‘il, shunday sarson bo‘lib yurguncha, aytmaysanmi, belgisini qili-ib qo‘yardik. Gaplashib yuraverarding, vaqti kelganda to‘yni qilib, olib kelib berardik.
– Sizga gap bo‘lsa! – onasi bunga ham rozi bo‘lmadi. – Har qanday gapni gapiravermang. Oldin bilaylik, u qanday qiz, kimning qizi?