Nozima sehrlangandek bo‘lib o‘rindiqqa cho‘kdi. Prokurorning o‘tkir nigohlariga dosh bera olmay, yerga qaradi.
– Lekin men bunday qilmayman. Men har qanday insonning orzusini hurmat qilaman, qo‘limdan kelgancha o‘sha orzusiga yetishishiga yordam beraman, hech bo‘lmasa, halaqit bermayman. Bolalarimizning ota-onalariga qiladigan eng zo‘r sovg‘alari bu ularning baholaridir. Mening o‘g‘lim yetti yildan beri biron marta “4” baho olib ko‘rmagan edi, o‘zicha menga qizil shahodatnoma sovg‘a qilishni orzu qilib yurgan ekan. Sizning kayfiyatsizligingiz bir murg‘ak qalbning beg‘ubor orzularini chilparchin qildi.
– Yo‘q, Abdurashid aka, uni to‘g‘irlaymiz. Yangi jurnal olib, qaytadan yozib chiqamiz, – shoshib- pishib topag‘onlik qildi Opa.
Prokuror Opaga qaramadi ham.
– Xo‘sh, murabbiy sifatidagi mana shu harakatingizni nechaga baholash mumkin? Qani, o‘zingizga ham baho qo‘ying-chi? Siz o‘qituvchisiz, siz bolaning qalbida yangi orzular tug‘ilishiga sababchi bo‘ling, bor orzular tomiriga bolta urmasdan. Shunday o‘qituvchilar bor – kattaning bolasi deb, faqat xushomad qiladi, natijada bolani taltaytirib yuboradi. Yana bir toifa o‘qituvchilar bor – amaldorlarning bolalariga ota-onasining havosi bilan burni ko‘tarilgan deb, nafratlanib qaraydi. Xushomad ham, nafrat ham kerak emas. Bola – kimning farzandi bo‘lishidan qat’iy nazar – o‘quvchi. Unga siz bilimdan avval mehr bering. U bilan, men o‘qituvchiman, deb, masofa saqlab gaplashmang, aksincha, do‘st bo‘ling. Men juda qattiqqo‘l prokurorman, lekin bolalarimga dilkash do‘stman. Qizim ham men bilan bemalol sirlasha oladi. Agar men huquqshunos bo‘lmaganimda, albatta yaxshi o‘qituvchi bo‘lar edim.
Xonaga yoqimsiz jimlik cho‘kdi. Anchadan so‘ng bu jimlikni yana prokurorning o‘zi buzdi.
– Ha, yana bir gap: o‘quvchim prokuror otasiga shikoyat qilibdi, degan xayolga bormang. Men kechagi darsning tafsilotlarini yana bir “2” olgan bolaning otasidan eshitdim. Kattachilik qilib, idorasiga chaqirdi, deb ham o‘ylamang. Prokuror Berdiqulovani urishgani kelibdi, degan xayolga borishlaridan saqlandim. Endi boraveringlar...
– Uzr, ming bor uzr, – Opa qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, qayta-qayta kechirim so‘rardi. – O‘zim boshida turib hammasini to‘g‘irlataman, o‘g‘lingizga ham o‘qituvchining xato qilganini tushuntiraman. Faqat siz bizdan xafa bo‘lmasangiz bo‘ldi.
– Rahmat... – Nozima boshqa hech narsa deya olmadi. Xonadan chiqayotib, burchakda qaqqayib turgan oppoq temir shkafga qo‘rqibgina bir qarab qo‘ydi, so‘ng sumkachasini qo‘ltig‘iga yanada mahkamroq qisib oldi.
Opa maktabga borguncha javrab bordi:
– Xudoga shukr qil, Sayfiddinov zolotoy odam. Boshqa bo‘lganda, javobgarlikkka torttirib yuborishi hech gap emas edi. Prokuror uchun bir odamning taqdiri nima degan gap? Ko‘zingga qarab yursang bo‘lmaydimi? Senga qilmasa, eringgami, akanggami, bir tuhmatni yopishtiradi. Ming pushaymon bo‘lasan, ammo keyin foydasi yo‘q. Sayfiddinovni chaqirib gaplashasan, kechirim so‘raysanmi, xushomad qilasanmi, nima qilsang, qil, lekin ko‘nglini top. Yangi bir jurnal beraman. Ertadan boshlab, 7 “a”ning jurnaliga o‘tirasan. Hammasini birma-bir ko‘rib chiqasan.
Boshqa payt bo‘lganda, hech bo‘lmasa, o‘z huquqini da’vo qilib, o‘zini taroziga solib ko‘rardi. Ammo bugun... Opaning yoshi o‘tib qolgan bo‘lsa-da, juda tez-tez yurar, uning dakkilarini indamay eshitib borayotgan Nozima unga yetish uchun izidan deyarli yugurib borardi. Shu shoshqin holatida ham ko‘z o‘ngidan boyagini sumkaga kirib chiqqan yelim qog‘ozga o‘ralgan tuguncha sira ketmas, qo‘ltig‘iga mahkam qisib olgan sumkachasini damba-dam ushlab-ushlab qo‘yardi.
Shuncha o‘ylasa ham anglay olmadi: Bu odam kim edi? Jon og‘ritgan do‘st bo‘lmas, deyishadi. Uning ko‘ngliga solgan qo‘rquv yuraklarini tilka-pora qilib tashladi. Bu do‘stning ishimi? Ammo unga hech narsa qilmadi, na urishdi, na so‘kdi. Faqan tushuntirdi. Murabbiylardek. Murabbiy, lekin sabog‘i juda achchiq murabbiy edi u. Gapning indallosini aytganda, prokuror batamom haq edi. Uning bu bolalardan nafratlanishi ham rost. Shuning uchun ham ularning erkaliklari, hazillari juda malol keladi. Shuning uchun ham ular bilan do‘st bo‘la olmaydi. Ularning bola ekanligini unutgan edi Nozima. Eng katta xatosi ham shu edi.
* **
Olloqul aka tabiatan bo‘yni bo‘sh odam. Uning otasi shunday edi. Otasi biroz qotaysin, deb armiyaga yubordi, institutda o‘qitdi. Lekin sut sog‘uvchi onasidan keyin kolxoz raisining so‘zini yerda qoldirolmay, xotini birgad bo‘lib ketdi-yu, besh yil o‘qib, erishgan kasbini esdan chiqarishga majbur bo‘ldi. Bir umr xotinning yetovida yurdi, uning xizmatini qildi. Onasi hech qo‘ymas edi: “Xotiningni izidan qolma, menga “falonchining kelini ana unday, mana bunday” degan gaplar kerak emas”, derdi. Aslida shu odam bo‘lmasa, Robiya xolaning birgad bo‘lib, bir nimalarga erishishi ko‘p dushvor edi. “Dadasi, traktor kerak”, “Dadasi, bu kecha suv navbatimiz ekan, quloqning boshidan ketmang”, “Dadasi, kombayn kerak”... Avvaliga uzukning ko‘zidek ayolini har joyda har kimga sarg‘aytirmaslik uchun yurdi, keyin yoshlari o‘rta bo‘lgach, “horimasin, tolmasin”, deb yurdi. Xullas, brigadirlikning nomi Robiya xolaniki bo‘lsa ham, bor tashvishi Olloqulboyniki edi. “Er emas, yugurdak” deb kulganlar ham bo‘ldi. Lekin ko‘pchilik “Gulday xotinni vaqti-bevaqt yolg‘iz qo‘ymagan ma’qul-da. Shu birgadning oti Robiyaniki bo‘lsa ham, daromadi Olloqul boynikiga kirgandan keyin yuraversin-da”, der edi.

Haliyam shu. Nima gap bo‘lsa, shu ayolning og‘ziga qarab turadi. Robiya xola unday emas, bunday dedimi, tamom, u aytganday bo‘ladi. O‘sha kuni Robiya xola kun bo‘yi yo‘q bo‘lib ketdi. Vaqt asrdan oshganda shoshib yetib keldi. Yuz-ko‘zlaridan shodumonligi ko‘rinib turardi.
– Ha, lotareyangga moshin chiqdimi, kampir? – dedi Olloqulboy yaxshi bir gap umidida. – Moshindan ham zo‘r narsa chiqdi, dadasi.
– Nima gap? Odamning ichini qizitmay, tezroq aytsang-chi?
– Haj!.. Dadasi, bugun hokimiyatga borgan edim, navbatlaringiz keldi, tayyorgarliklaringizni ko‘raveringlar, dedi. Qarang, biz baribir Allohning suygan bandalari ekanmiz, oxirgi farzandni ham uyli-joyli qilib, egasiga topshirgandan so‘ng, navbatimiz yetib turganini qarang. Allohga shukr, ming shukr!
Olloqulboy ham masrur jilmaydi:
– Ha, Allohga shukr, bo‘lmasa sen namozingni o‘qi, men borib bolalarni olib kelay. Yo‘l-yo‘lakay momosi bilan kelisharmikin, deb indamay o‘tirgandim.
Bu yangilik kechki ovqatning ustida hammaga e’lon qilindi:
– Endi, bolalarim, oxirgi qarzdan ham qutuldik, kenja qizni egasiga topshirdik, – odatda bunday vazifalar Robiya xolaning zimmasiga tushardi, bu safar ham ich-ichidan toshib kelayotgan quvonchni oilasiga o‘zi yetkazishni istadi, – Anchadan beri orzu qilib yurgan edik. Bolalarning hammasini joylashtirsak, hajga boramiz, deb. Mana, hammalaringni uyli-joyli, diplomli, kasbli- hunarli qildik. Endi, Sardorboy o‘g‘lim, otang bilan menga teginmaysan. Ro‘zg‘orning aravasini o‘zing tortasan. Biz, nasib etsa, kelgusi yil hajga boramiz. Besh yil avval ariza tashlab qo‘ygan edim. Borib uchrashsam, keyingi yilga navbatimiz kelib turgan ekan. Rosa suyundim. Alloh nasib qilgan bo‘lsa, umrning qolganini toat-ibodatga bag‘ishlayman.
Sardor negadir shoshib qoldi, biroz rangi o‘chdi. Aftidan uning ham ro‘zg‘ordan boshqa qandaydir rejalari bor edi. Ammo ona hajga boraman, deb turganda, nima deydi? “hajda nima bor? Mana bu yerda o‘tirib, mening oilamni boqing”, deya olmaydi-ku. “Eh, tinchimagan kampir!.. Har kun bir narsa o‘ylab topib turadi”. Ammo Sardor sir boy bermadi. Og‘zidagi luqma tomog‘iga tiqilib qolayozdi, bir amallab yutdi.
Nozima indamadi: “Bu uyda hamisha kimningdir orzu-havasi uchun yashash, ishlash kerak. Endi butun oila haj safariga, hoji to‘ylarga pul yig‘adi!”

Robiya xola yon-atrofidagilarga qarab, aytgan gapi hech kimga ma’qul tushmaganini ko‘rdi. Ochig‘i, dili og‘ridi, nimalardir alam qildi. Bolam deganing ham bekor ekan. Bir umr bola-chaqa deb yashadi, yelkasidan ro‘zg‘or xalta tushmadi. Eru xotin ikki qizni to‘rt qizning sepi bilan uzatdi, to‘rt o‘g‘ilga to‘rt uy qurib berdi, to‘rt mashina olib berdi. Endi qarigan chog‘ida ham topganini shularga yedirib- ichirib o‘tirsa!..
Yeb o‘tirgan ovqatiga pashsha tushgandek ko‘ngli xijil bo‘ldi. U tabiatan juda qaysar edi, o‘g‘lining befarqligi kayfiyatini tushirgan bo‘lsa, hamon ko‘ngli quvonchiga bir mahram izlardi. Xonasiga kirib, katta akasiga qo‘ng‘iroq qildi.
– Akajon, meni tabriklang. – Ha, tinchlikmi?
– Men hajga ketayapman. Bugun deng, tavakkal qilib, hokimiyatga borsam, shundaygina navbatim kelib turgan ekan. Tayyorgarligingizni ko‘ravering, kelgusi yil boruvchilar ro‘yxatining boshida turibsiz, deyishdi, – u yangilikni aytar ekan, yana hayajonlandi, yurak yutib, ikkinchi tomondan. “O‘- o‘o‘!” deganday hayratli quvonchlarga to‘la xitobni kutdi.
– Ha-a, yaxshi, – akasining ovozidagi sovuqqina ohangda na quvonch, na xayrixohlik bor edi.
Robiya xola shu yerda akasiga yoqmagan mavzuga nuqta qo‘ysa bo‘lar edi, ammo u o‘zini to‘xtata olmadi:
– Cholu kampir bir yillik nafaqamizni yig‘sak, bemalol yetar ekan. – Yaxshi!
Shu bilan “yangiliklar” tafsiloti ham, ehtiyoji ham tugadi. Yaxshi ko‘rgan o‘yinchog‘ini sindirib qo‘ygan boladek shumshayib qolgan Robiya xola og‘ringanini bildirmaslik uchun gapni yangaga, bolalarga burdi:
– Yangam ham yaxshi yuribdilarmi? U kishiga gap yo‘q, shu yoshida tinib-tinchimaydi.
– Ha-a, xudoga shukr. Qo‘y endi, desam ham, “Bolalarni joylashtirib bo‘laylik”, deydi. Bo‘lmasa, oltmishdan oshgan ayolning ikki joyda ishlashi osonmi?
Aka xotinining fazilatlari haqida gap boshlagach, ochila qoldi.
Robiya xola ijirg‘andi: “Bularning xotinini maqtab tursang, sendan yaxshi odam yo‘q. Ey, ko‘ngil uchun, “O‘-o‘! Malades, singlim. Zo‘r ish bo‘pti, tabriklayman. Alloh yo‘lingni ochgani rost bo‘lsin”,

deb qo‘y! Bir og‘iz xayrixohlik shunchalar qimmatmi?”
Ertasi kuni onasining yoniga bordi. Bolaligi o‘tgan qadrdon hovli-joy yillar o‘tishi bilan to‘kilib, xuddi keksa onasi kabi mung‘ayib, yerga qapishib borayotgan bo‘lsa ham, Robiya xolani hamisha ohanraboday chorlab turar, darvoza oldidagi kichkinagina xonada qachon borsa, tikish mashinasining yonida nimanidir tikib o‘tiradigan kampir onasini ko‘rganda ko‘ngli kengayib ketganday bo‘lardi. Borishi bilan “Charchadim, onajon” deb o‘zini onasining karavotiga tashlar, onasi esa tikishini davom ettirardi. U yotgan joyida onasiga gap berar, dardu hasratlarini aytar, onasi “Ha, hmm” deb ishini qilaverar, bekordan bekor uning vaqti o‘tib ketaverar, keksa onasi esa bu vaqtda nimanidir bitirar edi. Ba’zan Robiya xolaning achchig‘i kelar edi: “Shu yoshingizda ikki bukilib, tikish qilishning nima keragi bor?”. Onasi uning qahriga parvo ham qilmaydi: “Bu mashina mening oltmish uch yillik dugonam. Hovli supira olmasam, yer chopa olmasam, shu mashina bilan vaqt o‘tganini bilmayman. Kecha Xolbibi kelgan ekan, qizining sepiga deb, yettita yelpug‘ich berdim. Bechora xursand bo‘lib, yana o‘nta tikib berasiz, deb, o‘ttiz besh ming so‘m berib ketdi. O‘n besh ming qo‘shdim-da, bir qop un olib keldirdim”.
“Voy, ona-ey, saksonga kirib ham, shu bolangizning nonini ko‘taring. Siz zerikkaningiz uchun emas, non tashvishi bilan tikish qilasiz”.
“Unisiyam, bunisiyam. Men ham shularning dasturxonidan non yesam, qarab o‘tiramanmi?”
Robiya xola bu munozarada ko‘pincha onasiga yon beradi. Nima bo‘lganda ham onasi haq. Bu kampir sakkiz bola tug‘ib, qatorga qo‘shgan. Hammasi o‘qigan, toparmon-tutarmon, lekin birontasi yilda bir marta bir qop un yoki ikki kilogina go‘sht olib, onamning ko‘nglini olay, demaydi. Hammasining o‘z tashvishi o‘ziga ziyoda. Robiya xolaning o‘zidan qiyos, hali to‘y qiladi. hali uy qiladi. Ba’zan yolchitib onasining ko‘nglini ololmayotganidan kuyinib ketar edi: “Onajon, ro‘zg‘or aravasi juda og‘ir ekan, diq-diq tinmayman, lekin hech o‘zimdan orttira olmayman. Iltimos, siz o‘lmay turing, o‘zimdan ortib, sizga nimadir qila oladigan kunlarga yetgunimcha, o‘lmang. Maylimi?”
“Mayli”, der edi kampir tishsiz og‘izlarini kamshaytgancha kulib, xuddi qachon o‘lish uning ixtiyorida ekandek.
Endi qarasa, u o‘zidan orttirib, onasiga nimadir qilgunicha, onasining o‘zi ketmasa ham, havaslari, ehtiyojlari tugab borar edi: “Yo‘q, yog‘li ovqat yeya olmayman, ichimni surib yuboradi”, “Yo‘q, juda shirin ekan, kerak emas”, “Yo‘q, sun’iy kiyim badanimga yoqmaydi. Menga paxtalikkinasi yaxshi...”
Xullas, bu kampirga endi ko‘p narsa kerak emas edi. Shunday bo‘lsa-da, Robiya xola iltimos qilaveradi: “Onajon, o‘lmay turing”. Boisi, bu dunyoda bemalol dardini ayta oladigan yagona inson shu kampir edi.

Kampir har doimgidek tikish qilib o‘tirgan edi. Xonadan achchiq ter va rutubat hidi anqib turardi. Robiya xolaning hayfi keldi: “Qarisang menday bo‘l, qora yerday bo‘l”, deganlari shu-da. Qanday ozoda ayol edi onaginam. Endi... o‘tirgan joyida ham non, ham ko‘ngil topadi, lekin vaqti bevaqt hovli adog‘idagi hammomga birgina borib, yuvinib kela olmaydi”.
Robiya xola ko‘nglidagi tugunlarini bir-bir yechib, avval yangiligini aytdi, so‘ng o‘g‘lidan, akasidan hasrat qildi: “Ko‘ngil uchun, e-e, zo‘r bo‘pti”, deb qo‘ymadi-ya”. Kampir uning gaplarini eshitib, na suyundi, na kuyundi, oldidagi tikishdan ko‘zini uzmay:
– Ha, binoyi bo‘pti, – deb qo‘ydi.
Shu bilan ancha vaqt jim qoldi. Tikayotgan narsasining nimasidir yoqmadimi, igna tagidan chiqarib olib, goh u yog‘ini ag‘darib, goh bu yog‘ini ag‘darib tekshirdi, so‘ng chokini so‘kishga tushib ketdi. Kampirning bu harakati Robiya xolaning yuragini siqib yubordi.
– Uf-f, ena-ey! Oyda-yilda bir kelaman. Shunda ham “ha bolam, darding nima?” deb so‘ramasdan, tikishingizga yopishib yotasiz-a? Nimaga keldim o‘zi?
– Qulog‘im bekor, hamma gapingni eshitib o‘tirgan bo‘lsam, nimaga o‘pkalaysan, – momo qizining ko‘zlariga qaradi. – Kechagina “dod-voy” qilib qiz chiqarding. Hajning xarajati kattagina deyishadi- ku. Bir ro‘zg‘ordan ikki kishi ketmoqchi bo‘lsalaring, qanday eplaysizlar? So‘radingmi, necha so‘m kerak ekan?
Xarajatni eshitib, kampirning rangi gezarib ketdi:
– Eh-he! Bu axir bir qop pul, degani emasmi? Shuncha pulni bir o‘zingning hoji bo‘lishing uchun sarflamoqchimisan? Atrofingda qancha beva-bechora, kasalmand-kamxarj odamlar bor. Tentak puling ko‘p bo‘lsa, shularga bo‘lib ber. Ana, senga hojilik savobi. Voy-voy, bolam-ey, esing yo‘q ekan- ku sening. O‘n olti yoshimdan beri tiq-tiq ro‘zg‘orning tashvishi bilan tinmayman, qaynona-qaynota, qayinsingil, qayinuka, er, bolalar!.. Yoshlikda namozni o‘rganishga vaqt topmadim, qariganda yodlay olmadim, xullas, shunday katta savobdan bebahra qoldim. Yaqinda bir o‘qimishli otinchadan so‘radim: “U dunyoda odamning ro‘za-yu namozlari so‘ralar ekan, men endi nima javob aytaman?” dedim. Haligi otincha “Momo-yov, bir odam hech bir foydali ish qilmay, butun umrini joynamoz ustida o‘tkazishi mumkin, yana birov bola-chaqa tashvishi bilan o‘sha ibodatni qila olmasligi mumkin. Mening bilishimcha, o‘sha bola-chaqa tashvishi bilan yashab, namoz o‘qiy olmagan inson jannatga ko‘proq haqli. Chunki u o‘zini o‘ylamadi, farzand o‘stirdi, erining, bolalarining xizmatini qildi, umrini joynamoz ustida o‘tkazgan odam esa faqat o‘zini o‘yladi, jannatga tushish niyatida faqat namoz o‘qish bilan mashg‘ul bo‘ldi va bu mashg‘ulotidan o‘zidan o‘zga hech kim manfaat ko‘rmadi, dedi.

– Ena-a! – uning kampirni eshitgisi kelmay qoldi.
– Nima, ena! – kampir o‘qimagan, omi ayol bo‘lsa ham, hech gapini oldirmagan qaysargina edi. – To‘g‘risiyam shu-da. Odam faqat o‘zini o‘ylamasligi kerak, umringdan bir kun qolgan bo‘lsa ham, odamlarga foydang tegsin. Ilgari bir odam haj uchun yiqqan pulini ilojsizlikdan harom o‘lgan molning go‘shtini bolalariga yedirib o‘tirgan qo‘shnisiga “Mening hajim shu bo‘lsin” deb, in’om qilib yuborgan ekan. Hayitdan so‘ng do‘konida kovush yamab o‘tirsa, bir tanishi kelib, “E-e, hoji, siz qanday qilib bizdan oldin keldingiz? Siz ham biz bilan baravar haj qilib yurgan edingiz-ku”, debdi. Shunday qilib, yamoqchi uyda o‘tirib, hoji bo‘lgan ekan. Nahotki sening bir yamoqchicha aqlu farosating, himmating yo‘q bo‘lsa?!
Robiya xola angrayib qoldi. Odam keksayganda shunday beshafqat, beandisha bo‘lib qoladimi yoki onasining kayfiyati yo‘qmidi, bir dalda, tasalli, olqish umid qilib kelgan Robiya xolani it olgan tulkiday tit-pit qilib tashladi. Onasi allakimlardan eshitib, chala-chulpa qilib aytib bergan rivoyatlarni u ham o‘qigan, biladi. Ammo yamoqchi bilan uning vaziyati butunlay boshqa-boshqa. Shuncha farzandni tug‘ib-o‘stirib, ulg‘aytib, hammasini uyli-joyli qilib, nahot o‘zining bir yillik daromadiga o‘zi arzimasa? Shu uzoq umri davomida u ham necha kishiga yamoqchi qilgancha yaxshilik qilgandir. Ammo o‘zi, o‘z oyog‘i bilan Allohning uyiga borib, uning muborak baytida sajdaga bosh qo‘yishni orzu qildi. Buning uchun birovdan bir so‘m so‘ramadi, bir so‘m tilamadi, lekin uning orzusi hammaga, hatto tuqqan onasiga ham malol keldi! Lekin u onasiga hech narsa demadi, aytganlaringiz ma’qul ham demadi, noma’qul ham demadi, kelin yozgan dasturxonga ham qaramadi. Ko‘ngliga kelganlarni gapirib-gapirib, yana tumtaygancha tikish mashinasining ustiga muk tushib olgan onasining yonida biroz shumshayib o‘tirdi-da, so‘ng o‘rnidan qo‘zg‘aldi:
– Xo‘p, men boray.
– Yaxshi bor, Olloqulni so‘ra.
“Yiqqan pulimni bir qop qilib, rivoyatdagi yamoqchiga o‘xshab, shu kampirga olib kelib bersam!.. Kampir uning yarmini ovi yurganda ham dovi yurmaydigan kenja o‘g‘liga bersa, yarmini bir uy bola- chaqa qilib qo‘yib, o‘zi ichkilikdan bo‘shamaydigan ukasiga bersa!.. Go‘yo birining ishyoqmasligi, ikkinchisining nafsini tiya olmaydigan piyonistaligi uchun Robiya aybdor! O‘g‘li bilan keliniga yomon ko‘rinib, yemay-ichmay, bir tiyinlab yig‘sa-yu, o‘lib yiqqanini bir ishyoqmas bilan piyonistaga berib, “Mening hajim shu” deb o‘tiraversa. Alloh ham so‘rar, kimga berding, nimaga berding, deb? Voy, enam tushmagur-ey, mening ham bolasi ekanligim yodidan chiqib ketgan, shekilli!”
Kechga yaqin onasining qishlog‘ida yashaydigan singlisi keldi. U ham allaqachon yangilikdan xabar topgan edi. Robiya xola bunisining ham bir narsa deb dakki berishidan qo‘rqib, indamay turgan edi, singil opasini bag‘riga bosib, qutlay ketdi:

– Iloyo, niyatlaringizga yeting, opajon. Shuncha yil tuproq kechib, kesakka surinib, oftobda jizziqday kuyib, shu bola-chaqa deb bir kun orom nimaligini bilmadingiz. Endi o‘zingizni ham, oxiratni ham o‘ylaydigan vaqt keldi. Go‘r, go‘r, tanho go‘r, ishonmasang, borib ko‘r, deyishgan. Bir kun o‘lar bo‘lsangiz, hech kim sizga qo‘shilib go‘ringizga kirmaydi, Munkar-Nakirning gurzisiga boshini tutib bermaydi. Shunday ekan, niyat qildingizmi, pulini topdingizmi, halolingiz bo‘lsin: boring, ko‘ring, farzingizni ado etib keling.
Robiya xolaning ko‘ngli bo‘shashib ketdi. Kutilmaganda qo‘shilishib quvonadigan bir mehribon topganidan hamma xo‘rliklari yodiga tushib, ko‘zlari namlandi, baqirib yig‘lab yuborgisi keldi:
– Bilmasam, biri u deydi, biri bu deydi. Bu yoqda onam, u yoqda akam...
– E-e, opajonim, hech kim bilan ishingiz bo‘lmasin. Birovidan bir so‘m so‘rayotganingiz yo‘qmi? Bo‘ldi-da. Kecha yangam bilan gaplashgan edim. Ikki yilda ikki to‘y qilish oson emas, bilaman. Ammo bola o‘stirayotgan ona tomog‘idan, kiyim-boshidan qiyib, bir so‘m, ikki so‘m yig‘ib yurishi kerakmidi? Cho‘ntagida bir so‘m puli yo‘q, bir boyning qiziga sovchi qo‘ydi. Ular rozi bo‘lishgach, shoshib qolishdi. To‘y to‘liq qarz-qavola bilan o‘tdi. To‘yni ham boy qudaga kulgi bo‘lmaslik uchun juda katta qilib yubordi. Uyam mayli, lekin qarzlardan qutilmasdan qizga non ushatishning nima keragi bor edi? “Yaxshi joydan chiqdi” emish. Hozir o‘g‘il uylantirishdan qiz chiqarish qiyin bo‘lib ketgan. Qudalar “Mebelni tuzuk qilsin, bir umrlik buyum” deyishibdi. “Falon do‘konda bir yaxshi mebel ko‘rdik, o‘shani borib bir ko‘rishsin” debdi. Endi qanday qilib bo‘lsa ham o‘sha mebelni olish kerak. Bularning esa bir tiyini yo‘q. Yangam “Robiya hajga borib yurguncha, jiyanining mebelini ko‘tarsin. Ana haj! Duo qilamiz. Savob bo‘ladi” dedi. “Yangajon, mebelni qiz tuqqan boybichcha qiladi. Shu yoshingizda o‘n sakkiz yoshli qizday bo‘lib yaltir-yultir kiyinib yurguncha, avval boshdan g‘amlab qo‘ying edi”, deyin dedim-u, akamdan baloga qolaman, deb indamadim.
Robiya xola xo‘rlangan boladek yerga qaradi, negadir o‘zini juda behol his qildi. O‘pkasi to‘ldi, singlisi yana bir og‘iz gapirsa, yig‘lab yuborardi:
– O‘, tavba! Boy topsa, qulluq bo‘lsin, kambag‘al topsa, qayerdan olding, deganlari shuda? Men sho‘rlik o‘z pulimga hajga bormoqchi bo‘ldim-u, baloga qoldim. Biri u deydi, biri bu!..
Singil yupatdi, dalda berdi:
– Hech kimga qaramang, hech kimning gapiga quloq solmang. Pul sizniki, uni istagan joyingizga ishlatasiz.
– E-e!.. – endi u hajga borayotganligi uchun quvonish o‘rniga xijolat torta boshlagan edi.