derazasiga qarab-qarab qo‘yardi. “Ishqilib, birontasi yana telefonni ulab qo‘ymasin-da. Bu yigit meni qiz bola deb o‘yladimikin? Topgan qo‘shiqlarini qarang”. Shunday xayollar bilan g‘imirsib yurib, ba’zan eriga ko‘zi tushib qolar, uning uyulgan qovoqlarini ko‘rib, yana asabi buzilardi: “Ha, hamma mening erimdek soqov qarg‘a emas-da! Onam ham o‘lsin, “boy-boy” deb shularga berdi. “Boy” emish, qachon qarasang, “voy-voy”. Shuning ham ko‘ngli bor, deb, biron narsa qilib berishning o‘rniga, “Hali oylik olmadingmi?” deb o‘tirishadi”. Bolalarning usti-boshi, bog‘chasi-ku, to‘liq uning yelkasida. Maosh tekkan kuni indamay bolalarini bozorga olib chiqadi-da, bosh-oyoq kiyintirib qaytadi. Qaynonasi urishmaydi-ku, lekin bir to‘ng‘illaydi: “Bolalarning eski-tuski ichida katta bo‘lgani yaxshi, ko‘z-po‘z tegmaydi. Hali katta bo‘lishsa, kiyaverishadi”. Ba’zan o‘zicha xijolat ham bo‘lib qo‘yadi: “Bolam, ro‘zg‘or degan hech to‘lmaydigan g‘or bo‘larkan. Bir umr er-u xotin tashib-tashib to‘ldira olmagan edik. Endi Sardor bilan sen qo‘shilding. Xarajat-u orzu-havaslar ham shunga yarasha ortdi. Mayli, bolam, Shohistani uzatib, eson-omon egasiga topshirib olaylik, keyin topganimiz o‘zimizniki. Yeymiz-ichamiz. Qimmatbaho kiyimlar olamiz. Sanatoriylarga boramiz”, deb qoladi. Nozima bu gaplarga sira ishonmaydi. Shu kampir tirik tursa, hech qachon eshkakni ularning qo‘liga berib qo‘ymaydi. Hali u, hali bu harajatni o‘ylab topaveradi. Har yili nimadir quradi, keyin o‘zi faxrlanib yuradi.
“O‘shanda ham bir narsa chiqib qoladi”, deb to‘ng‘illaydi Nozima. Kampir esa kuladi: “Tirik odamning orzu-havasi tugarmidi? Bir kun o‘lib ketsam, men tejab-tergab qurdirgan bu hovli-joylarda mazza qilib yashaysizlar. O‘shanda meni eslamaysizlar ham”. “Kim avval o‘lishi yolg‘iz Allohga ayon. Odamzod bugunini o‘ylab yashashi kerak”, yana to‘ng‘illaydi u. Uning bu uydagilarning ra’yiga qaramay qo‘yganiga ko‘p bo‘lgan. Boshida hammaning ko‘ziga qarab turardi. Ichi yig‘lab tursa ham, jilmayib yurardi. Bu juda og‘ir edi. Shu yaponlar bir umr tabassum bilan, tavoze bilan yurib, qiynalib ketsa keragov, deb o‘ylar edi o‘z holiga o‘zi achinib. Shu ming‘ir-sing‘ir kampir bilan shu qozon- tovoq umrbod bo‘yniga tuzxalta qilib osilganini anglab yetgan kun juda siqilib ketdi: “E-e, bor-e!” dedi va yuzidagi tabassumni keraksiz buyum misol ilib otdi. Bu yoqda onasi ham bir narsa desa: “Bolam, kambag‘alman deb, xo‘rlashlariga yo‘l qo‘yma. Hech ikkilanmay qaytib kelaver. Qo‘lingda diploming bo‘lsa, bolalaringga o‘zim qarayman. Hech zamonda xor bo‘lmaysan”, der edi. Odamzod gapi qo‘r yeyishini, atrofdagilarning nozik joyini bilsa, istasa ham o‘ng gapini ayta olmay qolar ekan. Bu miyang‘i kampir esa nevaralarini juda yaxshi ko‘radi, chin to‘lganda bir toshmasa, jim!.. Hatto o‘g‘liga ham bir og‘iz bir nima demaydi. Shunday bo‘lgach, uning o‘zini yig‘ishtirib olishga harakat qilishi shartmi? O‘zi umuman olganda, hayot uning uchun juda yoqimsiz mashg‘ulotga aylandi: na uyda ro‘shnolik bor, na ishda! Odamlarning uyi g‘urbatxona bo‘lsa, ishga borib, ko‘nglini yozib, yayrab keladi. Bularning maktabi ham jinnixonaning o‘zi! Hamisha yuragi zirqillab, ishga boradi, bir amallab darsini tugatgach, yana yuragi zirqillab, uyga qaytadi.
* **
Odatda to‘y o‘tkazganlar ishga chiqqanlarida to‘y dasturxonidan qatlama-patir, qand-qurs, issiq- sovuq ichimliklar deganday, bir tugun qilib borardi. U ham hech bo‘lmasa o‘zining “tilchi”lariga ul- bul qilib boray, dedi-yu, yana yuragiga sig‘madi. U ishga borganda, o‘qituvchilar xonasida hech kim yo‘q edi. Gir tevaragiga qing‘ir-qiyshiq o‘rindiqlar terib chiqilgan katta xonaning o‘rtasida beo‘xshov qo‘qqayib turgan uzun stolning boshida, unga yopilgan siyohrang yopinchiqqa bir zum tikilib turdi- da, jurnalni ham olmasdan xonadan chiqdi: “Ishga chiqdim, deb o‘rinbosar xonimga bir og‘iz aytib qo‘yay”.
Qabulxonada kompyuterga tikilib o‘tirgan kotib yigit uni ko‘rib, sapchib o‘rnidan turdi: – Keling, opa!
Nozima ovoz chiqarmasdan direktorning xonasiga ishora qildi: “Shu yerdami?” Kotib esa o‘rinbosarning xonasini ko‘rsatdi: “Bu yoqda”. “Uff!..” Bir umr shunday!.. Qachon qarasang, birga o‘tirishadi. Muammongni ham, uzringni ham birga eshitishadi!“Indamay ortiga burilgan edi, ichkaridan “Ki-im?” degan shang‘illagan ovoz eshitildi. Kotib “Ilojsizman” degandek unga bir qarab, ichkariga tovush berdi:
– Nozima opa kelgan edi.
– Kirsin.
Opa – eti qochgan qop-qora yuzining yarmini yaltiroq gardishli ko‘zoynak yopib olgan o‘rinbosar ayol, xonaning to‘rida bir uyum qog‘ozlar ortida chiroyli finjonda bug‘lanib turgan xushbo‘y qahva xo‘plab o‘tirardi. Qahva shunchalar totlimidi yo hamsuhbatidan biron shirin so‘z eshitganmi, uning ko‘zlari masrur suzilib turardi:
– Kel, Nozima!
Opadan quyiroqda o‘tirgan direktor unga qarab ham qo‘ymadi, indamay qahvasini ichaverdi: “Xonimchasidan qo‘rqdi!”
– Keldim, – bemahal kirib qolganidan xijolat bo‘ldi u. – Ishga chiqdim, deb bir og‘iz aytib qo‘yay, degandim.
– Yaxshi, to‘ylarni o‘tkazib olgan bo‘lsang, endi g‘ayrat qilib ishla. Bugun maktabimizga vazirlikdan odam kelarkan, – uning ko‘zlariga sinovchan tabassum qalqdi. – Bir chiroyli dars o‘tib bermaysanmi?
Nozimaning rangi o‘chib ketdi: “Hatto konspekt ham yozgani yo‘q. Ko‘rgazma haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Bir haftadan buyon to‘y tashvishlari bilan yurib, jurnallar ham to‘ldirilmagan.

Bu... narxini oshirish uchun jo‘rttaga qarmoq tashlayapti. Yalinib, jilpanglashini istayapti!” U zo‘rg‘a qahrini ichiga yutdi. Hamon iljayib turgan Opaning ko‘zlariga iltijo bilan qaradi:
– Roziman, faqat boshqa safar! – birdan ich-ichida nimadir uzilib ketganday bo‘ldi. Na o‘zining, na atrofdagilarning hurmatini qila olmagan bir yengiltak ayolning oldida chorasiz, ojiz odamga aylanganidan uyaldi. – Bir haftadan beri to‘y tashvishlari bilan yurib...
– Aybini bo‘yniga oladi ham, yaxshi! – boyadan beri gapga qo‘shilmay o‘tirgan direktor unga qahr bilan bir qarab, chaqib oldi.
Nozima indamadi.
“Opa” ma’nodor tanglay qoqib, bosh chayqadi: – Mayli, boraver.
Qabulxonada g‘aznabonga duch keldi:
– Berdiqulova! Kak raz sizni izlab yurgan edim. Siz to‘ylab yurgan kunlaringizda biz uchta komissiyani kuzatdik. Bugun yana komissiya kelar ekan. Ikki ming so‘mdan sakkiz ming so‘mga qo‘l qo‘ying.
U uzundan-uzoq ro‘yxatning boshi-oxiriga qarab ham o‘tirmadi: “Kafanliklaringga buyursin!” G‘aznabon ko‘rsatgan joyga indamay imzo chekdi.
– E-e, rahmat opa! Hamma sizday mard bo‘lsa ekan. Arzimagan ikki ming uchun yotib yoqalashadi- ey odamlar...
Birinchi soati 7“a” ga edi. Bu sinfga hamma o‘qituvchilar hayiqibroq kiradi. Chunki bu sinfga faqat badavlat odamlarning bolalari yig‘ilgan. Ularga har yili eng yaxshi sinfxona, eng muloyim va tajribali o‘qituvchilar ajratiladi. Ammo o‘sha yaxshi o‘qituvchilar ham ularga hech qachon oshiqcha gap qila olishmaydi, aksincha ota-onasidan qo‘rqib, ba’zilari durustroq sovg‘a-salom umidida ularga ochiqdan ochiq xushomad qilishadi. Chunki hokimning ham, prokurorning ham, bozorqo‘mning ham bolasi shu sinfda. Bu bolalar uchun duppa-durust bir muallimni badnom qilish yoki oradagi tafovutni unutib, yaltoqlanib tashakkur bildirar darajada qimmatbaho sovg‘a keltirish hech gap emas. Nozima esa ulardan sira qo‘rqmaydi, sovg‘a ham kutmaydi, olib kelishganda ham olmagan: “Ordona qolsin!” Faqat bir parcha bolalarning egnidagi eng so‘nggi urfdagi qimmatbaho kiyimlarga qarab, ichi yonib ketar edi. O‘zi kamxarj oilada o‘sgan edi, endi boy oilaga tushib ham o‘quvchilaricha kiyina olmasa. Sinf uni odatdagidek shovqin-suron bilan qarshi oldi, ularning savollarga ko‘mib tashlashlari uchun jindekkina bahona kerak:

– Malim, to‘y yaxshi o‘tdimi?
– Shohista opa chiroyli kelin bo‘ldimi?
– Nechta mashina keldi?
– Kuyov chiroyli yigit ekanmi?
Nozima sinf jurnalini ko‘ksiga bosgancha bir og‘iz bir narsa demasdan qoshlarini chimirib, doska yonida bolalarning tinchishini kutib turaverdi.
Do‘stona muloqotga erisha olmasliklariga ko‘zi yetgan bolalar asta-sekin tinchib qoldi. Shunda ham orqa partada o‘tiradigan bir-ikki betamiz, “Nega kayfiyating yo‘q, a?”, “Seni kimdir xafa qilganga o‘xshaydi, ayt, kim xafa qildi?” deb bir-birlariga piching otishdi.
Nozima bu pichinglarni eshitmaganga oldi: “Nima ham deydi bu betamizlarga?!” Dars boshlandi.
– Xo‘sh, o‘tgan darsda qanday mavzu o‘tilgan edi?
– Men aytay, – o‘rnidan sapchib turdi birinchi partada o‘tirgan bozorqo‘mning o‘g‘li. – Qani, Mirzayev?
– O‘tgan darsda to‘y bo‘lgan edi, – u javobni do‘ndirgandek mutlaqo jiddiy ohangda gapirdi. Sinfda duv etib, kulgi ko‘tarildi.
Faqat Nozima kulmadi.
– O‘tir, Mirzayev, yana bir marta shunday qoniqarsiz javob bersang, bahoing jurnalga ham tushadi. Xo‘sh, sizlarning eslaringdan chiqqan bo‘lsa, men sizlarga qarashib yuboraman. To‘ygacha bo‘lgan darsimizda “Ravish” mavzusida gaplashgan edik. Qani, Jahongir, – hali yuzidagi mamnuniyat ifodasi tarqalmagan bozorqo‘mning o‘g‘lini doskaga chiqardi. – Ravish deb nimaga aytiladi? Ikkita gap tuzib, tarkibidagi ravishni topib ber.
Jahongir biroz kalovlanib qoldi:
– Malim, men bu mavzuga o‘tgan darsda tayyorlanib kelgan edim. Bugun esimdan chiqib ketdi.

– Kecha o‘qigan narsamiz bugun yodimizdan chiqib ketsa, o‘qiganimizdan nima foyda? Siz shunday o‘qishingiz kerakki, o‘rganganlaringiz bir umr esdan chiqmasin. O‘tir, ikki! – u jurnalga ham “2” qo‘yib qo‘ydi.
– Sayfiddinov, – endi prokurorning o‘g‘lini doskaga chiqardi – qani, ravishning qoidasini sen ayt-chi!
Bola biroz yerga qarab turdi-da, so‘ng muqarrar jurnalga tushadigan “2”ning oldini olmoqchi bo‘ldimi, o‘zicha isyon ko‘tardi:
– Malim, men huquqshunos bo‘lmoqchiman. Menga ravishning qoidasi umuman kerak bo‘lmaydi.
– Juda yaxshi, Sayfiddinov, sen huquqshunos bo‘laver. Ammo shuni bilib qo‘yki, huquqshunoslik institutiga topshiradigan shahodatnomangda o‘zbek tili fanidan ham baho bo‘lishi kerak. Bu baho esa shu fandan olgan bilimingga qarab qo‘yiladi. Ravishni bilmaysanmi, o‘tir, “ikki”!
Sinfga suv quygandek jimlik cho‘kdi. Har doim kimnidir masxara qilishga shay chehralarda qovoqlar uyuldi, qoshlar chimirildi: “Shoshmay tur, hali ko‘rasan!”, “Xudoga shukr, mendan so‘ramadi”, “Bugun haqiqatan ham kayfiyati yo‘q. Eri bilan urishganmi?”, “Direktordan gap eshitgan bo‘lsa kerak”...
– Xo‘sh, darsga tayyorlanib kelgan biron odam bormi? Yo‘q! Demak, qolganlarga og‘zaki “2”, yanagi darsda bu bahoni to‘g‘irlashlaring kerak. Aks holda, bu “2”lar jurnalga tushadi. Endi, yangi mavzuga o‘tamiz...
Nozima bu sinfning unga nisbatan “chegara”ni bosib o‘tishiga hech qachon yo‘l qo‘ymagan. Bolalar ham hamisha haddini bilishardi. Bugun Nozimaning ruhiyatidagi tushkunlik, bolalarning kayfiyatidagi bahoriy ko‘tarinkilik to‘qnashib, ana shunday dilxiralikni keltirib chiqardi.
Katta tanaffusda hovliqib Mastura dugonasi keldi.
– Opa shu yil bir to‘yib sumalak yemadim, debdi. Navro‘zda ham o‘tirmagan edik. Sumalak qilinar ekan, har bir kishidan yigirma ming so‘mdan yig‘ishtirishmoqchi. Qo‘shilasanmi?
– O‘, tavba, – Nozima yoqasini ushladi. – Yigirma mingdan yuz o‘qituvchining puli ikki million bo‘ladi. Ikki xalta un yuz ming bo‘lsa, qolgan bir million to‘qqiz yuz ming so‘m pulni nima qilar ekan bu yeb to‘ymaslar?! Birovning haqqidan hech hazar qilishmaydi-ya, noinsoflar!
– Qo‘ysang-chi, osmondan tushganday gapirasan-ey. Axir sumalak bir kecha-kunduz qaynaydi. Kechki payt bazm dasturxoni yozilar ekan. Tandir, kabob, kola, fanta, deganday.
Bazmni eshitib, Nozimaning battar orqasi tutdi:

– Qo‘y, dugona! O‘sha davrada o‘tirib, yana bir marta xo‘rlanishni sira ham istamayman.
– Nozima, qo‘ysangchi! Men o‘sha katta og‘iz boylar bilan ularning laganbardorlariga umuman e’tibor qilmayman. Mushtdekkina qornim bor, bir bo‘lak pishloq bilan bir likop salat yesam ham to‘yib qolaman. Keyin mazza qilib o‘ynayman. Sen bunday bo‘lma. Hamma narsadan kir axtaraversang, o‘zing ham kirlanib qolasan.
Nozima chuqur xo‘rsindi:
– Men boshqacha bo‘la olmayman, beixtiyor o‘sha boyvachchalarga, ularga alohida tashilayotgan sergo‘sht, yog‘li-yog‘li taomlarga qarayveraman. Ularning to‘rda o‘tirib olib, bizning rizqimizni ye-eb, yana bizga bepisandlik bilan qarab o‘tirishlarini ko‘rgani ko‘zim yo‘q. Hatto, ularning dasturxoniga qo‘yiladigan idish-tovoqlar ham biznikidan boshqacha, qimmatbaho bo‘ladi.
Aslida Nozima yuz karra haq edi. Bu maktabda odamga erining martabasi, usti-boshiga qarab muomala qilishar edi. Shunga qarab muallimlar guruhlarga bo‘lingan. Amaldor, puldor kishilarning xotinlari bir guruh, dunyoni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydigan yoshlar bir guruh, Nozima bilan Masturaga o‘xshash o‘rtamiyonalar bir guruh. Shubhasiz, hamisha, har qanday davraning to‘ri, e’tibori boyvachcha xonimlarniki edi. Direktor va o‘rinbosar opa, yana bir-ikki yoshi o‘tib qolgan “zakunchi” muallimalar ham ularning yonida edilar. Ularga hammani muhokama qilish, hammaga tanbeh berish huquqi berilgan. Hamma ulardan qo‘rqadi, hamma ularga xushomad qiladi. Bir kuni Nozima to‘rtta uzuk taqib kelgan edi. Eri Ichki ishlarda qandaydir katta lavozimda ishlaydigan toshkentlik oyimcha uni atay yoniga chaqirib, tanbeh berdi:
– Nozimaxon, bu nima yurish? Hamma yog‘ingiz tilla bo‘lib ketibdi-ku. Bu yer to‘yxona emas, maktab! Siz esa otarchi emas, o‘qituvchisiz, – ayolning chimirilgan payvasta qoshlari, kishiga o‘qdek qadaluvchi surmali ko‘zlari, baqbaqalari ham zeb bo‘lib turgan ajinsiz oppoq yuzlari, xullas, butun turqi tarovatidan chak-chak etib, zahar tomib turardi. Nozima beixtiyor uning kattakon olmos ko‘zlari lovullab turgan ziragi bilan uzugiga qaradi.
– Bunday uzuklar kimda yo‘q, balki menda bir hovuchi bordir. Bor, deb, borimizni barmog‘imizga ilib, o‘quvchilarning oldida yaltir-yultir qilib yurishimiz shartmi?
Ayolning qahrli ko‘zlari olmosdan ham o‘tkir edi, Nozima qip-qizil yoqut ko‘zlari baqrayib turgan uzuklar taqilgan qo‘llarini tizzalari orasiga oldi. Uning noo‘rin kattachiligidan qahri keldi, ammo o‘zi necha yillardan beri intilib yeta olmagan taqinchoqlar quloq va barmoqlarida yaltillab turgan ayolga o‘tkazib biron narsa deya olmadi.
O‘sha kungi muloqotdan so‘ng necha payt o‘ziga kela olmay yurdi. O‘sha “tergov” esiga tushsa, haliyam mazasi qochadi.

...– Yo‘q, dugon, men bu bazmga qatnashmayman.
– Qatnashsang, qatnashmasang, oylikdan yigirma ming ushlab qolaveradi. Undan ko‘ra qatnashaylik. Yeb-ichib, o‘ynab-kulib...
– Men baribir qatnashmayman.
Uning bunchalar kayfiyatsiz ekanligiga dugonasi hayron bo‘ldi: – Nima bo‘ldi? Yana qaynonang bilan jiqillashib qoldingmi?
– E-e... yo‘q! O‘z-o‘zimdan siqilib ketayapman.
– Sen o‘zing tilchi bo‘lsang, boshqalarga nisbatan tarbiyaviy narsalarni ko‘proq o‘qiysan. Shukr qilishni o‘rganish kerak. Nima deydi, hikmat izlaganga hikmatdir dunyo, g‘urbat izlaganga, g‘urbatdir dunyo. Boshingda ering bo‘lsa, bolalaring bo‘lsa! Qasrdek uy-joying bor. Qaynonang ham yomon xotin emas.
– Jonimga tegib ketgan hammasi. Ming yaxshi xotin bo‘lsa ham har kun peshonangdan bir kishi qarab tursa, to‘yib ketasan. Har kuni bir xil hayot: ish-uy, uy-ish, supur-sidir, pishir-kuydir, yuv-chay, dars, konspekt – jonimga tegdi hammasi. Hech tinmaysan, lekin hech biring ikki bo‘lmaydi. O‘rni kelganda, bir o‘quvchingcha kiyina olmaysan.
– E-e, qo‘y-e! – dugonasi uni astoydil urishdi. – Bugun chap yoning bilan turib kelgansan, shekilli. Shukr qil, dugon. Qanoatda gap ko‘p. Mana men, diq-diqlab erimni Rossiyaga jo‘natdim, endi yeganim ichimga tushmaydi. Yuborayotgan pullariyam ko‘zimga ko‘rinmaydi. Ayniqsa, kechqurun ovqat mahali bolalarimning ko‘ziga qarashga uyalaman. Hammasi sog‘ingan. Pulimiz oshib-toshib yotmasa ham bosh egamiz bor edi, bag‘rimiz butun edi. O‘ylab qarasam, erimning qorasiyam qora tog‘ ekan. Endi “Sog‘mikin? Tinchmikin?” deb diqillab umrim o‘tayapti. Bir qo‘ng‘iroq qilib qolsa ham dunyo topgan tentakdek suyunib qolamiz.
– Lekin erim pul topaman, deb Rossiyaga ketsa, men sira xafa bo‘lmas edim!..
Darslari tugagach, ikki dugona birga chiqishdi. Ayni peshin bo‘lgani uchunmi, havo isib ketgan, “Aziz momo”ning uch kun oldingi qahridan nom-nishon qolmagan. Biroz kechikibroq gulga kirgan bodomlar yana to‘y sarguzashtlarini, qo‘shiqchi kuyovjo‘rani yodga soldi. Mastura yotoq mebeli olgan ekan. “Bir ko‘r-chi”, deb uyiga boshladi. Choqqina hovlidagi sokinlikka havasi keldi:
– Qanday mazza! Uyingda oshiqcha odam yo‘q. Xohlasang, yotasan, xohlasang, turasan. Qaynona- qaynota emas, erimni ham ko‘rgim kelmayapti. Bizning uy-shtab! Birovini kuzatsang, ikkinchisi “assalomu alaykum” deb kelib turadi. Shunday charchab ketdim-ki! Bolalarim qo‘shnining bolasini

ergashtirib kelsa ham yoqmaydigan bo‘lib qolgan. Qani, ikki xonaligina uyim bo‘lsa!.. Yotsam, tursam, o‘zim istagan ishni qilsam!.. Birov mening kun tartibimni tuzib bermasa!
– Buning hech iloji yo‘q. Bandalarining kun tartibi bir umrlik qilib Alloh tomonidan tuzib qo‘yilgan bo‘ladi. Masalan, tong otadi, birov “tur” demasa ham, o‘zingning ehtiyojlaring uchun turasan. Qorning ochadi, ovqat qilasan. Ovqat qilish uchun masalliq kerak, masalliq topish uchun esa qayerdadir ishlash kerak. Xullas, o‘sha qaynona-qaynota bo‘lmasa ham, tirik ekansan, tirikchiligingni qilaverasan.
– Baribir!.. Hech bo‘lmasa, birovning nazoratida emas, o‘zing uchun, o‘z ixtiyoring bilan qilsang, u boshqacha bo‘ladi.
– Qo‘y-e, dugon, dushmanlaring haqida gapirganday gapirma.
Masturaning mebeli juda chiroyli ekan. Qo‘shnisi bolalarini bog‘chadan olib kelib berdi, u ovqat qildi. Hech uyiga qaytgisi kelmadi, shu yerda kechgacha qolib ketdi. Qaynonasi bilganini qilsin, o‘g‘lining qayta uylangisi kelib yotgan bo‘lsa, ovqatini ham o‘zi qilib yesin. Bolalarni qaynotasi olib keladi.
Ertasi kuni birinchi soatdan direktor chaqirtirayotgani aytishdi. Kecha aytgan gapi yodiga tushib, ko‘ngli behalovat bo‘ldi: “Menga komissiya olib kirmang”, deb durustroq iltimos qilsam bo‘lar ekan”.
Odatdagidek, direktor Opaning yonida ekan. Har doimgidek salomiga alik ham olmadi. Opa esa birdan bobillab ketdi:
– Ey, sen nima qilib yuribsan? Butun boshli sinfga “2” qo‘yishga nima haqqing bor? O‘zingga ham baho qo‘ygansanmi? Butun sinfdan biron bolaga “2” dan ziyod bilim bera olmagan muallimning bahosi “1” bo‘ladi, bildingmi? Senlarning shuncha komissiyalaringga pesh bo‘lib yurganim kamlik qilganday, endi prokurorning oldida tik turib, so‘roq berishim kerak.
Nozima ko‘zlarini chaqchaytirib, og‘zidan tupuk sachratib baqirayotgan Opaga qarab, qo‘rqib ketdi. 7 “a” ga qo‘yilgan “2” lar anchadan so‘ng yodiga tushdi:
– Opa, u sinf... – sinfning uni qanday masxara qilganini aytib, o‘zini oqlamoqchi edi, Opa gapini bo‘ldi:
– Oldimga tush, seni prokuror chaqirayapti!
Uning oyoqlaridan joni chiqib ketganday bo‘ldi, lekin birdan qaysarligi tutdi: – Mening darsim bor, bolalarni tashlab keta olmayman.

– Hey! – sumkasini qo‘ltig‘iga qisib, oldinga tushgan Opa ortiga qarab, bir o‘shqirdi. – Oldimga tush, deyapman senga!
Endi taysallashning foydasi yo‘q edi. Sinfxonaga kirib, sumkachasini olib chiqdi.
Prokuror – sochlariga oq oralagan, lekin lo‘ppi yuzlaridan hali qirqqa ham kirmagani ko‘rinib turgan yoqimtoygina kishi ekan. Yam-yashil gilam to‘shalgan keng xonasida nozik hidli farangi atirning xushbo‘y isi kezib yurardi.
– Xo‘sh, muhtarama Berdiqulova siz bo‘lsangiz kerak-a? – birinchi bo‘lib unga qo‘l uzatdi, qo‘llari ham yumshoqqina edi. – Qani, o‘tiringlar-chi? Ahvollar yaxshimi? Bizning bolalar sizni qiynab qo‘ymayaptimi?
– Yo‘g‘-e, Abdurashid aka, sizning bolalaringizdek bola bormi maktabda? Sizning bolalaringiz maktabimizning faxri-ku. Ular buni emas, bu noo‘rin talabchanlik bilan bolalarni qiynab yuradi ba’zan, – uning o‘rniga jag‘i-jag‘iga tegmay yaltoqlana ketdi Opa. – O‘ziyam qilgan ishidan pushaymon, kechirim so‘ragani keldik.
Prokuror opaga mamnunlik bilan bir qarab qo‘ydi-da, yana Nozimaga yuzlandi.
U yonboshda turgan temir shkafni sharaqlatib ochdi-da, qora yelim qog‘ozga o‘rog‘lik mushtumday narsani olib, Nozimaning sumkasiga solib qo‘ydi.
– Siz... nima qilayapsiz? – hayron bo‘ldi Nozima.
– Kecha yigitlar bir ayolni ushlashgan ekan. O‘sha ayolning sumkasidan chiqdi bu qora ajal. Ko‘rsangiz binoyiday ayol... O‘zini qamoqqa olishdi, buni ashyoviy dalil sifatida olib qo‘ygandim.
– Men uni nima qilaman?
– Siz?.. – kuldi prokuror. – Hozir ikkita militsionerni chaqirib, sizni tekshirib ko‘rishlarini so‘rayman. Sumkangizdan manovi matoh chiqadi. Opangiz esa jinoiy harakatni asoslab yozilgan bayonnomaga qo‘l qo‘yadi. O‘qituvchi, ayol, ona ekanligingiz inobatga olingan taqdirda ham sizning barcha orzularingiz, kelajagingiz barbod bo‘ladi
– Ie, men!.. – Nozima shoshib sumkasiga yopishdi.
Prokuror uni ohistagina nari surib qo‘ydi, uning qo‘llari juda baquvvat edi:
– Shoshmang! – keskin buyruq berdi u, so‘ng sumkaga solingan tugunchani olib, yana temir shkafiga soldi. – Endi o‘tiring, mana sumkangiz.