QIL USTIDAGI AYOL
Jamila ERGASHEVA
Jamila ERGASHEVA
Tog‘larga sel keldi. Keng o‘zanlar o‘rtasida ko‘z ilg‘ar-ilg‘amas kumush kamardek yaltirab oqib yotgan Surxon shovqin-suron bilan shovullab kelgan loyqa suvni bir seskanib bag‘riga oldi. Pishqirgan suv o‘zanlardan toshib, qay bir chaqqon dehqon daftar chizig‘idek egat tortib qo‘ygan paykallarni ham yuvib ketdi. Havo birdan sovidi. Jahl otiga minib, pishqirib oqayotgan Surxonni yoqalab, Robiya xolaning hovlisi tomon kuyov navkarlar o‘tganda poyonsiz osmon o‘rtasida hayron yiltillab turgan quyosh ham qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi.
Robiya xola bir umr faol bo‘lib o‘tgan: birgad bo‘lgan, deputat, delegat bo‘lgan, hamisha el ustida, elning oldi bo‘lib yurgan, hech topmaganda ham shapaloq bilan yuz qizartib, katta-kichikning izzatiga yetgan ayol edi. Kuyovning oyoqlari ostiga lovullab turgan xonatlas bilan oqlik to‘shab, poyondozni qo‘shqavat qildi. Egniga buxorocha zarbop to‘n soldi. Dasturxonida anqoning tuxumidan bo‘lak hamma narsa bor edi. Hammasi ko‘ngildagidek bo‘ldi, faqat kunchiqarda paydo bo‘lgan qoramtir bulut hamma yoqqa sarg‘imtil soya tashlab olgani yuragini siqdi. Kelin kiyinayotgan xona bilan qudalar o‘tirgan xona o‘rtasida yugurib yurarkan, har zamon – har zamon osmonga qarab qo‘yardi. Aksiga olib, qora bulut muzaffar qo‘shindek tobora shiddat bilan osmonni egallab borardi. Qayerdadir qarg‘alar ham qag‘illadi. Shohistaga otasi duo berayotgan payt birdan shamol turdi. Qiz ota duosini olib, yon-atrofi rang-barang shoyi tasmalar, sharlar bilan bezatilgan mashinaga o‘tirguncha shamol bolasini izlayotgan telba onadek uvillay boshladi. Bir pasda yer-u osmon chang-to‘zon bilan qoplandi. Bir qadam narida turgan narsani ko‘rishning iloji yo‘q edi. Birin- ketin yo‘lga chiqqan mashinalar kuppa-kunduz kuni tungi chiroqlarini yoqib olishdi. Oradan bir
chovgum suv qaynaydigan fursat o‘tmay, shatir-shutur yomg‘ir yog‘a boshladi, izidan qor uchqunladi. Kelin kuyovning uyiga yetib kelganda hamma yoq oppoq qor edi:
– Bu Aziz momo! – dedi kelin-kuyov o‘tirgan mashinani boshqarib kelayotgan o‘rta yashar kishi. – To‘qson, bir kunimcha yo‘qsan, der ekan. Haqiqatan ham to‘qson kunlik qishda shu qahrning o‘ndan birini ko‘rganmidik? Lekin chatoq bo‘ldi. Hamma narsa uyg‘onib qolgan edi. Bu yil bodom yili bo‘ldi, deb yurgan edik hammamiz.
– Bir yil bodom yemasangiz, yemabsiz, aka! – orqada kelinning yonida o‘tirgan yanga kuldi. – Eng muhimi, Aziz momo kelinning yo‘liga poyondoz to‘shadi.
Haydovchi peshoynadan yangaga birrov hayron va norozi qarab qo‘ydi-da, so‘ng o‘ziga o‘zi aytayotganday so‘zlandi:
– Ha-a... Elning rizqi edi-da...
Kuyov tomon mashinani qiy-chuv bilan kutib oldi. “Aziz momo”ning kutilmagan qahridan shoshib qolgan katta-kichik oyoq ostida loyga aylanayotgan ola-chalpoq qor ustida diydirashib, kelin-kuyov o‘tirgan mashinani o‘rab olishdi. Mashina eshiklari birin-ketin ochilib, haydovchi, kuyov, kuyovjo‘ra mashinadan tushdi. Kelin yanga esa o‘zlari tomondagi eshikning tutqichiga mahkam yopishib, kelinga qo‘l uzatgan kuyovning yo‘lini to‘sdi:
– Oldin haqini bering!
Kuyov cho‘ntagidan besh-oltita ming so‘mlik chiqardi.
Yanga ishva bilan bosh chayqadi:
– Bu kam!..
Bu safar kuyovning yonida turgan jo‘rasi cho‘ntak kavlab, yangaga pul uzatdi:
Yanga pulga qarab, mazax qilganday kuldi:
– Yaxshi yigit, men sizdan saqich puli so‘rayotganim yo‘q. Men kelin olib keldim, xo‘rozqand emas.
Kelin xijolat tortib, yangasining biqiniga qattiq turtdi. Yanga bir siltanib, yana eshik tutqichiga yopishib oldi:
– To‘g‘ri-da, qo‘lidan kelgan yigit uylansin!
Kuyov oq-sariqdan kelgan rangpargina yigit edi, duv etib qizardi.
Kuyovjo‘ra mashina eshigiga engashib, yangaga piching qildi:
– O‘zingizning narxingizni ham ayting, yanga, ko‘tara savdo qilamiz.
Atrofda yengilgina kulgi ko‘tarildi. Poyondoz ushlab, kelinning tushishini kutib turgan ayol pastki labini tishlab, yerga qaradi: “Yashshamagur, qudaning izzatini qilmadi!”
– Quruq qoshiq og‘iz yirtadi, yigit! Qo‘lingdan keladigan ishni gapir! – qarzdor bo‘lib qolishni istamagan yanga ham kuyovjo‘rani masxara qildi.
Yigitlar qiyqirib yubordi: “Tamom bo‘lding, Hamdam!”
Hamdam, aftidan kuyovjo‘raning ismi shunday edi – nimadir demoqchi bo‘lib unga tomon yurayotgan edi, kuyovning imosi bilan ikki yigit uni qo‘ltig‘idan tutib, nari olib ketishdi.
Kuyovning o‘zi cho‘ntagidan bir dasta pul chiqarib, yangaga berdi. Yanga pulni zanjirlari yaltiroq sumkachasiga solib, mashina eshigini ochdi. So‘ng g‘olibona pastga tushib, tor kiyimdagi kelishgan qaddi-qomatini ko‘z-ko‘z qilgancha davraning qoq o‘rtasidan kesib o‘tib, darvoza oldiga borib turdi. Yigitlar Hamdamning biqiniga turtishdi.
– Zo‘r narsa ekan! Ko‘tara savdo qilsang, pulingga kuymas ekansan. Hamdamning quyuq qoshlari chimirildi:
– Izimdan itdek ergashtirmasam, otamning o‘g‘li emasman.
U shunday deb olov aylanayotgan kelin-kuyovni tomosha qilib turgan “yanga”ga tikildi. Biroz o‘tib “yanga” uning o‘tli nigohlarini his etdimi, yalt etib, unga qaradi. Hamdam dastlabki g‘alabadan sevinib ketdi. Qoshlarini chimirib turgan xushro‘y juvonga ma’nodor tikilib, ko‘zlarini qisib qo‘ydi. Juvon avvaliga hayron bo‘ldi, so‘ng yigitning oshkora shilqimligidan qahrlanib, zarda bilan yuzini burdi. Ammo Hamdamning o‘z “mashg‘ulot”ini to‘xtatish niyati yo‘q edi. Juvon ham qiziquvchanlik tufaylimi, qahrini bosa olmaganidanmi, yana unga qaradi. Hamdam esa kulib, yana ko‘z qisdi. Yanga endi astoydil qahrlandi, unga butunlay orqa o‘girib, kelinni ham kutib turmasdan, hovliga kirib ketdi: “Tarbiyasiz!”
Tantiq yanga qaysidir ma’noda haq edi. Hamdam olti qizdan so‘ng tilab-tilab olingan Tilovmurod, aytgani qonun, istagani muhayyo, ushlagani o‘ziniki bo‘lib o‘sgan yigit edi. Yanganing u uzatgan pulni masxara qilib, yana sensirab gapirgani uning hamiyatiga tegdi. To‘yxonaning o‘zidayoq bu oyimchaning kimligidan tortib, telefon raqamigacha aniqlab oldi.
– Biz endi boja bo‘lamiz, – dedi kuyovning yelkasiga ma’noli qoqib.
Ahmad oshnasining fe’lini yaxshi bilar edi. Nimaga sha’ma qilayotganini darrov tushundi:
– Oshna, sen bunday gaplarni qo‘y. Eri juda yaxshi yigit. Buyog‘i biz bor. Bir ahmoq xotinning kaltafahmligini deb...
Hamdam uzr so‘rayotganday qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, kuldi:
– Oshna-a!.. Oshnachilik o‘z yo‘liga, lekin har kimning o‘z hisob-kitobi bor. Bilasan, men qarz bo‘lib yurishni yomon ko‘raman. Ayniqsa, ayol kishidan!..
* **
To‘y kuni yoqqan qor shu kuniyoq erib ketgan bo‘lsa-da, hali havoning zahri sinmagan, hamma joy zax va nam, allaqachon yo‘lga chiqqan qish nimasinidir unutib qoldirgani uchun ortiga qaytgan besarishta xotindek ivirsib yurardi.
Ular yuzochdidan tushga yaqin qaytishdi. To‘yda ishlatilgan stol-stullar ayqash-uyqash bo‘lib yotgan hovlida hech kim yo‘q edi. Ayvon derazasida turgan telefon dunyoni boshiga ko‘tarib jiringlab yotardi.
– Nozima, anavini ol, o‘zini yeb yotibdi, – tugun ko‘tarib oshxona tomon ketayotgan Robiya xola keliniga buyurdi. – Bobong qayerga yo‘qolgan...
– Allo-o, eshitaman, – Nozima derazadan telefon go‘shagini olib, qulog‘iga tutdi. – Da-a! – Nozimaxon, o‘zingizmi?
– Ha, menman. O‘zingiz kimsiz? – u javobni eshitmasdan ovoz egasini tanidi. – Biron ishingiz bormidi?
– Bir ahvol so‘ray, dedim sizdan. To‘y tashvishlari bilan charchamadingizmi? Yana... Sizdan uzr so‘ramoqchiman. Kecha biroz kayfim bor edi. Odobsizlik qilgan bo‘lsam, kechiring.
– Shundaymi? Ha, mayli, sog‘ bo‘ling.
– Nozimaxon, bilasizmi, men ba’zan to‘ylarda qo‘shiq aytaman. Kecha yangi qo‘shiq o‘rgandim. Bir eshitib ko‘ring, – yigit shirali ovozda qo‘shiq xirgoyi qila boshladi. – “Qalbimda oh urar, ohlarim
unsiz, senga talpinaman kechayu kunduz. Balki sen yasharsan, jonginam, mensiz. Men qanday yasharman dunyoda sensi-iz?..” Qalay, yoqdimi?
Tugunlarini joylashtirib, oshxonadan chiqqan Robiya xola unga qaradi: – Kim ekan? Kimni so‘rayapti?
O‘g‘irlik ustida qo‘lga tushgandek, Nozimaning rangi oqarib ketdi. Hamon quloqlariga bosib turgan go‘shakka:
– Siz aytgan odam bu yerda yashamaydi. Sizga noto‘g‘ri telefon berishibdi, – dedi, so‘ng qaynonasiga yuzlandi. – Normurod degan yigitni so‘rayapti.
Bir oz vaqt o‘tib, telefon yana jiringladi. Bu safar Nozima ayvon ichkarisida edi. Indamay telefonning simini uzib qo‘ya qoldi. Xonasiga o‘tayotib, devordagi baland toshoynaga qaradi: sarvdek qaddi-qomat, shuncha to‘y tashvishlaridan keyin ham lovullab turgan qoshu ko‘z, tim qora sochlar ko‘nglini to‘ldirdi: “Qandingni ur, Nozi! Ikki bolali bo‘lsang ham, bir ko‘chaga chiqsang, izingdan o‘n yigit yuragini changallab qoladi”. Beixtiyor kuyovjo‘ra aytgan qo‘shiqning so‘zlari yuragidan qaynab chiqayotganday bo‘ldi: “Men qanday yasharman dunyoda sen-si-iz?..” Shu qo‘shiq xirgoyisi bilan kiyim almashtirdi. Tor-tanqis kiyim-bosh, turli tasmalar iskanjasidan ozod bo‘lgan tanasi yengil nafas oldi. Keng-mo‘l paxtalik ko‘ylagini kiyib, divanga cho‘zildi. Oyoqlarini uzatgandan so‘ng juda charchaganini his qildi. Bir qarashda yordamchi ko‘p: ovsinlar, amma- xolalar, jiyanlar! Ammo hech bir ish Nozimasiz bitmaydi. “Nozi, dasturxon kerak!”, “Nozi, sochiq kerak”, “Nozi, mehmon keldi”, “Nozi!..” U shu katta xonadonning bekasimi, cho‘risimi, harqalay hamma narsaning joyini faqat u biladi va faqat u topib berishi kerak. Albatta, qaynonasi turganda unga bekalik tegarmidi? U xizmatkor, maoshsiz ishlaydigan, hech qachon rahmat eshitmaydigan xizmatkor! Ayniqsa keyingi kunlarda unga juda alam qildi. Qaynonasi kenja qizining sepiga bor bisotini to‘kib soldi. Eshikdan kim kelsa, qizining sepini bir-bir ko‘rsatib maqtanadi: “Borgan joyida tili qisiq bo‘lib yurmasin. Bizda faqat o‘g‘ilni o‘ylashadi. Axir qiz ham farzand, birovning eshigiga boradi. Esi bor ota-ona qizga o‘g‘ildan ikki baravar ko‘proq qilishi kerak”: Bu gaplar, uning ismi qo‘shib aytilmayotgan bo‘lsa-da, suyak-suyaklaridan o‘tib ketaverardi. “Ha, uning onasi buncha sep qilmagan. Qayerdan ham qilsin, o‘zi oddiy muallima bo‘lsa... Buyog‘i jo‘jabirday jon, har yili bir bolasini uylaydi”.
Nozima anchadan beri olmos ko‘zli uzuk bilan zirakka pul yig‘ib yurgan edi. Bu jamg‘armaga ba’zan eri ham ulush qo‘shib turardi. Ozgina qolgan edi, yozda ta’til pulini olsa, bo‘ldi edi. To‘ydan uch kun avval eri “Sen picha shoshmay tur. Pulingni o‘zim qilib beraman”, deb bor pulini onasiga chiqarib berdi. Uning tili tanglayiga yopishib qoldi. Onasi o‘g‘lini alqab-alqab, o‘zidan ozroq pul qo‘shib, qayinsinglisiga xuddi u orzu qilganday olmos ko‘zli uzuk bilan zirak olib keldi. Yana “Iching kuyib, o‘l!” deganday ona va qiz biri olib, biri qo‘yib, xaridlarini unga ko‘rsatib, maqtanishardi: “Tovlanishini
bir ko‘ring, har qirrasida yuz xil rang bordek go‘yo!”. Nozima harchand o‘zini beparvo tutishga urinmasin, uddasidan chiqa olmadi. Tomog‘iga nimadir tiqilib, ikki chekkasidagi tomirlarda issiqqina nimalardir vijir-vijir qilib, ko‘zlari tomon oqib kela boshladi. U zo‘rg‘a “Ha-a, ha, yaxshi, juda chiroyli ekan!” dedi-yu, ortiga burilib yotog‘iga chiqib ketdi. Biroz hovri bosilgach, o‘zini urishdi: “Arzimas bir taqinchoq uchun o‘zingga achchiq gap sotib olishning nima keragi bor? Hozir bir nima deydigan bo‘lsang, sening ham onang qilsin edi, deyishi aniq. Siz qizingizga mening necha yildan beri yig‘ib yurgan pulimga qilayapsiz. Bu pul men uchun onamning sutidek halol edi, desinmi? Nima foydasi bor?”
Ayniqsa erining bezdek bo‘lib, pulni indamay onasiga chiqarib berishi unga juda alam qildi. O‘zi bu erkak qachon unga yolchitib biron narsa olib bergan?! Odamlarning eri xotiniga ota-onasidan yashirib pul bersa, bu!.. Qachon bo‘lsa, mo‘ltirab onasining ko‘ziga qarab turadi.
Bir achchiq bilan bolalarini yetaklab, onasinikiga ketib qolay, dedi. Yana shaytonga hay berdi. Yaxshiyam ketmagan ekan, biroz charchagan bo‘lsa ham to‘y bahona qancha qarindosh-urug‘larini ko‘rdi, yedi-ichdi, o‘ynab-kuldi. Kuyov tomon ham zo‘r to‘y berdi. Kuyovjo‘rasi tushmagur ko‘zi bilan yeb qo‘ymadi, qo‘ymadi.
Endi ko‘zi ilingan ekan, kimdir yelkasiga qattiq turtdi, cho‘chib ko‘zini ochdi. Boshida qoshlari norozi chimirilgan eri turardi:
– Turib, onamga qarashsang bo‘lmaydimi? Yetmishga kirgan kampir muzlab, idish-tovoq yuvib yotibdi, sen bo‘lsang, yalpayib!..
Xona ancha salqin edi, ustiga hech narsa olmay yotib qolgan ekan, biroz mizg‘iganigami, eti junjikdi. Erining yuziga bir qarab, kerishib oldi. So‘ng o‘rnidan turib o‘tirdi:
– Buncha vahima qilasiz? Qiz tug‘ib, qiz uzatgan boybicha ishlaydi-da. Ichingiz achiyotgan bo‘lsa, o‘zingiz yuving o‘sha idish-tovoqlarni.
– Hey-y! O‘zingdan ketma, xotin! – xotini janjal istab turgan bo‘lsa-da, o‘zini bosdi. – Choy-poy qil, mehmon keldi.
– Uf-f! – Nozimaning rostakamiga jahli chiqib ketdi. – Yana mehmonmi? Bu uyda tinchlik bormi o‘zi? Kechagi mehmondorchilikning joyini tozalab ulgurmasingdan yangisi kirib kelaveradi. To‘yib ketdim hammalaringdan!
– E-ey! Menga qara! – Sardorning jahli chiqib ketdi. – Senga o‘zi umuman odam isi yoqmaydi. Yesang, yotsang, sollanib ko‘chama-ko‘cha yursang! Kun bo‘yi telefonga osilib, onang bilan g‘iybatlashsang! Dangasa!
– Onamni tinch qo‘ying, onamga til tekkizmang!
– Onang bilan qo‘shmozor bo‘l! – Sardor jahl bilan xonadan chiqib ketdi.
Nozima ancha vaqt o‘ziga kelolmay o‘tirdi. Zarda bilan to‘shakka cho‘zilib ham oldi, ammo uyqusi buzilib bo‘lgan, charchog‘i ham bir qadar yozilgan edi. Hech kim uni yo‘qlab kelmasligiga ko‘zi yetgach, o‘tirib-o‘tirib o‘rnidan turdi-da, oshxonaga o‘tdi. Qaynonasi javrab-javrab qozon kavlar, eri piyola artar edi. U beixtiyor eshik ortida turib qoldi: “Mayli, bolam, mayli. Ikki bolasi bor. Indama. Bir kun ro‘zg‘or o‘ziga qolsa, odam bo‘p qoladi”. “E-e, shumi? Hech qachon o‘zgarmaydi. O‘zgarsa, shuncha yildan beri o‘zgarardi-da. Siz o‘lib ketsangiz, bu eshikdan na bir oshnam, na bir qarindoshimni olib kira olmasam kerak. Chivinini qo‘rishga erinadigan jonivor. Shu ikki bola siyaman desayam baloga qoladi. Go‘dakkinalar qo‘rqqanidan sizning oldingizga keladi. O‘zining bolasi yoqmagan odamga siz bilan mening mehmonim yoqarmidi?”. “Mayli, bolam, mayli. Hozircha o‘zim bor. Men o‘lib ketsam, mehmonlaringni restoranlarda kutaverasan. Topmay o‘tirgan joying yo‘q”. “E-e, ona, qirqqa kirsam ham shuningizni haydab, boshqa uylanaman”. “Tavba de-e! Gulday bolalaringning boshiga o‘gay ota, o‘gay ona zulmini solmoqchimisan? Xotining hali yosh, birov to‘qqizida bosh bo‘lar, birov o‘ttizida ham yosh bo‘lar. Bo‘ladi-da. Qilmaydi emas, qiladi. Bir itfe’li bor, bir umr hamma narsadan norozi bo‘lib yuradi. Biroz noshukr, shuncha yil yashab, bundan keyin ham bir umr yashashi kerak bo‘lgan uyga hech mehr qo‘ymadi. Faqat “onamnikiga” deb turadi. Shunisiga dog‘man, bolam, mayli, insof-tavfig‘ini bersin!”
“Ha-a, uylan! Iloyo, uylan! Men ham sening yuvindingga zor bo‘lib o‘tirganim yo‘q. Ikki bolamni oydinda oyog‘im bilan boqaman. Shu bolalarning ust-boshidan ham qizg‘anib, yig‘ib yurgan pullarimni singlingga hadya qilib yubording. Ablah!”, u shartta ortiga burilib, hovliga chiqdi. Namxush havo lovullab qizib ketgan yuzlariga urildi. O‘pkasi to‘lib, yig‘lagisi keldi. Hovlining adog‘iga qarab yurdi. Qaynonasi uni derazadan ko‘rib qoldi, shekilli, chaqirib qoldi.
– Nozima-yuv!
“Xuddi hech narsa bo‘lmaganday, hech narsa demaganday!”
– Ha? – norozi to‘ng‘illadi u.
– Soat to‘rt bo‘ldi, bolalar ham bog‘chada ilhaq bo‘lib o‘tirishgandir. Shularni olib kel, bolam.
Qaynonasi har doim shunday qiladi. Bir umr elni boshqargan ayol-da. Tulki! Bir gap aytsa, e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan qilib aytadi. Hozir “Kelin degan ham shuncha yotadimi?” deganda, haqqi bormi-yo‘qmi, bir bobillab, xumordan chiqardi. Bu “bolalaringni olib kel” deyapti.
Bunga nima deydi? Bola o‘ziniki bo‘lsa! U indamadi, lekin baribir iziga qaytmadi. Indamay hovlining adog‘iga o‘tdi. U yerda qaynotasi yaxshi ko‘radigan joy bor. Bolta o‘tmaganidan ko‘p yillardan buyon daraxtlar orasida ko‘ndalang bo‘lib yotgan o‘rik tanasi. Qaynotasi ko‘pincha o‘sha yerda o‘tirib chekadi, hovlini tomosha qiladi, nevaralariga o‘yinchoqlar yasab beradi. Bu yerni Nozima ham yaxshi ko‘radi, hovlini yig‘ishtirib, supurganda, shu yerni ham supurib qo‘yadi. Quyuq daraxt shoxlari orasidan bu yerda o‘tirgan odam ko‘rinmaydi, ammo u yerda o‘tirib, ham bog‘ni, ham hovlini bemalol tomosha qilish mumkin. Uning biroz eti junjikdi, bog‘ning ichi salqin edi, yoqalarini ko‘tarib, qo‘llarini ko‘kragi ustiga qovushtirib oldi. Ko‘ngli juda g‘ash edi. Erining gaplari quloqlari ostidan hech ketmasdi. “Ablah!” To‘ydan oldin ham xafa qilgan edi: “Buncha yopishding shu brilliantga! Brilliant taqib yurgan boyvachchaning qizimisan?!”
Yuziga tarsaki tortib yuborganday bo‘ldi. Bularning har gapi ikki boshli to‘qmoq. To‘qmoqning bir uchi uning boshiga tegsa, bir uchi, albatta, onasining boshiga mo‘ljallangan bo‘ladi. To‘g‘ri, uning onasi olmos tugul, yoqut ham taqmagan. Lekin, onasining yo‘li boshqa, zamoni boshqa. Sakkiz bola bilan qanday ham o‘ziga qarardi sho‘rlik? Bu esa shuncha oylikchining ichida yashayapti. Ozgina erkinlik berishsa, hamma narsa olishi mumkin. Ammo qaynonasi hammaning pulini hisob- kitob qilib, hali ta’mir boshlab yuboradi, hali gilam ko‘tarib keladi, hali sigir savdo qiladi. Uning kichkinagina maoshi ham shu katta-katta xarajatlar ichida qumga singan suvdek singib yo‘q bo‘lib ketadi. Shu xarajatlardan qisib-qimtib yig‘ib yurganini!
– Nozi, Nozima-yuv-v!
Qaynonasi yana uvillay boshladi. “Uf-f!..” Aftidan boqqa kirib ketganini ko‘rgan, shekilli. U indamay o‘rnidan turib, darvoza tomon yurdi. Endi bormasa, qo‘ymaydi.
...Bolalarning oldidagi kosachalarning ovqatlarini bidonga yig‘ayotgan bog‘cha opa uni ko‘rib, g‘alati bo‘lib ketdi. Xijolat bo‘lganini sezdirmaslik uchun kulib, o‘zini oqlashga tushdi:
– Hammasi deng, boyvachchaning bolasi. Bog‘chaning ovqatini yemaydi. Yemasanglar, yemanglar, dedim. Tovuqlarim bir mazza qilsin.
Ayolning yaltoqlanishi g‘ashini keltirdi. Bir gap qilib, chaqib olay, dedi-yu, yana indamadi. Yo‘lda o‘g‘lidan so‘radi:
– Nima ovqat berishgan edi?
O‘g‘il burnini jiyirdi:
– Guruchli ovqat. Guruchlarining orasida cho‘plari, toshlari ham bor. Yegimiz kelmadi.
– Men yedim, qornim rosa ochqab ketgan edi. Hammasini yeb qo‘ydim, – dedi qizchasi onasining maqtovidan umidvor bo‘lib.
– Qanday yeding, cho‘plari, toshlari bo‘lsa?
– Cho‘plariniyam yeb qo‘ydim. Men cho‘plarni ham yeya olaman, – yana maqtandi qizcha.
“Shuginalarimni tovuqlarga beriladigan xo‘raklarga teng qilib ishlayman. Topgan pulim kimlarning kuniga yaraydi”.
Yonlaridan g‘izillab o‘tgan mashina yo‘l o‘rtasidagi ko‘lmak suvini shaloplatib, ularning ustiga sachratib o‘tib ketdi. Yap-yangi xalatiga loyqa suv chaplandi. Yana erini yozg‘irdi: “Besh daqiqalik yo‘l! Mehmonlarining og‘ziga qarab o‘tirmasdan, bolalarni mashinada olib kelsa bo‘lardi! Yo‘q, u onasini xafa qilishi mumkin emas. Xotini, bolalari nima bo‘lsa, bo‘lsin. Onasining dili ranjimasa, bo‘ldi!”
Qaynonasi mehmonlarini kuzatib bo‘lgan shekilli, qo‘llarini beliga tirab, darvoza oldida turgan ekan. – Bog‘chaga ketgan-ketmaganingni bilmay, endi o‘zim borsammi, deb turgan edim.
Bolalar momosiga yopisha ketdi.
– Momo-a! Ammam keldimi?
– Ammam uydami?
– Endi ammangning uyi boshqa yoqda. Endi o‘sha yoqda yashaydi.
– Nega, nega?! Nega ammam bizni tashlab ketadi? Men ham ammamnikiga boraman! – Sanjar yerga cho‘nqayib o‘tirib olgancha, yig‘lay boshladi.
– Tur-e, tentak! – Nozima bolasining qilig‘idan achchiqlanib, kostyumining yelkasidan tortdi. – Tur, bor, kiyimlaringni almashtir!
Sanjar o‘rnidan turib, onasiga yopishib, yumdalay ketdi:
– Hammasi sizni deb bo‘ldi. Siz ammamni yomon ko‘rardingiz, u shuning uchun ketib qoldi.
– Nima? Nima deding?! – Nozima o‘g‘lining yuziga qars etkizib, tarsaki tortib yubordi. Bola muvozanatini yo‘qotib, chayqalib ketdi. Qo‘rqqanidan boshini bilaklari orasiga yashirib, o‘tirib oldi. Nozima uni bir tepib, hovliga o‘tib ketdi: “Yuzing qursin, senday bolaning!”
Robiya xola turgan joyida taxtadek qotib qoldi: “Bu kelin chindan ham quturibdi”. Sanjarning mittigina vujudiga har zarba tekkanda xuddi o‘zining yelkalariga qamchi tushgandek bir seskanib, izillab yig‘lab qolgan bolani bag‘riga olguncha qaltirab qoldi:
– Hay, esi yo‘q bolam-a, nima qilasan onangga gapirib? Shu ammang yo‘q bo‘lib ketmaydimi? Senga amma nima kerak?
Boshqa nima ham desin? Bir narsa desa, bu kelinning hamisha tuguni tayyor. Onasi ham beo‘y xotin. Hech qachon, “Ikki bolali bo‘lding, endi sabrli bo‘l” demaydi. “Kel, bolam, tor qornimga siqqan, keng uyimga ham sig‘asan” deydi. Buyog‘i o‘g‘il ham to‘nini teskari kiyib turibdi. Hozir bir narsa desa, hech o‘ylab o‘tirmaydi: “Ona, oldini qaytarmang, ketsa, yo‘qolsin. Qachongacha shunday yashash mumkin? Unga na siz yoqasiz, na biron qarindosh-urug‘im. Faqat men bo‘lsam. Men ham tilsiz-jag‘siz, kunduzi pul topib, kechqurun idish-tovog‘ini yuvi-ib o‘tirsam! E-e!.. Charchab ketdim, ona!”
Ayvonda yana telefon jiringladi. Kimdir simini ulab qo‘ygan shekilli. Yana Nozima to‘g‘ri keldi. Darvoza oldidagi mojaroning qahri bilan o‘qdek uchib xonasiga o‘tib ketayotgan edi, atrofga xavotir bilan bir qarab olib, qo‘rqibgina go‘shakni oldi:
– Allo, eshitaman.
Go‘shakdan qo‘shiq eshitildi:
– Endi men ko‘nglimni uzolmayman, hijronli kunlarni cho‘zolmayman...
Zim-ziyo ko‘ngil uyining darchasidan bir qatim nur sizib kirganday bo‘ldi. Atrof yorishib ketdi. Huzur qilib chuqur nafas oldi, ammo bu qo‘shiqni oxirigacha eshita olmaydi. Afsus... U bir so‘z demay, go‘shakni o‘rniga qo‘ydi. Bolalarini ergashtirib, xonasiga kirib ketgan qaynonasining eshigiga kibrli qahr bilan bir qaradi-da, telefonning simini uzdi. So‘ng hovliga chiqdi. G‘arbga qarab og‘ib borayotgan bahor quyoshi ham uning kayfiyatiga monand besaranjom hovliga mayin nur sochib turardi. Oshxonaga kirib, yuvuqli-yuvuqsiz idish-tovoqlar uyulib yotgan stolning yonboshiga osig‘lik turgan peshbandini olib, oldiga bog‘ladi. Gaz o‘choqda bir chovgum suv qaynab turgan ekan. Hamma idish-tovoqlarni avval ishqorlab, so‘ng issiqqina toza suvda yuvib-artib, taxmonlarga joyladi. So‘ng stollarni, gaz o‘choqni yaltillatib artib, oshxonani ham supirib chiqdi. Hovlini supirib boshlaganda, eri uydan chiqib, stol-stullarni bir chetga taxlay boshladi.
Quyosh so‘nggi nurlari bilan ufqni lola rangga bo‘yaganda bedapoyaga o‘rnatilgan qozon- o‘choqlardan qolgan kul izlarini aytmasa, hovli yana osoyishta holiga qaytgan edi. Eru xotin birga ishlashgan bo‘lsa-da, bir-biriga bir og‘iz ham gap tashlamadi, bunga har ikkalasida ham zarracha rag‘bat, xohish yo‘q edi. Nozima har-har zamon qandaydir intiq xavotir bilan telefon turgan ayvon