narsalarga qarardi.
— Ey, xudoyim, asablarim tamom bo‘lipti, shekilli. Meni o‘lguday qo‘rqitib yubordingiz.
U yana bir marotaba ko‘rib yurgan odamining ayanchli qoldig‘iga qaradi va orqasiga tisarildi. — U ko‘r bo‘lib qolganmidi?
— Ha, bundan bir yil ilgariyoq ko‘r bo‘lib qolgandi.
Ellik yettinchi bob
Kutra xonim xonaga kirishi bilan gapimiz uzilib qoldi. Kutra xonim to‘ladan kelgan, barvasta qomatli, qirrador katta burunli, kelishgan ayol edi. U doimo qomatini tik tutib yurardi. U biror daqiqa bo‘lsin tropik iqlimning odamni bo‘shashtiruvchi kuchlariga bo‘ysunmas, qaytaga mo‘’tadil iqlimda yashaydigan ayollarga qaraganda ham faolroq va harakatchanroq edi. Gapirishdan charchamaydigan xonim birpasda bizga qator yangilik va shov-shuvlarni to‘kib tashladi. O‘rtamizda hozirgina bo‘lib o‘tgan gaplarimiz xonimning keltirgan xabarlari oldida haqiqatdan uzoq, almisoqdan qolganday tuyuldi.
— Xonamda Striklendning rasmi osig‘liq turipti. Uni ko‘rishni istaysizmi?
— Jon-jon deb.
Biz o‘rnimizdan turdik, u meni ayvonga, to‘g‘rirog‘i, uy atrofini egallagan peshayvonga boshladi.
Peshayvonda turib bog‘dagi qiyg‘os ochilgan gullarga zavqlanib tikildik.
— Men uzoq vaqtlargacha Striklendlar uyi devorlariga ishlangan rasmlardagi g‘aroyib dunyo
haqidagi taassurotlardan qutula olmadim, — dedi doktor parishonxotirlik bilan.
Men ham shu haqida o‘ylardim. Nazarimda Striklend shu rasmlardagina ko‘nglida bor narsalarini to‘kib solgandi. Striklend sokinlikda, bu oxirgi imkoniyat ekanligini tamomila anglagan holda, hayot haqida nimaniki o‘ylasa, nimagaki aqli yetgan bo‘lsa, ro‘yirost ko‘rsata oldi. Ehtimol, o‘zi ham mana shu asari tufayligina ko‘ngli taskin topgandir. Nihoyat butun umri mobaynida zo‘r berib tayyorlangan asari bitishi bilanoq, unga azob berib kelgan shayton vasvasasidan ham qutuladi. Butun umr azob chekkan isyonkor qalbi ham xotirjamlik topadi. U endi o‘limga tayyor edi, zero u o‘z vazifasini ado etib
bo‘lgandi.
— Devorlardagi rasmlarda nimalar tasvirlangandi?
— Buni aytib berish qiyin. Sizga qanday tushuntirsam bo‘larkin, hammasi juda g‘alati va g‘aroyib
edi, huddi olamning boshlanishini, jannatni, Odam Ato va Momo Havo ko‘rganday tasvirlangan edi. Xoh erkak, xoh ayol bo‘lsin, umuman, inson tanasi go‘zalligiga madhiya, ulug‘vor va loqayd, maftunkor va shafqatsiz tabiat gimni edi. Rasmda tasvirlangan makonning kengligi, vaqtning tugamasligini his etishdan yurak larzaga kelardi.
Striklend men har kuni ko‘rgan daraxtlar — kokos, banan, tamarinda, kok daraxtlarini tasvirlagandi. O‘sha rasmni ko‘rganimdan beri men bu daraxtlarga boshqacharoq ko‘z bilan qarayman va boshqacharoq ko‘raman. Ularda qandaydir tirik ruh va sirlar yashiringanini his etaman, bularni bilishga intilaman, lekin har safar buni eplolmayman. Ranglar ham menga tanishday tuyuladi, shu bilan birga butunlay boshqacha. Rasmlarning har bir qismida ranglar o‘ziga xos ma’no kasb etadi. Yalang‘och erkaklar va ayollar-chi! Ular yer odamlariga o‘xshaydi, shu bilan birga biz ko‘rib yurgan odamlardan tamomila boshqacha. Ular xuddi loydan yasalganday, shu bilan birga, ularda ilohiylik uchqunlari ham seziladi. Qarshingizda ibtidoiy instinktlaridan xalos bo‘la olmagan odamlar namoyon bo‘ladi, shu bilan bir vaqtda ularda o‘zingiz tasvirlanganingizni ko‘rib, etingiz jimirlashib ketadi.
Doktor Kutra yelkasini qisdi va kuldi.
— Siz balki ustimdan kularsiz. Men moddiyunchi, shu bilan birga semiz odamman. Lirika menga yarashmaydi. Men o‘zimni masxara qilishga asos berayapman. Lekin sizga aytadigan chin so‘zim
109


shuki, hayotimda hech qachon san’at menga bu qadar kuchli ta’sir ko‘rsatmagandi. To‘g‘ri, Sikstin ibodatxonasida xorchilar turadigan joyning shiftini ko‘rganimda ham shunday holatga tushgandim. Bu shiftni ishlagan odamga tahsinlar o‘qigandim. Bu genial va g‘oyat mahobatli ish edi. Uning oldida o‘zimni arzimas chuvalchangday his etdim. Lekin Mikelanjeloning ulug‘ligiga biz tayyorlanganmiz va o‘rganib qolganmiz. Madaniy dunyodan olisda joylashgan Taravao tepasidagi tog‘ darasidagi g‘arib bir kulbada ko‘rganim mo‘’jizaga esa tayyor bo‘lish mumkin emasdi. Mikelanjelo sog‘lom va risoladagi odam bo‘lgan. Uning ijodida vazmin ulug‘vorlik bor. Bu yerda esa nimadir qalbingizni junbushga keltiradi. Bu narsa aynan nimaligini bilmasdim. Lekin men o‘zimni yo‘qotib qo‘ygandim. Bu tuyg‘uni sizga qanday tushuntirsam ekan? Bu holat xuddi ichkaridagi xonada hech kim yo‘q degan ishonch bilan eshik oldida o‘tirganingda, birdaniga kimdir borligini anglaganingda dahshatga tushganingdagi holatga o‘xshaydi. Bunday vaqtda o‘z-o‘zingni so‘kasan, asabingdan shikoyat qilasan. Shunday bo‘lsa ham... Bir-ikki daqiqa qo‘rquvdan qutula olmaysan, nimadir tomog‘ingdan bo‘g‘ayotganday bo‘ladi. To‘g‘risini aytishim kerak, o‘sha g‘alati shoh asarlar buzib tashlanganini eshitganimda ham unchalik xafa bo‘lganim yo‘q.
— Nobud bo‘ldimi?
— Ha, siz buni bilmaganmidingiz?
— Men qaerdan bilay? Bu asarlar to‘g‘risida ilgari hech narsa eshitmagan edim. Lekin sizning
gapingizni eshitib o‘tirganimda ular rasmlarni yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi biror havaskorning qo‘liga tushganmikin deb umid qilgandim. Axir Striklend asarlarining to‘liq ro‘yxati haligacha yo‘q-da.
— U ko‘r bo‘lib qolgach, devorlarini rasmlar bilan bezab tashlagan ikki xonada soatlab o‘tirardi, ko‘rmaydigan ko‘zlari bilan o‘zi ijod etgan narsalarga tikilar, ehtimol avvalgiga qaraganda ham, balki butun umri mobaynida ko‘rganidan ko‘ra ko‘proq narsa ko‘rardi. Ata menga u hech qachon o‘z qismatidan shikoyat qilmaganini, jasorat hech qachon uni tark etmaganini gapirib berdi. So‘nggi nafasigacha uning ruhi nurafshon va olijanob bo‘lib qoldi. Lekin u xotinidan dafn marosimi o‘tgach, uyni yoqib yuborishga so‘z olgan. Chamasi, men sizga o‘z qo‘llarim bilan unga go‘r qaziganimni, zero yerli odamlardan birortasi zaharlangan uyga yaqinlashishga jur’at eta olmaganini, murdani Ata bilan birga bir-biriga ulab tikilgan uch qavatli kiyimga o‘rab, mango daraxti tagiga ko‘mganimizni aytmadim shekilli. Shunday qilib, Ata uyni yoqib yuborish va uy batamom kul bo‘lgungacha bu yerdan ketmaslikka eriga so‘z bergan ekan.
Men ancha vaqtgacha jim qoldim, xayol surdim va oxirida shunday dedim:
— Demak, u oxirigacha qanday bo‘lsa shundayligicha qolipti-da.
— Shunday deb hisoblaysizmi? Men bu telbalikdan Atani qaytarishni o‘z burchim deb bildim.
— Hatto menga aytib bergan gaplaringizdan keyin ham-a?
— Ha. Men bu narsa dahoning ijodi ekanligini tushundim, insoniyat bundan bahramand bo‘lmog‘i
kerakligi to‘g‘risida o‘yladim. Lekin Ata meni eshitishni ham istamasdi. U eriga so‘z bergan edi. Bunday vahshiylarcha harakat ko‘z o‘ngimda sodir bo‘lmasligi uchun ketib qoldim. Keyinchalik Ata erining istagini o‘rinlatib bajarganini, uylarga, bo‘yralarga kerosin sepib yoqib yuborganini, oradan yarim soat o‘tgach, o‘rnida yiltillab turgan chirindilar qolganini, san’atning ulug‘ asari nobud bo‘lganini eshitdim.
— Menimcha, Striklend buning shoh asar ekanligini bilgan. U o‘zi yaratishni istagan asarni chiza olgan edi. Uning hayoti xotima topdi. U olamni yaratdi va go‘zalligini ko‘ra oldi. Keyin mag‘rurligi va manmanligi tufayli uni barbod etdi.
— Xo‘sh, rasmni sizga ko‘rsatadigan vaqt bo‘ldi, — dedi doktor Kutra va eshik tomon yurdi.
— Ata va bolasining taqdiri nima bilan tugadi?
— Ular Markiz orollariga ketib qolishdi. U yerda Ataning qarindoshlari bor ekan. Uning o‘g‘li qaysidir
kemada xizmat qilarkan, aytishlaricha, otasiga juda o‘xshab ketarkan.
Doktor xona eshigi oldida to‘xtadi.
— Bu mevali natyurmort, — dedi u kulib. — Siz bu shifokor xonasi uchun unchalik mos rasm emas,
dersiz. Lekin xotinim bu rasm mehmonxonada osig‘liq turishini sirayam istamaydi. Uning fikricha,
110


judayam beadab rasm emish.
— Beadab! Axir bu natyurmort-ku! — hayronlikdan xitob qilib yubordim.
Biz xonaga kirdik. Rasm darhol ko‘zimga tashlandi. Men unga uzoq vaqt tikilib qoldim.
Bu banan, mango, apelsin va yana qandaydir mevalar uyumi tasvirlangan rasm edi. Bir qarashda
oddiygina natyurmort. Postimpressionistlarning ko‘rgazmasida beparvoroq tomoshabin bu rasmni oddiygina asar sifatida qabul qilishi mumkin. Keyinroq bu rasm ko‘z o‘ngida qayta-qayta jonlanaverishi va o‘ziga o‘zi nega shunday deb savol beradi. Lekin rasm butun umrga esida qoladi.
Rasmlarning bo‘yoqlari shu qadar odatdan tashqariki, ular uyg‘otgan tuyg‘ularni so‘z bilan ifodalash qiyin. Qoramtir-ko‘kish, anglash qiyin bo‘lgan qandaydir ranglar jilosi hayotning sirli tebranishlarini aks ettirardi. Qip-qizil, sasiy boshlagan xom go‘shtday dahshatli ranglar qandaydir tuyg‘ular uyg‘otib, Geliogabala davridagi qadimgi Rim saltanati davrlarini xotiraga tushiradi, nayzabarg o‘simliklar mevasi singari o‘tkir ranglar Angliyadagi yangi yil bayramini, oppoq qor, o‘yin-kulgi, bolalarning quvnoq qichqiriqlarini yodga soladi. Bu ranglarning hammasi sirli uyg‘unlashib, kaptarlar ko‘ksidagi momiqday noziklik kasb etadi. Bularning yonidan to‘q sariq va bahoriy muattar hidlar tarqatuvchi o‘t-o‘lanlar, toshdan-toshga urilib pastga intilayotgan shaffof tog‘ irmog‘i suvining turfa, ta’riflash qiyin ranglari o‘rin olgan. Bular qanday xayolotning mevasi o‘zi? Ular Gesteridning polineziy bog‘larida yetishgan. Rasmlardagi narsalar xuddi jonliga o‘xshardi, ular yer tarixining hali narsalar to‘la shakllanmagan bir davrida yaratilganday tuyulardi. Mevalar haddan tashqari qulf urib o‘sgandi, xuddi nafas olayotganga o‘xshardi. Ular sehrlangan mevalar edi. Bularni tatib ko‘rmoq, inson qalbining sirlarini ochmoq, chiqib bo‘lmas osmoniy qal’alarni egallash bilan barobar edi. Ular kutilmagan xavf-xatarlar bilan to‘lib turganday, tatib ko‘rgan odam hayvonga yoxud xudoga aylanib qoladiganday. Barcha sog‘lom, qalbi toza odamlar bulardan cho‘chib, o‘zlarini orqaga olishlari tabiiy. Lekin shunga qaramay, ularda qandaydir joziba, o‘ziga tortuvchi kuch bor edi. Xuddi yaxshilik va yomonlik daraxtiday ularda qandaydir Mavhumiyat yashiringandi.
Men chidab turolmadim, yerga qaradim. Striklend o‘z sirlarini o‘zi bilan birga go‘riga olib ketganiga iqror bo‘lgandim.
— Do‘stginam Rene, gapimga quloq soling! — Kutra xonimning shahdam ovozi eshitildi. — Nima balo bilan bunchalik o‘ralashib qoldingiz. Sizni kutishyapti. Janobdan so‘ra-chi, biror qadah may icharmikinlar?
— Tashakkur, xonim, — dedim ayvonga chiqa turib. May ichishga hojat qolmagandi.
Ellik sakkizinchi bob
Taitidan jo‘nab ketadigan vaqtim keldi. Orolda qabul qilingan mehmondo‘stlik odatiga ko‘ra, bu yerda uchrashgan odamlarimning barchasi menga sovg‘a-salomlar keltira boshlashdi: kokos daraxti novdalaridan to‘qilgan savat, pandanusdan to‘qilgan bo‘yra, yelpig‘ich. Tiare menga uchta kichkina
marvarid va po‘rsildoq qo‘llari bilan o‘zi tayyorlagan uch banka guavili jele1 hadya qildi. Vellingtondan San-Frantsiskogo tomon yo‘l olgan va bir kechayu kunduz Taitida to‘xtagan pochta kemasi yo‘lovchilarni bortga chorlab, oxirgi gudokni chalayotganda Tiare meni o‘zining bahaybat ko‘kraklariga bosib quchoqladi — men bamisoli o‘zimni mavj urayotgan to‘lqin bag‘rida turganday his etdim va lablarimdan qattiq o‘pdi. Uning ko‘zlarida yosh miltillardi. Kema asta-sekin ko‘rfazdan suvosti qoyalariga chap bergan holda nihoyat ochiq dengizga chiqib olganimizdan so‘ng, qalbim bo‘shab, g‘amgin bo‘lib qoldim. Yengil shamol hamon orolning o‘ziga tortuvchi maftunkor iforini yetkazib turardi. Taiti juda ham olis o‘lka, shu bois bundan keyin uni hech qachon ko‘rmasligimni bilardim. Hayotimning yana bir bobi xotima topgandi va men muqarrar o‘limga yaqinlashayotganimni his etdim. Oradan bir oy o‘tgach, men Londonda edim. Eng zarur ishlarimni yo‘lga qo‘yib yuborganimdan keyin Striklend xonimga xat yozdim. Eri hayotining so‘nggi yillari to‘g‘risidagi mening hikoyam uni
111


qiziqtirsa kerak deb o‘yladim. Oxirgi marotaba uni urush boshlanishidan sal oldinroq ko‘rgan edim. Endilikda esa uning manzilini shahar telefon daftaridan qidirib topishga to‘g‘ri keldi. U bir kunni tayinladi. Men tayinlangan kuni uning Kempden-Xilldagi shinamgina yangi uyiga kirib bordim. Xonim hozir oltmishlarga yaqinlashib qolgan bo‘lishi kerak, lekin yosh ko‘rinardi, hech kim uni ellikdan oshgan deb o‘ylamasdi. Uning unchalik ajin bosmagan ozg‘in yuzi keksayganida farishtali ko‘rinadigan ayollar toifasiga kirardi. Ayolning hozirgi holatiga qarab Striklend xonim yoshligida juda go‘zal bo‘lgan, deb ehtimol qilishi mumkin edi. Aslida esa hech qachon bunday bo‘lmagan. Sochlari oq emas, lekin oq oralagan, ularni juda chiroyli turmaklab yuradi, egnidagi qora ko‘ylagi esa oxirgi moda bo‘yicha tikilgan. Kimdir menga aytgan va hozir esimga tushgan gapga qaraganda uning opasi Mak-Endryu xonim eri vafotidan keyin ikki yilgina umr ko‘rgan. Vafoti oldidan mol-mulkini singlisiga vasiyat qilgan. Uyning ko‘rinishi va menga eshik ochgan, chiroylikkina kiyinib olgan xizmatkorga qaraganda meros qolgan mulk beva ayolning yaxshigina yashashi uchun yetarli darajadagi mablag‘ bo‘lsa kerak.
Mehmonxonada yana bir mehmonga duch keldim. Uning kimligini bilganimdan keyin nima sababdan ayni shu soatga chaqirilganimning sababini tushundim. Striklend xonim meni mehmon, janob van Byuse-Teylorga shu qadar yoqimli tabassum bilan tanishtirdiki, go‘yo bu ishi uchun mo‘’tabar amerikalikdan uzr so‘rayotganga o‘xshardi.
— Biz, inglizlar juda johil xalqmiz. Izoh berishga majburligim uchun uzr so‘rayman sizdan. — Bu so‘zlarni aytib men tomonga o‘girildi. Janob van Byuse-Teylor — ulug‘ amerika tanqidchisi. Agar uning kitoblarini o‘qimagan bo‘lsangiz, ma’lumotingizda katta bo‘shliq bor deb bilavering. Buni darhol to‘ldirib olishingiz kerak. Janob Teylor hozirgi kunda bizning qimmatli Charli haqida kitob yozayaptilar. Ba’zi masalalarda unga yordam berib yuborishimni iltimos qilib kelibdilar.
Janob van Byuse-Teylor oriqdan kelgan, taqir katta boshli odam ekan. Chuqur ajin bosgan sarg‘ish yuzlari juda kichkinaga o‘xshab ko‘rinardi. U amerikancha lahchada gapirar, g‘oyat nazokatli va bosiq edi. Uning o‘ta vazminligiga qarab turib Charlz Striklend bilan nima sababdan qiziqib qoldiykin deb o‘zimga o‘zim savol berdim. Striklend xonim o‘z erini muloyimlik bilan eslashi meni hayron qoldirdi. O‘zaro gaplashib turishganida men xonaga razm soldim. Striklend xonim zamonadan orqada qolmaslikka intilayotgani sezildi. Ilgarigi uyidagi Morris gulqog‘ozlari, qalin ip gazlamadan nishona ham qolmapti. Xuddi shuningdek, Eshli-Gardenzdagi qachonlardir mehmonxonani bezab turgan Erendel gravyuralari ham ko‘rinmaydi. Endilikda bu yerda yorqin bo‘yoqlar hukmron edi. Striklend xonim hozir modaga aylangan fantastik ranglar Janubiy dengizlardagi uzoq orolda yashagan bechora rassom orzulari tufayli maydonga kelganini bilarmikin deb o‘zimga o‘zim savol berdim. Bu savolimga xonimning o‘zi javob berdi.
— Divan yostig‘ingiz judayam g‘aroyib-ku, — dedi janob van Byuse-Teylor.
— Sizga yoqadimi ular? — so‘radi tabassum bilan. — Bu Bakst ijodiga tegishli.
Devorlarga qaysidir Berlin noshiri tomonidan chiqarilgan Striklend eng yaxshi rasmlarining rangli
nusxalari osilgandi.
— Siz mening rasmlarimni tomosha qiling, — dedi Striklend xonim menga. — Tabiiyki, bu
asarlarning asl nusxalarini men ololmayman, lekin bu nusxalarga egaligimdan xursandman. Ularni nashr etgan noshir yubordi bu rasmlarni. Bu menga judayam taskin beradi.
— Bunday rasmlar orasida yashash juda maroqli bo‘lsa kerak, — dedi janob van Byuse-Teylor.
— Ha. Ular judayam fayzli ko‘rinadi.
— Mening chuqur e’tiqodim shundayki, chinakam san’at asari doimo fayzli bo‘ladi.
Tanqidchi va Striklend xonim nigohlarini bolasini emizayotgan yalang‘och ayol tasvirlangan rasmga
qaratishdi. Rasmdagi ayol yonida turgan yosh qizcha cho‘kkalagan holatda o‘zini ko‘rmayotgan chaqaloqqa gul uzatardi. Ularga yuzini ajin qoplagan munkillagan jodugar kampir qarab turardi. Bu muqaddas oila to‘g‘risidagi Striklendning talqini edi. Men rasm uchun asos bo‘lgan qiyofalarga Taitidagi oila a’zolari, ayol va chaqaloq esa Ata va uning to‘ng‘ichi bo‘lsa kerak deb gumon qildim. “Lekin bular to‘g‘risida Striklend xonim biror narsa bilarmikin?” deb o‘zimdan so‘radim.
O‘rtadagi suhbat davom etardi, janob van Byuse-Teylor xonadon sohibasini xijolatga solishi ehtimol
112


bo‘lgan narsalarga ustalik bilan chap berish odobiga, Striklend xonim esa biror kalima ham yolg‘on qo‘shmay eri bilan o‘zi o‘rtasidagi munosabatlar doimo yaxshi bo‘lganini ustalik bilan tushuntirayotganiga hayron qolardim. Nihoyat, janob van Byuse-Teylor o‘rnidan turib xayrlasha boshladi. Striklend xonimning qo‘llarini ushlab xayrlashayotganda nazokat bilan minnatdorchilik bildirdi.
— U sizni zeriktirib qo‘ymagan bo‘lsa kerak deb umid qilaman, — dedi xonim Teylor eshikdan chiqib ketishi bilanoq. — Albatta bu odamni toliqtiradigan mashg‘ulot, lekin Charli to‘g‘risida odamlarga gapirib berishim mumkin bo‘lgan narsalarni hikoya qilishga o‘zimni burchli deb hisoblayman. Dahoning xotini bo‘lish odamga juda katta mas’uliyat yuklaydi.
Ayol menga bundan yigirma yildan avvaldagidek ochiq yuz bilan tik qaradi. “Ayol ustimdan kulmayaptimi o‘zi?” — deb ichimda o‘ylab qo‘ydim.
— Siz, albatta, o‘z ishingizni to‘xtatib qo‘ygan bo‘lsangiz kerak? — so‘radim undan.
— Ha, — beixtiyor javob berdi ayol. — Men o‘sha paytlardayoq bu ishlar bilan ko‘proq zerikkanimdan shug‘ullanganman, boshqa sababi yo‘q edi. Bolalarim idorani sotib yuborishga meni ko‘ndirishdi, charchab qolasiz deb hisoblashadi.
Striklend xonim o‘sha vaqtlarda tirikchilik o‘tkazish uchun shunchalik “pastlashganini” unutgan edi. Go‘zal ayolning instinkti o‘zgalar hisobiga ham yaxshigina yashash mumkinligini bildirgandi.
— Bolalarim hozir shu yerda, — dedi u. — O‘ylaymanki, otasi to‘g‘risidagi gaplarni eshitish ularga ham qiziqarli bo‘ladi. Robertni eslaysizmi? Maqtanib qo‘yishim mumkin. U harbiy xoch ordeniga tavsiya qilingan.
Ayol eshikni ochib, bolalarini chaqirdi. Xonaga mosh rang gazlamadan kiyim kiygan, lekin ruhoniylarniki singari yoqali, barvastadan kelgan, semizgina, kelishgan erkak kirib keldi. Xuddi bolaligi vaqtidagidek ko‘zlari yonib turardi. Uning orqasidan opasi kelardi. Ayol xuddi onasi tengiga o‘xshardi. Men Striklend xonim bilan tanishganimda xuddi shu ayolga o‘xshab ketardi. Bu ayolning ko‘rinishidan bolaligida juda chiroyli bo‘lganday tuyulardi, aslida esa bunday bo‘lmagan.
— Siz, albatta, ularni tanimaysiz, — mag‘rurona tabassum bilan so‘z boshladi Striklend xonim. — Mening qizim endilikda Ronaldson xonim. Eri artilleriya mayori.
— U haqiqiy askar, — shodon gapirdi Ronaldson xonim. — Zero, u mayordan yuqoriga ko‘tarilmadi.
Mening esimga negadir o‘sha paytlarda u muqarrar ravishda harbiy odamga turmushga chiqadi deb ishonganim tushdi. Juda latofatli va kamtaringina xonim Ronaldson, chamasi, o‘zi hamma qatori emasligiga ishonchi qat’iyligini yashira olmasdi. Robertning harakatlari samimiyligi ko‘rinib turardi.
— Mening Londonga kelishim sizning qaytgan vaqtingizga to‘g‘ri kelganligi juda soz bo‘lipti-da, — dedi u. — Mening ta’tilim bor-yo‘g‘i uch kun.
— U butun qalbi bilan orqaga, o‘z qismiga intilmoqda, — dedi onasi.
— Yashirib o‘tirmayman, men u yerda vaqtni juda ko‘ngilli o‘tkazaman. Anchagina oshnalar orttirdim. Bu haqiqiy hayot. Urush, albatta, judayam dahshatli narsa, lekin u odamdagi eng yaxshi fazilatlarni uyg‘otib yuborishi shubhasizdir.
Men ularga Charlining Taitidagi hayoti to‘g‘risida barcha eshitganlarimni so‘zlab berdim. Ata va uning o‘g‘li xususida gapirishni ortiqcha deb bildim. Lekin boshqa barcha masalalarda iloji boricha aniq so‘zlashga harakat qildim. Hikoyamni uning dahshatli o‘limi bilan tugatdim.
Xonada bir necha daqiqa sukunat hukm surdi. Keyin Robert Striklend gugurt yoqib chekishga tutindi.
— Allohning tegirmoni sekin bo‘lsa-da, doimo un chiqaraveradi, — dedi u.
Striklend xonim va Ronaldson xonim bu so‘zlar muqaddas kitobdanligini sezib, boshlarini quyi egishdi. Nazarimda, Robert Striklend ham bu yanglish fikrga qo‘shiladiganday tuyuldi. Negaligini bilmadimu, lekin to‘satdan Striklend va Ataning o‘g‘li to‘g‘risida o‘ylab qoldim. Menga Taitida aytib berishlariga qaraganda u quvnoq, xushmuomala o‘spirin ekan. Men uni hozir, shu daqiqalarda yarim yalang‘och, kalta ishtonda qaysidir kemada turganini ko‘rganday bo‘ldim. Uning butun kuni mehnat
113


bilan o‘tadi, kechqurunlari kema yo‘lovchi shamol epkinida to‘lqinlar uzra ohista kezib yurganda matroslar yuqori palubaga yig‘ilishadi, kapitan yordamchilari bilan trubka tortgancha oromkursilarda dam olishadi, u esa o‘ziga tengqur o‘spirin bilan chiyildoq muzikaga o‘yinga tushadi. Tepasida esa ko‘m-ko‘k osmon, son-sanoqsiz yulduzlar, chor-atrof bepoyon Tinch okeani.
Bibliyadan keltirilgan iqtibos tilimda aylanadi, lekin men miq etmayman. Bilamanki, ruhoniy odamlar oddiy kimsalarning ularning mulklariga aralashishlarini yoqtirishmaydi. Mening yigirma yetti yil mobaynida Uitstebleda pop yordamchisi bo‘lib ishlagan amakim Genri bunday holatlarda shayton istagan paytida Bibliyadan iqtiboslar topib o‘z foydasiga keltira oladi deb aytardi. U bir shillingga butun boshli o‘n uchta eng yaxshi dengiz mollyuskasini sotib olish mumkin bo‘lgan vaqtlarni yaxshi eslardi.