osmonning ko‘rinishi ajoyib manzara kasb etgandi. Lekin Striklend istiqomat qilayotgan joylarni jannatmakon desam mubolag‘a bo‘lmas. Eh, men olamning ko‘zidan yashirin bu ovloq joylarning butun go‘zalligini, beg‘ubor osmoni-yu, ayqirib o‘sib yotgan daraxtlarini chiza olganimdaydi! Buni turfa xil bo‘yoqlar o‘yini desa bo‘lardi. Havosi xushbo‘y va muzdekkina. Yo‘q, bu jannatmakon joylarning ta’rifini so‘z bilan keltirib bo‘lmaydi. U shu joylarda dunyoni o‘ylamasdan umrguzaronlik qilar, dunyo ham uni unutgandi. Ehtimol, yevropaliklarning ko‘zi bilan qaraganda bu joylar juda g‘aribona ko‘rinar. Uy yarimxaroba va ustiga-ustak, unchalik ozoda ham emas. Men bu yerga kelganimda ayvonda bir necha yerli xalq odamlari yotishardi. Siz bilasizki, bu yerning odamlari juda kirishimli bo‘lishadi. Bir yigitcha uzala tushib cho‘zilib yotgancha chekar, egnida faqat oq yo‘lli qizil laxtak bor edi, xolos. O‘n besh yoshlardagi qizcha pandanus yaprog‘idan shlyapa to‘qirdi, — davom etadi Bryuno, — qandaydir kampir esa cho‘kkalab o‘tirgancha trubka chekardi. Keyin Ataga ko‘zim tushdi. U chaqaloqni emizib o‘tirardi, tamomila yalang‘och boshqa bolakay esa Ataning oyoqlari tagida uymalashardi. Ata menga ko‘zi tushgach, Striklendni chaqirdi, u shu zahoti eshik oldida paydo bo‘ldi. Uning ham egnida laxtakdan boshqa narsa yo‘q edi. Uning shu topdagi ko‘rinishini hech qachon esdan chiqarmasam kerak: hurpaygan sochlar, sap-sariq soqol, keng jundor ko‘krak. Oyoqlari shilingan, tilingan. Doimo oyoqyalang yurishini tushundim. U butkul yerli xalqqa o‘xshab ketgandi. Kelishimdan xursand bo‘lib ketdi shekilli, shu ondayoq Ataga tushlik uchun tovuq so‘yishni buyurdi. Keyin meni hozir ishlayotgan rasmini ko‘rsatish uchun uyga boshlab kirdi. Xonaning bir burchagida bir necha bo‘yra ayqash-uyqash bo‘lib yotar, o‘rtada esa molbert qo‘yib rasm ishlayotgandi. Striklendga rahmim kelib ketdi va o‘zim, Frantsiyadagi o‘rtoqlarim uchun uning bir necha rasmini arzon-garovga sotib oldim. Garchi bu rasmlarni rahm-shavqat yuzasidan sotib olgan bo‘lsam-da, lekin vaqt o‘tishi bilan ularni yaxshi ko‘rib qoldim. Chin so‘zim shuki, ularda qandaydir yashirin go‘zallikni ko‘rardim. Hamma bu rasmlarni sotib olganim uchun meni telbaga chiqarib qo‘ydi, mana keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, men haq ekanman. Men uning oroldagi birinchi muxlisi edim.
U Striklend mol-mulkini sotishayotgan mahalda rasmlarga e’tibor bermay, yigirma yetti frankka amerika o‘chog‘ini sotib olganini afsus-nadomatlar bilan so‘zlab berayotgan Tiarega ichiqoralik bilan qarab turardi.
— O‘sha rasmlar hamon o‘zingizdami? — qiziqib so‘radim undan.
— Ha, ularni saqlab turibman. Qizim turmushga chiqayotganda ularni sotib, sepiga ishlataman. Keyin u Striklendlarnikiga borgani haqidagi hikoyasini davom ettirdi.
— O‘sha oqshomni hech qachon yodimdan chiqarmayman. Men unikida biror soat bo‘larman deb
o‘ylagandim, lekin u yotib qolishimni o‘tinib iltimos qildi. Men ikkilanardim. E’tirof etishim kerakki, yotish uchun taklif qilinayotgan bo‘yra menga unchalik yoqmasdi. Lekin shunday bo‘lsa-da, pirovard- natijada, qolishga rozi bo‘ldim. Paumotuda o‘zim uchun uy qurganimda bir necha oy mobaynida juda yomon o‘rinlarda yotgandim, boshimda faqat tropik o‘simliklar bo‘lardi. Hasharotlar masalasiga keladigan bo‘lsak, terim qalin bo‘lganligi uchun uncha-munchasidan qo‘rqmasdim. Biz Ata tushlik tayyorlagungacha daryoga tushib cho‘mildik. Ovqatlanib bo‘lganimizdan keyin ayvonda tamaki chekib, valaqlashib o‘tirdik. Xonadondagi o‘spirin bundan o‘n yillar ilgari myuzik-xollarda aytiladigan qo‘shiqlardan xirgoyi qilardi. Bu qo‘shiqlar madaniy dunyodan minglarcha chaqirim uzoqda, tropik kechada juda g‘alati eshitilardi. Men Striklenddan bunday ovloqdagi hayot, unday odamlar orasidagi turmush joningga tegmadimi deb so‘radim. Yo‘q, rasmlarim qahramonlari orasida yashash menga judayam qulay, — dedi u. Tez orada uydagilar homuza tortganlaricha uxlash uchun ichkariga kirib ketishdi, biz yolg‘iz qoldik. Bu tunning o‘ziga xos sokinligini sira ifodalay olmasam kerak. Men yashaydigan orolda hech qachon bunday to‘la sukunat holati bo‘lmaydi. Dengizdan tirik mavjudotlarning, quruqlikda qisqichbaqalarning turli tovushlari tinimsiz eshitilib turadi. Ahyon- ahyonda baliqlarning suvda shaloplagani eshitiladi. Gohida esa baliqlar talvasaga tushib qayoqqadir qochayotgan bo‘ladi. Bu esa baliqlarning akuladan qutulib qolish uchun jon-jahdi bilan qilayotgan harakatidan darakdir. Qirg‘oqqa urilayotgan to‘lqinning shovqini esa sirayam tinmaydi. Lekin bu yerlarda sukunatni hech narsa buza olmaydi, havo esa tungi oppoq gullarning yoqimli hidlari bilan
100


to‘la. Tun shu qadar maroqliki, yuragingiz o‘z joyiga sig‘may tashqariga chiqib ketguday bo‘ladi. Qalbingiz joyidan qo‘zg‘alib tog‘li o‘lkalarga parvoz qilayotganini sezganday bo‘lasiz.
Tiare xo‘rsinib qo‘ydi.
— Eh, hozir mening yoshim o‘n beshda bo‘lgandaydi!
Tiarening ko‘zi oshxona stoli ustida turgan mayda qisqichbaqa solingan idish oldiga borib qolgan
mushukka tushdi. Mushukka qarab kitobni uloqtirdi, bu bilan qanoatlanmay g‘azabini so‘kish va qarg‘ishlar bilan chiqarmoqchi bo‘ldi.
Men Striklenddan: “Ata bilan baxtlimisiz?” — deb so‘radim. “Ata menga injiqlik qilavermaydi, — javob berdi Striklend. — U ovqatimni pishiradi, bolalariga qaraydi. Nima buyursam shuni bajo keltiradi. Ayol sifatida so‘ragan narsamni beradi.”— “Yevropadan ketib qolganingizga achinmaysizmi, Parij va Londonning charog‘on ko‘chalarini, do‘stlaringiz, o‘zingiz bilan barobar gaplasha oladigan odamlarni, teatrlar, gazetalarni sog‘inmaysizmi? Ko‘p o‘rinli izvoshlarning tosh yotqizilgan ko‘prik ustidan o‘tayotgandagi taraqa-turuq ovozlarini eshitishni xohlamaysizmi?” U anchagacha jim turdi-da, so‘ng javob berdi: “Men to qazo kunimgacha shu yerda qolaman.” “Nahotki, yolg‘izlikdan zerikmasangiz, aziyat chekmasangiz?” U pishqirib qo‘ydi: “Bechora do‘stim, siz rassomlik nimaligini bilmaysiz, shekilli”.
Kapitan Bryuno kulimsirab qo‘ydi, uning qop-qora samimiy ko‘zlarida g‘alati ifoda zuhur etdi.
— Striklendning menga nisbatan aytgan bu gapi adolatsiz edi. Axir men orzu nimaligini bilaman, xayolimda turli narsalar namoyon bo‘ladi. Shu tufayli ma’lum ma’noda meni ham, rasso desa bo‘ladi.
Biz jim bo‘lib qoldik, Tiare cho‘ntagidan bir quticha papiros chiqardi, uchalamiz papirosdan olib cheka boshladik. Nihoyat Tiare jimlikka chek qo‘ydi:
— Hamonki, bu janob Striklend bilan qiziqayotgan ekanlar, nima sababdan siz uni doktor Kutra bilan uchrashtirmaysiz? Doktor Striklendning kasalligi va o‘limi to‘g‘risida ba’zi narsalarni gapirib bergan bo‘larmidi!
— Mamnuniyat bilan tanishtirib qo‘yaman u bilan, — javob berdi kapitan menga qarab.
Men unga minnatdorchilik bildirdim. U yonidan soatini chiqarib qaradi.
— Soat yettiga qarab ketibdi. Agar biz hoziroq tursak uni uyidan topamiz.
Men darhol o‘rnimdan turdim, biz yo‘l bo‘ylab doktorning uyiga qarab yurdik. U shahar chegarasiga
tutash yerda yasharkan. “Otel de lya flyor” shahar chekkasida joylashgani uchun biz tez orada shahardan chiqdik. Keng yo‘lni qalampirnusxa bargli daraxtlar qoplagan, yo‘lning ikki tomonida kokos va xushbo‘y mevali tropik o‘simlik maydonlari yastanib yotibdi. Qaroqchi qushlar mevalarga qiron keltirishni maslahatlashayotganday daraxtlarning shoxlarida chug‘urlashadi. Sayoz suvli daryo ustidagi tosh ko‘prikdan o‘tarkanmiz, cho‘milayotgan bolakaylarni tomosha qilish uchun birpas to‘xtadik. Ular shovqin-suron ko‘targancha bir-birlarini quvlashar, oftobda obdon pishgan jigarrang badanlari quyosh nurlari ostida yiltillardi.
Ellik to‘rtinchi bob
Yo‘lda kelayotganimizda keyingi vaqtlarda Striklend haqida eshitganlarim yana beixtiyor yodimga tushdi. Bu uzoq orolda unga Angliyadagidek qahr-g‘azab bilan emas, aksincha, xayrixohona munosabatda bo‘lishgan, uning barcha injiqliklariga ko‘nishgan. Bu yerdagi odamlar — yerli xalq vakillari ham, Yevropadan kelganlar ham uni devona deb bilishgan, devonalik ularga ham begona emasdi. Ular dunyo g‘alati odamlar bilan to‘la, g‘alati qiliqli odamlarning bo‘lishi tabiiy bir hol deb hisoblashardi. Angliya va Frantsiyada Striklend o‘z o‘rnini topa olmadi, bu yerlarda esa hech qanday mezonlarga sig‘maydigan turfa tabiatli kishilarga ham joy topilardi. U Taitida avvalgiga nisbatan ko‘ngilchanroq bo‘lib qolgani, xudbinligi va qo‘rsligidan qutulib qolgani yo‘q, lekin avvalgiga qaraganda maqbulroq muhitga tushib qoldi. Agar u bu yerda butun hayotini kechirganida boshqalardan ko‘ra yomon odam hisoblanmagan bo‘lardi. Bu yerda u vatandoshlaridan o‘zi istamagan
101


va kutmagan narsasini — rahmdilona munosabatni topdi.
Men kapitan Bryunoga nima sababdan bularning barchasi meni hayron qoldirayotganini
tushuntirishga urinib ko‘rdim. U bir necha daqiqa jim bo‘lib qoldi.
— Buning hech qanday ajablanarli joyi yo‘q, — dedi nihoyat u, — men Striklendga xayrixohlarcha
munosabatda edim. Axir bizning intilishlarimiz bir xil edi-da.
— Marhamat qilib ayting-chi, siz bilan Striklenddek bir-biringizga tamoman o‘xshamaydigan
odamlarda qanaqasiga umumiy intilish bo‘lishi mumkin? — kulib turib so‘radim undan.
— Go‘zallikka oshiftalik.
— Bu judayam umumiy gap, — ming‘irlab qo‘ydim men.
— Muhabbatga giriftor bo‘lgan odamlar o‘z muhabbatlari bilan ovora bo‘lib, yer yuzidagi boshqa
barcha narsalarga kar va ko‘r bo‘lishligini bilasiz. Ular poydevorga mustahkamlangan haykallardek, o‘zlari intilgan narsalarga yopishib olishadi. Striklend qalbini muhabbatdan kam bo‘lmagan ehtiros egallab olgandi.
— Bunday deyishingiz juda g‘alati! — xitob qildim. — Men anchadan beri Striklend shayton vasvasasiga uchragan deb o‘ylardim.
Uning ehtirosi go‘zallik yaratish edi. Bu unga tinchlik bermasdi. O‘lkalardan o‘lkalarga haydardi. Uning ichidagi shayton shafqatsiz edi, shu tufayli Striklend mangu darbadar bo‘lib qoldi, Vatan sog‘inchi unga azob berardi. Shunday odamlar bo‘ladiki, haqiqatga erishish uchun ular butun dunyoni buzib tashlashga tayyor turadilar. Striklend xuddi shunday odam edi. Faqat bu yerda haqiqat o‘rnini go‘zallik egallagandi. Unga judayam rahmim kelardi.
— Bu ham g‘alati. Striklend juda qattiq haqorat qilgan odam ham unga achinishini aytgan edi. — Men biroz jim qoldim. — Nahotki siz men shu vaqtgacha hech anglab bo‘lmas odam deb biladigan Striklendning shaxsiga nisbatan to‘g‘ri ta’rif topa oldingiz? Bu xayolingizga qanday keldi?
U tabassum bilan menga qaradi.
— Axir men ham o‘z yo‘limga rassomman deb aytmadimmi sizga? Mening qalbimni ham xuddi Striklendniki singari istak egallagandi. Lekin uning uchun ifoda vositasi rassomchilik, men uchun esa hayotning o‘zi bo‘lgan.
Kapitan Bryuno men bu yerda qaytarishim lozim bo‘lgan tarixni gapirib berdi. Bu hikoya mening Striklend to‘g‘risidagi tasavvurlarimga ham ba’zi narsalar qo‘shishi mumkin.
Aslida bretonlik bo‘lgan kapitan Bruno frantsuz flotida xizmat qilgan. Uylanganidan so‘ng u nafaqaga chiqib, Kemper yaqinidagi o‘z mulkida qolgan umrini osoyishta o‘tkazmoqchi bo‘ladi. Lekin uning xotini boshqargan notarius korxonasi kutilmaganda sinib, sariq chaqasiz qolishadi. Kapitan Bryuno ham, xotini ham yaqindagina katta mavqeda yashab turgan jamiyatda qashshoqlarcha yashashni istashmaydi. O‘z vaqtida kapitan Janubiy dengizlarda suzib yurgan, endi esa o‘z baxtini shu yerlardan topmoqchi bo‘lishadi.
U bir necha oy mobaynida sharoitni o‘rganish va ma’lum tajriba orttirish uchun Papeeteda yashaydi. Keyin Frantsiyadagi do‘stidan olgan qarziga Paumotu orollaridan birini xarid qiladi. Bu qo‘ltiqqa yaqin joydagi uzun, ingichka, turli o‘t-o‘lanlaru, daraxtlar o‘sib yotgan qarovsiz orol ekan. Hech narsadan qo‘rqmaydigan yosh xotini va bir necha yerli kishilar bilan bu orolchaga tushib imorat qurish uchun yer, kokos daraxtlari ekish uchun maydonni tozalashga kirishishibdi. Bu yigirma yil oldin ro‘y bergan ekan, hozir qarovsiz orol gulday boqqa aylanibdi.
— Avvaliga do‘zax azobini ko‘rdik, xotinim bilan ikkalamiz sillamiz quriguncha ishlardik. Erta tongda turganimcha kechgacha to‘nka kovlardim, imorat qurardim, daraxt ekardim, kechasilari o‘ringa o‘zimni tashlaganimcha o‘likday uxlardim. Xotinim men bilan barobar ishlardi. Keyin o‘g‘il va qizlarimiz tug‘ildi. Xotinim bilan ikkalamiz nimaniki bilsak bolalarimizga o‘rgatdik. Men Frantsiyaga xat yozib pianino olib keltirdim. Xotinim bolalarimizni musiqa va ingliz tiliga, men esa lotin tili va matematikaga o‘rgatdim. Hammamiz birgalashib tarix kitoblarini o‘qirdik. Bolalarim parusni boshqarishni ham o‘rganib olishgan. Suzishda ham yerli kishilardan qolishishmaydi.Bu o‘lka to‘g‘risidagi barcha gaplardan ular xabardor. Daraxtlarim mo‘l hosil beradi, yaqin atroflardan sadaf topsa ham bo‘ladi.
102


Hozir men Taitiga kichikroq yelkanli kema sotib olgani keldim. Men kema yordamida ancha-muncha sadaf topib olaman, kemaning puli ham chiqib ketadi. Ehtimol marvarid ham uchrab qolar. Ilgari hech narsa bo‘lmagan joylar endilikda gullab yashnayapti. Men-da go‘zallik yaratyapman. Azim tupli baquvvat daraxtlarga qarab, shularning har biri mening qo‘llarim bilan ekilgan deb iftixor bilan qarash qanchalik maroqli ekanligini tushunarmikinsiz?
Sizga qachonlardir o‘zingiz Striklendga bergan savolingizni so‘rashga ijozat eting. Nahotki siz Frantsiya va Bretanidagi uyingizni sog‘inmasangiz, undan uzoqdaligingizdan achinmasangiz?
— Vaqti kelib qizimiz turmushga chiqib, o‘g‘lim uylanib, oroldagi mening vazifamni ado etishga kirishgach, xotinim bilan birgalikda vatanimizga qaytamiz va umrimizning oxirini men tug‘ilgan eski uyda o‘tkazamiz.
— Hayotimizning baxtli damlarini xotirlab, — dedim men.
— Ha, albatta. Mening orolimda o‘yin-kulgiga imkoniyat yo‘q. Tashqi olamdan juda uzoqda yashaymiz. Hatto Taitiga yetib olguncha ham to‘rt kun kerak bo‘ladi, lekin biz baxtlimiz. Kamdan-kam odamlardagina bir ishni boshlab oxirigacha yetkazish nasib etadi. Hayotimiz judayam odmi va pokiza. Biz manmanlikni bilmaymiz, faqat bir narsa — o‘z mehnatimiz samarasini ko‘rayotganimiz va bahramand bo‘layotganimizdan iftixordamiz. Xusumat ham, ko‘rolmaslik ham bizga azob bera olmaydi. Eh, janob, men mehnatning tagi rohatligi to‘g‘risida ko‘p gap eshitganman, odatda, bunday gaplar quruq safsata bo‘ladi, lekin men uchun bu so‘zlar chuqur ma’noga ega. Men baxtiyor odamman.
— Siz, shubhasiz, bunga sazovor odamsiz, — kulimsirab qo‘shib qo‘ydim.
— Men ham shunday bo‘lishini istardim. Lekin peshonamga shunday xotin — do‘st, yordamchi sevimli mahbuba, bolalarimning ajoyib onasi yozilganiga qanday sazovor bo‘lganimni o‘zim ham bilmayman.
Men kapitan Bruno gapirib bergan narsalar to‘g‘risida o‘ylanib qoldim.
Shunday mashaqqatli hayot kechirib, ko‘p narsalarga erishish uchun sizlar kuchli irodayu qat’iy xarakterga ega bo‘lgansizlar.
— Ehtimol, lekin bularga yana bir narsani qo‘shmoq kerak, aks holda hech narsaga erishib bo‘lmasdi.
— Bu ayni nima edi?
U to‘xtadi va artistona harakat bilan qo‘lini tepaga ko‘tardi. — Xudoga imon keltirish. Busiz adoyi tamom bo‘lardik. Xuddi shu damda biz doktor Kutraning uyiga yetib keldik.
Ellik beshinchi bob
Doktor Kutra barvasta bo‘yli, juda semiz, keksa frantsuz ekan. Uning gavdasi ulkan o‘rdak tuxumini eslatardi. Teshib yuborguday ko‘m-ko‘k samimiy ko‘zlari tez-tez qandaydir mamnuniyat bilan semiz qorniga qarab qo‘yardi. Yuzlari qip-qizil, sochlari oppoq edi. Bunday odamlarni bir ko‘rganingdayoq yoqtirib qolasan. Doktor Kutra bizni frantsuz chekka shaharchalaridagi istagan uyda uchratish mumkin bo‘lgan xonada qabul qildi: xonaga osilgan ikki-uch polineziyaliklar tasvirlangan rasmlardagi odamlar sizga g‘alati qarab turishardi. U mening qo‘llarimni bahaybat qo‘llari bilan silkitib qo‘ydi va do‘stona, ammo ayyor ko‘zlari bilan tikildi. Kapitan Bryuno bilan so‘rasharkan, nazokat bilan xotini va bolalarini ham surishtirdi. Bir necha daqiqa mobaynida bir-birlariga xushomad gaplar aytishdi, ozroq g‘iybat ham qilishdi, kokos va vanil hosili to‘g‘risida gaplashishdi va pirovardida mening tashrifim maqsadiga o‘tishdi.
Men doktor Kutraning jonli obrazli hikoyasini o‘ziday bera olmaganim tufayli o‘z so‘zlarim bilan undan eshitganlarimni bayon qilaman. Doktorning pastroq, ammo bahaybat gavdasiga muvofiq ravishda jarangdor ovozi, shuningdek, shubhasiz, artistlik talanti bor edi. Uning hikoyasiga quloq
103


solish, teatrda tomosha ko‘rishdan ham qiziqarliroq edi.
Qachonlardir doktor Kutra betob bo‘lib qolgan qabila boshlig‘i ayolni ko‘rgani Taravaoga boribdi. Bu
semiz kampir bahaybat karavotda papiros chekib yotgani, qoratanli yaqinlaridan bir galasi uning atrofida girdikapalak bo‘lishayotganini u nihoyatda jonli qilib gapirib berdi. Bemorni ko‘rib bo‘lganidan keyin uni boshqa xonaga chaqirib, tushlikka taklif etishibdi — xom baliq, qovurilgan banan, jo‘jalar bilan — xullas, yerli xalqning sevimli taomlari bilan mehmon qilishibdi. Lekin tushlik mahalida eshikda yig‘lab turgan yosh qizchaga ko‘zi tushibdi. U bu holatga unchalik ahamiyat bermabdi, lekin eshikdan chiqib, uyiga ketish uchun ikki otli aravasiga o‘tirayotganda haligi qizni yana ko‘ribdi. U bir chekkada ko‘zlaridan shashqator yosh oqqancha turar ekan. Doktor qandaydir bolakaydan qiz nima uchun yig‘layotganini surishtiribdi. Qiz bog‘dan tushib kelganini, og‘ir betob bo‘lib qolgan oq tanli odamni ko‘rib qo‘yishi uchun atayin kelganini aytibdi. Bu yerda esa unga doktorni ovora qilish mumkin emas, deb haydashayotgan ekan. Shunda u qizchani chaqirib, nima istashini so‘rapti. Uni ilgari “Otel de lya flyor”da ishlagan Ata yuborganini, Qizilning kasalligini aytipti. Qizcha uning qo‘liga g‘ijimlangan gazeta parchasini tutqazipti. Uning ichida yuz frankli pul bor ekan.
— Qizil kim o‘zi? — deb so‘rapti doktor yerli odamlarning biridan.
Unga Ata bilan birga yetti chaqirimlar naridagi vodiyda yashaydigan odamni aytishlarini tushuntirishipti. Tushuntirib berishlariga ko‘ra, bu Striklend ekanligini anglapti. Lekin vodiyga faqat yayov yetib olish mumkin ekan. Doktorning yayov yurishi joiz bo‘lmaganligidan, qizchani haydashayotgan ekan.
— E’tirof etishim kerakki, — dedi doktor men tomon o‘girilib, — men ikkilanib qoldim. Tog‘ so‘qmog‘idan o‘n to‘rt kilometr yo‘l bosish unchalik nash’a bag‘ishlamaydi kishiga, buning ustiga, tong otgungacha uyingga ham qaytib borolmaysan. Ustiga-ustak, Striklend ko‘nglimga o‘tirmaydigan odam edi. Nonini yerli ayolga uylanish orqali topmoqchi bo‘lgan ishyoqmas, o‘zimiz singari gunohkor bir banda-da. Xudoyim-ey, bir zamonlar kelib butun dunyo uni daho sifatida tan olishini kim bilipti deysiz? Men qizdan nahotki u o‘zi kelolmaydigan darajada kasal bo‘lsa, deb so‘radim.
Va u bilan qanday hodisa ro‘y berganini surishtirdim. Qizcha jim turardi. Men, chamasi, jahl bilan javob berishni talab qilganimda yerga qaragancha yana yig‘lab yubordi. Men yelkamni qisdim. Pirovard-natijada, mening burchim uni ko‘rishga borishim kerak degan to‘xtamga keldim-da kayfiyatim xunob holda qizchaning orqasidan ergashdim.
Albatta, doktorning kayfiyati nihoyat manzilga yetib olishganda ham yaxshilanmadi. A’zoyi badanidan ter quyib ketdi, tashnalikdan o‘lar holatga keldi. Ata ularni kutib turgan ekan, istiqbollariga — so‘qmoq bo‘ylab pastga tushdi.
— Avvalo menga ichish uchun suv beringlar, — qichqirib yubordi u, aks holda tashnalikdan jon taslim qilaman. Baraka topkurlar, kokos yong‘og‘idan beringlar.
Ayol qandaydir bolaga qarab qichqirdi, u yugurib ketdi, daraxtga chiqib, pishgan yong‘oqdan tashladi. Doktor odamni tetiklashtiradigan meva sharbatiga yutoqib yopishdi. Keyin u papiros chekdi, kayfiyati ko‘tarildi.
— Xo‘sh, qaerda u sizning Qizilingiz?
— U uyda, rasm chizayapti; Men sizning kelishingizni unga aytmaganman. Marhamat qilib, uni bir ko‘rib qo‘ying.
— U nimadan shikoyat qiladi. Hamonki u rasm chizayotgan ekan, Taravaoga o‘zi borsa, meni bu la’nati yurishdan qutqarsa bo‘lmasmidi? Mening vaqtim unikidan kam qimmatga ega emas, deb o‘ylayman.
Ata hech narsa deya olmadi, bola bilan birga doktorning orqasidan uy tomon yurishdi. Uni bu yerga boshlab kelgan qizcha esa ayvonda o‘tirardi, shu yerda devor yonida esa qandaydir kampir papiros tutatib yotardi.
Ata eshikni ko‘rsatdi. Doktor atrofdagilarning o‘zlarini g‘alati tutishlaridan jahli chiqib, eshikdan ichkariga kirib, bo‘yoq qoriladigan taxtachani tozalayotgan Striklendga ko‘zi tushdi. Striklend faqat laxtakda bo‘lib, eshikka teskari o‘girilgancha rasm o‘rnatilgan molbert yonida turardi. U qadam
104


tovushini eshitib o‘girildi va doktorga g‘ijinib qarab qo‘ydi. Buni u kutmagandi. Eti jimirlashib ketdi.
— Siz betakalluf kirib keldingiz bu yerga. Qanday xizmat?
Doktor endi o‘zini biroz tutib olgandi, lekin ovozi hali asliga qaytmagandi. U birdaniga jahldan
tushdi.
— Ha, men buni rad etolmayman. Men doktor Kutra bo‘laman. Men Taravaodagi keksa urug‘
boshlig‘inikida edim. Ata meni chaqirtiribdi.
— Ata tentak. To‘g‘ri, bo‘g‘inlarimda ozroq xastalik bor edi, ozroq bezgak tutayotgandi. Lekin
bularning barchasi arzimagan narsalar, tez orada o‘tib ketadi. Biror odam Papeetega borguday bo‘lsa, xinin olib kelishni iltimos qilaman.
— Ko‘zguga bir qarab qo‘ying.
Striklend unga kulimsirab qarab qo‘ydi-da, ingichka yog‘och ramkaga solib, devorga osib qo‘yilgan oddiygina ko‘zguga qaradi.
— Xo‘sh, nima bo‘pti?
— Yuzingizdagi o‘zgarishni ko‘rmayapsizmi axir? Yuzlaringiz shishganini sezmayapsizmi? Nahotki, dahshatli kasalingizni aytishga majbur qilsangiz?
— Mendami?
— Oynaga yana bir qarab ko‘ring, kasallikning tipik belgilarini ko‘rasiz.
— Hazillashayapsizmi? — so‘radi Striklend.
— Hazil qila olganimda o‘zimni baxtiyor hisoblardim.
— Siz moxov bo‘lib qolgansiz, demoqchimisiz?
— Baxtga qarshi, bunga shubha yo‘q.
— Doktor Kutra juda ko‘p odamlarga o‘lim hukmini aytgan. Lekin har safar o‘zi aytgan dahshatli
xabardan keyin o‘zini yo‘qotguday talvasaga tushadi. Har safar bu xabarni aytganda o‘sha bemor gulday ochilib turgan sog‘lom, bebaho huquq — yashashga haqqi bo‘lgan doktorga g‘azab bilan boqqanini, yomon ko‘rib qolganini sezgan. Striklend unga bamaylixotir va indamay tikilib turdi. Dahshatli kasallikdan o‘zgara boshlagan yuzida hayajonlanish va tashvishning zarracha ifodasi ko‘rinmasdi.
— Ular bilishadimi? — so‘radi nihoyat Striklend boshi bilan ayvonda g‘alati, odatdan tashqari sukunatda o‘tirganlar tomoniga imo qilib.
— Yerli xalq bu kasalning belgilarini yaxshi biladi, — javob berdi doktor. — Ular sizga buni aytishdan qo‘rqishgan.
Striklend eshik tomon qadam tashladi va o‘tirganlarga qarab qo‘ydi. Uning yuzi dahshatli ko‘rinishga ega edi shekilli. Zero ayvonda o‘tirganlarning barchasi birdaniga faryod ko‘tarib yuborishdi, keyin yig‘lashga tushishdi. Striklend jim edi. Uydagilarga bir necha soniya qarab turdi-da, xonaga qaytib keldi.
— Sizningcha, qancha vaqtgacha bu kasallikka dosh bera olaman.
— Kim biladi deysiz? Gohida bu kasallik bilan yigirma yil ham yashash mumkin. Agar tez o‘tib ketsa, baxtim chopti deyavering.
Striklend molbert yoniga keldi, parishonxotir unga tikildi.
— Siz mashaqqatli yo‘l bosib keldingiz. Muhim xabar yetkazgan odamni rag‘batlantirish adolatdan bo‘ladi. Bu rasmni oling. Hozir u sizga hech qanday ahamiyatsiz bir narsa, ehtimol, qachonlardir bu rasmga egaligingizdan xursand bo‘lasiz.
Doktor Kutra, rasmni olmayman, dedi. Unga hech qanday haq kerak emas: yuz frankli pulni esa allaqachon Ataga qaytarib berdi. Lekin Striklend rasmni olishga majbur qilayotgandi. Keyin ular ayvonga chiqishdi. Uydagilar ovoz chiqarib yig‘lashardi.
— Tinchlan, xotin. Ko‘z yoshlaringni art, — dedi Striklend Ataga. — Sen nimadan qo‘rqasan. Tez orada bu yerdan ketaman.
— Seni mendan judo qilishmaydimi?
O‘sha vaqtlarda orollarda moxovlarni sog‘lom odamlardan ajratib tashlash to‘g‘risidagi qonun yo‘q
105


edi, ular ozodlikda yurishlari man etilmagandi.
— Men tog‘larga chiqib ketaman, — dedi Striklend.
Shunda Ata o‘rnidan turib, uning ko‘ziga tik qaradi.
— Agar xohlashsa boshqalar ketaverishsin. Men seni yolg‘iz qoldirmayman. Sen mening erimsan,
men sening xotiningman. Agar sen meni tashlab ketsang, uy orqasidagi anavi daraxtga o‘zimni osaman. Bunga xudo nomi bilan qasam ichaman.
U shiddatkor va hukmdorona gapirardi. Bu miskin va itoatkor qiz emasdi, kuchli va qat’iyatli ayol edi. Uni tanib bo‘lmasdi.
Men bilan bo‘lib nima qilasan? Sen Papeetega qaytishing, tez orada u yerda o‘zingga boshqa oq tanli erkakni topishing mumkin. Kampir bolalaringga qaraydi, Tiare bo‘lsa seni jon deb yana ishga oladi.
— Sen mening erimsan, men xotiningman. Sen qaerda bo‘lsang, men ham o‘sha yerdaman.
Bir soniya Striklend o‘zini tuta olmadi. Ko‘zlariga yosh kelib, yuzidan ohista oqib tusha boshladi. Keyin u, odatdagidek, istehzoli kuldi.
— Bu ayollar ajoyib mavjudot-da, — dedi u doktorga. — Ularga itdan ham battar munosabatda bo‘lishing, qo‘ling og‘riguncha urishing mumkin, ular esa baribir seni yaxshi ko‘raverishadi. — U yelkasini qisdi. Xristianlikning eng bema’ni safsatalaridan biri, go‘yoki ularda qalb bor emish.
— Doktorga nimalar deyapsan, — xavotirlanib so‘radi Ata. — Sen meni tashlab ketolmaysan.
— Agar xohlasang, sen bilan qolaveraman, qizgina.
Ata erining yoniga cho‘k tushib, oyoqlarini qo‘llari bilan quchoqlab olib, o‘pdi. Striklend doktor
Kutraga nim tabassum qilib qarab qo‘ydi.
— Pirovard-natijada, ular o‘zlariga rom etib olishadi va siz ular oldida ojiz qolasiz. Oqdir, qiziltanlidir
— hammasi bir go‘r.
Doktor Kutra bunday dahshatli baxtsizlikka hamdardlik bildirib o‘tirish telbalik bo‘lishini bilardi,
indamay eshik tomon yurdi. Striklend Tanega, uydagi yigitchaga qishloqqacha kuzatib qo‘yishini tayinladi.
Doktor jim bo‘lib qoldi, keyin menga murojaat qilib, gapida davom etdi:
— Men sizga Striklendni xush ko‘rmasligimni aytgan edim. Lekin Taravao tomon asta-sekin tog‘dan tushib kelayotganimda dahshatli baxtsizlik to‘g‘risidagi haqiqatni sabot bilan kutib olgan bu odamning mardonaligiga beixtiyor qoyil qoldim. Xayrlashayotganimda Tanega ba’zi dorilar berib yuborishimni aytdim. Lekin bu dorilarni Striklend ichishga, buning ustiga, ular biror foyda keltirishiga unchalik ishonmasdim. Shuningdek, boladan Ataga qachonki odam yuborguday bo‘lsa, kelishimni ham bildirib qo‘ydim.
Hayot o‘ta shafqatsiz narsa, tabiat gohida o‘z farzandlarini mazax qiladi. Papeetedagi shinamgina uyimga og‘ir kayfiyatda qaytib keldim.
Ancha vaqtgacha hammamiz jim qoldik.
— Lekin Ata menga odam yubormadi, — yana gapini boshladi doktor. Vaziyat shunday bo‘ldiki, ancha paytgacha orolning o‘sha qismiga borishga to‘g‘ri kelmadi. Striklend to‘g‘risida hech narsa eshitmasdim. Ata ikki marotaba Papeetega bo‘yoqlar sotib olish uchun kelib ketibdi, lekin uni ko‘ra olmadim. Oradan ikki yildan ko‘proq vaqt o‘tgach, Taravaoga, yana o‘sha keksa qabila boshlig‘i bo‘lgan kampirnikiga borishga to‘g‘ri keldi. U yerdagilardan Striklend to‘g‘risida biror xabar bilasizlarmi, deb so‘radim. Endi hamma uning moxov bo‘lib qolganini bilardi. Birinchi bo‘lib uydan Tane chiqib ketibdi, tez orada kampir va nabirasi ketib qolishibdi. Striklend Ata va bolalari bilan yolg‘iz qolishibdi uyda. Hech kim ularning mevazor bog‘lariga yaqin yo‘lamabdi. Bu yerdagi odamlar moxovdan naqadar qo‘rqishlarini tasavvur ham qila olmaysiz. Qadim zamonlarda esa biror kimsada moxov alomati paydo bo‘lishi bilanoq, uni darhol o‘ldirishgan. Faqat qo‘shni qishloqlik bolalargina tog‘ tepaliklariga chiqib yurishganida gohida paxmoq sariq soqolli, oq tanli odamga ko‘zlari tusharkan. Shunda ular qo‘rqib juftakni rostlab qolisharkan. Gohida kechalari Ata qishloqqa tushib, zarur narsalarni xarid qilish uchun do‘kondorni uyg‘otarkan. Odamlar undan Striklendga nisbatan ham
106


ko‘proq qo‘rqishlarini, nafrat bilan qarashlarini bilarkan. Bir kuni tasodifan ularning mevazorlari yaqinida paydo bo‘lib qolgan ayollar Ataning daryoda kir yuvib o‘tirganini ko‘rib qolishganda unga tosh otishipti. Shundan keyin do‘kondorga agar Ata yana bir marotaba daryoda kir yuvgunday bo‘lsa, qishloq erkaklari uyiga o‘t qo‘yib yuborishlarini aytib qo‘yishni tayinlashibdi.
— Vahshiylar, — dedim men.
— Unday emas, janob, odamlar doimo odamliklaricha qolishadi. Qo‘rquv ularni shafqatsizlikka yetaklaydi... Men Striklendni ko‘rib kelishga qaror qildim, bemor kampirni ko‘rganimdan keyin yo‘l boshlovchilikka biror odamni berishlarini so‘radim. Lekin hech kim men bilan borishga jur’at eta olmadi.
Doktor Kutra mevazorga kelganda odamni zirqiratib yuboradigan g‘ussa yuragini ezdi. Yurishdan qizib ketgan bo‘lsa-da, titrardi. Havoda qandaydir yovuz bir narsaning sharpasi kezib yurar, olg‘a siljishga izn bermasdi. Xuddi muayyan sirli kuchlar uning yo‘lini to‘sib turganday, ko‘rinmas qo‘llar orqaga tortayotganday. Hech kim bu yerga kokos yong‘oqlarini terish uchun kelmasdi. Ular yer bilan bitta bo‘lib chirib yotardi. Hammayoq xarobaga aylangan, o‘tlar odam bo‘yi o‘sib ketgandi. Og‘ir mehnat va mashaqqat evaziga cho‘ldan yulib olingan yer yana asliga qaytguday holatga tushib qolgandi. “Iztiroblar maskani bo‘lib qolipti bu yer”, — ichida o‘yladi doktor. U uyga yaqinlashganda bu yerdagilarga xos bo‘lmagan sukunat hukm surardi. Doktor, uyni tashlab ketishgan, degan qarorga keldi. Keyin uning ko‘zi Ataga tushdi. U oshxona vazifasini o‘taydigan bostirmada cho‘kkalab o‘tirar va qozonda nimadir pishirardi. Ayolning yonginasidagi bolakay tuproqqa qorilgancha o‘tirardi. Doktorga ko‘zi tushgan ayol hatto kulib ham qo‘ymadi.
— Men Striklendni ko‘rib qo‘yish uchun kelgandim, — dedi doktor.
— Kirib, unga aytaman.
Ayol uy tomon yurdi, zinalardan ko‘tarilib, ayvonga chiqdi-da, eshikni ochdi. Doktor Kutra uning
orqasidan yurdi, lekin ayolning ishorasi bilan qadamini sekinlatdi. Eshik ochilganda ichkaridan yaqin orada moxov borligidan darak beruvchi yurakni orziqtiruvchi hid gupirdi. Doktor Ataning nimadir deganini, keyin Striklendning ovozini eshitdi, lekin uning ovozini tanimadi. Ovozi xirillab chiqar, biror so‘zni anglab bo‘lmasdi. Doktor Kutra qoshini chimirdi, kasallik ovoz pardalariga ta’sir qila boshlaganini tushundi. Ata yana ayvonga chiqdi.
— U sizni ko‘rishni istamayapti. Siz ketishingiz kerak.
Doktor ichkariga kirishga intildi, lekin Ata uni ichkariga qo‘ymadi. Shunda doktor yelkasini qisdi-da, orqasiga o‘girilib keta boshladi. Ata uning orqasidan yurdi. Doktor ayol tezroq o‘zini kuzatib qo‘yishni istayotganini his etdi.
— Demak, men sizlarga hech qanday yordam berolmaymanmi? — so‘radi u.
— Siz unga bo‘yoqlar berib yuborishingiz mumkin. Bundan boshqa hech narsa istamaydi.
— U hamon ishlay olyaptimi?
— U uyning devorlariga rasm chizayapti.
— Hayotingiz naqadar dahshatli, bolaginam.
Shunda u kulimsirab qo‘ydi, ko‘zlarida esa mislsiz muhabbat yolqini alangalandi. Doktor Kutra
hayratdan lol qoldi. Qalbida ayolga ehtirom tuyg‘usi jo‘sh urdi. Bu tuyg‘usini ifodalashga intildi. — U mening erim, — dedi Ata.
— Ikkinchi bolangiz qani? — so‘radi u. — O‘tgan safar kelganimda ikki bolani ko‘rgandim. — U o‘ldi. Biz uni mango daraxtining tagiga ko‘mdik.
Ata u bilan yana biroz yurdi-da, uyga qaytishi kerakligini aytdi. Doktor Kutra ayol qishloqdoshlaridan birortasini uchratib qolishdan cho‘chiyotganini tushundi. Doktor zarurat tug‘ilguday taqdirda odam yuborsangiz darhol yetib kelaman deb avvalgi gapini qaytardi.
107


Ellik oltinchi bob
Oradan ikki yil, ehtimol uch yil o‘tdi. Zero, Taitida vaqt qanday o‘tganini ilg‘ay olmaysan. Doktor Kutraga Striklendning o‘limi yaqinlashib qolganini xabar qilishdi. Ata Papeetega boradigan pochta aravasini to‘xtatib, doktorga kirib o‘tishni iltijo qilgandi. Lekin doktor uyida yo‘q ekan, u bu noxush xabarni faqat kechqurungina eshitdi. Bunday paytda yo‘lga chiqish ma’nisizligini bilgan doktor ertasiga tong mahalida yo‘lga tushdi. U Taravaogacha yengil izvoshda yetib oldi va Ataning uyigacha bo‘lgan yetti chaqirimlik yo‘lni so‘nggi marotaba piyoda bosib o‘tdi. So‘qmoq yo‘lni o‘t qoplabdi, chamasi, bu yo‘ldan so‘nggi yillarda hech kim o‘tmagan. Yurish qiyin edi. U goh irmoqchaning qotib qolgan yo‘lidan qoqila-qoqila yurar, goh shoxlari tarvaqaylab ketgan daraxtda osilib turgan asalari inlariga tegib ketmaslik uchun tikanli chakalakzor orasidan engasha-engasha olg‘a odimlar, yurishning hech iloji bo‘lmagan qoyalarga tirmashib tepaga intilardi. Chor atrofda go‘riston sukunati hukm surardi.
Nihoyat uzoqdan kichkina, bo‘yalmagan, endilikda xarobaga aylana boshlagan uyga ko‘zi tushganda doktor yengil nafas oldi. Lekin uy atrofini ham chidab bo‘lmas sukunat qoplagandi. U uyga yaqinroq bordi, qizdira boshlagan oftobni parvo qilmay o‘ynab yurgan bolakay unga ko‘zi tushganda qo‘rqib o‘zini orqaga oldi. Bu yerda har bir notanish odam dushman hisoblanardi. Doktorga bolakay o‘zini palma daraxti panasidan kuzatib turganday tuyuldi. Uyning ayvonga qaragan eshigi lang ochiq edi. U baland ovozda chaqirdi, hech kim ovoz bermadi. U ichkariga kirdi. Ichkari uyning eshigini taqillatdi, lekin bu safar ham javob bo‘lmadi. U ichkari uyning eshigini ochib kirdi. Dimog‘iga urilgan sassiq hiddan esini yo‘qotguday darajaga keldi, dastro‘molini burniga bosib, ichkariga kirishga o‘zini majbur etdi. Uyni qorong‘ulik o‘z domiga tortgandi. Charaqlayotgan oftob tig‘ida yurib kelgani uchun avvaliga hech narsa ko‘rmadi. Keyin seskanib ketdi. U qaerda turganini tushunmasdi. Uni qandaydir ertaklar olami o‘rab olgandi. Daraxt taglarida yalang‘och odamlar yurgan bokira o‘rmonda turganday his etdi o‘zini. Keyin u devorlarga shunday rasmlar chizilganini angladi.
— Xudoyim-ey, nahotki meni oftob urgan bo‘lsa, — ming‘irladi doktor.
Xonadagi qandaydir yengil harakat uning e’tiborini o‘ziga tortdi va Ataga ko‘zi tushdi. U yerda yotar va xiqillab yig‘lardi.
— Ata, — chaqirdi u, — Ata!
U boshini ham ko‘tarmadi. Badbo‘y hiddan doktorning ko‘ngli aynidi, sigara tutatdi. Ko‘zlari endi qorong‘ilikka o‘rgandi va atrofidagi devorlarga chizilgan rasmlarga nigohi tushganda yuragini benihoya hayajon qopladi. U rassomchilikdan hech narsa tushunmasdi, lekin bu yerda ko‘rayotganlari doktorni lol qoldirdi. Uyning polidan shiftigacha g‘alati va murakkab kompozitsiyali rasmlar qoplagandi. Bu rasmlar g‘aroyib va sirli edi. Doktorning yuragi orziqib ketdi. Qalbida uyg‘ongan tuyg‘ularni tushunish ham, tahlil etish ham mumkin emasdi. Uning hayrati dunyoning yaratilishini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turgan odamning olijanob va ulug‘ hayrati edi. Bu g‘oyat buyuk, ta’sirchan va g‘alati taassurot edi. Shu bilan birga qandaydir dahshatli tuyg‘ulardan hatto qo‘rqib ketdi. Chamasi, bu narsalarni tabiatning boshqalardan yashirin qa’riga kira olgan, u yerdagi go‘zal va qo‘rqinchli sirlarni ilg‘ay olgan odamning qo‘llari bilan yaratilgan edi bu mo‘’jizali rasmlar. Inson zoti tushunishi man etilgan narsalarni anglab yetgan odamning qo‘llari bilan yaratilgan edi bular. Shu bilan birga bular qandaydir ibtidoiy va dahshatli ko‘rinardi. Bugina emas, noinsoniy tuyulardi. Doktor beixtiyor ravishda sehrgarlik to‘g‘risida o‘yladi. Bular nihoyatda go‘zal va shu bilan birga hayosizlarcha yaratilgandi.
— Xudo haqqi, bu daho-ku!
Bu so‘zlar doktorning og‘zidan beixtiyor ravishda chiqib ketdi.
Keyin nigohi burchakdagi bo‘yra uyumiga tushdi. U burchakka yaqinlashib, Striklendning dahshatli,
badbashara, dabdalasi chiqib ketgan aftini ko‘rib qoldi. Striklend jon taslim qilgan edi. Doktor, Kutra o‘zini qo‘lga olib sasib ketgan murdaga engashdi. Lekin shu soniyadayoq seskanib ketdi. Yuragi qo‘rquvdan to‘xtab qolganday bo‘ldi: kimdir uning orqasida turardi! Bu Ata edi. Ayolning yaqinlashganini u sezmay qolgandi. Ata doktorning yonginasida turar, u ham Kutra qarayotgan
108