duchor bo‘lgandi. Urush boshlanishi arafasida ukam Parijdan menga xat yo‘llab “Taitida yashagan ingliz rassomi to‘g‘risida biror narsa bilasanmi deb yozganida qanday ahvolga tushganimni tasavvur ham qilolmaysan. Ma’lum bo‘lishicha, u daho rassom ekan, uning asarlari juda yuqori baholarda sotilar ekan. Uning asarlaridan birortasini topishga harakat qil va menga yubor. Yaxshigina pul ishlab qolish mumkin”. Striklend menga hadya etgan rasm qaerdaligini xotinimdan surishtirdim. Ehtimol, hali ham chordoqda turibdimi? “Albatta, chordoqda-da, — dedi xotinim. Axir hech narsani tashlab yubormasligimni o‘zing bilasan-ku”. Xotinim bilan chordoqqa chiqdik-da, bu uydagi o‘ttiz yillik turmushimiz mobaynida to‘planib qolgan eski-tuskilar orasidan rasmni qidirib topdik. Men rasmga tikilib turib: “Plantatsiyamda nazoratchi bo‘lib ishlagan, men ikki yuz frank qarz berib turgan odam bir kun kelib daho rassom bo‘lishini kim xayoliga keltiribdi, deysan? Marhamat qilib ayt-chi, bu rasmning nimasi zo‘r? — Bilmadim, — javob berdi xotinim, — bu bizning plantatsiyamizga sira o‘xshamaydi. Yashil rang bargli kokoslarni men hech qachon ko‘rmaganman. Hamonki, Parijda uning rasmlarini ko‘rib aqldan ozayotgan ekanlar, ehtimol bu rasmni ikki yuz frankka sotib, sen Striklendga bergan qarzning o‘rni qoplanar”. Aytilgan gap — otilgan o‘q. Biz rasmni yaxshilab joyladik-da, Parijga jo‘natib yubordik. Tez orada ukamdan xat oldik. U xatida nimalar haqida yozibdi deb o‘ylarsiz? “Yuborgan rasmingni olib avvaliga akam meni laqillatibdi-da, deb o‘yladim. Shaxsan men bu rasmni uni jo‘natish harajatlariga ketadigan pulga ham olmagan bo‘lardim. Hatto rasmni meni senga iltimosnoma yozishga undagan odamga ham ko‘rsatishga qo‘rqdim. Bu rasmni san’atning go‘zal namunasi deb e’tirof etganida va o‘ttiz ming frank taklif qilganida qanchalik hayron qolganimni tasavvur ham qilolmaysan. Ehtimol, u bundan ortiqroq ham to‘lagan bo‘lardi-yu, ammo men azbaroyi esankirab qolganimdan fikrlarimni jamlab olmasdanoq rozilik berib yubordim.”
Keyin Koen xonim shunday gapni aytdi:
— Bechora Striklend bu kunlarga yetib kelolmadi. Chizgan rasmi uchun unga yigirma to‘qqiz ming- u, sakkiz yuz frankni berganimda naqadar hayron bo‘lishini tasavvur qilayapman.
Qirq to‘qqizinchi bob
Men “Otel de lya flyor” mehmonxonasida turganimda uning sohibasi Jonson xonim baxtli tasodifni qo‘ldan chiqarganligi to‘g‘risidagi ma’yus tarixni so‘zlab berdi. Striklend vafotidan so‘ng mol-mulkining bir qismi Papeete bozorida sotilibdi. Jonson xonim o‘sha joyga boribdi. Chunki rassomning narsalari orasida amerika pechkasi ham bor ekan. Shuni sotib olishni mo‘ljallagan ekan. Pirovard-natijada xonim pechkani yigirma yetti frankka sotib olipti.
— O‘sha yerda boshqa lash-lushlar qatori o‘nga yaqin rasm bo‘lib, ular ramkaga olinmagan ekan, — hikoya qilardi xonim, — hech kim bu asarlar bilan qiziqmasdi. Rasmlarning ba’zilari o‘n, ko‘pchiligi esa besh yoki olti frankka pullab yuborildi. O‘sha rasmlarni sotib olganimda hozir badavlat ayol bo‘lib o‘tirardim.
Yo‘q, Tiare Jonson xonim hech qanday sharoitda ham badavlat ayol bo‘lolmasdi. Uning qo‘lida pul turmasdi. U mahalliy aholi vakili bilan Taitida o‘rnashib qolgan ingliz kapitanining qizi edi. Men ayol bilan tanishganimda ellik yoshlarga chiqqan edi, nihoyatda barvasta ayol bo‘lganligi tufayli, yoshiga nisbatan katta ko‘rinardi. Baland bo‘yli, nihoyatda semiz bu ayolning qiyofasi ulug‘vor, boqishlari samimiy edi. Qo‘llari son go‘shtini, ko‘kraklari g‘ovlab ketgan karamni eslatardi. Jonson xonimning yuzlari g‘oyatda keng va go‘shtdor edi. U ertadan-kechgacha uy kiyimida va keng ayvonli somon shlyapada yurardi. Lekin u o‘zining qop-qora, uzun va jingalak sochlarini orqasiga tashlab yuborganda — sochlari faxri bo‘lganligi uchun ham u bu ishni tez-tez takrorlab turardi — beixtiyor havasingiz kelardi, ko‘zlari hamon yosh va quvnoq ko‘rinardi. Men hech qachon hech kimda uning kulgisidan ko‘ra zavqli kulgini ko‘rmaganman. Uning tomog‘ida boshlangan yengilgina kulgi tobora kuchaya borar, oxirida avj pardasiga ko‘tarilib, butun bahaybat gavdasini harakatga keltirardi. Yorug‘ olamda barcha narsalardan yuqori qo‘yadigani sho‘x hazil, bir stakan vino va kelishgan erkak edi. U bilan
92


tanishish odamga chinakamiga zavq bag‘ishlardi.
Oroldagi eng yaxshi pazanda bo‘lgan Tiare lazzatli taomlarni xush ko‘rardi. U ertadan-kechgacha
oshxonadagi pastakkina stulda o‘tirar, xitoylik oshpaz va mahalliy uch qiz uning atrofida ish bilan andarmon edilar. Xonim turli buyruqlar berar, barcha bilan sho‘x hazillashar, o‘zi ixtiro etgan lazzatli taomlardan tatib ko‘rardi. Do‘stlaridan birortasiga izzat ko‘rsatishni xohlab qolsa, o‘z qo‘li bilan unga ovqat tayyorlardi. Uning mehmondo‘stligiga chegara yo‘q edi. Orolda “Otel de lya flyor” mehmonxonasida ovqatlanmagan biror odam topilmasdi. Tiare hech qachon pulini o‘z vaqtida to‘lamagan mijozlarini ham oshxonadan haydab chiqarmasdi. Ularning ishlari yurishib ketishiga, bir kuni kelib qarzlarini uzishlariga umid qilardi. Mijozlaridan birining ishi yurishmay qolganida bir necha oy mobaynida undan yashashi va ovqatlanishi uchun haq so‘ramadi, xitoy kirxonasida uning kiyimlarini bepul yuvishdan bosh tortganlarida esa o‘sha odamning kiyim-boshini o‘z kirlari bilan birgalikda berib turdi. “Axir bechora kir ko‘ylakda yuradimi”, — derdi Tiare. Boz ustiga u erkak odam bo‘lganligi uchun — xonim erkak odam chekishi kerak deb hisoblardi — papiros uchun unga kuniga bir frankdan pul berib turdi. Ayol u bilan ham xuddi boshqalar singari xushmuomala munosabatda bo‘ldi.
Yoshi o‘tib qolganligi va haddan tashqari semizligi tufayli muhabbat o‘yinlarida o‘zi qatnashmasa- da, yoshlarning sevgi sarguzashtlarini zo‘r ishtiyoq va qiziqish bilan kuzatardi. Uning e’tiqodicha, sevgi erkak va ayolning tabiiy mashg‘ulotidir. Bu sohada u o‘zining boy tajribalari bilan doimo o‘rtoqlashardi, maslahatlar berardi.
— Otam sevgilim borligini sezib qolganda yoshim hali o‘n beshga ham to‘lmagan edi. Sevgilim “Tropik qush” kemasi kapitanining uchinchi yordamchisi bo‘lib, kelishgan yigit edi.
Ayol xo‘rsinib qo‘ydi. Aytishlaricha, ayollar doimo o‘zlarining birinchi muhabbatlarini maroq bilan eslashadi, — lekin hammavaqt ham uning kimligini eslay olisharmikin?
— Otam aqlli odam edi.
— Keyin u nima qildi? — qiziqdim men.
— Avvaliga meni o‘lasi qilib urdi, keyin kapitan Jonsonga erga berib yubordi. Men qarshilik
ko‘rsatmadim. Albatta, kapitan mendan ancha katta, lekin u ham g‘oyat kelishgan odam edi.
Tiare — ota uni hidli oq gulning nomi bilan shunday atagandi (taitiliklar bu gulni bir marotaba hidlagan odam qanchalik uzoqqa ketmasin muqarrar ravishda Taitiga yana qaytib keladi, deyishardi).
— Tiare Striklendni yaxshi eslar ekan.
— U gohida oshxonamizga kirib turardi. Bundan tashqari men uni ko‘pincha Papeete ko‘chalarida
ko‘rib turardim. Unga rahmim kelardi, ozib-to‘zib doimo och yurardi. Uning shaharga kelganini eshitishim bilanoq, xizmatkorni yuborib, ovqatlanib ketishga taklif qilgan paytlarim ham bo‘lgan. Bir- ikki marotaba unga ish ham topib berdim, lekin ishda hech qo‘nim topmasdi. Oradan ozroq vaqt o‘tishi bilan qayoqqadir g‘oyib bo‘lardi.
Striklend Marselni tark etgandan keyin yarim yil deganda Taitiga yetib keldi. Yo‘lkirasini Oklend va San-Frantsisko o‘rtasida qatnaydigan kemada matroslik qilib topardi. Nihoyat, u Taiti sohiliga etyud qutichasi, molbert va o‘nga yaqin mato bilan tushib qoldi. Cho‘ntagida Sidneyda ishlab topgan bir necha funt sterlingi bor edi. Taitida tushib qolishi bilanoq, o‘zini uyidagidek seza boshladi. Striklend shahar chekkasida yashaydigan mahalliy aholining kichkinagina uyida turardi.
Tiarening so‘zlariga qaraganda, kunlardan bir kun Striklend unga aytgan ekan: — Men palubani yuvayotgandim, shunda to‘satdan matroslardan biri: “Mana yetib keldik!” deb qoldi. Boshimni ko‘targanimda tobora yaqinlashayotgan orolga ko‘zim tushdi. Butun umrim mobaynida qidirayotgan joy shu orol ekanligini darhol angladim. Orolga yaqinlashganimizda, nazarimda, men bu joylarni ilgaridan biladiganday tuyuldi. Menga hozir ham avvaldan tanish bo‘lgan joylarda yurgandek sezilaveradi. Qachonlardir shu joylarda yashaganga o‘xshayveraman.
— Bu uchrab turadigan hodisa, — dedi Tiare, — men kemadan yuk tushirilayotgan vaqtda bir necha soatga qirg‘oqqa tushib, butun umr shu yerda qolib ketgan odamlarni bilaman. Boshqalar bir yil mobaynida xizmat qilishga kelib Taitini bo‘ralab so‘kishganini, bu joylarga qaytib kelgandan ko‘ra,
93


odam o‘zini osgani afzal deyishganini ham eshitganman. Oradan bir necha oy o‘tgach esa ular yana orolda paydo bo‘lib, endilikda hech qaerga sig‘mayotganlarini aytishgan.
Elliginchi bob
Nazarimda shunday odamlar bo‘ladiki, ular tug‘ilishlari kerak bo‘lgan joyda tug‘ilmay boshqa maskanlarda tavallud topishadi. Tasodifiyat ularni muayyan o‘lkaga itqitib tashlaydi-da, umr bo‘yi o‘zlari ko‘rmagan vatanlari firoqida azob chekadilar. Ular tug‘ilgan yurtlarida begonadirlar, bolaliklaridan tanish sersoya xiyobonlar, bir vaqtlar o‘zlari o‘ynashgan, odamlar bilan gavjum ko‘chalar hayot yo‘llarida bir bekat bo‘lib qoladi, xolos. Tug‘ilgan yurtida begonalar bilan yashaydi, o‘zlari ham boshqalarga begona bo‘lib qolishadi. Ehtimol, mana shu begonalik ularni uzoq-uzoqlarga chorlar, bu joylardan topmagan narsalarni qidirishga undar. Balki bu qandaydir yashirin suyak surish natijasi bo‘lib, g‘alati sarguzashttalablarning ajdodlari qadim zamonlarda yashab, keyinchalik tashlab ketishgan o‘lkalarga intilishidir. Ba’zan shunday ham bo‘ladiki, inson zoti to‘satdan sirli zanjirlar bilan bog‘langan yerlarga kelib qoladi. Nihoyat u o‘zi istagan, qidirgan uyida, ilgari ko‘rmagan tabiat og‘ushida, tanish bo‘lmagan odamlar orasida paydo bo‘lib qoladi-yu, xuddi shu joylar mening vatanim degan to‘xtamga keladi. Faqat shu joydagina u taskin topadi.
Men Tiarega Londondagi muqaddas Foma kasalxonasida tanishgan odamning tarixini gapirib berdim. Bu Abragam ismli oqishdan kelgan, yoshgina, miqti, tortinchoq va kamtar, lekin g‘oyat iqtidorli odam edi. Tibbiyot maktabida o‘qiganida unga stipendiya berib turishgan, butun o‘qish mobaynida eng yaxshi talaba bo‘lgandi. O‘qishni bitirgach, Abragamni kasalxonada jarroh va terapevt sifatida qoldirishadi. Uning favqulodda iste’dodi barcha tomonidan e’tirof etiladi. Tez orada u doimiy ishga tayinlanadi, kelajagidan xotirjam bo‘lishi mumkin edi. Agar biror inson zotiga kelajagini ishonch bilan bashorat qilish mumkin bo‘lsa, Abragamning istiqboli porloqligi o‘z-o‘zidan ayon edi. Uning istiqbolida izzat-hurmat va boylik o‘z quchog‘ini ochib turardi. Yangi vazifasiga kirishishdan oldin ta’til olishga qaror qildi. Puli bo‘lmaganligi tufayli Levant mamlakatlariga ketayotgan kemada vrach vazifasida ishlashga yollandi. Sirasini aytganda, kemada vrachga ehtiyoj kam edi. Lekin kasalxonaning yetakchi jarrohlaridan biri kemalar qatnovining direktori bilan yaqin bo‘lganligi tufayli shu ishga joylab qo‘ydi.
Oradan bir yoki bir yarim oy o‘tgach, Abragam vrachlar boshqarmasiga xat yozib, endi hech qachon kasalxonaga qaytmasligini e’lon qilibdi. Bu xabar hammani hayron qoldirdi va turli-tuman mish-mishlarning tarqalishiga sababchi bo‘ldi. Odam qandaydir kutilmagan harakatga qo‘l ursa, boshqalar u to‘g‘risida, odatda, turli-tuman gap tarqatishadi. Lekin tez orada Abragam o‘rnini egallashga tayyor vrach topila qoldi va uni unutib yuborishdi. Abragamning soyasi ham ko‘rinmay ketdi.
Oradan o‘n yilcha vaqt o‘tgach, men ketayotgan sayohat kemasi Aleksandriya ko‘rfaziga kirganida boshqa yo‘lovchilar qatori vrachlar nazoratidan o‘tishimga to‘g‘ri kelib qoldi. Vrach egniga urinib ketgan kostyum kiyib olgan semiz erkak ekan. Shlyapasini yechganida ko‘zim tushdi: boshida mutlaqo sochi yo‘q edi. U bilan qaerdadir uchrashganday tuyuldi menga. To‘satdan uni tanib, lol bo‘lib qoldim.
— Abragam, — dedim men.
U hayron bo‘lib menga tikildi, keyin tanib, qo‘limni qattiq silkitib ko‘rishdi. Har ikkalamiz ko‘rishganimizdan xursandligimizni ifodalaganimizdan keyin mening Aleksandriyada tunab qolmoqchiligimni eshitgach, Ingliz klubida ovqatlanishga taklif etdi. Kechqurun uchrashib, stol atrofida o‘tirganimizda, undan qanday qilib bu yerlarga kelib qolganini so‘radim. U kamtarona lavozimni egallab turar va anchagina noqulay sharoitda faoliyat olib borayotganligi ko‘rinib turardi. Abragam o‘z tarixini so‘zlab berdi. O‘rtaer dengizi bo‘ylab sayohatga ketayotganida Londonga qaytib borganidan so‘ng muqaddas Foma kasalxonasiga ishga joylashishiga ishongan ekan. Lekin ajoyib kunlarning birida u tushgan kema Aleksandriyaga yaqinlashibdi, palubadan porlab turgan oppoq shaharga,
94


pristanda uymalashib yurgan olomonga, juldur kiyimli mahalliy odamlarga, to‘polonchi, qo‘l harakatlari bilan gapiradigan italyan va greklar, hojido‘ppi kiygan salobatli turklarga ko‘zi tushibdi, o‘tkir nurlarini sochayotgan quyoshu musaffo osmonga tikilibdi. Shu daqiqada unda qandaydir keskin o‘zgarish ro‘y beribdi, buning nimaligini o‘zi ham tushuntirib bera olmadi. “Bu yashin urishiga o‘xshash holat edi”, — dedi u hamda o‘z izohidan o‘zi ham qanoat qilmay: “Xuddi kashfiyotday” deb qo‘shib qo‘ydi. Yuragi bir orziqib ketibdi, keyin erkinlikning lazzatli hislari Abragamni junbushga keltiribdi. Unga vatani shu yerdaday tuyulibdi va o‘sha ondayoq butun umrga Aleksandriyada yashab qolishga qaror qilibdi. Uning qaroriga kemada qarshilik ko‘rsatishmadi, yigirma to‘rt soatdan keyin butun lash- lushlari bilan sohilga tushib qoldi.
— Kapitan sizni telbaga chiqargan bo‘lsa kerak, — dedim kulib turib unga.
Men haqimda nima deb o‘ylashlari men uchun ahamiyatsiz edi. Bunday harakatni mening o‘zim emas, ichimdagi qandaydir yengib bo‘lmas kuch qilayotgandi. Shahardagi kamtarona grek mehmonxonasiga borishga qaror qildim, shunda to‘satdan men uning qaerda joylashganini bilishimni angladim. Haqiqatan ham to‘ppa-to‘g‘ri mehmonxona oldiga borib qoldim-da, darhol uni tanidim.
— Ilgari Aleksandriyada bo‘lgan edingizmi?
— Shu vaqtgacha Angliyadan hech qayoqqa chiqmagan edim.
Tez orada u Aleksandriyada davlat xizmatiga kiribdi va shu lavozimda hali ham ishlar ekan.
— Qilgan ishingizdan pushaymon bo‘lgan vaqtingiz ham bo‘lganmi?
— Hech qachon, biror daqiqa ham. Men yashash uchun yetarli darajadagi ish haqi olaman,
shuning uchun ham hayotimdan mamnunman. To umrimning oxirigacha qismatimdan bundan ortiq narsani iltijo qilmayman. O‘layotganimda ham men ajoyib tarzda hayot kechirdim, deyman.
Men ertasiga Aleksandriyadan jo‘nab ketdim, shundan keyin Abragam haqida o‘ylamadim ham. Yaqinda esa eski mo‘ysafid tanishim — u ham vrach — Angliyada nom chiqargan Alek Karmaykl bilan birga ovqatlanib qoldim. Men uni ko‘chada uchratib qoldim-da, urush davridagi buyuk xizmatlari uchun yaqinda unga berilgan ritsarlik unvoni bilan tabriklashga shoshildim. O‘tgan kunlarning xotirasi uchun birga ovqatlanishga, oqshomni birgalikda o‘tkazishga qaror qildik. Bemalol gaplashishimiz uchun u boshqa hech kimni aytmaslikni taklif etdi. Qirolicha Anna ko‘chasida nihoyatda nozik did bilan yasatilgan ajoyib uyi bor edi. Oshxona devorlariga nihoyat yoqimtoy Bellottoning asari va Zoffanining ikkita rasmi qo‘yilgan ekan. Bu rasmlar havasim va hasadimni keltirdi. Oltinrang parchadan ko‘ylak kiyib olgan baland bo‘yli go‘zal ayoli bizni xoli qoldirgach, men unga talaba shifokor bo‘lgan vaqtimizdan keyin uning hayotida ro‘y bergan o‘zgarishlarni ko‘rsatdim. O‘sha vaqtlarda Vestminster — Brijrouddagi ko‘rimsiz italyan restoranchasida ovqatlanishni ham o‘zimizga ep ko‘rolmasdik. Endilikda esa Alek Karmaykl bir qancha kasalxonalarda ishlardi, yiliga o‘n ming funtdan kam ishlamasdi. Ritsarlik unvoni uni kelgusida muqarrar ravishda kutib turgan faxriy mukofotlarning ilk debochasi edi.
— Ha, men shikoyat qilsam uyat bo‘lar, — dedi u, — lekin eng g‘alati joyi shundaki, men bularning barchasiga baxtli tasodif tufayli erishib turibman.
— Sen nimani ko‘zda tutayapsan?
— Abragamni eslaysanmi? Uning oldida ajoyib istiqbol eshigi ochilib turgandi. Talabalik yillarida u barcha sohalarda mendan oldinda edi. Men mo‘ljallagan, intilgan barcha mukofotlaru stipendiyalarni u olardi. U bor joyda men doimo ikkinchi o‘rinda edim. Kasalxonadan ketib qolmaganida bu e’tiborli mavqeni men emas, u egallagan bo‘lardi. Abragam daho jarroh edi. Hech kim u bilan bahslasha olmasdi. Uni muqaddas Foma kasalxonasiga olishganda kasalxonada qolishga menda hech qanday imkoniyat yo‘q edi. Men katta yo‘lga tushib ketishi qiyin bo‘lgan shunchaki oddiy amaliyotchi vrach bo‘lib qolardim. Lekin Abragam ketdi, uning o‘rni menga qoldi. Bu birinchi muvaffaqiyat edi.
— Ha, chamasi, sen haqsan.
— Baxtli tasodif. Abragam g‘alati tabiatli odam. U bechora butunlay to‘kilib tushibdi. Aleksandriyada sanitar-vrach darajasida xizmat qiladi, arzimas choychaqa ishlaydi. Eshitishimga qaraganda, badbashara va yoshi o‘tgan grek ayoli bilan yasharkan. Ayol unga bir-qancha sap-sariq
95


bolalarni tug‘ib beribdi. Ha, faqat aqlu qobiliyatning o‘zi yetarli emas ekan. Eng muhimi — xarakter ekan. Abragam mustahkam xarakterga ega emas ekan.
Xarakter? Men esa yarim soatlik mulohazadan so‘ng qarshingda ochilgan yangicha hayotiy yo‘l deb istiqboldagi ajoyib mavqedan voz kechishni xarakter kuchliligining belgisi bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim. Lekin hech kutilmaganda qo‘yilgan qadam uchun biror marta afsuslanmaslik xarakterning kuchliligini ko‘rsatmaydimi? Ammo men bahslashib o‘tirmadim, tanishim xayol surib gapini davom ettirdi.
— Albatta, Abragamning bu harakatidan afsusdaman desam munofiqlik qilgan bo‘laman. Axir men bundan juda ko‘p narsa yutdim. — U qimmatbaho sigarani mamnuniyat bilan ichiga tortdi. — Agar men bu ishdan shaxsan manfaatdor bo‘lmaganimda shunday talantning bekor ketganiga afsuslangan bo‘lardim. O‘z hayotini bunchalik barbod qilish unga nimaga zarur bo‘lib qoldi ekan.
Men Abragam o‘z hayotini barbod qilganiga shubha bilan qarardim. Axir yuragi chopgan ishni qilsa, o‘zi xohlaganidek yashasa, hayotini barbod qilgan bo‘ladimi? Faqat taniqli jarroh bo‘lish, yiliga o‘n ming funt ishlash go‘zal xotinli bo‘lishgina baxtmi? Nazarimda, hammasi sening hayotdan nimani qidirishingga, o‘zingdan va boshqalardan nimani talab qilishingga bog‘liq. Lekin men yana tilimni tishlab qoldim. Men kim bo‘libman o‘zi, ritsar bilan bahslashadigan?
Ellik birinchi bob
Bu tarixni Tiarega so‘zlab berganimda o‘zimni vazmin tutganim uchun meni maqtab qo‘ydi. Bir necha daqiqa davomida miq etmay ishladik — no‘xatning po‘stini tozaladik. Oshxona ishlarida ustasifarang bo‘lib ketgan ayol xitoy oshpazining ovqat tayyorlashdagi qandaydir xatosini topdi. Bundan fig‘oni falakka chiqdi. Ayol xitoyni qalashtirib qarg‘adi, so‘kdi. Xitoylik ham bo‘sh kelmadi, janjal avjiga chiqdi. Ular bir-birlariga mahalliy tilda baqirishardi. Men bu tilda o‘ndan ortiq so‘zni bilmasdim. Tomoshaning zo‘ri boshlanadiganga o‘xshardi. Lekin kutilmaganda janjal tinchidi, Tiare oshpazga sigara uzatdi. Hozirgina janjallashayotganlarning ikkalasi ham bamaylixotir chekishga tushishdi.
— Bilasizmi, men unga xotin topgandim, — to‘satdan gap ochdi Tiare, uning barkashday yuziga tabassum yugurdi.
— Oshpazgami?
— Yo‘q, Striklendga.
— Lekin u uylangan edi-ku.
— U buni menga aytdi, lekin men xotining Angliyada, Angliya esa dunyoning narigi chekkasida,
dedim.
— Bu to‘g‘ri, — uning gapiga qo‘shildim men.
— U Papeeteda har ikki yoki uch oyda, bo‘yoq, tamaki va pul kerak bo‘lgan paytlarda paydo bo‘lib
qoladi, ko‘chalarni daydi itdek kezadi. Unga juda rahmim kelardi. Shu yerda bir xizmatkor qizim bor edi, ismi Ata degan, uzoq qarindoshim. Ota-onasi o‘lib ketganligi sababli, o‘z uyimga olib kelgandim uni. Striklend ba’zida durustroq ovqatlanish yoxud shaxmat o‘ynash uchun bu yerga kelib turardi. Men xizmatkorim Striklendga qarab-qarab qo‘yayotganini sezib qoldim-da, yoqish-yoqmasligini qizdan so‘radim. Qiz, u menga judayam yoqadi deb javob berdi. Bu qizlarni o‘zingiz bilasiz-ku, ular doimo oq tanliga erga chiqishga tayyor.
— Qiz shu yerlikmidi? — so‘radim men.
— Ha, mahalliy aholining sof vakilasi edi. Shunday qilib qiz bilan gaplashganimdan keyin Striklendga xat yubordim: “Aqlingni yig‘ishtirib oladigan vaqting keldi, Striklend. Sening yoshingda qizchalar bilan sohil bo‘ylab sayr qilish yarashmaydi. Bu taloq qizlardan hech qanday yaxshilik kutib bo‘lmaydi. Yoningda puling yo‘q, biror yerda ikki oydan ortiq ishlay olmaysan. Endi seni hech kim
96


ishga qabul qilmaydi. Sen mahalliy ayollarning goh unisi, goh bunisi bilan don olishib bemalol yashayveraman deb o‘ylaysan. Darhaqiqat, ular oq tanli erkaklarga o‘ch. Lekin bunday yashash oq tanli kishilarga joiz emas. Endi esa gapimga yaxshilab quloq sol, Striklend...”
Tiare frantsuz va ingliz so‘zlarini chalkashtirib yuborardi. Zero, u har ikki tilda ham qiynalib bo‘lsa- da, gaplashardi. Tiarening so‘zlariga quloq solarkanman, mabodo biror qush inglizcha gaplashsa xuddi shunday gaplashsa kerak deb o‘ylardim. “Ataga uylanish masalasiga qanday qaraysan? U juda yaxshi qiz, endigina o‘n yettiga chiqdi. U boshqa qizlarga o‘xshamaydi, nozik tabiatlik yerli yigitlardan birortasi xoh kapitan, xoh uning yordamchilari bo‘lsin, qo‘lini ham ushlamagan. U o‘zini hurmat qiladigan qizlardan.“Oaxu” xo‘jaligining boshlig‘i bu yerda bo‘lganida shu atrofdagi orollarda bundan go‘zalroq qiz ko‘rmaganini aytgan edi. Uning ham oila quradigan payti keldi. Bundan tashqari, qari kapitan va uning eng yaqin yordamchilari ham turli gullarni hidlab ko‘rgilari keladi. Men qizlarni uzoq vaqtgacha o‘z huzurimda saqlab turolmayman. Ko‘rfazga kiraverishdagi Taravao yaqinida Ataning ozroq yeri bor. Kokosning hozirgi narx-navolarini e’tiborga olinadigan bo‘lsa, shu yerdan chiqadigan hosilga bemalol tirikchilik o‘tkazishlaring mumkin. Yashaydigan uyi ham bor, bemalol rasmlaringni chizaverasan. Xo‘sh, yoqadimi?”
Tiare nafasini rostladi.
— Shundan keyin menga Angliyadagi xotini to‘g‘risida gapirib berdi. “Bechoragina Striklend, — javob berdim, — har bir erkakning ham qaerdadir xotini bor, shuning uchun ham ular bizning orolimizga qochib kelishadi. Ata — aqlli qiz, ortiqcha rasmiyatchiliklarni yoqtirmaydi. U protestant mazhabida, senga ma’lumki, protestantlar bu masalaga katoliklarga nisbatan boshqacharoq qaraydilar”. Shu yerga kelganda u gap qo‘shdi: “Ataning o‘zi qanday fikrda?” —“Menimcha, Ata, senga befarq emas” — dedim men. Masala Ataga taqalguday bo‘lsa buning chorasi oson. Uni chaqirtiraymi? U jahl qilganday pishqirib qo‘ydi. Shunaqa odati bor edi uning. Men Atani chaqirdim. Qiz men Striklend bilan nima to‘g‘risida gaplashayotganimni bilib turardi. Ko‘zimning qiri bilan garchi ko‘ylagimni dazmollayotgan bo‘lsa ham suhbatimizni eshitib turganini ko‘rgandim. Ata yonimizga keldi. U biroz hadiksirab turishiga qaramay kulardi.
Striklend hech narsa demay qizga tikilardi.
— Qiz yoqimtoymidi? — so‘radim men.
— Chakki emas. Siz, ehtimol, uni rasmlarda ko‘rgansiz. Striklend to‘xtovsiz ravishda uning rasmini
goh kiyimda, goh yalang‘och ko‘rinishda chizaverardi. Ha, u yomon qiz emasdi. Juda yaxshi pazanda edi. Bu hunarni unga o‘zim o‘rgatganman. Men Striklend o‘ylanib qolganini ko‘rdim-da, gapimni davom ettirdim: “Ata mendan yaxshigina ish haqi olardi, topganini yig‘ardi. Kapitanlar va ularning birinchi yordamchilari gohida unga choychaqa tashlab ketishardi. Chamasi, bir necha yuz frankni yig‘ib qo‘ygandi”. U sarg‘ish soqolini tutamlab kulimsirab qo‘ydi. “Xo‘sh, Ata, senga erlikka yaraymanmi?” Qiz hech narsa demay faqat kulardi. “Men axir qiz senga befarq emas deyapman-ku, Striklend”, — qaytardim men. “Men seni do‘pposlab turaman”, — dedi Striklend, — Ataga qarab. “Bo‘lmasa meni yaxshi ko‘rishingni qaerdan bilaman?” — javob berdi qiz.
Tiare hikoyasini to‘xtatdi, biroz o‘ylab turgach, davom etdi:
— Birinchi erim kapitan Jonson meni muntazam ravishda urib turardi. U haqiqiy erkak edi. O‘zi g‘oyat kelishgan, baland bo‘yli — olti fut uch dyum kelardi. O‘lguday ichardi, rosa urardi. Bunaqa paytlarda hammayog‘im momataloq bo‘lib yurardi. U vafot etganida men qanchalar yig‘laganimni ko‘rsangiz. Uning vafotini ko‘tara olmasam kerak deb o‘ylagandim. Naqadar katta narsani yo‘qotganimni Jorj Reyniga turmushga chiqqanimdan keyin bildim. Odamni yaxshiroq bilish uchun u bilan bir botmon tuzni yeguncha yashamoq kerak ekan. Hayotda Jonsonni yo‘qotishdan ko‘ra alamliroq narsa ko‘rmaganman. Reyni ham ko‘rsa ko‘rguday erkak edi. Bo‘yi kapitan Jonsonga qaraganda pastroq bo‘lsa-da, baquvvat ko‘rinardi. Lekin bu faqat ko‘rinishga shunday edi. Ichimlik degan narsani og‘ziga ham olmasdi. U biror marotaba ham meni urmagan. Xuddi yerli xalqni xristianlikka da’vat etishga kelgan odamga o‘xshaydi. Men ko‘rfazimizga kirib kelgan barcha kemalardagi ofitserlar bilan ishqiy romanlarni yo‘lga qo‘ygandim, Jorj Reyni esa hech narsani
97


fahmlamasdi. Pirovardida toqatim toq bo‘ldi, u bilan ajrashdim. Bunaqa landovur erkakning nima keragi bor? Ba’zi erkaklarning ayollarga bo‘lgan munosabatidan dahshatga tushadi odam.
Men ham Tiarega o‘xshab xo‘rsinib qo‘ydim, erkaklar azaldan aldamchi bo‘lishadi degan xayolga borib, Striklend to‘g‘risidagi hikoyasini davom ettirishini iltimos qildim.
— Mayli, shoshilishning hojati yo‘q, — dedim unga. — Yaxshilab o‘ylab ko‘r. Ataning yaxshigina uyi bor. Biror oy yashab ko‘r, yoqish, yoqmasligini sina. Bizning restoranchamizda ovqatlanib yurishing mumkin. Biror oydan keyin, unga uylanishga qaror qilsang uylariga ko‘chib o‘tib yashayverasizlar”. U rozi bo‘ldi, va’da berganimdek bizning tamaddixonada ovqatlanib yurdi. Striklend xushlaydigan ovqatlardan bir nechasini Ataga o‘rgatib qo‘ydim. Bu vaqtlarda u juda kam rasm chizardi, ko‘proq tog‘larda izg‘ib yurardi va cho‘milardi. Ko‘pincha sohilda dengiz qo‘ltig‘iga tikilgancha o‘tiraverardi. Kechqurunlari esa Murea orolini tomosha qilgani borar yoxud baliq tutardi. Kemalar to‘xtaydigan joylarda kezishni va yerli xalq kishilari bilan valaqlab o‘tirishni ham yoqtirardi. Ha, Striklend dongdor, sokin odam edi. Har kuni kechqurun ovqatdan keyin Ataning uyiga jo‘nab ketishardi. U o‘rmonda kezishni xushlashini ham sezib turardim, oyning oxiriga borganda qanday qarorga kelganini so‘radim. U Ata rozi bo‘lsa, qiz bilan ketishga tayyorligini aytdi. Men o‘z qo‘lim bilan to‘y dasturxonini tuzatdim, no‘xatli sho‘rva, qisqichbaqadan tayyorlanadigan portugalcha taom, kokos yong‘og‘idan salatlar tayyorladim. Aytganday, siz hali mening bunday salatimni tatib ko‘rmadingiz, shekilli. Siz shu yerda vaqtingizda albatta shunday salat bilan mehmon qilmog‘im lozim. Oxirida esa dasturxonga muzqaymoq tortdim. Qancha shampan vinolariyu uning ustidan likerlarni ichganimizni qo‘yaverasiz. Zo‘r ziyofat o‘tkazishga qaror qilgandim-da. Ovqatlanib bo‘lganimizdan keyin mehmonxonada raqsga tushdik. U vaqtlarda ancha ixcham edim, holdan toygunimcha o‘yinga tushdim.
“Otel de lya flyor”da mehmonxona vazifasini bir chekkasiga eski pianino qo‘yilgan, devor bo‘ylab kimxob qoplangan qizil mebellar o‘rnatilgan uncha katta bo‘lmagan xona bajarardi. Dumaloq stollar ustida fotoalbomlar turardi, devorlarga esa Tiare va uning birinchi eri kapitan Jonsonning kattalashtirilgan foto portretlari osilgandi. Garchi Tiare endilikda ancha keksayib va semirib ketgan bo‘lsa, biz kunlarning birida uning sharafiga gilam to‘shab, do‘stlaridan ba’zilarini chorlab o‘yin-kulgi uyushtirdik. Peshayvonda havo g‘oyat yoqimli edi, tepamizda yulduzlar charaqlab turardi.
Tiare ma’yusgina tabassum qilib, avvalgi xursandchilik paytlarini esladi.
— Kechasi soat uchlargacha o‘yinga tushardik, — hikoyasini davom ettirdi u. — Uxlashga ketayotganimizda ham kayfiyatimiz shodon bo‘lardi. Men yoshlarga borish mumkin bo‘lgan joygacha ikki kishilik aravachalarida ketishlarini aytardim. Undan u yog‘iga ham ancha yo‘lni piyoda bosib o‘tishlariga to‘g‘ri kelardi. Ataning uyi anchagina narida, tog‘ darasida edi. Ular erta tongdagina o‘z joylariga yetib borishar, ular tushgan aravacha ertasiga qaytib kelardi. Striklend mana shunday uylangandi.
Ellik birinchi bob
Keyingi uch yil, ehtimol, Striklend hayotining eng baxtli davrlari bo‘lgandir. Ataning uyi orolni o‘rab olgan katta yo‘ldan sakkiz chaqirim ichkarida edi. Katta yo‘lga ikki tomoni sershox tropik daraxt bilan qoplangan ilonizi so‘qmoqdan borilardi. Yog‘ochdan yasalib hali ham bo‘yalmagan imorat ikki xonadan iborat edi. Xonalarga tutash qurilgan ayvonda oshxona joylashgandi. Uyning butun jihozi bir necha bo‘yradan iborat bo‘lib, ular o‘rin vazifasini bajarar, bulardan tashqari ayvonda belanchak turardi. Xuddi surgundagi qirolichaning kiyimlaridek hurpaygan bahaybat bargli banan chor atrofni egallagandi. Bulardan tashqari timsohlar noki, juda ko‘p kokos daraxtlari o‘sib yotardi. Kokos yong‘oqlari bu joylarning asosiy daromadi hisoblanardi. Ataning otasi o‘z uyining atrofiga turfa xil gullar ekib tashlagan bo‘lib, ular endilikda ham yal-yal yonib turar, ham to‘siq vazifasini bajarardi. Bulardan tashqari shundoqqina uylarining oldida ulkan mango daraxti qad ko‘targan, ikki hind xurmo
98


daraxti bir-biri bilan bahs boylashayotganday obdon hosil qilgandi.
Striklend tabiat ne’matlari bilan ovqatlanib hayot kechirdi, ahyon-ahyondagina Papeetega tushib
turdi. Ularning uylari yaqinidan daryocha oqardi, Striklend shu daryoda cho‘milardi. Gohida shu daryoga dengiz baliqlarining to‘dasi kirib qolardi. Shu paytlarda yerli xalq nayzalar bilan qurollangan holda qirg‘oqda to‘planishar, shovqin-suron bilan qo‘rqib ketgan, orqaga, dengizga tartibsiz qochayotgan ulkan baliqlarga nayzalarini sanchishardi. Striklend gohida dengiz burniga borar, u yerdan kattakon dengiz qisqichbaqasi yoxud rang-barang tusdagi baliqlar bilan to‘la savatni ko‘tarib kelardi. Ata eri keltirganlarini kokos yog‘ida qovurardi. U bu o‘lkalarda tez-tez uchrab turadigan oddiy qisqichbaqalardan ham lazzatli taom tayyorlashni o‘rganib olgandi. Tog‘larda yovvoyi apelsinlar o‘sardi, Ata qo‘shni qishloqdagi ayollar bilan gohida tog‘larga chiqib, hidi anqib turgan ko‘m-ko‘k, shirin mevalarni arang ko‘targancha qaytib kelardi. Kokos yong‘oqlari pishgach, uning jiyanlari (bunday jiyanlar barcha yerli xalqlar singari ularda ham ko‘p bo‘lardi)daraxtlarga chiqishib, katta-katta mevalarni terib pastga tashlashardi. Ko‘pchiliklashib po‘stlog‘ini shilib quritish uchun oftobga yoyishardi. Keyinroq ularni chaqib qoplarni mag‘izlarga to‘ldirib dengiz yaqinidagi qishloqda turadigan savdogarga eltishardi. Yong‘oq mag‘zi evaziga guruch, sovun, go‘sht konservalari va ozroq pul olishardi. Bayramlar sharafiga goh-gohida qishloqda cho‘chqa so‘yilar, shunda mehmonlaru mezbonlar burunlaridan chiqquday ovqatlanishar, raqsga tushishar, diniy ashulalar aytishardi.
Lekin Ataning uyi ovloqda edi, taitiliklar juda dangasa xalq bo‘lishadi. Ular aravada yurishni, g‘iybat qilishni yoqtirishadi, lekin piyoda yurishni xush ko‘rishmaydi. Striklend va Ata oylar mobaynida tanho yashashardi. Striklend rasm chizar, kitob o‘qir, atrofga qorong‘ulik cho‘kkach, ayvonda tunga tikilgancha o‘tiraverishardi. Keyin Ata bola ko‘rdi, chaqaloqqa doyalik qilgan kampir ularnikida yashay boshladi. Tez orada kampirning qiz nabirasi, uning ketidan esa yana qandaydir o‘spirin bola paydo bo‘ldi. Bolaning kimligini hech kim aytib berolmasdi, shunga qaramay, shu uyda qolib ketdi. Hammalari birgalikda yashay boshlashdi.
Ellik ikkinchi bob
— Mana, kapitan Bryuno ham kelib qoldi, — dedi Tiare kunlardan bir kun undan Striklend haqidagi tafsilotlarni surishtirib o‘tirganimda. — U Striklendni yaxshi bilardi, uyida ham bo‘lgandi.
Qarshimda katta yoshdagi, butun yuzini endigina oq oralay boshlagan qora soqolli, ko‘zlari yaltirayotgan frantsuz turardi. U oppoq sochiqsimon yo‘l-yo‘l kostyum kiyib olgandi. Men unga nonushta mahalidayoq e’tibor bergan edim, xitoy oshpaz A.Lin u bugun ertalab kemada Paumotudan kelganligini aytgan edi. Tiare bizni tanishtirib qo‘ydi, u menga tashrif qog‘ozini berdi. Tashrif qog‘ozida: “Rene Bryuno”, pastrog‘ida esa “Uzoqlarga qatnaydigan kema kapitani” deb yozilgandi. Biz oshxona yaqinidagi kichkinagina ayvonchada o‘tirardik, Tiare xizmatchilaridan biri bo‘lgan qizning ko‘ylagini tikib o‘tirardi. Kapitan bizning yonimizga kelib o‘tirdi.
— Ha, men Striklendni yaxshi bilardim, — dedi u, — men shaxmatga judayam ishqibozman. Striklend esa jon-jon deb shaxmat o‘ynardi. Men har yili Taitiga ish bilan uch-to‘rt marotaba kelib turardim. Kelganlarimda uni Papeeteda uchrata olsam “Otel de lya flyor”ga kelib shaxmat o‘ynardik. U uylangandan keyin, — kapitan Bryuno tabassum bilan yelkasini qisib qo‘ydi, — Tiare tiqishtirgan qiz bilan yashay boshlagandan keyin u meni uyiga chaqirdi. — Kapitan Tiarega qarab qo‘ydi va ularning har ikkalalari kulib yuborishdi. — Oradan, taxminan, biror yil o‘tgach, qanday sabab bilanligi hozir xotiramda yo‘q, men orolning o‘sha qismiga borib qoldim. Ishlarimni tugatganimdan keyin o‘zimga o‘zim: “Bechora Striklendni bir ko‘rib ketmaymanmi” dedim. Men yerli kishilardan uni surishtirishga, u to‘g‘risida biror narsa bilish-bilmasliklarini aniqlashga tushdim. Natijada u men turgan joydan besh chaqirimcha narida yashashini bildim. Unikiga yo‘lga tushdim. Bu borganimni hech qachon esimdan chiqarmayman. Men halqa shaklidagi marjonlar orolida yashardim. Yerning bu past qismida dengiz va