o‘zimga kelolmasdim. Hamon esimda, bu yerga kelganimning ertasiga tongda uyg‘onib, mehmonxona ayvonchasiga chiqdim. Hech qaerdan odam sharpasi sezilmaydi. Men oshxonaga yo‘l oldim, lekin oshxona berk edi. Oshxona eshigi oldida shu yerlik bola uxlab yotardi. Nonushta qilib olish istagini hozircha orqaga surish lozim edi, pastga — dengiz tomonga yurdim. Xitoyliklar o‘z do‘konchalaridagi mollarini yoyishayotgan ekan. Tongoldi osmoni juda nursiz edi, ko‘rfaz ustida sukunat hukm surardi. Qirg‘oqdan o‘n chaqirimlar narida xuddi muqaddas Graal qal’asiday sirli Murea oroli osilib turganga o‘xshab ko‘rinardi.
Men o‘z ko‘zlarimga hamon ishonmasdim. Vellingtondan chiqib ketganimdan beri o‘tayotgan kunlarim hayotimning avvalgi kunlaridan butunlay farq qilardi. Vellington ozodagina, to‘la ma’nodagi ingliz shaharchasi. U Janubiy Angliya port shaharlariga quyib qo‘yganday o‘xshaydi. Dengizda uch kungacha to‘lqin shovqin-suroni tinmadi. Kulrang pag‘a-pag‘a bulutlar bir-birlarining ketidan quvishardi. So‘ng shamol bosildi, dengiz tinchidi, yana ko‘m-ko‘k bo‘lib qoldi.
Tinch okeanning cheku chegarasi yo‘qday. Ularda suzish sarguzashtlarga to‘la bo‘ladi. Nafas olayotgan havomiz bamisoli sirli ob-hayot suviga o‘xshaydi.
Taiti qirg‘oqlari ko‘z oldida namoyon bo‘la boshlaganda bandasiga xayolotning oltin shoxligida suzib yurganday tuyuladi . Shunda yana qo‘shni Murea oroli ham ko‘zingizga tashlanadi. U xuddi poyoni yo‘q suv o‘rtasida sirli tarzda ko‘tarilib turgan tosh mo‘’jizaga o‘xshaydi. Qirrali cho‘qqilari bamisoli Tinch okeandagi Monseratning o‘zi. Nazdingizda Poleneziy odamlari nomatlub sirlarni qo‘riqlab, yovvoyi marosimlarni amalga oshirayotganday. Yaqinlashganingiz sari orolning go‘zalligi ko‘zga tashlanaveradi. Uning hayrotomuz cho‘qqilari ko‘z o‘ngingizda aniq namoyon bo‘lgach, ularning naqadar maftunkorligiga amin bo‘lasiz. Agar uni qarshingizda butunlay yo‘q deb faraz qilsangiz, ro‘parangizda poyonsiz okean suvlari jilvalanib yotadi.
Taiti baland yam-yashil orol. Uni to‘q yashil o‘t-o‘lanlar qoplab olgan. Bu o‘t-o‘lanlarning tagidan muzdek irmoqchalar jildirab oqadi. Ko‘p asrlardan beri bu yerlardagi hayot tarzi o‘zgarmay kelayotganini o‘ylab qolasiz. Ko‘nglingizga kelgan bu tuyg‘u sizni g‘amga soladi, qo‘rquv hissini uyg‘otadi. Lekin oniy taassurot o‘rnini quvonch hislari egallaydi. Sizni qarshilayotgan Taiti xuddi kulib turgancha, o‘z go‘zalligini ko‘z-ko‘z qilayotgan maftunkor ayolga o‘xshaydi. Yorug‘ olamda Tapeete ko‘rfazidan ko‘rkamroq joy yo‘qday. Arqonlab qo‘yilgan yelkanli kemalar yarqiraydi. Qirg‘oq bo‘ylab yoyilgan shahar oppoq va ko‘rkam. Ko‘m-ko‘k osmon ostidagi hind xurmolari shamolda tebranadi, xuddi ehtiros bilan qichqirayotganga o‘xshaydi. Ularning ta’sirchanligini ko‘rganingizda yuragingiz orziqib ketadi. Kemani kutib olish uchun bandargoxga sho‘x-shodon, quvnoq olomon yig‘iladi. Olomon shovqin-suron ko‘taradi, qiyqiradi, har xil harakatlar bilan o‘z xursandchiliklarini ifodalashadi. To‘planganlarning ust-boshlari qip-qizil. Lojuvard osmon ostida go‘yo kamalakning barcha ranglari tovlanayotganday. Olomon hammavaqt yuklar tushirilayotganda ham, bojxona nazoratidan o‘tkazilayotgan paytda ham betoqat. Quyosh shafqatsiz qizdiradi. Turli-tuman ranglar ko‘zni qamashtiradi.
Qirq oltinchi bob
Taitiga kelgan dastlabki kunlarimda kapitan Nikols bilan uchrashib qoldim. Bir kuni ertalab ayvonda nonushta qilib o‘tirsam, u kirib keldi-da, o‘zini tanishtirdi. Kapitan Nikols Charlz Striklend bilan qiziqib yurganimni eshitib, men bilan gaplashish uchun kelgan ekan. Taitida g‘iybat gaplarning tarqalishi ingliz qishlog‘idagidan kam emas. Ikki-uch marotaba Striklend asarlarini surishtirganligim haqidagi ovozalar yashin tezligida tarqalib ketibdi. Men kapitan nonushta qilgan yo qilmaganligini surishtirdim.
— Ha, — javob berdi u, — men tong saharda qahva ichib olaman, lekin bir qultum viski bo‘lsa yo‘q demayman.
Men xizmatkor xitoyni chaqirdim.
— Ehtimol ertalabdan ichmagan ma’qulmikin? — dedi kapitan.
— Buni o‘z jigaringizdan so‘rang, — javob berdim men.
— Aslida men ichmaydigan odamman, — deb qo‘ydi kapitan o‘ziga yarim stakan Kanada viskisidan
84


quyarkan.
Kulib turib sarg‘ayib ketgan siniq tishini ko‘rsatdi. Kapitan o‘rta bo‘yli, oqargan quyuq sochli,
hurpaygan mo‘ylabli, juda ozg‘in odam edi. Ikki kundan beri soqolini qirtishlamagani ko‘rinib turardi. Ajin bosgan yuzlari doimo quyoshli joylarda yurganidan qizarinqirab ketgan, ko‘m-ko‘k ko‘zlari mug‘ambirona boqardi. Mening har bir harakatimni zimdan kuzatayotgan ko‘zlari uni qallobroq odamga o‘xshatib turardi. Aslida uning hozirgi ko‘rinishi samimiyligidan darak berardi. Mosh rang kostyumi o‘ziga o‘tirishmagan, chamasi, qo‘llari anchadan beri suv va sovun ko‘rmagandi.
— Men Striklendni yaxshi bilardim, — deb gap boshladi u men taklif qilgan sigarani cheka turib oromkursida o‘rnashibroq o‘tirib olarkan. — U men tufayli bu orollarga kelib qolgan.
— U bilan qaerda uchrashgansiz? — so‘radim undan. — Marselda.
— U yerda nima qilardingiz?
U xushomadli tabassum qildi.
— Hm, men u yerda, to‘g‘risi, bekorchi edim.
Yangi tanishimning ko‘rinishiga qaraganda, hozir ham uning ahvoli yaxshi emasga o‘xshaydi. Men bu tanishlikni davom ettirishga ahd qildim. Odatda bunday takasaltanglar ularga ko‘rsatgan ozgina mehr-muruvvatingni unutishmaydi, kirishimli bo‘lishadi. Ular takabbur bo‘lishmaydi, ichishni taklif etish orqali yuraklariga osongina qo‘l solish mumkin. Ularga alohida iltifot ko‘rsatib o‘tirishingiz ham shart emas, dardu hasratlariga quloq solsangiz bas. Shunda sizga ishonibgina qolmasdan, balki minnatdor bo‘lishadi.
Ular nazdida hayotning eng muhim zavqi tillariga erk berib, o‘z bilimdonliklarini namoyish etish. Shuni e’tirof etmoq joizki, ularning aksariyati juda so‘zamol bo‘lishadi. Hayotiy tajribalari xayolotlarining jonliligi bilan uyg‘unlashib ketadi. Ularni soddadil odamlar deb bo‘lmaydi, kuchga asoslangan qonunni hurmat qilishadi. Ular bilan poker o‘ynamoq xatarli ish. Bu o‘yindagi epchilliklari eng yaxshi o‘yinlardan biri poker o‘yiniga yanada jozibadorlik baxsh etadi. Men Taitida bo‘lgan vaqtimda kapitan Nikolsni juda yaxshi bilib oldim. Bu tanishlik, shubhasiz, meni ancha boyitdi. Nikols chekkan sigarasi, ichgan viskisi uchun to‘lab yuborgan haqim (aslida ichishni odatga aylantirmaganligi bois, kokteyl ichishdan doimo voz kechardi) va mendan qarzga so‘ragan bir necha dollar menga qilgan yaxshiliklari oldida hech narsa emasday tutardi o‘zini. U meni zeriktirmasdi. O‘zimni qarzdor hisoblardim undan. Axir buni faqat so‘z bilan uzib bo‘lmaydi-ku.
Men kapitan Nikols nima sababdan Angliyadan ketib qolganini bilmasdim. Bu to‘g‘risida gapirmaslikka harakat qilardi. Uning toifasidagi kishilarga savol beraverish esa odobdan emas. Nikols qandaydir musibatga shama qilar, o‘zini adolatsizlik qurboni deb hisoblardi. Menga gap qandaydir qalloblik yoxud sitam ustida ketayotgandek tuyulardi. Shu bois gaplarini ma’qullab turardim. Ha, eski Angliyadagi sud amaldorlari o‘taketgan rasmiyatchi bo‘lishgan. Lekin shunisi yaxshiki, ona yurtida qanchalik aziyat chekkan bo‘lmasin, u baribir o‘z mamlakatining otashin vatanparvari bo‘lib qoldi. U Angliya dunyodagi eng yaxshi mamlakat deb takror-takror ta’kidlar, o‘zini amerikaliklar, koloniyalarning aholisi, italyanlar, gollandlar va boshqalardan ustunroq fahmlardi.
Lekin kapitanni, baribir, baxtli odam deb hisoblab bo‘lmasdi. U ovqatni hazm qilish organlaridan aziyat chekar, tez-tez pepsi ichib turar, ertalablari hech narsani ko‘ngli tusamasdi. Hayotdan nolishiga boshqa asoslari ham bor edi. Bundan sakkiz yil avval yengiltaklik bilan uylanib qo‘ydi. Ba’zi odamlarga bo‘ydoqlarcha hayot kechirish afzalroq ekanligi bashorat qilingan. Lekin ular qaysarliklari yoki har xil tasodiflar tufayli bashoratni buzadilar. Yorug‘ olamda uylangan bo‘ydoqdan yomon narsa yo‘q. Kapitan Nikols uylangan bo‘ydoq edi. Men uning xotinini tanirdim, yoshi yigirma sakkizlar atrofida edi. U yoshini aniqlab bo‘lmaydigan ayollar toifasiga kirardi. Ehtimol, u yigirma yoshida ham shunday ko‘ringandir, qirq yoshida ham deyarli hozirgidek ko‘rinsa ajab emas. Uning hammayog‘i, nazarimda, tortib qo‘yilganga o‘xshardi. Ingichka labli yassi yuzlari, badani go‘yo tortib qo‘yilganday. Kulimsirashga moyil og‘zi ham qiyshayibroq turibdi. Sochlari bir tutam qilib turmaklab qo‘yilgan. Oq matodan sirib tikilgan ko‘ylagi ham xuddi qora pahmoq ko‘ylakka o‘xshash taassurot qoldiradi.
85


Kapitan Nikols nima uchun unga uylandi, uylangandan keyin nima sababdan undan qochib qolganligini tushunmasdim. Kim bilsin deysiz, ehtimol bir necha bor bunga urinib ko‘rgandir. Uning dilgirligi bunday urinishlarning barchasi behuda ketganligidan bo‘lsa ajabmas. U qanchalik uzoqqa juftakni urib qolmasin, qanchalik pastqam joyga yashirinmasin, qismatdan tutqich bermaydigan, vijdon kabi shafqatsiz Nikols xonim darhol uni qidirib topardi. Kapitan sabab-oqibatdan qutula olmaganday, ayoldan hech qutula olmasdi.
Firibgar, artist, ehtimol, djentlmen ahli hech qanday toifaga kirmaydi. Lekin Nikols xonim o‘rtachadan pastroq toifaga mansub edi. Uning otasi mirshab, mirshab bo‘lganda ham juda epchil mirshab bo‘lgan ekan. Qiz kapitanni qanday qilib o‘ziga rom etganini bilmayman. Lekin o‘ylashimcha, bu sevgi tufayli bo‘lmagan shekilli. Men undan bir og‘iz ham so‘z eshitmadim, lekin u uy sharoitida sergap ayol bo‘lishi ham mumkin. Nima bo‘lganda ham kapitan Nikols undan o‘lguday qo‘rqardi. Biz ba’zida kapitan bilan mehmonxona ayvonchasida gaplashib o‘tirardik. Shunda to‘satdan ko‘chada yurgan xotiniga ko‘zi tushib qolardi. Ayol erini ko‘rayotganini na so‘z va na biror ishora bilan sezdirardi-yu, u yoqqa-bu yoqqa bamaylixotir yuraverardi. Shunda kapitan g‘alati bezovtalik holatiga tushardi. Tez-tez soatiga qarab xo‘rsinaverardi.
— Ketishim kerak, — derdi nihoyat u.
Shunda uni hech qanday kuch, hatto bir stakan viski ham ushlab turolmasdi. Axir u bo‘ronlar, to‘fonlarni dovyuraklik bilan qarshi ola bilar, o‘nlarcha habashlarga qarshi yolg‘iz jangga chiqa olardi. Nikols xonim erining ketidan rangpar, jahldor, yetti yoshlardagi qizini yuborgan vaqtlari ham bo‘lardi.
— Oyim chaqirayapti, — derdi u yig‘loqi ovoz bilan.
— Ketayapman, hozir ketayapman, qizginam, — javob berardi Nikols.
U o‘rnidan sakrab turib, qizining orqasidan ergashardi. Bu ruhning materiya ustidan tantanasiga
misoldir va mazkur kirishimda ma’lum bir hikmat bor.
Qirq yettinchi bob
Men kapitan Nikolsning Striklend haqidagi uzuq-yuluq hikoyalarini umumlashtirishga, iloji boricha tadrijiyroq qilib ifodalashga harakat qildim. Ular men Striklendni oxirgi marotaba Parijda ko‘rgan yilimning qishida tanishgan ekanlar. Biz uchrashganimizdan keyingi oylar mobaynida Striklend qanday yashaganini men bilmayman, lekin, chamasi, og‘ir ahvolda yashagan bo‘lsa kerak.
Chunki Nikols uni ilk marotaba kechasi tunab ketiladigan uyda uchratgan ekan. Marselda o‘sha vaqtda umumxalq ish tashlashlari davom etayotgan kunlar ekan. Shu boisdan Striklend ochdan o‘lmaslikka amal-taqal yetadigan chaqalarni topolmay qolipti.
Marselda ibodatxonaga qarashli tunab ketiladigan uy kattakon qop-qora imorat edi. Bechorahol va ishsizlar pasportsiz daydi emasliklarini, ruhoniylarga hujjatlari joyida ekanligini isbotlay olsalar, bir haftagacha shu yerda yashashlari mumkin edi. Kapitan Nikols bahaybat gavdasi, o‘ziga xos ko‘rinishi tufayli olomon ichidagi Striklendga darhol e’tibor berdi. To‘planganlar u yoqdan-bu yoqqa yurganlarni ham, devorga suyanib jimgina turganlarni ham kuzatishardi. Ko‘pchilik oyoqlarini ariq chekkasiga qo‘ygancha yo‘lda o‘tirishardi. Nihoyat ularni ichkariga qo‘yishgach, kapitan hujjatlarni tekshiruvchi ruhoniy Striklendga ingliz tilida murojaat qilganini eshitib qoldi. Lekin kapitan u bilan gaplashishga ulgurmadi. Olomonni katta xonaga kiritishlari bilanoq, ruhoniy bahaybat bibliya bilan paydo bo‘ldi-da, xonaning narigi tomonidagi qahvaxonada turib olgancha va’z o‘qishga tushdi. Bechora odamlar bu yerdan o‘zlariga boshpana berganliklari evaziga amru ma’rufni eshitishga majbur edilar. Kapitan va Striklend boshqa-boshqa yotoqxonalarga tushishdi. Ertalab soat beshda barvasta ruhoniy turish vaqti bo‘lganligini e’lon qilganda kapitan o‘z o‘rnini tuzatib, yuvindi. Striklend allaqachon g‘oyib bo‘lgandi. Kapitan bir soatcha shahar ko‘chalari bo‘ylab sovuqdan qaltirab, daydib yurdi. Keyin, odatda, ishsiz matroslar yig‘iladigan Viktor Jelyu maydoniga yo‘l oldi. U yerda kapitan haykal tagida mizg‘ib o‘tirgan
86


Striklendga ro‘baro‘ keldi. Kapitan uni oyog‘i bilan turtib, uyg‘otdi.
— Yur, qarindosh, ovqatlanamiz!
— Tuyog‘ingni shiqillat, — javob berdi Striklend. Striklendning tabiati, muomala uslubini bilganim
uchun kapitan Nikolsning bu gaplariga ishonsa bo‘lardi.
— Ahvoling tangmi? — so‘radi kapitan.
— O‘taversang-chi, — dedi Striklend.
— Ketdik, men senga nonushta topib beraman.
Striklend biror soniya ikkilangach, o‘rnidan turdi. Ular “Bir burda non” oshxonasi tomon yurib
ketishdi. Oshxonada faqat shu yerda yeyish sharti bilan ochlarga bir bo‘lakdan non berishardi. Bu yerdan “Bir qoshiq sho‘rva” tomon yo‘l olishdi. Ertalab soat o‘n bir va kunduz soat to‘rtda bu yerda kambag‘allarga bir likopchadan suyuq ovqat tarqatilardi. Oshxonalar shaharning turli chekkasida edi. Faqat ochdan sillasi quriganlargina bunday nonushtalarga borishga majbur edi. Charlz Striklend va kapitan Nikolsning o‘ziga xos do‘stligi shu zaylda boshlandi.
Ular Marselda to‘rt oy turishdi. Hayotlari bir maromda, agar sarguzashtni kutilmagan va yorqin voqealardan iborat deb qaraguday bo‘lsak, hech qanday sarguzashtlarsiz, ya’ni tunab ketiladigan uydagi joy, ochdan o‘lmaslikka yetadigan darajadagi non uchun ozgina mablag‘ topishga ertadan, kechgacha urinish bilan o‘tardi. Men bu yerda kapitan Nikols aytib bergan xarakterli va ajoyib rasmlarni ko‘z o‘ngimizda qayta jonlantirishni juda xohlardim. Nikols va Striklend katta port shahridagi hayotlari mobaynida shunchalik ko‘rgiliklarni ko‘rishganki, buni hikoya qiladigan bo‘lsam, qiziqarli bir kitob dunyoga keladi. Kapitan Nikols hikoyasi qahramonlarining so‘zlari bezorilar nutqining to‘la lug‘ati uchun ajoyib material bo‘lishi mumkin edi. Lekin baxtga qarshi men bu yerda ular hayotining ayrim epizodlarinigina keltira olaman. Ularning hayoti bir xil tarzdagi, qo‘pol, lekin mungli bo‘lmagan yashash tarzidan iborat edi. Men bilgan gavjum va quvnoq, serhasham mehmonxona va restoranlari badavlat olomon bilan to‘la Marsel endi qandaydir oddiy va nursiz ko‘rina boshladi. Kapitan Nikols hozirgina menga hikoya qilgan narsalarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan odamlarga havasim kelardi.
Tunab ketiladigan uyning eshiklari ular uchun yopilgach, qandaydir O‘jar Billning mehmondo‘stligidan foydalanishdi. Bu matroslar oshxonasining xo‘jayini, bahaybat mushtli, malla mulat odam edi. U ishsiz matroslarga boshpana va ovqat berar, ularga ish joyini ham o‘zi qidirib topardi. Striklend va Nikols uning qaramog‘ida bir oycha turishipti, boshqa shved, habash, brazil matroslari qatori butunlay jihozlanmagan, xo‘jayin tomonidan ishsizlarga ajratilgan ikki xonaning birida yotisharkan. Ishsizlar har kuni Bill yetakchiligida Viktor Jelyu maydoniga borisharkan. Bu yerga kema kapitanlari ishchilar yollash uchun kelisharkan. O‘jar Bill xomsemiz amerikalik ayolga uylangan ekan. Bu yerda istiqomat qiladigan matroslarning majburiyatiga ro‘zg‘or ishlarida ayolga galma- galdan yordam berish ham kirarkan. Kapitan Nikolsning aytib berishicha, Striklend Billning portretini yaratish orqali bu ishdan ustalik bilan qutulib qolibdi. Bill material, bo‘yoq va mo‘yqalam pulini berishdan tashqari, bir funt tamaki ham beribdi. Taxminimcha, bu rasm hozir yarim xaroba uyni bezatib turgan bo‘lsa, ehtimol. Daryo sohilidan uncha uzoq bo‘lmagan uyga osilgan rasm hozir balki bir yarim ming funtlar tursa kerak. Striklend Avstraliya yoxud Yangi Zelandiya sohillari tomon suzadigan biror kemaga ishga kirishni orzu qilardi. U yerdan Samoa yoxud Taitiga yo‘l olish mumkin bo‘lardi. Nima sababdan Striklendni Janubiy dengizlar o‘ziga jalb etganini bilmayman. Lekin u yerlar anchadan beri shimoliy kengliklardagi dengizlarga qaraganda ham ko‘m-ko‘kroq dengizlar orasidagi yashil va quyoshli orolga o‘xshab tuyulardi. Kapitan Nikols bu uzoq o‘lkalarni yaxshi bilgani uchun Striklend unga bog‘lanib qolgani ehtimoldan xoli emas. Ayni Taitiga yo‘l olish fikri ham Nikolsdan chiqqan.
— Taiti axir frantsuzlarga qarashli, — tushuntirdi kapitan, — frantsuzlar esa inglizlarchalik rasmiyatchi odamlar emas.
U nimani ko‘zda tutayotganini tushundim.
Striklendning zarur hujjatlari yo‘q edi. Lekin Bill bunday arzimas narsalardan xavotirga tushmasdi (u kemalarga ishga joylagan matroslardan birinchi oydagi ish haqlarini olardi). Bill Striklendga o‘z
87


oshxonasida o‘lib qolgan ingliz o‘tyoqarining hujjatlarini rasmiylashtirib berdi. Lekin ularning har ikkalasi, kapitan Nikols ham, Striklend ham sharqqa intilishardi. Baxtga qarshi faqat g‘arbga boradigan kemalardan ish chiqayotgandi. Striklend ikki marotaba Qo‘shma Shtatlarga ketayotgan kemada ishlashdan bo‘yin tovladi, uchinchi marotaba esa Nyukasl tomon ketayotgan ko‘mir tashuvchi kemadan voz kechdi. O‘jar Bill bu qaysarlikka chidab turolmadi-da, ikkalasini uyidan haydab chiqardi. Ularning ahvoli yana og‘irlashib qoldi.
O‘jar Billning ovqati to‘yimligi bilan ajralib turmasdi. Ovqatga o‘tirgan xo‘randalar stoldan qorinlari to‘ymay turib ketishardi. Lekin shunday bo‘lsa-da, Striklend va Nikols bir necha kun mobaynida bu ovqatlanishlarni maroq bilan eslab yurishdi. “Bir qoshiq sho‘rva” va yotib ketiladigan uydan mahrum bo‘lishgandi. Ular faqat “Bir burda non”da ko‘rsatiladigan marhamat tufayligina ochdan o‘lishmasdi. Duch kelgan joylarda, zahira yo‘llarda turadigan yuk vagonlari, temir yo‘l pakgauzlarida tunab yurishdi. Havo sovuq edi. Shu bois ikki soat mudrab olishgach, ko‘chalarda yurishardi. Hammadan ko‘ra tamaki yo‘qligidan qiynalishardi. Kapitan pivoxonalarga borib kechki mijozlar tomonidan chala chekib tashlangan papiros va sigaralarni yig‘ib kela boshladi.
— Trubkaga nimalar tiqib tashlaganimni o‘zim ham bilmayman, — dedi kapitan yelkasini qisib. — Men oldiga surib qo‘ygan qutichadan birdaniga ikkita sigara olib, bittasini og‘ziga, bittasini cho‘ntagiga tiqdi.
Gohida ozroq pul to‘plashga muvaffaq bo‘lishardi. Pochta paroxod kelgan paytlarda yuklarni tushirishardi. Bunday paytlarda kapitan Nikols kemaning kichik kapitani bilan darhol til topishib, elakishib ketardi. Gohida esa ingliz kemasi yuqori palubasining tumshuq qismiga ustalik bilan chiqib olishardi, matroslarning to‘yimli nonushtalari bilan mehmon bo‘lishardi. Bunday kezlarda kema boshliqlari bilan ro‘baro‘ kelib qolish, ketlariga tepki yeyish xavfi ham yo‘q emasdi.
— Qorning to‘q bo‘lsa-ku orqangdan tepki yeyish ham hech narsa emas, — dedi kapitan Nikols, — shaxsan men bu narsadan xafa bo‘lmagan bo‘lardim. Boshliq bo‘lgandan keyin tartibga qarashi kerak- da.
Men tor zinalardan yuqoriga o‘rlayotgan va haqiqiy ingliz bo‘lganligi tufayli ingliz savdo flotidagi intizomdan g‘ururlanayotgan kapitan Nikolsni ko‘z oldimga keltirdim.
Ular ko‘proq baliq bozorida ishlashni o‘zlariga kasb qilib olishgandi. Bir safar esa son-sanoqsiz apelsin to‘ldirilgan qutilarni kemaga yuklab, bir frankdan pul ishlashdi. Kunlardan bir kun esa omad ularga kulib boqdi. Yaxshi Niyat burni orqali Madagaskardan kelgan kemaning “tanish” boshlig‘i ularni kemani bo‘yash ishlariga yolladi. Ular bir necha kun mobaynida likillab turgan qayiqchalarda tik turib olgancha zanglab ketgan kema bortlarini bo‘yashdi. Albatta, bu holat Striklend tomonidan istehzoli kulgi uyg‘otishi tabiiy edi. Bu sinov kunlarida Striklend o‘zini qanday tutganini Nikolsdan so‘radim.
— Biror marotaba bo‘lsin, uning so‘kinganini eshitmadim, — javob berdi kapitan. — Gohida albatta qovog‘ini uyub olardi u. Lekin ertadan-kechgacha og‘zimizga tamaki ololmasak kulaverardi.
Men bundan ajablanmasdim. Striklend hech qachon og‘ir sharoitlardan ruhiy tushkunlikka tushmasdi. Bu narsa qat’iy xarakteri tufaylimi yoxud mag‘rurligi tufaylimi — bilolmasdim.
Buteri ko‘chasida bir ko‘zli xitoy iflos va xarobgina yotoqxona tashkil etgandi. Olti suga karavot olish, uch suga yerda uxlab ketish mumkin edi bu yerda. Ular yotoqxonada o‘zlari singari sho‘rpeshana odamlar bilan oshno bo‘lishgandi. Cho‘ntaklarida sariq chaqa ham qolmagan, tashqarida sovuq avjiga chiqqan paytlarda uyalib o‘tirmay oshnalaridan yotoqxonaga to‘lash uchun qarz olishardi. Bu daydilar o‘zlari singari mirquruq tanishlaridan oxirgi chaqalarini ayab o‘tirishmasdi. Marsel portiga dunyoning turli burchaklaridan odamlar yig‘ilishardi, lekin millatlar o‘rtasidagi tafovutlar ular o‘rtasidagi do‘stlikka monelik qila olmasdi. Ularning hammalari ham o‘zlarini Ulug‘ Kokeyn mamlakatining erkin fuqarolari deb bilishardi.
— Lekin Striklend g‘azabga mingan paytlarida qo‘rqinchli bo‘lib ketardi, — dedi xayolchan bir alpozda Nikols. — Kunlarning birida biz O‘jar Billning oshxonasiga kirib qoldik. Shunda Bill qachonlardir Charli berib qo‘ygan hujjatlarni surishtirib qoldi.
— Mana, uni qaytarib olmoqchimisan, ovora bo‘lasan! — dedi Charli.
88


O‘jar Bill juda baquvvat va bahaybat odam edi. Lekin Charlining qiyofasi unga yoqmasdi, shu bois bo‘lsa kerak, hammaning ko‘z o‘ngida uni masxaralab haqorat qila boshladi. Bill so‘kinganda og‘zidan chiqayotgan so‘zlarni eshitish qiziq edi. Charli avvaliga chidab turdi, so‘ng oldinroqqa chiqib: “Yo‘qol bu yerdan, hayvon!” dedi. Bu yerda nima degani emas, uni qanday aytgani muhim. Bill biror so‘z bilan unga javob bermadi. Butun a’zoyi badani sarg‘ayib ketdi-yu, ma’shuqasiga oshiqqan yigitday shoshilib chiqib ketdi.
Kapitan Nikols so‘zida Striklend Billni shunday so‘z bilan haqoratlaganini aytmagan, haqiqatga teskariroq bo‘lsa-da, men uni yumshatibroq ifodaladim.
Lekin O‘jar Bill oddiy matrosdan haqorat eshitib ketadiganlar toifasiga kirmasdi. Uning obro‘-e’tibori bu yerdagi hukmdorligiga ta’sir yetkazishi mumkin edi. U Striklendni o‘ldirishga qasam ichganligi to‘g‘risida mish-mishlar tarqaldi.
Oqshomlarning birida kapitan Nikols va Striklend Buteri ko‘chasidagi mayxonada o‘tirishardi. Bu har biri hayvonlar katagiga yoxud rastalarga o‘xshash yagona xonadangina iborat bo‘lgan bir qavatli uylardan tashkil topgan torgina ko‘cha edi. Har bir eshikning oldida ayollar turishardi. Ular eshik yondoriga suyanganlaricha qandaydir qo‘shiqni xirgoyi qilishar, bo‘g‘iq ovoz bilan o‘tkinchilarni chaqirishardi, boshqalari esa jimgina nimadir o‘qishardi. Ular orasida frantsuz, italyan, ispan, yapon ayollari va qoratanli ayollar bor edi. Ba’zilari oriqdan kelgan, boshqalari semiz edi. Yuzlariga qalin qilib chaplangan upa, qoshlari va lablariga obdon surilgan bo‘yoqlar ularning yoshlari o‘tinqiraganini, shahvoniy hayot kechirishganini yashira olmasdi. Bu ayollarning ba’zilari qora “ko‘ylak”, badanlari rangida paypoq kiyib olishgandi, boshqalari esa qiz bolalarniki singari ko‘ylakchada, bo‘yalgan sochlari jamalaklab qo‘yilgan. Ochiq eshikdan qizil kafel yotqizilgan uyning poli, keng yog‘och karavot, kichkinagina stolcha ustidagi ko‘za va tog‘ora ko‘zga tashlanadi. Rang-ro‘yi xilma-xil olomon ko‘chada u yoqdan-bu yoqqa sandiraqlaydi. Shved parus kemasidan tushib kelgan hind matroslari, oqish shimolliklar, harbiy kemadagi yaponlar, ingliz dengizchilari, ispanlar, frantsuzlarning turistik kemasidagi satangsifat yoshlar, amerika savdo kemalaridagi habashlar ko‘chalarni to‘ldirishgan.
Kunduzlari Buteri ko‘chasi iflos va g‘aribona ko‘rinadi, kechalari faqat g‘aribona uylarning deraza tokchalariga yoqib qo‘yilgan chiroqlardan tushgan yorug‘lik tufayli qandaydir sirli va chiroyli tuyuladi. Havoda anqiyotgan, ko‘ngilni aynitadigan shahvoniy hid odamni ezishiga qaramay, unda qandaydir sirli, tahlikali va shu bilan birga o‘ziga jalb etuvchi nimadir bor edi. Bu yerda barcha narsalar ibtidoiy tuyulib, ixlosni qaytarishiga qaramay, nima sababdandir o‘ziga tortardi ham. Bu ko‘chaning odamlari ko‘ngillari xira alpozda hayot kechirishar, muhit tarang va fojiali edi.
Striklend va Nikols o‘tirishgan mayxonadagi pianinaning raqsga chorlovchi baland ovozi yangrab turardi. Devorlar yoniga qo‘yilgan stollardan badmast matroslar va bir necha askar joy olishgandi, xona o‘rtasida esa g‘uj bo‘lib raqs tushishardi. Raqs tushayotgan, oftobda obdon pishib ketgan mo‘ylabdor matroslar baquvvat qo‘llari bilan qizlarni bag‘irlariga tortib olishgandi. Qizlarning egnida esa ko‘ylakdan bo‘lak hech narsa yo‘q edi. Ichishib o‘tirgan matroslarning bir-birlari bilan raqs tushgan vaqtlari ham bo‘lardi. Xonadagi shovqin-suron quloqni qomatga keltirardi. Mijozlar qo‘shiq aytishar, so‘kishishar, baland ovoz bilan kulishardi. Biror erkak tizzasida o‘tirgan qizni yopishib olgancha tinimsiz o‘paversa, atrofdagilar baland ovozda miyovlashga tushishardi. Havo erkaklar oyog‘idan ko‘tarilgan chang tufayli og‘ir, tamaki tutunidan ko‘kimtir edi. Xona haddan tashqari dimiqib ketgandi. Ustun orqasida o‘tirgan ayol bolasini emizayotgandi. Ofitsiantlik qilayotgan yuzini husnbuzar bosgan past bo‘ylik yigit pivoli krujkalar solingan patnisni ko‘targancha u yoqdan-bu yoqqa yurardi.
Tez orada bu yerga O‘jar Bill ikki azamat habash hamrohligida kirib keldi. Unga ko‘zingiz tushishi bilanoq, obdon ichib olganini sezish qiyin emasdi, janjal chiqarishga shayligi sezilib turardi. Uch askar o‘tirgan stolni turtib yubordi, bir krujka pivo to‘kilib ketdi. To‘polon boshlandi, mayxona xo‘jayini ichkaridan chiqib Billga juftakni rostlab qolishni buyurdi. Mayxona sohibi past bo‘yli bo‘lsa-da, baquvvat odam edi, o‘z dargohida to‘polon chiqishiga dosh berolmasdi. Bill sarosimalanib qoldi. Mayxona xo‘jayini bilan talashib o‘tirishning ma’nosi yo‘q edi, politsiya doimo uning tarafini olardi. Shu tufayli Bill qattiq so‘kindi-da, eshik tomon yurdi. Lekin shu daqiqada uning ko‘ziga Striklend ko‘rinib
89


qoldi. Bill bir og‘iz ham so‘z aytmay, uning stoli yaqiniga bordi-da, Striklendning basharasiga tupurdi. Striklend unga qarab pivo krujkasini otdi. Raqs tushayotganlar to‘xtab qolishdi. Mayxonaga bir daqiqa sukunat cho‘kdi, lekin O‘jar Bill Striklendga tashlanganda hammani birdaniga mushtlashish ishtiyoqi qopladi, tasir-tusur boshlandi. Stollar ag‘darilib, ustidagi idishlar polga uchib tushdi. Do‘zax shovqini avjga chiqdi. Ayollar tumtaraqay bo‘lib ko‘chaga qochishdi, o‘zlarini panaga olishdi. Ko‘chadan o‘tib ketayotgan yo‘lovchilar ham ichkariga kirib janjalga aralashishdi. Endi turli tillardagi so‘kishlar, nolalar eshitildi. Xona o‘rtasida o‘nga yaqin matros g‘uj bo‘lib to‘planib turardi. Xuddi yerdan chiqqanday to‘satdan politsiya paydo bo‘ldi, epini qilgan qochib qolishga urindi. Xona to‘polonchilardan tozalangach, boshidan chuqur jarohatlangan O‘jar Bill o‘zini bilmay yerda yotardi. Kapitan Nikols Striklendni ko‘chaga olib chiqdi, qo‘li yaralangan, yuzi va yirtilgan kiyim-kechagi qon edi. Nikolsning burni yorilgandi.
— Bill kasalxonadan chiqmasidan oldin Marseldan juftakni rostlab qolganing ma’qul bo‘lardi, — dedi kapitan Striklendga nariroqqa borib o‘zlarini biroz tartibga keltirgach.
— Bu xo‘rozlar jangidan halolroq-ku, — dedi Striklend.
Bu so‘zlardan uning istehzoli tabassumi ko‘z oldimga kelib ketdi.
Kapitan Nikols tashvishda edi. U O‘jar Billning qasoskorligini yaxshi bilardi. Striklend ikki marotaba
metisni yengdi, Bill hushyor mahalida u bilan o‘chakishmagan ma’qul. U endi zimdan ish olib boradi. Shoshilmaydi, lekin biror kechasi Striklend orqasidan pichoq yeyishi, bir-ikki kun o‘tgach esa noma’lum daydining jasadi qo‘ltiqning iflos suvidan topilishi hech gap emas. Ertasiga kapitan O‘jar Billning uyiga razvedkaga bordi. U hali kasalxonada yotardi, lekin erini ko‘rgani borgan xotini uyga chiqishi bilanoq, Striklendni o‘ldirishga qasam ichganini aytdi.
Oradan bir hafta o‘tdi.
— Men doimo musht tushirsang yaxshilab tushirki, raqibing o‘ziga kelguncha nima qilish lozimligini o‘ylab olishga vaqting bo‘ladi, degan fikrdaman, — derdi kapitan Nikols parishonxotirlik bilan.
Lekin kutilmaganda Striklendga omad kulib boqdi. Matroslarni ishga yollash byurosiga talabnoma tushib qoldi. Avstraliyaga ketayotgan kemaga shoshilinch ravishda o‘t yoquvchi kerakligi aytilgandi unda. Kemaning o‘t yoquvchisi Gibraltar yaqinida tutqanoq kasali tutib qolib o‘zini dengizga tashlab yuboribdi.
— Kema rahbarlari oldiga yugurib bor-da, darhol shartnoma tuz, — dedi kapitan Nikols. — Xudoga shukur, hujjatlaring joyida.
Striklend kapitanning maslahati bilan ish tutdi, shundan keyin ular boshqa uchrashishmadi. Kema ko‘rfazda bor-yo‘g‘i olti soatgina turdi. Kema kechqurun to‘lqinlarni yorib, sharq tomon suzib borarkan, kapitan tobora xiralashib, keyinroq butunlay ko‘rinmay qolgan tutunga tikilib qoldi.
Kapitandan eshitgan narsalarimning barchasini batafsil bayon qilishga harakat qildim. Zero meni Striklendning Eshligardagi birjada operatsiyalarda band bo‘lgan vaqtdagi holati bilan keyingi voqealar o‘rtasidagi ziddiyatlar qiziqtirardi. Lekin boshqa tomondan kapitan Nikolsning yolg‘onchiligini bilganim uchun uning so‘zlarida zarracha haqiqat uchquni yo‘qdir deb ham o‘ylab qolaman. U hayotida biror marotaba Striklendni ko‘rmagan, Marsel haqidagi uydirmalarini biror jurnaldan o‘qigan bo‘lsa ham ajablanmagan bo‘lardim.
Qirq sakkizinchi bob
O‘z kitobimni shu yerda tugatishni mo‘ljallagan edim. Avvaliga Striklendning Taitida yashagan oxirgi yillari va umrining dahshatli tarzda xotima topganligini ko‘rsatmoqchi, keyin orqaga qaytib, rassom sifatidagi menga ma’lum ilk qadamlari to‘g‘risida hikoya qilmoqchi bo‘ldim. Ko‘nglim shuni tusab qolgani uchun emas, balki Striklendning xayolini anchadan beri o‘g‘irlab kelayotgan noma’lum orolga Yevropadan jo‘nab ketish manzaralari bilan bayonni tugatmoqchi edim. Qirq yetti yoshga yetgan, boshqalar umrining bu pallasida bir me’yorda hayot kechirishga odatlanib qolgan mahalda
90


yangi odamlarga intilishi menga juda yoqardi. Ko‘z o‘ngimda ko‘m-ko‘k dengiz, unda suzib ketayotgan kema bortidan endi hech qachon qaytmaydigan Frantsiya tomon qarab turgan Striklend namoyon bo‘ldi. Men baribir u qo‘rqmas odam bo‘lganligi haqida o‘yladim. Kitobimning xotimasi umidbaxshlik ruhi bilan tugashini xohlardim. Inson qalbining qudrati yengilmasligini ko‘rsatishni istardim. Lekin buning epini qilolmadim. Negaligini aniq bilmayman-u, lekin yozayotgan qissam hadeganda qovushavermadi. Bir necha marta urinib ko‘rganimdan keyin avvalgi rejamdan voz kechdim. Va Striklend hayoti to‘g‘risida nimaiki bilsam batartib hikoya qilishga qaror berdim..
Ixtiyorimda esa ma’lumotlar yetarli emasdi. Men bir bo‘lak suyak orqali qadim davrlarda yashagan hayvonning tashqi ko‘rinishinigina emas, uning yashash tarzini ham aniqlashi zarur bo‘lgan biolog holatiga tushib qoldim. Striklend Taitida o‘zi bilan munosabatda bo‘lgan odamlarda kuchli taassurot qoldira olmagandi. Ular uchun Striklend qandaydir g‘alati rasmlarni chizib yuradigan, cho‘ntagida sariq chaqasi yo‘q oddiygina daydi edi, xolos. Faqat oradan bir necha yil o‘tib, u o‘lib ketganidan keyin rasmlarni olib-sotish bilan shug‘ullanadigan yirik savdogarlarning vakillari Parij va Berlindan Striklend ijodiga tegishli asarlardan topish ilinjida kelishgandan keyin o‘z yurtlarida favqulodda odam yashaganligini fahmlab qolishdi. Endilikda juda katta pulga sotish mumkin bo‘lgan rasmlarni arzimas chaqaga sotib olish imkoniyatini qo‘ldan boy berganliklari uchun o‘zlarini kechira olishmasdi. Striklendni biladigan Papeete aholisi orasida Koen ismli frantsuz yahudiysi bo‘lib, uning qo‘liga tasodifan rassomning bir asari tushib qolgan ekan. Ko‘zlari kulib turadigan past bo‘yli bu samimiy chol yarim savdogar, yarim dengizchi sifatida o‘z yelkanli kemasida Paumotu va Markiz orollari orasida qatnar ekan. U joylarga turli-tuman mollar olib borib, qaytishda kokos yong‘og‘i va marvarid keltirarkan. Katta qora marvaridni uncha qimmat bo‘lmagan narxga sotishini menga xabar qilishganda uning oldiga bordim. Marvaridga aqcham yetmasligini bilganimdan keyin u bilan Striklend to‘g‘risida gaplashdim. Mo‘ysafid uni yaxshi bilar ekan.
— Bilasizmi, rassom bo‘lgani uchun u bilan qiziqib qoldim. Zero, rassom bizning orollarda kamyob hodisa. Kasbini unchalik yaxshi bilmaganligiga achinardim unga. Men unga birinchi bo‘lib ish berganman. Yarim orolda plantatsiyam bor. Shu joyga nazoratchi kerak edi. Oq tanli nazoratchilar qarab turishmasa yerli xalqning ishlashi mushkul. Men unga: “Ancha vaqtingiz bo‘sh bo‘ladi, rasmingizni ham chizaverasiz, ozgina pul ham ishlaysiz”, — dedim. Men uning ochin-to‘qin yurishini bilardim, shu tufayli yaxshigina ish haqi taklif etdim.
— U yaxshi nazoratchi bo‘lmagandir, — kulib qo‘ydim men.
— Men bunga unchalik e’tibor bergan emasman, zero o‘zim rassomlarni doimo yaxshi ko‘rganman. Bu narsa bizning qonimizda bor. Lekin u menda bor-yo‘g‘i ikki yoki uch oy ishladi, bo‘yoq va mato uchun ozroq pul topgach, ketib qoldi. U bu joylarning tabiatidan g‘oyat zavqlanardi, daydilarcha hayot kechirishga intilardi. Lekin men u bilan ahyon-ahyonda ko‘rishib turardim. U gohida Papeeteda paydo bo‘lib qolar, bir necha kun shu yerda yashar, biror odamdan ozroq pul undirguday bo‘lsa, yana izsiz yo‘qolib ketardi. Bu yerga kelgan kunlarining birida mendan ikki yuz frank qarz berib turishimni iltimos qildi. Ko‘rinishi shunday aftodahol ediki, go‘yo bir haftadan beri ichiga tuz kirmaganga o‘xshardi. Shu holatni ko‘rib turganim uchun yo‘q deyishga ko‘nglim bo‘lmadi. Bu pullar albatta izsiz yo‘qoladi degan fikrda edim. Lekin to‘satdan bir yildan so‘ng yana bu yerda paydo bo‘ldi-da, menga rasm keltirdi. U menga qarzi haqida lom-mim deb og‘iz ochmadi-yu, aytgan gapi shu bo‘ldi: “Mana plantatsiyangizning ko‘rinishi, uni siz uchun chizdim”. Men rasmga qaradim-u, nima deyishimni bilolmay qoldim, lekin baribir unga tashakkur bildirdim. Striklend chiqib ketgach, rasmni xotinimga ko‘rsatdim.
— Qanaqa rasm edi u, — so‘radim undan.
— Yaxshisi, so‘ramay qo‘yaqoling. Men rasmdan hech narsa anglay olmadim, chunki bu singari rasmni umrimda ko‘rmagandim. Buni nima qilamiz-a? — dedim xotinimga. Uni uyga osib qo‘yish to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emas, — dedi xotinim, — odamlar ustimizdan kulishadi. Xotinim rasmni uyning chordog‘iga, har xil eski-tuskilar saqlanadigan joyga olib chiqib tashladi. U bu matohlarning birortasini ham tashlab yuborishga ko‘zi qiymasdi. Xotinim eski-tuski yig‘ish vasvasasiga
91