9 - BOB
O‘ttiz sakkizinchi bob
Uni qariyb bir haftadan beri ko‘rmasdim. Bir kuni kechga tomon soat yettilarda kelib, meni ovqatlangani olib chiqib ketdi. U azador qiyofada edi, bosh kiyimiga qora hoshiya o‘rab olgandi, hatto dastro‘moli ham qora hoshiyali edi. Uning bunday motam liboslarini ko‘rganingda kutilmagan falokat butun qarindosh-urug‘larini bir yo‘la oradan yulib ketganday, yorug‘ olamda loaqal birorta o‘gay amakisi ham qolmaganday taassurot uyg‘otardi. Uning dum-dumaloq gavdasi, go‘shtdor qip-qizil yuzlari bilan motam libosining nomutanosibligi beixtiyor kulgu uyg‘otardi. Shafqatsiz qismat uning boshiga yog‘dirgan cheksiz g‘am-tashvish vaqtida ham u kulgili ko‘rinardi.
U ketishga qaror qilganini, faqat men taklif etganimday Italiyaga emas, Gollandiyaga ketmoqchiligini bildirdi.
— Ertaga jo‘nab ketaman. Endi biz hech qachon ko‘rishmasak kerak.
Men nimadir deb e’tiroz bildirmoqchi bo‘ldim, lekin u sekingina kulib qo‘ydi.
— Besh yildan beri uyda bo‘lganim yo‘q. Nazarimda, hamma narsa xotiramdan ko‘tarilib
ketganday. Tug‘ilib o‘sgan joylarimdan shu qadar uzilib qolgan ekanmanki, u yerlarga loaqal ozgina fursatga borib kelish haqidagi fikrning o‘ziyoq meni cho‘chitib yuborardi. Endilikda bilib turibmanki, ona yurtim mening yagona boshpanam ekan.
U qiynalib ketgan, ruhi tushgan, sog‘inib kutayotgan, o‘g‘lini yaxshi ko‘radigan onasini tez-tez eslayotgandi. O‘zining kulgili holatiga yillar mobaynida chidab keldi, lekin endi bilsa, xotini uni yerga qapishtirib yuborgan ekan. Blanshning xiyonati tufayli berilgan so‘nggi zarba uning fe’lini o‘zgartirib yubordi. Endi u o‘zining ustidan kuladiganlar bilan birga kula olmasdi. U tamomila huquqsiz odamga aylanib qolgandi. U o‘zining bolaligi, ozoda, g‘ishtli uylari, saranjom-sarishtalik va tartibni yaxshi ko‘radigan onasi to‘g‘risida gapirib berdi. Uning oshxonasi ozodalik bobida mo‘’jizaning o‘zi ekan. Biror yerga gard yuqmas, hamma narsa joy-joyida yaltillab turarkan. Yashash joylarini shunday tutish turmush tarziga aylangan ekan. Ko‘z o‘ngimda biror daqiqa tinib-tinchimaydigan, ertadan kechgacha ozodalik va tartib uchun jonini fido qiladigan qizil yuzli kampirning jonli qiyofasi gavdalandi. Baland bo‘yli, oriqdan kelgan, tinimsiz mehnatdan chayir bo‘lib ketgan Dirkning otasi qo‘llarida gazeta tutgancha xotini va qiziga (hozir u baliq ovlovchi kema kapitaniga turmushga chiqqan) ovoz chiqarib o‘qiyotgan manzara, ayollar vaqtdan unumli foydalanish uchun gazeta eshitish bilan birga nimadir to‘qib o‘tirishgan holat ko‘z oldimga keldi. Tamaddun dunyosidan uzoqda bo‘lgan bu shaharchada hayot bir maromda o‘tib borardi. Bu holat o‘lim to haddan ziyod mehnat qilib toliqqan odamlar uchun hordiq vazifasini o‘tashigacha davom etardi.
— Otam men ham duradgor bo‘lishimni istagandi. Besh avlod umri mobaynida bu kasb otadan bolaga o‘tib kelayotgandi. Ehtimol bunda hayot donishmandligi aks etar. Hech qayoqqa chalg‘imay ota izidan borishda qandaydir ma’no bordir. Bolaligimdayoq sarroj qo‘shnimizning qiziga uylanaman derdim. Qizchaning ko‘zlari ko‘m-ko‘k, mayda qilib o‘rilgan sochlari oppoq edi. U uyimizga chiqqanda hammayoq yorishib ketardi.
Struve xo‘rsinib jim bo‘lib qoldi. Xayol uni uzoq-uzoqlarga olib ketdi. Qachonlardir mensimay qaragan ota kasbini egallaganda hayot hozir qay tarzda o‘tgan bo‘lardi? Bu xayollar uning yuragini g‘ash qildi.
— Hayot g‘oyat shafqatsiz. Hech kim bu dunyoda ne sababdan yuribdi-yu, qayoqqa ketayotganini bilmaydi. Itoatkorlik hammamizga xos xususiyat. Biz xotirjamlikning g‘animatligini qadrlamog‘imiz kerak. Toki qismat bizni topmaguncha hayotda ham xotirjam va tinchgina yashashni o‘rganmog‘imiz lozim. Oddiy odamlardagi sevgining qadrini bilmoq joiz. Ularning omiligi bizning bilimdonligimizdan yaxshiroq. Bamaylixotir, yaratganning berganiga shukrona qilib, itoatkorlik bilan yashamoq kerak. Hayotning butun falsafasi shu.
Men uning ezilgan ruhi gapirayotganini, o‘z-o‘zini tahqirlash darajasidagi mutelikka qarshi chiqayotganini angladim. Lekin sirtimda esa boshqa gapni aytdim.
68
— Rassom bo‘lish istagi senda qanday paydo bo‘ldi o‘zi?
U yelkasini qisdi.
— Rasm chizish iqtidorim borligi sezila boshladi. Maktabda bu fandan yorliqlar oldim. Bechora
onaginam rassomchilikdagi qobiliyatimdan faxrlanardi, kunlardan bir kun esa akvarel bo‘yoqlar bilan to‘la quti sovg‘a qildi. Oyim mening chizmalarimni goh ruhoniyga, goh doktorga, goh qoziga ko‘rsatardi. Ana shular meni Amsterdamga borib rassomlik maktabiga imtihon topshirib ko‘rishga yuborishdi. Men imtihondan o‘tdim. Onamning qanchalar xursand bo‘lganini qo‘yaverasiz. Mening ketib qolishim haqidagi fikrdan yuragi orziqib tushsa-da, bu alam va tashvishini ko‘rsatmaslikka harakat qilardi. O‘g‘li rassom bo‘lishi mumkinligi haqidagi xayoldan behad xursand edi. Otam bilan onam tanga-chaqalarni yig‘ib bo‘lsa-da, anchagina pul jamg‘arishdi, Amsterdamda yashashim uchun berishdi. Men ishlagan birinchi rasm ko‘rgazmaga qo‘yilganda hammalari — otam, onam, opam yetib kelishdi, oyim rasmni tomosha qilaturib, g‘oyat ta’sirlandi, odamga muloyim boquvchi ko‘zlaridan yosh chiqib ketdi. Endilikda esa uyimizdagi har bir devorda chiroyli oltin rangli ramkaga olingan rasmlar osig‘liq turadi.
Dirkning yuzlarini bir daqiqa mayin tabassum qopladi. Mening xayolimda sarv va zaytun daraxtlari tagida dehqonlar tasvirlangan rasmlari gavdalandi. Ular beo‘xshov ishlangan ramkalarda dehqonlarning uyida qanday ko‘rinarkin.
— Oq ko‘ngilli onam o‘g‘lining kelajakda rassom bo‘lib yetishishini xudodan qanchalar yolvorib iltijo qildiykin. Lekin men otamning irodasiga bo‘ysunib, oddiygina halol duradgor bo‘lganimda, ehtimol, yaxshiroq bo‘larmidi deb o‘ylab qolaman.
— Mana hozir sen san’atning odamga nimalar berishini tushunib yetgan bir paytingda boshqa yo‘ldan keta olarmiding? San’atdan olgan zavqingdan voz kechish qo‘lingdan kelarmidi?
— Yorug‘ olamda san’atdan yuqori turadigan hech narsa yo‘q, — javob berdi Dirk biroz sukut saqlagach.
U anchagacha lom-mim demay menga qarab turdi-da, nihoyat so‘z qotdi.
— Bilasanmi, men Striklendni ko‘rdim.
— Senmi?
Men lol qoldim. Nazarimda Striklendni ko‘rgani Struvening ko‘zi yo‘qday tuyulardi. U kulimsirab
qo‘ydi.
— O‘zing menda g‘urur tuyg‘usi yo‘q degan eding-ku. — Bu bilan nimani ko‘zda tutayapsan?
U menga ajoyib bir tarixni gapirib berdi.
O‘ttiz to‘qqizinchi bob
Bechora Blanshning dafn marosimidan qaytganimizdan so‘ng Struve men bilan xayrlashgach, yuragi dov bermay turgan bo‘lsa ham uyga kirib ketdi. Garchi bu xonaga kirish unga behad iztirob keltirishini yaxshi bilsa-da, qandaydir kuch uni ustaxonaga yetaklardi. U zinapoyadan arang yuqoriga ko‘tarilar, oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmasdi. Uyga kirishdan oldin xuddi kuch to‘plamoqchi bo‘lgan odamday eshik oldida uzoq vaqtgacha turib qoldi. U o‘zini juda yomon his etayotgandi. Orqamdan pastga yugurgilab tushib qaytishimni iltijo qilmoqchi ham bo‘ldi. Uning nazarida ustaxonada hamon kimdir borday tuyulayotgandi. U uyiga har safar tik zinadan ko‘tarilganda ustaxona eshigi oldida nafasini rostlaganini, Blanshni tezroq ko‘rish ishtiyoqi tufayli yuragi hapriqib tezroq uyga kirishga harakat qilganini esladi. Blanshni ko‘rish u uchun hech qachon so‘nmas baxt edi. U hatto ozgina fursat, yarim soatlarga uydan chiqib ketganda ham biror oy ko‘rishmaganday xotini sari intilardi. Ro‘y bergan butun voqealar hozirgi daqiqalarda unga tush, tush bo‘lganda ham dahshatli tushga o‘xshab ketdi. Hozir u kalitni burab xonaga kiradi-yu, xotinining xuddi Sharden ishlagan rasmdagi go‘zal ayol qiyofasiga o‘xshash stolga sal engashgancha alfozda o‘tirganiga ko‘zi tushadi. U cho‘ntagidan kalitni
69
tezgina olib, eshikni ochdi va ichkariga kirdi. Ustaxona saranjom-sarishta. Batartiblik xotinining eng muhim fazilatlaridan edi. Blanshning bu fazilati Dirkni lol qoldirardi. Ozodalik va saranjom-sarishtalik ona suti bilan kirgan Dirkka xotinining har bir narsani o‘z o‘rniga qo‘yishi qalbida minnatdorlik tuyg‘usini kuchaytirardi. Yotoqxona ham xuddi xotini hozirgina bu yerdan chiqib ketganday batartib edi. Pardoz-andoz stolchasi ustida ikki cho‘tka, ularning o‘rtasida esa bejirim taroq turardi. Blansh oxirgi tunni o‘tkazgan o‘rin kimdir tomonidan tuzatib qo‘yilgan, naqshli yostiq ustida esa xotinining tungi ko‘ylagi yotardi. Xotinining bu xonaga endi hech qachon qaytmasligiga ishonish qiyin edi.
Dirkning tomog‘i qaqrab ketdi, suv ichish uchun oshxonaga kirdi. Bu yerda ham hamma narsa saranjom-sarishta turardi. Plita ustidagi javonga hafsala bilan likopchalar taxlangan. Bu likopchalarda xotini va Striklend janjallashib qolishlaridan oldingi oqshomda oxirgi marotaba ovqatlanishgan. Pichoq va sanchqilar yig‘ishtirilgan, bir bo‘lak pishloq va ovqatlanishganidan qolgan ozginagina non usti berkitilgan temir qutichada turibdi. Xotini har kungi zarur mahsulotlarni har kuni xarid qilar, shu tufayli deyarli hech narsa ortib qolmasdi. Politsiya tomonidan tuzilgan bayonnomadan Struve Striklend kechki ovqat tugashi bilanoq, uydan chiqib ketganini bilardi. Struve o‘shanday holatda ham Blansh dasturxonni odatdagiday yig‘ishtirib, idish-tovoqlarni yuvib qo‘yishga o‘zida kuch va iroda topganidan etlari jimirlab ketdi. Bu holat xotini hamma narsani obdon o‘ylab amalga oshirganini ko‘rsatardi. Uning o‘zini tuta bilishi hayron qoladigan darajada edi. Yuragi orziqib, o‘ynab ketdi, oyoqlari izmiga itoat qilmay qoldi. Yotoqxonaga arang yetib bordi-da, “Blansh! Blansh! “— deb nola qilgancha o‘zini o‘ringa tashladi.
Xotinining naqadar qiynalganini eslash unga azob edi. Uning ko‘ziga birdan oshxonada turgan xotini ko‘rinib ketdi. Mana u jajjigina oshxonada turib likopcha, stakan, sanchqi, qoshiqlarni yuvmoqda, pichoqlarni yaltiraguncha artib, so‘ng joy-joyiga joylamoqda, rakovinani yuvmoqda, so‘ng sochiqning suvini siqib tashlab quritish uchun osib qo‘ymoqda. — U hozir ham osig‘liq turibdi. Atrofga nazar tashladi, hamma narsa joy-joyida. Yana Struvening ko‘ziga xotini shimarilgan yengini tushirib, peshbandini yechayotgani ko‘rinib ketdi — mana u qo‘ziquloq kislotali shishachani ko‘tarib yotoqxonaga yo‘l olmoqda.
Dirk bu azobga chiday olmay, dik etib o‘rnidan turdi-da, yotoqxonadan otilib chiqib ketdi. Ustaxonaga kirdi. Xonadagi kattakon oynaning pardasi tushirib qo‘yilgani tufayli, qorong‘i edi. Struve shoshilib pardani ko‘tardi, ilgari o‘zini g‘oyat baxtiyor sezgan xonaga ko‘zi tushishi bilanoq, yuragi orziqib ketdi. Bu yerda ham hech narsa o‘zgarmagandi. Striklend atrofdagi narsalarga beparvo edi. Ustaxonadagi sharoitni Struve artistona tuzgandi. Tasavvurida rassom zoti qanday yashashi lozim bo‘lsa, ustaxonani xuddi o‘shanday jihozlagandi. Devorlarning u yer-bu yerida qadimgi kimxob qoplangan, royal ustida bir bo‘lak oxori ketinqiragan shoyi tashlab qo‘yilgan. Bir burchakda Venera Milosskaya, boshqa burchakda esa Venera Meditseyskaya suratining nusxalari ganch aralash loydan ishlangan bir necha bareleflar ham shu yerda. Velaskesovning Rimda ishlangan “Innokentiy X”ning nusxasi ham zarhal ramkaga olingan, shuningdek, o‘zining qator rasmlari osib qo‘yilgan. Bu rasmlar ham odamning havasini keltiradigan ajoyib ramkalarga olingan. Struve doimo o‘z didi bilan juda faxrlanardi. U rassomning ustaxonasining romantik muhitini ehtiros bilan sevardi. Hozir bu narsalarning barchasi ham yuragiga sanchilgan xanjarday unga azob berardi. U beixtiyor ravishda uyidagi eng bebaho buyumlardan biri Lyudovik XV uslubidagi stolni nariroq itardi. Shunda to‘satdan yuzi devor tomonga o‘girib qo‘yilgan rasmga ko‘zi tushdi. Bu Dirk, odatda, ishlaydigan rasmlarga qaraganda kattaroq hajmli asar edi. Dirk rasmning oldiga borib o‘ziga qaratdi. Rasmda qip-yalang‘och ayol tasvirlangan edi. Uning yuragi tez-tez urib ketdi. Bu Striklendning asari ekanligini darhol angladi. U rasmni otib yubordi. Striklend bu rasmni nega tashlab ketdi o‘zi? Rasm yuz tomoni bilan yerga tushdi. Kimning asari bo‘lishidan qat’i nazar, Dirk uni yerga tashlab qo‘ya olmasdi. Shu ondayoq undagi qiziqish kuchaydi. Rasmga yaxshiroq razm solish uchun uni moslamaga o‘rnatdi-da, o‘zini bir necha qadam orqaga tashladi.
Dirkning nafasi qaytib ketdi. Rasmda divanda yotgan ayol tasvirlangan, uning bir qo‘li boshi ostida, ikkinchi qo‘li esa tanasi bo‘ylab bamaylixotir cho‘zilgan. Bir tizzasi sal bukilgan, boshqasi esa cho‘zilib
70
yuborilgan holda aks ettirilgan edi. Bu mumtoz ko‘rinish edi. Struvening ko‘z oldi qorong‘ilashib, hammayog‘i jimirlab ketganday bo‘ldi. Bu Blansh edi. Alam, rashk, g‘azab uning nafasini bo‘g‘ib qo‘ydi. Nimalardir deb qichqirar, mushtlarini tugib ko‘rinmas dushmanga tahdid solmoqchiga o‘xshardi. U o‘zini yo‘qotib qo‘ygandi. Bu endi quyushqondan chiqib ketgan narsa edi, ko‘tara olmasdi buni. Atrofga alanglab rasmni hozirning o‘zidayoq dabdala qilib tashlaydigan biror narsa qidirardi. Bu ishga yaraydigan biror yarog‘ topa olmadi. Asboblari turadigan joydan ham durustroq narsa topmadi. Aqlni yo‘qotguday holatda, jazavada edi. Nihoyat u qidirgan narsasini — katta shpatelni topdi-da, zafar qozongan odamday qichqirib unga yopishdi. Xuddi xanjarni ushlaganday uni boshi uzra ko‘tarib rasmga tashlandi.
Bu voqeani hikoya qilib berarkan, Struve tasvirlash qiyin bo‘lgan hayajonga tushdi, qo‘liga ilingan pichoqni oldi. So‘ng uni bir narsaga urmoqchiday qisib ushladi, lekin shu ondayoq uni tashlab yubordi, pichoq jiringlab polga tushdi. Struve menga gunohkorona tabassum qildi-da, jim bo‘lib qoldi.
— Davom etaver, — dedim unga.
— Bilmadim meni nima jin urdi. Men endigina rasmni burdalab tashlamoqchi bo‘lib turganimda to‘satdan tushunib qoldim.
— Nimani?
— Rasmni-da. Bu haqiqiy san’at asari edi. Unga qo‘l tekkiza olmay qoldim. Qo‘rqib ketdim.
U yana jim bo‘lib, menga og‘zini ochgancha angrayib qarab qoldi. Ko‘m-ko‘k ko‘zlari go‘yo qinidan
chiqib ketguday alpozda edi.
— Bu g‘aroyib, hayratomuz asar edi. Meni qaltiroq bosib, qo‘rqib ketdim. Dahshatli jinoyatga qo‘l
urib qo‘yishimga sal qolgan ekan. Rasmga olisroqdan tikilmoqchi bo‘lganimda haligi shpatelga qoqilib ketdim. Dahshat!
Qandaydir daqiqada Struvening hayajoni menga ham o‘tdi. Nazarimda, men butunlay boshqa olamga, barcha narsalar ayqash-uyqash bo‘lib yotgan olamga kirib qolganday angrayib qoldim. Struve rasm to‘g‘risida so‘zlab bermoqchi bo‘lar, lekin uning fikri poyintar-soyintar chiqar, nima demoqchi ekanligini idrok etishga intilardim. Striklend o‘zi bilan Struveni bog‘lab turgan barcha yo‘llarni parcha-parcha qilib tashlagandi. U o‘zligini emas, balki o‘zining kuch-quvvatga to‘lgan yangi, hali hech kim idrok etmagan qalbini ham topgandi. Bu oddiygina rasm emasdi, mo‘’jiza darajasidagi san’at asari, xayolotni hali yurilmagan so‘qmoqlar, kengliklarga boshlaydigan tamomila yangi rasm edi.
Men gapdonlikka berilib ketdim, shekilli, (Odam hayajonlanayotganda xuddi roman qahramoni singari gapirishini kim bilmaydi deysiz.) U ilgari o‘ziga ma’lum bo‘lmagan tuyg‘ularni ifodalashga harakat qildi va buni oddiy so‘zlar bilan tasvirlashning evini qila olmay balandparvozroq so‘zlarga intilgan. Menga faqat uning nutqidagi bir narsa ravshan edi. Odamlar go‘zal so‘zini shu qadar beparvo talaffuz etadilarki, natijada bu so‘z o‘z ma’nosini yo‘qotadi-da, fikr yuritilayotgan narsa go‘zalligi va ulug‘ligidan mahrum bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda odamlar ko‘ylak, it, nasihatni go‘zal deb tasvirlashadi, haqiqiy go‘zallikka duch kelishganda, uni ifodalashga so‘z topolmay qoladilar. Ular o‘zlarining mayda va arzimas fikrlarini yasama pafosga o‘rab bera boshlaydilar, bu holat ularning ta’sirchanligini o‘tmaslashtiradi. Xuddi tovlamachi odam yasama ko‘tarinkilik bilan o‘z fikrlarini yashirishga uringanday holat ro‘y beradi. Samimiy hazilkash va qalbi toza Struve san’atni chin dildan sevar va yaxshi idrok etardi. San’at uning uchun xuddi dindor odamga xudoday muqaddas narsa edi. Haqiqiy san’at asarini ko‘rganda qo‘rqib titrab ketardi.
— Striklend bilan uchrashib qolganingda nima deding?
— Men bilan birga Gollandiyaga ketishni taklif qildim.
Men lol bo‘lib qoldim va telbanamo Struvega tikildim.
— Biz ikkalamiz Blanshni sevardik. Oyimning xonadonida uning uchun ham joy topilardi.
Nazarimda, sodda, bechorahol odamlar orasida yashash uni tinchlantirgan bo‘lardi. Shuningdek, ular orasida ko‘pgina foydali narsalarni o‘rganib olardi.
— U qanday javob berdi?
71
— Kulib qo‘ydi va chamamda meni ahmoq deb o‘yladi. Keyin esa bunday bo‘lmag‘ur ishlarga xohishi yo‘qligini bildirdi.
Men esa Striklend taklifdan voz kechishini boshqacharoq ifodalashi lozimmasmidiykin deb o‘ylab qoldim.
— U Blanshning portretini menga berdi.
Men Striklend nima uchun bunday qilganiga hayron qoldim, lekin lom-mim demadim. Biz anchagacha jim qoldik.
— Uyingdagi narsalaringni nima qilding? — so‘radim nihoyat undan.
— Yahudiy olibsotarni chaqirib keldim. Narsalarimga yomon haq to‘lamadi. Rasmlarni esa o‘zim bilan olib ketaman. Rasmlar va kiyim-bosh va bir necha kitoblar solingan chamadondan boshqa hech narsam qolgani yo‘q.
— Uyingga ketayotganing yaxshi bo‘lyapti.
O‘tmish bilan xayrlashishgina uni qutqarib qolishi mumkinligini tushunardim. Ehtimol, u hozirgi kunlarda g‘am-alamlarga chidolmaydigan darajadadir, vaqt o‘tishi bilan esa hammasini unutar va yana hayot ikir-chikirlariga o‘ralashib ketar. U hali yosh, oradan yillar o‘tgach, boshiga tushgan baxtsizliklarni eslab yurar. Ertami-kechmi biror durustroq golland ayoliga uylanib baxtli bo‘lib ketar. U hali umri mobaynida yana ko‘pdan-ko‘p yomon rasmlar ishlashi mumkinligi haqidagi fikr yodimga kelib kulib qo‘ydim.
Ertasiga uni Amsterdamga kuzatib qo‘ydim.
Qirqinchi bob
O‘z ishlarim bilan band bo‘lganligim bois, butun oy mobaynida bu g‘amli tarixni yodga tushiradigan biror kimsani uchratmadim, bora-bora bularning barchasi yodimdan ham ko‘tarilib ketdi. Lekin kunlardan bir kun qayoqqadir shoshilibroq ketayotgan vaqtimda ko‘chada Striklend orqamdan yetib oldi. Uning qiyofasi men unutib yuborgan dahshatli hodisani esimga tushirdi va to‘satdan bularning barchasiga sababchi bo‘lgan odamga nafratim qo‘zib ketdi. Unga imo qilib qo‘ydim-da — loaqal imo bilan so‘rashmaslik bolalik bo‘lur edi — qadamimni tezlatdim. Lekin oradan biror daqiqa o‘tgach, yelkamni ushlayotganini his etdim.
— Judayam shoshayapsizmi? — samimiy so‘radi Striklend.
Uning xarakterli xususiyati o‘zi bilan uchrashishni, gaplashishni istamagan odamlarga samimiy munosabatda bo‘lishdir. Mening unga nisbatan sovuq alpozda imo qilishim zarracha xafa qilmagandi uni.
— Ha, — dedim rasmiy muomala qilib.
— Sizni biroz kuzatib qo‘yay, — dedi u.
— Nega?
— Suhbatingizdan lazzatlanish uchun.
Men indamadim, u ham men bilan yonma-yon keta boshladi. Chamasi, chorak chaqirim shunday
ketdik. Ahvol kulgili edi. Lekin biz idora tovarlari do‘koni oldidan chiqib qoldik. Ehtimol qog‘oz kerak bo‘lib qolar, deb do‘konga kirmoqchi bo‘ldim. U bilan ajrashib ketishga yaxshigina bahona edi bu.
— Men bu yoqqa kiraman, — dedim unga, — yaxshi qoling.
— Men sizni kutib turaman.
Men yelkamni qisib qo‘ydim-da, do‘konga kirib ketdim. Lekin shu ondayoq, frantsuz qog‘ozi sotib
olishga arzimaydi. Hamonki, hiylam ish bermadimi, keraksiz narsani sotib olishning hojati yo‘q, deb o‘yladim. Yana nimanidir so‘radim, yo‘q javobini eshitgach, ko‘chaga chiqdim.
— Qidirgan narsangizni sotib oldingizmi?
— Yo‘q.
Biz yana jimgina oldinga yurib maydonga chiqdik. Mazkur maydonga bir necha ko‘cha kelib
72
birlashardi. Men to‘xtab, so‘radim.
— Siz qaysi tomonga?
— Siz qayoqqa bo‘lsa men ham o‘sha tomonga, — deb kuldi.
— Men uyga ketyapman.
— Men uyingizga kirib tamaki chekib olaman.
— Menimcha, siz taklifimni kutganingiz yaxshi bo‘larmidi, — sovuqqina javob berdim.
— Albatta, bunga ishonchim komil bo‘lganda shunday qilardim.
— Hov anavi devorni ko‘ryapsizmi? —so‘radim undan.
— Ko‘ryapman.
— Unday bo‘lsa men sizni ko‘rishni ham, gaplashishni ham istamasligimni ko‘rishingiz kerak deb
o‘ylayman.
— E’tirof etishim kerakki, men buni sezgandim.
Chidab turolmay pishqirib yubordim. Hamma gap shundaki, meni kuldirishga majbur etadigan
odamlardan nafratlanish qo‘limdan kelmasdi. Lekin hozir o‘zimni qo‘lga ola bildim.
— Siz razil odamsiz. Baxtimga sizdan ko‘ra yaramasroq odamni umrim mobaynida boshqa
uchratmaganman. Sizdan jirkanadigan, ko‘rishga ko‘zi yo‘q odam nega kerak bo‘lib qoldi?
— Qiziq, nega endi men to‘g‘rimdagi sizning fikringizga qiziqadi deb xomxayol qilyapsiz?
— Jin ursin, — dedim g‘azab bilan. Men keltirgan bahonalar menga obro‘ keltirmasligini sezib
qoldim. — Men shunchaki sizni ko‘rishni ham istamayman.
— O‘zingizni yo‘ldan urishimdan qo‘rqayapsizmi?
Ochig‘ini aytsam, o‘zimni kulgili ahvolda his etayotgandim.
U menga zimdan istehzo bilan tikilib turardi, o‘zimni qo‘yarga joy topolmay qoldim. — Hozirgi vaqtda nima qilishingizni bilolmay qolgandirsiz?
— Agar sizning menga qarz berishingizga ishonsam, o‘zimni to‘nka deb hisoblardim.
— Hamonki siz yaltoqilik yo‘liga o‘tgan ekansiz, mazangiz qochipti shekilli.
Og‘zi qulog‘iga yetgancha kuldi.
— Men baribir sizga yoqaman, axir ahyon-ahyonda bo‘lsa-da, askiya qilishingizga imkoniyat
yarataman-ku.
Men kulib yubormaslik uchun lablarimni tishladim. U haqiqatni aytayotgandi. Haqiqatan ahmoq
bo‘lsa ham gapdon kishilar menga yoqardi. Men endi faqat irodamni qo‘lga olish orqaligina unga nisbatan nafratimni jilovlay olishimni aniq his etdim. O‘zimning ma’naviy beqarorligimdan o‘kindim. Mening Striklendga berayotgan tanbehlarim yasamaga o‘xshab ko‘rinayotgandi. Hamonki, buni o‘zim sezib turganimdan sezgir Striklend muqarrar ravishda fahmlagan. Shubhasiz, u ustimdan kulayotgandi. Men unga e’tiroz bildirib o‘tirmay, o‘z g‘ururimni indamay va yelkalarimni qisgancha saqlab qolishga harakat qildim.
Qirq birinchi bob
Biz men yashaydigan uy oldigacha yetib keldik. Uni uyga taklif qilmay, miq etmay zinadan ko‘tarila boshladim. U orqamdan qolmay yurib kelardi. Uyimda birinchi marotaba bo‘lishi edi. Ko‘z ko‘rganda quvnaydigan darajaga keltirgungacha ancha mehnat sarflangan xonaning saranjom-sarishtaligiga ham e’tibor bermadi. Stol ustida tamaki solingan quticha turardi. U kirishi bilanoq, mundshtugiga tamaki to‘ldirib, qulay oromkursiga emas, stulga, shunda ham qiyshayibroq o‘tirdi.
— Hamonki, uyda o‘rnashib olishga qaror qilgan ekansiz, nega oromkursiga o‘tira qolmadingiz? — g‘azablanib so‘radim.
— Nega mening qulay o‘rnashib o‘tirishim to‘g‘risida tashvish chekyapsiz?
— Sizni emas, o‘zimni o‘ylayapman. Kimdir nobop stulda o‘tirsa, men o‘zimni noqulay his etaman. U pishqirib qo‘ydi, lekin o‘rnidan qo‘zg‘almadi, miq etmay chekaverdi. Menga e’tibor ham bermay,
73
chamasi, o‘z xayollari bilan band edi. Nima uchun bu yerga kelganiga tushuna olmay hayron edim. Kuzatuvchanlik ko‘p yillik odatiga aylangan yozuvchi ham o‘zini kuzatishayotganini, o‘rganishayotganini sezib qolsa, g‘alati holatga tusharkan. Qabohatni kuzatishdan oladigan artistona mamnuniyat o‘zini ham cho‘chitib qo‘yarkan. Sirasini aytganda, uning halolligi ayrim nomaqbul harakatlarni qoralashdan ko‘ra, ularning sabablarini ochish ko‘proq qiziqtirishini e’tirof etishga olib keladi. Teran va yorqin yaratilgan razil odam xarakteri yozuvchini ko‘proq o‘ziga jalb etadi. Menimcha, Shekspir oy nuriday musaffo Dezdemonaga qaraganda Yagoni yaratayotganda ko‘proq lazzatlangan bo‘lsa kerak. Ehtimol, yozuvchi ahli tovlamachi va yaramas odamlarning obrazlarini yaratayotganda tabiat tomonidan o‘ziga joylangan, lekin madaniy dunyo urf-odatlari va qonunlari tufayli ong ostiga yashiringan tuyg‘ularni qanoatlantirishga ham harakat qiladi. Fantaziyasi orqali yaratayotgan obrazlariga o‘zidagi “men“ning bir qismini ham hadya etadi. Uning bu quvonchi ozodlik quvonchi
hamdir .
Yozuvchi hukm chiqarishdan ko‘ra ko‘proq o‘rganishga da’vat etilgan.
Striklend menda beqiyos qo‘rquv, shu bilan birga qandaydir sovuq qiziqish uyg‘otardi. U men
uchun jumboq edi, shu bilan birga o‘ziga boshpana berib, mehr ko‘rsatgan odamlarni fojiaga olib kelgan harakatining sababini bilishga qiziqardim. Va men pichoqni ustalik bilan uning yuragiga urdim. — Struvening aytishicha, xotinining surati ishlagan barcha asarlaringiz ichida eng yaxshisi emish.
Striklend mundshtugini og‘zidan chiqardi, ko‘zlarida yengil tabassum zuhr etdi. — Ha, uni chizish juda qiziqarli bo‘ldi.
— Nega rasmni unga berdingiz?
— Rasmni tugatdim, shuning uchun u menga kerak emas.
— Bilasizmi, Struve uni tilka-pora qilib yuborishiga sal qolibdi.
— Rasmni unchalik uddalay olmaganman.
U bir necha daqiqa jim turdi, so‘ng mundshtukni og‘zidan chiqarib kuldi.
— Bilasizmi, o‘sha meshqorin mening yonimga keldi.
— Nahotki, uning taklifi sizga ta’sir qilmadi?
— Yo‘q. Bu g‘oyat ahmoqona ish bo‘lur edi.
— Siz uning hayotini barbod qilganingizni unutib qo‘ygansiz, shekilli, — dedim men.
U o‘y surib soqolini tutamladi.
— U juda yomon rassom.
— Lekin juda yaxshi odam.
— Va ajoyib oshpaz, — masxaraomuz dedi Striklend.
Uning toshbag‘irligida noinsoniy nimadir bor edi, men u bilan xushmuomala munosabatni
yig‘ishtirib qo‘ygandim.
— Men azbaroyi qiziqqanimdan so‘rayapman, ayting-chi, Blansh Struve vafot etgandan keyin
ozgina bo‘lsa-da, vijdoningiz qiynaldimi?
Men uning yuz ifodasini diqqat bilan kuzatib turdim, lekin unda zarracha o‘zgarish sezmadim.
— Nima sababdan vijdonim qiynalarkan?
— Hozir sizga bir necha dalillarni keltiraman. Siz o‘lim yoqasida edingiz, Dirk Struve sizni o‘z uyiga
olib keldi. U sizni xuddi bolasiday parvarish qildi. Vaqti, pullari, butun imkoniyatini qurbon qildi. O‘lim changalidan qutqarib qoldi.
Striklend yelkasini qisdi.
— Bechora faqat birovlarga yaxshilik qilishni istaydi. Bu hayotining ma’nosi.
— Siz unga tashakkur bildirishga majbur emassiz, deb faraz qilaylik, lekin siz uning xotinini ajratib
olishga majburmidingiz? Siz paydo bo‘lmasingizdan oldin ular baxtiyor hayot kechirishayotgan edi. Nega siz ularni tinch qo‘ymadingiz?
— Nega siz ular baxtiyor hayot kechirishgan deb o‘ylayapsiz?
— Bu ko‘rinib turgan narsa edi.
— Muncha aqlli bo‘lmasangiz? Sizningcha, ayol o‘zi uchun eri qilgan ishni kechirishga qodir edimi?
74
— Bu bilan nima demoqchisiz?
— U qanday qilib xotiniga uylanganini bilasizmi?
Men boshimni sarak-sarak qildim.
— Blansh qandaydir rim knyazining xonadonida tarbiyachi bo‘lib ishlar ekan, xo‘jayinning o‘g‘li uni
buzib qo‘yibdi. Blansh yigit menga uylanar deb o‘ylar ekan. Ular esa qizni ko‘chaga haydab yuborishibdi. Blansh homilador bo‘lib qolgan ekan, o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lganda, Struve uni ko‘chadan topib, uylanibdi.
— Uning ruhiga to‘g‘ri keladigan ish bu. Men hayotda bu qadar yumshoqko‘ngil odamni ko‘rmaganman.
Men ko‘pincha bir-biriga sira o‘xshamaydigan odamlarni nima birlashtirdi ekan, deb hayron bo‘lardim, lekin bunday tafsilot xayolimga ham kelmagandi. Dirkning xotiniga bo‘lgan favqulodda sevgisining sababi shu ekan-da. Uning xotiniga munosabatida ehtirosdan ko‘ra boshqacharoq narsa bor edi. Ayolning o‘zini tutishida, nazarimda, men izohlashim qiyin qandaydir holat yashiringan edi. Bu narsa uyatli sirni yashirish istagi bo‘lganligini endigina tushunib yetdim. Uning osoyishtaligi hozirgina dahshatli bo‘rondan qutulgan orolning tinchligiga o‘xshar ekan. Uning quvnoqligi ham zo‘raki quvnoqlik bo‘lgani ma’lum bo‘lib qoldi. Striklend meni hayron qoldirgan xulosasi bilan o‘ylarimga chek qo‘ydi:
— Ayol zoti erkakning o‘ziga nisbatan yomonligi, qahr-g‘azabini kechirishi mumkin, lekin uning qurbonligini kechira olmaydi.
— Bu xavfdan qo‘rqmasangiz ham bo‘ladi.
Uning lablari salgina qimirlab qo‘ydi.
— Siz hammavaqt chiroyli so‘z uchun nuqtai nazarlaringizni ham qurbon qilaverasiz, — dedi u.
— Bola nima bo‘ldi?
— Ular uylanishganidan uch yoki to‘rt oy o‘tgach, bola o‘lik tug‘ilgan.
Shu onda men uchun doimo jumboq bo‘lib kelayotgan narsani so‘radim.
— Marhamat qilib ayting-chi, nima sababdan siz Blansh Struve bilan qiziqib qoldingiz?
U ancha vaqtgacha javob bermadi, endi savolimni qaytarmoqchi bo‘lib turganimda:
— Qaerdan bilaman? — dedi nihoyat. — U meni jinidan yomon ko‘rardi. Bu juda qiziq edi-da.
— Tushunaman.
— Jin ursin, men uni istab qoldim.
Lekin shu ondayoq u o‘zini tutib oldi-da, kulimsirab menga qaradi.
— Avvaliga u qo‘rqib ketdi.
— Siz unga nima dedingiz?
— Nega? Buning hojati bormidi? U shundoq ham bilardi. Men unga bir og‘iz ham so‘z aytmadim. U
mendan qo‘rqardi. Pirovard-natijada esa uni zabt etdim.
Gapirib berish ohangidan uning ayolni egallashga bo‘lgan ehtirosi nihoyatda kuchli bo‘lganligini
angladim. Beixtiyor titrab ketdim. Bu odamning butun hayoti moddiy narsalarga befarqlik bilan o‘tayotgandi. Badani, chamasi, vaqt-vaqti bilan ruhidan shafqatsiz o‘ch olib turardi. Blansh voqeasida ham o‘z ehtirosini jilovlab ololmay, minnatdorchilik tuyg‘usi va aql-idrokni uloqtirib tashlab munosabatda bo‘lgan.
— Uni o‘z eridan tortib olish sizga nima uchun kerak bo‘lib qoldi?
— Men buni istamaganman, — javob berdi qovog‘ini solib. — Ayol men bilan birga ketishini aytganda, men ham Struvedan kam hayron bo‘lganim yo‘q. Men unga jonimga tekkaningdan keyin lash-lushingni yig‘ishtirishga to‘g‘ri keladi deb aytdim. U bunga roziligini bildirdi. — U biroz sukut saqladi. — Uning badani hayratomuz edi. Men uning yalang‘och badanini chizmoqchi bo‘ldim. Portret bitganidan keyin esa u meni qiziqtirmay qo‘ydi.
— U esa butun vujudi bilan sevgan ekan-ku.
U o‘rnidan turib ketdi va xona bo‘ylab u yoqdan-bu yoqqa yurdi.
— Men sevgiga zor emasman. Bunga mening vaqtim yo‘q. Sevgi bu zaiflik. Lekin men erkakman,
75