8 - BOB
yo‘qligini aytdi. Chamasi Struve alamlarini bu ayol oldida to‘kib solishdan o‘zini tiya olmadi. U ko‘ringan odamga dard-alamlarini aytar, hamdardlik bildirishlarini kutar, lekin boshqalar uning ustidan kulishardi, xolos.
Dirk o‘zini ahmoqona tutardi. Xotinining qay mahalda xarid uchun o‘tishini bilgan va uzoq vaqt mobaynida uni ko‘rmasdan yurishga chiday olmagan Dirk bir kuni ko‘chada panada Blanshni poylab turdi. Xotini u bilan gaplashishni xohlamadi. Lekin uni loaqal eshitishni iltijo qildi. U ming‘irlab qachonlardir aytgan, xafa qilishi mumkin bo‘lgan so‘zlari uchun kechirim so‘radi, hamon uni chin yurakdan sevishini izhor etdi, yana birga bo‘lishni iltijo qildi. Ayol javob bermas, orqasiga qaramasdan tobora ilgarilab borardi. Ko‘z o‘ngimga Dirk semiz oyoqlari bilan halloslab xotinining orqasidan yugurgilagani namoyon bo‘ldi. Tez yurgani tufayli nafaslari tiqilib, o‘zining baxtsizligini gapirar, rahm qilishini o‘tinar, kechirguday bo‘lsa, u istagan narsasini amalga oshirishini aytardi. U xotinini o‘zi bilan uzoq-uzoqlarga ketishga yalinib qistar, shunday qilsak Striklendni esingdan chiqarib yuborasan, derdi. Bu bema’ni manzarani menga gapirib berganda o‘zimni tutib turolmadim. O‘z qadr-qimmatini bu qadar ham yerga urish bo‘ladimi! U o‘z xotinining nafratini qo‘zg‘atishi mumkin bo‘lgan hamma ishni qildi. Zero xotin kishining g‘azabidan ko‘ra kuchliroq g‘azab yo‘q dunyoda. Bunday vaqtda ayol kishida eriga nisbatan hech qanday rahm-shafqat qolmaydi, jilovsiz nafratgina qoladi, xolos. Blansh Struve to‘satdan to‘xtadi-da, erining basharasiga qulochkashlab tortib yubordi. Keyin uning sarosimaga tushib qolganidan foydalanib, tepaga, ustaxonaga yugurgilab chiqib ketdi. Biror so‘z ham aytmadi.
Struve bu hodisani menga so‘zlab berayotganida bamisoli o‘sha tarsaki og‘rig‘ini qaytadan his etganday yuzini ushlab qo‘ydi. Shu daqiqadagi ko‘rinishi juda aftodahol bo‘lib, odamning rahmini keltirardi. U kaltaklab tashlangan maktab o‘quvchisiga o‘xshardi. Chin yurakdan unga rahmim kelardi, lekin kulgidan o‘zimni arang tutib turardim.
Keyin u har kuni xotini mayda-chuyda xarid qiladigan do‘konlar oldida izg‘ishni odat qildi. U bunday paytlarda yo ko‘chaning narigi tomoni, yo bo‘lmasa, yo‘l yoqasidagi biror burchakda biqinib turar, yonginasidan o‘tib ketayotgan xotinini jimgina kuzatardi. Endilikda ayol bilan gaplashishga jur’at eta olmas, yuragidagi butun iltijolarini nigohida ifodalashga harakat qilardi. Chamasi, u iztirob chekayotgan aftodahol ko‘rinishi bilan ayolning rahmini keltirishiga umid bog‘lardi. Ayol esa uni payqamasdi ham. Boshqa yo‘ldan yurishga, xarid qilish paytlarini o‘zgartirishga ham urinmasdi. Uning beparvoligi o‘ta shafqatsizligining natijasi edi. Hatto unga azob berish ayolga xush yoqarmikan degan xayolga borish mumkin edi. Ayol uni bunchalik yomon ko‘rishining sababini tushuna olmasdim.
Men Struvedan es-hushingni yig‘ib ol, deb yalinardim. Bunchalik latta bo‘lish mumkin emas-ku, axir, deb yozg‘irardim!
— Bu narsa yaxshilikka olib kelmaydi, — derdim unga, — bundan ko‘ra xotiningni yaxshilab bir do‘pposlasang, seni masxara qilishi barham topgan bo‘lardi.
— Men unga vaqtincha uyiga jo‘nab ketishni maslahat berdim. U ko‘pincha menga Gollandiya shimolidagi tinchgina shaharcha to‘g‘risida, ota-onalari shu shaharchada hamon kamtarona hayot kechirib turishgani haqida gapirib berardi. Otasi duradgor ekan. Ularning qizil g‘ishtli shinamgina uylari eski kanal bo‘yiga qurilgan ekan. U joyning ko‘chalari keng va deyarli odam o‘tmasligini gapirib berardi. Mana ikki yuz yildirki, shahar o‘lik shahar tusini olardi, lekin uylar yaxshi zamonlardan yodgorlik sifatida ulug‘vor soddaligini saqlab qolgandi. Bu uylarda bir zamonlar badavlat savdogarlar xotirjam va farovon hayot kechirganlar, o‘z mollarini olis Hindistonga jo‘natganlar. Ancha oxori ketgan binolardan hamon baxtli kunlarning hidi anqib turganday. Kanal sohili bo‘ylab yurilsa hamon shamol tegirmoni turgan, sigirlar erinibgina maysa chimdiyotgan yam-yashil maydonlarga chiqiladi. Nazarimda, bu joylarda Dirk Struve bolalik xotiralariga berilib, sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalarni unutadiganday tuyulardi. Lekin u bu yerdan ketishni istamasdi.
— Har ehtimolga qarshi men shu yerda bo‘lib turishim kerak. Biror kor-hol ro‘y bersa, men unga kerak bo‘lib qolishim mumkin. O‘shanda bu yerda bo‘lmasam, uning holi ne kechadi?
— Seningcha, qanday hodisa ro‘y berishi mumkin? — Bilmadim, lekin judayam qo‘rqib ketyapman.
60
Men yelkamni qisib qo‘ydim.
Shunchalik baxtsiz kunlarini kechirayotganiga qaramay, Dirk Struve hamon quvnoq shaxs bo‘lib qolayotgandi. Ozroq bo‘lsa-da, ozib, rangi ketib qolganda ham ehtimol birovlarning rahmi kelgan bo‘larmidi. Lekin unda zarracha o‘zgarish ro‘y bermadi, hamon u sharday dum-dumaloq, qip-qizil yuzlari xuddi obdon pishgan olmaday yaltillardi. Avvalgi bashang kiyinishi ham zarracha o‘zgarmagandi. Odatdagiday, chiroyli tikilgan qora kostyumi, kichikroq kelib qolgan va shu boisdan boshiga qo‘ndirganida kulgili va qovushiqsiz ko‘rinadigan qalpog‘ini kiyib yurardi. Dirk barcha ko‘rgiliklariga qaramay, tor kelib qolgan eskiroq shimidan endi voz kechgandi. Hozir u har qachongidan ko‘ra ishi o‘ngidan kelayotgan gumashtaga o‘xshab ketardi. Insonning tashqi ko‘rinishi bilan ichki dunyosi bir-biriga mutanosib bo‘lmasa g‘alati bo‘larkan. Dirkning nozik va olijanob qalbi bo‘lib, harakatlari qiziqchilarnikiga o‘xshab ketardi, go‘zallikni bexato his etsa-da, bema’ni rasmlar chizardi. Havas qilguday nazokatli bo‘lishiga qaramay, sovuq qiliqlardan xoli emasdi. Birovlarning ishiga o‘taketgan darajada jonkuyarlik bilan yondoshgani holda o‘z ishlariga beparvo edi. Tabiat o‘z hazilini shu odamda sinab ko‘rmoqchiday bir odam qiyofasida shunchalik qarama-qarshi xususiyatlarni jobajo etgandi.
O‘ttiz ikkinchi bob
Striklendni ko‘rmaganimga bir oydan oshdi. Men undan nafratlanardim, imkoniyati topilguday bo‘lsa bu tuyg‘ularimni uning basharasiga ochiq-oydin aytgan bo‘lardim. Lekin shu maqsaddagina uni qidirib topish nazarimda ortiqcha tuyulardi. Men o‘zimni hammavaqt ham axloqiy kamolot uchun kurashuvchi sifatida ko‘rsatishdan iymanganman. Agar shunday qilinsa odam o‘ziga bino qo‘ygan kimsaga aylanib qolishi hech gap emas. Yumor tuyg‘usidan mahrum bo‘lmagan odam uchun bu g‘oyat yoqimsizdir. O‘zimni kulgiliroq qiyofada ko‘rsatishga tavakkal qilguday bo‘lsam, bu holat uncha- muncha arzimaydigan narsa evaziga bo‘lmaydi. Striklendga esa zaharxanda to‘g‘rilik xususiyati xos edi.
Lekin bir kuni kechqurun Klishi ko‘chasidagi Striklend yoqtiradigan, endilikda men kirmay qo‘ygan qahvaxona yonidan o‘tib borarkanman, u bilan ro‘baro‘ kelib qoldim. U yolg‘iz emas, Blansh Struve bilan birga edi. Ular, odatda, Striklend o‘tiradigan burchakdagi stol tomon borishardi.
— Jin ursin sizni, shuncha vaqtdan beri qaerlarda sandiroqlab yuribsiz. Sizlarni ketib qolgansizlar deb o‘ylovdim. — So‘zimning ohangidan Striklend u bilan gaplashishni istamayotganimni sezdi. U bilan iltifotli muomala qilib o‘tirishning hojati yo‘q edi.
— Yo‘q, — quruqqina javob berdi u, — hech qayoqqa ketganim yo‘q.
— Unday bo‘lsa nega bu yerga kelmadingiz?
— Parijda soatlab laqillashib o‘tiradigan qahvaxonalar ko‘p.
Blansh menga qo‘l uzatib, oqshom xayrli bo‘lishini tiladi. Men negadir u juda o‘zgarib ketgan deb
o‘ylagandim. Lekin men uning egnida ko‘rib o‘rganganim bejirim va kamtarona kulrang ko‘ylakda edi. Ayol hamon odamga Struve uyidagi turmush ishlari bilan andarmon vaqtidagidek xokisor ko‘zlari bilan qarab turardi.
— Yuring, shaxmat o‘ynaymiz, — taklif qildi Striklend.
Negaligini bilmadim-u, ammo uning taklifini rad eta olmadim, qovog‘imni solgancha Striklend doimo o‘tiradigan stol tomon yurdim. U shaxmatni keltirishlarini buyurdi. Ularning har ikkalasi ham o‘zlarini xuddi hech narsa sodir bo‘lmaganday tutishardi. O‘zimni bundan boshqacha tutishim ahmoqona ish bo‘lishini his etdim. Struve xonim qimir etmay o‘yinimizni tomosha qilib o‘tirardi. Ayol miq etmasdi, lekin u hammavaqt ham shunaqa kamgap edi. Men uning lablariga qaradim. Ehtimol, bu lablarga qarab u nimalar to‘g‘risida o‘ylayotganini anglab olarman? Men uning ko‘zlarida qo‘rquv va iztirob soya solmayaptimikin, deb peshonasidagi chiziqlar bizdan yashirib turgan hayajonini sezdirib qo‘ymasmikin deb kuzatardim. Uning yuz ifodasidan hech narsa anglab bo‘lmas va niqob
61
kiyib olganga o‘xshardi. Qo‘llarini tizzalariga qo‘ygancha qimirlamay o‘tirardi. Men uning o‘ta ehtirosli ayol ekanligini bilib olgandim. Xotiniga nihoyatda sadoqatli Dirkning boshiga solgan dahshatli zarbaga qaraganda u beqiyos shiddatkor va shafqatsiz bo‘la olishini ham ko‘rsatgandi. U oqko‘ngil erining ishonchli va farovon uyidan voz kecha olishdek tavakkalchilikka jur’at etgan ayol edi. Agar uning jonkuyar va g‘amxo‘r uy sohibasi, o‘z xonadonini namunali boshqargan ayolligi esga olinsa, o‘ylamay ish tutgani, doimo muhtojlik va azob-uqubatlar bilan yashashga jazm etgani yanada ajoyib tuyuladi. Chamasi, bu ayol juda ham murakkab inson edi.
Bu uchrashuv meni juda hayajonlantirib yubordi, sarosimaga tushdim, so‘ng o‘zimni qo‘lga olib, e’tiborimni o‘yinga qaratdim. Men doimo Striklendni yutishga intilardim. Striklend yutqizgan odamni mazax qiladigan o‘yinchilar sirasiga kirardi. G‘alabadan keyin o‘z tantanasini oshkora ifodalashi mag‘lubiyat alamini yanada orttirardi. Lekin unga tan bermoq kerak — o‘z mag‘lubiyatini esa bamaylixotir ortiqcha iztiroblarsiz qabul qilardi. Yutganida g‘oyat yoqimsiz bo‘lib ketadigan Striklend mag‘lub bo‘lganida g‘oyat muloyim tortardi. Odam o‘yin paytida namoyon bo‘ladi deb hisoblovchilar bundan nozik xulosalar chiqarishlari mumkin edi.
O‘yin tamom bo‘lgach, men ofitsiantkani chaqirib, ichgan narsalarimizning haqini to‘ladim-da, chiqib ketdim. Uchrashuvimiz juda zerikarli o‘tdi. Bu yerda aytilgan biror so‘z ham fantaziyamga oziq bermadi. Aytgan gaplarimning birortasi ham ular tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi. Men jumboqni yecholmay hayron edim. Ularning hayoti qanday kechadi? Bu ikki odam ustaxonada nimalar to‘g‘risida gaplashishayotganini eshitganimdaydi. Xayolimga biror jo‘yaliroq fikr kelmasdi.
O‘ttiz uchinchi bob
Ikki kundan keyin Dirk Struve uyimga kirib keldi.
— Aytishlariga qaraganda sen Blanshni ko‘ribsan, — po‘ng‘illadi u.
— Qaerdan eshitding buni?
— Bir odam seni u bilan birgalikda qahvaxonada ko‘ribdi. Buni nega menga gapirmading?
— Seni xafa qilmoqchi emasdim.
— Bema’ni gap. Men u haqidagi hamma narsani, hatto eng azimaydiganday tuyuladigan har bir
tafsilotni bilishni xohlashimdan xabardorsan-ku.
Men uning savoliga javob qaytarishga taraddudlandim.
— Uning ko‘rinishi qanaqa?
— Hecham o‘zgarmabdi.
— Seningcha, baxtiyor ko‘rinyaptimi?
Men yelkamni qisdim.
— Senga nimasini ham aytardim. Biz qahvaxonada o‘tirib shaxmat o‘ynadik. Men u bilan bir og‘iz
ham gaplashmadim.
— Yuzidan qanday kayfiyatdaligi ko‘rinmayaptimi?
Men boshimni qimirlatdim. Ayol biror so‘z bilan ham, yuz ifodasi bilan ham o‘z tuyg‘ularini oshkor
qilmaganligini qaytarishga to‘g‘ri keldi. O‘zini ajoyib tarzda qo‘lga ola bilishini Dirk mendan ko‘ra yaxshiroq bilardi.
— Eh, men judayam qo‘rqayapman. Men biror dahshatli kor-xol ro‘y beradi-yu, unga yordam berolmay qolishimga ishonaman.
— Qanday hodisa ro‘y berishi mumkin? — surishtirdim men.
— Bilmadim, — nola qildi u qo‘llari bilan boshini siqqancha. — Qandaydir dahshatli falokat ro‘y berishini sezib turibman.
Struve hammavaqt ham sal narsaga hayajonlanib ketardi, lekin hozir ayniqsa, o‘zini yo‘qotib qo‘ygan, shu bois hech qanday fikrga quloq solmasdi. Men tez orada Blansh Striklenddan toqati toq bo‘ladi deb o‘ylardim. Nima eksang shuni o‘rasan deb bejiz aytishmagan-ku. Odamlar ko‘pincha o‘z
62
boshlariga turli falokatlarni yog‘dirish uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishlarni amalga oshirishadi-da, keyinchalik o‘z aqlsizliklarining kasofatidan bir amallab qutulib qolishadi. Blansh oxir-oqibatda Striklend bilan arazlashib qoladi-da, o‘z erining yoniga qaytadi. Shu narsani kutib o‘tirgan eri esa uni darhol kechirib, o‘tgan ishlarni unutib yuboradi. To‘g‘risini aytsam, ayol menda na ijobiy va na salbiy tuyg‘u uyg‘ota oldi.
— Shunday bo‘lishi mumkin, axir sen uni sevmaysan-ku, — takrorlardi Struve.
— Nega endi uni baxtsiz deb xayol qilayapsan? Menga ma’lum bo‘lishicha, ular durustgina hayot kechirishayotgan ekan.
Struve menga g‘amguzor ko‘zlari bilan tikildi.
— Senga bu narsalarning zarracha ahamiyati yo‘q, men uchun judayam muhim.
O‘ylamay aytib yuborgan gapimga pushaymon bo‘ldim.
— Ehtimol, bir iltimosimni bajo keltira olarsan? — dedi Dirk.
— Bajonidil.
— Mening nomimdan Blanshga xat yozsang.
— Bunday xatni o‘zing yoza olmaysanmi?
— Men bir necha marta yozdim. Lekin ularga javob ololmadim. U xatimni o‘qib ham ko‘rmaydi,
chog‘i.
— Sen ayollar qiziquvchan bo‘lishlarini unutib qo‘yyapsan, shekilli. Nahotki, xatlarni o‘qib
ko‘rmagan deb o‘ylaysan?
— Ha, o‘qib ko‘rmagan, meniki bo‘lganligi uchun o‘qib ko‘rmagan.
Men unga qaradim. Dirk yerga qaradi. Uning javobi menga o‘zini g‘oyat tahqirlovchi javob bo‘lib
tuyuldi. Dirk xotini uchun hatto xatini ochib ko‘rishga arzimaydigan odamga aylanganini bilardi.
— Keyinroq bo‘lsa ham xotining bag‘ringga yana qaytib kelishiga ishonasanmi?
— U bilan biror kor-hol ro‘y bersa, menga istagan paytida bemalol suyanishi mumkinligini bilib
qo‘ysin.
Men yonimdan bir varaq qog‘oz chiqardim.
— Nima yozishim kerakligini aniqroq gapir.
Men shunday yozdim:
“Qimmatli Struve xonim!
Dirk istagan paytingizda zaruriyat tug‘ilguday bo‘lsa yordamga tayyor ekanligini sizga bildirib
qo‘yishimni iltimos qildi. Bo‘lib o‘tgan hodisalar tufayli u sizdan zarracha xafa emas. U hamon sizni sevadi. Siz uni quyidagi . . . . . .. . . . . . manzildan topishingiz mumkin.”
O‘ttiz to‘rtinchi bob
Garchi Striklend va Blansh juftligi alal-oqibatda xayrli tugamasligini Struvedan yaxshiroq bilsam-da, fojia bilan yakun topishini ko‘z oldimga keltira olmasdim. Dim va issiq yoz kirib keldi. Toliqqan asablar hatto kechalari ham hordiq chiqara olmasdi. Quyosh tafti bilan obdon qizigan ko‘chalar yig‘ib olgan butun haroratini qaytarmoqchiga o‘xshar, yo‘lovchilar arang oyoqlarini sudrab sayr qilishardi. Men anchadan beri Striklendni ko‘rmasdim. Boshqa ishlar bilan band bo‘lib, u to‘g‘risida butunlay o‘ylamay qo‘ydim. Dirk hasrat-nadomatlari bilan jonimga tegdi, uni ham uchratmaslikka harakat qildim. Bu noxush tarix edi, bundan buyon uni o‘ylamaslikka intilardim.
Kunlarning birida, erta tong pijama kiyib olib ishlab o‘tirardim. Xayollarim uzoq-uzoqlarda sayr etardi, ko‘z oldimda Bretanining serquyosh ko‘rfazlariyu dengizning yoqimli shabadasi. Yonimdagi stol ustida sutli qahva quyulgan finjon va hali yeb tugatilmagan pechene turardi. Uni kundalik odatimiz bo‘yicha bino nazoratchisi bo‘lgan ayol keltirgandi. Orqamdagi xonada nazoratchi ayolning ivirsib yurgani eshitilib turardi. Eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi. Ayol eshikni ochdi, Struvening ovozi eshitilib,
63
mening bor-yo‘qligimni surishtirdi. O‘rnimdan turmasdan unga baqirdim: “Kiraver!“ U xonaga otilib kirib o‘zini menga tashladi.
— U o‘zini o‘ldiribdi, — dedi bo‘g‘iq ovoz bilan.
— Nima deyapsan o‘zi? — hayratdan baqirib yubordim.
Struvening labi qimirlardi-yu, ammo biror so‘zi ham eshitilmasdi. Keyin u telba odamdek
nimalarnidir valdiradi. Yuragim orqamga tortib ketdi, negaligini bilmayman-u, to‘satdan jahlim chiqdi. — O‘zingni qo‘lga olchang-chi! Kalla deb nimani ko‘tarib yuribsan? U zo‘r berib nimalarnidir tushuntirmoqchi bo‘lardi-yu, birorta so‘zi eshitilmasdi. Xuddi so‘zlash qobiliyatini yo‘qotib qo‘ygandek edi. Negaligini o‘zim ham tushunmagan holda yelkalaridan ushlab uni silkita boshladim. Keyinchalik bu ishimni eslab, albatta, o‘zimdan xafa bo‘ldim. Lekin keyingi vaqtdagi uyqusiz tunlar asablarimni
men o‘ylagandan ham ko‘ra ko‘proq qaqshatib yuborgan ekan, shekilli.
— O‘tirib olay, axir, — nihoyat hansirab gapirdi u.
Men “Sen—Galme“ suvidan stakanga quyib unga uzatmoqchi edim. Lekin xuddi go‘daklarga suv
ichirgandek stakanni lablariga tutib ichirishimga to‘g‘ri keldi. U birinchi qultumni arang yutdi, bir necha tomchisi ko‘ylagiga to‘kildi.
— Kim o‘zini o‘ldirdi?
Nega bu savolni berganimni o‘zim ham bilmasdim. Kim haqida gap borayotgani shundoq ham ayon edi-ku.
U o‘zini qo‘lga olishga harakat qildi.
Kecha kechqurun ular janjallashib qolishibdi. Striklend uydan chiqib ketibdi.
— Xotining o‘libdimi?
— Yo‘q, uni kasalxonaga olib ketishibdi.
— Bo‘lmasa nimalar deb aljirading? — qichqirib yubordim. — Nega u o‘zini o‘ldiribdi deb aytding? — Mendan jahling chiqmasin. Men bilan bunday muomala qilsang hech narsani gapirib berolmay
qolaman.
Men o‘zimni qo‘lga olish uchun qo‘llarimni qattiq qisdim, hatto kulishga ham urinib ko‘rdim.
— Kechirasan. Seni shoshirayotganim yo‘q. O‘pkangni bosib ol-da, nimalar bo‘lganini tartib bilan
gapirib ber.
Dirkning ko‘m-ko‘k dumaloq ko‘zlaridan rosa qo‘rqib ketgani ko‘rinib turardi. Ko‘zoynak orqasidan
ular yanada dahshatliroq tuyulardi.
— Bino nazoratchisi bo‘lgan ayol xatni berish uchun yuqori qavatga ko‘tarilibdi. Qo‘ng‘iroqni
bosganda eshikni ochishmabdi, ichkaridan nola ovozlari eshitilibdi. Eshik ichkaridan qulflanmagan ekan, shu bois uyga kiribdi. Blansh karavotda yotganmish, stol ustida esa shovul kislotali shisha yotganmish.
Struve qo‘llari bilan yuzini changallagancha hiqillab u yoqdan-bu yoqqa yurardi.
— U o‘zini bilarmidi?
— Ha. Eh, sen uning qanchalar qiynalganini bilsang edi! Men bunga chiday olmayman. Sirayam
chiday olmayman!
U bor ovozi bilan nola qildi.
— Jin ursin seni. Sen chiday olmaydigan narsaning o‘zi yo‘q bu yerda.
— Naqadar shafqatsizsan-a!
— Keyin nima bo‘ldi?
— Ular doktorni topib kelishga, menga va politsiyaga xabar qilishga odam yuborishibdi. Men
allaqachon bino nazoratchisiga yigirma frank qistirib, biror hodisa ro‘y berguday bo‘lsa, darhol xabar qilishlarini tayinlagandim. — U chuqur nafas oldi, men bu hodisa bayonini davom ettirish unga nihoyatda og‘ir bo‘layotganini tushundim. — Men uyga kirib kelganimda xotinim men bilan gaplashishni istamadi. Ularga meni uydan haydab chiqarishlarini buyurdi. Men bo‘lib o‘tgan barcha voqealarni unutganim haqida qasam ichdim, lekin u so‘zlarimga quloq solmasdi. U boshini devorga urishga harakat qilardi. Doktor uning yonida qolishim nojoizligini aytdi. U esa hamon: “Chiqarib
64
yuboringlar!“ deb qaytarardi. Men yotoqxonadan chiqib ustaxonada poylab turdim. Tibbiy arava kelib, bemorni zambilga yotqizishganda xotinim mening hamon shu yerdaligimni bilmasligi uchun oshxonaga chiqib turishimni buyurishdi.
Struve o‘zi bilan birgalikda kasalxonaga borib kelishimni istayotgandi. Kiyinayotgan vaqtimda Blanshni alohida xonaga yotqizganini va shu yo‘l bilan uni kasalxona g‘ovur-g‘uvuridan xoli qilganini gapirib berdi. Yo‘lda ketayotganimizda men unga nima uchun zarur bo‘lib qolganimni tushuntirdi. Agar u yana men bilan gaplashishni istamasa, oldiga sen kirasan, dedi. Hamon uni sevishini, bu ishlarni hech qachon ta’na qilmasligini, faqatgina unga yordam berishni xohlashini tushuntirishimni mendan iltijo qildi. Buning evaziga hech narsa talab qilmasligini, uyga qaytishga majburlamasligini, tamomila erkin harakat qilishi mumkinligini aytishni tayinladi.
Biz kasalxonaga yetib keldik. Tund va noxush binoni ko‘rishingiz bilanoq, yuragingiz orqaga tortib ketardi. Qator odamlardan obdon surishtirib, juda ko‘p zinapoya va yo‘laklardan yurib, nihoyat davolovchi vrachni topdi. U bemor haddan ziyod holdan toyganini, bugun hech kimni qabul qila olmasligini e’lon qildi. Soqol qo‘ygan, past bo‘yli, oq xalat kiygan vrach uchun Blansh bilan ro‘y bergan hodisa oddiy hol edi. Chamasi, u hayajonlangan qarindoshlar, shilqim iltimoschilarning bemor oldiga kirish xususidagi iltijolariga keskin rad javobini beradigan qo‘polroq vrach ekan, shekilli. Darhaqiqat, diydasi qotib ketgan vrach uchun bu voqea favqulodda hodisa emasdi. Jazavasi qo‘zigan ayol o‘ynashi bilan urishib, zahar ichgan — bu ko‘p uchraydigan holat. Vrach avvaliga baxtsiz hodisaning sababchisi Dirk deb o‘ylab, u bilan qo‘pol muomala qildi. Men Dirkni ayolning eri ekanligini, bo‘lib o‘tgan barcha voqealarni kechirishga tayyorligini tushuntirganimda, vrach unga qiziqish bilan sinovchan tikilib qoldi. Bu tikilishda masxara ma’nosi ham borday tuyuldi menga. Dirk aldangan erkakning o‘ziga xos namunasi edi. Vrach yelkasini ohista qisib qo‘ydi.
— Hozirgi daqiqada xatar yo‘q, — dedi u, surishtiraverganimizdan keyin. — Lekin biz qancha kislota ichganini bilmaymiz. Ehtimol, bu og‘ir oqibatlarsiz o‘tib ketar. Ayollar ko‘pincha sevgi tufayli o‘zlarini o‘ldirmoqchi bo‘lishadi. Buni aksariyat holatlarda o‘ynashlarini qo‘rqitish yoxud rahmini keltirish uchun qilishadi.
Uning so‘zlaridan nafrat ohanglarini sezish qiyin emasdi. Blansh Struve vrach uchun Parij shahrida bu yili o‘z joniga qasd qilgan odamlardan biri edi, xolos. Biz bilan uzoq valaqlashib o‘tirishga uning vaqti yo‘q edi. Ertaga keladigan vaqtimizni belgiladi. Bemorning ahvoli yaxshi bo‘lib tursa, uning yoniga kirishga eriga ruxsat berishini aytdi.
O‘ttiz beshinchi bob
O‘sha kunni qanday o‘tkazganimizni bilmayman. Struve biror daqiqaga bo‘lsin yolg‘iz qola olmasdi. Men bor mahoratimni ishga solib, uni ovutishga urinardim. Men uni Luvrga surgab ketdim. U o‘zini rasmlarni tomosha qilayotgan odam qilib ko‘rsatar, lekin xayoli xotinida ekanligini bilib turardim. Ovqat yeyishga ham men uni majbur etdim, nonushtadan keyin kuch bilan o‘rniga yotqizdim, lekin u uxlay olmasdi. Menikida bir necha kun yashab turishga bajonidil rozi bo‘ldi. Men uning qo‘liga kitob tutqazib chalg‘itmoqchi bo‘lardim, bir-ikki sahifaga ko‘z yugurtirib chiqqach, qaerlargadir tikilgancha
qotib qolardi. Kechqurun juda ko‘p partiya piket1 o‘ynadik, mening harakatlarim bekor ketayotganidan hafsalam pir bo‘lmasligi uchun o‘zini o‘yinga qiziqayotganga o‘xshab ko‘rsatardi. Bularning barchasi oxirida unga uyqu dori berishim, shundan keyingina uning uxlab qolishi bilan tugadi.
Ertasiga kasalxonaga borganimizda oldimizga Blanshni boqib o‘tirgan hamshira chiqdi-da, bemor biroz o‘ziga kelayotganini bildirdi. Bizning iltimosimizga ko‘ra u bemor erini ko‘rishni istashi yoki istamasligini bilib chiqishga kirib ketdi. Eshik orqasidan g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovoz eshitildi. Nihoyat, hamshira chiqib, biror odamni ko‘rishni istamasligini aytdi. Agar Dirkni ko‘rishni istamasa, ehtimol meni qabul qilar, dedim. Bunga ham rad javobi berildi. Dirkning lablari pirpiradi.
65
— Men bemorni sizlarni qabul qilishiga majbur eta olmayman. U hali judayam behol. Ehtimol, bir- ikki kun o‘tgach, o‘ylab ko‘rar.
— Balki biror boshqa odamni ko‘rishni xohlar? — ohista, deyarli shivirlab so‘radi Dirk. — Bemorning istagi bitta, o‘zini tinch qo‘yishlarini xohlayapti.
Dirkning qo‘llari g‘alati qaltirab ketdi, uning bu a’zosi bamisoli butun gavdasi bilan aloqador emasday tuyuldi. — Marhamat qilib unga aytib qo‘ying. Agar Blansh bir odamni ko‘rishni istasa, uni ham olib kelaman. Men faqat uning baxtiyor bo‘lishini xohlayman.
Hamshira sokin va samimiy ko‘zlari bilan unga tikilib qoldi. Inson zoti boshidan kechirishi mumkin bo‘lgan barcha azob va alamlarni ko‘rgan bu ko‘zlar hamon xotirjamligicha qolgandi. Hozir esa tamomila boshqa manzarani ko‘rib turgandi.
— U sal tuzalib xotirjamroq bo‘lganda aytaman buni.
Dirk iztirobdan o‘zini qayoqqa qo‘yishini bilolmay Blanshdan hoziroq so‘rashini iltijo qildi.
— Ehtimol, bu bilan uning dardi biroz yengillashar. Yolvoraman, undan hoziroq so‘rab chiqing. Hamshira ma’yus tabassum qildi, u orqasiga o‘girilib Blanshning oldiga kirib ketdi. Ichkaridan
qulog‘imga hamshiraning bo‘g‘iq ovozi eshitildi, keyin boshqa, butunlay notanish ovoz javob berdi: — Yo‘q. Yo‘q. Yo‘q!
Hamshira yonimizga chiqdi-da, boshini sarak-sarak qildi.
— Nahotki haligi ovoz Blanshniki bo‘lsa? — so‘radim men. — Uning ovozini tanimadim.
— Bemorning ovoz pardalari, chamasi, qattiq kuygan.
Dirk umidsizlikdan qichqirib yubordi. Men unga xonadan chiqib, pastda kutib turishini buyurdim. Hamshira bilan tanho qolmoqchi edim. U nima sababdan bunday qilayotganimni so‘rab ham o‘tirmay gapimga itoat qilib tashqariga chiqib ketdi. Uning irodasi butunlay bo‘shashib ketgan, itoatgo‘y, yosh bolaga o‘xshab qolgan edi. — Nima sababdan bunday qilganini sizga tushuntirib berdimi?
— Yo‘q. U gapirishni xohlamayapti. Faqat yig‘laydi. Yostig‘i doim ho‘l. Dastro‘molini ishga solishga ham darmoni yo‘q. Ko‘z yoshlari yuzlaridan shashqator oqib, yostiqni ho‘l qilayapti. Yuragimga bir narsa sanchilganday bo‘ldi. Shu daqiqada Striklendni bo‘g‘ib tashlashga tayyor edim. Hamshira bilan xayrlashayotganimda ovozim qaltirab chiqqani esimda.
Dirk Struve meni zinapoyada kutib turgan ekan. Chamasi, u atrofidagi hech narsani ko‘rmas va payqamasdi. Mening yaqinlashayotganimni ham to oldiga kelib bilagidan ushlamagunimcha sezmadi. Ko‘chada ketayotganimizda miq etib ovoz chiqarmadik. Men esa ayolni bunday dahshatli qadamni qo‘yishga nima majbur qilganini tasavvur etishga intilardim. Men bo‘lib o‘tgan hodisalarning barchasi Striklendga ma’lum deb hisoblardim. Ehtimol, uni so‘roq qilish uchun politsiyadan odam ham kelgandir. Hozir u qaerdaykin? Balki ilgari ustaxona vazifasini o‘tagan eski boloxonasiga qaytib borgandir. Ayol uni ham ko‘rishni istamaganligi g‘alati edi. Balki odam yuborsam baribir kelmaydi deb qo‘rqqandir? Nega u yashashdan voz kechib, o‘zini shafqatsizlik qa’riga urdiykin?
O‘ttiz oltinchi bob
Keyingi hafta tahlika bilan o‘tdi. Struve kuniga ikki marotaba xotinining yoniga borar, u esa hamon erini ko‘rishni istamasdi. Avvallari u kasalxonadan mamnun va ko‘ngli ko‘tarilib kelardi, keyinchalik esa tobora xafaroq bo‘lib qayta boshladi. Zero, vrach xavfsirayotgan holat ro‘y bergan, tuzalib ketishiga bo‘lgan umid tobora yo‘qqa chiqayotgan edi. Hamshira Dirkning dardu g‘amini yaxshi his etar, lekin tasalli bo‘ladigan biror so‘z aytishdan ojiz edi. Bechora bemorning bir nuqtaga tikilib turgan ko‘zlari o‘zining o‘lik jasadini ko‘ra boshlagandi, shekilli. Endi bu ikki-uch kunlik masalaga aylangandi, xolos. Struve bir kuni ancha kech kirib kelganda ayol olamdan o‘tganini tushundim. U tamomila holdan toygandi. Odatdagi so‘zamolligidan asar ham qolmagandi. U miq etmay divanga o‘zini tashladi. Men uni tinch qo‘ydim, bunday paytda tasalli beruvchi har qanday so‘z ham foydasiz ekanligini bilardim. U meni rahmsizlikda ayblamasligi uchun ilgariroq o‘qib turgan kitobimni o‘qishga
66
jur’at eta olmay mundshtukni og‘zimga qistirgancha deraza oldida o‘tiraverdim. Nihoyat u menga so‘z qotishga o‘zida kuch topdi.
— Menga ko‘p mehr-oqibat ko‘rsatding, — dedi u nihoyat. — Hamma ham menga ko‘p oqibat ko‘rsatdi.
— Qo‘ysang-chi bu gapni, — dedim unga.
— Kasalxonada kutib turishimni aytishdi, stul berishdi, unga o‘tirib Blanshning eshigi oldida yo‘lakda poyladim. O‘zini bilmaydigan holatga yetganda meni ichkariga qo‘yishdi. Uning og‘zi va engagi kuygandi. Ajoyib engagini shu ahvolda ko‘rish dahshatli edi. U judayam xotirjam jon berdi, agar hamshira aytmasa o‘lib qolganini bilmas ekanman.
Dirk haddan tashqari holdan ketganidan yig‘lagani darmoni kelmasdi. Vujudida zarracha kuch qolmaganday divanga cho‘zildi. Tez orada uyquga ketganini sezdim. Butun hafta mobaynida birinchi marotaba chinakamiga uyquga ketishi edi. Tabiat goho o‘ta shafqatsiz, goho esa rahm-shafqatli bo‘ladi. Men uning ustini jun ro‘mol bilan berkitib, chiroqni o‘chirdim. Ertalab o‘rnimdan turganimda u hamon uxlab yotardi. U qanday yotgan bo‘lsa, shundayligicha uxlar, oltin gardishli ko‘zoynagi hali ham burni ustida qaqqayib turardi.
O‘ttiz yettinchi bob
Blansh Struve shunday bir holatda qazo qildiki, uni dafn etishga ruxsat olish uchun juda ko‘p yaramas rasmiyatchiliklar to‘sig‘idan o‘tishga to‘g‘ri keldi. So‘ng Dirk ikkalamiz aravada tobut keltirishga bordik. Tobutni olib kelayotganimizda to‘rt g‘ildirakli uzun arava haydovchisi otlarga qamchi urib, shu qadar tez haydadiki, u go‘yo marhuma to‘g‘risidagi barcha xotiralarni yelga uchirib yubormoqchiga o‘xshardi. Dahshatli va hech qachon esdan chiqmaydigan manzara edi bu!
Men ham bu yoqimsiz tarixni xayolimdan butunlay chiqarib yuborishni istardim. Menga bevosita aloqador bo‘lmagan bu fojia yuragimni ezardi. O‘z ko‘nglimda Dirkka g‘amxo‘rlik qilayotgan kishi bo‘lishga intilardim-u, aslida boshqa narsa to‘g‘risida gapirardim.
— Vaqtincha bo‘lsa-da, biror tomonga ketishni o‘ylayapsanmi? — dedim unga. Hozircha Parijdan uzoqroq joyda bo‘lganing yaxshiroq edi.
U javob bermadi, lekin men rahmsizlarcha majbur qilayotgandim.
— Yaqin kelajakda qiladigan ishlaring to‘g‘risida biror rejang bormi?
— Yo‘q.
— Sen hayotga qaytishing kerak. Nega Italiyaga borib o‘z ishingni qaytadan boshlamaysan?
U yana jim qoldi. Shu vaqt aravakash meni noqulay holatdan qutqardi. Bir daqiqaga otlarni
to‘xtatib, o‘tirgan joyidan pastga tushdi-da, biz ketayotgan arava oldiga kelib, qayoqqa yurishni so‘radi.
— Bir daqiqaga to‘xtang-chi, — javob berdim men. — Birga ovqatlansak degan edim, — murojaat etdim Dirkka. — Men bizlarni Tigal maydoniga olib borib qo‘yishni buyuraman.
— Yo‘q, men ustaxonaga bormoqchiman. — Sen bilan birga boraymi?
— Yo‘q, yaxshisi, o‘zim ketaman.
— Ma’qul.
Men aravakashga manzilni aytdim va biz yana miq etmay yo‘lda davom etdik. Dirk Blanshni kasalxonaga olib ketishgan kundan beri o‘z ustaxonasida bo‘lmagandi. Men uning yolg‘iz qolmoqchi ekanligidan xursand bo‘ldim, eshigigacha kuzatib qo‘yib, xayrlashdim-da, biroz yengil tortib uyimga jo‘nadim. Men yana Parijning ko‘chalari, u yoqdan-bu yoqqa ketayotgan olomonni ko‘rib zavqim qo‘zg‘aldi. Havo ochiq, yoqimli edi, hayot quvonchlari qalbimda jo‘sh ura boshladi. O‘zimni boshqacha tuta olmasdim. Struve va uning g‘am-alamlari xayolimdan chiqib ketdi. Xursandchilik qilishni istardim.
67