7 - BOB
Gaborioning sarguzasht romanini berilib o‘qiyotgani ustidan chiqdim. Kitob tanlashda favqulodda shaxsining o‘zaro qarama-qarshi xususiyatlari katta o‘rin tutishi ham meni qiziqtirardi. Xasta bo‘lishiga qaramay, o‘ziga zarracha erk bermasligi qiziq edi. Struve qulay sharoitni yaxshi ko‘rardi. Ustaxonasida ikkita chuqur oromkursi va katta divan bor edi. Striklend biror marotaba bo‘lsin, ularga yaqinlashmagandi. Buni u shunchaki matonatini ko‘z-ko‘z qilish uchun emas, balki qulay sharoitga o‘rganmaganligidan shunday qilar, uch oyoqlik stulda o‘tirardi. Buni u oromkursidan afzalroq bilardi. Bu narsa mening jig‘imga tegardi. Men hech qachon atrofdagi sharoitga bu qadar beparvo boshqa odamni ko‘rmaganman.
Yigirma yettinchi bob
Oradan ikki yoki uch hafta o‘tdi. Kunlardan bir kun ertalab, ishlarim uncha yurishmayroq turganligi tufayli, dam olish maqsadida, Luvrga yo‘l oldim. Zallarni kezarkanman, o‘zimga yaxshi tanish rasmlarni yana bir marotaba tomosha qildim, ular menda uyg‘otgan tuyg‘ular bilan xayolotimni boyitishga harakat qildim. Zaldan zalga o‘tiladigan joylarning birida to‘satdan Struveni uchratib qoldim. Men kulib yubordim, zero uning yumaloqqina gavdasi albatta, odamning kulgisini qistatardi. Lekin unga yaqinroq kelib, yuziga razm solganimda odatdagidan boshqacharoq, xafaqonroq ekanligini fahmladim. Boshi egilgan, nimadandir mahzun alpozda edi. U hozirgi ahvolda ham kulgili tuyulardi, kutilmaganda, suvga yiqilib tushib, hozirgina o‘limdan qutqarib qolingan odamga o‘xshardi. Hozirgi holatini qo‘rquvdan haligacha o‘ziga kelmagan, lekin o‘zining ahmoqona ko‘rinishini tushunib turgan odamga mengzasa bo‘lardi. Ko‘zoynagi orqasidagi dumaloq ko‘m-ko‘k ko‘zlari xavotir bilan yiltillab turardi.
— Struve, — chaqirdim men uni.
U avvaliga seskanib tushdi, keyin kulib qo‘ydi, lekin bu qandaydir g‘amgin va tashvishli kulgu edi. — Bunday bekorchilikni ixtiyor qilib qolibsiz? — deb shodon so‘radim undan.
— Anchadan beri Luvrda bo‘lmagandim. Biror yangi asar paydo bo‘lib qolmadimikin deb tomosha
qilmoqchi edim.
— Lekin sen chizayotgan rasmingni shu haftada tugatmoqchiligingni aytganding-ku?
— Striklend mening ustaxonamda ishlayapti.
— Ishlasa nima bo‘libdi?
— Ustaxonamda ishlashni unga o‘zim taklif qildim. Men ikkalamiz birgalikda ishlayveramiz, deb
o‘ylagandim. Lotin mavzeida yashaydigan rassomlarning ko‘pchiligi shunday ishlashadi. Bunda ish yaxshi yurishadiganday tuyulardi menga. Men doimo ishdan toliqqan paytlaringda sheriging bilan bir- ikki og‘iz gaplashib olsang, yaxshi bo‘ladi, deb o‘ylardim.
U sekin, tutilib-tutilib, samimiy, ammo tentaknamoroq ko‘zlari bilan menga qaragancha gapirardi. Bu ko‘zlar jiqqa yosh edi.
— Men sening gaplaringni tushunmayapman.
— Striklend ustaxonada yana biror odam bo‘lsa ishlay olmas ekan.
— Bunisi bilan sening necha pullik ishing bor? Axir ustaxona seniki-ku!
Struve menga shikoyatomuz tikilib qoldi. Uning lablari titrardi.
— Nima gap o‘zi, tushuntir, — talab qildim undan.
U qizarib ketdi-yu, indamadi. Keyin aftodahol bir alpozda qandaydir rasmga tikilib qoldi.
— U mening rasm chizishimga ruxsat bermadi. Bu uydan chiqib ketishim kerakligini aytdi.
— Nega sen o‘zing unga istagan tomoningga tuyog‘ingni shiqillat, demading?
— U meni uydan haydab chiqardi. U bilan urishib o‘tirarmidim? Orqamdan shlyapamni uloqtirib,
eshikni berkitib oldi.
Men shu daqiqada Striklendni o‘ldirib tashlashga tayyor edim. Lekin bechora Struvening hozirgi
holatidan kulib yuborishdan o‘zimni arang ushlab turganligim bois, o‘zimdan ham xafa edim.
52
— Bu ishga xotining qanday munosabatda bo‘ldi?
— U yo‘q edi, do‘konga xarid qilishga chiqib ketgandi.
— U xotiningni uyga qo‘yadimi?
— Bilmadim.
Men hayronlikdan dong qotib, Dirkka qarab turardim. U muallimi oldida ayb ish qilib qo‘ygan
o‘quvchiga o‘xshardi.
— Hoziroq borib Striklendni uydan haydab chiqarishimni xohlaysanmi?
U bir seskanib tushdi. Yiltillab turgan qizg‘ish yuzlari yana ham qizarib ketdi.
— Yo‘q. Sen, yaxshisi, aralashmay qo‘yaqol.
Struve bosh qimirlatib, mendan uzoqlashdi. U negadir bu voqeani muhokama qilib o‘tirishni
istamasdi. Nega shundayligini esa men tushuna olmadim.
Yigirma sakkizinchi bob
Bir haftadan keyin hammasi ravshan bo‘ldi. Restoranda apil-tapil ovqatlandim-da, kichkinagina mehmonxonamda o‘tirgancha kitob o‘qishga tutindim. Kechki soat o‘nlarda qo‘ng‘iroqning do‘rillagan ovozi eshitildi.
Men eshikni ochdim. Qarshimda Struve turardi.
— Kirsam bo‘ladimi?
Nimqorong‘i zinapoyada men unga yaxshi razm sololmadim, lekin ovozi juda g‘alati chiqdi. Men
uning ichkilik ichmasligini bilmaganimda hozir uni mast bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan bo‘lardim. Uni mehmonxonaga boshlab kirib oromkursiga o‘tkazdim.
— Xudoga shukur, seni topdim! — xitob qildi u.
— Nima gap o‘zi? — so‘radim uning bunday hayajonlanayotganidan hayron bo‘lib.
Endigina unga razm soldim. Doim bashang kiyinadigan Dirk juda aftodahol ko‘rinardi. U ko‘proq
ichib qo‘ygan, degan qarorga kelib, endi uni masxara qilay deb turganimda, gap qotdi:
— O‘zimni qayoqqa qo‘yishni bilmay, uyingga qidirib kelgandim. Yo‘q ekansan.
— Bugun kechroq ovqatlandim. Dirkning bunday holatiga ichimlik sabab emasligini tushundim.
Odatda, qip-qizil yuzlarida hozir qizil dog‘lar paydo bo‘lgandi. Qo‘llari titrardi.
— Senga nima bo‘ldi? — so‘radim undan.
— Xotinim tashlab ketdi.
U bu so‘zlarni arang aytdi, nafasi tiqildi, dumaloq yuzlaridan yosh oqdi. Men nima deb taskin
berishni bilmasdim. Xayolimga dastlab xotini Striklendning o‘zini ahmoqona tutishiga dosh berolmay, Dirkdan uni uydan haydab chiqarishni talab qilgan, degan fikr keldi. Bu ayol tashqi ko‘rinishidan xotirjam ko‘rinsa-da, aslida qanchalik g‘azabnok bo‘lishini men bilardim. Agar Struve uning talabini rad etgan bo‘lsa, bu dargohga butunlay qaytib kelmaslikka ont ichib, uydan o‘zi chiqib ketgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Bechora, shunday bir bechorahol ahvolda ediki, bu safar men uning ustidan kula olmadim ham.
— O‘zingni qo‘lga ol, bunchalik kuyaverma, do‘stginam. U qaytib keladi. Ayollarning jahl ustida aytgan so‘zlarini jiddiy qabul qilaverish yaxshi emas, axir.
— Sen tushunmayapsan... U Striklendni sevib qolibdi.
— Nima-a?! — Men lol bo‘lib qoldim. Lekin gapining ma’nosini anglashim bilanoq, bularning barchasi yolg‘on, degan qarorga keldim. — Qayoqdagi yolg‘on gaplarni gapiryapsan o‘zing. Kelib-kelib uni Striklenddan rashk qilayapsanmi? — Men kulib yuborishdan o‘zimni arang tiyib turardim. — Xotining uni yomon ko‘rishini mendan ko‘ra yaxshiroq bilasan-ku.
— Sen hech narsani tushunmaysan, — nola qilardi u.
— Sen qip-qizil eshshaksan, — chidab turolmay baqirdim. — Qani yur-chi, senga araq quyib beray, ko‘ngling salgina bo‘lsa-da, taskin topadi.
53
Inson bolasi o‘zini o‘zi azoblashning ustasi. Dirkning kallasiga xotinim Striklendni yoqtirib qolgan degan fikr kelganda, bu fikrini odatdagiday qo‘pol tarzda uning yuziga solib, xotinini haqoratlagan. Xotini esa erining bu gapidan to‘nini teskari kiyib olgan-da, alam ichida go‘yo uning shubhalari asosliday tutgan o‘zini.
— Gap bunday, — dedim unga, — hozir uyingga boramiz. Hamonki, shunday ekan, o‘zing pishirgan ovqatni o‘zing yeysan. Xotining, bilishimcha, kekchi ayol emas.
— Axir men qanday qilib uning oldiga boraman? — horg‘in gapirdi Dirk. — Axir ular o‘sha yerda. Men ustaxonani ularga tashlab chiqdim.
— Demak, xotining seni tashlab ketmagan, sen uni tashlab ketgansan.
— Xudo haqqi, bunday dema!
Men hamon uning so‘zlarini jiddiy qabul qilolmayotgan edim. Biror daqiqa bo‘lsin, bu gaplarning
to‘g‘riligiga ishonmayotgandim. Lekin Dirk g‘am-alamdan o‘zini yo‘qotib qo‘ygandi.
— Axir sen mening oldimga yuragingni yorgani kelgansan-ku. Ro‘y bergan voqeani bir chekkadan
gapirib bersang-chi.
— Bugun men bundan bu yog‘iga chiday olmasligimni his etdim. Striklendga sen endi tuzalding,
uyingga jo‘nab ketishing mumkin, ustaxona o‘zimga kerak, deb aytdim.
— Yer yuzidagi biror boshqa odamga bunday gapni aytib o‘tirishning hojati yo‘q edi, — dedim
men. — Xo‘sh, u nima dedi?
— U kuldi. Axir sen uning kulishini bilasan-ku. U kulganda har qanday odam ham o‘zini ahmoq
bo‘lganday his etadi. U darhol chiqib ketishini aytdi. U buyumlarini yig‘ishtirishga tushdi — esingdami, uning uyidan zarur bo‘lib qolishi ehtimol bo‘lgan narsalarni olib kelgandik. Keyin Blanshdan qog‘oz va arqon so‘radi.
Struvening tili gapga kelmay qoldi, u to‘xtab-to‘xtab nafas olar, bamisoli o‘zidan ketib qoladigan ahvolda edi. E’tirof etishim kerakki, men undan hozir aytayotgan so‘zlarini kutmagandim.
— Bo‘zarib ketgan Blansh u so‘ragan narsalarini muhayyo qildi. Lekin Striklend hech narsa demadi. Bizga zarracha e’tibor ham bermadi. Ko‘zlari esa kulimsirab turardi. O‘sha damlarda yuragim qanchalik orqaga tortib ketganini tasavvur ham qila olmaysan. Nazarimda, hozir biror dahshatli hodisa ro‘y beradiganday edi. U bilan shunday gaplashganimga pushaymon qila boshladim. U atrofga alanglab, shlyapasini qidira boshladi. Xuddi shu daqiqada xotinim menga: “Dirk, men Striklend bilan birga ketaman. Bundan bu yog‘iga sen bilan yashay olmayman”, — dedi. Men unga bir narsalar demoqchi bo‘lardim-u, tilim so‘zga kelmasdi. Striklend jim turardi, ohista hushtak chalar, go‘yo bu gaplarning unga hech qanday aloqasi yo‘qday tutardi o‘zini.
Struve yana gapira olmay qoldi, yuzidagi terni artdi. Men miq eta olmasdim. Endi uning gaplariga ishonayotgan edim-u, azbaroyi lol qolganimdan hamon hech narsaga tushuna olmayotgandim.
Keyin u ovozi bo‘linib-bo‘linib yuzlaridan yosh oqqancha, xotinini quchoqlamoqchi bo‘lganini, xotini esa yaqinlashmaslik va qo‘l tekkizmaslikni talab qilib o‘zini orqaga tashlaganini gapirib berdi. U ketmagin deb xotiniga yolvoribdi. Juda yaxshi ko‘rishini yana bir bora eslatibdi, baxtli kunlarini, mehr va muhabbat bilan o‘tgan damlarini yodga olibdi. Hozir ham undan xafa emasligini, bu narsani hech qachon yodiga solmasligini bildiribdi.
— Dirk, marhamat qilib, bu uydan bamaylixotir chiqib ketishimga imkon ber, — debdi xotini nihoyat. — Axir sen Striklendni yaxshi ko‘rib qolganimni tushunmayapsanmi? Men u bilan dunyoning narigi chekkasiga ham ketaveraman.
— Axir sen u bilan hech qachon baxtli bo‘la olmaysan. O‘zingni o‘ylasang-chi. Seni nimalar kutayotganini bilmaysan-ku.
— Bu sening aybing. Uni bu yerga keltirishga o‘zing majbur qilganding.
Shunda u Striklendga yopishibdi.
— Unga rahmingiz kelsin, — deb yolvoribdi. — Bunchalik telbalik qilishiga yo‘l qo‘ymang.
— U istagan ishini qilishida tomomila erkindir, — javob beribdi Striklend. — Men bilan ketishga
majbur qilayotganim yo‘q.
54
— Men o‘z yo‘limni aniq belgilab oldim, — bo‘g‘iq ovoz bilan gapirdi Blansh.
Striklendning odamni xit qilib yuboradigan vazminligi Dirkning sabr-bardoshini izdan chiqarib yubordi. U jazava ustida nima qilayotganini o‘zi ham anglamagan holda Striklendga tashlandi. Bunday bo‘lishini kutmagan Striklend gandiraklab ketdi, lekin u kasaldan keyin ham juda kuchli edi. Dirk ko‘z ochib-yumguncha yerga ag‘anab tushganini o‘zi ham tushunmay qoldi.
— Juda qiziq ekansan-ku, odamcha, — dedi Striklend.
Struve o‘rnidan turdi. Bo‘layotgan voqealarni vazminlik bilan kuzatib turgan xotini oldida Struve yana bir marotaba izza bo‘ldi, yanada kulgiliroq ko‘rinib ketdi. Haligi kurash vaqtida ko‘zoynagi uchib ketganligi tufayli, aftodahol bir alpozda atrofga alanglardi. Xotini ko‘zoynakni yerdan olib, indamay unga uzatdi. Shunda o‘z baxtsizligining butun ko‘lami, kulgili va nochorligini yurakdan his etdimi, o‘kirib yig‘lab yubordi. U qo‘llari bilan yuzlarini berkitib oldi. Ularning ikkalasi esa joylaridan qimirlamay unga tikilib turishardi.
— Sevgilim, — deb nola qildi nihoyat, — sen shunchalik berahmmisan?
— Men o‘zimni idora qilolmay qoldim, Dirk, — javob berdi u.
— Men seni erkak zoti biror ayolni sevishi mumkin bo‘lgan darajadan ko‘proq sevdim, senga sajda
qildim. Agar men sening oldingda biror gunoh ish qilib qo‘ygan bo‘lsam, nega aytmaysan, men o‘z gunohimni yuvgan bo‘lardim. Men sen uchun qo‘limdan nima kelsa, hammasini qildim.
Ayol javob bermasdi, yuzi toshday qotgandi. O‘zining yolborishlari xotinining joniga tegayotganini ko‘rib turardi. Xotini paltosi va shlyapasini kiyib, eshik tomon yo‘l oldi. Dirk yana biror daqiqadan keyin xotini uydan chiqib ketishini angladi. U xotini tomon tashlandi, qo‘llarini ushlab olgancha, tizzasi oldida cho‘k tushdi: qadr-qiymat tuyg‘usi uni tamomila tark etgandi.
— Jonginam, ketma! Men sensiz yashay olmayman! O‘zimni o‘ldiraman. Agar biror ayb ish qilib qo‘ygan bo‘lsam, o‘tinaman, kechiraqol! Aybimni yuvishga imkon ber. Sen baxtli bo‘lishing uchun hamma ishni qilaman.
— O‘rningdan tur, Dirk! O‘zingni masxaraboz qilib ko‘rsatma.
U gandiraklagancha o‘rnidan turdi, lekin xotinini qo‘yib yuborgisi kelmasdi.
— Qayoqqa ketasan? — entikib gapirardi u. — Striklend qanday yashashini tasavvur ham qila
olmaysan. Sen u yerda yashay olmaysan. Bu dahshat.
— Menga qaerda yashash baribir. Senga buning nima daxli bor?
— Bir daqiqa to‘xtab tur. Men gapimni aytib olishim kerak... Sen menga bir narsani taqiqlay
olmaysan...
— Nimani? Men bir qarorga keldim. Nima deyishingdan qat’i nazar, fikrim o‘zgarmaydi. Qarorim
qat’iy.
Struve hiqillardi, xuddi og‘riqni to‘xtatmoqchi bo‘lganday qo‘llari bilan yuragini changalladi.
— Men qaroringni o‘zgartirishingni iltimos qilayotganim yo‘q, faqat gapimga quloq sol. Bu mening
oxirgi iltimosim. Yo‘q, dema.
Ayol to‘xtab, o‘ychan, endilikda tamomila begona va sovuq nigohi bilan unga tikildi, eshikdan
nariroq borib javon oldida turdi.
— Gapingni eshitaman.
Struve arang o‘zini qo‘lga oldi.
— Sal bo‘lsa ham esingni yig‘. Sen faqat havo bilan yashay olmaysan-ku, axir. Striklendning sariq
chaqasi ham yo‘q.
— Buni bilaman.
— Dahshatli kunlarni boshingdan kechirasan. Nima uchun ancha vaqtgacha tuzala olmaganini
bilasanmi o‘zing? U ancha vaqtdan beri och edi.
— Men ishlab topaman uning uchun.
— Qanday qilib?
— Bilmadim. Biror narsa o‘ylab toparman.
Struvening xayoliga dahshatli fikr kelib, seskanib tushdi.
55
— Sen, ehtimol, aqldan ozib qolgandirsan? Nima bo‘ldi o‘zi? Ayol yelkasini qisdi.
— Endi ketaversam maylimi?
— Yana bir soniya to‘xta.
Struve ustaxonaga ko‘z yugurtirib chiqdi. U ish joyini yaxshi ko‘rardi. Chunki Blanshning bu yerda bo‘lishi ustaxonani yoqimli va saromjon-sarishta ko‘rsatardi. Bir soniyaga ko‘zlarini yumdi, so‘ng uni yana ochdi-da, xotiniga tikildi. Bu bilan go‘yo xotinining qiyofasini qalbida manguga muhrlab qolmoqchiday bo‘ldi. Keyin shlyapasini qo‘liga oldi.
— Sen qolaver shu yerda. Men ketaman.
— Sen?
Ayol lol bo‘lib qoldi va hech narsaga tushunmadi.
— Bunday iflos bir chordoqda yashashingga yo‘l qo‘ya olmayman. Bu uy menga qanchalik aloqador
bo‘lsa, senga ham shunchalik aloqador. Bu yerda senga yaxshiroq bo‘ladi. Hech bo‘lmaganda dahshatli darajada turmush kechirishdan ozod bo‘lasan bu yerda.
U javonni ochib, chog‘roq bir dasta pul oldi.
— O‘zimda bor pulning yarmini senga beraman.
U pulni stol ustiga qo‘ydi. Striklend va Blansh miq etishmasdi.
— Mening buyumlarimni yig‘ishtirib, bino nazoratchisiga berib qo‘yishingni iltimos qilaman. Ertaga
kelib olib ketaman. — U kulmoqchi bo‘ldi. — Azizam, alvido! Menga baxsh etgan baxtli damlaring uchun senga tashakkur.
U uydan chiqib, eshikni orqasidan yopdi. Mening ko‘z o‘ngimda Struve chiqib ketgach, Striklend shlyapasini stolga tashlab o‘tirgani va papiros cheka boshlagani manzarasi namoyon bo‘ldi.
Yigirma to‘qqizinchi bob
Men ancha vaqtgacha jim bo‘lib qoldim, Struve aytib bergan narsalarni mushohada qildik. Bunday irodasizlikka toqat qilish qiyin edi. Mening holatimni Struve ham fahmladi.
— Striklend qanday yashashini mendan ko‘ra yaxshiroq bilasan-ku, — dedi u qaltiroq ovoz bilan. — Men Blansh ham shunday sharoitda yashashiga yo‘l qo‘ya olmasdim... Ha, yo‘l qo‘ya olmasdim.
— Bu sening ishing, — javob berdim unga.
— Mening o‘rnimda bo‘lganingda nima qilarding?
— Qanday ishga qo‘l urayotganini xotining bilardi. Agar yetishmovchilik va yomon sharoitdan
iztirob chekadigan bo‘lsa — bu uning ishi.
— Ha, lekin sen uni sevmaysan-da.
— Sen esa uni hamon sevasanmi?
— Ilgarigidan ham ko‘proq! Striklend ayolni baxtli qila oladiganlar toifasidan emas. Bu uzoq davom
etmaydi. Men hech qachon uni tashlab ketmasligimni u bilib qo‘yishi kerak.
— So‘zlaringni qanday tushunmoq kerak? Sen uni qaytadan xotin qilib olishga tayyormisan?
— Buni bir soniya ham o‘ylab o‘tirmasdim. Bunday vaziyatda men unga avvalgidan ham ko‘proq
kerak bo‘lardim. Uning yakkayu yolg‘iz, tahqirlangan, ruhi tamomila tushgan, qayoqqa borishini bilmay garangsib turgan holda ko‘rish naqadar dahshatli bo‘lur edi.
U hatto o‘zini tahqirlangan hisoblamasdi ham. Men esa, tabiiyki, uning irodasizligidan g‘azablanib ketdim. Chamasi, u mening xayolimdagi fikrni uqdi va shunday dedi:
— Xotinimning uni sevganimdek seva olishiga umid qila olmasdim. Men masxarabozroqman. Ayollar bunaqalarni yaxshi ko‘rishmaydi. Buni hammavaqt ham bilganman. Xotinim Striklendni sevib qolgani uchun uni ayblay olmayman.
— Senda zarracha g‘urur degan narsa yo‘q ekan. Bu juda kam uchraydigan xususiyat.
56
— Men uni o‘zimdan ham ko‘proq yaxshi ko‘raman. Nazarimda, hammadan ko‘ra o‘zingni yaxshiroq ko‘rgan paytingdagina g‘urur sevgiga aralashishi mumkin. Axir boshqa ayollar bilan aylanishadigan xotinli erkaklar ko‘p-ku. Keyinroq hammasi ortda qoladi-da, bunday erkaklar o‘z oilalariga qaytishadi. Buni odamlar tabiiy bir hol deb hisoblashadi. Nega ayollar boshqacharoq bo‘lishlari kerak?
— Ancha mantiqli mulohaza, — kuldim men, — lekin ko‘pchilik erkaklar boshqacharoq yaralgan. Ular bunday paytda kechirisha olmaydi, bo‘lar gap shu.
Men gapirayotganimda ham ro‘y bergan hodisaning hech kutilmaganda sodir bo‘lganligi ustida bosh qotirardim. Nahotki Struve hech narsadan gumonsiramagan bo‘lsa? Men bir kuni Blanshning ko‘zlarida yilt etib ketgan g‘alati ifodani esladim. Ehtimol, o‘sha vaqtdayoq u o‘z yuragida nish urayotgan qandaydir g‘alati tuyg‘uni g‘ira-shira bo‘lsa-da, his etgandir.
— Shu kungacha ularning o‘rtasida nimadir borligini sezganmiding? — so‘radim men.
Struve javob bermadi. U stoldan qalam oldi-da, beixtiyor ravishda bosma qog‘ozga qandaydir ayolning kallasini chizdi.
— Savollarim malol kelayotgan bo‘lsa to‘g‘risini aytaver.
— Yo‘q, gapirsam yengil tortaman... Eh, menga qanday dahshatli qiynoqlar azob berishini bilsayding! — U qalamni otib yubordi. — Ha, men buni ikki hafta oldin bilgan edim.
— Marhamat qilib ayt-chi, nega endi Striklendni uyingdan haydab chiqarmading?...
— Men bunga ishonmovdim. Bo‘lmagan narsaday tuyulgandi. Xotinimning uni ko‘rgani ko‘zi yo‘q edi-ku, axir. Bo‘lishi mumkin bo‘lmagan narsaga o‘xshardi. Buni shunchaki rashkka yo‘ydim. Bilasanmi, men hammavaqt rashkchi bo‘lganman, buni boshqalarga sezdirmaslikka o‘zimni o‘rgatganman. Uni barcha tanish erkaklardan, sendan ham rashk qilardim. U meni men uni sevganimchalik sevmasligini bilardim. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emasdi. Lekin uni sevishimga izn berardi. Shuning o‘zi o‘zimni baxtli hisoblashimga yetarli edi. Men uyda ularni yolg‘iz qoldirish uchun bir necha soatlab uydan chiqib ketishga o‘zimni majbur etardim, nomunosib gumonlar uchun o‘zimni qarg‘ardim. Uyga qaytib kelishim ularga, to‘g‘rirog‘i, ayolimga yoqmayotganini bilardim. Striklendga mening uyda borligim-u, yo‘qligim baribir edi. O‘pish uchun oldiga yaqinlashganimda Blansh titrab ketardi. Nihoyat, ular o‘rtasidagi yangicha munosabatga ishonch hosil qilganimdan keyin qanday yo‘l tutishimni bilolmay qoldim. Janjal ko‘tarsammikin? Bunday qilsam faqat ustimdan kulishadi. Ehtimol, tishni tishga qo‘yib indamay yuraverish, hech narsa ko‘rmaganday, hech narsa bo‘lmaganday yuraverilsa, hammasi tinchib ketarmikin? Men buni bamaylixotirlik bilan, janjal ko‘tarmay kutishga qaror qildim. Eh, mening naqadar azob chekayotganimni sen bilsayding!
Shundan keyin Dirk Striklenddan uydan chiqib ketishni iltimos qilganini qayta so‘zlab berdi. U orada qulay fursat topib, bu voqeani shunchaki gap orasida yo‘l-yo‘lakay aytib bermoqchi bo‘ldi. Lekin o‘zini unchalik bosib ololmayotgani ovozidan sezilib turardi. Uning ovozida rashk alamlarining ohangi bor edi. U Striklendning o‘sha damdayoq lash-lushlarini yig‘ishtira boshlashini sira kutmagan, buning ustiga, xotini ham u bilan ketishga otlanishini xayoliga keltirmagan ekan. Men uning endilikda o‘zini tuta olmay, Striklendga shunday gaplarni aytib yuborganidan pushaymonligini ko‘rib turardim. Rashk azoblarini ayriliq azoblaridan ko‘ra afzalroq deb bilgandi u.
— Men uni o‘ldirmoqchi edim, lekin o‘zimni masxaraboz qilib ko‘rsatishga urindim, xolos.
U uzoq vaqtgacha jim qoldi, anchadan keyin men undan kutayotgan gap tiliga ko‘chdi.
— Agar men hovliqib bu gaplarni aytmaganimda, hammasi o‘tib ketarmidi. Bunchalik besabr bo‘lish
yaxshimas. Bechora xotinimni shunchalikka olib bordim-a!
Men faqat yelkamni qisib qo‘ydim. Blansh Struve menga yoqimtoy ayol bo‘lib ko‘rinmasdi. Lekin
fikrimni unga aytish Dirkni yangi azoblar domiga giriftor qilish bilan barobar edi. U hozir hayajonlanishning shunday darajasida ediki, bunaqa paytda odam o‘zini gapdan to‘xtata olmaydi. Uyda bo‘lib o‘tgan la’nati manzarani qayta-qayta gapiraverardi. Yo menga aytmagan biror gapini eslar, yo mulohazalarga berilar, keyin esa o‘zining so‘qirligidan shikoyat qilardi, boshqacharoq harakat qilganidan afsuslanardi. Vaqt allamahal bo‘lgan, men ham undan kam charchamagan edim.
— Xo‘sh, endi bu yog‘iga nima qilmoqchisan? — deb so‘radim nihoyat.
57
— Nima qilmoqchisan? Xotinim meni chaqirtirmaguncha uni kutmoqchiman.
— Nega ozroq fursatga bo‘lsa ham biror joyga ketmaysan?
— Yo‘q-yo‘q. Men unga kerak bo‘lib qolishim mumkin. Uning qo‘li yetadigan joyda bo‘lib turishim
kerak.
U o‘zini butkul yo‘qotib qo‘ygandi. Fikrlarini bir joyga jamlashga ham kuchi yetmasdi. Unga yotib
dam olishi zarurligini aytganimda, baribir, uxlay olmayman, deb e’tiroz bildirdi. U uydan chiqib to sahargacha ko‘chalarda kezmoqchi bo‘ldi. Hozir uni yolg‘iz qoldirish mumkin emasdi. Nihoyat, menikida tunab qolishga ko‘ndirdim-da, uni o‘z o‘rnimga yotqizdim. Mehmonxonada divan bo‘lib, shunda bemalol dam olishim mumkin edi. Dirk shu qadar holdan toygan ediki, qarshilik ko‘rsatishga darmoni yetmadi. Bir necha soatga bo‘lsa-da, uni tinchitish maqsadida, bir yo‘la anchagina veronal ichirdim. Bechoraga hozirgi daqiqada bundan ko‘ra yaxshiroq davo topish amrimahol edi.
O‘ttizinchi bob
Men yotgan divan uxlash uchun unchalik qulay emas ekan. Shuning uchun ham uxlagandan ko‘ra Struve to‘g‘risida o‘y surib chiqdim. Blanshning qilig‘i meni unchalik hayron qoldirmadi. Buni hirsning natijasi deb bilardim. Ayol, ehtimol, hech qachon Dirkni chinakamiga sevmagan bo‘lsa kerak. Men sevgi sifatida qabul qilayotgan hissiyot esa ko‘pincha ayol zoti g‘amxo‘rlik va erkalatishni haqiqiy sevgi o‘rnida qabul qilishiga o‘xshash holat bo‘lsa ajabmas. Bu sustkash tuyg‘u, shu tufayli ham xohlagan daqiqada xuddi tok novdasidek istagan daraxtiga chirmashib ketaveradi. Inson aqli bunday qobiliyatga tan beradi, shekilli, aks holda qizlarni shu qizni olishni xohlagan odamga turmushga majburlab berishmagan, ayol zoti keyinchalik erini sevib ketaveradi, deb o‘ylashmagan bo‘lardi. Bunday tuyg‘u xotirjamlik hissiyotidan, o‘zini yoqimli deb hisoblash hissiyotidan kelib chiqsa kerak. Bunday tuyg‘u hirsga nisbatan himoyasizroq bo‘ladi. Men gumon qilishimcha, Blansh Struve avval boshdan Striklendni tish-tirnog‘i bilan yomon ko‘rishi yoniga asta-sekin hirsiy ishtiyoq qo‘shila boshlagan. Lekin jinsiy mayllarning chalkash sirlarini ochishga mendek uylanmagan odamning tishi o‘tarmidi? Ehtimol, Dirkning ehtirosi ayolning maylini qo‘zg‘atib yuborgandir. Bu maylini qondira olmagan Blansh Striklenddan nafratini yashira olmasdi. Erining Striklendni uyga olib kelib parvarish qilish to‘g‘risidagi istagiga qarshi chiqqanda ayol balki haqiqatan yurakdan qarshilik ko‘rsatgandir. Striklend ayolni dahshatga solardi, shuning uchun ham beixtiyor ravishda qandaydir baxtsizlik ro‘y berishini his etardi. Unga tinchlik bermagan Striklend qarshisidagi qo‘rquv, chamasi, uning o‘zi oldidagi qo‘rquv ham edi.
Striklendning qiyofasi juda g‘alati va qo‘pol edi, ko‘zlari atrofga loqayd boqardi, og‘zi esa uning o‘ta ta’sirchanligini ko‘rsatib turardi. U barvasta, kuchli, chamasi, ehtirosini jilovlab ololmaydigan darajada jo‘shqin erkak edi. Agar Striklend ayolni hayajonga sololgan bo‘lsa, muqarrarki, Blansh uni sevib qoladi yoxud undan butunlay nafratlanadi. Ayol undan nafratlanardi.
Bemor, uyda paytida har kungi yaqin munosabat ayol tuyg‘ularini g‘alati ravishda uyg‘otib yuborganligi ehtimol. Ayol uni ovqatlantirgan, boshini yostiqdan ko‘targan, keyin ta’sirchan lablariyu issiq soqolini artib qo‘ygan. Ayol, shuningdek, uning tuklari tikanakdek o‘sib ketgan qo‘llarini yuvgan. Artayotganida esa kasalligiga qaramay, bu qo‘llar kuchli va tomirlari bo‘rtib turganligini ko‘rgan. Uning boshqa rassomlarniki singari sezgir va uzun-uzun barmoqlari ayolning qalbida qandaydir mavhum tuyg‘ular uyg‘otgan bo‘lsa ajabmas. U xuddi murdalardek qimirlamay xotirjam uxlar, bamisoli uzoq ovdan keyin dam olayotgan yirtqich hayvonga o‘xshardi. Ayol esa uning yonida o‘tirgancha hozir, u qanday tushlar ko‘rayotganini taxmin qilardi. Ehtimol, u Yunoniston o‘rmonlarida kezib yurgan tabiat kuchlarining ayol qiyofasidagi ilohasini ko‘rayotgandir yoxud xayolida uni to‘xtovsiz ta’qib etib borayotgan aysh-ishrat xudosining hamrohi paydo bo‘layotgandir? Chaqqon va qo‘rqib ketgan ayol tinim bilmay yugurib borsa-da, ular o‘rtasidagi masofa tobora qisqarardi. Quvlayotganning issiq nafasi yelkasini qizdirsa-da, miq etmay oldinga intilar, aysh-ishrat xudosining hamrohi ham indamay uni
58
ta’qib qilishda davom etardi. Nihoyat u ayolga yetib olgach, qo‘rquv yoxud lazzatdan ayolning yuragi o‘ynoqlab ketgandi.
Dahshatli ochlik Blansh Struvening ich-etini yeb borardi. Ehtimol, u hali ham Striklendni ko‘rgani ko‘zi yo‘qdir. Ayoldagi nafs hissini faqat Striklendgina qondirishi, bungacha bo‘lgan barcha narsalarning ayol uchun ahamiyati qolmagandi. Ayol avvalgi murakkab fe’l-atvorli, ham xushmuomala, ham qiziqqon, muloyim, shu bilan birga, beparvo ayol emasdi. U endi o‘zgarib qolgandi, ehtiros quliga aylangandi.
Ehtimol, bu gaplarim shoirona tuyg‘ularga berilishdir. Eri ko‘ngliga tegib, Striklendga shunchaki qiziqib qolgandir? Hatto Striklendga nisbatan qalbida qizg‘in muhabbat bo‘lmasa-da, o‘zi bekorchi-yu, tabiatida shahvatparastlikka moyillik bo‘lganligi sababli, shunday mayl paydo bo‘lgandir unda. Keyinroq esa o‘z makkorligining to‘riga o‘ralashib qoldimikin? Yana kim bilsin, bu kulrang ko‘zlarga qanday fikr va tuyg‘ular yashiringanini?
Odam shunchalik tez o‘zgarib turuvchi xilqatki, uni tushunish butunlay mumkin emasdir. Lekin, baribir, Blansh Struvening xatti-harakatiga ishonchliroq izoh topish qiyin emasdi. Striklend masalasiga keladigan bo‘lsak, boshimni qanchalik qotirmayin, hech narsa tushuna olmasdim. Uning qiliqlari, qilayotgan ishlari bu odam to‘g‘risidagi tasavvurimga tamomila zid edi. Do‘st odamning ishonchini tamomila barbod etgani, aldagani ham menga g‘alati tuyulmadi. Bir daqiqa o‘ylab ham o‘tirmasdan o‘z injiqligini amalga oshirmoq uchun boshqacha dahshatli g‘am tog‘ini yuklayverdi. Uning qiyofasi shunday edi. Minnatdorchilik tuyg‘usi unga tamomila yot edi. Iztirob nimaligini ham bilmasdi u. Har birimiz uchun odatiy tuyg‘ular unga xos emasdi. Buning uchun uni ayblash xuddi yo‘lbarsni shafqatsizligi uchun ayblashday ma’nisiz bir hol edi. O‘z injiqligini qondirsa bas — olam guliston edi.
Men Striklendning Blansh Struveni sevib qolganiga ishonganim ham yo‘q. Men, umuman, uning sevish qobiliyatiga egaligiga ham ishonmasdim. Sevgi bu g‘amxo‘rlik va nazokat degani, Striklend esa na o‘ziga va na o‘zgalarga g‘amxo‘r ham, nazokatli ham bo‘la olardi. Sevgida rahmdillik, yoqtirgan odamini avaylash, himoya qilish tuyg‘usi, unga yaxshilik qilish, xursand etish istagi mavjud. Har holda bu tuyg‘uda ustalik bilan pardaga o‘ralgan xudbinlik ham yashiringan, shu bilan birga unda ma’lum darajadagi jur’atsizlik ham bor. Striklendda bu tuyg‘ularning birortasi yo‘q edi. Sevgi — butun vujudni qamrab oladigan tuyg‘u. U odamni o‘zligidan mahrum etadi, hatto kelajakni oldindan aniq ko‘ra oladigan odamlar ham bu masalada bashorat qila olmaydilar. Sevgi odamning butun jon-tanini qamrab oladi, xom xayollarga to‘ldiradi. Shunday bo‘lsa-da, yana ko‘proq sevaveradi, o‘zligidan mahrum bo‘ladi. U endi shaxs bo‘lmay qoladi, maqsadga erishish yo‘lidagi narsa qurolga aylanadi. Sevgida doimo yig‘loqilik, ta’sirchanlik bo‘ladi, lekin Striklend bunday tuyg‘ulardan begona. Striklend biror odamning irodasiga bo‘ysunishiga, har qanaqa zulmga dosh berishiga ishonmayman. U o‘ziga kechasiyu kunduzi orom berishi ehtimol bo‘lgan har qanday narsalarni yuragidan sug‘urib tashlashini bilaman. Agar Striklendning butun murakkab qiyofasini tasvirlashga muvaffaq bo‘lolsam, shu narsani ham qo‘shimcha qila olamanki, u sevgi uchun haddan tashqari egallab bo‘lmas cho‘qqi, shu bilan birga u bunga arzimaydi ham.
Ehtiros haqidagi tushuncha har bir odamda shaxsiy qiziqishlariyu nafratlari asosida paydo bo‘ladi va shu tufayli ham turlichadir. Striklendday odamning sevgisi ham faqat o‘ziga xosdir. Shu boisdan uning tuyg‘ularini tahlil etish foydasiz.
O‘ttiz birinchi bob
Ertasiga qanchalik qoling-qoling deyishimga qaramasdan Struve uyimdan chiqib ketdi. Mendan ustaxonasiga borib chamadonini keltirib berishimni iltimos qildi, lekin u chamadonni olishga faqat o‘zi borishini istayotganini aytdi. Menimcha, u uyidagilar narsalarini yig‘ishtirishmaganiga, shu bahonada yana bir marotaba xotinini ko‘rishga, ehtimol, o‘zi bilan birga bo‘lishga ko‘ndirishiga umid qilardi. Lekin u narsalarini pastdan, bino nazoratchisining xonasidan topdi. Nazoratchi ayol Blansh uyda
59