Bir-ikki daqiqa baroq soqolini tortqilagancha menga tikilib qoldi. Men kuldim.
— Nima kulgingizni qistatyapti o‘zi, bilishni xohlardim? — Ko‘zlari g‘azabkor yonardi.
— Nahotki, siz shunchalik soddasiz? Axir siz hech qanday majburiyatni tan olmaysiz, shuning
uchun ham sizga hech kim hech narsaga majbur emas.
— Hozir borib o‘zimni osib qo‘ysam nima qilasiz? Xona haqini to‘lashga sariq chaqa ham yo‘q, uy
egasi ko‘chaga haydab chiqarishi mumkin.
— Tupurdim, menga nima.
U pishqirib qo‘ydi.
— Manmanlik bu! Men shunday qilsam, baribir, vijdoningiz qiynaladi.
— Shunday qilib ko‘ring. Keyin bir gap bo‘lar, — javob berdim men.
Ko‘zlariga bilinar-bilinmas tabassum yugurib, qolgan arag‘ini jimgina ichib qo‘ydi. — Shaxmat o‘ynamaymizmi? — taklif qildim unga.
— Mayli.
Shaxmat donalarini terib bo‘lganimizda u taxtaga mamnun tikilib qoldi. Askarlaring jangga tayyorligini ko‘rish maroqli edi.
— Siz rostdan ham qarzga pul berib turadi, deb o‘yladingizmi? — Nega bermas ekansiz?
— Siz meni hayron qoldiryapsiz va xafa qilyapsiz!
— Nega?
— Ma’lum bo‘lishicha, siz botinan sentimental odam ekansiz. Hissiyotlarimga ta’sir ko‘rsatadigan bunday yo‘ldan foydalanmasangiz yaxshi bo‘lardi.
— Agar shu gaplarga rahmdillik qilsangiz, sizni jinimdan yomon ko‘rgan bo‘lardim.
— Shunday bo‘lgani ma’qul, — kuldim men.
Biz dastlabki yurishlarni qilganimizdan keyin o‘yinga berilib ketdik. O‘yin tamom bo‘lgach, unga
aytdim: agar shu qadar nochor ahvolda bo‘lsangiz rasmlaringizni menga ko‘rsating. Ehtimol, ulardan birortasi ma’qul kelsa sotib olarman.
— Tuyog‘ingizni shiqillatib qoling, — gapimni bo‘ldi u.
U o‘rnidan turib, eshik tomon yura boshladi. Men uni istehzoli kulgi bilan to‘xtatdim.
— Araqning pulini to‘lashni unutdingiz, shekilli!
U meni so‘kdi, jahl bilan stol ustiga tanga pul tashlab chiqib ketdi.
Shundan keyin bir necha kun mobaynida men uni uchratmadim. Lekin kunlarning birida,
qahvaxonada gazeta o‘qib o‘tirgan paytimda kirib keldi-da, yonimga o‘tirdi.
— Ko‘rib turishimcha, o‘zingizni osmabsiz, shekilli, — kinoya qildim.
— Yo‘q, men buyurtma oldim. Ikki yuz frankka keksa tunukasozning portretini ishlayapman.
— Bu buyurtmani qanday topdingiz?
— Men bulka sotib oladigan bulkapaz ayol tavsiya etibdi unga. Tunukasoz o‘z portretini ishlab
beradigan odam qidirib yurganini aytgan ekan. O‘rtada turgani uchun unga yigirma frank berishga to‘g‘ri keldi.
— Tunukasoz qanday ko‘rinishdagi odam ekan?
— Portret uchun juda mos ekan. Yuzi qizil, semiz qo‘yning soniday yog‘liq, yiltillaydi, o‘ng yuzida kattakon tukli so‘gali ham bor.
Striklendning dimog‘i chog‘ edi, Dirk Struve davramizga kelib qo‘shilganda yana unga yopisha ketdi. Kutilmagan epchillik bilan sho‘ri qurg‘ur gollandning zaif joylarini topib, oldingiday zaharxanda kinoyalar qilishi bilan emas, bo‘ralab so‘kib, surobini to‘g‘ri qilish. Bu hujum shu qadar kutilmaganda ro‘y berdiki, bechora Struve bo‘ridan qochmoqchi bo‘lgan qo‘ydek o‘zini qayoqqa qo‘yishni bilmasdi. Vaziyatdan qanday chiqishini bilmagan gollandning ko‘zlariga pirovardida yosh keldi. Lekin eng yomon tomoni shunda ediki, bu yoqimsiz manzaraning guvohi bo‘lgan har bir odam ham garchi Striklendga nafrat bilan qarasa-da, kulgidan o‘zini to‘xtata olmasdi. Dirk Struve eng nozik tuyg‘ulari ham beixtiyor kulgi uyg‘otadigan baxtsiz odamlar toifasiga kirardi.
44


Lekin nima bo‘lganda ham mening o‘sha qishda Parijda o‘tkazgan kunlarimdan eng yoqimlilari Dirk Struve bilan bog‘liq. Uning kamtarona oilaviy o‘chog‘i kishini o‘ziga maftun etardi. Er-xotinning munosabati yurakka xushnudlik baxsh etardi, Dirkning xotiniga nisbatan beg‘ubor va bolalarcha sevgisi g‘amxo‘rona nazokat bilan yo‘g‘rilgandi. Jo‘shqinligining beso‘naqay samimiyligi beixtiyor muhabbat uyg‘otardi. Xotini erining sevgisiga qanday javob berishi lozimligini tushunganim holda ayol ham eriga qizg‘in bog‘lanib qolganini ko‘rib xursand bo‘lardim. Agar ayolda yumor tuyg‘usi bo‘lsa, o‘ylardim men, erining haddan tashqari unga sajda qilishidan zavqlanib kulgan bo‘lardi. Lekin kulgan taqdirda ham bu e’tibordan ta’sirlanmasligi va mamnun bo‘lmasligi mumkin emas. Dirk — umr bo‘yi faqat xotinini sevadigan toifadan, xotini keksayib, butun tarovatini yo‘qotgan taqdirda ham uning uchun dunyodagi eng yosh va eng go‘zal ayol bo‘lib qoladi. Bu er-xotinlarning turmush tarzi bir me’yorda va osoyishta davom etishi bilan ajralib turardi. Ularning uylarida ustaxonadan tashqari yotoqxonayu kichkinagina oshxona bor edi, xolos. Struve xonim barcha uy yumushlarini faqat o‘z qo‘llari bilan bajarar, bozorga borar, pishirib-kuydirar, narsa to‘qir, xullas, xuddi chumolidek kechgacha tinim bilmasdi. Kechqurun yana to‘qishga tushar, ustaxonada o‘tirib olgancha Dirkning royal chalishini eshitardi. U royalni durustgina chalar, lekin chalayotgan musiqasiga hissiyotlarini haddan tashqari ko‘p sarflardi. Bu ijroda uning sevgi bilan to‘lib-toshgan ta’sirchan va olijanob qalbi kuylanardi.
Ularning hayoti tinch va osoyishta edi. Dirk Struve bilan bog‘liq g‘alatilik bularning butun hayot tarziga o‘z muhrini bosgandi.
Yigirma to‘rtinchi bob
Rojdestvo bayramiga bir necha kun qolganida Dirk Struve bayramni birgalikda kutib olishga taklif qilib kelibdi. Bayram arafalari unda doimo nozik his-tuyg‘ular uyg‘otar va bunaqa paytlarda do‘stlar davrasida bo‘lishni, bayramni butun qonun-qoidalarini o‘rniga qo‘ygan holda kutib olishni yoqtirardi. Har ikkalamiz Striklendni ko‘rmaganimizga bir oylar bo‘lgandi. Men bir necha muddatga Parijni tomosha qilish uchun kelishgan do‘stlarim bilan ovora edim. Struve esa har qachondagidan ko‘ra qattiqroq xafa bo‘lgan va shu boisdan endi hech qachon uning yoniga yaqinlashmaslikka o‘ziga o‘zi so‘z bergandi. Striklend — yaramas odam, endi uning qorasi o‘chsin, degandi. Lekin yaqinlashib kelayotgan bayramlar uning qalbini olijanob tuyg‘ularga g‘arq etdi, Striklend rojdestvoni tanholikda o‘tkazishini eslab yuragi orziqdi. Struveday odam do‘stlar bayram stoli atrofida to‘planishadigan kunda Striklendning tanholikda, g‘amgin xayollarga g‘arq bo‘lgan holda o‘tirishiga chiday olmasdi.
Dirk o‘z ustaxonasiga bayram archasini o‘rnatdi. Men archaning yasatilgan shoxlariga har birimiz uchun uncha munosib bo‘lmagan turli sovg‘alarni osib qo‘yganini ko‘z oldimga keltirdim. Struve Striklend bilan uchrashishga ich-ichidan qo‘rqib turganini sezdim. O‘zini shunchalik haqoratlagan odamni osongina kechirib, oldiga bosh egib borish g‘oyatda tahqirli ekanligini bilgani holda meni yarashish sahnasida guvoh bo‘lishimni istardi.
Ikkalamiz Klishi ko‘chasiga yo‘lga tushdik, lekin Striklend qahvaxonada yo‘q ekan. Ko‘chada poylash sovuqlik qilardi. Shu bois sigaralar tutunidan zalning havosi dimiqib va buzilib ketishiga qaramay, charm divanga o‘rnashdik. Striklend ko‘rinmasdi, bir ozdan keyin Striklend gohida shaxmat o‘ynaydigan frantsuz rassomini ko‘rib qoldik. Uni yonimizga chaqirdim, rassom bizga kelib qo‘shildi. Struve undan Striklendni qachon ko‘rganligini so‘radi.
— Striklend kasal,— javob berdi rassom, — sizlar bilmasmidilaring? — Jiddiy kasalmi?
— Bilishimcha, judayam jiddiy.
Struvening rangi oqarib ketdi.
— Nega menga bu haqda xabar bermadi? U bilan aytishib qolgan men ahmoqman, o‘zi. Hoziroq
45


uning oldiga borish kerak. Hech kim unga qaramayotgan bo‘lsa kerak. U qaerda turadi?
— Xabarim yo‘q, — javob berdi frantsuz.
Ma’lum bo‘lishicha, hech qaysimiz Striklend turadigan joyni bilmas ekanmiz. Dirkning jahli chiqib
ketdi.
— U o‘lib qolishi va buni hech kim sezmasligi mumkin. Dahshat! Buni o‘ylashning o‘zi qo‘rqinchli!
Biz darhol uni qidirib topmog‘imiz kerak.
Men Struvega Parijday shaharda biror odamni tavakkal qilib qidirish ma’nosiz ekanligini
tushuntirmoqchi bo‘ldim. Avvalo qanday harakat qilish rejasini ishlab chiqmog‘imiz kerak.
— Judayam yaxshi! U esa o‘lim to‘shagida yotgan bo‘lishi mumkin, biz qidirib topganimizda esa
kech bo‘ladi.
— Jim tursang-chi, o‘ylagani qo‘yasanmi?! — baqirib berdim unga.
Menga faqat bir manzil — “Otel de belj” mehmonxonasi ma’lum edi, lekin Striklend allaqachon u
yerdan chiqib ketgan ekan. Shu tufayli u yerdagilar Striklendni eslashmasa kerak. Agar o‘z manzilini atayin yashirib yurishini e’tiborga oladigan bo‘lsak, uni qidirib topishga, mehmonxona nazoratchisiga manzilini qoldirganligiga hech qanday ishonch yo‘q edi. Buning ustiga, oradan besh yildan ortiqroq vaqt o‘tgan edi. Lekin u hamon shu qahvaxonaga kelib turar ekan, yaqinroqdagi biror joyda yashab turgani ehtimoldan xoli emasdi.
Shunda to‘satdan portret chizish uchun buyurtmani Striklend non sotib oladigan shirin kulcha pishiruvchi ayol orqali amalga oshirganini aytgani esimga tushdi. Uning yashaydigan joyini, ehtimol, shu ayol orqali toparmiz. Men ma’lumotnomalar kitobidan novvoyxonalarni qidira boshladim. Yaqin atrofda beshta novvoyxona bor ekan, barchasini aylanib chiqishga to‘g‘ri keldi. Struve istar-istamas orqamdan ergaщdi. Uning o‘z rejasi bo‘lib, Klishi ko‘chasiga tutashadigan barcha tor ko‘chalarni aylanib, odamlardan Striklend shu yerda turish-turmasligini surishtirish edi. Mening soddagina rejam o‘zini oqladi, ikkinchi bulkaxonaga borganimizdayoq peshtaxta ortida turgan ayol Striklendni tanishini bildirdi. U faqat qarshidagi uchta uyning qay birida yashashini aniq bilmasligini aytdi. Lekin bizni zafar quchdi, biz so‘ragan birinchi uy nazoratchisi Striklendning xonasi eng yuqori qavatda ekanligini aytdi.
— U, chamasi, kasal, — gap boshladi Dirk.
— Hammasi bo‘lishi mumkin, — beparvo javob berdi uy nazoratchisi. — Haqiqatan ham men uni bir necha kundan beri ko‘rmayapman.
Struve zinapoyadan mendan oldin zipillab chiqib ketdi. Men nihoyat yuqori qavatga chiqib borganimda u eshikni ochgan kamzulli qandaydir ishchi bilan gaplashib turardi. Ishchi qo‘shnisining eshigini taqillatishlari kerakligini, bu uyning egasi haqiqatan rassomligini, lekin bir haftadan beri ko‘rinmayotganini aytdi. Struve eshikni taqillatish uchun endigina qo‘lini uzatayotganda to‘satdan to‘xtadi-da, g‘amguzor yuzini men tomon o‘girdi.
— O‘lib qolgan bo‘lsa-chi?
— Striklend o‘lmaydiganlar xilidan.
Men eshikni taqillatdim. Javob bo‘lmadi. Men eshik dastasini buradim, eshik qulflanmagan ekan.
Biz uyga kirdik, oldinda men, orqada Struve edi. Xona qorong‘i bo‘lib, qiya oyna tomli boloxona ekan. Tepadan tushib turgan xira nurgina uyni salgina yoritib turardi.
— Striklend! — deb chaqirdim.
Javob bo‘lmadi. Endi bu narsa menga ham g‘alati tuyuldi, orqamda turgan Struve xuddi bezgak tutayotgandek titrardi. Men chiroqni yoqishga jur’at eta olmasdim. Burchakdagi karavot elas-elas ko‘zga tashlandi, g‘alati bo‘lib ketdim: chiroq yoqilguday bo‘lsa, karavotda yotgan jonsiz jasadga ko‘zimiz tushib qolsa-ya!
— Gugurtlaring yo‘qmi, tentaklar?
Qorong‘ilik ichidan Striklendning qo‘pol ovozini eshitib, titrab ketdim.
— Ey, xudoyim! — qichqirib yubordi Struve. — Men sizni o‘lib qoldi, deb o‘ylabman.
Men gugurtni yoqib, sham topish ilinjida u yoq-bu yoqqa razm soldim. Torgina bu xona ham
yotoqxona, ham ustaxona vazifasini bajararkan. Unda karavot, ramkaga solingan, rasm chizishga
46


mo‘ljallangan matolar devor tomonga qaratib qo‘yilgandi, ramka qo‘yiladigan moslama, stol va stul bor edi. Hech qanday gilam ham, kamin o‘choq ham ko‘rinmasdi. Stol ustidagi bo‘yoqlar, kurakchalar, axlatga tashlasa bo‘ladigan turli buyumlar orasida sham qoldig‘i ko‘zga tashlandi. Men uni yoqdim. Karavot kalta bo‘lgani uchun, Striklend juda g‘alati alfozda, g‘ujanak bo‘lib, ustiga bor kiyim- kechaklarini tashlagancha yotardi. Birinchi ko‘rgandayoq isitmasi balandligini sezish qiyin emasdi. Struve uning yoniga shoshildi, azbaroyi ta’sirlanib ketganidan titroq ovoz bilan ming‘irladi.
— Ey, bechora do‘stim, sizga ne bo‘ldi? Kasal bo‘lib qolganligingizdan mutlaqo bexabar ekanman. Nega menga xabar bermadingiz? Siz uchun har narsaga tayyorligimni bilasiz-ku, axir. O‘shanda men sizga aytgan gapimni o‘ylab o‘tirmang. Men nohaq edim. Sizdan xafa bo‘lganligim, tentakligim, xolos...
— Yo‘qollaring, — tahdid qildi Striklend.
— Esingizni yig‘ib oling. Sizni o‘rnashtiribroq yotqizib qo‘yishga ijozat eting. Nahotki, bu yerda sizga qarab turadigan biror odam topilmasa?
U sarosima ichida faqirona chordoqqa qaradi. Choyshab va yostig‘ini tuzatdi. Striklend og‘ir nafas olar, o‘qrayib qaragancha miq etmasdi. Keyin men tomonga qahrli nigoh tashladi. Men bamaylixotir turardim, o‘z navbatida men ham unga tikildim.
— Agar men uchun biror narsa qilmoqchi bo‘lsangizlar, sut olib kelinglar, — dedi nihoyat u. — Ikki kundan beri xonadan tashqariga chiqmayapman.
Karavot yonida bo‘sh sut shishasi yotardi, non qoldiqlari gazeta parchasiga o‘ralgandi.
— Shu vaqt ichida nima yedingiz? — so‘radim undan.
— Hech narsa.
— Shuncha vaqtdan beri-ya? — qichqirib yubordi Struve. — Nahotki siz ikki kundan beri biror
narsa yemay va ichmay yotibsiz? Dahshat-ku!
— Suv ichdim.
Uning ko‘zlari karavotdan qo‘l uzatsa yetadigan joydagi kattakon finjonga qadaldi.
— Hozir chopqillab borib ovqat olib kelaman, — dedi pitirlab Struve, — ayting-chi, ko‘nglingiz nima
tusaydi?
Men gapga aralashib, issiq o‘lchagich, ozroq uzum va non sotib olish kerakligini aytdim. Struve
foydasi tegishi mumkinligidan xursand bo‘lib zipillab pastga tushib ketdi.
— Shaytonning tentagi, — ming‘irlab qo‘ydi Striklend.
Men uning tomir urishini ushlab ko‘rdim. Tomirlari bilinar-bilinmas, lekin tez urardi. Savollarimga,
javob bermasdi. Savollarni qaytaraverganimdan keyin u jahl bilan devor tomonga o‘girilib oldi. O‘n daqiqalardan keyin Struve xalloslagancha yetib keldi. Aytilgan narsalardan tashqari sham, sho‘rva, spirt lampa keltiribdi. Chaqqon uy sohibiday darhol sutni pishirishga kirishdi. Men Striklendning isitmasini o‘lchadim. Termometr uning issig‘i qirqu o‘ndan uch darajaligini ko‘rsatdi. U jiddiy betob edi.
Yigirma beshinchi bob
Bir ozdan keyin xonadan chiqib ketdik. Dirk uyiga borib ovqatlanishi lozim edi, men esa, do‘xtir olib kelaman, dedim. Lekin chordoqning bo‘g‘iq havosidan tashqariga, toza havoga chiqishimiz bilanoq, gollandiyalik oshnam u bilan ustaxonasiga birga borishimni so‘radi. Miyasiga bir fikr kelib qolganligini, uni hozir aytmasligini, ammo men muqarrar ravishda u bilan birga borishim zarurligini bildirdi. Doktor hozirgi pallada biz qilishimiz mumkin bo‘lgan ishdan ortiqroq ish qilolmasligiga ishonganimdan uning taklifiga rozi bo‘ldim. Biz uyga kirib borganimizda Blansh Struve dasturxon tuzatayotgandi. Dirk to‘g‘ri xotinining yoniga bordi-da, qo‘lini ushlagancha shunday dedi:
— Jonginam, sendan bir narsani iltimos qilmoqchiman.
Ayol unga jiddiy va ravshan nigoh bilan boqdi. Bunday nigoh tashlashi ayolga juda yarashar,
47


ehtimol, uning asosiy latofati edi. Struvening badani azbaroyi terlab ketganidan yanada qizargan, dumaloq, hammavaqt jovdirab turadigan ko‘zlarida qat’iyat zuhur etar, hozirgi holati har qachongidan ham kulgili edi
— Striklend og‘ir kasal. Ehtimol, kuni bitay deb qolgandir. U iflos boloxonada yasharkan, unga qaraydigan biror odam zoti yo‘q ekan. Uni biznikiga olib kelishga ijozat et.
Ayol epchillik bilan qo‘lini erining qo‘lidan tortib oldi. Men hech qachon uning bunday chaqqon harakatini ko‘rmagandim. Oqish yuzlari birdaniga lovullab ketdi.
— Yo‘q, bo‘lmaydi!
— Jonginam, iltimosimni qaytarma. Men axir uni yolg‘iz qoldira olmayman. Fikri yodim o‘shanda. — Marhamat qilib, uyiga borgin-da, qarayver unga, qarshi emasman.
Ayolning ovozi sovuq va takabburona jarangladi.
— Lekin u o‘lib qoladi.
— O‘lsa o‘laversin.
Struve xuddi baliqqa o‘xshab og‘zini kappa-kappa ochdi, yuzlaridagi terni artdi, qo‘llab-
quvvatlashimni iltijo qilganday, men tomon yalingannamo qarab qo‘ydi. Lekin men nima deyishimni bilmasdim.
— U ulug‘ rassom.
— Ishim nima? Men undan nafratlanaman.
— Azizam, sevgilim, bunday dema. Sendan iltijo qilaman, uni uyga olib kelishga ruxsat ber. Biz uni
shu uyga joylashtiramiz, ehtimol, hayotini saqlab qolarmiz. Senga malol keladigan ish bo‘lmaydi, hammasini o‘zim qilaman. Ustaxonadan joy qilib beraman unga. Axir uning itday o‘lib ketishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu insoniylik emas.
— Nega uni kasalxonaga yotqizish mumkin emas?
— Kasalxonaga? U mehr va muhabbat bilan parvarish qilinishi lozim.
Blanshning nihoyatda hayajonlanib ketgani meni hayron qoldirdi. U dasturxon tuzatishda davom
etar, ammo qo‘llari qaltirardi.
— Sabr kosamni to‘ldirma! Agar sen kasal bo‘lguday bo‘lsang, Striklendning parvoyiga kelmasding. — Nega unday deysan? Menga sen qararding. Uning yordami menga kerak bo‘lmasdi. Bundan
tashqari, u bilan mening oramizda farq katta bor. Uning oldida men kimman?
— Tentak kuchuk bolasiga o‘xshaysan. Yerga yotib olib odamlar ustingga chiqib toptashiga yo‘l
qo‘yasan.
Struve kulib yubordi. Xotini g‘azab otiga minganining sababini anglaganday bo‘ldi.
— Jonginam, rasmlarimni ko‘rgani kelganini hecham esingdan chiqara olmaysan-da. Rasmlarim
unga yoqmagan bo‘lsa, ota go‘ri qozixona bo‘ptimi? Unga rasmlarimni ko‘rsatib o‘tirgan men o‘zim tentakman. Bundan tashqari, haqiqatan ham ular unchalik yaxshi asarlar emas.
U ma’yus nigoh bilan ustaxonaga ko‘z tashladi. Moslamadagi hali tugallanmagan rasmda kulib turgan italyan dehqoni tasvirlangan bo‘lib, bir bosh uzumni qora ko‘zli qizning boshi uzra tutib turardi. — Rasmlaring yoqmagan taqdirda ham odob yuzasidan indamasligi lozim edi. Nega u seni haqorat qildi? Nafratini ifodalamoqchi bo‘ldimi? Sen esa uning qo‘llarini o‘pishga tayyorsan. Men undan
nafratlanaman!
— Tentakkinam, axir u daho-ya. O‘zimni genial rassom deb hisoblashimni istaysan, shekilli.
Albatta, shunday bo‘lishini istardim. Lekin men unda daholik alomatlarini aniq ko‘rib turibman, shu tufayli ham butun borlig‘im bilan uning oldida sajda qilaman. Dunyoda bundan ham g‘aroyibroq narsa bormi... Lekin bunday fazilat egalarining qismati og‘ir bo‘ladi. Daho odamlarga sabr-bardosh va ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lmoq kerak.
Oilaviy mojarolar mening oldimda bo‘layotganidan xijolat chekib, Struve nega meni bu yerga zo‘rlab olib kelganiga tushunmay, chekkaroqda turardim. Xotinining ko‘zlari jiqqa yosh edi.
— Gapimni tushun, u faqat daho rassom bo‘lgani uchungina emas, kasal va qashshoq odam bo‘lgani uchun ham uyimizga qabul qilishingni iltijo qilayapman!
48


— Men uni hech qachon uyimga qo‘ymayman! Hech qachon!
Struve men tomonga o‘girildi.
— Gap hayot va o‘lim masalasi ustida ketayotganini sen tushuntir unga. Axir uni la’nati katalakda
qoldirib bo‘lmaydi-ku.
— Tabiiyki, xasta odamga bu yerda qarab turilsa yomon bo‘lmasdi, — dedim, — lekin masalaga
boshqa tomondan yondoshilsa, u kelsa juda siqilib qolasizlar. Uni kunduzlari ham, kechalari ham tanho qoldirib bo‘lmaydi.
— Sevgilim, sen axir kasal odamga g‘amxo‘rlik qilishdan qo‘rqib, qarshilik qilishing mumkin emas.
— Agar u bu yerga kelsa, men uydan chiqib ketaman! — o‘zini yo‘qotar darajada qichqirdi Struve xonim.
— Seni tanimay qoldim. Hamisha rahmdil va oqko‘ngil eding-ku.
— Xudo haqi, meni tinch qo‘y. Bu ahvolda jinni qilib qo‘yasan meni.
Nihoyat, ayolning ko‘zlariga shashqator yosh keldi. Kursiga o‘zini tashlab, qo‘llari bilan yuzini
berkitdi. Yelkalari bezgak tutayotgandek titrardi. Dirk shu lahzadayoq uning oyoqlari ostiga cho‘kkaladi. U xotinini quchoqlab olganicha, qo‘llarini o‘par, erkalatuvchi so‘zlar aytib ovutar, ayolning yuzlaridan esa yosh oqardi. Ayol erining quchog‘idan chiqib ko‘zlarini artdi.
— Qo‘yib yubor meni, — dedi Struve xonim sal yumshab va kulishga harakat qilib, menga murojaat etdi: — Endi men haqimda qanday xayollarga borasiz?
Struve nimadir demoqchi bo‘ldi, lekin jur’at etolmadi, hamon xotini hayronu hars bo‘lib qarab turardi. Uning peshonasi tirishdi, qip-qizil lablari qimirladi. U negadir qo‘rqib ketgan dengiz cho‘chqasiga o‘xshardi.
— Demak, baribir “yo‘q” deysanmi, jonginam?
Ayol endi o‘ziga kelgandi, faqat qo‘lini horg‘in silkitdi.
— Ustaxonang bor. U yerdagi barcha narsalar seniki. Agar uni bu yerga olib kelishni xohlasang,
men qanday qarshilik ko‘rsata olardim?
Dirkning dumaloq yuzida kutilmaganda paydo bo‘lgan tabassum chehrasini yoritib yuborganday
bo‘ldi.
— Rozimisan? Men buni bilardim! Jonginam!
Ayol o‘zini qo‘lga olib, eriga g‘amgin nigoh tashladi. Keyin bamisoli yuragini tinchlantirmoqchi
bo‘lganday, ikkala qo‘lini yuragining ustiga qo‘ydi.
— O, Dirk, butun hayotim mobaynida hech qachon sendan hech narsani iltimos qilmaganman.
— Sen uchun hamma narsaga tayyorligimni bilasan-ku, axir.
— Iltijo qilaman, Striklendni bu yerga olib kelma. Kimni xohlasang olib kelaver, faqat uni emas.
O‘g‘ri, ichkilikboz, ko‘chadagi birinchi uchragan daydi bo‘lsa ham mayli. Unga mamnuniyat bilan qarashga va’da beraman. Faqat Striklendni emas. Yolboraman sendan, Dirk.
— Nega?
— Men undan qo‘rqaman. U bizga dahshatli darajada tashvish va qayg‘u keltiradi. Men buni bilaman. Shundoqqina sezib turibman. Agar uni keltirsang, bu ish xayrlik tugamaydi.
— Telba-teskari gaplarni gapiryapsan!
— Yo‘q, yo‘q! Nima deyayotganimni bilib turibman. Qandaydir dahshatli narsa ro‘y beradi.
— Unga yaxshilik qilganligimiz, muruvvat ko‘rsatganimiz uchunmi?
Ayol notekis nafas olar, yuzini qo‘quv ifodasi qoplagandi. Uning xayolida qanday fikrlar g‘ujg‘on
o‘ynayotganini bilmasdim-u, lekin qandaydir majhul qo‘rquv o‘zini yo‘qotish darajasida junbushga keltirgandi. Odatda, ayol vazminlik va bosiqlik bilan o‘zini tutardi, lekin hozirgi holati aql bovar qilmaydigan darajada edi. Struve birmuncha muddat hayratdan lol bo‘lib unga tikilib turardi.
— Sen xotinimsan, olamdagi barcha narsadan men uchun azizroqsan. Sening ijozatingsiz biror odam ostona hatlab bu uyga kira olmaydi.
Struve xonim bir daqiqa ko‘zlarini yumdi. Nazarimda, u o‘zidan ketib qolayotgandek tuyuldi. Men uning asablari kasal ekanligini bilmasdim, g‘azabim qo‘zg‘adi. Keyin yana Struvening sukunatni
49


buzuvchi ovozi eshitildi:
— Axir senga yordam qo‘lini cho‘zishganda qanday yomon holatda eding? Bunday vaqtdagi yordam
nima ekanligini o‘zing yaxshi bilasan-ku. Imkoniyat topganingda boshqa odamni falokatdan qutqarib qolishni xohlamaysanmi?
Bular juda odmi so‘zlar edi, lekin mening quloqlarimga nasihatomuz so‘zlarday eshitildi, shu tufayli bo‘lsa kerak, o‘zimni kulgidan arang tutib turardim. Er-xotinning harakati meni hayron qoldirardi. Blansh Struve bir seskanib ketdi, anchagacha eriga tik qarab qoldi. Er yerga o‘tirdi, chamasi, u o‘zini yo‘qotib qo‘ygan edi. Asta-sekin ayolning yuzlari qizardi, lekin shu ondayoq tanasidagi butun qon tomirlarida qotib qolganday yuziyu qo‘llarigacha oqarib ketdi. U bezgak tutayotganday titrardi. Ustaxonaga chuqur sukunat cho‘kdi. Men o‘zimni tamomila yo‘qotib qo‘ydim.
— Striklendni olib kelaqol, Dirk. Men uning uchun qo‘limdan kelgan hamma ishni qilaman.
— Jonginam, — kulib xotiniga qo‘llarini uzatdi, lekin u o‘zini chetroqqa oldi.
— Men odamlardagi muloyimlikni yoqtirmayman, Dirk. Bu ahmoqlik.
Ayol yana avvalgi holatiga qaytdi. Hech kim bir daqiqa oldin u o‘zini bilmaydigan darajada jazavada
bo‘lganligini hozir ayta olmasdi.
Yigirma oltinchi bob
Ertasiga Striklendni olib keldik. Bu ishga ko‘ndirish uchun anchagina qat’iyat va sabr-toqat ko‘rsatishga to‘g‘ri keldi. Lekin u haqiqatan anchagina og‘ir xasta edi, shu tufayli, Struvening iltijolariyu mening qat’iyatimga dosh bera olmadi. Biz uni kiyintirgunimizcha, ming‘illab so‘kinib turdi. Zinadan olib tushdik-da, izvoshga o‘tqazib, Struvening ustaxonasiga olib keldik. Striklend bunday harakatlardan obdon tinkasi quridi, ko‘rpa-to‘shak qilib yotqizib qo‘yishimizga ham qarshilik ko‘rsata olmadi. Bir yarim oygacha mazasi bo‘lmadi. Shunday kunlar ham bo‘ldiki, nazarimizda, bir necha soatlik umri qolgandek tuyulardi. Bunday og‘ir holatdan faqat Struvening favqulodda qat’iyligi tufayligina omon qolganiga ishonaman.
Men umrim bino bo‘lib bunday bemorni ko‘rmaganman. U qaysar va yo‘q narsalarni talab etaveradigan bemor emasdi, aksincha, hech qachon hech narsadan shikoyat qilmas, hech narsa so‘ramas, qariyb hech narsa demasdi. Bizning g‘amxo‘rligimiz uning g‘azabini keltirayotganday edi. O‘zini qanday his etayotgani, biror narsa kerak, kerakmasligini so‘raganimizda esa masxaralash bilan javob qaytarar yoxud so‘kinardi. Men endi uni butunlay yomon ko‘rib qolgandim, kasallik xavf- xataridan qutulishi bilanoq, bu to‘g‘risida unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytdim.
— Tuyoqlaringni shiqillatlaring, — uning javobi shunday bo‘ldi. — Ha, shunaqa.
Dirk Struve ishlarini butunlay yig‘ishtirib qo‘ydi, xuddi sodiq enagaday uning atrofida kuymalandi. U hayron qoladigan darajadagi chaqqonlik bilan bemorning o‘rnini tuzatar, ilgarilari men unda sezmagan ayyorlik bilan dorilarni ichishga majbur etardi. Har qanday mehnatu tashvishlar uni bu yo‘ldan qaytara olmasdi. Garchi uning topgani er-xotinning yashashiga ortiqcha sarf-xarajatlarga yo‘l qo‘ymagan holda uchma-uch yetib turgan bo‘lsa-da, endilikda u Striklendning qaysar ishtahasini ochish uchun turli-tuman tansiq taomlarga ayamay pul xarj qilardi. Xasta rassomga iloji boricha ko‘proq ovqat yeyishi uchun sabr-toqat bilan yalinib-yaltoqlanishini hech qachon unutmayman. Bunday munosabatga javoban aytilayotgan qo‘pol gaplar, haqoratlar hech qachon Dirkni muvozanatdan chiqara olmasdi. Bu gaplarni u eshitmaganga olardi, judayam og‘ir botgan kezlarida esa kulib qo‘yaqolardi. Striklend tuzala boshlaganda esa yaxshi kayfiyatining ifodasi sifatida Struveni masxaralashni boshlardi. Bunday paytlarda uni xursand qilish uchun Struve atayin maynavozchilik qilar, mana nihoyat tuzalayapti, deganday, menga mamnuniyat bilan zimdan qarab qo‘yardi. Struve haqiqatan ajoyib edi.
Lekin Blansh undan ham ko‘proq hayron qoldirardi. U kasal boqishga qobiliyatligina emas, nihoyatda vafodor va g‘amxo‘r ham chiqib qoldi. Uning bu holatini ko‘rib xasta Striklendni erining
50


ustaxonasiga joylashtirishga avvaliga sira rozi bo‘lmaganiga ishonish qiyin edi. U Dirk bilan barobar kasalga qarashish istagini bildirdi. U xastaning o‘rin-ko‘rpasini shu qadar uddaburronlik bilan joylashtirdiki, hatto choyshabni almashtirganda ham Striklend unchalik bezovta bo‘lmasdi. Bemorni yuvib-tarardi. Epchilligiga qoyil qolayotganimni izhor qilganimda, muloyim, yoqimtoy kulib qo‘yar, bir vaqtlar kasalxonada ishlaganini eslatardi. Striklendga bo‘lgan qahru g‘azabini na biror so‘zida, na biror harakatida sezdirardi. Ayol bemor bilan kam gaplashar, lekin nima istayotganini darhol fahmlar va bajo keltirardi. Ikki hafta mobaynida esa hatto kechalari bemorni yolg‘iz qoldirish mumkin emasdi. Ayol bemor yonida eri bilan birga galma-gal navbatchilik qilishdi. Qorong‘i xonada bemor yonida soatlab o‘tirganda, ayol nimalarni o‘yladiykin? Striklendga qiyo boqishning o‘zi dahshatli edi: u qizargan ko‘zlari bilan bo‘shliqqa tikilib yotardi. Ilgarilarga qaraganda ham oriqlab ketgan, sarg‘imtir soqollari rosa o‘sgan, ko‘zlari avvalgidan ko‘ra kattaroq ko‘rinardi.
— Kechasilari u siz bilan biror marotaba bo‘lsin gaplashdimi? — Yo‘q.
— Siz hamon uni yoqtirmaysizmi?
— Har qachondagidan ko‘proq yoqtirmayman.
U menga katta-katta ko‘zlari bilan tikildi. Chehrasi g‘oyat sokin edi. Shunday ayol ba’zi paytlarda g‘azabdan junbushga kelishiga odamning ishongisi kelmasdi. Bunga o‘zim guvoh bo‘lgandim.
— Unga qilgan yaxshiliklaringiz uchun biror marotaba bo‘lsin sizga tashakkur bildirdimi? — Yo‘q, — tabassum qildi u.
— Dahshatli odam!
— Jirkanch va yaramas.
Struvening og‘zi qulog‘ida edi, xotini bunday tashvishni chin ko‘ngildan o‘z bo‘yniga olayotganiga qanday qilib minnatdorchilik bildirishni ham bilmasdi. Uni faqat Striklend va Blansh o‘zaro qanday munosabatda bo‘lishayotgani bir oz tashvishga solardi.
— Bilasanmi, ular soatlab bir-birlariga bir so‘z aytmay o‘tiraverisharkan.
Striklend ancha tuzalib, o‘rnidan turishiga biror kun qolganda, hammamiz ustaxonada o‘tirgandik. Dirk menga nimanidir gapirib berayotgandi, Struve xonim esa nimadir tikardi. Mening nazarimda, bu Striklendning ko‘ylagiga o‘xshardi. Shunda men tasodifan Striklendning ko‘zlari istehzoli va qiziqish bilan Blansh Struvega tikilib turganini sezib qoldim. Uning tikilib turganini his etgan ayol ham boshini ko‘tarib unga qaradi, bir necha soniya mobaynida ular bir-birlariga tikilib qolishdi. Ayolning nigohi qanday ma’no anglatishini men unchalik tushuna olmadim. Bu nigohda o‘zini qandaydir g‘alati, xijolat zuhr etganday edi. Shu lahzada Striklend ko‘zlarini undan olib qochib yana tepaga, shiftga tikilishda davom etdi. Ayol esa ma’nosini anglash qiyin bo‘lgan nigoh bilan unga tikilishda davom etdi.
Oradan bir necha kun o‘tgach, Striklend xona bo‘ylab yura boshladi. Uning terisi bilan suyagi qolgandi, xolos. Kiyimlari xuddi ilgakka osilganday shalvirab turardi. Pahmoq sarg‘ish soqoli, o‘sib ketgan sochlari, ozib ketgan bo‘lishiga qaramay, kattakon kallasi g‘alati ko‘rinardi, lekin negadir ilgarigi kishi jirkanadigan qiyofasidan farq qilardi. Bu odamdagi g‘alati kelishmaganlikka qaramay, qandaydir ulug‘vorlik ko‘rinardi. U menda uyg‘otgan taassurotni aniq tasvirlay olmayman. Lekin nima bo‘lganda ham uning yuzidagi ifoda o‘ta ta’sirchan edi. Xuddi vujudiga yunonlarning yarim odam, yarim hayvon shaklidagi qora kuchlari joylab qo‘yilganday, Striklenddan ibtidoiy jamiyatning hidi anqib turardi. Xayolimga ashula aytishda Apollon bilan bahslashmoqchi bo‘lib jazosini olgan Marsiy keldi. Striklend o‘z qalbida g‘aroyib bo‘yoqlar uyg‘unligi, misli ko‘rilmagan obrazlarni saqlab yurganday tuyulardi. Mening nazarimda, uning hayoti azob-uqubat va xorlik-zorlikda tugaydiganday tuyulardi. “Uning yuragiga shayton o‘rnashib olgan, lekin bu yomonlik shaytoni emas, balki yaxshilik va yomonlikning paydo bo‘lishidan avvalgi kuchdir, deb o‘yladim.”
Striklend hali judayam holsiz edi, rasm chiza oladigan kuchi yo‘q edi. Shu tufayli u ustaxonada qandaydir xayollarga borgancha jim o‘tirar yoxud kitob o‘qirdi. Hech kutilmagan, xayolga kelmagan kitoblarni ko‘rardim unda. Mallarme she’rlarini xuddi yosh bolalardek lablarini ovozsiz qimirlatib o‘qirdi. Shoir she’rlari unda qanday tuyg‘ular uyg‘otayotganini bila olmasdim. Boshqa safar esa
51