tuturuqsiz asarlariga tatbiq eta olmagani g‘alati edi.
— Boshqa rasmlaringni ham ko‘rsat, — dedi Struve xonim.
— Ko‘rishni xohlaysanmi?
Rassom og‘aynilarining masxaraomuz kulishlaridan to‘yib ketgan Dirk Struve soddadillik bilan o‘z
ishlarini ko‘rsatishga rozi bo‘ldi. U oldimga o‘ynab yurgan jingalak sochli ikki italyan bolasi tasvirlangan rasmini qo‘ydi.
— Juda ajoyib chiqqan-a, to‘g‘rimi? — so‘radi Struve xonim.
U menga yana anchagina asarlarini ko‘rsatganida Dirk Parijda ham xuddi Rimdagidek tuturiqsiz asarlar chizayotganiga ishonch hosil qildim. Bularning barchasi soxta, mayda, hech narsaga arzimaydigan chizmalar edi. Hayotda esa Dirk Struvechalik halol, samimiy odamni bilmasdim. Bunday ziddiyatni qanday anglamoq kerak?
To‘satdan xayolimga kelib qolgan savolni o‘zim ham bilmagan holda undan so‘radim:
— Marhamat qilib aytg-chi, tasodifan bo‘lsa-da, Charlz Striklend degan rassomni uchratmaganmisan?
— Nahotki sen uni tanisang? — qichqirib yubordi Dirk.
— U nobakor odam, — dedi Struve xonim.
Dirk kuldi.
— Bechoraginam. — Dirk xotinining oldiga yugurgilab kelib, ikkala qo‘lini o‘pib qo‘ydi. – Xonimning
uni ko‘rgani ko‘zi yo‘q. Striklendni tanishing juda g‘alati!
— Bema’ni qiliqli odamlarni jinim suymaydi, — dedi xotini.
Dirk kulimsiragancha men tomonga o‘girildi.
— Gap nimadaligini hozir senga tushuntirib beraman. Kunlardan bir kun uni asarlarimni
ko‘rsatishga chaqirdim. U uyimizga kirib kelganida barcha rasmlarimni ko‘rsatdim. – Struve bir daqiqa jim qoldi. O‘zi uchun g‘oyat yoqimsiz bo‘lgan bu hikoyani nima uchun boshlaganini tushunmasdim. – U rasmlarimni ko‘rdiyu indamadi. Men barcha mulohazalarini oxirida aytsa kerak, deb o‘yladim. Rasmlarimni ko‘rsatib bo‘lgach: “Mana, barcha asarlarimni ko‘rsatib bo‘ldim, ko‘rsatadigan boshqa birorta rasmim qolmadi”,— dedim. U esa menga: “Men sizdan yigirma frank qarz so‘ragani kelgan edim”, — dedi.
— Dirk aytgan pulini berdi-ya! — g‘azab bilan qichqirib yubordi Struve xonim.
— To‘g‘risini aytsam, lol bo‘lib qoldim. Ha, men odamlar qarz so‘raganda — yo‘q deyishini yomon ko‘raman. U bergan pulimni cho‘ntagiga soldi, “tashakkur” deb bosh qimirlatib qo‘ydi-da, chiqib ketdi. Dirk Struve bu tarixni gapirib berayotganda dag‘al yuzida shu qadar tuganmas hayrat ifodasi zuhr
etib turardiki, uni ko‘rgan kishi beixtiyor kulib yuborardi.
— Rasmlarimni yomon deganda ham sira xafa bo‘lmasdim, lekin u biror so‘z ham aytmadi.
Striklendning u bilan qilgan muomalasidan taajjublanishi emas, balki o‘zini yo‘qotar darajaga kelgan Dirkning hozirgi aft-basharasini ko‘rish kulgili edi.
— Men u turqisovuqning basharasini endi hech qachon ko‘rmayman deb umid qilaman, — dedi Struve xonim.
Dirk kulib yelkasini qisib qo‘ydi. U endi asl holiga, odatdagi sofko‘ngilliligiga qaytgandi. — Nima bo‘lganda ham u ulkan rassom, judayam ulkan.
— Striklendmi? — xitob qildim men. — U holda boshqa Striklend bo‘lsa kerak.
— Sariq soqolli barvasta odam. Charlz Striklend. Ingliz.
— Men uchrashganimda soqol qo‘ymagan edi, lekin endi soqol qo‘ygan bo‘lsa, ehtimol sariq soqollidir. Men bilgan Striklend rassomchilik bilan bor-yo‘g‘i besh yildan beri shug‘ullanadi.
— Bu o‘sha. U ulug‘ rassom.
— Bo‘lmagan gap!
— Axir men biror marotaba bu to‘g‘rida xato qilganmanmi? — so‘radi Dirk. — Aytyapman-ku
senga, u daho, deb. Men bunga shubha qilmayman. Agar yuz yildan keyin sen bilan meni kimdir eslasa, faqat Charlz Striklend bilan tanish bo‘lganligimiz tufayligina eslaydi.
36


Men hayratda qoldim va nihoyatda hayajonlanib ketdim. To‘satdan xayolimga Striklend bilan oxirgi gaplashganimiz keldi.
— Uning asarlarini ko‘rsa bo‘ladimi? Rasmlari muvaffaqiyat qozonayaptimi? Qaerda yashaydi u?
— Yo‘q. Asarlari muvaffaqiyat qozonayotgani yo‘q. O‘ylaymanki, u hali birorta rasmini ham sota olgani yo‘q. Kimga bu asarlar to‘g‘risida gapirsang kuladi, xolos. Lekin men uning ulug‘ rassomligini bilaman. Axir bir vaqtlar Mone ustidan ham kulishgan-ku. Koro hayot vaqtida birorta asarini pullay olmagan. Men Striklend yashaydigan manzilni bilmayman, lekin u bilan uchrashuvni tashkil qilishim mumkin. U har oqshom soat yettilarda Klishi ko‘chasidagi qahvaxonaga keladi. Biz ertaga o‘sha joyga borishimiz mumkin.
U meni ko‘rishni istashiga unchalik ishonmayman. Men unga butunlay unutishni istayotgan narsalarini yodiga tushiraman. Lekin, shunday bo‘lsa-da, baribir boraman. Uning asarlarini ko‘rish mumkinmi?
— Yo‘q. U senga hech narsa ko‘rsatmaydi. Biroq men Striklendning ikki yoki uchta rasmi bor savdogarni bilaman. Lekin sen u yerga mensiz bora ko‘rma: baribir, hech narsa tushunmaysan. Ularni senga o‘zim ko‘rsataman.
— Dirk, sen mening achchig‘imni keltiryapsan! — xitob qildi Struve xonim. — Shuncha gaplardan keyin nega uning rasmlarini ko‘klarga ko‘tarib maqtayapsan o‘zi? — Xonim men tomonga o‘girildi: — Bilasizmi, bir kuni Gollandiyadan kelgan qandaydir odamlar Dirkning rasmlarini sotib olish uchun biznikiga kelishganida, erim tushmagur, ularni Striklend rasmlarini sotib olganingiz ma’qul, deb yo‘ldan ursa bo‘ladimi!
— Siz uning rasmlari to‘g‘risida qanday fikrdasiz? — kulimsirab so‘radim xonimdan.
— O‘taketgan tuturiqsiz.
— Eh, mening quvonchim, sen hech narsa tushunmaysan.
— Nega bo‘lmasa gollandlaring sendan achchig‘lanishdi. Sen ularni mazax qilayapsan degan fikrga
kelishdi.
Dirk Struve ko‘zoynagini olib hafsala bilan artdi. Azbaroyi hayajonlanganidan yuzlari qizarib ketdi. — Nahotki, seningcha, dunyodagi eng qimmatbaho narsa — go‘zallik xohlagan yo‘lovchi ko‘tarib
ketaverishi mumkin bo‘laveradigan dengiz qirg‘og‘idagi tosh bo‘lsa? Go‘zallik g‘aroyib va har kimga ham nasib etavermaydigan, san’atkor ahli og‘ir ruhiy iztiroblar tufayligina dunyoga keltiradigan noyob hodisa. U kashf qilingandan keyin ham hammaning tishi unga o‘tavermaydi. Go‘zallik san’atkor bizga chalib beradigan kuy. Yuragimizda bu kuy aks-sado berishi uchun bilim, hissiyot, fantaziya kerak odamga.
— Nega men sening rasmlaringni ajoyib deb hisoblayman, Dirk? Ko‘rishim bilanoq, ular meni o‘zicha lol qilishgan.
Dirkning lablari bilinar-bilinmas titradi.
— Jonginam, yotib uxlay qol, men do‘stimizni nariroqqacha kuzatib qo‘yaman-u, darrov qaytib kelaman.
Yigirmanchi bob
Dirk Struve Striklend bo‘lib turadigan qahvaxonaga olib borish uchun ertasiga kechqurun menikiga kirishga va’da berdi. Bu Parijga Striklend bilan gaplashish uchun kelganimda u bilan araq ichgan qahvaxona ekan. Uning bu yerda hamon bo‘lib turishi, eski odatlariga sodiq qolganligini ko‘rsatardi. Bu esa menga o‘ziga xos holat bo‘lib tuyuldi.
— Ana u, — dedi Struve, qahvaxonaga qadam qo‘yishimiz bilanoq.
Oktyabr oyi bo‘lishiga qaramay, oqshom ancha iliq edi, shundoqqina yo‘l ustiga qo‘yilgan stollar atrofida anchagina odam o‘tirardi. Men to‘planganlarga birma-bir qarab chiqdim, lekin Striklendni topa olmadim.
37


— Ko‘rmayapsanmi, huv ana, burchakda shaxmat o‘ynab o‘tiribdi. Shaxmat taxtasi ustiga engashib olgan kishiga ko‘zim tushdi, lekin keng ayvonli shlyapasi va sarg‘imtir soqolini ko‘rdim, xolos. Stollar orasidan zo‘rg‘a o‘tib, uning oldiga yaqinlashdik.
— Striklend!
— Nima deysan, baqaloq! Senga nima kerak?
— Men eski qadrdonimni boshlab keldim, u siz bilan ko‘rishmoqchi.
Striklend yuzimga qarab qo‘ydi, lekin tanimadi, shekilli, yana shaxmatga engashdi.
— O‘tiringlar va shovqinlamanglar, — to‘ng‘illab qo‘ydi u.
U piyodasini surdi va shu ondayoq o‘yinga berilib ketdi. Bechora Struve xafa bo‘lgannamo menga
qarab qo‘ydi, lekin men bunday arzimas ishlarga xafa bo‘lib o‘tirmadim. Men sharob buyurib, Striklend o‘yinni tugatishini bamaylixotir kutib turdim. Men Striklendni kuzatib turish imkoniyati tug‘ilganidan xursand edim. Lekin u men bilgan odam emasdi. Avvalo baroq va tartibga keltirilmagan sarg‘imtir soqoli yuzining ancha qismini berkitib turardi, sochlari juda o‘sib ketgandi. Lekin hammadan ham nihoyatda oriqlab ketganligi uni butunlay o‘zgartirib yuborgandi. Shundoq ham katta burni avvalgidan ham oldinga osilib tushgan, yuzlari kirtayib, ko‘zlari kattalashib ketgandi, tanasi skeletga o‘xshardi. Besh yil avvalgi yirtiq-yamoq, hammayog‘i dog‘-dug‘, kiyilaverganidan obdon puturdan ketgan kamzuli badanida halvirab turardi. Tirnoqlari o‘sib ketgan iflos qo‘llariga uzoq tikilib turdim. Suyak va teridangina iborat bu qo‘llar katta-katta, kuchli va chiroyli edi! Men o‘yinga butkul berilib ketgan bu odamga qarab turarkanman, ochlikdan sillasi qurigan Striklendni qanday kuch ushlab turganiga hayron bo‘lardim.
Striklend donani yurib, boshini ko‘tardi-da, stulga suyangancha qayoqlargadir parishonxotir tikildi. Barvasta soqolli frantsuz raqibi taxtadagi vaziyatni uzoq mulohaza qildi, so‘ng beg‘araz so‘kinib, shaxmat donalarini taxtadan sidirib tashlab, qutichaga solib qo‘ydi. Striklendni so‘kib, ko‘nglini bo‘shatdi-da, ofitsiant bilan hisob-kitob qilib chiqib ketdi. Struve o‘z stulini stolning yaqinrog‘iga surdi.
— Xo‘sh, biz endi gaplashishimiz mumkin, — dedi u.
Striklendning ko‘zlari Struvega tahqiromuz tikilardi. U masxaralash uchun biror so‘z topa olmayotgani tufayli jim turganini aniq sezayotgandim.
— Eski qadrdonimni siz bilan uchrashtirish uchun olib keldim, — dedi ko‘zlari yonib Struve. Striklend menga bir dam tikildi. Men indamay turaverdim.
— Uni biror marotaba bo‘lsin ko‘rmaganman, — dedi u nihoyat.
Nega bunday deganini tushunmadim-u, lekin meni ko‘rganidagi yilt etgan uchqunga qarab meni
tanigani shubhasiz edi. Lekin endi men bir necha yil avvalgiga o‘xshab uyalib o‘tirmadim.
— Yaqinda xotiningiz bilan gaplashgan edim, sizga u haqdagi eng keyingi yangiliklar qiziq bo‘ladi
deb ishonaman.
Striklendning ko‘zlari porlab ketdi.
— Biz o‘shanda oqshomni yaxshigina o‘tkazgan edik, — dedi u . — Necha yil bo‘ldi o‘shanga?
— Besh yil.
U yana araq so‘radi. Struve, biz qanday qilib uchrashib qolganimizni va gap orasida ikkalamiz ham
Striklendni tanishimizni tasodifan bilib qolganimizni erinmay so‘zlab berdi. Striklend uning gaplariga quloq solgan-solmaganini bilolmadim. Ikki marotaba menga parishonxotirlik bilan qarab qo‘ydi, lekin ko‘proq u o‘z xayollari bilan band edi. Tabiiyki, Struve shunday valaqlab turmasa u bilan gapni davom ettirishim qiyin edi. Oradan yigirma daqiqalar o‘tgach, golland soatiga qaradi-da, ketishi lozimligini aytdi. Mendan, birga ketamizmi, deb so‘radi. Men tanho qolsak Striklenddan biror narsani bilib olarman deb o‘ylab, qolishga qaror qildim.
Baqaloq ketgach, dedim:
— Dirk Struve sizni ulug‘ rassom deb hisoblayapti.
— Jin ursin, nega endi bu narsa meni qiziqtirishi kerak. — Rasmlaringizni ko‘rishga ruxsat etasizmi?
— Bu yana nimasi?
38


— Ehtimol, birortasini sotib olishni istarman.
— Ehtimol, men uni sotishni istamasman.
— Siz rasmlardan mo‘maygina daromad qilayapsiz deyman? — dedim kulimsirab.
U to‘ng‘illab qo‘ydi.
— Siz ko‘rinishimga qarab shunday deyapsizmi?
— Ko‘rinishingiz obdon och qolgan odamning ko‘rinishi.
— Xuddi shunday.
— U holda yuring, ketdik ovqatlanishga.
— Nega siz buni menga taklif etayapsiz?
— Harholda sizga achinganimdan emas, — sovuqqina javob berdim, — ochdan o‘lib ketasizmi-
yo‘qmi, menga baribir.
Uning ko‘zlari yana olovlanib ketdi.
— U holda ketdik. — U o‘rnidan turdi.
— Yaxshilab ovqatlanish yomon narsa emas.
Yigirma birinchi bob
Qaysi restoranga olib borishni uning ixtiyoriga tashlab, yo‘lda gazeta sotib oldim. Ovqat buyurganimizdan keyin gazetani ochib “Sen-Galme” shishasiga tirab qo‘ydim-da, o‘qishga tushib ketdim. Biz indamay ovqatlanardik. Ahyon-ahyonda Striklend menga tikilayotganini sezardim, lekin o‘zim boshimni ko‘tarmasdim. Qanday qilib bo‘lsa-da, uni gapga solishga urinardim.
— Gazetada biror qiziqroq narsa bor ekanmi? — so‘radi indamay ovqatlanib bo‘lganimizdan keyin. Uning gap ohangida salgina achchig‘lanish ma’nosini uqdim.
— Men teatr to‘g‘risida feletonlarni o‘qishni yoqtiraman, — javob berdim gazetani buklarkanman. — Maza qilib ovqatlandim, — dedi u.
— Qahvani ham shu yerda ichib qo‘yaqolmaymizmi?
— Bo‘ladi.
Biz bittadan sigara oldik. U indamay chekardi, menga qaraganda ko‘zlarida kulgi jilolanayotganini
sezardim. Men sabr-toqat bilan kutdim.
— O‘tgan yillar mobaynida qanday ishlar bilan shug‘ullandingiz? — so‘radi u nihoyat.
O‘zim haqimda nima deyishim mumkin edi? Bu og‘ir mehnat va yoshlik ishtiyoqi, goh u, goh bu
sohada o‘z o‘rnini topishga urinish, kitob va odamlarni anglashga doimiy intilish yillari bo‘lgandi. Men uning ishlari, hayoti, shaxsiyatiga qiziqishim borligini zinhor sezdirmadim. Va shu ishim nihoyat o‘z samarasini berdi. U birinchi bo‘lib gapirdi. Striklend so‘zamol emasdi. Uzuq-yuluqroq bo‘lsa-da, bosib o‘tgan hayotiy yo‘lini gapirib berdi, qolgan-qutgan joylarini tafakkurim yordamida to‘ldirib oldim. Hayotiga nihoyatda qiziqqan odaming o‘zi haqida nihoyatda zerikarli hikoya qilib berganini eshitish juda azob ekan. Buni xunuk yozilgan va o‘chinqirab qolgan qo‘lyozmani o‘qishga o‘xshatish mumkin. Menga ayon bo‘lishicha, uning butun hayoti turfa xil mashaqqatlar silsilasidan iborat. Lekin yana bir narsani aniq angladimki, ko‘pchilik uchun nihoyatda dahshatli va fojiali holatlar unga zarracha ta’sir ko‘rsata olmas, tashvishga solmas ekan. Atrofdagilardan Striklendni keskin ajratib turadigan narsa bashang va bamaylixotir hayot tarzi bilan chiqisha olmaslik, to‘g‘rirog‘i, nafrat ekan. U katalakdek, g‘aribgina xonada xotirjam yashay olar, atrofini chiroyli narsalar bilan bezashga ham intilmasdi. Men ishonamanki, xona gulqog‘ozlari nihoyat darajada ifloslanib ketganini ham sezmasdi. U yumshoq oromkursida emas, oshxona o‘rindig‘ida o‘tirardi. U zo‘r ishtiyoq bilan ovqatlanardi, lekin nima yeyishi ahamiyatsiz edi. Ovqat uning uchun ochlik tuyg‘usini bartaraf etish vositasi hisoblanardi. Ovqat topishning iloji qolmaganda esa necha kunlab och yuraverardi. Keyingi yarim yil ichida esa yemagi kuniga faqat bir bo‘lak non va bir shisha sutligini bilib oldim. Tabiatan ta’sirchan bo‘lgan bu odam
39


tuyg‘ular uyg‘otadigan barcha narsalarga tamomila befarq edi. Yetishmovchilik unga azob bermasdi, hayratlanarli joyi shunda ediki, shunday hayot tarzini kechirayotib ham ruhan tetik edi.
Londondan olib kelgan ozgina puli tugagandan keyin tushkunlikka berilmadi. Rasmlari sotilmasdi, menimcha, ularni sotishga ham unchalik intilmasdi, tirikchilik o‘tkazishning boshqa yo‘llarini axtarishga harakat qilardi. Hamma narsaga qiziquvchan londonliklarni tungi Parij hayoti bilan tanishtirish ishi bilan shug‘ullanganligini istehzoli yumor bilan gapirib berdi. Bu mashg‘ulot ma’lum darajada uning o‘ziga ancha mos kelardi. Shu bahonada qandaydir yo‘llar bilan u Parijning ko‘pchilik nigohidan panadagi ko‘chalarini miridan-sirigacha o‘rganib oldi. Madlen ko‘chasida soatlab yurib, qonun tomonidan taqiqlangan tomoshalarni ko‘rishga ishqiboz, iloji boricha ichib olgan londonlik sayyohlarni qidirardi. Ba’zida Striklend mo‘maygina pul ishlab topardi. Pirovardida, uning kiyim- kechagi shu qadar dabdalasi chiqib eskirib ketdiki, natijada, sayyohatchilarning aksariyatini bu juldur kiyimli yo‘l boshlovchi bilan birga ketishga yuragi dov beravermasdi. Keyin yana omadi yurishib qoldi, ish topdi, Angliyaga yuboriladigan dori-darmonlarning reklamasini tarjima qilish bilan shug‘ullandi. Bir kuni ishtashlashlar vaqtida bo‘yoqchilik bilan ham shug‘ullandi.
Lekin o‘z san’atini ham tashlab qo‘ymadi, faqat rassomlar studiyasiga borishni tark etib, yolg‘iz o‘zi ishlay boshladi. Mato va bo‘yoqlar uchun pul topilardi, unga boshqa narsaning keragi yo‘q edi. Bilishimcha, u juda qiyinchilik bilan ishlar ekan, biror odamdan yordam olishni istamay oldingi avlod vakillari tomonidan hal etilgan ba’zi texnik muammolarni ham o‘zi yechishga ko‘p vaqtini sarflardi. U nimagadir ehtiros bilan intilardi, lekin nimaga intilayotganini men bilmasdim, ehtimol, buni o‘zi ham bilmasdi. Lekin qarshimda o‘z yo‘lidan qaytmaydigan shijoatli odam turganini his etardim. To‘g‘ri, u esi joyida odamga o‘xshamasdi. Menga u o‘z rasmlarini ko‘rsatmaydiganday, bu rasmlar o‘ziga ham yoqmaydiganday tuyulardi. U orzular olamida yashardi, real hayotning esa unga qizig‘i yo‘q edi. Butun ishtiyoqiyu ehtirosi bilan mehnat qilarkan, botiniy ko‘zi bilan ko‘rib turgan narsalaridan boshqa butun borliqni butkul unutardi. Keyin rasmni tugatar-tugatmas (nazarimda, u juda kamdan-kam holatlardagina asarini tugatardi) o‘z asariga qiziqishi so‘nardi-qolardi. Hech qachon qilgan ishidan ko‘ngli to‘lmasdi. Yaratgan asari ko‘nglida ko‘rib turganidan ko‘ra xira va ahamiyatsizroq tuyulardi o‘ziga.
— Nega asarlaringizni ko‘rgazmaga qo‘ymaysiz? — so‘radim undan. — Nahotki, boshqa odamlarning fikrini bilishga qiziqmasangiz?
— Qiziquvchan emasman.
Bu so‘zlaridan nafrat ohanglarini sezish qiyin emasdi.
— Axir siz shuhrat to‘g‘risida o‘ylamaysizmi? Bu tuyg‘udan biror rassom zoti begona emas-ku.
— Bolalarcha go‘llik bu! Agar boshqa biror odamning fikrini sariq chaqaga olmaydigan bo‘lsang,
olomonning fikridan ne foyda?
Men kuldim:
— Hamma ham bunday mulohaza yuritavermaydi!
— Kim shuhrat keltiradi? Tanqidchilar, yozuvchilar, birja dallollari, ayollar.
Umringda sen ko‘rmagan, seni mutlaqo tanimaydigan odamlar qo‘llaring bilan yaratgan mo‘’jizani
ko‘rib hayajonlanishlari, o‘zlarini qo‘yarga joy topolmay qolishlarini ko‘rish g‘oyat lazzatli bo‘lsa kerak. Shuhrat kimga yoqmaydi? Odamlar yuragida qo‘rquv va iztiroblar uyg‘otadigan tuyg‘udan ko‘ra shuhrat afzalroq bo‘lsa ne ajab?
— Shunchaki bir gap.
— Axir sizga yaxshi yoki yomon rasm chizishingiz baribir emas-ku?
— Baribir. Men uchun eng muhimi — ko‘nglim ko‘rib turgan narsamni chizish.
— Masalan, men esa inson qadami yetmagan orolda men qilgan ishni o‘zimdan boshqa hech kim
ko‘rmaydi, degan ishonch bilan ishlay olishimga shubha qilaman.
Striklend anchagacha jim turdi, lekin uning ko‘zlari xuddi yuragini hayajonga to‘ldirgan qandaydir
narsani ko‘rayotganday yonib turardi.
— Men gohida behudud dengiz kengliklari orasida qolib ketgan orolni ko‘raman; o‘sha yerdagi
40


kishilar nigohidan uzoqdagi vodiyda, menga tamomila notanish daraxtlar orasida tinchgina yashardim. O‘sha yerda qidirgan narsalarimni topa olardim, deb o‘ylayman.
U risoladagidek gapira olmasdi. Sifatlovchi so‘zlar o‘rniga qo‘l harakatlarini ishlatar, tez-tez tutilib qolardi. Nazarimda, u aytmoqchi bo‘lib turgan fikrni o‘z so‘zlarim bilan ifodalashga urindim.
So‘nggi yillarga nazar tashlab, qilayotgan ishlaringiz sarson-sargardonliklaringizga arziydi, deb o‘ylaysizmi?
Nimani ko‘zda tutayotganimni tushunmay, menga qarab qo‘ydi. Men tushuntirdim.
— Siz tinchgina uyingiz va baxtli desa bo‘ladigan hayotingizdan voz kechib ketdingiz. Siz o‘ziga to‘q odam edingiz. Bu yerda, Parijda g‘aribona hayot kechiryapsiz. Agar hayotni qaytadan boshlash imkoni bo‘lganda yana shu ishni qaytargan bo‘larmidingiz?
— Albatta.
— Bilasizmi, siz o‘z xotiningiz va bolalaringiz haqida mendan sira so‘raganingiz yo‘q. Nahotki, ular to‘g‘risida sira o‘ylamasangiz?
— Yo‘q.
— Savollarimga bu qadar qisqa, javob qaytarmasangiz afzalroq bo‘larmidi. Lekin siz ularga yetkazgan azoblaringiz, iztiroblaringiz uchun ba’zida vijdoningiz qiynaladi-ku?
Striklend yayrab kuldi va boshini sarak-sarak qilib qo‘ydi.
— Nazarimda, siz vaqt-vaqti bilan o‘tmish haqida o‘ylasangiz kerak. Yetti yoki sakkiz yil oldingi voqealarni emas, ancha oldingi, xotiningiz bilan ilk uchrashuvlaringiz, sevib qolganingiz, uylanganingiz haqida o‘ylarsiz. Nahotki, siz uni birinchi marotaba quchog‘ingizga olgandagi quvonchni unutgan bo‘lsangiz?
— Men o‘tmish to‘g‘risida o‘ylamayman. Faqat bugungi kungina ahamiyatga ega bo‘ladi.
Men bir daqiqa xayol surib qoldim. Javob mujmal edi, lekin shunga qaramay, nazarimda, aytayotgan gapining ma’nosini salgina uqqanday bo‘ldim.
— Siz baxtlimisiz? — so‘radim undan.
— Ha.
Men xayol surganimcha jimgina turardim. U ham nigohimga bardosh berdi, keyin ko‘zlarida
istehzoli uchqun alangalandi.
— Ishlarim yomon, ehtimol, siz meni qoralarsiz?
— Bema’ni gap, — so‘zini keskin bo‘ldim, — hayvon o‘rgatuvchining xavfli ilon bilan o‘ynashishini
qoralab bo‘lmaydi. Zero, uning psixikasini o‘rganish, shubhasiz, qiziqish uyg‘otadi.
— Demak, siz men bilan faqat yozuvchi sifatida qiziqayotgan ekansiz-da?
— Ha, faqat yozuvchi sifatida.
— Unday bo‘lsa meni qoralashingiz mumkin emas ekan. O‘zingiz ham farishta emassiz!
— Ehtimol, shuning uchun ham men bilan gaplashganingizda o‘zingizni bemalol tutyapsiz.
U jilmayib qo‘ydi-yu, hech narsa demadi. Afsuski, men uning kulishini tasvirlay olmayman. Bu
yoqimtoy kulgi emasdi, lekin bu kulgisi tufayli yuzlari yorishib ketdi, odatdagiday, badqovoq emas, istehzoli — ayyorona ma’no kasb etdi. Shuningdek, bu asta-sekinlik bilan ko‘zlarining burchagidan boshlanadigan, ehtimolki, tugallanadigan qandaydir noinsoniy kulgi edi. Bu kulgi meni so‘rashga majbur etdi.
— Siz bu yerda, Parijda birortasini sevib qolmadingizmi?
— Bunday bema’ni ishlarga vaqtim bo‘lgani yo‘q. Hayot judayam qisqa narsa, ham san’at, ham sevgiga vaqt yetmaydi.
— Siz go‘shanishin odamga o‘xshamaysiz? — Bularning barchasi men uchun yoqimsiz. — Inson zoti shunaqa yaratilgan.
— Nega ustimdan kulyapsiz?
— Chunki men sizga ishonmayman. — U holda siz to‘qim tabiat ekansiz.
41


Men unga sinovchan tikilganimcha jim turaverdim.
— Men bilan maynavozchilik o‘ynashingizdan nima foyda? — dedim nihoyat. — Tushunmayapman
Men kulib yubordim.
— Hozir tushuntiraman. Mana siz oylab hech narsa haqida o‘ylamaysiz va bu bilan hammasini bir
umrga unutdim deb o‘ylaysiz. Siz erkinlikdan lazzatlanayapsiz va endilikda qalbim faqat o‘zimga tegishli deb o‘ylayapsiz. Xuddi boshingiz yulduzlarga tegib turgandek tuyuladi sizga. Keyinroq esa kutilmaganda bunday hayotga bardosh bera olmasligingizni, oyoqlaringiz yerdan ko‘tarilmay doimo balchiq ichida turganini his etasiz. Bu botqoqlik sizni ham o‘z domiga tortmoqchi bo‘ladi. Siz birorta satang, tagi past, hayvonsifat ayolga duch kelasiz. Ayol zotining barcha eng yaramas tomonlarini o‘zida mujassamlashtirgan bu ayolga yovvoyi hayvondek tashlanasiz. Uning bag‘rida taskin topasiz, junbushingiz ko‘zingizni ko‘r qilib qo‘yadi.
U menga tikilib turardi, bu gaplar zarracha ta’sir etmadi. Men undan ko‘zimni uzmasdim va g‘oyat ohista gapirardim.
— Yana bir narsa: bularning barchasi o‘tib ketgach, siz kutilmaganda o‘zingizni favqulodda pokdomon his etasiz, tanasiz ruh hisoblaysiz o‘zingizni. Bamisoli shamol, daraxtlar, daryo suvlari bilan qo‘shilib, birlashib ketganday bo‘lasiz. O‘zingizni xudo deb fahmlaysiz. Shu narsani tushuntirib bera olasizmi?
Gapimni tugatmaguncha mendan ko‘zini uzmadi. Uning yuzida g‘alati ma’no zuhurlanib qoldi. “Bunday qiyofa qiynoqlar natijasida o‘lib ketgan odamning yuzida bo‘lishi mumkin”, — deb o‘yladim ichimda. Striklend miq etmasdi. Men suhbatimiz poyoniga yetganini angladim.
Yigirma ikkinchi bob
Parijda o‘rnashib olganimdan keyin pesa yozishga boshladim. Bir maromda hayot kechirardim, ertalablari ishlardim, kunduzlari Lyuksemburg bog‘ida sayr etar yo bo‘lmasa, ko‘chalarda kezardim. Jahondagi eng yaxshi rasmlar galereyasi, ko‘rganingda doimo o‘yga toldiradigan Luvrda soatlab vaqtimni o‘tkazardim, daryo sohili bo‘ylab sotish uchun yoyilgan eski kitoblarni varaqlardim. Men bu kitoblarni sotib olishni mo‘ljallamasdim. Goh u joyda, goh bu joyda ko‘rayotgan kitoblarimdan biror sahifasini o‘qirdim va yana nariroqdagi kitoblar oldida paydo bo‘lardim. Shunday qilib juda ko‘p kitoblar bilan tanishib chiqardim, ularni batafsilroq o‘qishni esa istamasdim. Oqshomlari do‘stlarimnikiga borardim. Struvelarnikiga tez-tez kirib turardim, gohida ularning kamtarona kechki ovqatlariga sherik bo‘lardim. Dirk Struve italyan ovqatlarini tayyorlashdagi pazandaligi bilan maqtanardi. Darhaqiqat, aytish kerakki, uning italyancha makaronli ovqati rasmlariga qaraganda durustroq chiqardi. Pomidor sharbatiga obdon to‘ydirilgan makoronli ovqatni katta taboqda keltirilib, ajoyib uy noni va qizil vino bilan tanovul qilganimizda shohona bazmda o‘tirgandek his etardik o‘zimizni. Men Blansh Struveni yaqindan bilib oldim. Ingliz bo‘lganim, u esa o‘z vatandoshlari bilan juda kam uchrashganligi tufayli, chamasi, mening har bir kelishim unga quvonch bag‘ishlardi. U xushmuomala, soddadil edi. Kam gapirsa ham uning fazilatlari yaqqol ko‘zga tashlanardi. Negaligini bilmayman-u, lekin uning ko‘nglida qandaydir sir yashiringanday tuyulardi menga. Ehtimol, erining ezma va bir qop yong‘oqligi oldida tabiatan bosiqlik uchun shunday tuyulayotgandir. Dirk hamma narsani valaqlayverardi. Hatto intim masalalarni ham uyalmay-netmay muhokama qilaverardi. Xotini bunday paytlarda mushtar bo‘lardi, lekin faqat bir marotaba eri qanday qilib surgi dori ichganini uzoq, butun tafsilotlari bilan hikoya qilganida o‘zini tutib turolmadi. O‘z ko‘rgiliklarini tamomila jiddiy tarzda so‘zlab berishidan o‘zimni to‘xtatib turolmadim, rosa kuldim. Struve xonimning esa joni chiqib ketdi.
— O‘zini ahmoq qilib ko‘rsatish nima uchun zarur bo‘lib qoldiykin-a! — qichqirdi u.
Xotinining jahli chiqib ketganini ko‘rganda ko‘zlari yanada kattaroq ochildi, mo‘ylabi qimirladi.
42


— Jonginam, xafa bo‘ldingmi? Bundan keyin hech qachon surgi dori ichmayman. Safro o‘ynab ketganidan bo‘lsa kerak. Ishim bir joyda o‘tirib qilinadigan ish-da. Ko‘proq harakat qilishim kerak. Axir uch kungacha ichimdan...
— Xudo xayringni bergur, og‘zingni yumsang-chi, — erining gapini bo‘ldi xotin ko‘zlariga yosh kelib.
Struvening afti burishdi, jazolangan boladay lablarini cho‘chchaytirdi. U yordamga chaqirganday yalingannamo menga qarab qo‘ydi, lekin men o‘zimni tutolmay hamon kulardim.
Bir kuni Struvening so‘zlariga qaraganda Striklendning ikki yoki uch rasmi bo‘lgan savdogarnikiga kirdik. Lekin uy egasi Striklend yaqinda bu rasmlarni qaytarib olganini aytdi. Negaligi noma’lum.
— To‘g‘risini aytsam, men bundan unchalik xafa emasman. Men ularni faqat janob Struvega hurmatim tufayligina olgandim, iloji bo‘lsa sotishga va’da bergandim. — U yelkasini qisdi. — Men, albatta, yosh rassomlarni qo‘llab-quvvatlab turaman. Lekin bu yerda masala boshqacharoq. O‘zingiz bilasiz, uning talanti sariq chaqaga arzimaydi.
— Men sizga halol bir gapni aytib qo‘yayki, hozirgi vaqtda unga teng keladigan rassom yo‘q. So‘zlarim esingizda tursin, siz mo‘may daromad oladigan imkoniyatdan mahrum bo‘lyapsiz. Shunday vaqtlar keladiki, bu rasmlar do‘koningizdagi barcha rasmlardan ortiqroq baholanadi. O‘z asarlarini yuz frankka ham sota olmagan Moneni eslang. Endilikda ular qancha turadi?
— To‘g‘ri. Lekin Monedan yomon bo‘lmagan o‘nlab rassomlar hamon o‘z rasmlarini sotisha olmayapti. Ular hozir ham arziydigan pul turmaydi. Buni qanday bilib bo‘ladi? Axir muvaffaqiyat xizmatiga qarab keladimi? Bema’ni gap. Buning ustiga sizning oshnangiz muvaffaqiyat qozona oladimi-yo‘qmi, buni isbotlamoq kerak. Janob Struve, sizdan boshqa hech kim bunday fikrda emas.
— U holda, sizningcha, bunday sharafga kim munosib? — so‘radi Dirk g‘azabdan qizarib. — Fikri tor odam ekansiz!
— Siz o‘tmishda ulug‘ rassomlar Rafael, Mikelanjelo, Engr, Dela-Krualarni eslab ko‘ring — ularning barchasi o‘z davrida dovrug‘ qozonishgan.
— Ketdik, — Struve menga murojaat etdi, — aks holda men uni o‘ldirib qo‘yaman.
Yigirma uchinchi bob
Men Striklendni tez-tez ko‘rib turardim va ahyon-ahyonda u bilan shaxmat ham o‘ynardim. Uning fe’liga tushunib bo‘lmasdi. Goh parishonxotir bir alpozda, hech kimga e’tibor bermay burchakda o‘tirar, yaxshi kayfiyatda vaqtida esa uzuq-yuluq va tutilib nimalarnidir gapira boshlardi. Men undan biror marta bo‘lsin arziydiganroq bama’ni gap eshitmaganman, lekin uning dahshatli kinoyalari gohida juda qiziqarli bo‘lardi. Striklend faqat o‘zi o‘ylagan narsasinigina gapirardi. Odamlarning izzat-nafsiga tegish uning uchun hech narsa emasdi, bundan xafa bo‘lishganda esa faqat kular, xursand bo‘lardi. Masalan, u gohida Dirk Struveni haqoratlovchi shu qadar achchiq so‘zlar aytardiki, bechora umrbod uchrashmaslikka qasam ichib, bu yerdan uzoqlashardi. Lekin Striklendning zabardast siymosi baqaloq gollandni o‘ziga tortaverar, shu bois gunoh ish qilib qo‘ygan kuchukchadek yana uning yoniga kelaverardi. Holbuki, u yana haqoratlanishini yaxshi bilar va bundan juda qo‘rqardi.
Negaligini bilmadim-u, Striklend men bilan ishtiyoq-la gaplashardi. Bizning munosabatlarimiz o‘ziga xos edi. Bir kuni u mendan ellik frank qarz so‘radi.
— Bo‘lmaydi, — javob berdim unga.
— Nega?
— Ne sababdan sizga qarz berib turishim kerak ekan?
— Hozir juda qiynalib qoldim.
— Buning menga qizig‘i yo‘q.
— Ochlikdan o‘lib ketsam ham sizga baribirmi?
— Bu bilan mening nima ishim bor? — so‘radim o‘z navbatida.
43