ishlarimdan ko‘nglim to‘lmagandi. Striklend meni garang qilib qo‘ygandi. Men uning harakatlarini tushuna olmayotgandim. Rassom bo‘lish to‘g‘risidagi fikr birinchi marotaba sizda qachon paydo bo‘ldi, degan savolimga javob bermadi yoxud javob berishni shunchaki istamadi. O‘zim esa buning tagiga yetolmasdim. To‘g‘ri, men uning og‘irkarvon aqlida nafrat tuyg‘ulari asta-sekin kurtak ota boshlaganligi haqidagi fikrga o‘zimni ishontirishga urindim. Lekin u o‘z oilasidagi hayotning bir xilligi va zerikarliligidan hech qachon shikoyat qilmagandi. Hamma narsa Striklendning joniga tegib, rassom bo‘lish uchungina oilaviy iplarni uzib tashlashi harholda g‘alati edi. Tabiatan romantik bo‘lganligim tufayli, o‘zimcha buning izohini topdim. Qalbining qa’r-qa’rlariga ijod instinkti joylashib olgan deb o‘yladim. Turmush tashvishlari bilan o‘ralashib qolishiga qaramay, oxiri halokatga olib boradigan o‘simta singari uning butun vujudini egallay boshlagan va pirovardida uni junbushga keltirgan, shekilli. Kakkuqush o‘z tuxumini boshqa qushlarning uyasiga qo‘yib, ochirib oladi. Keyin bu kakkucha o‘z yemakdoshlari bo‘lgan qushchalarning sho‘rini quritadi. Bu ham yetmagandek, o‘ziga boshpana bo‘lgan inni pirovard-natijada buzib ketadi.
Lekin qizig‘i shundaki, ijod instinkti Striklendday dallol odamning qalbiga o‘rnashib qolganligi edi. Bu yaqinlari va o‘zining sho‘rishiga bo‘lgandir balki. Vahiy har xil shakl va ko‘rinishda keladi, odamlarning unga munosabati ham turlicha bo‘ladi. Ba’zilarga xuddi toshni uloqtirib tashlagan kuchli oqimdek tasir-tusir bilan, boshqalarga esa ohistalik bilan keladi. Striklendda mutaassib odamning to‘g‘riligi-yu, Iso shogirdlaridan birining shafqatsizligi mujassam edi.
Lekin men undagi jilovlab bo‘lmas ishtiyoqqa yarasha asarlar yarata olish yo olmasligini aniqlashim lozim edi. Men undan Londondagi rassomchilik kechki maktabidagi hamkasabalari uning asarlari to‘g‘risida qanday fikrda ekanliklarini so‘raganimda kulib qo‘ydi.
— Ular meni maynavozchilik qilib yuribdi, deyishdi.
— Siz bu yerda ham biror maktabga qatnaysizmi?
— Ha. Bu mijg‘ov – men ustozimizni ko‘zda tutayapman – rasmimga ko‘zi tushishi bilan qoshini
chimirib nari ketdi.
Striklend jahl bilan pishqirdi. Unda zarracha sarosima sezilmasdi. Boshqalarning fikri uni
qiziqtirmasdi.
Xuddi shu tufayli ham har safar Striklend bilan muomala qilganimda boshi berk ko‘chaga kirib
qolardim. Aksariyat odamlar boshqalarning men to‘g‘rimdagi fikrlariga e’tibor bermayman deyishganda, ko‘pincha o‘zlarini aldashadi. Odatda, ular o‘zlari xohlaganday ish yuritishadi va bu tufayli ularni hech kim tentaklikka yo‘ymasliklariga umid qilishadi. Ba’zida esa ko‘pchilikning fikriga qarshi ish tutishadi, zero bu holatda o‘z yaqinlarining istagiga muvofiq ish yuritgan bo‘lishadi. Agar ma’lum rasm-rusumlar do‘stlaringiz tomonidan qabul qilingan bo‘lsa, ularni pisand qilmaslik unchalik to‘g‘ri emas. Bu holatda odam o‘z shaxsiyatiga haddan tashqari e’tibor bergan bo‘ladi. O‘z jasoratiga mahliyo bo‘lib xavf-xatar tuyg‘usini unutib qo‘yadi. Lekin mashhurlikka intilish ishtiyoqi madaniy odamlarning hech qachon so‘nmaydigan eng jo‘shqin ishtiyoqidir. Atrofdagilarning fikri men uchun sariq chaqa deb ishontirmoqchi bo‘lganlarga ishonmayman. Bu quruq maqtanchoqlik, xolos. Mohiyat- e’tibori bilan bunday odamlar shunchaki mayda-chuyda ta’nalarga unchalik e’tibor berishmasligi mumkin. Chunki ular bunday gap-so‘zlarga ko‘pchilik uncha ishonavermasligini yaxshi bilishadi. Lekin mening qarshimda haqiqatan ham odamlarning gapidan zarracha hayiqmaydigan kishi turardi. U butun badaniga yog‘ surtilgan, hech kim quchog‘iga ololmaydigan kurashchiga o‘xshardi. Bu holat esa uni shakkoklik va erkinlik chegarasida ushlab turardi. Unga shunday deganim esimda:
— Agar hamma ham xuddi sizga o‘xshagan bo‘lsa, dunyo dunyo bo‘lmasdi.
— Bema’ni gap. Har kim ham xuddi mendek harakat qila olmaydi. Ko‘pchilik risoladagi odamlarday harakat qilishni yoqtiradi.
Men uni chaqib olmoqchi bo‘ldim:
— Chamasi, “Shunday harakat qilingki, toki sizning har bir harakatingiz umumqoida darajasiga ko‘tarila olsin” degan hikmatni eshitmagansiz shekilli?
— Birinchi marotaba eshitib turibman. Safsatadan boshqa narsa emas bu.
27


— Axborotingiz uchun bu gapni Kant aytgan.
Bunday odamni vijdonli bo‘lishga da’vat etish mumkinmikin o‘zi? Bu qo‘lida ko‘zgusi bo‘lmagan odamning o‘z aksini ko‘rishga intilishiday foydasiz bir gap. Mening nazdimda jamiyat o‘z xavfsizligini muhofaza qilish uchun ishlab chiqqan qoidalar odamlardagi vijdon tufayligina amalga oshadi. Shu boisdan, vijdonni qoidalarning bajarilishi ustidan nazorat qiladigan posbon, mirshab desa bo‘ladi. Boshqacha aytganda, bizning “men”ligimizni belgilab turadigan asosiy a’zoyimizdagi josus bu. Inson shuhratga o‘ch bo‘ladi, ba’zida shuhrat uchun yovuz dushmanga eshikni ochib berishga ham tayyor turadi. Dushman esa bunday odamni yaltoqilik bilan o‘z tarafiga og‘diradi, to‘dadan ajrab inson bo‘lib shakllanishiga yo‘l qo‘ymaslikka intiladi. Chinakam inson jamiyat farovonligi shaxsiy farovonlikdan yuqori turishini anglay boshlaydi. Insonni insoniyat, jamiyat bilan bog‘lab turgan rishtalar juda mustahkam rishtalardir. Bir kuni u dunyoda shaxsiy manfaatlardan ham yuqori turuvchi manfaatlar borligi to‘g‘risidagi fikrga keladi, keyinchalik shu e’tiqodining quliga aylanadi, unga sajda qila boshlaydi, buni tan olmagan odamlarni qoralashga tushadi. Zero, u endi shu jamiyatning a’zosi bo‘lgach, bundaylarga qarshi chorasiz ekanligini anglaydi. O‘z harakatlari to‘g‘risida odamlarning fikr- mulohazalariga Striklend tamomila befarqligiga ishonch hosil qilganimdan so‘ng insoniylik qiyofasini yo‘qotgan bu gazandadan ixlosim butunlay qaytdi, undan yuz o‘girdim.
Xayrlashayotganimizda menga shunday dedi:
— Emmiga aytingki, u bu tomonlarga kelib yurmasin. Men joyimni o‘zgartiraman, baribir qidirib topolmaydi.
— Mening nazarimda u sizdan qutulgani uchun Ollohga hamdu sanolar o‘qishi kerak, — dedim men.
— Azizim, buni tushunishga uni majbur eta olasiz, deb umid qilaman. Lekin, baribir, ayol zoti kaltafahm bo‘lishini aytib qo‘yay.
O‘n beshinchi bob
Londonga qaytib kelganimda kechqurun Striklend xonimnikiga borishim iltijo qilingan xat kutib turardi. Unikida polkovnik Mak-Endryu xotini, Striklend xonimning opasi bilan o‘tirardi. Garchi Mak- Endryu xonim sal so‘nib qolgan, barcha yuqori unvonli ofitserlarning xotinlaridek o‘zini oqsuyaklar toifasiga xos hisoblab mag‘rur va jangovar tutuvchi, cho‘ntagiga butun Britaniya imperiyasini yashirib olganday jiddiy qiyofada ko‘rinsa-da, singlisiga juda o‘xshardi. Bu xonimning butun harakatlari keskin va shiddatli edi, faqat yaxshi tarbiya ko‘rganligi har qanday harbiy odam boshqalarga buyruq bera oladi degan qat’iy ishonchni ovoz chiqarib aytib yuborishiga izn bermasdi, xolos. Ko‘ylagi qimmatbaho matodan bo‘lishiga qaramay, didsiz tikilgandi.
Striklend xonim juda asabiylashayotgani ko‘rinib turardi.
— Shunday qilib bizga qanday xabarlar keltirdingiz? — so‘radi u.
— Men eringizni qidirib topdim. Afsuski, u uyga qaytmaslikka qat’iy qaror qilibdi. – Men biroz jim
turdim. – U rassomchilik bilan shug‘ullanmoqchi ekan.
— Bu bilan nima demoqchisiz? — hayronlikdan o‘zini yo‘qotar darajada qichqirdi Striklend xonim. — Nahotki, siz uning bu ishtiyoqini hech qachon fahmlamagansiz?
— U butunlay aqldan ozibdi! — xitob qildi polkovnik.
Striklend xonim qoshini chimirdi. U o‘z xotiralariga berildi.
— Hali oila qurmasidan oldingi paytlarda ham u ba’zida bo‘yoq surtishni ermak qilardi. Ey,
nimaligini aytsam buni moy chaplash desa ham bo‘lardi. Biz uni mazax qilardik. U singari odamlar axir san’at uchun tug‘ilmagan.
— Bu shunchaki bahona, xolos! — Gapga aralashdi Mak-Endryu xonim.
Striklend xonim bir qancha fursat o‘z xayollariga g‘arq bo‘lib o‘tirdi. U mening gaplarimni qanday
28


tushunishni bilmayotgandi. Mehmonxonada tartib o‘rnatilib, avvalgi holiga qaytibdi. Sarishta sohibalik Striklend xonimning g‘am-alamidan ustun kelibdi. Mehmonxona avvalgidek huvillab qolmagandi. Lekin men Parijda Striklendni yaxshi bilib olganimdan keyin uni bunday sharoitda yashashini tasavvur eta olmadim. “Nahotki, ular biror marotaba bo‘lsin Striklend bunday narsalar bilan butunlay chiqisha olmasligini sezishmagan bo‘lsa”, — degan fikr xayolimga keldi.
— Agar u rassom bo‘lishni xohlagan bo‘lsa, nega indamadi? — so‘radi nihoyat Striklend xonim. – Boshqalarni bilmadim-u, lekin men uning bunday xohishini darhol inobatga olardim-ku.
Mak-Endryu xonim lablarini tishladi. U doimo san’at ahliga ixlos qo‘ymagani uchun singlisiga dashnom berar, uning “madaniy” do‘stlarini mazax qilardi.
Striklend xonim so‘zida davom etdi:
— Unda talantning biror zarrasi ko‘ringanida birinchi bo‘lib qo‘llab-quvvatlamasmidim, barcha sharoitni muhayyo qilmasmidim, axir. O‘z-o‘zidan ayonki, birja dalloli emas, rassomning rafiqasi bo‘lishni afzal bilardim-ku. Bolalar bo‘lmaganda hech narsadan qo‘rqmasdim, bu uyda emas, Chelsidagi biror arzonroq kulbada umrguzaronlik qilaverardim.
— Singilginam, mening sabr kosamni to‘ldiryapsan-da! — xitob qildi Mak-Endryu xonim. — O‘ylab topilgan bunday safsataga ishonaman demoqchimisan?
— Lekin men buning ayni haqiqatligiga ishonaman, — dedim sekingina.
U men tomonga qandaydir nafratomuz qarab qo‘ydi.
— Qirq yoshga kirgan erkak agar o‘rtaga ayol zoti aralashmasa, o‘z ishi, xotini va bolalarini tashlab
ketmaydi. “Artistona” doirangizdagi biror nozanin uning boshini aylantirganini men bilaman-ku, axir. Striklend xonimning oqish yuzlari birdaniga qizarib ketdi.
— O‘sha satang qanaqa ekan o‘zi?
Men javob berishga shoshilmadim. Javobim bomba portlashiday ta’sir etishini his etdim.
— Uning yonida ayol zoti yo‘q.
Polkovnik Mak-Endryu va uning xotini bu gapga ishonmasliklarini bildirishdi, Striklend xonim esa o‘rnidan turib ketdi.
— Siz biror marotaba ham ayol zotini ko‘rmaganingizni aytmoqchisiz, shekilli.
— Ko‘radigan ayolning o‘zi yo‘q. U yerda yolg‘iz yashayapti.
— Behuda gap! — qichqirib yubordi Mak-Endryu xonim.
— O‘zim borsam bo‘lar ekan, — po‘ng‘illadi polkovnik. — Har qanday qilib bo‘lsa-da, u ayol haqida
bilib kelardim.
— Parijga borib kelish mashaqqatini o‘z bo‘yningizga olmaganingizga afsuslanaman, — javob
berdim unga achitib, — o‘shanda hamma taxminlaringiz bema’ni bir gap ekaniga ishonch hosil qilib kelardingiz. U serhasham mehmonxonadagi keng xonani egallab turgani ham yo‘q, katalakday va xaroba xonada yashayapti. Yengil hayot ketidan quvib uydan chiqib ketgani ham yo‘q. Yonida sariq chaqasi ham yo‘q.
— Siz, u biz bilmaydigan biror ayb ish qilib qo‘ygan-u, mirshablardan yashirinib yuribdi, deb o‘ylaysizmi?
Bunday taxmin ularning yuragida umid uchqunlarini yoqdi, lekin men bunga qat’iy qarshi chiqdim.
— Agar shunday bo‘lganda sherigiga manzilini ma’lum qilib o‘tirarmidi? — piching aralash e’tiroz bildirdim. — Nima bo‘lganda ham bir narsaga aniq ishonaman: uning yonida hech qanday ayol yo‘q. U hech qanday ayolni sevib qolgan emas, buni xayoliga ham keltirayotgani yo‘q.
O‘rtaga sukunat cho‘kdi. Ular gaplarimning mag‘zini chaqishayotgandi.
— Unday bo‘lsa, — nihoyat sukunatni bo‘ldi Mak-Endryu xonim, — agar sizning aytayotganlaringiz rost chiqsa, ahvol men o‘ylaganchalik xatarli emas.
Striklend xonim opasiga qarab qo‘ydi-yu, indamadi. Uning rangi zahil edi, ingichka qoshlari chimirildi. Yuz ifodasi qanday ma’no anglatayotganini tushuna olmasdim. Mak-Endryu xonim gapini davom ettirdi:
— Demak, bu shunchaki injiqlik xolos, tezda o‘tib ketadi.
29


— Siz uning oldiga borishingiz kerak, Emmi, — dedi polkovnik. – Nega endi biror yil Parijda turmasligingiz kerak. Bolalarga biz qarab turamiz. Bir xildagi hayot uning joniga tekkan, tezda esi joyiga keladi va mamnuniyat bilan Londonga qaytadi. Shundan keyin hammasi unut bo‘lib ketadi.
— Men esa bormagan bo‘lardim, — gapga aralashdi Mak-Endryu xonim. – Yaxshisi, unga to‘la erkinlik berilgani ma’qul. Shunda u biror kun dumini qisib qaytib keladi va avvalgicha hayot kechirishda davom etadi. – Mak Endryu singlisiga sovuqqina qarab qo‘ydi. – Ehtimol, doimo ham u bilan o‘zingni to‘g‘ri tuta olmagansan, Emmi. Erkaklar nayrangboz bo‘lishadi, ular bilan muomala qilishni bilmoq kerak.
Mak-Endryu xonim ham ko‘pchilik ayollar singari sadoqatli va sevgan xotinini tashlab ketadigan erkaklarni ahmoq deb hisoblovchi, lekin bu ish uchun xotin kishi aybdor deguvchi ayollar toifasiga kirardi. Yurak o‘zicha ish tutadi, uni tushunish esa qiyin.
Striklend xonim o‘tirganlarga ohista ko‘z tashlab chiqdi.
— U qaytib kelmaydi, — dedi u qat’iy ravishda.
— Eh, jonginam, u to‘g‘risida senga aytib berishgan gaplarni eslab ko‘r. U saranjom-sarishtalik va
qulay sharoitga o‘rganib qolgan, izzat-hurmat ko‘rsatishlarini xush ko‘rgan. Nahotki sen uni ovloqdagi mehmonxonaning g‘aribgina xonasida uzoq yashay oladi, deb o‘ylasang. Ustiga-ustak, puli ham yo‘q ekan. U qaytib kelishi kerak.
— Hozirgacha biror ayol bilan qochib ketgan hisoblardim va shu bois menda qandaydir umid bor edi. Bunday holat uzoq davom etmasligiga ishonardim. O‘sha ayol uch oyda joniga tekkan bo‘lardi. Agar u ayol tufayli qochib ketmagan bo‘lsa hammasi barbod bo‘libdi.
— Bularning hammasi juda g‘aroyib-ku, — dedi polkovnik bu gaplarga burnini jiyirib. — U albatta qaytib keladi, Dorotining bu to‘g‘ridagi taxmini tamomila to‘g‘ri.
— Lekin men uning qaytishini istamayman, — dedi Striklend xonim.
— Emmi!
— Agar u biror ayolni to‘satdan yaxshi ko‘rib qolib qochib ketganda kechirgan, bu tabiiy holat deb bilib, uni ayblamagan bo‘lardim. Uni qochib ketishga majbur qilishgan deb hisoblardim. Erkaklar sodda va bo‘sh-bayov, ayollar esa shilqim bo‘lishadi. Lekin bu butunlay boshqa holat. Men uni ko‘rgani ko‘zim yo‘q. Endi hech qachon uni kechirmayman.
Polkovnik Mak-Endryu va uning qaylig‘i bir-biriga gal bermay xonimga dalda bermoqchi bo‘lishdi. Ular xonimning gaplaridan lol bo‘lib qolishdi. Aqldan ozibsan, deb o‘zini ishontirmoqchi bo‘lishar, uni tushunishni butunlay istashmasdi. Striklend xonim nihoyat menga murojaat qildi.
— Loaqal siz meni tushunarsiz?
— Unchalik emas. Gapingizni to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, agar u sizni boshqa ayol tufayli tashlab ketgan bo‘lsa kechirasiz-u, qandaydir fikrni o‘ylab ketgan bo‘lsa, kechirmaysiz, shundaymi? Chamasi, siz birinchi holatda o‘z taqdiringiz uchun kurashish imkoniyati bo‘ladi, ikkinchi holatda esa butunlay ilojsizman deb o‘ylayapsiz.
Striklend xonim menga o‘qrayib qarab qo‘ydi, lekin hech narsa demadi. Ehtimol, men mo‘ljalga aniq tekkandim. Keyin xirillagan va hayajonli ovoz bilan gapini davom ettirdi:
— Odamni bunchalik yomon ko‘rib qolish mumkinligi hech qachon xayolimga kelmagan. Qancha vaqt davom etsa ham, baribir, bir kuni qaytib keladi, deb o‘zimni ovutardim. Hech bo‘lmasa o‘lim qo‘ng‘irog‘i bong urayotganda meni chaqirtirar deb o‘ylagandim va bunga tayyor edim. Men unga xuddi onasiday mehribonlik ko‘rsatgan va pirovard-natijada, uni sevganimni va hammasini kechirganimni aytardim.
Men ko‘pincha ayollarda sevgan odamlarining o‘limi oldida o‘zlarini g‘alati tutishlarini ko‘rib ajablanardim. Ba’zida esa hatto yaqin odamlarining uzoq yashashlaridan afsuslanishayotganday, bu holat ularning erkinliklariga monelik qilayotganligidan ranjishayotganday tuyulardi.
— Lekin endi barchasi tamom. U men uchun tamomila begona odam. Ochlikda, tanholikda, g‘ariblikda o‘lib ketaversin – buning menga hech qanday aloqasi yo‘q. Biror dahshatli kasallik yoqasidan olishiga umid qilaman. U endi men uchun yo‘q.
30


Shu joyga kelganda Striklendning so‘zlarini bildirib qo‘yishni o‘rinli deb bildim.
— Agar siz u bilan ajralishni istasangiz, bu ishga zarur bo‘lgan hamma narsaga tayyor.
— Nega men unga erkinlik uchun imkon yaratib berarkanman?
— Menimcha, u bunday erkinlikka intilayotgani yo‘q. Shunchaki, sizga qulay bo‘larmikin deb
shunday degandi-da.
Striklend xonim asabiy holatda yelkasini qisdi. Men xafa bo‘ldim. O‘sha vaqtlarda odamlar haqidagi
fikrlarim boshqacharoq edi, chiroylikkina bu ayolning bunday munofiqona qarashlari xafa qilgandi. Inson qiyofalari bu qadar turli-tumanliligini tushunmasdim. Endilikda esa ichi torlik va keng fe’llik, qahr-g‘azab va mehr-shafqat, nafrat va muhabbat ham odamlar yuragidan o‘rin olabilishini tushundim.
“Striklend xonimga azob berayotgan, tahqirlangan tuyg‘ularini yengillashtiradigan biror so‘z topa olarmikinman?” deb o‘ylardim. Bunga urinib ko‘rmoqchi bo‘ldim.
— Mening nazarimda gohida eringiz o‘z harakatlariga javob bermaydigan odamday tuyuladi. Fikrimcha, u ilgarigi odam emas. Xayoliga kelib qolgan ishtiyoq uning butun vujudini egallab olgan. Azbaroyi oldi-ketiga qaramay, o‘z xayollariga o‘ralashib ketganidan uning holati xuddi o‘rgimchak to‘riga ilinib qolgan pashshaga o‘xshaydi. Bamisoli sehrlanganday. Bunday vaqtda odamdagi ikkinchi “men” birinchini siqib chiqarishi to‘g‘risidagi jumboqli hikoyalar esga tushadi. Qalbi xuddi o‘ziniki emasday, tanasi esa xuddi sirli o‘zgarishlarga qodirday. Eski vaqtlar bo‘lganida Charlz Striklendning ichiga shayton kirib olgan deyishardi.
Mak-Endryu xonim kafti bilan tizzalarini berkitib turgan ko‘ylagining etaklarini siladi, oltin bilaguzugi qo‘li bilan pastga qarab yurdi.
— Bularning barchasi quruq safsata, xolos, — dedi u aftini bujmaytirib. – To‘g‘ri, men Emmi eriga haddan tashqari ishonib yuborganini inkor etmayman. Agar u o‘z ishlari bilan andarmon bo‘lib qolmaganda, nimalar ro‘y berayotganini fahmlagan bo‘lardi. Masalan, Alek yillar mobaynida biror fikrini mendan yashirib yurolmaydi-ku.
Polkovnik o‘zini olamdagi eng yaxshi odamday ko‘rsatib, qayoqlargadir tikilib qoldi.
— Lekin, Charlz Striklend, baribir, berahm hayvon ekan. – Mak-Endryu xonim menga yeb qo‘yguday tikildi. –Men xotinini nima uchun tashlab ketganini aniq bilaman: u xudbinligi, ha, xuddi shunday xudbinligi tufayli tashlab ketgan.
— Bu judayam jo‘n izoh, — javob berdim men va ichimda bu izoh hech narsani tushuntirib bera olmaydi, deb qo‘ydim. Keyin charchaganligimni bahona qilib, ketishga otlandim, Striklend xonim meni yo‘ldan qaytarishga harakat ham qilib ko‘rmadi.
O‘n oltinchi bob
Keyingi voqealar Striklend xonim sabotli ayol ekanligini ko‘rsatdi. U baxtsizliklar to‘g‘risidagi oxiri ko‘rinmas hikoyalar odamlarning joniga tegib ketganini fahmlab, o‘z iztiroblarini yashirin tutardi. U qaerda paydo bo‘lmasin – do‘stlari galma-galdan tez-tez mehmonga chaqirib turishardi — o‘z qadr- qiymatini muqarrar ravishda baland tutardi. Ancha bashang, lekin sodda kiyinar, o‘zini quvnoq va kamtar tutardi. O‘z g‘am-tashvishlarini aytishdan ko‘ra, o‘zgalarning alamli hikoyalarini eshitishni afzal ko‘rardi. Eri to‘g‘risida doimo mehr-shafqat bilan gapirardi. Dastlabki paytlardagi eriga munosabati meni hayron qoldirdi. Bir kuni u menga shunday dedi:
— Siz, shubhasiz, yanglishyapsiz, aniq manbalarga qaraganda Charlz Angliyadan bir o‘zi ketmagan. — Agar shunday bo‘lsa, izni yo‘qotish bo‘yicha daho ekan.
U ko‘zini mendan olib qochdi va qizarib ketdi.
— Harholda, men sizdan iltimos qilaman, agar biror odam qandaydir satang bilan birga qochib
ketgan, deguday bo‘lsa, uni rad etmang. — Yaxshi, rad etmayman.
31


U gapni boshqa tomonga burdi. Tez kunda Striklend xonimning do‘stlari davrasida bu voqeaning o‘ziga xos bayoni paydo bo‘lganini eshitdim. Striklend go‘yoki “Empayr” teatrida birinchi marotaba ko‘rib qolgan frantsuz raqqosasiga oshiqu beqaror bo‘lib, uning ketidan Parijga jo‘nagan emish. Bunday ovoza qaerdan paydo bo‘lganini surishtirib o‘tirmadim, lekin bu gap Striklend xonimga odamlarning rahmini keltirar, uning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlardi. Bu esa uning o‘rganmoqchi bo‘lgan kasbiga yordam berishi mumkin edi. Polkovnik Mak-Endryu xonim sariq chaqasiz qoldi, deganda mubolag‘a qilmayotgandi. U yashashi uchun biror mablag‘ manbai topmog‘i, buni qanchalik tez boshlasa shuncha yaxshi edi. U yozuvchilar jamoatchiligidan ko‘pchiligini tanishi va bu narsa unga ish berishini o‘ylab, stenografiya va mashinkada yozishni o‘rganishga kirishdi. Uning o‘qimishliligi va ma’lumoti ajoyib mashinkachi bo‘lishiga zamin yaratardi. Oilaviy fojeasi esa mustaqil yo‘l tutishiga majbur etardi. Do‘stlari uni ish bilan ta’minlab turishga, o‘z tanish-bilishlariga uni tavsiya etishni va’da qilishdi.
Bolalari yo‘q va ma’murchilikda yashaydigan Mak-Endryular xonimning bolalariga homiylik qilishni o‘z zimmalariga olishdi. Shunday ekan, Striklend xonim faqat o‘zini boqsa kifoya edi. U o‘z uyidan chiqib ketib, mebellarni sotdi. Vestminsterda kichikroq ikki xonali uyda Striklend xonim yangi hayot boshladi. U o‘ta tirishqoq bo‘lganligi tufayli, ishida muvaffaqiyat qozonishiga shubha qilmasa bo‘lardi.
O‘n yettinchi bob
Yuqoridagi voqealar sodir bo‘lganidan keyin besh yil o‘tgach, men biroz muddat Parijda yashashga qaror qildim. Har kuni bir ishni qaytaraverish g‘oyat jonga tegadigan va zerikarli mashg‘ulot. Do‘stlarim o‘z hayot yo‘llaridan asta-sekin olg‘a borishardi. Ular endi meni biror narsa bilan hayratlantira olishmasdi. O‘zaro uchrashib qolganlarimizda nima deyishlarini avvaldan bilib turardim, hatto ularning ishqiy sarguzashtlari ham unchalik qiziq tuyulmasdi. Biz bir tomondagi so‘nggi bekatdan ikkinchi tomondagi oxirgi bekatga bo‘zchining mokisidek borib kelaveradigan tramvay vagonlariga o‘xshardik. Bu vagonlar qancha yo‘lovchini tashishini ham aniq hisoblash mumkin edi. Hayot nihoyatda zerikarli o‘tardi. Meni vahima bosdi. Uydan voz kechdim, arzimas uy-ro‘zg‘or anjomlarini sotib yubordim-da, hammasini yangidan boshlashga qaror qildim.
Jo‘nab ketishdan oldin Striklend xonimnikiga kirdim. Men uni anchadan beri ko‘rmagandim, shu tufayli xonimdagi o‘zgarishlar aniq ko‘zga tashlanardi. U qarib va ozib, yuzidagi ajinlar ko‘payibgina qolmay, fe’li ham o‘zgarganday tuyuldi. U o‘z ishlarini ancha yo‘lga qo‘yib yuborgandi, Chanserileynda idorasi bor edi. Striklend xonimning o‘zi endi deyarli mashinkalash bilan shug‘ullanmas, faqat qo‘l ostida ishlaydigan to‘rtta qizning ishlarini tekshirardi. O‘z mahsulotlarining xaridorgir bo‘lishi va chiroyli chiqishi uchun ko‘k va qizil ranglardan foydalanar, tayyor ishlarni tovlanadigan qattiq va yoqimtoy rangli qog‘ozlarga o‘rab berardi. Darhaqiqat, uning ishlari go‘zalligi va nozikligi bilan nom qozongandi. U yaxshigina daromad qilardi. Lekin faqat yashash uchun ishlash unchalik yoqimli mashg‘ulot emas, degan tasavvurda edi, shu bois suhbatdoshlariga o‘zining oqsuyak ayollardan ekanligini eslatib qo‘yardi. Striklend xonim gap orasida mashhur tanishlarining nomlarini qalashtirib tashlar, o‘zi ijtimoiy zinapoyaning shu pog‘onasida qolayotganidan afsuslanganday bo‘lardi. Bunday jur’atidan o‘zi ham xijolat chekkanday bo‘ldi, lekin ertaga Janubiy Klinsingtonda yashovchi taniqli advokat davrasida ziyofatda bo‘lishidan hayajondaligini bildirdi. O‘g‘li Kembrijda o‘qishini mamnuniyat bilan hikoya qilardi. Shuningdek, u biroz kinoyaomuz shaklda bo‘lsa-da, qizi to‘xtovsiz ravishda raqsga taklif etilayotganligini ham qo‘shib qo‘yishni unutmasdi. Men noo‘rin savol berib qo‘ydim:
— Qizingiz ham ishlaringizga qarashadimi?
— Zinhor! Men bunga yo‘l qo‘ymayman, — javob beradi Striklend xonim. – U juda yoqimtoy va men ishonamanki, o‘ziga yaxshigina qayliq topa oladi.
— Bu sizga katta madad bo‘lardi.
— Ko‘pchilik u katta sahnaga chiqishi kerak, deb hisoblaydi. Lekin men bunga rozi bo‘lmayman.
32


Men eng yaxshi dramaturglarimizning barchasi bilan tanishman, unga ertagayoq yaxshigina rol topib berishim mumkin, lekin men bunday doiraga kirib qolishini istamayman.
Bunday kalondimog‘lik meni hayron qoldirdi.
— Eringiz to‘g‘risida biror xabar eshitdingizmi?
— Yo‘q, hech narsa eshitmadim. Chamasi, u o‘lib ketgan.
— Agar uni Parijda uchratib qolsam sizga xabar beraymi?
U bir daqiqacha o‘ylab qoldi.
— Agar u judayam qiynalib qolgan bo‘lsa, biroz yordam berishim mumkin. U holda sizga ozroq pul
jo‘nataman, zarur paytlarida ozgina-ozginadan berib turasiz.
— Siz juda olijanobsiz, — dedim men.
Lekin men u bu ishni olijanobligi uchun qilmayotganini bilardim. Iztirob odamni olijanob qiladi,
degan gapga kafillik berib bo‘lmaydi. Baxt gohida odamda shunday tuyg‘ular uyg‘otishi mumkin. Lekin iztirob aksariyat hollarda odamni maydakash va qasoskorga aylantiradi.
O‘n sakkizinchi bob
Parijga kelganimdan keyin ikki hafta o‘tar-o‘tmas Striklendni uchratib qoldim.
Men Dam ko‘chasidagi uylardan birining beshinchi qavatidan kichkinagina xonani tezda topib oldim. Ikki yuz frankka eski mebellar xarid qildim. Qavat nazoratchisi ertalablari menga qahva qaynatib berishi va xonamni tartibga solishi lozim edi. O‘rnashib olganim zahoti eski tanishim Dirk Struvenikiga jo‘nadim.
Dirk Struve o‘z fe’l-atvorlariga qarab ba’zilar bepisandlik bilan istehzoli kuladigan, ba’zilar hayronlikda yelka qisib qo‘yadigan odamlar toifasiga kirardi. Tabiat uni qiziqchi qilib yaratgandi. U rassom, rassom bo‘lganda ham yomon rassom edi. Biz Rimda tanishgandik, rasmlarini yaxshi eslardim. U siyqasi chiqqan mavzularda rasm chizishga o‘ch edi. San’atga mislsiz muhabbat qo‘ygan bu odam nuqul rimliklarni aks ettirardi. Uning rasmlarida Ispaniya maydonining zinapoyalarida dam olayotganlar, o‘tkir uchli shlyapa kiyib olgan ko‘zlari katta-katta mo‘ylabli dehqonlar, turfa rangli kiyim-kechak kiyib olgan bolalar, keng yubkali ayollar tasvirlanardi. Rasmdagilar yo cherkov eshigining oldida dam olishayotgan, yo tiniq osmon ostida sarv daraxtlari orasida sayr qilayotgan, yo Uyg‘onish davridan qolgan favvora oldida muhabbat sarguzashtlarini bir-birlariga hikoya qilib maroqlanishayotgan, yo bo‘lmasa, buqalar qo‘shilgan aravalar atrofida uymalashib yurgan holatda ko‘rsatilardi. Ularning barchasi obdon hafsala bilan chizilgan va bo‘yalgandi. Ehtimol, fotografiya ham tasvirga olinayotganlarni bunchalik aniq ko‘rsata olmasdi. Rassomlardan biri Medichining dala hovlisida Dirkka “Shokolad” qutichalari chizish bo‘yicha mutaxassis deb baho bergandi. Uning rasmlarini ko‘zdan kechirib, Mone, Mane va boshqa impressionistlar butunlay bo‘lmagan deb o‘ylash mumkin edi.
— Albatta, men ulug‘ rassom emasman, — derdi u. – Shubhasizki, Mikelanjelo emasman, lekin menda nimadir bor. Mening rasmlarim sotilyapti. Bu rasmlar turli toifadagi odamlarning uylariga fayz bag‘ishlamoqda. Sen bilasanki, mening ishlarimni faqat Gollandiyada emas, Norvegiya, Shvetsiya va Daniyada ham sotib olishyapti. Savdogarlar va badavlat ishbilarmonlar rasmlarimni juda yoqtirishadi. Bu yerlarda qishning nihoyatda sovuq, uzoq bo‘lishini tasavvur ham qila olmaysan. O‘sha joylarning aholisi Italiya mening rasmlarimda tasvirlangandek deb o‘ylashni xohlashadi. Italiyani xuddi men tasvirlaganday tasavvur etishadi. Bu tomonlarga kelmasimdan oldinlari ham men uni xuddi shunday tasavvur etardim.
Darhaqiqat, bu tasavvur uning qon-qoniga singib ketgan va o‘ziga rom etib qo‘ygan, shu bois haqiqatni ko‘ra olmasdi, uning nazdida Italiya romantik qaroqchilar va ajoyib xarobalar vatani bo‘lib ko‘rinardi. U g‘arib, pastkash va siyqasi chiqqan idealni chizishda davom etardi. Bu hol asarlariga o‘ziga xos joziba kasb etardi. Shaxsan men uchun Dirk Struve faqatgina masxaravozlik manbai
33


emasdi. Rassom birodarlari esa chizgan rasmlariga mensimay qarashlarini yashirib o‘tirishmasdi. Lekin u yaxshigina pul topardi. Rassom oshnalari o‘ylab ham o‘tirmay cho‘ntagiga xo‘jayinlik qilishdan tap tortishmasdi. Dirk qo‘li ochiq odam edi, uning soddadilligini suiiste’mol qiluvchilar zarracha tortinmay qarz olaverishardi. Rahmdilligi, ochiqko‘ngilligi me’yoridan ortiq darajadaligidanmi, olgan qarzlariga minnatdorchilik bildirishni ham o‘zlariga ep ko‘rishmasdi. Undan qarz olish yosh bolani talaganday bir gap edi. Ustiga-ustak, tentak deb yozg‘irishardi. Nazarimda, o‘z epchilligidan g‘ururlanib yuradigan cho‘ntak o‘g‘risi izvoshda butun boyligi solingan chamadonchani unutib qoldirgan merov xotinning o‘ljasini osongina qo‘lga kiritganiga unchalik ham xursand bo‘lavermaydi. Tabiat Struvega laqmalik hadya qilganida saxiylik ko‘rsatganiga qaramay ta’sirchanligi ham o‘ziga yetarli edi. Ko‘pincha masxaralash va tahqirlar yomg‘iri ostida qolishiga qaramay, ko‘ngilli ravishda o‘zini shunday zarbalar tagida qoldirayotganday tuyulardi. U ketma-ket qilinayotgan tahqirlardan ozor chekayotgan bo‘lsa-da, oqko‘ngil bo‘lganligi bois, jahli chiqmasdi. Avval otilgan ta’na toshining og‘rig‘i ketmasdan yangisi otilaverardi. Uning hayoti fojialarga to‘la edi. Men uni hech qachon masxara qilmasdim. Shu bois rahmdil hamroh topganidan xursand bo‘lib adoqsiz g‘am-alamlarini menga to‘kib solishga harakat qilardi. Eng achinarlisi shunda ediki, bu g‘am-alamlar qanchalik fojiali bo‘lsa, shunchalik kulgili edi.
U yomon rassom bo‘lishiga qaramay, san’atni favqulodda nozik his etardi, rasmlar ko‘rgazmasini Struve bilan birgalikda aylanish odamga chinakam lazzat bag‘ishlardi. San’at asarlaridan behad hayratlana biladigan Struvega tanqidiy fikrlash ham yot emasdi. Dirk katolik mazhabiga mansub edi. U avvalgi avlod rassomlarining qadriga yetish bilan birga, zamonaviy rasmlarga ham munosib baho bera olardi. Yangi talantlarni tezda fahmlay olar, ular to‘g‘risida bag‘rikenglik bilan mulohaza yurita bilardi. Men hech qachon rassomchilik asarlariga bu qadar to‘g‘ri baho beradigan ikkinchi odamni ko‘rmaganman. Buning ustiga ko‘pchilik rassomlarga qaraganda yaxshiroq bilimga ega edi, ularga o‘xshab san’atning boshqa sohalaridan xabarsiz emasdi. Musiqiy va adabiy didi rassomchilik to‘g‘risidagi mulohazalarining teran va turfa xilligiga olib kelardi. Men singari yoshlar uchun Dirk Struvening maslahat va izohlari haqiqatan katta ahamiyatga molik edi.
Rimdan jo‘nab ketganimdan keyin taxminan ikki oyda bir martadan o‘ziga xos ingliz tilidagi uzun xatlarini olib turdim. Bu xatlarni o‘qiganimda entikib, jo‘shib, qizg‘in qo‘l harakatlari bilan so‘zlayotgan Dirkni ko‘rib va eshitib turgandek bo‘lardim. Parijga kelmasimdan sal oldinroq u ingliz qiziga uylangan bo‘lib, endilikda Monmartrda o‘rnashib olgandi. U bilan to‘rt yildan beri ko‘rishmasdik, xotini bilan ham tanish emasdik.
O‘n to‘qqizinchi bob
Parijga borishimni Struvega xabar qilmaganligim tufayli, eshik qo‘ng‘irog‘ini chalganimda chiqib kelgan rassom dastlab meni tanimadi. Keyin xursandchilikdan qichqirib yubordi-da, ustaxonasiga surgab ketdi. Bunaqa qizg‘in kutib olish odamga xush yoqar ekan!
O‘choq yonida nimadir tikayotgan xotini o‘rnidan turib, mening istiqbolimga yurdi. Dirk meni tanishtirdi.
— Sen uni bilasan, — dedi xotiniga murojaat etib, — u to‘g‘risida senga ko‘p gapirib berganman. – Menga qarab esa: — Nega kelishingni xabar qilmading? Kelganingga ancha bo‘ldimi? Uzoqroq muddatga keldingmi? Eh, sen bir soat oldinroq kelganingda birgalikda ovqatlanardik.
U menga savollar yog‘dirib tashladi, yumshoq o‘rindiqqa o‘tkazib, yelkamga shapatilab urib, sharob, pechene, sigara bilan siylay boshladi. Bir daqiqa bo‘lsin meni tinch qo‘ymas, uyda viski yo‘qligiga achinar, qahva tayyorlashga shoshilar, yana nimalar bilandir ko‘nglimni olishga intilar, xursandligidan o‘zini qo‘yishga joy topa olmas, kular, azbaroyi hayajonlanayotganidan terlab ketgandi.
— Sen zarracha o‘zgarmagansan, — dedim unga kulib qararkanman.
34


Dirkning ko‘rinishi hamon beo‘xshov edi. Bo‘yi past, semiz, oyoqlari kalta-kalta. Hali yoshligiga qaramay – u o‘ttizdan oshmagandi – sochi deyarli qolmagandi. Yuzi dum-dumaloq bo‘lib, terisi oqqa moyil qizg‘ish, lablari qip-qizil edi. U doimo oltin gardishli kattakon ko‘zoynak taqib yurardi, ko‘zlari ko‘m-ko‘k va katta-katta edi, mo‘ylabi azbaroyi yuzining rangiga o‘xshab ketganidan yo‘qqa o‘xshardi. U Rubens chizishni yaxshi ko‘rgan xushchaqchaq semiz savdogarlarga o‘xshab ketardi.
Birmuncha muddat Parijda bo‘lmoqchiligimni, uy ham topganimni unga gapirganimda, oldindan aytmaganimga ta’na qildi. O‘zi uy topib jihozlashga yordam berishi, ko‘chishga ko‘maklashishi mumkinligini bildirdi, bekorga mebel uchun pul harjlaganimdan koyindi. Uning yordamidan foydalan- maganimni do‘st kishining ishi emas deb astoydil ginaxonlik qildi. Struve xonim jimgina paypoq to‘qib o‘tirar, erining gaplarini kulimsiragancha bamaylixotir eshitib o‘tirardi.
— Ko‘rib turganingdek, uylandim, — to‘satdan e’lon qildi Dirk, — xotinim to‘g‘risida nima deysan?
U xotiniga nihoyatda mayinlik va nazokat bilan tikildi, terlaganidan burnining uchigacha tushib ketayotgan ko‘zoynagini ko‘tarib qo‘ydi.
— Bu savolingga nima deb javob bera olardim? — kuldim men.
— Qo‘ysang-chi, Dirk, — deb so‘z qistirdi Struve xonim.
— Axir u ajoyib emasmi? Do‘stginam, vaqtni o‘tkazmay uylan, iloji boricha tezroq uylan. Men eng
baxtli odamman. Unga bir qara. Axir u tayyor rasm emasmi? Sharden rasmlariga o‘xshaydi-a? Men dunyodagi barcha go‘zallarni ko‘rganman, lekin hech qachon Struve xonimdan go‘zalrog‘ini ko‘rmaganman.
— Dirk, agar jim bo‘lmasang, ketib qolaman.
— Tentakkinam, — dedi u.
Xonim erining ovozidagi behad ehtirosdan uyalinqirab qizarib ketdi. Dirkning xatlaridan men
xotinini esini yo‘qotar darajada yaxshi ko‘rishini bilardim, endilikda undan ko‘z uza olmayotganini ko‘rib bunga yanada ishonch hosil qildim. Ayol uni sevish-sevmasligini esa aniq ayta olmayman. Bechora Pantalone esa o‘ziga bunday qizg‘in muhabbat uyg‘otishi qiyin edi, lekin ayolning ko‘zlari yoqimtoy kulib turardi. Ehtimol, uning o‘zini vazmin tutishida chuqur tuyg‘ular yashiringandir. Men Struve xonimda rassomning es-hushini olgan maftunkor go‘zallikni payqamadim, lekin ayolda qandaydir sokin joziba bor edi. Arzonroq kulrang matodan qoyilmaqom qilib tikilgan ko‘ylagi balanddan kelgan kelishgan qomatiga quyib qo‘yganday yarashgandi. Ana shu qomat tikuvchidan ko‘ra haykaltarosh uchun qiziqarliroq edi. Struve xonim, oq yuzdan kelgan qizg‘ish-qo‘ng‘ir sochlarini soddagina qilib turmaklab olgandi. Ko‘m-ko‘k ko‘zlarida xotirjamlik uchqunlarini sezish qiyin emasdi. Uni g‘oyatda go‘zal deb ayta olmasam-da, Struve bekorga Shardenni eslatmagandi. U ulug‘ rassom tasvirlagan va shu orqali mangulikka daxldor qilgan yengil bosh kiyim kiyib, peshband tutib olgan ayolni eslatardi. Xonim juda aqlli va ish bilan band ayol taassurotini qoldirmasdi, lekin undagi sokin jiddiylik qiziqishimni uyg‘otardi. Uning Dirk Struvega turmushga chiqqanligi juda g‘alati edi. U ingliz ayoli bo‘lishiga qaramay, qanday doiradan ekanligini, qanday tarbiya olganini, turmushga chiqqungacha qanday yashaganini bilmasdim. U deyarli gapirmasdi, lekin ahyon-ahyonda oraga biror so‘z qistirganda ovozi yoqimtoyligi, harakatlari tabiiyligi sezilardi.
Men Struvedan ishlayotgan yoki ishlamayotganini so‘radim.
— Ishlayapsizmi deb so‘rayapsizmi? Ha, oldingilariga qaraganda yaxshi rasmlar chizayapman!
U qo‘limdan ushlab dastgohda turgan rasm oldiga olib bordi.
Men beixtiyor seskanib ketdim.
Dirk cherkov oldida dam olayotgan Kampan’i kiyimidagi bir to‘da italyan dehqonlarini chizgandi.
— Hozir shu rasmni chizayapsanmi? — so‘radim undan.
— Ha. Bu yerdagi modellar Rimdagidan yomon emas.
— Judayam chiroyli-a, to‘g‘rimi? — dedi Struve xonim.
— Bechora xotinim meni ulug‘ rassom deb fahmlaydi.
Uning xijolatli kulishi bu fikrdan maza qilayotganini yashira olmadi. Uning ko‘zlari dastgohdagi
rasmda edi. Boshqa rassomlarning asarlari to‘g‘risidagi g‘oyat o‘rinli tanqidiy mulohazalarini o‘zining
35