ishqibozi deb aytibdi. Uning tanishi juda ajablanibdi, karta o‘yini ustida biror marotaba ham ko‘rmaganman, debdi. Hammasi kunday ravshan, uni klubda deb o‘ylagan paytimda kim bilan bo‘lganligi o‘z-o‘zidan ayon.
Men jim bo‘lib qoldim. Xayolimga bolalar keldi.
— Bularning hammasini Robertga tushuntirish juda qiyin kechgandir.
— O, men unga ham, qizimga ham hech narsa demadim. Axir biz shaharga maktablardagi o‘qish
boshlanishidan bir kun oldin yetib kelgan edik-da. Ularga faqat dadang kutilmaganda ish bilan jo‘nab ketdi, deya oldim, xolos. Yurakda shunday kutilmagan sir bilan xotirjam bo‘lish, bolalarning maktab bilan bog‘liq barcha ehtiyojlari to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish qiyin edi. Striklend xonimning ovozi yana qaltirab chiqdi.
— Bechora bolajonlarimning ahvoli ne kechadi? Tirikchiligimizni qanday o‘tkazamiz?
Ayol o‘zini qo‘lga olishga urinayotgandi. U qo‘llarini beixtiyor ravishda qisayotgani va qo‘yib yuborayotganiga ko‘zim tushdi. G‘oyat achinarli manzara!
— Agar sizga yordam beradigan bo‘lsa, albatta, Parijga boraman. Lekin siz men u yerda nimaga erishishim kerakligini ayting.
— Men uning uyga qaytishini istayman.
— Polkovnik Mak-Endryuning so‘zlaridan siz u bilan ajralishga qaror qilganingizni tushungandim.
— Men hech qachon Charlidan ajralmayman! — g‘azab bilan xitob qildi u. Charli hech qachon u
ayolga uylana olmaydi. Men undan ham qaysarroqman, hech qachon undan ajralmayman. Men bolalar to‘g‘risida o‘ylashga majburman.
So‘nggi so‘zlarini u o‘z munosabatini tushuntirish uchun aytdi, lekin gap faqat bolalarga g‘amxo‘rlik ustida emas, rashk tuyg‘usi ustida ham ketayotganini fahmladim.
— Siz hamon uni sevasizmi?
— Bilmadim. Men uning uyga qaytishini istayman. Agar u uyga kelsa, hammasini unutib yuboraman. Nima qilganda ham biz o‘n yetti yil birga yashadik. Men bag‘ri keng ayolman. Istagan ishini qilib yuraversin, faqat men bilmasam bo‘ldi. Sarguzashtlari uzoq vaqtgacha davom etavermasligini u anglashi kerak. Agar u bag‘rimizga qaytib kelsa, xuddi avvalgiday yashayveramiz, hech kim hech narsa bilmaydi.
Striklend xonim g‘iybatlardan juda qo‘rqishini sezganimda hayron bo‘lgan edim. O‘sha vaqtlarda ayollar hayotida odamlarning fikri juda katta rol o‘ynashini bilmasdim. Odamlar fikridan qo‘rqish inson tuyg‘ulariga nosamimiylik soyasini tashlaydi.
Striklendning qaerda yashayotgani ma’lum edi. Sherigi bankka yo‘llagan g‘azabkor xatida u to‘g‘risida bo‘lmag‘ur gaplarni aytdi, Striklendni yashayotgan aniq manzilini yashirayotganlikda aybladi. O‘z navbatida Striklend ham beadablik bilan javob qaytardi va aniq manzilini oshkor qildi. U mehmonxonada yashayotgandi.
— Men hech qachon bu mehmonxona to‘g‘risida eshitmaganman, — dedi Striklend xonim. – Lekin Fred bu mehmonxonani bilar ekan, juda qimmatligini aytdi.
Xonim qizarib ketdi. Uning ko‘z oldida serhasham mehmonxonada yashayotgan, mashhur restoranlarda ovqatlanayotgan, kunduzlari ot poygalarida, kechqurunlari teatrlarda vaqtini o‘tkazayotgan eri gavdalanayotganini tushundim.
— Bunaqada uzoqqa bora olmasligi tayin, — dedi u. – U qirqdan oshganini esdan chiqarmaslik kerak. U yosh yigit bo‘lganida bu hodisalarni tushungan bo‘lardim. Bolalarimizning bo‘yi yetib qolganda, bu — dahshat. U sog‘lig‘ini butunlay yo‘qotib qo‘yadi.
Ayolning qalbida g‘azab va iztirob kurashayotgandi.
— Unga aytingki, usiz uyimiz uy bo‘lmay qoldi. Go‘yo hamma narsa o‘z o‘rnidaga o‘xshaydi-yu, lekin hammasi qandaydir fayzsiz. Men usiz yashay olmayman. Bundan ko‘ra o‘zimni o‘ldirganim afzal. Unga bizning o‘tmishimizni, birga kechirgan kunlarimizni, hamma-hammasini gapirib bering. Bolalarim uni so‘rashsa, ularga nima deb javob beraman? Uning xonasi qanday bo‘lsa, shundayligicha turibdi, uni kutyapti. Biz hammamiz uni kutyapmiz.
18


Unga nimalar deyishim lozimligini xonim so‘zma-so‘z tushuntirdi. Bundan tashqari, u bildirishi ehtimol bo‘lgan e’tirozlarga qanday javob berishim kerakligini ham birma-bir aytib o‘tdi.
— Men uchun qo‘lingizdan kelgan hamma narsani bajarishga va’da bera olasizmi? — nolakor qo‘shib qo‘ydi u. — Qanchalar g‘am chekayotganimni unga bildirib qo‘ying.
Xonim barcha vositalar bilan erining rahmini keltirishni, insofga chaqirishimni istardi. Endi u mendan uyalmay bemalol yig‘layotgandi. Garchi Striklendning bag‘ritoshligini bilsam ham, azbaroyi ta’sirlanib ketganimdan, uni uyga qaytarish uchun qo‘limdan kelgan barcha choralarni ko‘rishga qasam ichdim. Men bu vazifani bajarish uchun ertasigayoq jo‘nab ketishga va biror natijaga erishish uchun zarur bo‘lgan vaqtgacha Parijda turishga so‘z berdim. Kech bo‘lib qolgani va ikkalamiz ham bu ko‘ngilsizliklardan obdon charchaganimiz tufayli xayrlashib chiqib ketdim.
O‘n birinchi bob
Menga topshirilgan vazifa to‘g‘risida Parijga ketayotganimda o‘ylab borarkanman, uni natijasiz tugatishdan xavotirlanardim. Endilikda, yig‘lab turgan Striklend xonimning qiyofasi ko‘zimdan nari vaqtida fikrlarimni bir joyga jamlashim mumkin edi. Striklend xonimning o‘zini tutishdagi aniq ko‘rinib turgan qarama-qarshiliklar meni hayron qoldirardi. U juda baxtsiz edi, lekin rahmimni keltirish uchun barcha choralar bilan o‘zini yanada baxtsizroq ko‘rsatishga urinardi. Masalan, yig‘lashga oldindan tayyorgarlik ko‘rganini fahmlash qiyin emasdi. Zero, u qo‘liga anchagina dastro‘mol ushlab olgandi. Men uning tadbirkor ekanligiga qoyil qolardim. Lekin ayni ana shu tadbirkorligi tufayli, uning ko‘zyoshlari unchalik ta’sir qilmasdi. Erini yaxshi ko‘rgani uchun uyiga qaytarmoqchimi yoki har xil yomon so‘zlardan qo‘rqqani uchun – men shu narsani bilolmay hayron edim. Uning yuragida toptalgan muhabbat iztiroblari bilan tahqirlangan xudbinlik azoblari omuxta bo‘lib ketganini gumon qilardim, yoshligim tufayli bu hol insonlarga yarashmaydi deb hisoblardim. Men o‘sha paytlarda inson zotining qiyofasi g‘oyatda qarama-qarshi bo‘lishini, eng olijanob odamlar ham tubanlashib ketishini, eng pastkash kimsalar esa ma’lum sharoitlarda olijanoblik kasb etishlarini bilmasdim.
Lekin safarimning kishini qiziqtiradigan tomonlari ham bor edi. Shuning uchun Parijga yaqinlashganim sari o‘zimni tetik seza boshladim. To‘satdan o‘zimga chetdan nazar tashlab, daydib ketgan erning barcha gunohlarini kechirishga tayyor turgan qayliqning bag‘riga qaytarishga qaratilgan ishonchli vakillik rolim o‘zimga yoqa boshladi. Striklend bilan ertaga kechqurungacha ko‘rishmaslikka qaror qildim. Zero uchrashadigan vaqtni nazokat bilan tanlash lozim edi. Masalan, nonushtagacha inson tuyg‘ulariga ta’sir etish, insofga keltirish xomxayol edi. Mening shaxsiy xayollarim o‘sha paytlarda doimo muhabbat masalalari bilan band bo‘lardi. Oilaviy huzur-halovat haqida choy vaqtigacha gaplashishni tasavvur ham eta olmasdim.
Mehmonxonaga joylashib olganimdan keyin Charlz Striklend yashayotgan “Otel de belj“ni surishtirishga tushdim. Darbon bunday mehmonxona to‘g‘risida mutlaqo eshitmaganini bilganimdan keyin hayronligim oshdi. Striklend xonimning so‘zlariga qaraganda esa bu Rivoli ko‘chasi yaqinidagi katta va dabdabali mehmonxona edi. Ma’lumotnomalar kitobidan qidirganimizda esa shunday nomlanadigan yagona muassasa Muan ko‘chasida ekan. Bu mavze shaharning eng serhasham emas, aksincha, ko‘rimsizroq maskanlaridan edi. Men boshimni sarak-sarak qildim.
— Yo‘q, biz qidirayotgan joyga o‘xshamayapti.
Darbon yelkasini qisib qo‘ydi. Parijda shu nomli boshqa mehmonxona yo‘q. Kallamga Striklend haqiqiy manzilini atayin yashirganday, xayoliga kelgan mehmonxona nomini aytib, sherigini aldaganday tuyuldi. Negaligini bilmadim-u, lekin to‘satdan menga bu Striklendning ruhiga to‘g‘ri keladigan holatday, g‘azab otiga mingan dallol sherigini xalloslagancha Parijga kelib, xilvatdagi qandaydir mehmonxonani qidirtirish uchun atayin qilayotganday tuyuldi. Shunga qaramay, joyni tekshirish uchun otlandim. Ertasiga soat, chamasi, oltilarda fayton yollab izvoshchiga Muan ko‘chasiga
19


eltib qo‘yishni buyurdim. Faytonni ko‘cha muyulishida qoldirib, mehmonxonagacha piyoda bormoqchi bo‘ldim. Ko‘cha kambag‘al xaridorlar uchun arzon mollar sotadigan do‘konchalar bilan to‘lib-toshib ketgandi. Do‘konchalarning o‘rtarog‘ida, mening chap tomonimda “Otel de belj” mehmonxonasi joylashgandi. Men kamtaringina mehmonxonada joylashgan edim. Lekin u qarshimdagi mehmonxonaga nisbatan judayam hashamatli tuyulardi. “Otel de belj” deb yozilgan kattakon yorliq uzoq yillar mobaynida ta’mirlanmagan va to‘kilay deb turgan baland binoni bezab turardi. Uning ikki tomonidagi uylar bunga solishtirganda juda ozoda va ko‘rkam ko‘rinardi. Iflos bo‘lib ketgan oynalar, chamasi, hech qachon ochilmagandi. Yo‘q, noma’lum huriliqo deb burchi va nomusini unutgan Charlz Striklend va o‘sha malak bu yerda jinoyatkorona aysh-ishrat qilishmayotgan bo‘lsa kerak. Men ahmoqona holatda qoldim, deb juda darg‘azab bo‘ldim va Striklendni surishtirmasdanoq jo‘nab qolish payiga tushdim. Lekin pirovardida bino ostonasidan ichkari kirishga o‘zimni majbur etdim. Bu faqat Striklend xonimga qo‘limdan kelgan barcha ishni qilib ko‘rdim, deyish uchungina bo‘ldi, xolos.
Mehmonxonaga kiriladigan joy qandaydir do‘koncha yonida ekan. Eshik ochiq edi. Ichkariga osib qo‘yilgan “Idora ikkinchi qavatda” deyilgan yozuv aniq ko‘rinib turardi. Men torgina zinapoyadan ko‘tarilib, shisha uychaga o‘xshash maydonchaga chiqib qoldim. Unga stol va ikki stul qo‘yilgandi. Uning tashqarisida taxta o‘rindiq turardi. Chamasi, qavat nazoratchisi notinch tunlarini shu o‘rindiqda o‘tkazsa kerak. Hech kimning qorasi ko‘rinmasdi. Lekin elektr qo‘ng‘iroq tugmasi tagida “Qavat nazoratchisi” degan yozuv bor edi. Men qo‘ng‘iroq tugmasini bosdim, tez orada ko‘zlari pirpirab turgan ko‘rimsizgina yigit paydo bo‘ldi. U nimcha va gilam shippakcha kiyib olgandi.
Negaligini bilmayman-u, men juda mensimagan ohangda undan so‘radim:
— Bu yerda Striklend degan janob yashamaydimi?
— O‘ttiz ikkinchi xona. Oltinchi qavat, — javob berdi yigit.
Men shu qadar esankirab qoldimki, dastlab nima deyishimni ham bilmay qoldim. — U xonasidami?
Qavat nazoratchisi uychadagi taxtaga qaradi.
— Kalitni qoldirmapti. Yuqoriga chiqib ko‘ring.
Men unga yana bitta savol berishni lozim topdim.
— Xonim uydami?
— Janob bir o‘zi yashaydi.
Nazoratchi men yuqoriga ko‘tarilib ketayotganimda gumonsirab qarab qo‘ydi. Qorong‘i va havosi
og‘ir yo‘lakdan ko‘ngilni aynitadigan achimsiq hid anqirdi. Uchinchi qavatda xalatsimon uychi kiyimdagi xurpaygan ayol eshikni ochdi va miq etmay menga qarab qoldi. Nihoyat, oltinchi qavatga chiqib bordim-da, o‘ttiz ikkinchi raqamli xona eshigini taqillatdim. Ichkarida nimadir taraq-turuq qilib ketdi-da, eshik ochildi. Qarshimda Charlz Striklend turardi. U biror so‘z qotmadi, meni tanimayotgani ko‘rinib turardi.
Men o‘z nomimni aytdim. Keyin iloji boricha nazokat bilan muomala qilishga intildim.
— Siz meni eslay olmasangiz kerak. O‘tgan yili yozda siznikidagi mehmondorchilikda qatnashish baxtiga musharraf bo‘lgan edim.
— Kiring, — samimiy javob berdi u. – Sizni ko‘rganimdan juda xursandman. O‘tiring.
Men xonaga kirdim. Bu torroq xona bo‘lib, frantsuzlar Lui-Filipp uslubi deb yuritiladigan mebellar bilan liq to‘la edi. Xonada ustiga qizil choyshab yopilgan keng yog‘och karavot, katta javon, dumaloq stol, kichkinagina qo‘lyuvgich, qizil gazlama qoplangan ikkita stul joy olgandi. Polkovnik Mak-Endryu menga ta’riflagan shohona hayotdan nishona ham yo‘q edi. Striklend stullarning biriga tashlab qo‘yilgan kiyimlarni yerga uloqtirdi-da, o‘tirishga taklif etdi.
— Xo‘sh, xizmat? — so‘radi u.
Striklend bu xonada birinchi tanishgan oqshomdagidan ham gavdaliroq ko‘rinardi. U, chamasi, bir necha kundan beri soqolini olmagan, oxori ketib qolgan kalta kamzul kiyib olgandi. O‘ziga qaramagan, sochini taramagan bo‘lsa-da, chamasi, o‘zini nihoyatda erkin his etayotgandi. Men avvaldan tayyorlab qo‘ygan iboraga u qanday munosabatda bo‘lishini bilmasdim.
20


— Men rafiqangizning topshirig‘iga muvofiq keldim.
— Men ovqatlanishdan oldin ozgina ermanli araqni ichmoqchi bo‘lib turgan edim. Siz buni yoqtirasizmi?
— Ha, endi.
— Unday bo‘lsa ketdik.
U anchadan beri cho‘tkalanmagan bosh kiyimini kiydi.
— Biz birga ovqatlanishimiz mumkin. Axir siz menga ovqat olib berishga qarzdorsiz.
— Shunday. Yolg‘iz o‘zingizmisiz?
Nozik savolni o‘z vaqtida va o‘rnida bera olganimga xursand bo‘ldim.
— Ha, o‘zim! To‘g‘risini aytsam, uch kundan beri og‘zimga tuz totmadim. Frantsuz tilini
o‘zlashtirishim qiyin bo‘lyapti.
U bilan zinadan tushib borarkanman, qahvaxonadagi qiz qayoqqa yo‘qoldi ekan, deb hayron
bo‘lardim. Ular o‘zaro janjallashib ulgurishdimi yoki oshiqu beqarorligi o‘tib ketdimi? So‘nggi taxminim o‘zimga ham ishonchsiz tuyuldi, axir u deyarli butun yil davomida qochib qolishga tayyorgarlik ko‘rgandi-ku. Klishi ko‘chasidagi qahvaxonaga kirdik-da, shundoqqina yo‘l ustidagi stullarning biriga joylashdik.
O‘n ikkinchi bob
Shu soatlarda Klishi ko‘chasidagi qahvaxona, ayniqsa, gavjum bo‘larkan. Yo‘lkalar bo‘ylab idora xizmatchilari va savdogarlar, xuddi Balzak asarlari sahifalaridan hozirgina tushib kelayotgan keksalar, erkaklar va ayollar u yoqdan-bu yoqqa yurishardi. Parij bechorahollari yashaydigan mahallalarning to‘s-to‘poloni yurakka ta’sir etadi, turli-tuman kutilmagan oqibatlarga tayyorlaydi.
— Siz Parijni yaxshi bilasizmi? — so‘radim undan.
— Biz Parijda asal oyimizni o‘tkazgan edik. O‘shandan beri bu yerga kelmaganman.
— Marhamat qilib ayting-chi, qanday qilib bu mehmonxonaga kelib qoldingiz?
— Menga uni tavsiya etishdi. Men arzonroq mehmonxona qidirgan edim.
Ermanli araqni keltirishdi, biz eriyotgan qandga suv tomiza boshladik.
— O‘ylaymanki, yaxshisi, sizni nima uchun qidirib kelganimni birdaniga aytib qo‘yaqolganim ma’qul,
shekilli, — deb boshladim gapimni xijolat chekib o‘tirmay.
Uning ko‘zlari yiltillardi.
— Ertami-kechmi kimdir qidirib kelishini bilardim. Emmi menga ancha xat yozdi.
— U holda nima demoqchiligimni juda yaxshi bilsangiz kerak.
— Men xatlarni o‘qiganim yo‘q.
Fikrlarimni jamlab olish uchun sigaret chekdim. O‘zimga topshirilgan vazifaga qanday kirishsam
ekan? Oldindan tayyorlab qo‘ygan balandparvoz gaplarim bu yerda qo‘l kelmasligini tushunib qoldim. U to‘satdan pishqirib yubordi.
— Haddan tashqari qiyin vazifa-a?
— Ha, shunday.
— Mayli, tezroq gapira qoling, keyin maishat qilamiz.
Men o‘ylanib qoldim.
— Nahotki, siz xotiningiz naqadar iztirob chekayotganini tushunmasangiz?
— Hechqisi yo‘q, o‘tib ketadi!
Bu so‘zlar qay darajada loqaydlik bilan aytilganini tasvir etolmayman. Men o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim,
lekin buni unga sezdirmaslikka harakat qildim, ruhoniy Genri amaki odamlarni muhtojlarga yordam berishga da’vat etayotgan vaqtdagidek muloyimlik bilan gapirdim.
— Agar ochiqchasiga gapirsam xafa bo‘lmaysizmi?
21


U kulib rozilik ishoratini qilib boshini qimirlatdi.
— Xotiningiz bunday munosabatda bo‘lishingizga arziydigan biror ish qildimi? Unga biror da’voingiz bormi?
— Hech qanday.
— U holda o‘n yetti yil birga yashaganingizdan keyin tashlab ketishingiz shafqatsizlik emasmi?
— Shafqatsizlik.
Men hayron bo‘lib unga qaradim. Haqligimni chin yurakdan e’tirof etishi meni g‘alati ahvolga solib
qo‘ydi. Mening ahvolim tangligidan tashqari, kulgili ham edi. Men unga pand-nasihat, do‘q-po‘pisa qilmoqchi, ko‘ndirmoqchi, achchiq gaplar bilan uzib olmoqchi edim. Agar gunohkor tavbasiga tayangan bo‘lsa, nasihatgo‘y nima deya oladi? Bunday holatdan chiqish tajribasi menda yo‘q edi, meni ayblamoqchi bo‘lganlarida esa butunlay bo‘ynimga olmay doimo tamomila rad etardim.
— Xo‘sh, yana nima deysiz? — so‘radi Striklend.
Men nafratlanib lablarimni qiyshaytirib turardim.
— Siz hammasini e’tirof etayotgan bo‘lsangiz boshqa gapga hojat yo‘q.
— Hojat yo‘q.
O‘z vazifamni yaxshi bajara olmaganim uchun jahlim chiqdi.
— Axir ayol kishini sariq chaqasiz qoldirish mumkinmi?
— Nega mumkin bo‘lmasin?
— Qanday yashaydi u?
— Men uni o‘n yetti yil boqdim. Nega endi o‘zini o‘zi boqa olmaydi.
— U o‘zini-o‘zi boqa olmaydi.
— Harakat qilib ko‘rsin.
Albatta, men bunga javob berishim, ayollarning iqtisodiy ahvoli, oila qurayotgan erkakning
majburiyatlari to‘g‘risida gapirishim mumkin edi. Lekin to‘satdan pirovard-natijada hamma narsani faqat bir narsa hal qilishini tushunib qoldim.
— Siz uni sevmay qo‘ydingizmi?
— Zarracha.
Bularning barchasi inson hayotiga doir jiddiy savollar edi. Lekin u bu savollarga shu qadar
jo‘shqinlik bilan surbetlarcha javob qaytarayotgan ediki, kulib yubormaslik uchun lablarimni tishlab o‘tirardim. Uning o‘zini tutishi menga nihoyatda jirkanch ko‘rinayotgandi.
— Jin ursin sizni, axir bolalar to‘g‘risida o‘ylashga majbursiz-ku. Ular sizga hech qanday yomonlik qilishmagan. Dunyoga keltirishingizni ham iltimos qilishmagan. Agar siz ularni o‘z mehr va g‘amxo‘rligingiz ostiga olmasangiz ko‘chada qolishadi.
—Ular uzoq yillar mobaynida huzur-halovatda yashashdi. Barcha bolalar ham bunaqa yashayvermaydi. Ishonamanki, bundan bu yog‘iga bolalarning o‘qishi uchun mablag‘ni Mak-Endryu to‘lab turadi.
— Axir ularni yaxshi ko‘rmaysizmi? Ular shunaqangi yoqimtoy bo‘lishganki, qo‘yaverasiz. Nahotki, ulardan butunlay voz kechsangiz?
— Men ularni kichkinaliklarida yaxshi ko‘rardim. Endilikda, ular katta bo‘lib qolishgandan keyin to‘g‘risini aytsam, ularga qiziqishim, mehrim zarracha qolmadi.
— Bu g‘ayriinsoniylik! — Ehtimol.
— Uyalmaysizmi?
— Yo‘q.
Men gap oqimini o‘zgartirmoqchi bo‘ldim.
— Sizni shunchaki bir to‘ng‘iz deb hisoblashlari mumkin. — Mayli!
— Nahotki, har qadamda qarg‘asalar ham sizga baribir? — Baribir.
22


Uning javoblari shu qadar nafrat ohangida aytilayotgan ediki, mening tabiiy savollarim o‘zimga ham tentaklikka o‘xshab tuyuldi. Men biror daqiqa o‘ylanib qoldim.
— Atrofdagi barcha odamlar qoralab turganligini ko‘rib turib ham odam bemalol yashashini hech tushunmayman! Ertami-kechmi bu narsa baribir sizga azob beradi. Hammamizda ham vijdon bor, qachonlardir baribir muqarrar ravishda uyg‘onadi. Masalan, xotiningiz to‘satdan o‘lib qoldi, deylik. Shu holda vijdoningiz azob chekmaydimi?
U jim qoldi. Men uning gapirishini sabr-toqat bilan kutdim. Lekin pirovard-natijada jimlikni o‘zim buzishga majbur bo‘ldim.
— Bunga nima deysiz?
— Sizni telba deyman.
— Axir sizni xotiningiz va bolalaringizni boqishga majbur qilishlari mumkin, — dedim ranjib. —
Qonun ularni o‘z himoyasiga olishiga shubha qilmayman.
— Osmondagi oyni olib beradigan qonun ham bordir? Menda hech vaqo yo‘q. Bu yerga bir necha
yuz funt bilan kelganman.
Agar ilgari hayronlikdan lol qolgan bo‘lsam, endi tamomila boshi berk ko‘chaga kirib qoldim. Axir,
darhaqiqat, “Otel de belj“dagi kamtarona hayot uning iqtisodiy tang ahvolidan darak berardi.
— Bu pullaringiz tamom bo‘lsa qanday tirikchilik qilasiz?
— Amallab ishlab toparman.
U butunlay xotirjam edi, ko‘zlarida hamon istehzoli tabassum jilolanib turardi. Bu holat so‘zlarim
unga ahmoqona tuyulayotganini ko‘rsatardi. Yana nima deyishimni o‘ylab jim qoldim. Lekin bu safar birinchi bo‘lib uning o‘zi gapirdi.
— Nega Emmi yangidan erga chiqaqolmaydi. Hali yoshi o‘tib qolgani yo‘q, ko‘rinishi ham yomon emas. Men uni ajoyib ayol sifatida tavsiya etishim mumkin. Agar men bilan ajralishni istasa, marhamat, aybni o‘z bo‘ynimga olaman.
Endi kulish navbati menga kelgandi. U qanchalik ayyorlik qilmasin, maqsadi menga ayon edi. U bu yerga ayol bilan kelganini har xil yo‘llar bilan yashirayotgandi, izni yashirishga harakat qilayotgandi. Men qat’iy qilib javob berdim:
— Xotiningiz ajralishga hech qachon rozi bo‘lmaydi. Bu uning qat’iy qarori. Bunga umid qilmasangiz ham bo‘ladi.
U menga astoydil hayratlanib qaradi. Lablarida tabassum zuhur etdi va qat’iy ravishda shunday dedi:
— Azizim, menga baribir.
Men kulib yubordim.
— Bizlarni juda tentak deb hisoblamang-da. Siz qandaydir nozanin bilan jo‘nab ketganingizni ham
bilamiz.
Bu gapimga o‘tirgan joyida tebranib ketdi va qattiq kulib yubordi. Uning kulgisi birovlarning zavqini
keltiradigan darajada ediki, yaqinroqda o‘tirganlar o‘girilib qarashdi, keyin o‘zlari ham kulib yuborishdi.
— Men bu yerda kulgiga sabab bo‘ladigan biror narsa ko‘rmayapman.
— Bechora Emmi, — ishshayib qo‘ydi u.
Keyin uning yuzida nafrat ifodasi paydo bo‘ldi.
— Ayol toifasining esi past-da o‘zi. Sevgi! Hammayoqda sevgi deyaverishadi. Ularni tashlab
ketishganda faqat boshqasi bilan ilakishib ketdi, deb o‘ylashadi. Men faqat ayollar tufayligina shuncha ishlarni qiladigan ahmoqlardan emasman.
— Siz xotiningizni boshqa ayol tufayli tashlab ketmaganingizni aytmoqchisiz shekilli?
— Albatta.
— Bu chin so‘zingizmi?
Bilmadim, nima sababdan chin so‘zlayotganini tasdiqlashini talab etganimni o‘zim ham tushuna
olmayman. Bu shunchaki soddaligim tufayli bo‘ldi, shekilli.
23


— Chin so‘zim.
— Unday bo‘lsa xudo haqqi, menga tushuntirib bering-chi, nima sababdan xotiningizni tashlab keldingiz?
— Men rassomchilik bilan shug‘ullanmoqchiman.
Men ko‘zlarim baqraygancha unga tikilib qoldim. Hech narsaga tushunmadim va qandaydir vaqt orasida qarshimdagi odam jinni-pinni emasmi, degan fikr keldi. Mening yoshligimni, uni esa esini yig‘ib olgan odamligini esda tuting. Azbaroyi lol bo‘lib qolganimdan butun borliq yodimdan ko‘tarilib ketdi.
— Lekin siz qirqqa chiqdingiz-ku.
— Shuning uchun boshlaydigan vaqti yetdi, degan qarorga keldim.
— Siz rassomchilik bilan shug‘ullanganmisiz o‘zi?
— Bolaligimda rassom bo‘lishni orzu qilgandim, lekin otam savdo ishlari bilan shug‘ullanishga
majbur etgan. U san’at orqali tirikchilik o‘tkaza olmaysan, deb hisoblardi. Men bundan bir yilcha oldin rasm chizish bilan shug‘ullana boshladim. Hatto kechki rassomlar maktabiga qatnadim.
— Striklend xonim bu vaqt ichida klubda brij o‘yini bilan bandsiz deb o‘ylaganmi? — Ha.
— Nega siz unga to‘g‘risini ayta qolmadingiz?
— Men buni sir tutishni lozim topdim.
— Rassomchilikdan biror narsa chiqayaptimi?
— Hozircha unchalik muvaffaqiyatli emas. Lekin o‘rganaman. Shu tufayli bu yerga keldim. Londonda menga kerakli narsalar yo‘q. Ko‘ramiz, bu yerda nima bo‘larkin.
— Nahotki siz shu yoshda rassomchilikni boshlab biror narsaga erishaman deb o‘ylasangiz? Odamlar bu ishga o‘n sakkiz yoshlarida kirishadi.
— Men esa hozir o‘n sakkiz yoshdalik vaqtimdagiga qaraganda tezroq o‘rganaman.
— O‘zingizda iste’dod borligini qayoqdan bildingiz?
U darhol javob bermadi. Uning nigohi oldimizdan bir-biriga yopishib o‘tib ketayotganlarda bo‘lib,
lekin ularni ko‘rayotgani ham amrimahol edi. Sirasini aytganda, javobi ham berilgan savolning javobi emasdi.
— Men rasm chizishim kerak.
— Lekin bu judayam tavakkal ish-ku!
U menga qarab qo‘ydi. Ko‘zlarida shunday g‘alati ifoda aks etdiki, o‘zimni qo‘ygani joy topolmay
qoldim.
— Yoshingiz nechada? Yigirma uchdami?
Savol andishasizlik bilan berilganday tuyuldi. Ha, mening yoshimda odam sarguzashtlarga o‘ch
bo‘ladi. Uning yoshligi esa o‘tib ketgan, jamiyatda ma’lum mavqega ega bo‘lgan, xotin, bola-chaqali, birja dalloli edi. Men uchun tabiiy bo‘lgan narsa u uchun nojoiz edi. Men xolis bo‘lishga intildim.
— Albatta, mo‘’jiza ro‘y berib siz ulug‘ rassom bo‘lishingiz mumkin. Lekin bu milliondan bir imkoniyat ekanligini tushunishingiz kerak. Lekin pirovard-natijada noto‘g‘ri yo‘lga qadam qo‘yganingizni bilib qolsangiz fojia bo‘ladi.
— Men rasm chizishim kerak, — qaytardi u.
— Agar uchinchi darajali rassom bo‘lib qolguday bo‘lsangiz shuning uchun hamma narsadan voz kechishga arziydimi? Hamma ishda ham birinchi bo‘laverish har kimga ham nasib etavermaydi. Boshqa kasblarda o‘rtamiyona bo‘lsang ham shod-xurram yashashing mumkin. Lekin bu sohada o‘rtamiyona bo‘lish mumkin emas.
— Siz qip-qizil ahmoq ekansiz, — dedi u.
— Negaligini bilmaymanu, ayon haqiqatlar doimo ahmoqona bo‘ladi.
— Sizga men rasm chizishim kerak deb aytyapman. Men boshqacha yo‘l tuta olmayman. Agar
odam daryoga tushib ketguday bo‘lsa, yaxshi yoki yomon suzishidan qat’i nazar, suv qa’ridan qutulmog‘i shart, aks holda daryoga g‘arq bo‘ladi.
24


Uning ovozida haqiqiy ehtiros ohanglari bor edi. Istagimga qarshi o‘laroq, bu ovoz meni o‘ziga rom qildi. Men uning vujudida qandaydir ulkan kuch tug‘yon urayotganini his etdim. Uni irodasidan tashqari, qandaydir shafqatsiz va yengib bo‘lmas narsa boshqarayotganga o‘xshardi. Hech narsani tushuna olmay qoldim. Bu odamning ichiga shayton o‘rnashib olganday, bu shayton har bir daqiqada uni parcha-parcha qilib tashlashi, xarob etishi mumkinga o‘xshardi. Striklend ko‘rinishidan esa o‘rtamiyona odam edi. Men undan ko‘zimni uzmasdim, lekin bu hol uni xijolatga qo‘ymasdi. Ichimda esa eski kamzul, anchadan beri tozalanmagan bosh kiyim, halpillab turgan shim kiyib olgan, anchadan beri olinmagan sarg‘imtir soqol va katta burunli bu odamni kimga o‘xshatishni bilmasdim. Og‘zi katta, lablari qalin edi. Yo‘q, men uning aniq ta’rifini baribir bera olmayman, shekilli.
— Siz xotiningizning yoniga baribir qaytmaysizmi? — dedim nihoyat.
— Hech qachon.
— Xotiningiz hamma ishni unutishga va yangidan hayot boshlashga tayyor. U sizga hech qachon
va hech qanday ta’na qilmaydi.
— Uni jin ursin.
— Sizni qabih odam ekan deb hisoblasa ham maylimi? Xotiningiz va bolalaringiz ilojsizlikdan
gadoychilik qilishga majbur bo‘lishsa ham maylimi?
— Hammasiga tupurdim.
Keyin aytadigan so‘zimning salmog‘ini oshirish uchun biroz sukut saqladim va imkoniyat darajasida
qat’iy ravishda dedim:
— Siz o‘taketgan surbet ekansiz.
— Xo‘sh, yuragingizni bo‘shatib olgan bo‘lsangiz, yuring, ovqatlanamiz.
O‘n uchinchi bob
Bu taklifni iltifotsizlik bilan rad etish to‘g‘riligini tushunaman. Ehtimol, o‘sha daqiqalarda vujudimni qoplab turgan qahr-g‘azabimni unga sochishim, keyinchalik polkovnik Mak-Endryuga bunday odam bilan bir stolga o‘tirishdan voz kechganimni gapirib berib, uning iltifotiga sazovor bo‘lishim mumkin edi. Lekin yuragimni ezib turgan o‘z rolimni bajara olmaslikdan qo‘rqish hissi meni erkin bo‘lishga qo‘ymasdi. Bu safar esa Striklendga aytayotagan barcha olijanob tuyg‘ularim devorga otilgan no‘xotdek bekor ketganligini anglaganimdan keyin bu gaplarni bas qila qoldim. Faqat shoir yoki avliyo odamlargina asfalt yo‘lda gullar o‘stirish mumkin degan sodda xayollarga borishi mumkin.
Men ichilgan ermanli araqning pulini to‘ladim-da, arzon restoranga jo‘nadik. U yerda odam juda ko‘p ekan. Arzon restoran bo‘lishiga qaramay, ovqatlari juda mazali ekan. Ishtaham yigitlarning ishtahasi edi. Restorandan chiqdik-da, qahvaxonaga kirib, likyorli qahva ichdik.
Men Charlzga Parijga kelishimning sabablariga doir barcha gapni aytib bo‘lgan edim. Biror samaraga erishmay turib, bu gapni to‘xtatishim, nazarimda, Striklend xonimga nisbatan men tomonimdan xiyonatday tuyulsa-da, shunday loqayd odam bilan kurashni davom ettirishga endi darmonim qolmagandi. Faqat ayol zotigina bir narsaning o‘zini o‘nlarcha marotaba qaysarlik bilan qaytaraverishi mumkin. Endi Striklendning ruhiy holatini yaxshi anglash imkoniyati paydo bo‘ldi, deya o‘zimga taskin bera boshladim. Bu esa juda qiziq holat edi. Lekin buni amalga oshirish unchalik oson emasdi, zero, Striklend juda kamgap edi. Har bir so‘z uning og‘zidan juda qiyinchilik bilan chiqar, go‘yo so‘z uning uchun dunyo bilan muloqot vositasi emasga o‘xshardi. Ko‘nglidagi gaplarni aytilaverib chaynalib ketgan iboralar, beadab xitoblar, uzuq-yuluq ishoralar orqaligina aniqlab olish mumkin bo‘lardi. Lekin u biror arziydigan gap aytmasa ham uni zerikarli odam deb bo‘lmasdi. Bu holat ehtimol uning samimiyligidan bo‘lsa ajab emas. U, chamasi, birinchi marotaba ko‘rayotgan Parij bilan unchalik qiziqmas (xotini bilan qisqa muddatga kelib ketganini hisobga olmasa ham bo‘lardi), qarshisida gavdalanayotgan barcha yangi narsalarga ham zarracha hayratlanmay boqardi. Men
25


Parijda juda ko‘p marotaba bo‘lganman va har safar yangidan hayratlanaveraman. Uning ko‘chalaridan yurarkanman, o‘zimni sarguzashtlarga o‘ch baxtiyor odam sifatida his etardim. Striklend esa bamaylixotir edi. Xayolan o‘sha kunlarga qaytib shunday xulosaga kelamanki, bu davrda u qalbining tug‘yonli evrilishlaridan boshqa barcha narsalarga nisbatan ko‘r va kar ekan.
Anchagina fohishalar yig‘ilib qolgan mayxonada bema’ni janjal ro‘y berdi. Bu qizlarning ba’zilari erkaklar bilan, ba’zilari esa dugonalari bilan o‘tirishardi. Tez orada qizlardan biri biz tomonga tikilib turganini payqadim. Uning nigohi Striklend bilan to‘qnash kelgach, kulib qo‘ydi. Lekin Striklend uning tabassumiga e’tibor ham bermadi. Qiz o‘rnidan turib zaldan chiqib ketdi va shu ondayoq qaytib kirib yonimizdan o‘tib borarkan, g‘oyat nazokat bilan biror ichimlik bilan mehmon qilishimizni iltimos qildi. U bizning stolimizga o‘tirdi. Qizcha men bilan emas, Striklend bilan qiziqayotganini juda yaxshi bilib tursam ham u bilan valaqlashib o‘tirdim. Men unga Striklend frantsuz tilida bir necha so‘znigina bilishini tushuntirdim. Qiz u bilan imo-ishoralar va buzuq frantsuz tilida gaplashishga harakat qilib ko‘rdi. Uning nazarida shunday qilsa, Striklend o‘zini tushunadiganday. Qiz ingliz tilidagi o‘nlarcha iboralarni bilardi. U faqat o‘z tilida ifodalashi mumkin bo‘lgan gaplarini sherigimga tarjima qilishni va uning javoblari ma’nosini ham o‘girishni talab qildi. Striklendning vaqti chog‘ edi, bu holat uning kulgisini qistatsa-da, baribir, ancha loqayd edi.
— Siz, chamasi, g‘olib chiqdingiz, — kuldim men.
— Baribir, o‘zimni mamnun his eta olmayman.
Uning o‘rnida bo‘lganimda xijolat chekkan va o‘zimni vazmin tuta olmagan bo‘lardim. Qiz kulib
turar, og‘zi ham g‘oyat bejirim, o‘zi juda yosh edi. Men hayron bo‘layotgandim: Striklend nimasi bilan qizni o‘ziga rom eta oldi ekan? U o‘z istagini yashirib o‘tirmayotgandi, uning xohishini tarjima qilishimga to‘g‘ri keldi.
— Siz u bilan birga yurishingizni istayapti.
— Men u bilan og‘iz-burun o‘pishmayman,— to‘ng‘illadi u.
Men uning javobini iloji boricha yumshatib tarjima qilishga harakat qildim. Uning rad javobi,
nazarimda, g‘oyat iltifotsizlik tuyulgani uchun puli bo‘lmaganligi tufayli shunday deyapti deb tushuntirdim.
— Lekin u menga yoqib qoldi, — e’tiroz bildirdi u. – Unga tushuntiring, pul bermasa ham ketaveraman.
Bu gapini tarjima qilganimda Striklend yelkasini betoqatlik bilan qisib qo‘ydi-da:
— Unga ayting, bu yerdan tuyog‘ini shiqillatib qolsin, — dedi.
Striklendning ko‘rinishi so‘zlaridan ham ko‘ra ifodaliroq edi. Qiz birdan boshini mag‘rur ko‘tardi,
qizarib ketdi.
— Janob izzat-hurmatni bilmaydigan odam ekan, — qiz o‘rnidan turayotib shunday dedi-da, zaldan
chiqib ketdi.
Mening jahlim chiqdi.
— Uni haqorat qilishning nima zarurati borligiga tushunmayman. Axir u ko‘p odamlar orasidan sizni
tanlagan edi-ya...
— Bu satanglarni ko‘rsam qonim qaynab ketadi, — uning gapini bo‘ldi Striklend.
Men qiziqsinib uning yuziga tikildim. Uning yuzida nafrat ifodasi zuhr etgandi. Bu qo‘pol va
ta’sirchan odamning yuzi edi. Ehtimol, uning ana shu ta’sirchanligi qizni o‘ziga rom etgandir.
— Londonda istasam xohlagan ayol bilan yaqin bo‘lishim mumkin edi. Men shu narsani deb bu
yerga kelmaganman.
O‘n to‘rtinchi bob
Angliyaga qaytib ketayotganimda Striklend to‘g‘risida ko‘p o‘yladim, xotiniga aytadigan so‘zlarimni tartibga solishga intildim. Mening so‘zlarim uni qanoatlantira olmasligini bilardim. O‘zim ham qilgan
26