o‘zlariga nima uchun ravo ko‘risharkin, degan fikrlar keladi. Stol atrofida o‘n nafar odam to‘plangandi. Ular uchrashishganda bamaylixotir va loqaydgina ko‘rishishdi, stol atrofidan esa yengil nafas olib turib ketishdi. Bunday ovqatlanish xuddi jazoni o‘tashday gap edi. Striklendlar o‘zlari uchun unchalik qiziqarli bo‘lmagan bu odamlarni ovqatlanishga taklif etishlari “kerak” edi. Mezbonlar o‘z burchlarini ado etishdi, mehmonlar esa vazifalarini bajarishdi. Nega deysizmi? Uy egalari yolg‘iz o‘tirmaslik uchun ularni taklif etishgandi, mehmonlar esa o‘z xizmatkorlariga dam berish, taklifni rad etishga asos bo‘lmaganligi uchun bu yerga kelishgandi.
Oshxona ancha tor edi. Stol atrofida taniqli advokat bilan davlat amaldori xonimlari bilan, Striklend xonim opasining eri polkovnik Mak-Endryu bilan va bir parlament a’zosining xotini o‘tirishardi. Parlament a’zosi o‘sha kuni palatadan chiqib keta olmasligi ma’lum bo‘lgach, uning o‘rniga meni taklif etishgan ekan. Ancha basavlat ko‘rinayotgan bu ulfatchilikda qandaydir badhazmlik bor edi. Ayollar o‘z mavqelaridan mag‘rurlanayotganday, e’tiborni jalb etish uchun ustomonlik qilishayotganday ko‘rinishardi. Erkaklar esa o‘zlarini viqor bilan tutishayotgandi.
Hamma ham odatdagidan qattiqroq gapirar, ulfatchilikni jonlantirishga intilardi, shuning uchun ham xona shovqin-suron edi. Lekin o‘rtadagi umumiy gap qovushmayotgandi. Mehmonlar gazak qilayotganda, suyuq ovqat ichayotganda va baliq yeyayotganda faqat o‘ng tomondagi qo‘shnisi bilan muomala qilardi, sabzavot va shirinlik yeyayotganda esa chap tomonidagi hamrohi bilan gaplashardi. Siyosat va golf, bolalar va so‘nggi premera, Qirollik akademiyasida namoyish etilayotgan rasmlar, ob- havo, yoz mavsumida mo‘ljallanayotgan ishlar to‘g‘risida so‘z borardi. Gap-so‘zlar bir daqiqa tinmas, shu tufayli ham shovqin tobora kuchayardi. Striklend xonim xursand bo‘lsa arzirdi – ziyofat ko‘ngildagidek o‘tdi. Uning eri xonadon sohibi rolini yaxshi uddalayotgandi. Lekin u haddan tashqari kamgap edi. Pirovardida uning ikki tomonida o‘tirgan xonimlarning yuzlarida horg‘inlik alomatlarini sezdim. Chamasi, xonadon sohibi ularni zeriktirib yuborgan. Bir-ikki marotaba eriga tikilib turgan Striklend xonimning tashvishli nigohini payqadim.
Shirinlik yeb bo‘lingach, Striklend xonim o‘rnidan turdi, davradagi boshqa ayollar ham gurr etib joylaridan qo‘zg‘alishdi-da, mehmonxonaga kirib ketishdi. Ular chiqib ketishgach, Striklend eshikni yopib, stolning narigi tomoniga o‘tib, taniqli advokat va hukumat amaldorining o‘rtasiga o‘tirdi. U hammamizga bir qadahdan portveyn quydi-da, so‘ng sigara bilan siyladi. Advokat sharobni ajoyib ekan deb maqtadi, Striklend uni qaerdan xarid qilganini aytdi. Gap sharob va tamaki ustida ketdi. Keyin advokat o‘zi qatnashgan sud jarayoni to‘g‘risida so‘zladi, polkovnik esa polo o‘yini xususida bilganlarini ma’lum qildi. Ular bilan gurunglashadigan biror gapim bo‘lmaganligi tufayli, jim o‘tirdim, boodoblik bilan ularning suhbatiga quloq tutdim. Hech kimning men bilan ishi yo‘q edi, bekorchilikdan Striklendga razm sola boshladim. U men o‘ylaganimdan ko‘ra baland bo‘yliroq, oriqdan kelgan, ko‘rimsizgina odam ekan; yelkasi keng, qo‘llari va oyoqlari uzun, kastyumi o‘ziga yopishmayroq turibdi. U bamisoli yasanib olgan aravakashga o‘xshardi. U unchalik chiroyli ham emas, unchalik xunuk ham bo‘lmagan qirq yoshlardagi erkak edi. Bichimi ancha to‘g‘ri, lekin me’yoridan kattaroq bo‘lgan, soqoli qirtishlab olingan yuzlari g‘alati taassurot qoldirardi. Sochlari sarg‘ishdan kelgan, kalta qilib olingandi, ko‘zlari kulrang bilan ko‘k rangning o‘rtasidagi qandaydir rangga moyilroq edi. Xullasi kalom, ko‘rinishi o‘rtamiyona edi. Men endigina Striklend xonim uni tanishtirishdan uyalishining ma’nosini tushundim. Yozuvchilar va artistlar jamoasidan o‘rin olmoqchi bo‘lgan ayolning eri bunday bo‘lmasligi kerak edi. Unda joziba yetishmasdi. U biror g‘alatiroq tabiati bilan ham ajralib turmasdi, shunchaki, oqko‘ngil, zerikarli, halol, o‘rtamiyona bir odam edi. Uning ba’zi fazilatlari, ehtimol, diqqatga sazovordir, lekin u bilan muloqot qilishga chidash mumkin emasdi. Bu jihatdan uni yo‘q deb hisoblasa ham bo‘lardi. Jamiyatning yaxshigina a’zosi, durustgina er va ota, halol dallol bo‘lsa ham unga vaqt sarflash xayf edi.
10


Yettinchi bob
Mavsum o‘z poyoniga yaqinlashayotgandi, atrofdagilarning barchasi ketishga tayyorgarlik ko‘rishayotgandi. Striklend xonim oilasi bilan Norfolkka ketishga hozirlanayotgandi. U yerda bolalari dengiz havosidan bahra olishadi, eri golf o‘ynaydi. Biz u bilan kuzda uchrashishga kelishib, xayrlashdik. Lekin o‘zim jo‘nab ketishimdan oldinroq xonim va uning bolalari bilan do‘kon ostonasida uchrashib qoldik. U ham xuddi men singari Londondan jo‘nab ketish oldidan zarur narsalarni xarid qilayotgan ekan. Xonim horg‘inroq va tutaqibroq turganday tuyuldi. Men ularga boqqa kirib muzqaymoq yeyishni taklif etdim.
Striklend xonim, chamasi, o‘z bolalarini menga ko‘rsatib qo‘yish uchun bo‘lsa kerak, taklifimga darhol ko‘na qoldi. Uning bolalari esa suratdagiga qaraganda ham jozibaliroq ekan, ona haqli ravishda ular bilan faxrlanardi. Men yosh bo‘lganim uchun uyalishmas, ko‘ngillariga kelgan gapni aytishdan tortinishmasdi. Ular g‘oyatda yoqimtoy, butun vujudlaridan salomatlik anqib turgan yosh vujudlar edi. Daraxt soyasida o‘tirish ham lazzatli edi shu damlarda.
Oradan biror soat o‘tgach, xonim bir otli izvoshni chaqirib jo‘nab ketishdi, men esa kunni o‘tkazish uchun klubga yo‘l oldim. O‘sha kuni ko‘nglimda qandaydir g‘ashlik bor edi, shuning uchunmikin, bilmadim, o‘zimda ularning osoyishta oilaviy hayotiga ma’lum darajada hasad paydo bo‘lganini sezdim. Chamasi, ularning hammalari bir-birlarini yaxshi ko‘rishardi. Ular gaplarining orasiga qandaydir so‘zlar qo‘shib qo‘yishar, bu so‘zlar esa chetdagi odamga hech narsani anglatmas, lekin o‘zlari bundan huzur qilib kulishardi. Ehtimol, Charlz Striklend so‘zlash jozibasi jihatidan zerikarli odamdir, lekin uning shaxsiyati o‘zi yashayotgan muhitga mos edi. Shuning o‘zigina ma’lum muvaffaqiyatgina emas, balki baxt ham edi. Striklend xonimdek ajoyib ayol uni sevardi. Men ularning hech narsa rahna solmayotgan, halol, tinch, ajdodlarining sog‘lom an’analarini davom ettirishga tayyor turgan yosh avlod vakillari tufayli osoyishta kechayotgan sermazmun hayotlarini tasavvur qilib ko‘rdim. “Ular umrlarining oxirigacha, to qarib-chirib ketgunlarigacha shunday, tinchgina hayot kechirsalar, o‘z farzandlarining kamolini ko‘rsalar, o‘g‘illari kelajakda sog‘lom zurriyodlar hadya etadigan yaxshigina qizga uylansa, qizlari esa kelishgan yosh yigitga, harbiy odamga turmushga chiqsa kerak deb xayol qildim. Huzur-halovatda, farzandlar va nabiralar qurshovida uzoq umr ko‘rib, baxtli va foydali hayot kechirib mangu uyquga ketsalar kerak” degan fikrga bordim.
Ko‘pgina er-xotinlar tarixi shu tarzda kechadi. Bunday hayotning o‘ziga xos jozibasi, sehri bor. Bunday hayot ko‘m-ko‘k maysazorlar oralab quyuq daraxtlar tagidan jildirab oqayotgan, lekin dengizga borib quyilmaydigan, osoyishta irmoqchani eslatadi. Lekin dengiz shu qadar osoyishta va befarqki, beixtiyor qalbingga to‘satdan qandaydir g‘am-anduh kirib oladi. Ehtimol, bu narsa o‘sha vaqtlardayoq ma’lum bo‘lib, shaxsiyatimdagi o‘ziga xos g‘alatilik nishonasidir. Ko‘pchilikning bunday qismati hammavaqt menga chuchmal tuyulardi. Men buning ijtimoiy qimmatini, insonni baxtiyor etishdagi o‘rnini e’tirof etardim-u, qaynoq qonim esa qandaydir boshqacha, isyonkorona hayotni qo‘msardi shekilli. Bunday tabiiy quvonchlar negadir meni cho‘chitardi. Mening yuragim xavf- xatarliroq hayotga intilardi. Hayot yo‘limda suv osti qoyalariyu xiyonatkor sayozliklar uchrasa ham mayli, lekin u bir tekisda, zerikarli o‘tmasin, toki kutilmagan, to‘satdan paydo bo‘ladigan quvonchni anglash imkoni bo‘lsin.
Sakkizinchi bob
Striklendlar to‘g‘risida barcha yozganlarimni o‘qib ko‘rar ekanman, ularning qiyofalari ancha nursiz chiqqanini payqab qoldim. Kitob qahramonlarining hayot tarzini belgilaydigan o‘zlariga xos xususiyatlarini aniq ko‘rsatib bera olmadim, shekilli. O‘ylaymanki, bu mening kamchiligim. Men ularning xarakteridagi hayotlarini butunlay boshqa o‘zanga solib yuborgan qandaydir o‘ziga xos
11


xususiyatlarini topish uchun ko‘p bosh qotirdim. Ishonamanki, men qahramonlarim tabiatlaridagi ba’zi odat va qiliqlarni ko‘rsatib, ularni jonlantirishga harakat qildim. Bo‘lmasa ular xuddi gulqog‘ozdagi shakllarday o‘z qiyofalarini yo‘qotgan bo‘lishardi. O‘zimni oqlaydigan yagona tomoni shundaki, ular menga aslida ham xuddi mana shunday tuyulishardi. Ijtimoiy organizmning bir qismiga aylanib ketgan odamlar singari ular majhulga o‘xshardi nazarimda. Bunday odamlar tanamiz to‘qimalaridagi juda zarur, sog‘lom vaqtida esa biz tomonimizdan sezilmaydigan to‘qimalarga o‘xshaydi. Striklendlar odatiy burjua oilalaridan biri edi. O‘zlarini sher fahmlaydigan ikkinchi darajali yozuvchilarga e’tiqod qo‘ygan yoqimtoy va mehmondo‘st xotin, Olloh belgilab bergan o‘rindagi o‘z burchini halol bajarayotgan zerikarli er, xushmuomala sog‘lom bolalar. Bundan ham ko‘ra maqbulroq oilaviy uyg‘unlikni topish amrimahol edi.
Keyinchalik ro‘y bergan hodisalarni eslarkanman, o‘zimdan o‘zim so‘rab qo‘yaman: nahotki Charlz Striklend qiyofasida o‘zidan boshqani tan olishni istamaydigan oddiy odamlardan ajralib turadigan biror xususiyatni seza olmagan tentak bo‘lsam. Ehtimol, shundaydir. Axir o‘sha davrlar bilan hozirgi davr o‘rtasida katta masofa bor, u vaqtlarda hayotiy tajribam yo‘q edi, odamlarni bilmasdim. Lekin, baribir, o‘sha vaqtda hozirgi hayotiy tajribam bilan unga ro‘baro‘ kelganimda ham xuddi avvalgisiday munosabatda bo‘lardim. Lekin xayolimda, inson zotidan kutilmagan narsalarni kutish mumkin, degan fikr bo‘lar va o‘shanda Londonga qaytib kelganimdan keyin eshitgan axborotimdan o‘shandagidek lol qolmagan bo‘lardim.
Poytaxtga qaytib kelgan kunimning ertasiga Jermin-stritda Roza Uorterfordni uchratib qoldim.
— Kayfiyatingiz chog‘ ko‘rinadi, nima gap o‘zi? — deb so‘radim.
U kulib qo‘ydi, ko‘zlarida birovning baxtsizligidan kulish alomatlari zuhur etdi.
Buning sababini darhol tushundim. U do‘stlaridan kim bilandir ro‘y bergan janjalli tarixni gapirib
berdi. Adabiyot olamidagi bu ayolning butun tuyg‘ulari junbushga kelgandi.
— Axir siz Charlz Striklend bilan tanishsiz-ku?!
Uning faqat yuzigina emas, balki butun gavdasi to‘la jangovar tayyorgarlikni ifodalab turardi. Men
bosh qimirlatib taniyman degan ishorani bildirdim-u, xayolimga bechora yo izvoshning tagida qolgan, yo bo‘lmasa birjada yutqazgan, degan fikr keldi.
— Dahshatli qismat! U xotinini tashlab ketdi!
Uoterford, tabiiyki, Jermin-stritdagi piyodalar yuradigan yo‘l bu gapni davom ettirish uchun qulay joy emasligini his etdi va artistona shaxs sifatida bu xabarning o‘zi bilanoq meni lol qilib qo‘ydi. Ustiga-ustak, buning hech qanday tafsilotini bilmayman deb aytdi. Men shahar shovqin-suroni bu janjalning sabablarini aytishga monelik qilmas deb o‘yladim.
— Aytyapman-ku sizga, boshqa hech narsani bilmayman, — dedi u mening bezovtalanib berayotgan savollarimga javoban: — O‘ylaymanki, xushro‘yroq birorta qiz uni yo‘ldan urib, birga ketgan.
U maftunkor kulib qo‘ydi va o‘zini tish doktori kutayotganini aytib poshnalarini taqillatgancha jo‘nab qoldi.
Bu yangilik meni xafa bo‘lishdan ham ko‘ra ko‘proq xayolimni o‘ziga band etdi. O‘sha vaqtlarda mening hayotiy tajribam juda kam edi. Mening tanishlarim hayotida ilgari faqat romanlarda o‘qiganim voqealar ro‘y berganidan larzaga kelgan edim. Keyinchalik atrofimizda ro‘y berayotgan bunday voqealarga o‘rganib ketdim, lekin o‘shanda bu voqea meni nihoyatda tashvishga solgandi. Striklend qirqdan oshgan odam edi. Shunday tabarruk yoshdagi odamning ishqiy sarguzashtlar yo‘liga kirib ketishini tushuna olmayotgandim. Yoshlik mag‘rurligi tufayli bo‘lsa kerak, men odam o‘ttiz besh yoshdan keyin sevish qobiliyatiga ega bo‘lolmaydi deb hisoblardim. Bu yangilik meni noqulay ahvolga solib qo‘ygandi. Men qishloqda vaqtimda Striklend xonimga xat yo‘llab, tez orada Londonga qaytib kelishim bilanoq, agar xonim lozim topsa unikiga bir piyola choy ichgani borishimni bildirgan edim. Xonimnikiga bugun borishga va’da bergandim, lekin undan javob xati olmagandim. U meni ko‘rishni xohlaydimi, yo‘qmi? Ehtimol, bunday tashvishlar bilan mening xatimni yodidan chiqargandir. Shu tufayli ham bunday tashrifdan hozircha voz kechib turgan ma’qulroq. Boshqa tomondan esa, ehtimol,
12


u bu tarixni butunlay sir tutishni xohlar, men esa bu g‘alati voqeani eshitganimni unga bildirib qo‘ysam odobsizlik qilgan bo‘larman. Men hammadan ham ajoyib ayolning tuyg‘ularini haqoratlab qo‘ymasmikinman deb andisha qilardim, xira bo‘lib ko‘rinishdan qo‘rqardim. Tabiiyki, u judayam iztirob chekayotgandi. Yordam bera olmaganingdan keyin birovning qayg‘usiga qanday qarab turasan? Garchi shunday bo‘lsa-da, mening qiziquvchanligim ayol o‘z boshiga tushgan tashvishga qanday chidayotganini bilishga undardi. Bir so‘z bilan aytganda, men judayam gangib qolgandim.
Keyin men hech nima bo‘lmaganday, unikiga boramanu xizmatkor orqali, Striklend xonim meni ko‘rishni istash-istamasligini aniqlayman, degan qarorga keldim. Bu unga meni ko‘rishni xohlamasa qabul qilmaslik imkonini berardi. Xizmatkorga oldindan tayyorlab qo‘ygan so‘zlarimni aytayotganimda ham sarosimada edim. Dahlizda javob kutayotganimda ham avvaldan juftakni urib qolmaslik uchun o‘zimni zo‘rlab ushlab turardim. Xizmatkor yo‘ldan qaytdi. Nazarimda, u bu xonadonda ro‘y bergan barcha ko‘ngilsizliklardan xabardorday edi.
— Mana bu uyga kiring, janob, — dedi u.
Men uning ketidan mehmonxonaga kirdim. Uy pardalari qariyb tushirilgan edi, Striklend xonim derazaga orqa o‘girib o‘tirardi. Uning kuyovi, polkovnik Mak-Endryu kamin oldida isinib turardi. Men o‘zimni judayam noqulay sezdim. Bu yerda paydo bo‘lishim, nazarimda, ularni sarosimaga solib qo‘ydi va Striklend xonim meni qabul qila olmasligi haqidagi xatni jo‘nata olmaganligi tufayligina mehmonxonasida kutib olayotganday tuyuldi. Polkovnik ham mening bostirib kirganimdan g‘azabda bo‘lsa kerak deb o‘yladim.
— Hozir meni qabul qilishingizga unchalik ishonmagandim, — dedim yasama samimiylik bilan.
— Nega qabul qilmas ekanman? Emmi hozir bizga choy keltiradi...
Hatto nimqorong‘i xonada ham Striklend xonimning ko‘zlari yig‘idan shishib, doim oppoq
ko‘rinadigan yuzlari qandaydir o‘zgarib qolganini fahmladim.
— Siz mening kuyovim bilan tanishsiz, shekilli. Bahorda biznikida tanishgan edingizlar.
Biz qo‘l berib ko‘rishdik. Men shunchalik o‘zimni yo‘qotib qo‘ydimki, nima deyishni ham bilmasdim,
lekin Striklend xonim mushkulimni oson qildi. U yozni qanday o‘tkazganim bilan qiziqdi, choy kelgungacha xonimning yordamida gapga sal-pal aralashib turdim. Polkovnik esa o‘ziga sodali viski keltirishlarini iltimos qildi.
— Sizga ham viski ichishni maslahat beraman, Emmi, — dedi u.
— Yo‘q, men choy ichmoqchiman.
Bu qandaydir ko‘ngilsizlik ro‘y berganligiga dastlabki ishora edi. Men o‘zimni eshitmaganga oldim
va Striklend xonimni suhbatga jalb etishga urindim. Kamin yonida turgan polkovnik miq etmadi. Ichimda qachon ketishim lozimligini chamalab turardim. Striklend xonim nima sababdan uyida qabul qilayapti, deb o‘z-o‘zimga savol berardim. Mehmonxonada gullar ko‘rinmas, yozda yig‘ishtirib qo‘yilgan bezak buyumlari ham haligacha o‘z o‘rniga joylashtirilmagandi. Odatda, chiroyli ko‘rinadigan uy juda sovuq va qovog‘i soliqday tuyulardi, xuddi devorning narigi tomonida murda yotganga o‘xshardi. Men choyimni ichib qo‘ydim.
— Sigareta chekishni xohlaysizmi? — so‘radi Striklend xonim.
U sigareta turadigan qutichani qidirayotgandi, lekin u yaqin o‘rtada ko‘rinmayotgandi.
— Chamasi, bizda sigareta tugaganga o‘xshaydi.
To‘satdan ko‘zlariga yosh kelib, xonadan chopqillab chiqib ketdi.
Men dovdirab qoldim. Chamasi, odatda, eri sotib oladigan sigaretaning yo‘qligi yuragiga qattiq
ta’sir qildi, uydagi kamchiliklar to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladigan odamning endi yo‘qligi uni tamomila iztirobga solayotgandi. O‘zining avvalgi xotirjam hayoti mangulikka yo‘l olganini tushunib yetgandi. Aslzodalarga xos qonun-qoidalarga amal qilib o‘tirishga hojat qolmagandi.
— Men ketganim yaxshiga o‘xshaydi, — polkovnikka shunday deb o‘rnimdan turdim.
— Siz, bu ablah xotinini tashlab ketganini eshitgan bo‘lsangiz kerak? — darg‘azab qichqirdi u. Men javob qaytarishga shoshilmadim.
— Ha, qandaydir ko‘ngilsizlik bo‘lganiga ishora qilishgandi.
13


— U qochib ketdi. Qandaydir satang bilan Parijga qochdi. Emmiga sariq chaqa ham qoldirmadi.
— Juda achinarli, — dedim nima deyishni bilmay.
Polkovnik bir zarb bilan viskini ichib yubordi. Bu baland bo‘yli, qotmadan kelgan, ellik yoshlardagi,
oq sochli, pastga osilgan mo‘ylabli, ko‘zlari ko‘m-ko‘k, lablari qurishgan kishi edi. Oldingi uchrashuvdan mening esimda qolgan narsa faqat uning biror ma’no uqish qiyin bo‘lgan yuziyu iste’foga chiqqungacha o‘n yil mobaynida haftasiga eng kamida uch martadan polo o‘ynaganini maqtanib gapirib bergani bo‘ldi.
— O‘ylashimcha, hozir Striklend xonimning men bilan gaplashishga fursati yo‘q, — dedim. — Unga juda achinayotganimni va biror narsa bilan yordam bera olsam o‘zimni baxtiyor hisoblashimni yetkazib qo‘ying.
U hatto mening gapimni eshitmadi.
— Bilmadim, endi u nima qiladi. Axir uning bolalari bor. Qanday qilib kun kechirishadi? Havo bilan ovqatlanishadimi? O‘n yetti yil-a!
— O‘n yetti yil? Bu bilan nima demoqchisiz?
— Turmush qurishganiga o‘n yetti yil bo‘ldi,— keskin javob berdi. – Menga Striklend hech qachon ma’qul bo‘lmagan. Albatta u bojam bo‘lgani uchun hech narsa deya olmas edim. Yoki siz uni nazokatli odam deb hisoblaysizmi? Aslida Emmi unga turmushga chiqmasligi kerak edi.
— Ular butunlay ajrab ketishdimi?
— Rasman ajralishlari qoldi, xolos. Men, darhol ajralish to‘g‘risida ariza yozing, Emmi! Bu sizning o‘z oldingizdagi va bolalaringiz oldidagi burchingiz, dedim. Yaxshisi, u mening ko‘zimga mutlaqo ko‘rinmasin. Aks holda ta’zirini berib qo‘yaman. — Xayolimga bu ish polkovnik Mak-Endryuga unchalik oson bo‘lmasa kerak, Striklend baquvvat odam-ku, degan fikr kelsa-da, indamay qo‘ya qoldim. Yaxshi fazilatli kishilar boshqalar tomonidan ranjitilsalar ham gunohkorlarni qarg‘amasliklari yodimga tushdi. Men ikkinchi marotaba ketishga chog‘lanib turganimda, Striklend xonim kirib qoldi. U ko‘z yoshlarini artishga, yuziga salgina upa sepib o‘zini epaqaga keltirishga ulgurgandi.
— O‘zimni tuta olmaganimga afsusdaman, — dedi u. – Yaxshiyamki, siz ketib qolmabsiz.
U o‘tirdi. Men endi tamomila esankirab qolgandim. Menga aloqador bo‘lmagan narsa to‘g‘risida gaplashish tamomila noqulay bo‘layotgandi. Men o‘sha paytlarda xotin-qizlarning eng katta qusuri — shaxsiy ishlarini duch kelgan odam bilan qizg‘in muhokama qilaverishi ekanligini bilmasdim. Striklend xonim, aftidan, o‘zini tutib olishga urinayotgandi.
— Bu haqda ko‘p gaplashishyaptimi? — so‘radi u.
Oila boshiga tushgan musibatdan mening xabardorligimga uning qat’iy ishonchi meni sarosimaga solib qo‘ydi.
— Men endigina dam olishdan qaytdim. Roza Uoterforddan boshqa hech kimni ko‘rmadim. Striklend xonim qo‘llarini bir-biriga qovushtirdi.
— Undan nimaniki eshitgan bo‘lsangiz, hammasini gapirib bering.
Men jim turardim, lekin u aytishga majbur qildi.
— Har qancha og‘ir bo‘lmasin, men bu gaplarni bilishni xohlayman.
— Uning gap sotib yurishini yaxshi bilasiz-ku. Uning so‘zlariga ishonib bo‘lmaydi. Eringiz sizni tashlab ketganini aytdi.
— Bor gap shumi?
Men Roza Uoterford xayrlashaturib qahvaxonadagi qiz haqidagi gapini aytishni lozim topmay yolg‘on so‘zladim.
— U erim qandaydir ayol bilan jo‘nab ketganini gapirmadimi?
— Yo‘q.
— Men bilmoqchi bo‘lgan narsa shu edi.
Boshim qotib qolgan edi, lekin shunday bo‘lsa-da, ketishim lozimligini fahmladim.
Xayrlashayotganimda, Striklend xonimning xizmatiga doimo tayyorligimni aytdim. U ma’yus jilmaydi. — Tashakkur sizga. Lekin men uchun biror narsa qila oladigan odam topilmasa kerak.
14


Haddan tashqari uyatchan bo‘lganligim tufayli, xonimga hamdardlik ham bildira olmadim, xayrlashmoqchi bo‘lib polkovnik tomonga o‘girildim. Lekin u qo‘limni siqib xayrlashmadi.
— Men ham ketaman. Agar siz Viktoriya-strit bo‘ylab yurguday bo‘lsangiz, yo‘lda hamroh bo‘lamiz. — Judayam yaxshi, — dedim men. – Ketdik.
To‘qqizinchi bob
— Mudhish tarix, — dedi ko‘chaga chiqishimiz bilanoq polkovnik.
U qaynsinglisi bilan soatlab muhokama qilgan narsani men bilan ham gaplashish uchun birga chiqqanini tushundim.
— Bilasizmi, biz hatto o‘sha ayolning kimligini ham bilmaymiz, — dedi polkovnik. – Yaramas faqat Parijga jo‘nab ketganini bilamiz, xolos.
— Mening nazarimda ular eng ibratli er-xotinlarga o‘xshab tuyulishardi.
— Xuddi shunday edi. Siz kelmasingizdan oldin Emmi birgalikdagi hayotlari mobaynida biror marotaba ham janjallashmaganliklarini gapirib turgan edi. Siz Emmini bilasiz. Yorug‘ olamda undan yaxshiroq ayol yo‘q.
Bunday gaplardan keyin men unga bir necha savol bilan murojaat etishni lozim topdim.
— Siz xonim hozirgacha biror narsadan shubhalanmagan deb hisoblaysizmi?
— Bo‘lmasa-chi! Hech narsadan shubhalanmagan. Striklend avgust oyini Norfolkda xotini va
bolalari bilan o‘tkazgan. Avval qanday bo‘lsa xuddi shunday dam olishgan. Biz xotinim bilan birga ular dam olayotgan joyga bir necha kunga bordik, men u bilan golf o‘ynadim. Sentyabr oyida uning sherigi ta’tilga ketishi lozim bo‘lganligi tufayli, Londonga qaytib keldi, Emmi esa dengiz bo‘yida qoldi. Ular bir uyni bir yarim oyga ijaraga olishgan ekan. Muhlat tugashidan oldin xonim qaysi kuni Londonga yetib kelishlarini xat orqali eriga bildiribdi. Eri esa Parijdan unga xat yo‘llab, endi u bilan turmasligini ma’lum qilibdi.
— Bu qarorini nima bilan izohlabdi?
— Azizim, u hech narsani izohlab o‘tirmabdi. Men xatni o‘qidim. Xat bor-yo‘g‘i o‘n qatorga yaqin, bundan ortiq emasdi.
— Hech narsaga tushunmayapman.
Shu daqiqada ko‘chani kesib o‘tgandik, katta ko‘chadagi shovqin-suron gapimizni davom
ettirishga imkon bermadi. Polkovnik menga aytib bergan narsalar haqiqatdan uzoqday eshitilayotgandi, Striklend xonim undan nimanidir yashirayotgan bo‘lsa kerak, degan qarorga keldim. O‘z-o‘zidan ayonki, o‘n yetti yil ahil yashagan er-xotin bir-birini biror sababsiz tashlab ketmaydi. Yoxud ular aytilayotganiday ahil yashashmagandir. Polkovnik mening mulohazalarimni bo‘lib yubordi.
—Biror satang bilan qochib qolgan erkak qanday sabab ham ko‘rsatardi. Ehtimol, xotinimning o‘zi buning fahmiga yetar deb o‘ylagandir. Mana shunaqa yaramas odam u.
— Striklend xonim endi nima qilmoqchi?
— Avvalo bu ish hujjat bilan tasdiqlansin-chi. O‘zim Parijga borib kelmoqchiman.
— Idorasi nima bo‘ldi?
— Idorasida ham juda ayyorona yo‘l tutgan. Yil mobaynida ketishga tayyorlangan.
— U jo‘nab ketishi to‘g‘risida sherigini ogohlantiribdimi?
— Buni xayoliga ham keltirmabdi.
Polkovnik Mak-Endryu savdo masalalarida ko‘p narsalarga aqli yetmasdi, men esa bu ishlardan
tamomila bexabar edim. Shuning uchun ham Striklend o‘z ishlarini qay ahvolda tashlab ketganini tushunmadim. Mak-Endryuning gapiga qaraganda, tashlab ketilgan sherigi g‘oyat g‘azabda ekan, Striklendni sudga berishini bayon etibdi.
— Ko‘rinishidan bu mashmasha unga besh yuz franklarga tushsa kerak.
— Xudoga shukrki, uy jihozlari tag‘inam Emmi qaramog‘ida. Unga shulargina qoladi.
15


— Siz xonim bir chaqasiz qoldi deganingizda bu narsalar yodingizdamidi?
— Albatta, yodimda edi. Unga ikki yuz yoxud uch yuz funt puliyu mana shu mebellar qoldi.
— Lekin ular endi qanday qilib tirikchilik o‘tkazishadi?
— Bu yolg‘iz Ollohgagina ma’lum.
Hammasini, chamasi, aql bilan idrok etsa bo‘lardi, ammo darg‘azab polkovnik o‘z so‘zlari bilan meni
chalkashtirib yuborayotgandi. U Armiya va Flot do‘koni oldidagi soatga qarab klubda karta o‘ynaydigan sheriklari kutib turishgani esiga tushib, meni Sent-Jeyms bog‘iga yolg‘iz borishimga imkoniyat berganidan juda xursand bo‘lib ketdim.
O‘ninchi bob
Oradan bir-ikki kun o‘tgach, Striklend xonim menga xat yuborib kechqurun unikiga kirishimni so‘rabdi. Uyiga kirib borganimda yolg‘iz o‘tirgan ekan. Rohibalarniki singari qop-qora oddiy ko‘ylak boshiga tushgan og‘ir musibatdan belgi edi. Yuragidagi shuncha g‘am-g‘ussa bilan o‘zini tutib o‘tirganiga hayron qoldim.
— Sizga biror iltimos bilan murojaat etguday bo‘lsam, uni bajarishga va’da bergandingiz shekilli? — dedi xonim.
— Ha, albatta.
—Parijga borib Charli bilan uchrashib kelishga rozilik bera olasizmi?
— Menmi?
Bu gapdan lol bo‘lib qolgandim. Axir men uni bir martagina ko‘rgandim, xolos. Xonim menga
qanday topshiriq berishni mo‘ljallayaptiykin?
— Fred u yoqqa bormoqchi. (Fred polkovnik Mak -Endryu edi.) Lekin men aminmanki, uning
borishi joiz emas. U hamma ishni faqat chalkashtirib yuboradi. Bu narsani kimdan iltimos qilishni bilmay turibman.
Uning ovozi salgina titrab chiqdi. Men tomondan bir soniya bo‘lsin ikkilanish to‘ng‘izlik bo‘lishini his etdim.
— Lekin men eringiz bilan muloqotda bo‘lmaganman. U meni bilmaydi, shu tufayli ham kavushimni to‘g‘rilab qo‘yishi mumkin.
— Buning hech qanday ahamiyati yo‘q, — javob berdi Striklend xonim sal tabassum qilib.
— Sizningcha, men qanday harakat qilmog‘im kerak?
Bu savolimga u to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob qaytarmadi.
— Menimcha, u sizni bilmasligi qaytaga yaxshi. Bilasizmi, u Fredni hech qachon yoqtirmagan.
Hamisha uni tentak bir kimsa deb hisoblardi — harbiy odamlar diliga o‘tirishmasdi. Fred o‘zini tutolmaydi, o‘rtada janjal ko‘tariladi-da, ish natijasiz tugaydi. Agar siz mening nomimdan kel- ganingizni aytsangiz, u albatta, gapingizga quloq soladi.
— Men sizni yaqindan beri taniyman, — javob berdim men. – Bunday ishga eringizni yaxshi bilmagan bir odamning qanday aralashishi mumkinligini tushunmayapman. O‘zimga bevosita aloqador bo‘lmagan ishga burnimni tiqishni xohlamayapman. Nima sababdan Parijga o‘zingiz borib qo‘yaqolmaysiz?
— U yerda yolg‘iz emasligini esdan chiqarib qo‘yyapsiz, shekilli.
Men tilimni tishladim. Ko‘z o‘ngimda Charlz Striklend uyiga kirib borganim va unga tashrif kartochkasini uzatganim, ikki barmog‘i bilan kartochkani ushlagancha qarshimga chiqqani namoyon bo‘ldi.
— Xizmat?
— Men siz bilan xotiningiz to‘g‘risida gaplashmoqchi edim.
— Jiddiy gapiryapsizmi? Sal ulg‘ayganingizdan keyin birovlarning ishiga burun tiqmaslik lozimligini
16


tushunasiz. Agar iltifot ko‘rsatib, chap tomonga qayrilsangiz eshikni ko‘rasiz. Sizga omad yor bo‘lsin. Bu yerdan silliqqina chiqib ketish qiyinligini avvaldan seza oldim va Striklend xonim mushkulotlar to‘ridan qutulmasidan oldin Londonga qaytib kelganimga o‘zimni qarg‘adim. Men zimdan ayolga razm soldim. U xayol daryosiga g‘arq bo‘lgan edi. Lekin bir soniyadan keyin menga qaradi, chuqur xo‘rsindi
va yengil kulimsirab qo‘ydi.
— Hammasi kutilmaganda ro‘y berdi, — dedi u. – Biz o‘n yetti yil turmush qurdik. Charli boshqa
ayolga aylanishib ketadi deb hech qachon o‘ylamagan edim. Biz juda ahil yashaganmiz. To‘g‘ri, men juda ko‘p narsalarga qiziqar edim, bularni u yo yoqtirmas, yo beparvo edi.
— Siz birga ketgan... — qanday qilib muloyimroq so‘rashni bilolmayotgandim, — ayolning kimligini bila oldingizmi?
— Yo‘q. Buni hech kim tasavvur ham qila olmayapti. Bu juda g‘alati. Odatda, bunday paytlarda odamlar sevishganlarni restoran yoxud biror yerda ko‘rib qolishadi-da, xotinlariga gapirib berishadi. Bu to‘g‘rida meni hech kim ogohlantirgani ham yo‘q, men hech narsadan shubhalanganim ham yo‘q. Uning xati bulutsiz osmondagi momaqaldiroqday bo‘ldi. Men bilan baxtiyorligiga zarracha shubha qilmasdim.
Striklend xonim yig‘lab yubordi, bechoraga yurakdan rahmim keldi. Lekin u shu ondayoq o‘zini qo‘lga oldi.
— Men umidsizlikka berilmasligim kerak, — dedi u ko‘zlarini artib. — Hozir qanday tadbir ko‘rish lozimligi haqida bir qarorga kelish kerak.
Ayol parokandalik bilan goh yaqin o‘tmish, goh birinchi uchrashuvlariyu to‘ylari to‘g‘risida gapira boshladi. Ko‘z o‘ngimda ularning birgalikda kechirgan hayot yo‘llari namoyon bo‘la bordi. Bu oila haqidagi ilgarigi fikrlarim haqiqatdan unchalik uzoq emasligini o‘ylab qoldim. Striklend xonim Hindistondagi bir amaldorning qizi bo‘lgan ekan. Otasi iste’foga chiqqanidan keyin u o‘sha yerda, mamlakatning chekka bir go‘shasida yashab qolibdi. Lekin har yilning avgust oyida havo almashtirish uchun o‘z oilasini Istbornga olib borar ekan. Shu Istbornda u Striklend bilan tanishibdi. U yigirma yoshda, yigit esa yigirma uch yoshda ekan. Ular birgalikda tennis o‘ynashibdi, sayr qilishibdi, habashlarning qo‘shiqlarini tinglashibdi. Qiz yigitga turmushga chiqishga qaror qilibdi, yigit ham turmush qurishni taklif etibdi. Ular avvaliga London chekkarog‘idagi Xampstedda, keyinroq, Striklendning moddiy ahvoli yaxshilangach, shahar markazida yashay boshlashibdi, o‘g‘il va qiz farzandlar ko‘rishibdi.
— Bolalarini judayam yaxshi ko‘rardi. Men uning joniga tekkan taqdirimda ham bolalarni ko‘zi qandoq qiydiykin? Ishonish qiyin bunga. Bu ishlarning haqiqatdan bo‘lib o‘tganiga hali ham ishonmayman.
Oxirida eri yuborgan xatni ko‘rsatdi. Bu xatni anchadan beri o‘qishni istayotgandim, lekin uni so‘rashga botina olmayotgandim.
“Azizam Emmi!
Umid qilamanki, sen uydagi barcha narsalar joy-joyida ekanligiga amin bo‘lasan. Men Emmiga sening buyruqlaringni yetkazib qo‘ydim. Sening va bolalaringning kelishiga ovqat tayyorlab qo‘yadi. Men sizlarni kutib olmayman. Sizlardan alohida yashashga qaror qildim, bugun Parijga jo‘nab ketaman. Bu xatni yo‘lga jo‘nayturib yubordim. Uyga qaytmayman. Qarorim qat’iy va o‘zgarmas.
Hamisha seniki bo‘lib qoladigan Charlz Striklend“.
— U hech narsani tushuntirmagan ham, afsus ham chekmagan. Axir bu g‘alati emasmi?
— Juda g‘alati xat, — javob berdim men.
— Buni faqat bir narsa bilangina izohlash mumkin — u o‘zini yo‘qotib qo‘ygan. Men uni o‘ziga rom
qilib olgan ayolning kimligini bilmayman, ammo u erimni butunlay boshqa odamga aylantirib yuborgan. Chamasi, bu ancha eski sarguzasht bo‘lsa kerak.
— Nega siz shunday deb o‘ylayapsiz?
— Fred buni tushuntirib berdi. Charlzning kunora klubda bridj o‘ynaydigan odati bor edi. Fred bu klubning a’zolaridan biri bilan tanish ekan. Bir kuni gap orasida Charlzni unga bridj o‘yinining ashaddiy
17