OY VA SARIQ CHAQA
Uilyam Somerset MOEM
OY VA SARIQ CHAQA
Roman Birinchi bob
Charlz Striklend bilan tanishgan vaqtimda, gapning rostini aytadigan bo‘lsam, uning qandaydir favqulodda odamligi xayolimga ham kelmagandi. Endilikda esa uning ulug‘ligini biror kimsa inkor eta olmasa kerak. Men bu o‘rinda nom qozongan siyosatdon yoxud mashhur sarkardaning ulug‘ligini ko‘zda tutayotganim yo‘q. Bu narsa ko‘proq odamning o‘ziga emas, balki shart-sharoitga va u yashaydigan makonga bog‘liq. Vaziyatning o‘zgarishi tufayli uning mashhurligi ko‘pincha o‘z-o‘zidan qumga singgan suvday yo‘qolib ketishi hech gap emas. Bosh ministr egallagan mansabisiz ezma maqtanchoqqa, general esa armiyaciz bor-yo‘g‘i mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan sherga aylanadi. Charlz Striklendning ulug‘ligi esa haqiqiy ulug‘likdir. Sizga uning san’ati yoqmasligi mumkin, lekin shunda ham loqayd munosabatda bo‘lolmaysiz. U sizni qoyil qoldiradi, o‘ziga jalb etadi. Uni mazax qilishgan vaqtlar orqada qolib ketdi. San’atkorga xos nuqsonlar ham fazilatlariga qo‘shimchaday tuyuladi. To‘g‘ri, bu rassomning san’atdagi o‘rni borasida hali-hanuz bahslar davom etmoqda, ko‘klarga ko‘tarib maqtash qanchalik asossiz bo‘lsa, uni qoralovchilar ham, unga mensimay munosabatda bo‘luvchilar ham shunchalik asossizdirlar. Uning asarlari dahoning ijodiyoti ekanligi shubhasiz. San’atdagi eng muhim narsa deb ijodkor shaxsiyatini tushunaman, agar u original bo‘lsa, barcha nuqsonlarini kechirishga tayyorman. Velaskes rassom sifatida, ehtimol, El Grekodan yuqoriroq bo‘lgandir. Lekin uning asarlariga ko‘nikib qolamizda, ehtirosli va o‘z qalbining mangu fidoyiligini ko‘rsatgan durdonalarini unchalik ham qadrlayvermaymiz. Artist, rassom, shoir yoki sozanda o‘zining ko‘tarinki va ulug‘vor san’ati bilan estetik tuyg‘uning ehtiyojini qondiradi, lekin bu qoniqish jinsiy instinktga o‘xshab ketadi. Uning siri bamisoli sarguzasht romanlarday kishini o‘ziga tortadi. Bu xuddi koinot sirlariday anglab bo‘lmas jumboqdir. Striklendning eng arzimasday tuyuladigan asarlari ham rassomning o‘ziga xos, murakkab, azob-uqubatlar bilan to‘la shaxsiyati to‘g‘risida ko‘p narsalarni ayta oladi. Ular rassomning asarlari unchalik didiga o‘tirishmaydigan odamlarni ham befarq qoldirmaydi, uning hayoti, xarakterining o‘ziga xos tomonlariga qiziqish uyg‘otadi.
Striklend vafotining to‘rt yilligi arafasida Moris Gyurening “Merkyur de Frans”da e’lon qilingan maqolasi bu rassomni unutilib ketishdan saqlab qoldi. Ko‘pgina taniqli adabiyotchilar Gyure ochgan so‘qmoqdan yurishdi. Ancha vaqtlargacha Frantsiyada birorta tanqidchining rassom haqidagi fikrlariga unchalik qo‘shilishmadi. Tanqidchining fikrlari g‘alati tuyuldi. Lekin keyinroq maydonga kelgan ishlar Gyurening haqligini ko‘rsatdi. Shu ma’noda Charlz Striklendning shuhrati frantsuz qo‘ygan poydevorga
1
asoslanadi, deb bemalol aytish mumkin. Bu shuhrat san’at tarixidagi eng romantik epizodlardan biridir. Lekin men Charlz Striklend san’atini tahlil qilmoqchi emasman, uning shaxsiyatini ochadigan qirralari to‘g‘risidagina to‘xtalmoqchiman. San’atning o‘ziga xos xususiyatlarini bilmaydigan odamlar rassomchilikda muqarrar ravishda hech narsaning fahmiga borishmaydi va shu boisdan bunday asarlarni miq etmay tomosha qilganlari ma’qul deb fikr yuritadigan rassomlarga qo‘shila olmayman. San’atga hunar deb qarash, uni faqat hunarmand odamlargina tushunadi, deyish tamomila xatodir. San’at tuyg‘ularni namoyish etish shakli, tuyg‘u esa hamma tushunadigan tilda ifodalanadi. San’at texnologiyasini amaliy jihatdan unchalik tushunmaydigan tanqidchilik esa hech qachon salmoqliroq gap ayta olmaydi, degan fikrga qo‘shilaman. O‘zimning esa rassomchilik sohasida hech narsaga aqlim yetmaydi. Baxtimga bunday xatarli sarguzashtni boshlashning zaruriyati ham yo‘q. Zero, mening do‘stim, talantli adib va ajoyib rassom, janob Eduard Leggat o‘zining mo‘’jazgina kitobida Striklend ijodini mufassal tahlil etgan. Mazkur kitob Angliyaga qaraganda Frantsiyada ko‘proq muvaffaqiyat qozongan va men uni san’at asarlarini nozik his etish va nazokatli uslubda yozishning ajoyib namunasi degan bo‘lardim.
Moris Gyure o‘zining mashhur maqolasida keng ommada qiziqish va ishtiyoq uyg‘otish uchun Striklendning hayotiy yo‘li to‘g‘risida maroq bilan hikoya qiladi. San’atni yuksak ehtiros bilan sevgan Gyure chinakam, favqulodda o‘ziga xos talantning qadriga yetadiganlarning e’tiborini o‘ziga qaratishga harakat qildi. Ajoyib jurnalist bo‘lganligi tufayli, maqsadga tezroq erishish uchun odamlarni qiziqtira oldi. Striklend bilan qachonlardir uchrashgan, u Londonda istiqomat qilgan paytidan biladigan, yozuvchilar Monmantrda yonma-yon o‘tirgan rassomlar omadsiz va shunchaki bir suratkash deb yurgan odamlari chinakam daho rassom bo‘lib chiqqanidan behad hayratlanardilar. Frantsiya va Amerikadagi jurnallarda rassom to‘g‘risidagi maqolalar bodrab chiqdi. Bu maqolalardagi xotira va maqtovlar xuddi olovga kerosin sepgandek, ommaning rassomga qiziqishini yanada avj oldirardi. Mavzu g‘oyat qiziqish uyg‘otadigan mavzu edi. Tirishqoq Veybrext-Rotgolts o‘zining salmoqli monografiyasida Striklend to‘g‘risida fikr bildirilgan ishlarning uzundan-uzoq ro‘yxatini keltiradi.
Inson tabiatida afsonalar to‘qishga ishtiyoq kuchli bo‘ladi. Shuning uchun ham odamlar o‘zlariga o‘xshagan kishilarning hayoti to‘g‘risida hammani hayron qoldiradigan va sirli hikoyalar to‘qishga intilishadi. Keyinchalik o‘zlari to‘qishgan afsonalarga o‘zlari ham ishonib qolishadi. Bu o‘rtamiyona hayotga qarshi romantikaning isyonidir.
Hayoti to‘g‘risida afsonalar to‘qilgan odam esa mangulikka daxldor bo‘lib qoladi. Hazilkash faylasuf insoniyat janob Uolter Reli tamomila yangi joylarga ingliz bayrog‘ini tikkanini emas, balki malikaning oyoqlari ostiga yomg‘irpo‘shini tashlagan vaqtni ehtirom bilan eslaydi, deb kulgan edi. Charlz Striklend xilvatda hayot kechirgandi. Uning do‘stlaridan dushmanlari ko‘proq edi. Shuning uchun rassom haqida fikr bildirganlar o‘zlarining uzuq-yuluq xotiralari yoniga turli-tuman to‘qimalar qo‘shganlar. Holbuki, rassom to‘g‘risida biladigan o‘sha narsalari ijodkor shaxsiyatini romantik tarzda hikoya qilish imkonini berardi. Uning hayotidagi juda ko‘p narsalar g‘alati va qo‘rqinchli edi, qiyofasi doimo jazavaga tushgan holatda bo‘lardi. Qismat uning boshiga g‘oyat og‘ir ko‘rgiliklarni yog‘dirgandi. U to‘g‘risidagi afsonalar asta-sekin shu qadar keng yoyilib ketdiki, aqli raso tarixchi hech qachon unga suyanishni o‘ziga ravo ko‘rmaydi.
Lekin taqvodor Robert Striklend aqli raso tarixchi emasdi. U, chamasi, o‘z otasining tarjimai holini, “tarqalib ketgan ba’zi noaniqliklarni tushuntirish, hayotining ikkinchi qismidagi” hozirda ham barhayot kishilarga ko‘p iztiroblar keltirgan “tafsilotlarini izohlash” uchun yozgan ko‘rinadi. Albatta, mazkur kitobda hikoya qilingan juda ko‘p narsalar mo‘’tabar xonadonni xijolatda qoldirdi. Striklend — o‘g‘ilning asarini o‘qib men rosa kuldim. U g‘oyatda zerikarli va sayoz yozilganligiga ham xursand bo‘ldim. Robert Striklend o‘z asarida rassomni g‘amxo‘r er va ota, oqko‘ngil, mehnatsevar va yuksak axloqli odam sifatida tasvirlagandi. Hozirgi davrda cherkov xizmatchisi bo‘lgan muallif matnni tahlil etish sohasida mahorat ko‘rsatadi. Ruhoniy Striklend otasi hayotidagi barcha faktlarni hurmatli o‘g‘ilning manfaatlariga moslashtirgan, kelajakda cherkov hayotida yuqori martabalarga erishishiga yordam beradigan qilib o‘zgartirgan. Men xayolan uni yo‘g‘on gavdasiga ruhoniylar kiyimini kiyib
2
olgan holda tasavvur qildim. Hayiqmay amalga oshirilayotgan bu ish g‘oyat xatarli edi. Yangi afsona ota shuhratining oshishiga olib keldi. Zero, rassom shaxsiyati tufayli Striklend san’atidan shu vaqtgacha ko‘ngli to‘lmaganlar ham yo‘q emasdi. Uning o‘limiga ba’zilarning rahmi keldi. O‘g‘ilning yaxshi niyat bilan qilgan harakatlari g‘alati bir tarzda otasining ixlosmandlarining ko‘nglini ancha sovutdi. Striklendning eng yaxshi asarlaridan biri hisoblanuvchi “Samariyalik xonim” rassomning yangi tarjimai holi tufayli boshlangan bahsdan keyin bundan to‘qqiz oy oldin taniqli kollektsioner sotib olgan narxdan 235 funtga arzonlashgani tasodifiy emas. Tez orada kollektsioner vafot etgach, bu rasm kimoshdi savdosiga chiqarib yuborildi.
Ehtimol, Striklend san’atiga o‘ziga xoslik va o‘ta jozibadorlik yetishmas. Agar falsafa doktori Veytbrext-Rotgolts kitobi o‘z vaqtida chiqmaganda, balki san’at shinavandalarining rassom asarlari haqidagi barcha shubhayu gumonlari tarqamagan bo‘larmidi?!
Doktor Veytbrext-Rotgolts inson zotining butun turish-turmushi zalolatdan iboratdir degan aqidaga rioya qiluvchi tarixchilar maktabiga mansubdir. Albatta, bu maktab namoyandalari favqulodda va romantikaga moyil odamlarni himmat egalari va namuna sifatida ko‘rsatishni afzal biluvchilarga qaraganda kitobxonga ko‘proq mamnuniyat bag‘ishlaydi. Masalan, meni Antoniy bilan Kleopatrani faqat moddiy manfaatlargina birlashtirguday bo‘lsa juda xafa bo‘lardim. To‘g‘ri, Tiberiy qirol Georg V ga qaraganda yaxshiroq hokimi mutlaq bo‘lganligiga ishonishim uchun favqulodda ishonchli dalillar kerak bo‘ldi.
Doktor Veytbrext-Rotgolts yaxshi niyatlar bilan tarjimai hol yozgan Robert Striklendni shunday iboralar bilan ta’zirini berdiki, ruhoniyga beixtiyor rahmingiz keladi. Uning nazokatini mug‘ambirlik, mujmal mulohazalarini qip-qizil aldamchilik, atayin indamay o‘tilgan joylarni xoinlik deb atadi. Boshqa yozuvchilar uchun kechirish mumkin bo‘lmagan, ammo o‘g‘li bo‘lganligi tufayli kechirish mumkin bo‘lgan haqiqatdan chekinilgan joylarni riyokorlik, tentaklik, ohanjamalik, makkorlik deb baholandi. Shaxsan o‘zim janob Striklend otasi bilan onasi orasidagi kelishmovchiliklar to‘g‘risidagi ovozalarni inkor etish uchun Charlz Striklendning Parijdan yuborgan xatidagi “hurmatga sazovor ayol” degan iborasini keltirganda shoshqaloqlikka yo‘l qo‘ygan deb hisoblayman. Chunki doktor Veytbrext-Rotgolts xatning asl nusxasini topib, undagi ochiq-oydin yozib qo‘yilgan: “Xotinimni jin ursin. U hurmatli ayol. Lekin men uni allaqachon do‘zaxda bo‘lishini afzal bilardim” degan so‘zlarini e’lon qiladi. Shuni aytish kerakki, o‘sha vaqtlarda katta nufuzga ega bo‘lgan cherkov bunday mulohazalarga, tabiiyki, ola qaragan.
Doktor Veytbrext Charlz Striklendning otashin muxlisi edi, shu tufayli ham u barcha vositalar bilan rassomni qoralaydi deyishga o‘quvchilarda asos yo‘q. Bundan tashqari, doktor g‘oyat olijanob ko‘rinayotgan harakatlar tagidagi oqimni bexato seza olardi. Psixopatolog va shu bilan birga san’atshunos bo‘lgan bu olim ong osti dunyosidan ham yaxshigina xabardor edi. Birorta mutasavvuf oddiy narsalar zaminidagi yashirin ma’noni undan yaxshiroq anglab yetmog‘i amrimahol edi. Mutasavvuf aytilmagan narsalarni ko‘ra oladi, psixopatolog esa gapirilmagan narsalarni ham bila oladi. Olim muallif o‘z qahramonini tahqirlashi mumkin bo‘lgan har bir tafsilotni ishtiyoq bilan hikoya qilganini kuzatish maroqli edi. U qahramonining shafqatsizligi va pastkashligiga misol bo‘la oladigan biror holatni topganida xuddi dahriyni gulxanga tashlagan inkvizitor qozisiday xursandchilikdan entikadi. Muallifning tirishqoqligiga qoyil qolsa arziydi. Rassom hayotiga oid arzir-arzimas barcha tafsilot ham uning nazaridan soqit bo‘lmagan. Biz bu asar orqali Charlz Striklend kirxona hisob-kitob daftarchasiga biror marta haq to‘lamagan bo‘lsa ham, olgan qarzini yarim kron kamroq to‘lagan bo‘lsa ham bilib olamiz. Demak, muallifning nazaridan rassom hayotining ikir-chikir tafsilotlari ham chetda qolmagan.
3
Ikkinchi bob
Charlz Striklend to‘g‘risida shu qadar ko‘p narsa yozilganki, mening ham u haqida yozishim joizmikin, deb o‘ylab qolaman. Uning o‘z asarlari rassomga qo‘yilgan haykaldir. Shu narsa rostki, men uni boshqa ko‘pchilikka qaraganda yaqindan bilaman. Ilk marotaba uni Charlz rassom bo‘lmasidan ilgariroq ko‘rganman. Parijda nochor hayot kechirgan paytlarida ham tez-tez ko‘rib turardim. Shunday bo‘lishiga qaramasdan urush tasodiflari tufayli qismat meni Taitiga uloqtirib tashlamaganda hech qachon u to‘g‘risida yozmagan bo‘lardim. Ma’lumki, rassom hayotining oxirgi yillarini o‘sha joylarda o‘tkazgan. Men Taitida uni yaqindan bilgan talay odamlar bilan tanishdim. Shunday qilib, menda hozirgacha nisbatan uning mavhumroq bo‘lib qolayotgan fojiali hayotining o‘sha davrini ma’lum darajada oydinlashtirish imkoniyati tug‘ildi. Agar ko‘pchilik hisoblaganidek, Striklend chindan ham ulug‘ rassom bo‘lsa, u bilan deyarli har kuni ko‘rishib turgan odamlarning fikrini eshitish qiziqarlidir.
To‘g‘risini aytsam, bunday izohlarga zaruriyat bormikin o‘zi! Kimligi xotiramda yo‘q-ku, ammo qaysidir donishmand odamlar ruhiy muvozanatlarini saqlab turishlari uchun kuniga ikki marotabadan o‘zlari yoqtirmagan ishni bajarib turishlari lozim, degan ekan. Shaxsan men bu topshiriqni aniq bajaryapman, har kuni o‘rnimdan turaman va har kuni o‘rnimga yotaman. Tabiatim tarkidunyochilikka moyilroq odam bo‘lganim uchun har haftada o‘zimni yana bundan ham og‘irroq azobni bajarishga majbur etaman – “Tayms”ga adabiy ilovani o‘qiyman. Son-sanoqsiz chiqayotgan bunday kitoblarning qaysi birlari yashab qolarkin, muvaffaqiyat qozonarkin? Agar muvaffaqiyat qozonsa ham uzoqqa bormasa kerak. Bunday kitoblarning muallifi tasodifiy o‘quvchini biror soat ovuntirish, safarga otlanganlarni yo‘ldagi zerikishdan qutqarish uchun qanday iztiroblarni boshdan kechirgani-yu, qancha tajribalar o‘tkazgani yolg‘iz Ollohga ayon. Agar bunday asarlarga yozilgan taqrizlarga qarab mulohaza yuritilguday bo‘lsa, ularning aksariyati yaxshi yozilgan, ularda juda yaxshi fikrlar ifodalangan, ba’zilari esa butun umr mobaynida qilingan mehnatning natijasi. Aytilganlardan shunday xulosaga kelamanki, yozuvchi faqat ish jarayonida, yuk bo‘lib turgan fikrlaridan qutulgani uchungina taskin topgani, asar to‘g‘risidagi yaxshi va yomon gaplarga ham, uning muvaffaqiyati yoki muvaffaqiyatsizligiga ham beparvo bo‘lib qolgani ma’qul.
Lekin urush boshlanishi bilan birga narsalarga yangicha munosabatlar ham paydo bo‘ldi. Yoshlar bizning davrimizda tilga olinmaydigan xudoga sig‘ina boshlashdi. Bizdan keyingi avlod qaysi yo‘ldan ketishi endilikda ma’lum bo‘lib qoldi. Tinib-tinchimas va o‘z kuchini biladigan yosh avlod eshikni chertib o‘tirmaydi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri uyga kirib o‘rnimizga o‘tiradi qo‘yadi. Ularning qiyqirig‘idan hammayoq larzaga keladi. Keksalar yoshlarning qiliqlariga taqlid qilishib hali davrlari o‘tmaganligiga o‘zlarini ishontirmoqchi bo‘lishadi. Ular yoshlar bilan birga jo‘rovoz bo‘lishga intilishadi, lekin ularning og‘izlaridan jangovar hayqiriq emas, mungli nola chiqadi. Ular pardoz bilan o‘zlarining avvalgi yoshliklarini qaytarmoqchi bo‘lgan keksa satanglarni eslatadi. Esliroqlari esa qadr-qimmatlarini bilgan holda o‘z yo‘llaridan og‘ishmay ketaveradilar. Ularning istehzoli tabassumlarida bir vaqtlar bizlar ham xuddi sizlardek edik, tez orada sizlar ham o‘z o‘rningizni yangi avlodga bo‘shatib berasizlar degan ma’noni uqish mumkin bo‘ladi. Hech qachon so‘nggi so‘z aytilmaydi. Nineviya shon-shuhratga ko‘milgan paytda boshqa ko‘pgina joylar tanazzulga yuz tutayotgandi. Gapirayotganlarga xuddi yangiday tuyulayotgan jasur so‘zlar ko‘pincha boshqalar tomonidan xuddi o‘sha ohanglarda yuzlarcha marotaba aytilgan bo‘ladi. Mayatnik orqaga va oldinga tebranib turadi. Harakat muqarrar ravishda doira bo‘ylab sodir bo‘ladi.
Ba’zan odam o‘z davridan nariroq o‘tib o‘zga davrlarda ham yashaydi. Endilikda Jorj Krabbni kim eslaydi? U o‘z davrida o‘ta mashhur edi, hamma daho sifatida tan olgandi. U Aleksandr Popning shogirdi bo‘lib, masnaviy yo‘sindagi axloqiy hikoyalar yozardi. Lekin Frantsiyada revolyutsiya ro‘y berdi, keyin Napoleon urushlari boshlandi, shoirlar yangi qo‘shiqlar aytishga tushishdi. Krabb esa masnaviy yo‘sindagi axloqiy hikoyalar yozishda davom etdi. Aytish mumkinki, u dunyoni ag‘dar-to‘ntar qilib yuborgan o‘spirinlarning she’rlarini o‘qirdi va bularni safsata deb hisoblardi. Albatta, bu she’rlardagi juda ko‘p gaplar safsata edi. Lekin Kits va Vordsvort qasidalari, Kolrijning qator
4
dostonlari, ayniqsa, Shelli asarlari bashariyatga ruhning hali noma’lum jihatlarini kashf etdi. Janob Krabb o‘lguday tentak edi, u hamon masnaviy yo‘lida didaktik tarixlarni yozishda davom etdi. Men gohida yoshlar ijodini o‘qib turaman. Ehtimol, jo‘shqin Kits va ko‘tarinki ruhdagi Shelli insoniyat asrlar mobaynida esda tutadigan yangi ijod namunalarini e’lon qilishgandir. Bilmadim. Ular o‘z qalamlari ostidan chiqayotgan asarlar ustida zargarona hafsala bilan ishlashlariga qoyil qolaman. Uslublarining mukammalligiga hayratlanaman. Lekin ularning so‘z boyliklari (chamasi, ular bolaliklarida Rojening “Lug‘at”ini rosa o‘qishgan bo‘lsa kerak) menga hech narsani bildirmaydi. Nazarimda, ular haddan tashqari ko‘p narsa bilishadiganday va lekin bularni yuzakiroq his etishadiganday tuyuldi. Yelkamga qoqib samimiy erkalatishlarini ham, hayajondan ko‘kragimga o‘zlarini tashlashlarini ham yoqtirmayman. Ularning ehtiroslari juda majmag‘il, orzulari esa maroqsiz tuyuldi menga. Men ularni yoqtirmayman. Chunki men boshqa davr odamiman. Men hamon masnaviy yo‘lidagi didaktik tarixlarimni bitaveraman. Lekin bularning barchasini faqat o‘zimni ovutish uchungina qilganimda tentak bo‘lar edim.
Uchinchi bob
Bularning barchasi shunchaki aytilgan gaplar. Birinchi kitobimni yozganimda juda yosh edim. Baxtli tasodif tufayligina u e’tibor qozondi, turli odamlar men bilan tanishish yo‘llarini qidira boshlashdi.
London adabiy olamiga kirib kelgan tortinchoq chog‘larim to‘g‘risidagi ma’yus xotiralarga berilaman. Men anchadan beri Londonda bo‘lganim yo‘q. Agar romanlarda uning o‘ziga xos belgilari to‘g‘ri tasvirlanayotgan bo‘lsa, u yerdagi juda ko‘p narsalar o‘zgarib ketgan. Adabiy hayot qaynaydigan joylar ham o‘zgargan. Ilgarigi Xampsted, Notting-Xillgeyt, Xay-strit va Kensington singari adabiy markazlar o‘z o‘rnini Chelsi va Blumsberiga bo‘shatib bergan. O‘sha vaqtlarda qirqdan yoshroq yozuvchilar odamlar e’tiborida bo‘lardi, endilikda yigirma beshdan oshgan yozuvchilar kulgili tuyuladi. U paytlarda biz o‘z tuyg‘ularimizdan uyalardik, boshqalarga kulgili ko‘rinmaslik uchun o‘zimizga ishonch tuyg‘usini cheklab turardik. O‘sha vaqtlardagi ziyolilar ahli axloqiy qadriyatlar uchun qanchalik g‘amxo‘rlik qilishganini unchalik bilmadim-u, lekin harholda bu narsalar hozirgidagidek ayqash-uyqash bo‘lib ketmagandi. O‘ylamay ish qilishimizni indamaslik pardasi bilan berkitsak-da, o‘zimizni ikkiyuzlamachi deya olmasdik. Narsalarni o‘z nomi bilan atash, to‘g‘risini aytish bizda majburiy hisoblanmasdi, ayollar esa u paytlarda mustaqil hayot kechirishga o‘rganishmagandi.
Men Viktoriya vokzalidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda yashardim, iltifotli adabiyotchilar huzuriga izvoshda mehmonga borib turardim. O‘zimda jur’at topib qo‘ng‘iroqchani bosgunimgacha ko‘cha bo‘ylab u yoqdan-bu yoqqa ancha vaqtgacha borib kelardim, so‘ng qo‘rquv va hayajondan yuragimni hovuchlab, odamlar bilan liq to‘lib ketgan diqqinafas xonaga kirardim. Meni goh u, goh bu mashhur yozuvchiga tanishtirishardi, ulardan o‘z kitobim to‘g‘risida maqtov gaplarni eshitganimda butun a’zoyi badanim qizib ketardi. Ular mendan o‘tkir gaplar kutishayotganini his etib turardim, lekin bunaqa gaplar o‘tirish tugagandan keyingina xayolimga kelardi. Tortinchoqligimni yashirish uchun men zo‘r berib yonimdagilarga choy va kesib qo‘yilgan buterbrodlarni uzataverardim. Men iloji boricha ko‘zga tashlanmaslikka va bu ulug‘ odamlarni bamaylixotir kuzatish, aqlli gaplarini eshitishga harakat qilardim.
Bu o‘tirishlardagi barvasta bo‘yli, jiddiy, qirraburun, odamga yeb qo‘yguday tikiladigan xonimlar esimda qolgan. Men xuddi sehrlanganday ular qo‘lqoplarini yechmasdan qovurilgan nonni yutoqib yeyishayotganini, keyin esa barmoqlarini go‘yo birov ko‘rmayotganday stullarga artishayotganini ko‘rib turardim. Bu holat, tabiiyki, mebel uchun yaxshi emas, lekin o‘ylashimcha, xonadon sohibasi buning javobini o‘z navbatida ularnikiga mehmonga borganda ikki hissa qilib qaytaradi. Xonimlarning ba’zilari so‘nggi moda bo‘yicha kiyinishardi, roman yozadigan odamlar bo‘lishgani uchun qo‘g‘irchoqqa o‘xshab yurishni istamasliklarini aytishardi. Agar qomating raso bo‘lsa, uni ko‘z-ko‘z qilishga intil,
5
ingichka oyoqqa kiyilgan chiroyli tufli biror noshirga sening “mahsulot”ingni sotib olishga xalaqit bermaydi. Boshqalari, aksincha, bunday qarashni yengiltaklik deb baholashar, boshqacharoq kiyinishar va turli-tuman bezaklarni taqib yurishardi. Erkaklar esa, odatda, sipo kiyinishardi. Ular dunyoviy odamlarga o‘xshab ko‘rinishga intilishar, ko‘rganlar ularni nufuzli firmalarning boshliqlari deb o‘ylashlari hech gap emasdi. Ko‘rinishlari esa har doim horg‘in edi. Men shu vaqtgacha hech qachon yozuvchilarni ko‘rmagandim, shuning uchun ular juda g‘alati, hatto qandaydir soxtaga o‘xshab tuyulardi.
Ularning gaplarini qoyilmaqom deb bilardim, o‘zlariga salgina qarshi chiqqan hamkasaba qalamkashlarni darhol haqorat qilib tashlashlarini eshitib hayron qolardim. Artistona ko‘rinishli odamlarning afzalligi shundan iboratki, do‘stlari ularning mazax qilishlariga o‘zlarining ko‘rinishlari va xarakterlari bilangina emas, balki asarlari bilan ham asos beradilar. Men hech qachon o‘z fikrlarimni ularga o‘xshab go‘zal va osongina ifodalay olmasam kerak deb ishonardim. O‘sha vaqtlarda so‘zlash, nutqni san’at deb bilishardi. O‘rnida topilgan o‘tkir javob juda yuqori baholanardi. Chiroyli aytilgan epigramma o‘tirishlarni jonlantirib yuborardi. Baxtga qarshi men so‘zdagi bunday mushakbozliklardan birortasini eslab qolmaganman. Lekin, nazarimda, kasbimizning tijorat bilan bog‘liq tomonlari to‘g‘risida gap ketganda suhbat yanada qizirdi. Yangi paydo bo‘lgan kitobni muhokama qilayotganimizda, tabiiyki, biz uning qancha nusxasi tarqalgani, muallif qancha haq olgani, kitob unga yana qancha daromad keltirishi to‘g‘risida so‘zlardik. Keyin muqarrar ravishda noshirlar to‘g‘risida gap ketardi, bir noshirning saxiyligi ikkinchisiga qarama-qarshi qo‘yilardi. Ularning qaysi birlari bilan hamkorlik qilish, qaysi birlari qalam haqiga ziqnalik qilmasligi yoki qaysi biri har qanday asarni ham o‘tkaza olishi haqida so‘zlashardik. Ba’zi noshirlar zamonaviy asarlarga, boshqalari esa eski uslubdagi ijod namunalariga o‘chligini ta’kidlardik. Keyin gap biz uchun buyurtmalar undiradigan komissionerlar, gazeta muharrirlari, ularga zarur maqolalar, mingta so‘zga kim qancha to‘lashi, to‘laganda ham o‘z vaqtida to‘laydimi yoxud kechiktirib yuboradimi, singari masalalarga kelib taqalardi. Bularning barchasi menga g‘oyat romantik tuyulardi. Men o‘zimni qandaydir yashirin hamkorlikning a’zosiday his etardim.
To‘rtinchi bob
O‘shanda hech kim menda Roza Uoterfordchalik xayrixohlik uyg‘otmagandi. Unda donishmand erkaklarga xos fazilatlar bilan birga, ayollarga xos nazokat uyg‘unlashgandi, qalami ostidan chiqqan romanlar esa o‘z originalligi bilan kitobxonlarni hayron qoldirardi. Charlz Striklendning xotinini ilk marotaba uning uyida uchratgandim. Uoterford xonim bir piyola choyga chaqirganda uning uyiga juda ko‘p odam yig‘ildi. Hamma bir-biri bilan valaqlashar, men esa bir chekkada jimgina o‘tirardim, o‘zimni g‘oyatda noqulay his etardim. Lekin juda tortinchoq bo‘lganligimdan mehmonlarning biror guruhiga qo‘shila olmasdim, o‘z ishiga g‘arq bo‘lgan odamday miq etmay o‘tirardim. Uoterford xonim mehmondo‘st xonadon sohibasi sifatida sarosimada o‘tirganimni ko‘rib yordamga shoshildi.
— Siz Striklend xonim bilan gaplashishingiz kerak, — dedi u. — Xonim kitobingizni o‘qib qoyil qolibdi.
— Striklend xonim qanday ish bilan shug‘ullanadi? — qiziqib so‘radim men.
Agar Striklend xonim taniqli adiba bo‘lsa, bu savolim bilan o‘zimning gumrohligimni ko‘rsatgan bo‘lardim. Shunday bo‘lgan taqdirda u bilan suhbatlashish uchun ma’lum narsalarni bilib olmog‘im darkor edi.
Roza Uoterfild xonim so‘zlarining ta’sirini ko‘rsatmoq uchun o‘zini hayron qolgan kishi qilib ko‘rsatdi.
— U — odamlarni bir piyola choyga chorlab turuvchi mehmondo‘st ayol. Agar siz xonimga ma’qul kelsangiz, uning taklifiga sazovor bo‘ldim deyavering.
Roza Uoterford beadabroq edi. Hayot uning tasavvurida roman yozish uchun qulay bir vosita, odamlar esa zarur xomashyo edi. Vaqt-soati bilan bunday xomashyolar orasidan uning iste’dodiga qoyil qoladiganlarni uyiga taklif etar va iltifot ko‘rsatardi. Odamlarning taniqli kishilarga yaqinroq
6
bo‘lishga intilishdek qusurlari ustidan miyig‘ida kulgan holda o‘zini g‘oyat mashhur odam qilib ko‘rsatishga intilardi.
Menga tanishtirilgan Striklend xonim bilan o‘n daqiqalar chamasi yuzma-yuz turib gaplashdik. Men yoqimli ovozidan boshqa unda e’tiborga sazovorroq biror narsa payqamadim. U Vestminsterda yasharkan, uyining derazalari hali qurib bitkazilmagan cherkovga qarab turarkan. Men ham shu uyga yaqin joyda yashardim. Bu holat bir-birimizni yaqinroq his etishga imkoniyat yaratdi. Armiya va Flotning bosh do‘koni Temza va Sent-Jeyms bog‘i oralig‘ida yashovchilar uchun bog‘lovchi bo‘g‘in vazifasini o‘tardi. Striklend xonim mening yashash manzilimni so‘rab oldi va bir necha kundan keyin nonushtaga taklifnoma yubordi.
Men bunday taklifnomalarni juda kam olardim va shu boisdan, taklifni jon-jon deb qabul qildim. Hammadan erta borib qolmayin deb cherkov atrofini uch marotaba aylanib chiqib mehmonga kechikibroq kirib borganimda hamma jamuljam edi: Uoterford, Jey xonimlar, Richard Tuayning va Jorj Rod singari yozuvchilar yig‘ilishgandi. Musaffo havoli bahor kunlaridan biri bo‘lganligi tufayli, yig‘ilganlar a’lo kayfiyatda edilar. Ular turli-tuman mavzularda gurunglashishardi. Yoshlarga xos yenglariga gul tikilgan yashil ko‘ylak, kamolot yoshidagi ayollarga xos baland poshnali tufli kiyib, Parij atir-upalari bilan o‘ziga oro bergan Uoterford yangi shlyapada edi. Bu holat uning so‘zlariga favqulodda keskinlik bag‘ishlardi. Ilgari hech qachon bizning umumiy do‘stlarimiz to‘g‘risida bu qadar jahl bilan so‘zlaganini eshitmagandim. Axloqsizlik zakovatning qalbi deb ishonadigan Jey xonim yarim ovozda shu qadar beparda askiyalar qilardiki, bamisoli oq dasturxon ham qizarib ketguday bo‘lardi. Richard Tuayning esa qandaydir bo‘lmag‘ur gaplarni tinmasdan valdirardi. Jorj Rod esa hozirgi holatda askiya aytishning hojati yo‘q degan xayolga borib miq etmas, og‘zini faqat lazzatli taomlardan biror bo‘lagini tashlab yuborish uchungina ochib qo‘yardi. Striklend xonim kam gapirsa-da, lekin unda umumiy suhbatni qovushtirib turish qobiliyati kuchli ekan. O‘rtaga biroz sukunat tushguday bo‘lsa, biror o‘rinli luqma tashlar, natijada suhbat yana jonlanib ketardi. Barvasta bo‘yli, semiz emas-u, ammo to‘ladan kelgan o‘ttiz yetti yoshlardagi bu ayol unchalik go‘zal emasdi, lekin kulcha yuzdan kelgan xonim samimiy boqadigan jigarrang ko‘zlari bilan xushro‘ygina ko‘rinardi. Qop-qora sochlarini hafsala bilan taragandi, pardoz-andozni ham me’yorida ishlatgandi. Shu boisdan ham boshqa ikki xonimga nisbatan sodda va tabiiyroq ko‘rinardi.
Uning oshxonasi o‘sha davrning yaxshi didli odamlariga xos ravishda saranjom-sarishta edi. Devorlarga taxta qoplanib bo‘yab qo‘yilgan, unga chiroyli qora ramkalar ichiga olingan rasmlar osilgan. Yashil eshik pardalari yashil gilamga tegay-tegay deb turibdi. Gilamlarda aksi tushirilgan sershox daraxtlar orasida quyonlar o‘ynashib yurishibdi. Bu rasmlarda, shubhasiz, Uilyam Morisning ta’siri seziladi. Tosh taxta sopol-chinni bilan mustahkamlangan. O‘sha vaqtlarda Londonda bunday kamtar, chiroyli, ma’yus bezatilgan oshxonalardan besh yuzdan ortiqrog‘ini uchratish mumkin edi.
Men mehmondorchilikdan Uoterford bilan birga chiqdim. Havoning ochiqligi va uning yangi shlyapasi bog‘ni sayr etish haqidagi qarorimizga olib keldi.
— Vaqtni juda chiroyli o‘tkazdik, — dedim men.
— Nonushta haqida qanday fikrdasiz? Men unga agar uyingga yozuvchilar kelishini istasang ziyofatni yaxshilab qil, — deb tayinlagandim.
— Oqilona maslahat, — dedim men. – Lekin xonimga yozuvchilar nima uchun kerak?
Uoterford xonim yelkasini qisdi.
— U yozuvchilarni qiziq odamlar deb tushunadi va modadan qolishni istamaydi. U bechora juda
soddadil, bizlarning hammamizni favqulodda odamlar deb faraz qiladi. Unga bizlarni nonushta bilan siylash yoqadi, biz esa bundan hech narsa yo‘qotmaymiz. Shuning uchun ham mening unga munosabatim juda iliq.
Bosib o‘tilgan yo‘lga qarab turib shunday o‘ylaymanki, Striklend xonim mashhur odamlarga yaqinroq bo‘lishni xohlovchilarning eng beg‘arazi ekan. U yoshligida poytaxtdan uzoqroqda tinch hayot kechirgan. Poytaxt kutubxonasidan unga yuborib turiladigan kitoblar faqat o‘z romantikasi bilangina emas, London romantikasi bilan ham o‘ziga rom etgandi. Unda mutolaaga o‘ta zo‘r ishtiyoq
7
bor edi (bu asarning o‘zidan ko‘ra yozuvchi bilan, asarlardan ko‘ra rassom bilan qiziquvchilarda kamroq uchraydigan xususiyat), u kundalik hayotda erisha olmaydigan xayollar dunyosida yashardi. Yozuvchilar bilan tanishganda o‘zini xuddi ilgari faqat tomoshabinlar zalidan ko‘rib yurgan sahnaga chiqib qolganday his etardi. Xonim ularni shu qadar ideallashtirardiki, yozuvchilarni o‘z uyida ziyofat qilayotganda yoxud ularnikiga borganida boshqacha, qandaydir ko‘tarinki olamda yashayotganday his etardi. Yozuvchilarning hayot tarzi uni hayron qoldirardi, lekin o‘z hayotini bir daqiqa bo‘lsin shu tarzda o‘tkazishni xayoliga ham keltirmasdi. Ularning erkin axloqlari, noodatiy kiyinishlari, g‘alati nazariyalari o‘ziga jalb etardi, lekin uning o‘z e’tiqodlariga zarracha ta’sir eta olmasdi.
— Ayting-chi, janob Striklend degan odam bormi o‘zi? — qiziqib so‘radim men.
— O, albatta bor-da. U Sitida nimadir qiladi. Birja dalloli bo‘lib ishlaydi, shekilli. Juda zerikarli odam!
— Ular o‘zaro yaxshi munosabatdamilar?
— Bir-birlarini sidqidildan yoqtirishadi. Xonim sizni tushlikka taklif etsa uni ko‘rib qolarsiz. Lekin chet odamlar ularnikiga kam borishadi. Juda beozor odam. Adabiyot va san’atga sira qiziqmaydi.
— Nega dilbar ayollar ko‘pincha zerikarli odamlarga turmushga chiqishadi?
— Nega deganda aqlli erkaklar dilbar ayollarga uylanishmaydi.
Men bu fikrga e’tiroz bildira olmadim va Striklend xonimning bolalari bor-yo‘qligini so‘radim. — Ha, bir qizu bir o‘g‘li bor. Ikkalasi ham maktabda o‘qishadi.
Mavzu tugagan edi. Biz boshqa narsalar to‘g‘risidagi suhbatga o‘tib ketdik.
Beshinchi bob
Yoz mobaynida Striklend xonim bilan tez-tez uchrashib turdim. Men uning uyidagi tantanali choyxo‘rlikdan ko‘ra yoqimtoyroq intim nonushtalariga borib turardim. Biz bir-birimizni samimiy yoqtirib qolgandik. Men hali juda yosh bo‘lganim tufayli, ehtimol, adabiyot maydoniga qo‘yayotgan dastlabki qadamlarimga bosh bo‘lib turgani haqidagi fikr unga qandaydir yoqimli edi. Yonimda har qanday masalada dardu hasratimni diqqat bilan eshitadigan va o‘rinli maslahat beradigan odamning borligi ko‘nglimga taskin berardi. Striklend xonimda rahm-shafqat tuyg‘usi kuchli edi. Bu aslida ajoyib fazilat, lekin shunday fazilatga ega kishilar ko‘pincha uni suiiste’mol qilishadi. Ular o‘z qurbonlariga rahm-shafqat selini shu qadar ko‘p yog‘dirib yuborishadiki, natijada ular tamomila o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishadi. Aziyat chekayotganlarning g‘am-tashvishlari o‘zlariga yetmaganday hamdardlik bildirayotgan odamning ohu nolalari buning yoniga qo‘shiladi. Striklend xonim esa bu fazilatini suiiste’mol qilmasdi. Uning hamdardligini qabul qilsangiz bag‘oyat xursand bo‘lardi. Bu kuzatishlarimni samimiy ravishda Roza Uoterford bilan o‘rtoqlashgan paytimda u shunday dedi:
— Sut ichish, ayniqsa, unga konyak aralashtirib ichish maza, lekin sigir undan tezroq qutulishni xohlaydi. Shishib ketgan yelin g‘oyat yoqimsiz narsa.
Roza Uoterfordning tilini xuddi zaharli ilon deysiz. Hech kim unchalik so‘z bilan chaqib ololmaydi. Shu bilan birga hech kim unchalik yoqimtoy so‘zlarga usta emasdi.
Striklend xonimning yana bir xususiyati menga yoqardi—orasta yashashni bilardi. Uning uyi doimo saranjom-sarishta va ozoda edi. Hammayoqda anvoyi gullar ko‘zga tashlanadi. Mehmonxonaga qalin ip gazlamadan darparda osilgan. Xona ancha sipo ko‘rinsa-da, yorug‘ va qandaydir yoqimli. Taomlari did bilan va mazali tayyorlanardi. Ixchamgina oshxonasidagi stol chiroyli idish-tovoqlar bilan bezatilgan. Ikkala xizmatkor ham g‘oyat bashang kiyinishgan, ko‘rinishi yoqimtoy. Striklend xonim ajoyib uy bekasi ekanligi shundoqqina ko‘rinib turibdi. Tabiiyki, u ajoyib ona ham. Mehmonxonani bolalarining rasmlari bezab turibdi. O‘n olti yoshlardagi o‘spirin o‘g‘li Robert Regbida o‘qirdi. Bir suratda u sport kostyumida, boshqasida tik yoqali kamzuldagi ko‘rinishi tasvirlangandi. U ham xuddi onasi singari keng peshonali bo‘lib, chiroyli, o‘ychan ko‘zlari qandaydir yoqimtoy boqardi. U ozoda, sog‘lom va qobiliyatli o‘spirindek taassurot qoldirardi.
8
— Uni judayam aqlli deb o‘ylamayman, — dedi bir kuni suratga tikilib turganimni payqab, — lekin u sofdil va yoqimli bola.
Qizi o‘n to‘rtga chiqqandi. Uning onasiniki singari qopqora va quyuq sochlari to‘lqin-to‘lqin bo‘lib yelkasiga tushib turardi. Yuzlari samimiy, ko‘zlari betashvish edi.
— Ularning har ikkalasi quyib qo‘yganday o‘zingiz, — dedim men. — Ha, ular otasiga qaraganda ko‘proq menga o‘xshashadi.
— Nega meni shu paytgacha eringiz bilan tanishtirmadingiz?
— Siz u bilan tanishishni xohlaysizmi?
U kulib qo‘ydi – uning kulgusi haqiqatan juda chiroyli edi — qizarib ketdi. Men uning yoshidagi ayolning salgina narsaga qizarishidan hayron qolardim. Lekin soddadillik uning yetakchi jozibasi edi.
— U adabiyotga tamomila begona, tor fikrli odam, — dedi u.
Xonimning so‘zlarida mensimaslik ohangi yo‘q edi. Aksincha, uni o‘z do‘stlaridan himoya qilganday muloyimlik bilan gapirdi.
— U birjada ishlaydi, odatdagi birja dallollaridan biri. Siz u bilan gaplashsangiz zerikib o‘lasiz.
— Sizga ham u bilan yashash zerikarlimi?
— Yo‘q, axir men uning xotiniman-ku. Men unga juda o‘rganib qolganman.
U xijolatini yashirish uchun kulimsirab qo‘ydi. Nazarimda, u Roza Uoterfordga o‘xshab biror hazilni
aytib yuborishdan cho‘chiyotgandek tuyuldi. Jim bo‘lib qoldi. Ko‘zlarida qandaydir nazokat va yoqimtoylik uchqunlari yaltillaganday bo‘ldi.
— U o‘zini daho deb hisoblamaydi, hatto birjada ham unchalik ko‘p daromad qilmaydi. Lekin hayratda qoladigan darajada yaxshi va samimiy odam.
— O‘ylaymanki, u menga yoqib qoladi.
— Men biror kuni oilaviy davradagi ovqatlanishga sizni taklif etaman. Lekin zerikib qolguday bo‘lsangiz o‘zingizdan ko‘ring.
Oltinchi bob
Shunday sharoit ro‘y berib, nihoyat, Charlz Striklend bilan uchrashganimizdan keyin ham u bilan durustroq tanisha olmadim. Bir kuni ertalab Striklend xonimning qisqagina xatini keltirib berishdi. Unda bugun kechqurun uyida mehmonlarni kutishini, ilgari taklif qilingan mehmonlardan biri kelolmasligi sababli, uning o‘rnini egallashi mumkinligi aytilgandi. Xatda yana shunday so‘z ham bor edi:
“O‘tirish juda zerikarli bo‘lishini oldindan ogohlantirib qo‘yishni o‘z burchim deb hisoblayman. Mehmonlar tarkibi shunday deyishimga to‘la asos beradi. Lekin shunga qaramay tashrif buyursangiz cheksiz minnatdor bo‘lur edim. Orada biroz vaqt topib ozgina gurunglashamiz”.
O‘zaro yaxshi munosabatlarimiz mehmondorchilikka borishimni taqozo etishini tushundim. Striklend xonim meni eri bilan tanishtirganda u qo‘limni siqib qo‘ydi.
Xonim unga tikilgancha, hazillashdi:
— Men uni haqiqatan ham erim borligini bildirib qo‘yish uchun chaqirgandim. Menimcha, u bunga
shubhalana boshladi.
Striklend nazokat bilan kulib qo‘ydi. Odatda, aytilgan gapda kulgiga sabab bo‘ladigan biror alomat
bo‘lmagan paytda shunday kulinadi. U kulib qo‘ydi-yu, lekin hech narsa demadi. Yangi mehmonlar xonadon sohibining e’tiborini o‘ziga tortdi va men yana o‘z xayollarimga g‘arq bo‘ldim. Hamma yig‘ilib bo‘lganda men ziyofat stolini kuzatib borish topshirilgan xonim bilan gaplashib turardim. Xayolimga madaniyatli odamlar o‘zlarining qisqa umrlarini har xil zerikarli marosimlarga sarflashga bunchalik usta bo‘lishmasa, degan fikr keldi. Bu shunday ziyofat ediki, xayolingga beixtiyor ravishda xonadon sohibasi shuncha mehmonni kutib o‘zini nega bunchalik urintirarkin, mehmonlar esa bu mashaqqatni
9