ZULKIFL MAQBARASI — Termiz yaqinidagi meʼmoriy yodgorlik (11 — 12-a. lar). Rivoyat qilinishicha, bu yerga paygʻambar Zulkifl dafn etilgan. Tarixiy manbalarda abbosiylarning atoqli lashkarboshlaridan Isʼhoq ibn Kunaja (992/3 y. larda vafot etgan) ham shu yerda dafn etilgani qayd qilingan. Amudaryodagi Paygʻambar o. ning jan. qismida joylashgan masjid, goʻrxona va ularga tutash 2 xonadan iborat. Bi-nolar turli davrlarda bunyod etilgan. Masjid murabba tarxli (6,95×6,95), gumbazli, oldi peshtoqli. Mehrobiga ganchkori giri naqsh ishlangan. Goʻrxona (6×4 m) masjid sathidan 1 m cha baland qilib qurilgan, unda sagʻana saqlangan. Goʻrxonaning ikki eshigi orqali tutash qurilgan ikki xonaga oʻtiladi. Xonalar devoriga gʻishtlar mavjli shaklda terilgan.
Ad.: Termiz — Buyuk yoʻllar chorrahasidagi koʻhna va yangi shahar, T., 2001.