ZAFAROBOD

ZAFAROBOD — Jizzax viloyatidagi shaharcha (1997-y. dan). Zafarobod tumanining maʼmuriy markazi. Zafarobodga 1970y. lar boshida Mirzachoʻl va Jizzax choʻllarini oʻzlashtirish avj olgan davrda asos solingan, 1973-y. dan tuman markazi. Mayd. 230 ga. Aholisi 4000 kishi (2001). Eng yaqin t. y. stansiyasi — Paxtakor sh. gacha 18 km, Jizzax sh. gacha 42 km. Zafaroboddan Jizzax sh. ga, Paxtakor, Arnasoy, Forish tumanlariga olib boruvchi avtomobil yoʻllari qurilgan.

Zafarobodda paxta tozalash zdi, elektrod i. ch. kichik korxonasi, bosmaxona, novvoyxona bor. Avtotransport, mashinatraktor xizmati koʻrsatish, gazlashtirish korxonalari, avtomobil yoʻllari boshqarmasi, kommunal va maishiy xizmat koʻrsatish tarmoqlari faoliyat koʻrsatadi.

Zafarobodda tuman hokimligi binosi, supermarket, «Otaxonlar» choyxonasi, «Paxtabank», 2 umumiy taʼlim maktabi, tarix muzeyi, madaniyat saroyi, dehqon bozori, kutubxona, 100 oʻrinli kasalxona, poliklinika, avtostansiya mavjud. Xotira xiyoboni, Mustaqillik maydoni barpo etilgan.