ZAFARNOMA

«ZAFARNOMA» — Amir Temur davlati tarixiga bagʻishlab yozilgan asar. Sohibqiron Amir Temurning hayotligida bevosita uning topshirigʻi asosida Nizomiddin Shomiy tomonidan yozishga kirishilgan (1401—02). 1404-y. bahorigacha asar yozib tamomlangan va Ozarbayjonda yetti yillik yurishdan Samarqandga qaytayotgan Amir Temurga taqdim etilgan. Bundan keyingi sohibqiron vafotigacha kechgan voqealar keyinroq Hofizi Abru tomonidan yozib ilova qilingan. «Zafarnoma»ni yozishda Amir Temurning munshiy va kotiblari ham nazm, ham nayerda forsiy va turkiy tillarda yozgan maʼlumotlar, muallifning 1400 — 04 y. lar davomida sohibqiron yurishlarida boʻlib, oʻzi koʻrganbilganlari, Hindiston yurishi voqealari qismining bayoni uchun Gʻiyosiddin Alining «Roʻznomai gʻazavoti Hindiston» (Hindistonga yurish kundaligi») asari asosiy manba boʻlib xizmat qilgan. «3.» tarixiy asar sifatida 14— 15a. boshida Amir Temur va temuriylar hukmronligi davridagi Oʻrta Osiyo, Oltin «Zafarnoma»ning oʻzbek tilidagi nashri muqovasi (Toshkent, 1996).

Oʻrda xonligi, Ozarbayjon, Eron, Afgʻoniston, Iroq, Suriya, Misr, Turkiya va b. mamlakatlar tarixiga oid voqealarni oʻz ichiga olgan. Asar muqaddimasida Amir Temur tarix sahnasiga chiqqan 1360-y. ga qadar Oʻrta Osiyoda hukmronlik qilgan chingiziy hukmdorlar haqida qisqa maʼlumot berilgan. Soʻngra Amir Temurning 14a. ning ikkinchi yarmi va 15a. ning boshida qilgan yurishlarining batafsil bayoni keltirilgan. «3.» oʻzida jamlangan tarixiy maʼlumotlarning ishonchliligi b-n 15—16a. lardanoq bir qancha asarlar uchun bosh manba boʻldi. «Zafarnoma»ning faqat 2 qoʻlyozma nusxasigina saklanib qolgan. Birinchisi, Amir Temurga taqdim etilgan qoʻlyozmaning 1425-y. da koʻchirilgan nusxasi boʻlib, u Istanbuldagi «Nuri Usmoniya» masjidi kutubxonasida saklanadi (№ 3367). Ikkinchisi, muallif tomonidan Amir Temurning nabirasi Mirzo Umar bahodir ibn Mironshohga taqsim etilgan qoʻlyozmadan 1434-y. koʻchirilgan nusxa boʻlib, u Londondagi «Britaniya muzeyi» kutubxonasida saqlanadi (№ 23980). Matnshunos chex olimi Feliks Tauer «3.» nusxalarini Amir Temur tarixidan hikoya qiluvchi boshqa bir muhim manba — Hofizi Abruning «Zubdat attavorixi Boysungʻuriy» («Boysungʻurga atalgan tarixlar sarasi») nomli asari b-n solishtirib tadqiq etish asosida uning ilmiytanqidiy matnini ikki jildda nashr etdi (Praga, 1937 va 1956-y. lar). Unga Hofizi Abru yozgan «Ilova» ham kirgan. Ushbu nashr asosida «3.» qisqartirilgan shaklda turk tiliga (Anqara, 1940); soʻz boshi, koʻrsatkichlar va ilmiy izoxlar bilan oʻzbek tiliga (Toshkent, 1996, tuzuvchi — O. Boʻriyev), oʻgirilib nashr etildi.

Ad.: Nizomiddin Shomiy, Zafarnoma [fors tilidan oʻgiruvchi Yunusxon Hakimjonov, tarjimani qayta ishlab nashrga tayyorlovchi va masʼul muharrir A. Urinboyev, izohlar va lugʻatlarni tuzuvchi H. Karomatov], T., 1996.

Asomiddin Oʻrinboyev.