ZARBULMASAL

ZARBULMASAL — maqol, matal va ramzli hikoya asosida yaratilgan taʼlimiy hikoyalar. Zarbulmasalda muayyan hikoyalar tarkibida, ularning xulosasi sifatida matallar keltiriladi. Baʼzan masal, matallarning mazmuni asosida xikoyalar yaratiladi. Bunday hikoyalar koʻpincha pandnasihat maʼnosida boʻlib, maʼlum gʻoyani yoritish uchun xizmat qiladi. Zarbulmasalda majoziy maʼno, kinoya, ramz yetakchi badiiy vosita sifatida qoʻllaniladi. «Kalila va Dimna», «Marzbonnoma», «Sindbodnoma», «Qobusnoma» va Saʼdiy Sheroziyning «Guliston»i, Muhammad Ali Habaliyning «Jome uttamsil» asari Zarbulmasalga misol boʻladi. Gulxaniy va Rojiyning «Zarbulmasal» lari, Zarbulmasalning mukammal namunalari hisoblanadi.