ZAYD ibn SOBIT

ZAYD ibn SOBIT, Abu Xorija (Abu Sayd) Zayd ibn Sobit ibn az Zahhok al-Ansoriy al-Xazrajiy (taxm. 615-taxm. 665) — Muhammad (sav)ning kotibi, Qurʼonning yozma matnini jamlovchisi. Xazraj qabilasidan. 11 yoshida islomga kirdi, Muhammad (sav) xuzurida Qurʼonni oʻrgandi va yod oldi. Sahobalarning yetuk namoyandalaridan biriga aylandi. Oromiy (suryoniy) xamda yaxudiylar xati (yozuvi) va tilini bilgan. Muhammad (sav) vafotidan soʻng xalifa Abu Bakr as-Siddiq unga Qurʼon matnini jam qilishni buyurdi. Xalifa Usmon ibn Affon davrida (650-y. dan soʻng) unga uch makkalik (Abdulloh ibn az-Zubayr, Saʼd ibn al-Asom, Abdurahmon ibn alHoris) bilan birga Qurʼonning rasmiy yozma matnini tuzish topshirilgan. Tuzilgan bu toʻplam «Musʼhaf», «Usmon musʼhafi» nomi bilan yuritilgan. Uni xalifa Usmon birdan-bir toʻgri va barcha musulmonlar oʻqishi uchun majburiy matn, deb eʼlon qilgan. Undan farq qiladigan toʻplamlarning barchasini yoʻqotish haqida buyruq bergan. 3. S, shuningdek, mol-mulkni taqsimlash qoidalari (faroiz) bilimdoni, hazrat Umar davrida qabilalar devonini tuzuvchilardan biri, xalifa Usmon davrida Madinada xalifaning xazinaboni boʻlgan va qozilik qilgan.