ZAGREB

ZAGREB — Xorvatiya poytaxti. Sava daryosining chap sohilida joylashgan. Aholisi 707 ming kishidan ziyod (1990-y. lar oʻrtalari). Markaziy va Gʻarbiy Yevropadan Adriatika dengizi va Bolqon ya. o. ga boradigan t. y. va avtomobil yoʻllari tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. 3. — Xorvatiyaning eng yirik iqtisodiy va madaniy markazi. Mashinasozlikning turli tarmoqlari (stanoksozlik, elektrotexnika buyumlari); kimyo, yengil va oziq-ovqat sanoati uchun uskunalar i. ch., shuningdek, neftni qayta ishlash, kimyo, poligrafiya, qurilish materiallari, yogʻochsozlik, qogʻoz, toʻqimachilik, koʻn poyabzal va oziq-ovqat sanoatlari rivojlangan. Zagrebda xalqaro yarmarka oʻtkaziladi. Fanlar va sanʼat akade-miyasi, un-t (1669-y. dan), yadro fizikasi in-ti, oliy oʻquv yurtlari, yirik nashriyotlar, teatrlar, meʼmoriy va etnografik muzeylar, badiiy va hunarmandchilik muzeylari, kartinalar galereyasi bor.

3. tarixiy manbalarda dastlab 1094-y. dan tilga olingan. 16-a. oʻrtalaridan Xorvatiyaning bosh shahri. 1526—1918-y. larda (nem. Agram nomi b-n) Gabsburglar monarxiyasi tarkibida. .1918-y. dan Serb, xorvat va slovenlar qirolligi (1929-y. dan Yugoslaviya) tarkibida, 1992-y. dan mustaqil Xorvatiya poytaxti.

Meʼmoriy yodgorliklardan Yepiskop qarorgohi, sobori bilan (13—15, 19-a. lar), shahar qalʼasi (13—18-a. lar), gotika cherkovi (14 — 15-a. lar), barokko va klassitsizm uslubidagi binolar (18-a.) saklangan. Zamonaviy binolar shaharning jan. qismida.