OʻGʻUZNOMA

«OʻGʻUZNOMA» — turkoʻgʻuz shajarasi va ularning afsonaviy hukmdori Oʻgʻuz xoqon haqidagi epik yodgorlik; kitobiy epos. Uygʻur yozuvida bitilgan. Asarning asl nusxasi taxm. 15-asrda koʻchirilgan, Parij kutubxonasida saqlanadi. «Oʻgʻuznoma»ning turli variantdagi versiyalari bor. Uning eng koʻp tarqalgan varianti Abulgʻozi Bahodirxonning «Shajarayi turk» (1669) asarida saqlangan. «Oʻgʻuznoma» koʻp tillarga, jumladan, nemis (Doyes, 1815), rus (V. V. Radlov, 19-asrning oxiri; A. M. Shcherbak, 1959) va boshqalar tillarga tarjima qilingan. «Kitobi dadam Qoʻrqut»ning ham bir bobi «Oʻgʻuznoma» nomi bilan ataladi.