OʻTOQ

OʻTOQ — ekinlar va koʻchatlar orasidagi begona oʻtlarni yoʻqotish. Mexanik, kimyoviy vositalar va qoʻl bilan amalga oshiriladi. Mexanik Oʻtoqda chopiq qilinadigan ekinlar, bogʻ, tok va boshqalarning qator oralaridagi begona oʻtlar kultivator (q. Kultivatsiya) yoki borona bilan (q. Boronalash), kimyoviy usulda gerbitsidlar bilan yoʻqotiladi. Yoppasiga ekilgan (bugʻdoy, zigʻir va boshqalar), shuningdek, kichik maydondagi ekinlar koʻproq qoʻlda oʻtaladi. Oʻtoq begona oʻtlarning rivojlanish fazasi boshlarida oʻtkaziladi. Oʻtoq kechikib oʻtkazilgan hollarda oʻt bosish hisobiga hosildorlik pasayib ketadi. Oʻtoq paytida begona tur va nav oʻsimliklari ham yulib tashlanadi. Hosil mashinalarda yigʻibterib olinishidan oldin paxta dalalarini defoliatsiya oldidan begona oʻtlardan tozalash uchun Oʻtoq qoʻlda oʻtkaziladi.