OʻLCHOVLAR

OʻLCHOVLAR — fizik kattaliklarni qayd qilish (aniqlash) ga moʻljallangan oʻlchash vositalari. Massa oʻlchovi (toshlar) yoki hajm oʻlchovi (oʻlchash stakani, silindr va boshqalar) kabi oddiy Oʻlchovlar bilan birga murakkabroq qurilmalar, mas, elektr qarshiligi gʻaltaklari, yorugʻlik oʻlchash lampalari va boshqalar ham Oʻlchovlar jumlasiga kiradi. Oʻlchovlar bir qiymatli (toshlar, oʻlchash kolbalari, induktivlik gʻaltagi va boshqalar) va koʻp qiymatli (shkalali chizgʻich, oʻzgaruvchan hajmli kondensator) boʻladi. Oʻlchovlarning nominal qiymati deganda Oʻlchovlarda koʻrsatilgan yoki unga yozib qoʻyilgan miqdorlar (mas, 1 kg li tosh), haqiqiy qiymati deganda Oʻlchovlar vositasida aniqlanib, kichik xatoligi hisobga olinmagan miqdorlar tushuniladi.

Oʻlchovlardan etalon, namuna yoki nusxa sifatida foydalaniladi. Sof yoki hosilaviy xossalarga ega boʻlgan moddalar — toza suv, toza gazlar (vodorod, kislorod), toza metallar (rux, kumush, oltin, platina va boshqalar) alohida Oʻlchovlar mezonini tashkil etadi. Oʻlchovlarga aniq fizik xossalarga ega boʻlgan standart namunalar (mas, maʼlum tarkibli, qattiqlikli va boshqalar xossali poʻlatlar) ham kiradi.