OʻLIK TILLAR

OʻLIK TILLAR — jonli isteʼmoldan chiqqan (tabiiy soʻzlashuv tili boʻlmagan), yozma yodgorliklarda saqlangan til. Ayrim tillar bosqinchilik, mustamlakachilik, unda soʻzlashuvchilarni majburlash natijasida yoki tarixiy, iqtisodiy va madaniy oʻzgarishlar taʼsirida yoʻqolib borgan. Shumer, lotin, etrusk, yunon, qadimiy slavyan, pruss, vestgot, ostgot, italiy, gall, gyoz, kopt (qibtiy), oʻrxun, qad uygʻur, eski oʻzbek, qadimiy fors, sanskrit, pali, prakrit, bulgʻor va boshqalar Oʻlik tillar hisoblanadi.

Tilning taraqqiy etish qonuniyatlarini belgilashda Oʻlik tillarlar katta ahamiyatga ega. Shuni taʼkidlash joizki, qadimiy tilshunoslikning dastlabki salmoqli yutuqlarga erishishida ham qadimiy Mesopotamiyadagi shumer, qadimiy Kichik Osiyodagi xett, qadimiy Hindistondagi sanskrit singari Oʻlik tillarlarni oʻrganish asosiy oʻrin tutgan edi.

Baʼzi Oʻlik tillar lardan, ular koʻp sohalarda isteʼmoldan chiqqaniga ming yillar oʻtgan boʻlsa ham, insoniyat aloqaaralashuv tili emas, balki ibodat tili sifatida foydalanib kelinmoqda. Mas, misrlik xristianlar kopt tilidan, katolik cherkovi vakillari lotin tilidan, moʻgʻul xalqlarining lamaistik cherkovi vakillari tibet tilidan foydalanadilar. Shuningdek, Oʻlik tillar lardagi yozma yodgorliklar tarixiy manbalar sifatida ham muhim ahamiyatga ega.

Oʻlik tillarlar milliy tillar rivojlanishiga ham (Hindistonda klassik sanskrit, arab mamlakatlarida klassik arab, Gʻarbiy Yevropada lotin, Rossiyada cherkovslavyan, Yunonistonda qadimiy yunon tillari) ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Keyingi davrda yozma Oʻlik tillarni davlat, fan, maktab tiliga aylantirish uchun urinishlar sodir boʻlmoqda. Chunonchi, Isroilda qadimiy yahudiy tili (ivrit) davlat tili deb eʼlon qilingan boʻlsa, Vatikanda lotin tilida yangi terminlar lugʻatlari nashr etib borilmoqda.