OʻZFAN

OʻZFAN (rus. Uzbekskiy filial Akademii nauk SSSR soʻzlaridan) , SSSR Fanlar akademiyasining Oʻzbekiston filiali — 1940—43 yillarda Oʻzbekistondagi ilmiy tekshirish markazi. 1940 yil 9 yanv. da Fan komiteti negizida tashkil etilgan. Tarkibiga dastlab geol., tarix, til va adabiyot, suv xoʻjaligi muammolari, botanika, kimyo ilmiy tekshirish institutlari, tuproqshunoslik, zool., fizikamat. fanlari sektorlari, Toshkent Astronomiya rasadxonasi va uning huzuridagi Kitob kenglik st-yasi, iqtisodiy tadqiqotlar hamda xaritagrafiya byurolari kirgan. Asosiy vazifasi respublikada fanning turli sohalarini taraqqiy ettirishdan iborat boʻlgan. Tashkil etilgan yili Oʻzbekistonda 70 ga yaqin ilmiy tashkilot boʻlib, ularga rahbarlik qilish OʻzFAN zimmasiga yuklatilgan. 2-jahon urushi yillari Oʻzfan ilmiy tadqiqot muassasalari faoliyatini respublika tabiiy boyliklari va resurslarini qidirib topish va ulardan mudofaa maqsadlarida foydalanishga qaratdi hamda respublikada ogʻir sanoat va q. x. ni rivojlantirish vazifalarini hal etishda yetakchi rol oʻynadi. Natijada Oʻzbekistonda FAning ochilishi uchun yetarli darajada ilmiy va ilmiy texnika bazasi vujudga keldi. 1943-yil Oʻzfan negizida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tashkil etildi (q. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi).