OʻZLASHTIRMA GAP

OʻZLASHTIRMA GAP — sintaktik hodisalardan biri. Oʻzgalar gapining mazmuni saqlanib, grammatik shakli yoki gap qurilishi oʻzgartirib berilishi Oʻzlashtirma gap hisoblanadi. Bunda muallif boshqalar gapining grammatik va ayrim leksik xususiyatlarini oʻzgartirgan holda oʻzlashtirib, hikoya qilib beradi. Oʻzlashtirma gap koʻchirma gapdan ohangi va ayrim feʼl shakllarining ishlatilmasligi bilan ham ajralib turadi. Koʻchirma gapda juda koʻp qoʻllanadigan demoq feʼlining deb, dedi, deydi, degan edi kabi shakllari Oʻzlashtirma gapda deyarli qoʻllanmaydi. Oʻzlashtirma gapda uning oʻrnida koʻproq aytmoq, gapirmoq, taʼkidlamoq feʼllari ishlatiladi: Oʻqituvchi ona tilini yaxshi bilmasdan, boshqa fanlarni chuqur egallash mumkin emasligini taʼkidladi.

Koʻchirma gap Oʻ. g. ga aylantirilganda, baʼzan uning uslubiy xususiyatlari ham oʻzgaradi. Ayniqsa, soʻzlovchining nutq jarayoniga turli munosabatini ifodalovchi ayrim kirish soʻzlar, undovlar; axir, xoʻsh, ha, yoʻq, xoʻp, mayli kabi gap bilan bogʻlanmagan elementlar, soʻzgaplar koʻpincha tushib qoladi: Xoʻsh, qanday yangiliklar bor? — soʻradi Oʻktam/ Oʻktam qanday yangiliklar borligini soʻradi.

Oʻndov gap, atov gap, ritorik soʻroq gap kabilarni Oʻzlashtirma gapga aylantirib boʻlmaydi: Ana zamon! Ana hikmat! — dedi Sakson ota yayrab kulib. Eh, attang, attang, qanday begʻamlik! — dedi u jahli chiqib.

Koʻchirma gap qanchalik murakkab tuzilgan boʻlsa, uni Oʻzlashtirma gapga aylantirish shunchalik qiyinlashadi.