OʻZGARUVCHI

OʻZGARUVCHI — matematika va mantiqda maʼlum obyektlar toʻplamining umumiy elementini ifodalovchi tushuncha; har xil qiymatlar qabul qiladigan miqdor. Bu obyektlarning har biri mos Oʻzgaruvchining qiymati, ularning toʻplami esa Oʻzgaruvchining oʻzgarish sohasi boʻladi. Oliy matematika asoschilari ?. Dekart, G. V. Leybnis, I. Nyuton, P. Ferma va boshqalar olimlarning ilmiy ishlaridan boshlab Oʻzgaruvchi deganda oʻzgarish jarayonida turlicha qiymatlarni olishi mumkin boʻlgan muayyan bir kattalik tushunilgan.

Oʻzgaruvchi tushunchasi dastlab harfiy belgilashlar rasm boʻlgandan soʻng analitik geometriya, differensial va integral hisob yaratila boshlagan davrda maʼlum jarayon davomida oʻzgaradigan miqdorni ifodalab, oʻzgarmas miqdor (konstanta) ga qarama-qarshi qoʻyilgan. Bunday maʼnoda talqin qilingan Oʻzgaruvchi tushunchasi matematikada dialektik rol oʻynab, matematik analizda, shuningdek, mexanika va fizika masalalarini matematik tahlil qilishda qulaylik tugʻdirgan.